XX asr boshlarida g‘arb modern adabiyotiga taalluqli umumiy an’analar irland adibi Jeyms Joys ijodida o‘zining yorqin ifodasini topdi. Dekadent adabiyotiga xos ijtimoiy pessimizm g‘oyalari xuddi shu yozuvchi asarlarida o‘z cho‘qqisiga ko‘tarildi. Yalpi inkor etish ruhida rivojlangan Joys va boshqa qator adabiy oqim vakillari ijodi o‘rtasidagi g‘oyaviy hamda formal o‘xshashlik mavjudligining sababi o‘z-o‘zidan ravshan. XX asr adabiyoti tarixida, xususan, 20-yillarda Yevropa dekadentlarini ilhomlantirgan va ularga murabbiylik qilgan ziddiyatli qarashlarga bunchalik moyil shaxsni topish qiyin. Ulkan va shu bilan birga nihoyatda o‘ziga xos iste’dod sohibi bo‘lgan Joys butun umrini san’atga fidokorona xizmat qilishga bag‘ishladi, biroq xolisanlillo aytadigan bo‘lsak, u har qanday san’atni inkor etuvchi asarlar yaratdi.
Joys ijodiy metodi o‘tgan asrning 20-yillarida G‘arbiy Yevropa va AQShning yirik yozuvchilari ijodiga qay darajada katta ta’sir o‘tkazgan bo‘lsa, uning alomatlari, qo‘rqmay aytish mumkin, hozirga qadar sezilib turadi. San’atning biron turi yo‘qki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Joys asarlari, uning badiiy tafakkuri, nuqtai nazari, novatorligidan ta’sirlanmagan bo‘lsin; uning ijodi san’at olamining sarchashmasiga, mahorat maktabiga, ta’bir joiz bo‘lsa, adabiy sarhadlarga jon baxsh etuvchi quyoshga aylandi. Uning ijodiy metodi va u kashf etgan adabiy usullar jahon adabiyotining eng ilg‘or namoyandalari uchun badiiyatning majburiy qonunlari sistemasiga aylana bordi. Zigmund Freyd ta’limotini shak-shubhasiz haqiqat, deb bilgan yozuvchi borki, adabiyotda Jeyms Joys inkishof etgan yo‘lda ijod qila boshladi, bunaqalar esa Yevropada oz emasdi. Shu bilan birga, G‘arbdagi tanqidiy realizm metodining ba’zi yirik namoyandalari bu irland yozuvchisining ayrim kashfiyotlarini o‘rganib, o‘z asarlarida ulardan muvaffaqiyatli foydalandilar. Xullas, Xeminguey bilan Steynbek asarlariga Joys ijodi samarali ta’sir etdi, bu hol Folkner ijodida ham yaqqol ko‘zga tashlandi, ushbu ta’sir ko‘lami va quvvatini ijodining boshlang‘ich davrida juda teran his qilgan Dos Passos undan ilhomlandi va unga ergashdi. XX asrning 60–70-yillarida bu ta’sirni Apdayk asarlarida kuzatamiz. Angliyada Joysning badiiy inkishoflari, to‘g‘rirog‘i, “joysizm” Virjiniya Vulfdan tortib “psixologik maktab” oqimining barcha vakillari, ma’lum darajada, Eliot she’riyati hamda uning izdoshlari-yu taqlidchilari asarlariga o‘z muhrini bosdi. Hattoki mutlaqo boshqa yo‘nalishda qalam tebratgan, hamkasblarini Joys ijodiga tanqidiy ko‘z bilan qarashga da’vat qilgan Grem Grin ham irland adibining badiiy qarashlari ta’siriga tushib qoldi.
Joysga uning eng yirik va salmoqli asari – “Uliss” katta shuhrat keltirdi. Umuman, “Uliss” bashariyatning badiiy tafakkurini yangi, yuksak va beqiyos bosqichga ko‘tardi.
Joys XX asr dekadent adabiyotining eng yirik namoyandalaridan biri, nomi chiqqan adib ekanligi uchungina emas, balki hozirgi zamon modernizm adabiyoti hamda uning zamonaviy vakillari tajribalarini yaxshiroq va atroflicha tushunishga xizmat qilgani uchun ham o‘rganiladi.
Jeyms Joys (James Augustine Aloysius Joyce, 1882–1941), irlandiyalik. Dublin shahrining tegrasida, o‘rtahol oilada tug‘ilgan. Dastlab diniy martabaga erishish uchun iyezuit kollejida o‘qidi, biroq “xudo yo‘lida yurganlar”dan hafsalasi pir bo‘lib, ustozlari bilan aloqani butkul uzdi va Dublin dorilfununining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Hali yoshligidanoq Jeyms judayam odamovi, xayolparast edi, hech kimga qo‘shilmas, kitobdan boshqa hech narsa unga ruhiy ozuq, quvonch bag‘ishlay olmasdi. Talabalik yillari tilshunoslik, antik adabiyot va tarix ilmiga berildi. Yozuvchining olgan bilimlari istiqbolda uning butun ijodiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
XX asr boshlarida yashagan aksariyat irland ziyolilari Joys kabi mamlakatda hukm surgan siyosiy, ijtimoiy vaziyatdan behad norozi bo‘lishgani bilan uning biron-bir ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etishmagan edi. O‘sha kezlar Irlandiyada inqilobiy faoliyatsizlik va ijtimoiy hayotda og‘ir inqiroz hukm surardi. 1902 yil u o‘qishini davom ettirgani Parijga yo‘l oldi, so‘ng qisqa muddatga Dublinga qaytib keldi, alhol, 1904 yili vatani Irlandiyani butunlay tark etib ketdi. Joys Irlandiyaning burjuaziya sinfi mamlakatni tanazzul botqog‘idan olib chiqib keta olishiga ishonmasdi, shu tufayli u yerda mavjud bo‘lgan taraqqiyparvar kuchlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlamasdi. Shuning natijasida oxir-oqibat o‘z vatanini tashlab ketishga qaror qildi.
Joys dastavval Triyestga boradi, so‘ng Syurixda yashaydi (aytgancha, shu yerda u Freyd ijodi bilan yaqindan tanishadi va uning chinakam hammaslagiga aylanadi), 1920 yili yana Parijga keladi. Adib muttasil muhtojlikda, tinimsiz dard bilan olishib (ko‘zlari sekin-asta xiralashib, umrining oxirlarida butunlay ko‘rmay qoladi) yashaydi.
1907 yili Joysning birinchi kitobi nashr etiladi. Bu 90-yillarda rasm bo‘lgan lirik romanslar ruhidagi she’rlar to‘plami bo‘lib, u o‘sha davr she’riyatini o‘z manzumalarida juda ustalik bilan parodiya qiladi. To‘plam nomi “Chamber Musik”. Bizda “Yakka sozanda uchun yozilgan musiqa” deb noto‘g‘ri tarjima qilingan. Aslida, shu kitob sarlavhasining o‘zi parodiya-she’rlar mazmuniga ishora vazifasini o‘tardi. Joys zamondoshlari yaratayotgan lirik she’riyat mohiyatini yerga urib, ularni masxara qiladi.
1914 yili uning novellalardan iborat “Dublinliklar” nomli mo‘jaz to‘plami bosiladi. Undan yozuvchining ancha yillar avval yozilgan hikoyalari o‘rin olgandi. 1916 yili “Navqiron san’atkorning siyrati” nomli ilk romani dunyo yuzini ko‘rdi. “Dublinliklar” nashr etilayotgan yili, baravariga “Littl rivyu” jurnali “Uliss” romanining dastlabki epizodlarini e’lon qila boshlaydi. Mana shu epizodlarning o‘ziyoq (roman boblarga ajratilmagan) sharmandali shov-shuvga sabab bo‘ladi. Kitob g‘ayriaxloqiy asar, deb topiladi va Angliyada ham, AQShda ham hali to‘la holida e’lon qilinmay turib taqiqlab qo‘yiladi.
O‘tgan asrning boshlarida yozilgan va keyinchalik “Dublinliklar” nomi bilan chop etilgan hikoyalar yosh muallif iqtidorining yuksakligidan dalolat berardi. Bu hikoyalarida u o‘zi yashayotgan mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini keng ko‘lamda aks ettirishni ko‘zlamagan, balki mayda irland savdogarlari va ziyolilari obrazini, ularning qon-qoniga singib ketgan tor, biqiq, o‘z manfaati yo‘lida har qanday tubanlikdan toymaydigan tabiatini ro‘yirost tasvirlaydi. Va xalqning mana shu qatlami mamlakat taqdirini hal qilishda katta kuchga ega ekanidan nadomatlar chekadi.
Joys hikoyalari bag‘oyat haqqoniy; obrazlarni o‘ziga xos tiplar sifatida yarata olish mahorati nihoyatda nozik va barkamol. U arosatda qolgan, puch xayollarga asir, yuksak orzular va oliy maqsadlardan mahrum kishilarning nochor qismatini aks ettiradi. Ammo irlandlarning inglizcha tartib-idora usullariga moslashib olgani, ikkiyuzlamachiligi, pastkash kimsalarning ichki olamini fosh etgani bilan Joys mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini ko‘rsatishga zarracha harakat qilmaydi. U Irlandiyada hech qachon cho‘g‘ini kul bosmagan milliy ozodlik harakatidan go‘yoki bexabardek o‘sha “davrlar”ni zarracha eslamaydi va eslatib ham o‘tmaydi. “Dublinliklar” yaratilayotgan davrda Joys yuragida og‘ir asoratlar qoldirgan ichki nizo-yu ixtiloflarning alamnok va achchiq saboqlari to‘plamga kirgan barcha hikoyalarda o‘z aksini topadi. Ular o‘rtanib, alamdan yonib, lekin alamangiz hazil bilan yozilgandek taassurot qoldiradi, mana shu lavhalarda kelgusida yaratilajak katta-katta asarlarning ruhi, har qanday ta’limot va istiqbolga olib chiquvchi yo‘llarga shubha, ishonchsizlik bilan qarash ohanglari, kerak bo‘lsa, uni rad etish g‘oyalari bo‘y beradi. Tirikchilikdan boshqasini bilmaydigan, kaltabin, tor fikrli irlandlarning fisq-fujurga o‘chligi, pastkashligi hamda aqli noqisligidan hazar qilish Joysning o‘zi tasvirlayotgan odamlarga munosabatining bir uchquni, xolos.
Uning dovrug‘ini dunyoga taratgan, unga bemisl shuhrat keltirgan “Uliss” romanida iste’dodining tabiatiga xos mana shunday xususiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aynan mana shu roman adabiyot olamida kutilmagan voqea bo‘ldi, behisob taqlidchilarni dunyoga keltirdi va “Jeyms Joys maktabi”ni yaratdi. Joys ijodiy usuli (“joysizm”) uzil-kesil ana shu “Uliss” romanida qaror topdi. Asar yozib tugallanmasdanoq “Littl rivyu” jurnalida alohida parchalar bosildi va qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Aytib o‘tganimizdek, Joys “Uliss”ni qisqartirmay, to‘laligicha ingliz tilida, faqatgina Buyuk Britaniyadan tashqarida, nashr etishga erishdi, xolos: kitob badiiy adabiyotda ochiq-oydin ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan narsalarni oshkora, alohida urg‘u berib, shu bilan birga, atay hirs va ehtiros-la tasvirlangani sababli odamni xavotirga solardi. Biroq burjua axloqi va odobining nazokatparast xonimlari “romanda qadriyatimiz qo‘pol ravishda oyoqosti qilingan”, deb jar solishlariga qaramay, hali butunlay chiqib ulgurmasdanoq adabiyot olamida Joysga taqlid qiluvchilar paydo bo‘la boshladi. “Uliss” Angliyada ham, boshqa mamlakatlarda ham zamonaviy san’atning, ya’ni modernizmning yalovbardori, degan e’tirofga sazovor bo‘ldi. Uni XX asr nasri taraqqiyotidagi buyuk kashfiyot, deb baholashdi.
Joysning mo‘ljali bo‘yicha uning bu kitobi bugungi turmush va madaniy olamning barcha jabhalarini qamrab oluvchi qomusga aylanishi lozim edi. Ingliz tilida yaratilgan badiiy adabiyot namunalarining birontasida hali-hanuz burjua madaniyati “Uliss”dagichalik tahqiromuz, ochiq-oydin, istehzo bilan hamda zaharolud tilda bayon qilinmagandi. “Uliss”, – deb yozadi ingliz joysshunosi S.Goldberg, – hayotni abgor, ayanchli, deya biluvchi va uni boshdan-oyoq inkor etuvchi, boshboshdoqlik va faoliyatsizlikka to‘la dunyo ustidan goh ijirg‘anib, goh qah-qah urib kuluvchi betimsol namunadir”.
Romanning ayrim epizodlarida katolik ruhoniylari hamda xristian dinining asos-asoslari ayamay mazax qilinadi. Oltinchi epizodda bu, ayniqsa, ravshan ko‘zga tashlanadi. Unda dublinlik manfaatparast Dignamning dafn marosimini tasvirlash orqali katolik cherkovi aqidalari shafqatsiz ravishda hajv ostiga olingan. Har qancha mantiqqa zid bo‘lmasin, dinga shak keltirgan Joys umrining oxiriga qadar katolikligicha qoldi. Boshqa epizodlarda Britaniya imperiyasi vakillari va ularga itoat etuvchi Irlandiyaning qulfahm mayda mulkdorlari hajvga olinadi. Bu Stivenning maktab direktor Dizi bilan bo‘lgan suhbati (2-epizod), “Frimen” gazetasi tahririyati (7-epizod) va Irlandiya vitseqirolining korteji tasvirlarida (10-epizod), shuningdek, yana ko‘pgina sahnalarda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Joys irland burjua ziyolilarining zo‘rma-zo‘raki besamar inqilobiy harakatlari ustidan kuladi (romanning ko‘pgina epizodlariga sochilib ketgan dublinlik manfaatparastlarning ko‘pdan-ko‘p siyosiy mulohazalarini ko‘ring). O‘ziga bino qo‘ygan, aqli kalta irland meshchanlari asarda shunchalik alam va jirkanish hissi bilan tasvirlanganki, beixtiyor bunday og‘ir holat faqatgina irlandlarga xos xususiyat emasligi haqida o‘ylay boshlaysiz. Zero, “Uliss” muallifi burjua jamiyatini ayovsiz tanqid qilar ekan, buning uchun shunchalik rang-barang, ta’sirchan badiiy vositalar ixtiro qiladiki, qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Lekin u o‘zi tasvirlayotgan shu illatlar tarixiy shart-sharoitlar tufayli yuzaga kelganini inobatga olmaydi.
“Uliss” romanini yozishga kirishgan paytda yozuvchining dunyoqarashi uzil-kesil shakllanib bo‘lgan edi. Yoshligida ko‘zga tashlangan ziddiyatli fikrlar ham shu orada o‘zidan ogoh qilgandi. Joysning bu ziddiyatli o‘ylari Irlandiya va Britaniya hukmronligiga taalluqli edi; bu katolik dinining ta’siridan umrbod qutulolmagan ateistning ikkilanishlari (arosatda qolishlari)dan boshqa narsa emasdi, aslida; nihoyat, bu – burjua madaniyatini yomon ko‘ruvchi, biroq bundan o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emasligiga ishonchi komil insonning bashariyat madaniyatini rad qilishdan o‘zga chorasi qolmaganidan dalolat berardi. Roman nafs va hirs qabihligini fosh etuvchi va shu bilan birga odamzod vahshiy, hatto yanayam to‘g‘rirog‘i, jirkanch hamda razil jonzotdir, deya ta’kidlaguvchi asardir. Joys falsafasining birlamchi tamoyili – moddiy olam bilan inson ongu shuuriga taalluqli qonuniyatlarni inkor etish, hayotni, borliqni xaos, deb qabul qilishdan iborat. Qisqasi, Joys nazarida zamon va makon – sub’ektning tasavvuridagi nisbiy kategoriyadir. “Uliss” romanida zamon va makon to‘xtovsiz ravishda dam torayadi, dam kengayadi va ularning o‘zgaruvchanligi kitobning deyarli barcha epizodlarida aks etadi. Hozirgi zamon bag‘rida o‘tmish jonlanadi, uning o‘rnini egallash uchun kelajak bostirib kiradi. Vaqt birligi chek-chegarasiz ko‘lamda kengayishi va torayishi mumkin. Shuningdek, personajlar – shunday in’ikos etiladi ham – bir paytning o‘zida, baravariga hozir va kelajakda harakat qiladilar.
XX asr ibtidosida fizika olamida Vaqt tushunchasiga oid yangicha qarashlar paydo bo‘lishi bilan adabiyotda ham bu masalaga qiziqish kuchaydi. Ushbu muammo Prust, Uells hamda Pristli singari Yevropa romanchiligining buyuk namoyandalari ijodida o‘ziga xos tarzda aks etdi, ammo bu avvalo Joysning “Uliss” romanida ravshan ko‘zga tashlandi. Ma’lumki, “Uliss” 1914 yilda e’lon qilina boshlagandi, buni unutmaslik kerak, Eynshteyn esa nisbiylik nazariyasi bo‘yicha dastlabki tadqiqotlarini 1905 yilda nashr ettirgan edi. Qolaversa, nisbiylik nazariyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, Lorents islohotlarini jiddiy qayta ko‘rib chiqish natijasida paydo bo‘lgandi. Ikki asr oralig‘idagi niderland fizigi G.A.Lorents tadqiqotlari xuddi Eynshteynning ilk asarlari kabi Joysga ma’lum bo‘lganligi ehtimoldan yiroq emas.
“Uliss” boshidan oxirigacha zamon va makonning bir qatlamdan boshqasiga o‘tishiga qurilgan bo‘lib, bu o‘tishlar erkin, hech bir luzumsizdek tuyuladi. Uchta odam – Leopold Blum, uning rafiqasi Merion (Molli) hamda yosh ijodkor Stiven Dedalus hayotining bir kuni (1904 yil 16 iyun) haqidagi hikoya (agar shunday deyish mumkin bo‘lsa), yana Blum bilan Merionning ong oqimi (kitobning so‘nggi epizodida) in’ikos topgan. “Ong oqimi” (Stream of conscience) istilohiga kelsak, uni XIX asrda mashhur ruhshunos Uilyam Jeyms “Ruhiyat tamoyillari” asarida qo‘llagan bo‘lib, u zamon va makonning bir qatlamidan boshqasiga uzluksiz o‘tib, ko‘chib yurishini shunday atashni tavsiya etgan.
Zamondan zamonga bunday o‘tib, sirg‘alib ko‘chib yurishlarga asardan istagancha misollar keltirish mumkin, chunki “Uliss”ning o‘zi roman qahramonlarining ong oqimidagi bir-birini eslatuvchi, bir-biriga o‘xshash, o‘zaro bog‘langan (uyqash) noxolis xayollarni tasvirlab berishga qurilgan. Aloq-chaloq tushlar ko‘rayotgan Merionning o‘tmish va hozirdagi shahvoniy tajribalarini yodga olish monologi ayni shunday. Lekin Merionning munaqqidlar takror va takror misol tariqasida keltiradigan, go‘yo bir zamon qatlamidan boshqasiga bemalol o‘tib ketishlar, bor-yo‘g‘i personajning fikru xayollariga aloqador, shu ma’noda gap bunda qahramonlar xayollarining ko‘chishi haqidagina emas, balki romandagi zamon va makon o‘rtasidagi chegaralarning omonatligi xususida boradiki, bular bir narsa emas (ya’ni bir-biridan farq qiladi). Boshqa bir qator vaziyatlarda konkret obrazlar kengayib va chigallashib, faqatgina bir-birini emas, balki voqea yuz berayotgan zamon doirasini ham o‘zgartirib yuboradi. Misol uchun, “Uliss”ning 3-epizodida Stiven Dedalus Sandimauntstrend bo‘ylab dengiz yoqasidan ketib borayapti. U bu yerga ertalab “jamiki buyumlarning belgilari bilan tanishgani…” kelgan. “Ko‘tarilib borayotgan suv, bu abjag‘i chiqqan etik… U ko‘zlarini yumdi va etiklari chig‘anoqlar bilan dengiz chiqarib tashlagan chiqindilarni bosib borayotganini his qildi. Harakat qilish vaqti yaqinlashyapti. Stiven endi zulmat ichra ketyapti. U qorong‘ida yengilgina qadam tashlaydi. U sohil yoqalab ketyapti-yu, xotirasi o‘tmishga o‘tib boradi. O‘tmish, o‘z navbatida, sezdirmasdan kelajakdan ko‘rinadi”. 10-epizodda zamon bilan makon hech narsaga bo‘ysunmay o‘z-o‘zidan aralash-quralash bo‘lib boraveradi, bunda asosiy ishtirokchi bo‘lib shinfeynerharakat qiladi. “Sirtseya” epizodida (Blum islovotxonalar mahallasiga borganda) kitobxon bir zamon qatlamidan boshqasiga o‘tishlarni kuzataverishga qiynalib ketadi. Blum esa dam u, dam boshqa zamon va makondan chiqib kelayotgandek bo‘laveradi. Blum bilan Stiven, ular orqali Dublin va dublinliklar haqida hikoya qilaturib, mana shu epizodlarning so‘zlashuv va kechinmalarida vaqt o‘tishi tartibiga mutlaqo izoh bermaydi, e’tiborga molik jihati shuki, ijodkorning mas’uliyatsizligi yoki chalkashib ketishidek tuyuladigan tasvirlar, aslida, muallifning oldindan o‘ylab qo‘ygan falsafiy ifodasining ko‘rinishi bo‘ladi.
Nisbiylik va chek-chegarasiz umidsizlik Joys o‘zini o‘rab olgan dunyoni qanday qabul qilayotganini ko‘rsatsa, shu bilan birga olamni xuddi shu taxlit badiiy talqin qilishidan dalolat beradi. Joys ifodalayotgan haqiqiy voqealar, tabiiyki, borliqni qanday qabul qilayotgan bo‘lsa, shunga yo‘g‘rilgan bo‘ladi va shu tariqa muttasil u yoki bu personajning mulohazalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Uliss” matniga bostirib kirib kelaveradi, zero, bu aslida muallifning o‘y-xayollaridan boshqa narsa emas. “Men o‘shanda juda baxtiyor edim, – deya fikr yuritadi Blum. – O‘sha men edimmi, o‘zi? Hozir-chi, bu men o‘zimmanmi?” (Romanning 1935–1936 yillarda “Internatsional adabiyot”da e’lon qilingan nashridan). “Bugun kechqurun Iuda yo‘lga tushsa, bu yo‘l uni Iudaning yoniga eltadi (9-epizod – V.I.) – Har birimizning hayotimiz ko‘pdan-ko‘p kunlardan iborat kun-bakun… Biz turli xil odamlarni ko‘ramiz, ammo doim o‘zimizni uchratamiz, xolos”. Insonning haqiqiy mavjudligi, Joysning farazicha, ma’nosiz ravishda uning o‘z asliga qaytishidan iboratdir. Aksar joysshunoslarning ta’kidlashlaricha, mana shu tufayli u Viko nazariyasiga katta qiziqish bilan qaraydi.
Agarda romandagi voqealar zanjiri va uning umumiy mazmunigagina e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u holda “Uliss” – uch nafar dublinlik – e’lonlar tarqatib yuruvchi Lepold Blum, uning xotini Merion Tvidi hamda yosh adabiyotshunos Stiven Dedalus haqidagi necha yuzlab sahifalarga cho‘zilgan hikoyadek tasavvur qoldiradi. Bu uch nafar personaj go‘yoki umuminsoniy ahamiyatga ega va shuning uchun ham Joys niyati bo‘yicha, odamzod kechiradigan turlicha hayot tarzini to‘la ifodalay oladigan timsollardir. Leopold Blum, allaqanday manfaatparast, mayda mulkdorlarning tipik vakili, u – everyman, ya’ni “hammaga o‘xshamagan va boshqalardan farq qilmaydigan” nusxa. U buzuq, chalamulla, garchi ba’zi hayotiy masalalarda farosatli bo‘lsa ham, xurofotlarga ishonuvchi, qo‘rqoq va maydakash, lekin shuning barobarida bag‘ritosh emas, aksincha, mehrli, hatto ko‘ngilchan. Blum oddiygina odamlarga xos yaxshilik qilishdan qochmasa ham, atrofdagilarning nazaridagi fe’lidan yuqori ko‘tarilolmaydi, hech qachon ko‘tarilmasa ham kerak. Uning maqsadi va qiziqish doirasi nihoyatda cheklangan, asosan xom sut emgan bandaga xos sezgilar bilan yashaydi, biron nimani ko‘rsa yoki biron nima yuz bersa, uning sabablari va oqibati haqida mulohaza qilish tugul o‘ylab o‘tirmaydi. Ko‘p jihatlari bilan Blum – tipik odam – o‘z davrining mahsuli. Blum obrazini yaratishda Floberning kuchli ta’siri sezilib turadi. Buning ustiga unda muayyan davr irland meshchanlarining xarakteriga xos xususiyatlar mujassam. Bu xususiyatlar Blumning madaniyatsizligi, tabiatida vatanparvarlik tuyg‘ularining yo‘qligi, mahdudligida aks etadi.
Unchalik ham murakkab bo‘lmagan e’lonlar yig‘uvchilik vazifasini ado etayotganida Blum muttasil o‘zini qiynayotgan va ta’qib etayotgan xayollardan qutulolmaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, shunga mubtalo: o‘z joniga qasd qilgan otasini xotirlaydi, xotinining nopok ekaniga ishonganidan tahqirlanib, eziladi va nihoyat go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan farzandini kuyinib eslaydi. Ayniqsa, oxirgisi, Joys niyati bo‘yicha, roman kompozitsiyasida yetakchi rol o‘ynashi va ko‘p narsalarni oydinlashtirishi lozim.
Blumning xotini Merion haqida kitobda ko‘p gapiriladi-yu, lekin o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqatgina romanning ibtidosi va oxirida ko‘rinadi. Merion Tvidi obrazi orqali insonga, xususan, ayollarga xos tubanlik va molparastlik illatlari yanayam ravshanroq aks ettirilgan. Kasbi qo‘shiqchi bo‘lgani bilan Merion bo‘ptiki, o‘zining sevgi bobidagi sarguzashtlari, jazmanlari bilan uchrashib yurishlari haqida xayol qilishdan ortmaydi, u tamomila shahvoniy hislar va buzuq niyatlar asirasi. Joys fikriga ko‘ra, u bola tug‘ishdan charchamaydigan serpusht ayol timsoli, “mangu nazokat sohibasi”. Ammo “mangu nazokat sohibasi” asarda kutganingizdek shoirona qiyofa, ayollarga xos go‘zal va nafis fazilatlar bilan kitobxonni mahliyo etmaydi, balki badanparast, iffatini yo‘qotgan, sharmu hayosiz ayol sifatida ko‘z oldingizda gavdalanadi.
Kitobxonlariga Joysning ilk asarlaridanoq tanish bo‘lib qolgan Stiven obrazi o‘zgacha yo‘sinda tasvirlanadi. Basharti Blum bilan Merion – hayvoniy odatlarning tajassumi bo‘lsa, “Uliss”dagi Stiven Dedalus – aql-idrok timsolidir. Katolik ruhoniylarining tarbiyasini olgan, lekin xudosiz bo‘lib yetishgan maktab muallimi, shoir va faylasuf Stiven Dedalus o‘tmishdagi ozod Irlandiyaga xiyonat qilgan hozirgi Irlandiyadan nafratlanadi. Darvoqe, Stiven o‘zining bu nafratidan uzoq ketolmaydi va o‘sha o‘zining inkor etishi (tushkunligi), badxohligi hamda hech narsaga ishonmasligining qurboniga aylanadi. U shaxsiy hamda ob’ektiv sabablarga ko‘ra, o‘zi hayot kechirishga mahkum jamiyatning ahvolini ko‘rib qiynaladi. Blumning o‘zini qurshagan ijtimoiy hayotga bo‘lgan munosabatini tasvirlar ekan, Joys uning ruhiy olamini qanchalik fosh etsa, shuuri-zamirida kechayotgan – anglanmagan kechmishlarini shunchalik aks ettiradi. Stiven Blumning g‘ayrishuuriy dunyosida muttasil yuzaga qalqib chiqib, o‘zidan ogoh etuvchi nojo‘ya mayl-havaslardan xoli bo‘lsa-da, behalovat yashaydi, u o‘lim to‘shagida yotgan taqvodor onasining vasiyati – tiz cho‘kib, Xudodan uning bilib-bilmay qilgan gunohlarini kechirishini so‘rashdan bosh tortganligi uchun muttasil pushaymon yeydi, buning uchun o‘zini kechirolmaydi.
Blum va Stiven, o‘rta yashar manfaatparast kishi bilan yosh shoir – dublin ahlining butunlay boshqa-boshqa qatlamlariga xos. Ammo asarni o‘qish jarayonida ma’lum bo‘ladiki, Blum bilan Stiven – aslida bitta shaxsning ikki qiyofasi, ta’bir joiz bo‘lsa, bir olmaning ikki pallasi. Ularning yo‘li roman mobaynida bir necha marta kesishadi, lekin deyarli oxirgi daqiqalarda – masalan, islovotxonadagi voqeada – birikib, qo‘shilib ketadi. Blum bilan Dedalusning bunday noma’qul aysh-ishrat botqog‘iga botgan lahzalarini namoyish etish orqali Joys “yuksak ma’naviyat va tubanlik” o‘rtasida tafovut yo‘qligi yoxud bo‘lsa ham juda omonat ekanini bo‘rttirib yoki ta’kidlab ko‘rsatmoqchi hamda o‘tkinchi, oniy instinktning aql-idrok ustidan ustun kelishini namoyish etmoqchi bo‘ladi. Romandagi uchala asosiy personaj – ular orasida ikkitasi tor, manfaatparast kishilar – hayoti va his-tuyg‘ulari oddiy insonlarning tipik namunasi sifatida ifoda etiladi.
Romanda uchta qahramon – Blum, Merion va Stiven Dedalus hamda ular yashayotgan Dublin shahrining bir kunlik hayoti haqida hikoya qilinadi. Bu hech bir jihati bilan alohida e’tiborga molik bo‘lmagan oddiy kun – 1904 yilning 16 iyuni. Joys shu uch nafar dublinliklarning ertalab soat sakkizdan ertasi uchlargacha nimalar qilishgani, nimalarni o‘ylashgani, nimalar haqida gaplashganlari, nimalarni his qilishganini tasvirlaydi. U atayin o‘zining qarashlariga muvofiq insonning hayoti nimalardan tashkil topishiga urg‘u berish, uni to‘la-to‘kis in’ikos ettirish uchun – dafn marosimi, bola tug‘ilishi, visol, qisqasi, kundalik turmushda albatta ro‘y beradigan, shuningdek, ahamiyat bermasa ham bo‘ladigan “hayot tashvishlari va quvonchlari”ni batafsil – ikir-chikirlariga qadar tasvirlaydi. Roman qahramonlarining faoliyati, orzu-umidlari, ko‘ngli va intilishlari shunchaki, qandaydir bir bahonada eslatib o‘tiladi, xolos – bu tabiiydir, chunki bu, uning fikricha, inson hayotining muhim, qolaversa, asosiy jihati emas, axir, hamma va har bir shaxs shu taxlit yashashga mahkum.
Taraqqiyparvar ingliz munaqqidlari (Uest, Kettl va boshqalar) romanda “inson mavjudligi” faqatgina fiziologik jihatdan talqin etilganiga e’tibor qaratishadi. Agarda dublindagi tahririyatlardan biri tasvirlangan epizodni olib tashlasa, romanda hech kim hech qanday ish qilmayotgani ma’lum bo‘ladi-qoladi. Faqatgina ming xil odamlar kino tasmasidek lip-lip o‘tadi, ular uchrashadilar va xayrlashib ketadilar, katta shahar ko‘chalarida o‘tib-ketib yurgan behisob yo‘lovchilar singari ko‘p. Ularning aksariga o‘rinli va aniq xarakteristika beriladi, biroq hech biri esda qolarli faoliyat yuritayotgan bir jarayonda ko‘rsatilmaydi. Bu taxlit kuzatuv nihoyat darajada adolatlidir. Asarni o‘qib chiqqan ziyrak kitobxon shunday xulosaga ham keladi.
Qarang, yuqorida aytib o‘tganimizdek, 16 iyun tongining manzarasi: Stiven Dedalusning oshna-og‘aynilari bilan o‘zi yashaydigan Dublin ko‘rfazi sohilidagi minorada nonushta qilayotgani tasviridan boshlanadi, keyin uning dengizda cho‘milishi, so‘ng bu yosh yigitchaning maktabda o‘tayotgan tarix darsi, uning shu maktab direktori – xotirasini yo‘qotayozgan mutaassib Dizi bilan suhbati. Aloha, bir paytning o‘zida Blum bilan Merionning uyqudan uyg‘onishi ko‘rsatiladi. Blumning eralabki yuvinish-kiyinishi mayda ikir-chikiriga dovur aks ettiriladi, keyin uning shaharga jo‘nashi, qaytib kelishi, ertalabki nonushtasi, hojatxonaga kirishi, hammomdagi holati va pochtaga borishi tasvirlanadi. Hamma narsa muallif tomonidan batafsil, bir xilda sinchiklab va qandoq bo‘lsa, shunday holda bo‘yamay-bejamay bayon qilinadi. Joys g‘oyatda sinchkovlik bilan ertalab sakkizda, o‘nda, tushdan keyin uchda, sakkizda, deya vaqtni aniq belgilab turadi. Shu vaqt ichida turli voqealar sodir bo‘ladi va muallif bu lavhalarni goh keng ko‘lamda, goh beparvo, arzimas narsadek chizib ketaveradi. O‘z tashvishlari-yu xayollari bilan yo‘lga chiqqan Blum va Stiven bir necha marta uchrashib qoladilar, xayrlashib ketadilar.
Blum barga kiradi. Blum Dignam degan oshnasining dafn marosimiga boradi, uni yerga qo‘yishda qatnashadi. Janozadan keyin u “Frimen” gazetasi tahririyatiga boradi, soat birda restoranda tushlik qiladi. Keyin milliy kutubxonaga borib, soat ikkida o‘sha yerda Stivenni uchratadi. Kutubxonaga Blum ma’lumotnoma so‘rab borgan bo‘lsa, Stiven Dedalus u yerda falsafa hamda adabiyot bo‘yicha suhbat quradi. Vaqt o‘taveradi. Soat uchda Blum Dublin ko‘chalarida sang‘ib yurgan bo‘ladi. Ko‘cha harakati sur’ati beriladi, odamlarning qiyofalari birma-bir ko‘z oldingizdan o‘tadi, yo‘lovchilarning aniq portretlari chiziladi. Blum barga kiradi, musiqa tinglaydi, kuy uning shuurida xotiralar uyg‘otadi. U Marta ismli bir paytlar donlashib yurgan bemaza qizga maktub yozadi. Soat beshda bir tanishini izlab yana restoranga kiradi, u yerda shinfeyner bilan siyosat haqida bahsga kirishadi; bu munozara janjalga aylanib ketishiga sal qoladi… Kechki soat sakkizda Blum qumloq sohilda paydo bo‘ladi, bu yerda yoshgina qizni ko‘rib, yaramas, shahvoniy xayollarga beriladi. Keyin Blum tanishlaridan birining xotinini ko‘rgani tug‘ruqxonaga yo‘l oladi. Tug‘ruqxona yonida Blum yana Stivenni uchratadi, har xil odamlarning har xil gap-so‘zlari, shundan so‘ng Blum bilan Stiven Dedalus islovotxonalar joylashgan mavzega yo‘l olishadi. Razolat botqog‘iga botgan odamlarning xatti-harakatlari tasvirlanadi. Tanqidchilar haqli ravishda joysona “Valpurgiya tunlari” deb atagan bu epizod romanda muhim ahamiyat kasb etadi. U yerdan chiqayotganda Blum mast-alast matros urib dabdala qilgan Stivenni qutqarib qoladi. Yarim kechada qahramonlar Dublin ko‘chalarida tentirab yurishadi, keyin izvosh haydovchilarning chaylasiga yashirinib olishadi, u yerda ham yana har xil odamlar bilan, xususan, keksa dengizchi bilan uzoq suhbatlashadilar. Blum Stivenni o‘z uyiga ergashtirib boradi. Tongga yaqin Stiven Blumning uyidan chiqib ketadi. Blum esa uxlayotgan bevafo xotinining yoniga yotadi. Romanning so‘ngi epizodida Merionning yarim-yorti anglashilgan shahvoniy xotira-xayollari oqimi beriladi. Asarning tashqi zohiriy qatlamida yuz bergan hodisalar ana shulardan iborat.
Biroq “Uliss”ning mazmuni tashqi omillar bilan belgilanmaydi. Joys o‘zi yaratgan personajlar hayotini shunchaki qayd qilib qo‘yish bilan chegaralanib qolmaydi. Ularning boshidan o‘tgan voqealar asarning haqiqiy mazmun-e’tiborini aniqlab beradigan g‘oya-fikrning tub negizini tashkil etadi. Romanda aks etgan voqea-hodisalar mundarijasi – chuvalashib ketgan majozlarning o‘rgimchak to‘riga o‘xshab to‘qiladigan zamini, xolos. Mana shu majoziylik roman mohiyatini ochib beradi hamda uzluksiz ravishda talqin qilishni taqozo etadi. “Uliss” boshdan-oyoq izchil va astoydil ma’nosini tushunishni talab qiladigan timsollarga boy, buning ustiga har bitta obraz, ta’bir joiz bo‘lsa, freydona tagma’noga ega.
Joys izdoshlari va asarlari tadqiqotchilari romanni bani bashar tarixiga allegoriya sifatida yozilgan, deya izoh beradilar. Joysning niyati bo‘yicha esa zulmat qoplagan tartibsiz dunyoda insonning sarson-sargardon kezishini ramziy ma’noda ifodalovchi roman bo‘lishi kerak edi.
Romanni “Uliss” deb atash orqali Joys dublinlik manfaatparast Blum bilan Gomer qahramonining sargardon yurishlarini qiyoslamoqchi bo‘lgan ko‘rinadi. “Uliss”ning “Odisseya”ga monandligiga ishoralar romanda istagancha topiladi, garchi bu o‘xshashlik nomigagina ko‘rinsa-da, ikkala asar – Gomerning hayotchan va nekbin g‘oyalar bilan sug‘orilgan eposi va Joysning “zulmat qoplagan” “epopeya”si bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Blum obrazi, yozuvchining maqsadiga ko‘ra, o‘z prototipiga parodiyadir: Blum Odissey singari donishmand va ayyor; u o‘z yurtiga, xotini Merion (eposda Penelopa) yoniga qaytish yo‘llarini izlayotganga o‘xshaydi. Stiven Dedalusni yaratishda “Odisseya”dagi Telemaxdan andoza olingan. Asar “Odisseya” kompozitsiyasiga qurilgan, uning epizodlari klassik epos epizodlarini, personajlari esa – o‘sha yunon eposining asosiy qahramonlarini parodiya qilib takrorlaydi. Buning ustiga Joys yaratgan Uliss “Odisseya” qahramoni 20 yil hayoti badalida bosib o‘tgan yo‘lni bir kunda bosib o‘tadi. Romanning har bir epizodi “Odisseya”dagi epizodlarga hamohang bo‘lishi kerak. Qarang, Blum uyidagi tong – “Odisseya”dagi Kalipso g‘origa to‘g‘ri keladi, Dignamning dafn marosimi – Ulissning yer osti saltanatida bo‘lganini eslatadi. “Frimen” tahririyatidagi epizod “Odisseya” qahramonining shamollar ma’budi Eol oroliga kelishi tasviriga o‘xshash bo‘lishi kerak edi, bar epizodi – uning odamxo‘rlar qabilasi – lestriganlar orasiga tushib qolishiga monand. 10-epizoddagi Dublinning betartib shovqin-suroni, odamlarning besaranjom yugurishlari qay bir jihatlari bilan Odisseyning “Sayoq qoyalar” orasida suzib yurishini yodga soladi, Blum bilan Stivenning islovotxonada uchrashib qolishi – Uliss va Telemaxning Sirtses saroyidagi uchrashuviga uyg‘un. Nihoyat, Blumning yarim kechasi uyiga qaytib borishi – Odisseyning vataniga, Penelopa yoniga kelishiga monand.
Garchi roman ma’lum darajada Gomer dostoni strukturasini takrorlasa-da, aslida kitobxon ko‘z o‘ngida murakkab kinomontaj gavdalangandek bo‘ladi. Asardagi mantiqiy mulohazalar, nazariy qarashlarda Joysning ilk ustozlari – aqidaparastlar ta’limotining ta’siri seziladi. Hayotni naturalistik, haddan tashqari hujjatlarga tayanib ifoda etish dam-badam personajlarning monologlariga ko‘chib o‘tadi, keyin birdan uzilib qoladi-yu, ularning fikr-mulohazalari orqali sharhlanadi. Shuningdek, Joysga tegishli asar matniga o‘ziga xos kinoya-kesatiqlar qo‘shiladi. “Uliss”, hech bir mulohazasiz aytish mumkinki, boshdan-oyoq uslub va so‘zlarning keskin o‘zgarishini talab etuvchi turli-tuman parodiyalarga to‘la. Joys Bibliya matnlari bilan cherkov kitoblari uslubini, ritsarlarning oliyjanob hayoti va sarguzashtlari tasvirlangan asarlarni, keyingi Uyg‘onish davri adabiyoti va qadim irlandlarning sagalarini hajv ostiga oladi. U hikoya qilib berayotgan voqealar matniga dam o‘sha davrdagi bozori chaqqon, bemaza romanlar (Blumning jazmaniga nodir kitoblar do‘konidan kitob tanlashi), dam ilmiy tadqiqot, dam rasmiy xat-xabarlar uslubi bostirib kiradi. U yoki bu adabiy oqimlar, hatto janrlarni parodiya qilish bilan chegaralanib qolmasdan, ijodkor alohida yozuvchilarni: Melorini, Benyanni, Shekspir, Gyotelarni parodiyaga oladi. Islovotxonadagi epizod boshdan-oyoq “Faust”ning “Valpurgiya tunlari”ni hajv qilishga qurilgan.
Blum Martaga kitob olish uchun do‘konga kirganida, qizning didiga mos kitob izlayturib, bir asar nusxasiga duch keladi va o‘sha zahoti, o‘sha kitobning ifoda usuli o‘tkir parodiyaga duchor bo‘ladi: “Eri boshidan sochgan tillalarning barini u do‘konlarda shohona liboslar, qimmatbaho taqinchoqlaru bezaklar sotib olishga sarflardi. Hammasi uning uchun! Raul uchun!” 9-epizodda cherkov ulamolari va mashhur ilohiyotchilarning yozganlari masxara qilinadi: “Barcha bid’atxo‘rlarning eng mug‘ombiri afriqolik Saveliy yaratgan egamning qavli bo‘yicha uning o‘zining zurriyotidir… Retlendbekonsuotgemptonshekspir yoki xatolardan iborat komediyadagi shu nomli boshqa bir shoir Gamletni yaratdi, u o‘z farzandining otasigina emas, shu bilan birga, o‘g‘il bo‘lishdan bosh tortib, o‘zini jamiki avlodlarining otasi deb his qilardi”. Lekin Joysning mukammal parodiyasi o‘rta asr dostonlari, o‘sha davrda yaratilgan romanlar va yilnomalarni masxara qilganida namoyon bo‘ladi (masalan, romandagi tug‘ruqxona va ko‘zi yoriyotgan juvon – Blum ko‘rgani borgan missis Pyurfoyning ahvoli haqida gap ketgan epizodlar). “Uliss” romanidagi parodiyalar xuddi g‘aroyib chekinishlardek tuyuladi, biroq aslida bunaqa emas. Har bir shunday “chekinish”, tasvirlanayotgan o‘sha personaj biror timsol yoki bir qancha timsollarga chambarchas bog‘liq. Bir-biriga o‘rin bo‘shatayotgan, almashayotgan usullarda ham shu mantiq ko‘zga tashlanadi. Har bir epizod o‘z usuliga ega. Ba’zi epizodlarda esa bir qancha uslublar o‘rin almashinib keladi.
“Uliss” muallifi odamlarning mehnat faoliyati, ijtimoiy munosabatlar, Dublinda yuz berayotgan, qolaversa, Dublin atrofida, hattoki Irlandiya hayotida hali-hamon so‘nmayotgan siyosiy kurashlarni tasvirlashdan saqlanadi. To‘g‘ri, shu narsalardan ayrimlari hajman juda katta bo‘lgani sabablimi, romanda ba’zida ko‘rinib qoladi, lekin asar markazida davrning ijtimoiy va siyosiy muammolari emas, muallif tushunchasidagi inson – muayyan vaziyatdagi Blum bilan Stiven qiyofasi turadi. Qay ma’nodadir inson hayotini faqat jismonan tadqiq qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Joys naturalizmi, aslida, manfur kapitalistik tuzumning asl basharasini fosh qilish ishtiyoqidan tug‘ilgan; shunga qaramay insonni nihoyatda pastkash, palid, jirkanch qiyofada aks ettirishga birgina tuzumdan nafratlanishning o‘zi kamlik qiladi. Mahorat bilan aks ettirilgan romanning barcha o‘rinlarida hayotni yoqimsiz, shafqatsiz, insonni esa abgor, hayvoniy nafs, tuban intilishlarning quli sifatida tasvirlashga yozuvchining o‘zida mayl-rag‘bat kuchli ekanligi sezilib turadi. Yozuvchining qahramonlarni kuzatuvchi nigohi uning umuman inson tabiatini qanday tushunishidan paydo bo‘ladi. Shu ma’noda bu narsa “Uliss” romanining muallifiga ham tegishlidir. Romandagi Dublin restoranlaridan birining tasvirida bu yaqqol seziladi. Ovqatlanib o‘tirgan odamlarning qiyofasi yozuvchi tomonidan shunday aks ettiriladiki, beixtiyor kitobxonda jirkanish hissini uyg‘otadi: “Uning (Blumning) og‘zidagi tomog‘iga tiqilib, hiqichoq tutdi, bemaza go‘shtning qo‘lansa hidi dimog‘ini achishtirdi. Oxur oldida turgan mol”.
Insonni hamda uning ichki dunyosini jisman qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilarkan, Joys xarakterlar yaratishga, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, u yoki bu odamning ruhiyatini tahlil qilishga intilmaydi. Uni, eng avvalo, inson psixikasining “pinhoniy faoliyati”, o‘sha, go‘yoki ong ostida ro‘y berayotgan sabablar, mayl-havaslarning ko‘lami, pirovardida har bir shaxsning harakati, qilmishlari – uning sezgilari, hali shakllanmagan, lekin yovuzlik, badbinlik yashirinib yotgan shuurini in’ikos ettirish qiziqtiradi. Basharti bu ulkan roman sahifalarida haqqoniy va hayotiy lavhalar, ba’zan keskin hajv paydo bo‘lib qolsa, voqelik manzarasiga butunlay putur yetadi, voqelik arzimagan va mutlaqo chakana, ahamiyatsiz shaxslarning psixikasini tadqiq etish chog‘ida mayda ikir-chikirlar orasida ko‘rinmay ketadi. Aytilmagan va umumlashmagan, timsollarga aylanmay qolgan rag‘bat va istak-xohishlarni aks ettirishga e’tibor, inchunin, Joys ijodiy uslubida ong oqimi hodisasining yetakchi o‘ringa chiqish sabablari shularga bog‘liq. Joys inson tomonidan chala va mutlaqo anglashilmagan ruhiy ta’sirlanishni aks ettirishni o‘zining muhim va yagona vazifasi, deb hisoblagan. Shunga ko‘ra, u o‘ta murakkab fikrlash jarayonini ifodalashning turli shakllarini izlashda inson ongida paydo bo‘ladigan betartib oqimlar va boshqalarnikiga o‘xshamagan ongning turli darajadagi teran qatlamlarida joylashgan alohida hissiyotlarning g‘ayriixtiyoriy ravishda bir-biriga to‘g‘ri kelishini tasvirlamoqchi bo‘ladi. Joys metodining siri ham mana shunda ko‘rinadi. Ong oqimining ifoda shakllari romanda nihoyatda rang-barang ko‘rinishda uchraydi.
Tabiiyki, Joys turli odamlarning “ong oqimi”ni tasvirlashda imkon qadar inviduallikka intiladi; personajlar monologlarining xususiyatlari (aytaylik, Blum bilan Stiven monologlari) bir-biridan tamomila farq qiladi. U o‘sha personajning saviyasi va madaniyati darajasiga ko‘ra so‘zlaydi, individning o‘ziga xos jihatlariga monand yoritib beradi.
Joys ongning “yuza” qatlamlarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni bemisl mahorat bilan tasvirlar ekan, ular bundan ogoh qilayotgan ob’ektiv voqelik orqali emas, balki hali anglamagan ong ostki qatlamlarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar orqali anglashiladi.
Joys hikoyaning uzviy qismlarini bir-biriga bog‘laydigan naturalistik tasvirdan boshqa personajning ichki monologini ifodalashga o‘tayotganda tafakkurni nazorat qiluvchi sub’ektiv hissiyotlar oqimini aks ettirishga intiladi. Shu vajdan, tabiiyki, romanning tili mavhum, tushunish qiyin ko‘yga tushadi, ongga qalqib chiqqan uvin-to‘da fikrlarni in’ikos ettira boshlaydi, shaklni tushunib, ajratish qiyinlashadi, jumlalar ravonligiga putur yetadi, uzuq-yuluq holga keladi. Shundoq ham murakkab yoki yarimta-yurumta jumlalar va iboralar tartibsiz ravishda asarga kirib kela boshlaydi, noxolis his-tuyg‘ular hamda fikrlarga asoslangan ichki monolog mantiqsiz, bir-biriga bog‘lanmaydigan kechinmalarga aylanadiki, ularni tushunib olish qiyinlashadi yoki “mutlaqo tushunishning iloji bo‘lmay qoladi”.
“Ong oqimi” usuliga roman xotimasidagi bosh harflarsiz va tinish belgilarisiz cho‘zilgandan-cho‘zilgan Merionning ichki monologi yaqqol misol bo‘la oladi. Modomiki, Merion butunlay tug‘ma his-tuyg‘ular ixtiyoridan chiqolmas ekan, uning ong oqimida g‘ayrishuuriy hodisalarning shuur ustidan ustunligini namoyish etish ancha qulaylik tug‘diradi. Bu ifoda, deyarli, qahramonlarning ichki monologlaridan iborat roman mazmunini aks ettirishda Joys qanday rang-barang to‘qimalar o‘ylab topganini kuzatishga imkon beradi.
Katolik ruhoniysining ingliz tilidagi ma’ruzasini tinglayotgan Blumning ongida turli fikrlar, bir-biriga o‘xshamagan his-tuyg‘ular tug‘yon uradi. Bunda inglizlar hukmronligidan norozilik ham, ayollarning tavba-tazarrusi haqida hayosiz xayollar ham, katoliklar marosimida o‘qiladigan tavba duolariga nisbatan ishonchsizlik ham sezilib turadi. “Janob Blum inglizcha so‘zlarni ilg‘ab olish uchun bo‘ynini cho‘zdi. Ularga so‘ngak bersinmi. G‘ira-shira eslayman, cherkovga oxirgi marta qachon kelgandim? Gloria bilan ma’suma qiz. Iosif uning zavji. Pyotr bilan Pavel. Agar nima gapligini bilsang juda qiziqarli bo‘lsa kerak, shubhasiz. Hayratomuz tashkilot, soat mexanizmidek yanglishmaydi. Tavba qilishni hamma yaxshi ko‘radi. Unda men o‘zim sizga hammasini aytib beraman. Tazarru. Meni jazolang, iltimos. Qudratli qurol bor qo‘limda. Vrach yoki advokatdan kattaroq, ayollar judayam talpinadi. Men esa tsh-sh-sh. Siz esa cha-cha-cha-chami? Nega siz? O‘zini oqlash uchun uzugini ko‘zdan kechiradi. Yo‘lak devorlarining ham qulog‘i bor, eng oxirida eriga ma’lum bo‘ladi. Xudoning urgani shu”.
Blumning mulohazalarida keskin hajv ohangi seziladi, biroq o‘sha zahoti bu ohang xira tortib, dublinlik bir mutaassib odamning almoyi-aljoyi ong oqimiga aylanadi. U cherkovni tark etadi, Dublin ko‘chalaridan ketib boradi, bir zamonlar donlashib yurgan Martadan kelgan maktubni takroran o‘qiydi, poyintar-soyintar, chala-yarim fikrlar qalqib chiqadi – Blumning ichki monologida mantiq buziladi. U cho‘ntagiga solib qo‘ygan xatni paypaslayturib to‘g‘nag‘ich oladi. “Oddiygina to‘g‘nag‘ich-a? Uni ko‘prikka yetganda uloqtirib yubordi. Ko‘ylak-po‘ylagidan tushib qolgan bo‘lsa kerak, chakkimas. Qiziq, ularda nechta to‘g‘nag‘ich bo‘larkan. Tikansiz gul bo‘lmas”.
Tartibsiz va mantiqqa xilof ong oqimini ifodalash uchun Joys har turli usullar qo‘llashga harakat qiladi. Ba’zi o‘rinlarda, ayniqsa, muallif qadimiy usullarni parodiya qilishga kirishganda roman tili iste’moldan chiqqan eski so‘zlardan tashkil topadi. Iste’dodining yo‘nalishidan kelib chiqqan holda hamisha parodiya qilinayotgan asar uslubini saqlab, ulardan keltirayotgan iqtibosni, deylik, diniy iboralarni qayta ishlab, boshqa ifoda shakliga ko‘chiradi va asarga kiritadi. Ba’zan romanda kutilmagan, yangi so‘z yoki birikmalar uchraydi, “Uliss” matnida atayin mahalliy shevalardan olingan, xorijiy tillardan yasalgan iboralar, xususan, ham zamonaviy, ham qadimiy idish, yunon va ayniqsa, lotin tiliga aloqador ifodalar, sifatlashlar istagancha topiladi.
“Uliss”da Joys so‘zlarni, ismlarni erkin, ko‘ngli tusagancha bir-biriga ulab, yangi so‘zlar yasaydi. Masalan, bir yerda Joys “Devi Birn esnayturibkulimsiradiboshirg‘adi”, boshqa yerda “Retlendbekonsuotgemptonshekspir”, deya so‘z yasaydi, gohida inglizcha, ba’zan esa boshqa xorijiy tillardan foydalanib shunaqa jumlalar tuzadi. So‘zlarning qo‘shilishi ko‘pincha harflarni qo‘shib yozishga o‘tib ketadi. Bunday holatlarda ular imo-ishora, u yoki bu personajning holati yoki kayfiyatini anglatishga xizmat qiladi. Ichki monologlarning jumlalari mayda bo‘lakchalarga ajralib ketadi. Mantiqsiz fikrini aniq yetkazib berish uchun zo‘r berayotgan muallif tasodifiy, bir-biriga bog‘lanmagan fikrlarni qistirib o‘tadi yoki jumlani oxirigacha yozmay chala qoldiradi va bu bilan notugallik, notekislikni ko‘rsatib beradi. Rafiqasining ko‘ylagi haqida Blum shunday xayol suradi: “Go‘yo (men paylarimni cho‘zib yubordim), shu sababdan (u shu ko‘ylakda bo‘lgani uchun)”. Yoinki: “Aytishicha hazil (qilish) ni yaxshi ko‘r (mas) emish”.
Bu misollarni shunchaki keltirayotganimiz yo‘q, zero, bu parchalarni o‘qigan noshud “bilimdon” darhol ro‘yirost ko‘zga tashlanayotgan mantiqsizlikdan ko‘z yumolmay, xuddi bir nimani kashf qilgandek yoki hech kim ko‘rmagan xato-kamchilikni topgandek ich-ichida sevinib ketishi ham mumkin. Holbuki, Joysning o‘ziga xos tili va so‘z yasashdagi shijoati deymizmi, til sohasidagi zakosi deymizmi, ayniqsa, mana shunday ong oqimini aks ettirish chog‘ida – matnda deyarli anglab bo‘lmaydigan bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan, lekin uyushib kelayotgan fikr, sezgilar hamda ong ostidan qalqib chiqayotgan g‘ayriixtiyoriy ta’sirlarni in’ikos ettirishga urinishlarida yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, “Uliss” romanidagi juda ko‘p o‘rinlar jiddiy adabiyotga munosib emas: unda og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar g‘ij-g‘ij, ba’zi yerlari uchiga chiqqan hayosiz filmlarni eslatadi. Shulardan bexabar “oddiy” kitobxon romandan (dilpazir mashg‘ulot) maroqli voqealar izlaydi, biroq buning o‘rniga bu adoqsiz (chek-chegarasi yo‘q) so‘z botqog‘ining dilgirligini ko‘rib hafsalasi pir bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, “Uliss”ni birinchi marta o‘qib chiqish og‘ir ish. Oson emas. “Ishdan charchagan paytlarda” ko‘z yugurtirib chiqishdan foyda yo‘q. Uni diqqatni susaytirmasdan, bironta epizod, hatto jumlani tashlab ketmasdan o‘qish kerak, chunki haddan ziyod arzimagandek tuyulgan detallar yaxlit bir butunlikning tashkil etilishida asosiy vosita bo‘lishi yoki muhim vazifani bajarishi mumkin. Joys kitobxonga yordam bermaydi, gap nimada ekanini tushunib olguningcha ko‘p narsalar anglanmay o‘tib ketadi, ko‘pdan-ko‘p voqealar orasidagi bog‘lanish odamni adashtiradi, gapda so‘z yoki gap bo‘lagi tushib qoladi, o‘rni to‘ldirilmaydi, jonlantirish, tashbeh, majozlar anglashilmaydi. Buning ustiga sof tilshunoslikka oid qiyinchiliklar vujudga keladi. Bir tomondan irland tilida uchraydigan jonli iboralarning serobligi, ikkinchi tomondan muntazam ravishda so‘z va iboralar yasash, turli maqsadlarda so‘zlarning shaklini buzish. Buning ustiga ortiqcha, shart emasdek tuyuluvchi holatlarga, masalan, alohida-alohida yoziladigan bir so‘zni ikkinchi so‘zga qo‘shib yozish, ba’zan o‘z imlo lug‘ati bo‘yicha so‘zlar tuzishga beriladi. Romanning faqat Irlandiyada mashhur, boshqa yerlarda, hattoki, Angliya o‘quvchilari orasida noma’lum bo‘lgan (aynan o‘sha yerda uning asari judayam kam o‘qiladi) buyumlar, narsalar, joylar nomlari bilan to‘lib-toshganligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Va nihoyat, asosiysi, “Uliss” murakkab asar ekani, uning mayda toshchalardan qurilib barpo etilgan mahobatli inshootga o‘xshashligidir. Bu toshchalar yanayam mayda, chigal, bir tomondan biriktiradigan, ikkinchi tomondan chalg‘itadigan naqshlardan iborat bo‘lib, asarning katta qismini o‘qib bo‘lgachgina, uni yaxlit roman holida his qila boshlaysiz va bu mayda, mitti bo‘lakchalar birlashib, ko‘z oldingizda “Uliss” romanining asosiy badiiy mazmunini tashkil etuvchi yirik inson obrazlari, eng avvalo, romanning bosh qahramonlari – xususan, Lepold Blum timsolini gavdalantiradi.
Qisqasi, Irlandiyani tark etgach, hayotdan bezgan Joys san’at oshiyonida yashamoqni ixtiyor etdi, uning nazarida, faqat shunday qilgandagina u ozodlik nashidasidan bahrador va uning malol kelarlik ta’siridan xalos bo‘lardi. Erishgan yuksak muvaffaqiyatlari so‘qmog‘ida adashgan yozuvchi ijodkor sifatidagi bor imkoniyatlarini o‘sha olamshumul asarini yaratish jarayonida sarf etdi. Odatda, “Uliss” romanini modern adabiyotining eng mumtoz namunasi sifatida baholashadi. To‘g‘rirog‘i, Joysning so‘nggi ikkita romanida obrazlar tizimi qanday inqirozga yuz tutgan bo‘lsa, bu asarda shakl shunday tanazzulga uchraydi va barbod bo‘ladi. Joysning hayoti davomida egallagan bilimlar xazinasi, tasvirlashdagi bemisl mahorati hamda til bobidagi bebaho boyligi barpo etish, yaratishga emas, balki yakson etishga xizmat qildi. Joys “Uliss”ni yaratish bilan ikki o‘t orasida qolgan, ziddiyatlarning mash’um va halokatli o‘pqonlarida g‘arq bo‘layotgan bashariyat fojiasini aks ettirmoqchi edi. Shpengler va boshqa burjua faylasuflaridan keyin u tarixiy taraqqiyotning istiqboli yo‘qligi haqidagi tushkun ta’limotning yalovbardoriga aylandi, afsuski, o‘zi mana shu badbin va adolatsiz hayotda yashab, ijod qilishga majbur bo‘ldi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 5-son