O‘zbek nasri ufqlari (davra suhbati)

IJODNING AZALIY VA ABADIY YO‘LI

O‘zbekiston mustaqillikka erishib, turg‘un fikrlar, soxta g‘oya va ideallar iskanjasidan qutulganiga ham chorak asrdan oshdi. Respublika iqtisodi, sanoati, qishloq xo‘jaligi, fan, madaniyat va san’atda, jumladan, badiiy adabiyotda muayyan yuksalish, rivojlanish nishonalarini ko‘rib turibmiz. Hamma sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning aniq samaralari yaqqol sezila boshladi. Xalqaro aloqalar kuchayib, do‘stlik rishtalari qaytadan tiklanayotgani, ayniqsa, hali kurtak holida bo‘lsa-da, madaniy-adabiy hamkorliklarning yo‘lga qo‘yilayotgani azaldan dunyo ahliga do‘st, qardosh, darddosh bo‘lib kelgan bag‘ri keng xalqimiz hamda ko‘ngli hamisha toza ijod ahlining bag‘riga bahoriy iliqlik olib kelmoqda, uni umidbaxsh tuyg‘ular bilan ilhomlantirib, ezgulik, olijanoblik, adolat ustuvor bo‘ladigan porloq yangi manzillarga chorlamoqda.

Ayni zamonda, chorak asr ma’lum darajada bosib o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilishga, erishgan yutuqlarimizni umumlashtirib, ayrim kamchiliklar, bajarilmay qolgan ishlar sababini tahlil qilishga, ulardan saboqlar chiqarishga ham imkon beradi.

Biz ma’naviyat sohasi — so‘z san’atining askarlari bo‘lganimiz uchun sar-hisob davrida birinchi navbatda adabiyotda yaratilgan asarlar haqida so‘z yuritishimiz, bu boradagi yutuqlar va yetishmovchiliklar xususida gapirishimiz o‘rinli bo‘ladi.

Hozirgi adabiy jarayonda yaqqol ko‘zga tashlanadigan va hammamizni quvontiradigan hodisa ijodkorlarning xilma-xil uslubiy izlanishlari uchun keng imkoniyatlar ochib berilganidir. Hech kimga sir emaski, sotsialistik realizmning temir kishanlari uloqtirib tashlangandan keyingi dastlabki yillarda «bozor adabiyoti» deb atalayotgan sayoz asarlar ancha bolalab, ko‘pa-yib ketdi. Epchillik qilib homiy topa olgan yoki ozgina mablag‘i bor qalamkashlarning o‘rtamiyona ijod namunalari kitob do‘konlari peshtaxtalarini bezab turganiga ko‘nikib ham qoldik. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach, bunday «usti yaltiroq, ichi qaltiroq» asarlarning o‘tkinchi ekanligi haqidagi gaplar, mulohazalar yana ustuvor bo‘la boshladi. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida so‘nggi yillarda yuzaga kelgan bozor adabiyoti mahsulotlarini tahlil etib, bahosini beruvchi davra bahslari, suhbatlar uyushtirilgani bejiz emas.

Vaqt o‘tib, bo‘tana suvlar tiniqlashgani sari adabiyot o‘zining asl o‘zanlariga, azaliy qadriyatlariga qaytayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Zero, adabiyotda — so‘z san’atida hayotni bo‘yab-bejamasdan haqqoniy tasvirlash, inson qalbini teran tadqiq qilish, uning quvonch-tashvishlari, dardlarini, ichki dunyosini, murakkab tuyg‘ular olamini butun ziddiyatlari bilan aks ettiruvchi yorqin obrazlar, badiiy kashfiyotlar yaratish vositasida o‘quvchiga estetik zavq berish va uning ma’naviy dunyosiga ta’sir ko‘rsatish talabi hech qachon eskirmay qolaveradi. Ana shu muqaddas qonuniyatni asosiy mezon qilib olgan chinakam yozuvchilar qaysi davr va tuzumda yashashidan qat’i nazar, inson yuragining eng chuqur nuqtalarigacha yetib boradigan, o‘lmaydigan hayotbaxsh asarlar yaratib qoldirgani ma’lum. Balzak yoki Gogol, Dikkens, Tolstoy, Dostoyevskiy, Turgenev, Chexov, Mark Tven yoki Tagor singari o‘nlab bashariyat daholari ijodi bunga misol bo‘la oladi. Bugungi kunda bu adiblarning qaysi metodda ijod qilgani yoki adabiy tajribalar o‘tkazgani emas, balki hayot manzaralarini shafqatsiz haqqoniylik bilan tasvirlab, o‘quvchi yuragini larzaga solgani va adabiyotni qudratli ma’naviy kuch darajasiga ko‘tara olgani muhim. Shu fikrlarni o‘tgan asrda sotsialistik realizm qoliplarini yorib chiqa olgan Sholoxov, Bulgakov, Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Astafev, Rasputin singari yozuvchilar ijodi haqida ham aytish mumkin. She’riyatda esa Yesenin, Tvardovskiy, Nikolay Rubtsov, Cho‘lpon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi va boshqa o‘nlab shoirlarning asarlarini tilga olish lozim. Bugun biz ularning ijodini qaysidir adabiy o‘lchovlar, aytaylik, sotsialistik realizm, syurrealizm, modernizm, postmodernizm va boshqa «izm»lar talabiga mos kelganiga qarab emas, balki tasvirning hayotiyligi, san’atkor sifatida o‘ziga xos, betakror tuyg‘ular olamini qay darajada suratlantirib berganiga qarab qadrlaymiz va ulug‘laymiz.

Bu azaliy haqiqatni qayta takrorlab, unga urg‘u berayotganimizga sabab shuki, fikr erkinligi tamoyillari yangi imkoniyatlarni vujudga keltirgan dastlabki kezlarda endi adabiyot qaysi yo‘ldan boradi deganga o‘xshash mulohazalar paydo bo‘lib, ba’zi ijodkorlar orasida g‘arbda novatorlik sifatida baholangan ayrim oqimlarga mahliyolik yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqlid qilish kayfiyati bir qadar kuchaygan, modernizm, absurd asarlarini yoqlash yoki ularni butunlay inkor etish mayllari ham ko‘ringani ma’lum. Illo, hozir bu bahslarga (ular keyin ham davom etadi) munosabat bildirib o‘tirmasdan, atoqli yozuvchimiz Pirimqul Qodirovning g‘arbdagi ayrim adabiy tajribalar katta kashfiyotlarga olib borish o‘rniga adabiyotni hayotdan uzoqlashtirib qo‘ygani haqida bildirgan mulohazalari asosli ekanini ta’kidlamoq joizdir.

Ammo bu mulohazalar adabiy tajribalarni, badiiy tasvir imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi izlanishlarni inkor etish tarzida qabul qilinmasligi kerak. Adabiyot hamisha yuksak izlanishlar, badiiy kashfiyotlar bilan tirik. Faqat, yuqorida aytganimizdek, yangi adabiy izlanishlar ijod ufqlarini kengaytirishga xizmat qilishi va ayni zamonda boshqotirgich-jumboqlarga aylanib ketmasligi lozim. G‘arbdagi «eksperiment» shaydolari ham o‘z mashqlaridan toliqib, yana an’anaviy nasr usulida asarlar yoza boshlagani buni tasdiqlaydi. «Jahon adabiyoti» jurnalining shu yilgi 8-9-10-sonlarida e’lon qilingan amerika yozuvchisi Kristofer Baklining «Arabistonlik Florens» romanini o‘qigan kitobxon fikrimizga qo‘shiladi deb o‘ylayman.

Mazkur mulohazalarni quvvatlaydigan yana bir misol keltiraman. «Inostrannaya literatura» jurnalida o‘tgan yili turk yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori O‘rxon Pamuqning «Derazadan ko‘ringan manzaralar» hikoyasi e’lon qilindi. Asosan modernizm yo‘nalishida yozadigan bu yozuvchi mazkur yangi hikoya-sida sof realistik tasvir yo‘lidan boradi. Qahramonlarining portretini, xatti-harakatilari, ma’naviy-ruhiy kechinmalarini sodda va aniq detallar, hayotiy manzaralar asosida gavdalantiradi. Hikoyadagi har bir chizgi o‘z o‘rnida, xuddi quyib qo‘yilgandek. Bironta ortiqcha tafsilot, keraksiz gap-so‘z, mulohaza yo‘q.

Muallif kichik bir oiladagi fojiani, dramatik vaziyatni bola tili va nigohi orqali ta’sirli, hayotiy lavhalarda katta mahorat bilan gavdalantiradi. Er oilasini, bola-chaqasini tashlab ketgan, nochor ahvolda qolgan xotin, keksa ona, bolalarning iztiroblari — hammasi nihoyatda samimiy bo‘yoqlarda chizilgan.

Bundan bir necha yil avval xuddi shunday uslub yangicha tamoyillarda ijod qilishga moyil yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning «Qazo bo‘lgan namoz» hikoyasida ham yorqin ko‘ringan edi.

Adabiyotimizning yangi bo‘g‘iniga mansub bo‘lgan Shoyim Bo‘tayev, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon, Abduqayum Yo‘ldoshev, Nabi Jaloliddin, Tilavoldi Jo‘rayev, Adham Daminov va boshqa iste’dodli ijodkorlar jahon adabiyotidagi eng yaxshi tajribalarga ijodiy yondashib, durust natijalarga erishayotgani o‘quvchini quvontiradi.

Umuman olganda, qaysi uslubda ijod qilish, qaysi yozuvchidan o‘rganish yoki unga ergashish ijodkorning shaxsiy ishi. Hamma gap erishilgan natijada. Adabiy ta’sir, adabiy aloqalarsiz, butun jahon adabiy jarayonidan ajralgan holda yuksak adabiyot, san’at namunalarini yaratish qiyin, albatta. Ayniqsa, o‘zbek xalqining tabiatida bag‘ri kenglik, jahon madaniyatidagi eng ilg‘or tamoyillarning qadriga yetish va e’zozlash fazilati kuchli. Buni buyuk Navoiy ijodi yorqin ko‘rsatib turibdi. Hazrat mumtoz sharq adabiyoti yutuqlarini, qadimgi yunon, hind, xitoy adabiy-falsafiy tafakkurini puxta o‘zlashtirgani o‘lmas g‘azallarida yaqqol seziladi. Ammo bu holat buyuk Navoiy asarlarining yuksak parvoz qilishiga zarracha xalal bergan emas. Yoki ulug‘vor «Xamsa»ni yaratar ekan, Navoiy o‘zidan oldin yashagan va fors tilida ijod etgan shoirlar — Nizomiy, Xisrav Dehlaviy hamda ustozi Abdurahmon Jomiylarning an’analarini, san’atkorlik sirlarini puxta o‘zlashtirmaganida xamsachilikda yuksak muvaffaqiyat qozona olarmidi?

Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romanini yaratish jarayonida mashhur tarixiy romanlar muallifi Jurji Zaydonning ijodiy tajribalaridan o‘rganganini qayd etgan edi. Ayni zamonda adib bu arab romanchisi orqali yana bir mashhur tarixchi yozuvchi Valter Skott ijodi bilan ham tanishadi. Shuningdek, u tarixiy asarlarini yozar ekan, rus yozuvchilari, xususan, A.S.Pushkinning nasriy mahoratidan saboq oladi. Buni «O‘tkan kunlar» va «Kapitan qizi»ni qiyoslaganda yaqqol ko‘rish qiyin emas.

Cho‘lpon ham jahon adabiyotini puxta o‘rganganini Rabindranat Tagor haqidagi maqolalari, Shekspir, Pushkin tragediyalarining ajoyib tarjimalari isbotlab turibdi. Ayni zamonda u Lev Tolstoy saboqlaridan ham ko‘p bahramand bo‘lgan, jumladan, «Kecha va kunduz»ni yozishda ham «Tirilish» romanida qo‘llangan usullardan mohirona foydalangan. Ammo bunday ta’sirlanish, o‘qib-o‘rganish holatlari har ikki mashhur o‘zbek yozuvchisiga milliy ruh balqib turgan yorqin obrazlar va milliy hayot manzaralarini gavdalantirishga, millat qismati va fojiasini haqqoniy bo‘yoqlarda ko‘rsatishga aslo monelik qilmadi. Bunday tabiiy holat adabiyotning azaliy qoidasidir.

Xullas, adabiy aloqalar, adabiy ta’sir samaralari bundan keyin ham yangi-yangi asarlar yaratilishiga turtki beruvchi hayotbaxsh omil bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun ham bugungi adabiy jarayon haqida gapirganda har xil «izm»lar o‘rniga adabiy ta’sir va adabiy aloqalarning samarasiga ko‘proq e’tibor bergan ma’qul.

Shu ma’noda bugungi nasrdagi yangi va eng yaxshi izlanishlar o‘ziga to‘g‘ri o‘zandan yo‘l topib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim. Buni Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirovlarning «Osiy banda» va «Ona lochin vidosi» romanlari tajribasi yaqqol ko‘rsatadi. Bu ikki mashhur adib sof realistik an’analarga tayanib, haqqoniy, ta’sirchan asarlar yaratish yo‘li aslo eskirmaganligini, hamma gap mahoratda, mazmunning chuqurligi, ko‘lamning kengligida ekanini amalda isbotlab berdilar.

Bugungi davra bahsida shu kunlarda faol ijod etayotgan barcha yozuvchilarning asarlari munozara uchun mavzu bo‘ladi deb umid qilamiz.

Ortiqboy Abdullayev, tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limi mudiri

 

NEOREALIZM BO‘SAG‘ASIDA

Hozirgi o‘zbek nasri haqida o‘ylar ekanman, xayolimda Maksim Gorkiyning mashhur hikoyasidagi qorong‘i o‘rmonda yo‘l qidirib yurgan va Dankodek qahramon yuragini mash’al qilib, yorug‘likka olib chiqishini kutayotgan olomon jonlanadi. Bunday hol, ya’ni go‘zal nasr durdonalarini yaratish yo‘lida hududsiz izlanishlar ummonida talpinishdek mushkul jarayon o‘tgan asrning 20-yillarida ham kuzatilgan edi. Uni o‘sha vaqtlarda shoir Cho‘lpon yo‘lsizlikdan qiynalish deb atagan edi. O‘shanda muammo osongina, ya’ni rasmiy buyruqbozlik asosida hal qilinib, deyarli barcha yozuvchilar hukm-ron mafkura va yagona ijodiy metod yo‘liga chiqarib qo‘yilgan edi. Endi esa, aniqrog‘i, so‘nggi o‘n besh yil mobaynida ijod erkinligi ancha kengayishi oqibatida nasrimiz rivojida bir necha yo‘nalish yoki tamoyil bir-biridan sezilarli darajada farqlanib, aniq-ravshan ko‘rinib qoldi. Jumladan, bir guruh yozuvchilar o‘zlari uchun najot keltiruvchi munavvar yo‘l sifatida XX asr boshlarida G‘arbiy Yevropa adabiyotida ayon ko‘ringan, «ong oqimi» ta’siri ostida shakllangan modernizm an’analarini tanladilar. Ularning izlanishlari natijasida G‘.Hotamovning «Yangi oy chiqqan kecha», To‘xtamurod Rustamning «Kapalaklar o‘yini», Ne’mat Arslonning «Mavhumot», Asad Dilmurodning «Fano dashtidagi qush» romanlari maydonga keldi. Bu romanlarda xuddi Joys yoki Prust singari mashhur modernizm namoyandalari asarlaridagi kabi voqea-hodisalar deyarli to‘lig‘icha qahramonlar ongidan, xotirasidan o‘tkazilgan tarzda aks ettirilishi natijasida hayotning yorqin manzaralari o‘rniga o‘ta mavhum, nihoyatda murakkab va kitobxonning anglab yetishi juda qiyin bo‘lgan ruhiy jarayonlar surati taqdim etildi. Demak, sof modernistik an’analar izidan borib qilingan tajribalar hozircha o‘zbek nasrida aytarli ijobiy samaralarga olib kelmadi. Ularga nisbatan butunicha mumtoz realizm tamoyillariga sodiq qolgan yozuvchilar jiddiyroq, salmoqdorroq muvaffaqiyatlarga erishdilar. O‘shanday muvaffaqiyatlar nasrimizning deyarli barcha janrlarida mavjud bo‘lib, ularning ancha ta’sirchan yozilgan namunalari sifatida Shukur Xolmirzayevning «Bulut to‘sgan oy», «Ozodlik», «Bandi burgut» kabi ko‘plab bir-biridan go‘zal hikoyalarini, Odil Yoqubovning «Qaydasan, Moriko?», «Osiy banda», Pirimqul Qodirovning «Ona lochin vidosi», Muhammad Alining «Ulug‘ saltanat» singari qissa va romanlarini eslash mumkin. Bular orasida hozirgi o‘zbek nasrining Dankosi — yozuvchi Odil Yoqubovning «Osiy banda» romani kitobxonni larzaga solishi, yuksak saviyada yozilganligi, ko‘zimizni yarqiratib ochishiga ko‘ra so‘nggi yillar adabiyotida eng jiddiy hodisa darajasiga ko‘tarildi. «Osiy banda» romani XX asrning 60-80-yillarida mamlakatimizga rahbarlik qilgan arboblarning qismati, fojiasi, xalq oldidagi jinoyatlari, vijdon azoblari va jon talvasasidagi talpinishlari haqidagi asardir. Qizig‘i shundaki, yozuvchi romanda o‘sha rahbarlarning birontasini ham nomma-nom tilga olmaydi, faqat har qaysisining ta’rifi uchun bittadan sifatlash qo‘llaydi. Shu sifatlashlarning o‘zi o‘sha davrlarda yashagan deyarli har bir odam uchun gap qaysi rahbar to‘g‘risida ketayotganligini yaqqol ayon qiladi-qo‘yadi. Jumladan, muallif «masxaraboz podsho» sifatlashini qo‘llashi bilan xayolimizda beixtiyor Xrushchyov qiyoqasi namoyon bo‘ladi. Xuddi shuningdek, asarda «duduq podsho» deyilganda, ko‘z oldimizda Brejnev, «ko‘zoynak podsho» birikmasi uchraganda Andropov surati o‘z-o‘zidan gavdalanadi. Ularning barchasini yozuvchi «katta otalar» deb ham ataydi va butun sho‘ro davlatiga rahbarlik qilganliklariga ishora qiladi. Shundan «kichik ota» deyilganda, o‘sha davrda O‘zbekistonga rahbarlik qilgan arbob ko‘zda tutilgani anglashiladi. Muallif bu «dohiy»larning deyarli shu paytgacha ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan ishlari, qiziq-qiziq xatti-harakatlari va eng muhimi, ruhiy talpinishlarini ochib berar ekan, barchasining ta’sirchanligini oshiruvchi vosita sifatida o‘sha vaqtdagi xo‘jalik rahbarlaridan biri Boboxon Sarkorning xotiralari, xayollari, o‘y-kechinmalari va tushlaridan foydalanadi. Mazkur vositalar esa, katta davrning mufassal manzarasini emas, balki eng muhim nuqtalarini, hodisalarini, kitobxon qalbini junbushga keltiruvchi lavhalarini ajratib ko‘rsatish imkonini tug‘dirgan. Ular orasida o‘sha davrning eng mudhish voqealaridan biri sifatida «kichik ota»ning Kremldagi katta yig‘ilishda so‘zlagan bir nutqi romanning kulminatsion nuqtasi darajasiga ko‘tarilgandek tuyuldi. «Kichik ota» o‘z nutqida mana bunday degan ekan: «Paxtaning narxi juda baland. Oqibatda paxtakorlarning hayot darajasi boshqa respublikalarga nisbatan bir necha barobar yuqori. Bu narxni qayta ko‘rib chiqish darkor».

Bunday deyish mudhish jinoyatdan boshqa narsa emas edi, chunki paxtaning narxi pasaytirilishi natijasida hech qachon kosasi oqarmagan, kolxoz tufayli xonavayron bo‘lgan o‘zbek dehqonining sho‘riga sho‘rva to‘kilar edi. Faqat yozuvchi bu hodisani qayd qilish bilan cheklanib, chinakam san’atkorona yo‘l tutadi, ya’ni uni hech yerda «jinoyat» deb atamasdan, mutlaqo qoralamasdan, asosiy e’tiborini qahramonning nutq so‘zlagandan keyingi ruhiy holati, vijdon azobi tasviriga qaratadi. Qahramonning o‘z qilmishi oqibatlari qanchalik dahshatli ekanligini anglaganligini va cheksiz vijdon azobiga g‘arq bo‘lganligini ochishda ham Sarkorning xotiralari, ayniqsa, qo‘l kelgan. Sarkor xotirasida «kichik ota»ning telefonda Moskvadagi rahbarlardan Kulakov bilan gaplashayotgani va bir iloj qilib, paxta narxini qaytadan kilogrammiga uch tiyin oshirishga ko‘ndirgani xuddi kinotasmasidagidek jonlanadi. Shunday jonli manzara «kichik ota»ning o‘z xatosini payqaganini, ruhan cheksiz ezilganligini va qanday qilib bo‘lsa-da, uni tuzatishga intilganligini ravshan tasavvur qilishimiz uchun yo‘l ochadi.

Roman shunday mazmundor va jonli manzaralarga nihoyatda boy bo‘lib, ularning barchasi jamlangan holda XX asr ikkinchi yarmidagi hayotimizning g‘oyatda murakkab, chigal, qorong‘i tomonlarini haqqoniy gavdalantirishga yo‘l ochgan. Agar romanning keyingi qismi ham xuddi shunday shafqatsiz realizm yo‘lida yozilsa, Odil Yoqubovning bu kitobi yaxlit holda hozirgi zamon jahon adabiyotining oliy andozalari saviyasiga yaqinlashsa ajab emas.

Eng quvonchli tomoni shundaki, adabiyotimizga yaqindagina kirib kelgan yosh yozuvchilar ijodida ham realizmning imkoniyatlari tuganmas va cheksiz ekanligi yaqqol isbotlanmoqda. Bunday umidbaxsh xulosa chiqarishga so‘nggi yillardagi o‘zbek nasrining chinakam kashfiyotlari sifatida namoyon bo‘lgan ikki yozuvchi – Luqmon Bo‘rixon va Zulfiya Qurolboy qizidek yosh iste’dodlar ijodi to‘la asos beradi. Chunonchi, Zulfiya Qurolboy qizining «Tafakkur», «Hilola», Luqmon Bo‘rixonning «Adashgan tunlar», «Chorbog‘ qo‘riqchisi», «Sirli muallim» singari hikoya va qissalari mumtoz realizmning hayot baxsh an’analari izidan borib ham, hozirgi zamon kitobxonining qalbini larzaga soladigan, ongini boyitadigan hamda yashashiga yordamlashadigan ta’sirchan asarlar yaratish mumkinligini yaqqol isbotladi. Bunday asarlar orasida, ayniqsa, Luqmon Bo‘rixonning «Jaziramadagi odamlar» va «Temir yo‘l» romanlari hozirgi nasrimizning jiddiy yutuqlari sifatida e’tirof etilganligi bejiz emas. «Jaziramadagi odamlar» romani ezgu insonparvarlik g‘oyalarini kishilar tabiatidagi favqulodda o‘zgarishlar va voqealar rivojidagi kutilmagan, keskin burilishlar vositasida ifodalaganligi bilan kitobxonda katta qiziqish uyg‘otadi. Asarning qiziqarli chiqishiga muallif voqealarni hayotdagidan boshqacharoq tartibda joylashtirish, kishilarning tabiiy mayllariga ehtiyotkorlik bilan yondoshish va deyarli har bir bobda diqqatimizni turmushdagi son-sanoqsiz muammolarga qaratish orqali erishgan. Romanga so‘ngso‘z yozgan tanqidchi Q.Yo‘ldoshev asar yuzasidan odamni hayratga soladigan quyidagi ikki xulosani o‘rtaga tashlaydi: «Bugun badiiy asar qiziqarli voqealar tasviridagi emas, balki inson ko‘nglining mikrotahlilidan iboratdir…»

Qator hikoya va qissalari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning «Jaziramadagi odamlar» romani ana shu yo‘nalishda bitilgan asardir… Yozuvchining ilk romanida ijtimoiy muammolar emas, alohida odamlarning kechinmayu sezimlarini tasvirlash yetakchilik qiladi».

Ko‘ramizki, bu so‘zlarda romandagi o‘zaro mutlaqo ajratib bo‘lmaydigan unsurlar bir-biriga qarama-qarshi, zid qo‘yilgan. Aslida deyarli har doim voqealar davomida insonning ruhiy holati ochib beriladi. Odamning ma’naviyatidagi o‘ylaru his-tuyg‘ulari, xotiralari oqimida esa turmush hodisalari ham, cheksiz muammolari ham, goh to‘liq, goh uzuq-yuluq, ba’zan shunchaki ko‘rinar-ko‘rinmas chizgi yoki izlar shaklida qalqib yuzaga chiqadi. Tanqidchi romanda «ijtimoiy muammolar» yetakchilik qilmasligi haqida xulosa chiqarishiga shu narsa sabab bo‘lganki, yozuvchi hech yerda asarida qandaydir muammoni ko‘targanligi yoki qalamga olingan qishloqda muayyan hal qilingan masala mavjudligi to‘g‘risida ko‘kragiga urib gapirmaydi.

Haqiqiy yozuvchi unday qilmasligi tabiiy, chunki u ko‘zda tutgan dolzarb muammolar romanning har bir hujayrasidan, butun to‘qimasidan kelib chiqishini yaxshi biladi. Chunonchi, romanda boshqa personaj-lardan ajralibroq turuvchi va go‘yo markaziy qahramonlardek tuyuluvchi O‘roq hamda Lolaxonning hayotiga, taqdiriga, fojiasiga bog‘liq voqealar jarayonida XX asr oxirlaridagi hayotimizning deyarli hammani o‘ylantirgan, larzaga solgan ko‘plab muammolari nazarda tutilgani aniq-ravshan seziladi. O‘roq ham, Lolaxon ham mohiyat e’tibori bilan afg‘on urushining qurbonlari hisoblanadi. Faqat yozuvchi hech joyda «afg‘on urushi» degan birikmani tilga olmaydi. U faqat O‘roqning qaysidir jangda halok bo‘lganini, jasadi temir tobutda keltirilib, qopqog‘i ochilmasdan ko‘mib yuborilganini ma’lum qiladi. Axir xuddi shular afg‘on urushi oqibatida tug‘ilgan va kishilarga cheksiz ruhiy azob-uqubatlar keltirgan ijtimoiy muammolar emasmi? Lolaxonning kutilmagan o‘limi vositasida esa muallif uzoq vaqtlar mobaynida inson «ijtimoiy munosabatlarining mujmui» sifatida tushunilib, tabiiy ehtiyojlari, mayllari inobatga olinmasligidek nihoyatda muhim muammoning barchani o‘yga toldiruvchi yechimini taklif qilgandek bo‘ladi. Xuddi shu yechimda ba’zi tanqidchilar Luqmon Bo‘rixon mazkur masalaga ishora qilayotganini angalatish uchun Chinorning yoshlarimiz yomon bilim olayotganligi haqidagi o‘ylarini keltiradi. Chinakam obrazli tasvir yoki badiiy mahorat deb shuni aytsalar kerak-da.

Romanda qayta-qayta qalamga olingan ziyofatlar davomida esa, yozuvchi uzoq yillar mobaynida jamiyatimizda tildan tushmagan, lekin hal qilishning yo‘li topilmagan masalaga, ya’ni qishloq bilan shahar o‘rtasidagi tafovut, odamlarning cho‘ldan qochib, Toshkentga talpinishi muammosiga ishora qiladi. Har gal mast bo‘lganlarida Safarmurod Chavandoz bilan Ulash agronom qattiq to‘polon qilib, shaharda yashash yaxshiligini gapirib, qishloqdan ketishga otlanib qoladilar. Bunday o‘rinlarda ham muallif «muammo» so‘zini tilga olmagani holda, sho‘ro zamonida kolxozu sovxozlardagi odamlar quldan battar qashshoq va jirkanch hayot kechirganligi manzaralarini jonli hamda ta’sirchan gavdalantirishga muvaffaq bo‘lgan.

Shu tariqa romanda deyarli har bir personaj hayoti, taqdiri, quvonchi yoki fojiasi vositasida ko‘plab muammolarga e’tibor qaratilgan. Asardagi personajlar soni esa ellikka yaqindir. Albatta, ular vositasida romannavis birin-ketin hayotdagi muammolarni illyustratsiya qilishga berilib ketmaydi. Ular yakkam-dukkam tasvirlangandek ko‘rinsa-da, o‘zaro jamlangan holda cho‘lga ko‘chirilgan va saraton jaziramasida quldek mehnat qilishga mahkum kishilarning, aniqrog‘i, muayyan qishloqdagi xalqning tashvishga to‘liq hayoti panoramasiga aylanadi. Bu keng ko‘lamli manzarada yozuvchi o‘sha xalqning turmush tarzini, ma’naviy dunyosining miqyoslarini, ongi rivojining o‘ta yuksak cho‘qqilariyu haddan tashqari tuban nuqtalarigacha namoyish qilishning uddasidan chiqqan.

Hozirgi o‘zbek nasridagi rang-baranglikning ortishini ta’minlagan yana bir guruh qiziqarli asarlar paydo bo‘ldiki, ularda mualliflar turli ijodiy metodlarning unsurlarini o‘zaro chatishtirish orqali muayyan yutuqlarga erishdilar. O‘shanday yutuqlarning ko‘pchilikka manzur bo‘lgan namunalari sifatida Xurshid Do‘stmuhammadning «Orom kursi», «Jajman», «Bozor», Nazar Eshonqulovning «Istilo», «Qora kitob» singari asarlarini eslash mumkin. Ularda go‘yo realistik izchillik va hamma tafsilotlarning dalillab borilishi asosiga qurilgan syujetga xuddi modernistik adabiyotdagidek kutilmagan ramz-larning singdirib yuborilgani kuzatiladi. Mazkur asarlarda hayajonli realistik tasvirga favqulodda ramziy ifodalar nihoyatda teran ma’no baxsh etganligi sezilib turadi. Masalan, «Jajman» hikoyasi va «Bozor» romanidagi nojins maxluqdek ramziy timsol orqali Xurshid Do‘stmuhammad sotuvchi hamda xaridorlarning bor-yo‘g‘ini g‘orat qiluvchi poraxo‘rlarni mohirona fosh etish bilan bir qatorda bu tafsilotni O‘rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishiyu boyliklari talab ketilishidek mudhish tarixiy hodisaga ishora darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan. Nojins maxluq timsoli beixtiyor xayolimizda postmoder-nizmning eng yirik vakillaridan bo‘lmish yozuvchi A.Kamyuning «Vabo» romanidagi kalamushlardek ajoyib ramziy topilmani jonlantiradi. Shaharga yopirilib kirib, son-sanoqsiz kishilarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan kalamushlardek ramziy timsol orqali Kamyu insoniyatni fashizm ofatidan ogoh etishga intilgan edi. Demak, Kamyu ijodidagi kabi purma’no ramzlar kashf etilayotgani o‘zbek yozuvchilarining nasrimiz gumanistik mohiyatini chuqurlashtirishga muvofiq keladigan badiiy vositalar topish yo‘lida tinimsiz izlanayotganlik-laridan dalolat beradi.

Nihoyat, so‘nggi yillardagi o‘zbek nasrining shu guruhga mansub jiddiy yutuqlari orasida yana bir qator asarlar maydonga keldiki, ularda modernistik adabiyotdagi voqealarni inson xotirasiga ko‘chirib aks ettirish usuli mufassal realistik tasvir bilan omuxtalashtirib yuborilgani va shuning oqibatida ta’sirchanlikka ershilgani yaqqol sezilib turadi. Ularning eng yaxshi namunalari sifatidap N. Norqobilovning «Qoyalar ham yig‘laydi» qissasini va A.Nurmurodovning «Qon hidi» romanini xotirlash o‘rinli bo‘ladi. Bu asarlarda voqealar xuddi modernizm namunalaridagi kabi qahramonlar xotirasida qanday saqlangan bo‘lsa, shunday holda, ya’ni hayotda ro‘y berishi mumkin bo‘lganidan boshqacha tartibda tasvirlanadi. Shunga qaramay, mualliflarning mahorati tufayli, ya’ni qo‘llagan o‘rinli imo-ishoralari va boshqa badiiy vositalari yordamida kitobxon voqealarni deyarli turmushdagidek ketma-ketlikda, realistik izchillikda joylashtirib chiqish hamda tasavvur qilish imkoniga ega bo‘ladi. Realizm va modernizm unsurlarining shu taxlitda ustalik bilan payvandlanishi mualliflarga kitobxonlarning deyarli bir umr yodida saqlanib qoladigan hayotiy saboq chiqarish imkonini tug‘diradi. Xususan, «Qoyalar ham yig‘laydi» qissasida bunday sintez axloqiy nopoklik insonni halokatga olib borishi haqidagi g‘oyaning ta’sirchan ifodalanishiga yo‘l ochgan bo‘lsa, «Qon hidi» romanida urushlarning, janglardagi qahramon-likning mohiyatini yangicha talqin etishga, ya’ni muhorabalarda hech kim yutuqqa erishmasligi, barcha falokatga uchrashi to‘g‘risidagi haqiqat yorqin yuzaga chiqarilishiga xizmat qilgan.

Demak, X.Do‘stmuhammad, N.Eshon-qulov, N.Norqobil va A.Nurmurodov kabi yozuvchilarning ijodiy yutuq-laridan ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek nasrining bundan keyingi gurkirab rivojlanishi ko‘p jihatdan mumtoz realizmning buyuk badiiy kashfiyot-lar tug‘dirgan go‘zal an’analarini modernizmning eng yaxshi fazilatlari hisobiga boyitib borish asosida davom etadigan ko‘rinadi. Shunday sintezdan tug‘iladigan samarador ijodiy metodning nomi neorelizm bo‘lsa ajab emas. Zero, hozir Rossiyada ham, butun jahon miqyosida ham badiiy adabiyotda xuddi shunday nomlanishga loyiq ijodiy metod yuzaga kelayotgan-ligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Hozirgi o‘zbek nasrida ham xuddi shunga o‘xshash metod qaror topayotganligi uning sekin-astalik bilan bo‘lsa-da, badiiy ijod sohasidagi jahon andozalariga yaqinlashayotganligidan guvohlik beradi.

Sanjar Sodiq, professor

 

UMIDVORLIK

Bugun adabiyotga har qachongidan ham ehtiyoj katta. Badiiy so‘zga — xaloskor so‘zga, yupatuvchi, ruhlantiruvchi so‘zga tashnalik, ilhaqlik har lahzada, har qadamda sezilib turibdi. Xuddi shu chanqoqlikni qondira oladigan, fikrga chorlab, surur baxsh etadigan asarlar kerak. Bu o‘ta dolzarb, o‘ta mas’uliyatli zarurat. Zaruratki, uning zalvori eng avvalo nasr janrining yelkasiga tushadi. Chunki har qanday millat, har qanday el-elat adabiyotining ko‘lamini, qiyofasini ko‘pincha nasriy asarlar belgilaydi. Gap shu haqda borarkan, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, bugungi o‘zbek nasrining hol-ahvoli qanday?

Ma’lumki, mustaqillik sharofatidan yurtimizda yangi davr, yangi turmush boshlandi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotda tub islohotlar olib borilmoqda. Albatta, islohotlar, o‘zgarishlar oson kechayotgani yo‘q. Chunki, bu — kurash! Yangilik va eskilik, ma’rifat va jaholat, erk va tutqunlik o‘rtasidagi beayov olishuv. Xuddi shu jarayon adabiyotimizda, jumladan, milliy nasrimiz jabhalarida ham kechmoqda. Ko‘pgina yosh yozuvchilarimiz adabiyotda shu paytgacha shakllangan tushunchalarni, eski qoliplarni buzishga, adabiy muhitga sog‘lom ruh, toza ob-havo olib kirishga harakat qilishyapti. Xususan, Ulug‘bek Hamdam, Zulfiya Qurolboy qizi, Ismoil Shomurodov, Nabi Jaloliddin, Normurod Norqobilov kabi navqiron nosirlarimiz asarlarida shu hol kuzatiladi. Lekin afsus bilan ta’kidlab o‘tish kerakki, bugun milliy nasrimizda ijodiy jarayon andak sust kechmoqda. Menimcha, bunga birinchi sabab — nashr masalasidagi chigalliklar. Yozuvchilarimiz nafaqat ijod qilishlari, balki kitoblarini chiharishlari uchun zir yugurib homiy topishlari ham zarur bo‘lmoqda. To‘g‘ri, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlayotgan nashriyotlarimiz hol-ahvolini tushunishimiz mumkin. Lekin yozuvchi qo‘lidagi asarga emas, uning cho‘ntagiga ko‘z tikib turish bizdek madaniyatni yuksak qadrlaydigan xalqqa yarashmaydi.

Shu o‘rinda boz qayd etib o‘tish mumkinki, asosan adabiy-badiiy bitiklar chop etishga mo‘ljallangan «Sharq yulduzi», «Yoshlik» kabi jurnallar ham iqtisodiy muammolar sabab bir yilda arang to‘rt-besh marta «ozib-to‘zib» chiqayapti, xolos. Albatta, bunday qiyinchiliklar o‘tkinchi. Lekin vaqtinchalik bo‘lsa-da, adabiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Milliy nasrimizdagi ijodiy sustkashlikning tag‘in bir sababi, yozil-gan asarlarning yetarli ravishda targ‘ib-tadqiq qilinmayotganida, deb o‘ylayman. Albatta, bu masalaning uvol-savobi adabiyotshunos ulamolarimiz bo‘ynida. Masalan, iqtidorli yozuvchi Normurod Norqobilov so‘nggi uch yil ichida to‘rt-besh qissa e’lon qildi: «Ovul oralagan bo‘ri», «Uvlayotgan it», «Belbog‘» va hokazo. Hatto, «Sharq» nash-riyoti tomonidan to‘plami ham nashr etildi. Biroq, hali-hanuz munaqqidlarimiz Normurod Norqobilov ijodi haqida yolchitib biror narsa deyishmadi. Umumiy, mavhum ro‘yxatlarda qayd etib turishadi, xolos. Vaholanki, matbuotda ko‘ringan har bir asarni tahlil-tadqiq qilish, yutuq yo kamchiliklarini ro‘y-rost aytish yangilanayotgan adabiyotimiz uchun g‘oyat zarur.

Modomiki, so‘z adabiyotimizning, jumladan, nasrimizning ravnaqi, rivoji haqida borarkan, hech bir adabiyot o‘z holicha, ayro unib-o‘smasligini esda tutishimiz lozim. Zero, bugun biz har sohada, har jabhada dunyo bilan bo‘ylashishga, boshqa ilg‘or mamlakatlardan tajriba orttirishga harakat qilyapmiz. Demakki, adabiyot sohasida ham jahon adabiy jamoatchiligida yuksak baholangan adiblar ijodidan o‘qib-o‘rganish gunoh sanalmaydi. Bu haqiqatni tuzuk anglaymiz shekilli, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hartugul maqtovga arzigulik. Hassos tarjimon — adiblarimiz tomonidan ko‘pgina badiiy so‘z darg‘alarining asarlari o‘zbekchaga ag‘darib tarjima qilindi. Chunonchi, G.Markesning «Buzurukning kuzi» romani ustoz Ibrohim G‘afurov tomonidan mahorat bilan tarjima qilindi, birvarakayiga uch ijodkorimiz — marhum ustoz Ozod Sharafiddinov, munaqqid Ahmad Otaboyev, shoir Aziz Said, har biri mustaqil ravishda P.Kaeloning «Alkimyogar» romanini o‘zbek o‘quvchisiga yetkazib berishdi. Bundan tashqari, «Jahon adabiyoti» jurnalining deyarli har bir sonida dunyoning dongdor asarlaridan bahramand bo‘lyapmiz. Bunday sa’y-harakatlarning hammasi quvonarli, albatta. Lekin mashhur adiblarning mashhur asarlarini tarjima qilish bilangina murod hosil bo‘lmaydi. Nazarimda, ularni chuqur tahlil qilib, o‘quvchiga tushuntirib berish ham o‘ta zarurdir. Bu mashhur asar qay jihatlari bilan ahamiyatli. Yozuvchining san’atkorligi nimada, u qaysi adabiy ohimning qay bir qarashlarini qay tarzda ifodalagan? Xullas, shunga o‘xshash savollarga batafsil javob bitilgan ilmiy-adabiy maqolalarga ehtiyoj katta. Ishonchim komilki, mashhur va murakkab asarlarni tahlil-tadqiq qila oladigan, dunyo adabiyotining siru sinoatidan yaxshi xabardor, bilimdon olimu adiblarimiz yetarlicha topiladi. Faqatgina andak xohish, andak g‘ayrat bo‘lsa, olam guliston. Biz istayotgan o‘sha tahliliy maqolalar yosh ijodkorlarimizga, xususan, navqiron nosirlarimizga o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi. Ularning ijodiy izlanishlariga, yangicha bir ruh, yangicha bir nafas bilan qalam tebratishlariga turtki qo‘ladi.

Holbuki, qalamkashlarimiz bugun «anavi an’anaviy», «manavi modern» degan dahanaki tortishuvlar, havoyi xayollar bilan ovora. Ularning «modernizm» haqidagi tushunchalari u-bu davralarda uzuq-yuluq qulog‘iga chalingan gaplardangina iborat, xolos. Demak, qalamkashlarimizga anchadan beri jozibali-jozibali ko‘rinib yurgan dunyo adabiyotining eng ilg‘or an’analarini ilm tili bilan, tahlil tili bilan tushuntirib borish, ularni behuda tortishuvlardan ozod etish payti yetdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan ijodkorlar oldiga zamon qahramonlari obrazini yaratish vazifasi qo‘yilgan. O‘ta dolzarb, o‘ta haqqoniy talab! Chunki davr, hayot o‘zgarmoqda. So‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida millat turmush tarzida, ongida va qalbida evrilishlar yuz berdi. Xuddi shu evrilishlar markazidagi bugungi o‘zbekning quvonchu tashvishlarini, ichki olamini, ruhiy to‘lg‘oqlarini badiiy asarlargda aks ettirish zarurati pishib yetildi. Qolaversa, bugun dunyo bo‘ylab mafkuraviy, g‘oyaviy kurash qizg‘in pallaga kirdi. Sharqu g‘arb madaniyati, axloqi, tafakkuri bashariyat ongini, qalbini egallash uchun o‘zaro talashib-tortishmoqda. Uning sharpalari yurtimiz uzra ham kezib yuribdi. Bu taloto‘plar silsilasida millat taqdiri qanday bo‘ladi? Mustaqilligimizni mustahkamlab, yurtboshimiz boshlagan sharafli yo‘ldan davom etadimi? Milliy qadriyat, milliy madaniyat omon saqlab qolinadimi? Kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladimi? Bu xil og‘riqli savollarga yozuvchilarimiz zamona qahramonlari obrazinigina yaratib javob berishlari mumkin. Buning uchun badiiy barkamol, samimiyat va xolislikka yo‘g‘rilgan asarlar yozish kerak bo‘ladi, albatta.

Men yuqorida bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq muammolarni tilga olib o‘tdim. Lekin bu o‘tkinchi qiyinchiliklar, noqulayliklar, ishonch bilan aytamanki, chinakam iste’dod egalariga hech bir monelik qilmaydi. Chunki ular qalbida iste’dod iztiroblari hamisha sil-qib turadi. Yozuvchini Insonga, voqelikka dard bilan, xayrixohlik bilan teran nazar solishga undaydi. Qo‘liga qog‘oz-qalam tutqazadi. Xuddi shunday bezovta Yurak, yoniq So‘z yozuvchilarimiz bor ekan, adabiyotimizning ertasiga umid va ishonch bilan qaraymiz.

Luqmon Bo‘rixon, yozuvchi

 

ADABIY JARAYoN HAQIDA

Hayot bugun yozuvchini qay ko‘ylarga solmoqda? Uni o‘zining qaysi shafqatsiz oqimlari bo‘ylab oqizib ketmoqda?

Shularni o‘ylashimiz kerak.

Avvalo, hayot jarayonlarini butkul idrok etmasdan adabiy jarayon haqida gapirish mumkin emas.

Dunyoga nazar tashlaylik: XX asr ko‘pdan-ko‘p fojialarni o‘z boshidan kechirdi va shubhasiz, ular orasida eng dahshatlisi Ikkinchi jahon urushi bo‘ldi. Millionlab begunoh insonlarning yostig‘ini quritish bilan birga avj olgan mafkuralar kurashi nainki xalqlarni, og‘a-inilarni ham bir-biridan ajratib tashladi. Berlin devorlarining qulashi, chang-to‘zonlar ichra bir-biriga talpingan og‘a-inilar, qavmu qarindoshlarning tinimsiz oqqan ko‘z yoshlari xalqlar o‘rtasidagi moddiy va ma’naviy, mafkuraviy simto‘siqlarni yulib uloqtirishga qat’iy da’vat bo‘lgan edi. Shunday bo‘ldi ham. Va bu hol barcha ma’naviy qadriyatlar orasida, ayniqsa, adabiyotning tubdan yangilanishiga turtki bo‘lganini e’tirof etmay iloj yo‘q. Dunyo xalqlarining o‘zaro bir-birini yaqindan anglab yetishi, tushunishi, hurmat qilishi adabiy sarchashmalarning ko‘milib yotgan ko‘zlarini beozorgina ochib qo‘yishning eng qulay yo‘lidir, bosh-qacha aytganda, adabiy mahdudlik millat, xalq mahdudligining oddiygina ko‘rinishi hisoblanadi.

Xo‘sh, dunyo eshiklarini ochdi, dunyoga qadam qo‘ydik, barcha jabhalarda shiddatli o‘zgarishlar, bular orasida yozuvchi o‘z o‘rnini qanday topadi?

Demak, adabiy jarayonni ma’lum ma’noda jamiyatning yozuvchiga bo‘lgan munosabati belgilab turishi chin haqiqat ekan. So‘z – ilohiy, uni o‘rnini topib ishlatgan avliyo; boshqalardan farqli o‘laroq, milliy mentalitetdan kelib chiqqan holda ham uning supachasini o‘zidan bo‘lak hech kim egallab o‘tirolmaydi.

Yozuvchiga munosabat kitobga bo‘lgan munosabatni belgilaydi.

Kitobga munosabat ma’naviy darajaning o‘sishiga, aqliy komillikka bo‘lgan munosabatni belgilaydi.

Bular birgalikda kitobxonlikni shakllantiradi.

Ma’naviyati yuksak, fikrlovchi Shaxslar ham, albatta, ana shunday kitobxonlik bag‘ridan o‘sib chiqadiki, bunday Shaxslarga muhtojlik, afsuski, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, bilinib qolishi sir emas.

Yozuvchiga nisbatan munosabatning yaxshilanishi, uning qadrini oshirish professional adiblarning o‘z o‘rnini topishiga imkon tug‘diradi va kechagina qo‘liga qalam ushlab oldi-qochdi «roman» bitayotgan havaskor qalamkash bilan millat faxri bo‘lgan ulug‘ adibni bir darajada va maqomga tushirib qo‘ymaydi. Ulug‘ ideallar, katta g‘oyalar aynan shu munosabat hosilasi o‘laroq vujudga kelib, endi yozuvchi yelkasidagi olaxurjun yerga tushiriladi va Ilhom parisining qanotlari bu yelkalardan o‘sib chiqib, uni yuksaklarga parvoz ettiradi.

Ilhom parisi mayda hislarni yoqtirmaydi, insoniyatning orzu, a’mollari, kelajagi, baxti – xullas ulug‘ ideallar uning qanotlarini uzaytiradi.

Alisher Navoiy buni shunday ifodalagan:

Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.

Yoki:

Qayu elgaki bir farmon yibordim,
Aning zabtiga bir devon yibordim.

Alisher Navoiy bobomizdagi dunyo xalqlarining bir-birini tushunishga, birlashishga qilgan da’vatlari u zotni insoniyat dahosi deb atashga izn beradi.

Hayot voqeligi, ijodkor mahorati, janrlar o‘zgarishi va yuksalishi kabi qator omillar adabiy jarayonni belgilar ekan, bular orasida adabiy aloqalarning ham o‘rni muhim. Jahonda adabiy o‘zaklari bir bo‘lgan qo‘ni-qo‘shni respublikalarda adabiy jarayonlar qanday kechyapti, ularning yutuqlari, yaxshi asarlari, izlanish muammolari haqida bilib, qiyoslab borilsa, jarayonning faollashuviga xizmat qiladi.

Yozuvchi Shaxsi asarning saviyasi va umrboqiyligini ta’minlaydi. Shunday bo‘lsa-da, barchaga birdek yoqadigan, barchani birdek qoyil qoldiradigan asarning paydo bo‘lishi qiyin va chamasi, buning keragi ham yo‘q. Hozir adabiyot turli-tuman ommaviy-tasviriy vositalar orasida o‘zining aniq o‘rnini belgilab ololmayotganga o‘xshaydi: xolbuki, uning o‘rni barchasidan yuksakda, xalqning ong-saviyasini belgilab turadigan darajada bo‘lishi kerak. «Adabiyot yashasa, millat yashaydi», degandi Cho‘lpon. Kimdir birov «Oynai jahon yashasa, millat yashar» desa bu gapning soxtaligi darhol bilinib qoladi. Adabiyot asrlar mobaynida ajdodlarimiz ruhini so‘z orqali saqlab kelayotgani bois ham o‘zining ayricha o‘rnini da’vo qilishga mutlaqo haqli hisoblanadi.

Shoyim Bo‘tayev, yozuvchi

 

MA’NAVIYaT XAZINASINI BOYITAYLIK…

Bugun o‘rtaga tashlanayotgan mavzu juda muhim va bu haqda azaldan o‘ylab kelaman. Shuning uchun fikrlarimni dangal aytishga harakat qilaman. Avvalo, shuni alohida ta’kidlab aytmoqchimanki, men ham ko‘plar qatori o‘z Vatanimni, Prezidentimni yaxshi ko‘raman va ularga bo‘lgan hurmatim beqiyos. Adabiyotimizning bugungi darajaga yetishida xizmat qilgan ustozlarimizning barchalariga bosh egib, ta’zim bajo etaman. Qolaversa, bir narsa haqida keskin fikr aytish, undan qoniqmaslik, o‘sha narsaning avvalgilarini inkor etish degani emas (nazarimda, biz o‘zbeklar mana shu xislat madaniyatini ham o‘rganishimiz kerak). Men asosan hozirgi kun, yanada to‘g‘rirog‘i, navqiron avlod nasrini nazarda tutib fikr bildirmoqchiman.

Xo‘p, avvalo, nasr haqida: she’riyat, fikrimcha, xuddi birinchi muhabbatga o‘xshaydi — to‘fonu to‘zonlar bilan bir keladi-yu, hammayoqni ostin-ustun qilib tashlaydi. U bir necha lahzalik ruhiy to‘lg‘onish, keyin u qachon yodingga tushsa, o‘rtanib-o‘rtanib yuraverasan. Nasr esa misoli umr yo‘ldoshingdir — unga uzoq yillar alohida e’tibor zarur. Aks holda, oila barbod bo‘lishi mumkin. Bizda ana shu uzoq yillik zahmatga chidolmay, ko‘r-ko‘rona munosabat bilan «oilasini» — nasrni barbod qilayotgan yozuvchilar ham bor. Aslida esa o‘zbekda nosirlar unchalik ko‘p emas. Chunki bizning xalq tabiatan shoir, nosir emas. Ko‘plarimizning bir narsa ustida uzoq yillar ter to‘kishga bardoshimiz yetmaydi. Qolaversa, yozuvchilik — bu ashulachilik va hatto shoirlik ham emaski, tezda shon-shuhratga erishilsa.

Ha, mustaqillik biz ijodkorlarga ko‘p narsa berdi. Xohlagan mavzuda xohlagancha yozishimiz mumkin. Ammo bizlar mana shu erkinlikdan deymizmi yoki malakasizligimiz tufaylimi, hamon o‘zimizga kelolmay, esankirab yuribmiz. Bizlarda professionalizm, ya’ni hunardagi ustalik yetishmaydi. Avvalo so‘z dengizida chinakam g‘avvos kabi suzolmaymiz, asarlarimizda ishlatayotgan so‘zlarimizning miqdori ham juda oz. Tanlagan mavzuimizga xos ohang-jamali, milliy ruhiyatimizga mos so‘zlarni, iboralarni topishga urinmaymiz. Til ustida ishlab, so‘zlarga yurak qonimizdan jon bermaymiz. Busiz, bir-birimizni har qancha maqtamaylik, umummuddaoga yetolmaymiz.

Bir gap aytaman, aslo shakkoklikka yo‘ymagaysiz (aslida bag‘oyat xudojo‘y odamman), ya’ni fikrimni majoziy ma’noda tushunishingizni istayman: yozuvchi o‘zi yaratayotgan olamning xudosi bo‘lishi lozim. U hamma narsani o‘ziga xos yaratsin. Deylik yerni, dov-daraxtlarni, suvlaru jonzotlarni va nihoyat odamlarni. Keyin ularning baridan ogoh tursin va barchalariga odilu xolis munosabatda bo‘lsin. Mehr-saxovat, himmat ko‘rsatishda, bag‘rikenglikda benazir bo‘lsin. O‘z olamida bag‘ri daryo bo‘lib oqsin. Yozayotganda hech kim va hech narsa bilan hisoblashmasin, ya’ni o‘ziga turli sun’iy chegaralar, qolipu me’yorlar yaratib olmasin. Buning uchun yozuvchida jur’at bo‘lmog‘i lozim. Toki yozuvchi, men asar yozayapman, voqeani hikoya qilib berayapman, deb emas odamlarga, millatimga jon, qon bermoqdaman, deya tasavvur qilsin. Darvoqe, biz o‘zbek yozuvchilarida ana o‘sha jur’at ham yetishmaydi. Jur’atda gap ko‘p. Bu esa kenglik, qamrov degan tushunchalarga olib keladi. Yozuvchi bag‘oyat keng bo‘lmog‘i joiz va shuningdek, bu tamoyil uning ko‘ngliga ham dahldordir. Zero, u xayolning buyuk quvvatiga ham ishonsin. Toki asar va undagi mavzu ichra baralla quloch yoza olsin. Bularsiz yozuvchi havaskor bir muxlisga aylanadi-yu, buni o‘zi tan olmay yuraveradi.

U yog‘ini so‘rasangiz, bizda ko‘r-ko‘rona taqlid ham kuchli. Yosh qalamkashlar (yozuvchi va adabiyotshunos-lar)ning aksariyati g‘arbona falsafa va usullarni (qo‘pol qilib aytganda) ro‘kach qilib paydo bo‘ladilar. Go‘yo G‘arbning zo‘r yozuvchilari nomlarini, dunyoqarashi va falsafasini bilsalar, boshqalardan boshqacharoq, balki aqlliroq bo‘lib qoladigandek tutadilar o‘zlarini. (Hatto ba’zi adabiyotga dahldorlikni da’vo qilgan yoshlarning «O‘tkan kunlar», «Kecha va kunduz», «Navoiy»larni o‘qimaganliklarini kuzatganman). Menimcha, masalaga bunday yondashmaslik zarur. Ha, bugungi kunda G‘arb madaniyatini, ayniqsa, adabiyotini bilmay turib, taraqqiy topmoq mushkul. Biroq ularni, deylik, adabiy yutuqlarini ana shundayligicha o‘z hayotimizga tatbiq qilmog‘imiz ham xato. Unda bora-bora o‘zligimizni yo‘qotib qo‘yamiz. Shuning uchun ulardagi usullarni va erishgan muvaffaqiyatlarini sintez qilib o‘zlashtirishni o‘rganishimiz lozim. Ana shunda adabiyotimiz, ma’naviy xazinamiz boyib, dunyo badiiyati tamo-yillari darajasidagi asarlarni yozishga kirishsak ham ajabmas.

Yoshlarning va ba’zi katta yoshdagi adib hamda adabiyotshunoslarning yuqoridagidek munosabatlaridan kelib chiqadigan yana bir shaxsiy fikr: bizda (ya’ni adabiyotchilarda) o‘zimizni, o‘z adabiyotimizni mensimaslik hollari ham bor. Nega bo‘lmasa, ularning ba’zilari adabiyotga misol uchun, Qodiriyni «taftish» qilib kirib kelmaydilar. Nega G‘.G‘ulom nasrini, Oybekni, P.Qodirovni, Sh.Xolmirzayevni, E.A’zamni yoki boshqalarni o‘rganmaydilar, yangicha fikr va qarashlar bilan ularni ham tomonlama «fosh» etmaydilar. Zero, ularning faqatgina yutuqlarini aytishlari ham shart emas. Axir ana shunda adabiyotimiz rivoj topib, boyimaydimi?!

Yana tag‘in bizda yozuvchining faqatgina asariga emas, uning shaxsidan, mav-qeidan kelib chiqib baho berish an’anasi kuchli. Biz bundan mutlaqo voz kechmog‘imiz lozim. Bu bizni mutlaqo mayda odamlarga aylantirib tashlaydi. Adabiyotda adabiyotga pok, halol munosabat bo‘lmas ekan, uning rivojlanishi, dunyoga yuz tutishi mushkul.

Biz bugun ko‘pincha allaqaysi shoir yoki yozuvchining qaysidir biron davlat nashrida ikkita she’ri, balki bitta hikoyasi chiqqani bilan maqtanamiz. Shuyam ishmi?! Qani bizdagi g‘urur? Axir biz katta millatmiz-ku! Ha, darrov o‘zbekchadan boshqa tillarga o‘giruvchi tarjimonlar yo‘qligidan noliy boshlaymiz. Insof bilan bir o‘ylab ko‘raylikchi, axir biz «Jahon adabiyoti» jurnalida chop etilayotgan har xil katta-kichik xalqlarning turli saviyadagi asarlarini birovlarning buyurtmasi yoki istagi bilan tarjima qilmayapmiz-ku. O‘z xohishimiz bilan millatdoshlarimizga yetkazishga urinyapmiz. Nega boshqalar bizning asarlarimizni tarjima qilishmaydi? Nega tilimizni (shunday katta tilni) o‘rganishmaydi? Tan olaylik, bunda o‘zimizning ham aybimiz bor. Avtomobillarimizni, sportimizni, paxta va boshqa narsalarimizni dunyoga tanitamiz-u, nega endi adabiyotimizni ko‘rsatolmaymiz? Chunki buning uchun ham tinimisiz ishlash, butun bir tizim yaratish kerak-da.

Avvalo dunyoga boshqalar uchun ham foydali va qiziqarli bo‘lishi mumkin adabiyotimiz borligini ko‘rsataylik. Deylik, kino san’ati nisbatan osonroq dunyoga chiqadi. Demak, zo‘r stsenariylarga asoslangan kinolar ishlashimiz kerak. Uni ko‘rgan dunyo ahli shunday bir millat borligini biladi va hech shubhasiz, bugun madaniyatimizga, adabiyotimizga qiziqa boshlaydi.

Ikkinchidan, ovozi mutlaqo yo‘q, ammo chiroylikkina ashulachilarni kunda bir nechtalab «kashf» etayotgan qaysi millatparvar mulkdor, kompaniya, studiya yoki tashkilot biron-bir yozuvchini «reklama» qildi, kitoblarini chiqardi? Ana o‘shalar zo‘r asarlarimiz uchun chet ellardan xaridor topishlari, boringki, ularni tarjima qildirishlari mumkin-ku. Bu yo‘l bilan ham pul topishlari mumkin, axir.

Uchinchidan, davlatlararo adabiy aloqalarni kuchaytirish lozim. Buni davlat miqyosida va yozuvchilarning shaxsiy bordi-keldilari uchun imkon yaratish darajasida ham amalga oshirish mumkin. Biz bugun hatto yonimizdagi jondoshu qondosh xalqlardagi adabiy jarayonlardan bexabarmiz va ular ham bizning hayotimizdan xabarsiz. Balki boshqa davlatlarda o‘zbek adabiyoti kunlarini, O‘zbekistonda boshqa xalqlar adabiyoti kunlarini ko‘plab tashkil etish kerakdir. Ardoqli ustozimiz Abdulla Oripov boshchiligida qo‘shni davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan badiiy asarlarimizni tarjima qilib, nashr etish bo‘yicha shartnomalar tuzsak va ularga yaxshi asarlarimiz yuzasidan tavsiyalar bersak, yaxshi bo‘lardi. Yanaki, yozuvchilarimiz ham chet ellarga chiqa olsinlar (moddiy ta’minot yaxshilansa). Chunki yozuvchilar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalar, do‘stlik ham ko‘p yaxshi ishlarga sabab bo‘ladi. Bu isbotlangan haqiqat.

Qolaversa, noshirlik ishlarimiz ham o‘lda-jo‘lda, ularda yaxshi asarni tanlash mexanizmi yaratilmagan. Ularda butun dunyoda bo‘lgani kabi xaridorgir yaxshi asarlarning mualliflarini rag‘batlantirish an’analari ham shakllanmagan. Qalam haqlari haqidagi qonun ham qabul qilindi, ammo hali amalga kirmadi. Yozuvchining har tomonlama quloch yoyishi uchun bu ham juda muhim. Bundan tashqari, yaxshi kitoblarning o‘quvchiga yetkazish tizimi ham nosoz. Maktablarga-ku yangi kitoblar qariyb bormayapti. Buning oqibatida na faqat o‘quvchilar, hatto o‘qituvchilar ham bugungi kun o‘zbek adabiyoti haqida tuzukroq tasavvurga ega emaslar. Ochiq aytish kerakki, keyingi yillarda xalqimizning badiiy kitob o‘qish darajasi tushib ketdi. Bularning hamma-hammasi adabiyotimizning darajasiga salbiy ta’sir qilayotgani sir emas.

Albatta, eng asosiysi, avvalo yaxshi asarni yozish kerak. Buning uchun yozuvchi buyuk tafakkur sohibi, dunyoqarashi keng, sabrli, jur’atli va fidoyi bo‘lmog‘i lozim. Bular chiroyli gaplar emas, illo adib o‘z asariga butun vujudini va hatto sog‘ligini, jonu jahonini baxsh etmas ekan, aslo jahonshumul asarlar yarata olmaydi.

Xo‘sh, asli bizda dunyo tillariga tarjima qilib, ko‘z-ko‘zlashga arzirli zamonaviy asarlar bormi? Dunyo tillariga tarjima qilishga arzirli asarlar o‘zi qanaqa bo‘ladi? Uning o‘lchovlari bormi? Hamma maqtayotgan «Alkimyogar»daqa bo‘ladimi? Axir, bu asar 170 dan ortiq tilga o‘girilgan-ku. Darvoqe, «Alkimyogar»ni men ham «Jahon adabiyoti» tarjima variantida el qatori o‘qidim. Lekin juda unaqa taassurot olmadim. Ehtimol, mening aqlim yetmagandir. Tildagi, ifodadagi jozibani sezmadim. (Balki o‘z tilida bo‘lakchadir, axir bu tarjima «sho‘rvasining sho‘rvasi»-ku). Syujet oddiy, sarguzashtnamo. Asarning mazmuni va falsafasini turlicha ma’noga yo‘yib, talqin qilish mumkin. O‘zimizning «Zarbulmasal»day gap. Balki ana o‘sha tagdorlik ko‘plarni o‘ziga tortgandir. Ha, aytganday, balki asarning shov-shuvga sabab bo‘lishi boisi ushbudir: asarda sof sharqona falsafa va islomiy aqidalar olg‘a suriladi. Bu, axir, G‘arb xalqlari uchun ekzotika va hatto yangilik-ku. Shuning uchun… Biz Sharq kishilari uchun esa bu gaplar, fikrlar juda oddiyday tuyulmaydimi? Kimlardir zo‘r deya e’tirof qilgan narsani inkor etish bilan aqlli bo‘lib qolmayman, buni ham bilaman. Ammo mendan shaxsiy fikrim so‘raldi-ku, axir.

Shu ma’noda zamonaviy o‘zbek adabiyotida jahon tillariga o‘girish mumkin bo‘lgan asarlar bor, biroq oz. Menimcha, bu fikrni yozuvchilarimizning barchalari tan oladilar. Qolaversa, tarjima qilingan asar o‘sha xalq tomonidan e’tirof etilib, obro‘ topishi kerak-da. Tengdoshlarim orasida jiddiy tajribalar qilib, yaxshi natijalarga erishayotganlari ham bor. Ana o‘shalar adabiyotimizning jahonshumul ertasidir balki.

Yana qaytaraman, erishgan yutuqlarimizni, yozilgan va yozilayotgan yaxshi asarlarimizni, ustozlarimiz hamda do‘stlarimiz mehnatini inkor etishdan mutlaqo yiroqman. Faqat suyukli Vatanimni har tomonlama mukammal ko‘rmoqni istayman. Hozir biz ona tuprog‘imizni bag‘rimizga bosib, ko‘zlarimizda sevinch va umidvorlik yoshlari ila dunyoga ko‘z tikib turibmiz. Ya’ni tezroq o‘sha kunlar kelsa-yu, zamonaviy o‘zbek yozuvchilarining asarlari ham dunyo xalqlari tillarida baralla jaranglasa, chet ellarga chiqqanimizda yozuvchilarimiz, ularning asarlari haqida so‘rashsa, gapirishsa, qo‘yingki, jahon maydonida o‘zbek romanlari, qissa va hikoyalarining ham o‘z o‘rni paydo bo‘lsa. Muddao, asl maqsad ana shu.

Nabi Jaloliddin, yozuvchi

 

TAFAKKUR QANOTI

Asar qaysi tilda va kim tomonidan yozilishidan qat’i nazar, insonni kamol toptirish, uning ma’naviy hayotini boyitishga xizmat qiladi. Turkiy adabiyotlar ham bundan mustasno emas. Boy madaniy meros, tarix va an’analarga ega bo‘lgan turk adabiyotidan namunalar yoritib borishga jurnalimiz tahririyati alohida e’tibor bermoqda. O‘tgan yillar davomida «Jahon adabiyoti» sahifalarida Aziz Nesin hikoyalari, R.N. Guntekinning «Halala» komediyasi, Suot Darvishning «Fosforli Javriya», Yavuz Bahodiro‘g‘lining «Xorazm o‘t ichida», Tariq Bug‘raning «Usmon G‘ozixon», H.N. Otsizning «Ko‘kbo‘rilarning tirilishi» romanlari, bir qator adabiy-ma’rifiy, publitsistik maqolalar e’lon qilindi.

Boshqa xalqlar adabiyoti qatori turk adabiyotida ham turli oqimlar, yo‘nalishlar mavjud. Hozir modernizm, postmodernizm oqimlari turk adabiyotida yetakchi mavqega ega. Bu ulkan adabiyotda yangi-yangi nomlar paydo bo‘ldi. Postmodern oqimi vakillaridan biri O‘rxon Pamuq Turkiyadagina emas, Yevropada ham mashhur bo‘lib ketdi. U keyingi romanlari uchun 2006 yilda xalqaro Nobel mukofotini olishga muyassar bo‘ldi.

O‘rxon Pamuq dolzarb mavzularni qalamga olishi bilan ajralib turadi. Uning «Mening otim qirmizi» romani yigirma to‘rt tilga tarjima qilindi. «Oq qal’a», «Qor», «Qora kitob» romanlari ham bir necha tillarga tarjima qilinib, qator mukofotlar bilan taqdirlandi. Shu jihatdan O‘rxon Pamuqning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgani bejiz emas. Lekin bu romanlar sevib o‘qiladimi, hammaga ma’qul bo‘ladimi?— Gap mana shunda. Xususan, men muallifning ikki romanini o‘qib chiqdim. Tarjima qilish niyatim ham yo‘q emasdi. Lekin negadir bu romanlardan qoniqmadim. Tarjima qilishga ham qo‘lim bormadi. Yuragim «jiz» etmadi. Qalbim junbushga kelmadi. Negadir roman deganda ko‘z o‘ngimga Abdulla Qodiriy, Oybek, Jo‘rji Zaydon, Chingiz Aytmatov asarlari kelaveradi… Lekin menga yoqmadi degan gap boshqalarga ham yoqmaydi degani emas. Uning ham o‘ziga yarasha muxlislari bo‘lishi turgan gap…

Ha, darvoqe, Tashkentda tahsil olayotgan turkiyalik adabiyotchi ilm tolibidan iltimos qilib, O‘rxon Pamuqning «Qora kitobi» romanini keltirtirgan edim. «O‘zingizning fikringiz qanday?» deb so‘radim. Turkiyaning o‘zida yaxshi baho olmaganini aytdi. «Bu asarga asos qilinib Bolgariyada chiqqan qandaydir asarning g‘oyasi olingan», dedi. Ham romanning yozilish uslubi, ham tili, buning ustiga «haligi gap» hafsalamni pir qildi.

Shuni ham aytish joizki, hamma yozuvchini, uning asarini o‘z qarichim bilan o‘lchash fikridan yiroqman. Jurnalimizda bosilgan har qanday asardan o‘quvchi ma’naviy ozuq olsin, tafakkuri boyisin, jahon xalqlari madaniyatidan bahramand bo‘lsin — maqsadimiz shu. Adabiyot nafaqat do‘stlik elchisi, ma’naviyat sarchashmasi hamdir. Badiiy tafakkur hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. U hamisha o‘sib va yuksalib boraveradi. Adabiy jarayon tafakkur kabi tinimsiz yangilanishda, yuksalishda. Turli xalqlarning adabiyoti o‘sib, rivojlanib, bir-birini boyitib boradi. Jurnalimizda ana shu narsaning aks etishi — ma’naviyatimiz boyishining muhim omillaridan biridir.

Fayzi Shohismoil, tarjimon

 

DUNYo BILAN Bo‘YLAShIB

Biz ko‘nikib qolgan avvalgi o‘zbek nasrida, asosan umumlashgan (tipik) timsollarni tasvirlashga, bir qahramon siymosida butun bir ijtimoiy qatlamga xos jihatlarni ko‘rsatishga intilish yetakchi yo‘nalish hisoblanar edi. Endilikda voqelikning ijtimoiy ma’nosini izlashdan ko‘ra, tasvirlashga, estetik mohiyatini anglashga urinish kuchaydi. Tasvir ob’ektining o‘zgarganligi nasriy asarlarning janri tabiatiga ham ta’sir ko‘rsatib, uning o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ham bugungi o‘zbek prozasida hujjatlilik bilan fantastika uyg‘unlashuvi, axloqiy va ijtimoiy nasrning chatishuvi, rivoyat bilan falsafaning aralashuvi kabi holatlar kuchayib bormoqdaki, buni dunyo adabiyotida ro‘y berayotgan janr o‘zgarishlarining adabiyotimizdagi ko‘rinishlari deb izohlash to‘g‘ri bo‘ladi.

Bugungi nosirlar insonni “hazrati odam” sifatida faqat ulug‘lashdan ko‘ra, uning illat va ojizliklarini ham batafsil tasvirlashga e’tiborini qaratmoqdalar. Shuning uchun ham zamonaviy o‘zbek nasrida iste’molchi odamga xos ijtimoiy-psixologik stereotip tasviri kuchaydi. Bugungi nasriy asarlarda ko‘pincha moddiyatdan bo‘lak qadriyatlarni arzimas narsalar deb hisoblaydigan iste’molchi kimsalarga xos kechinmalar, ziddiyatlar ham keng ko‘rsatilmoqda. Zamonaviy o‘zbek nasri iste’molga tashnalikdan boshqa barcha tuyg‘ulari o‘lib borayotgan kimsalar qurshovida qolgan ezgu tabiatli kishilar ruhiyatini, ko‘nglini, qismatini tasvirlashga yo‘naltirilgan.

Shuning uchun ham bugungi nasrda boylik, martaba oldida ming qiyofada turlanadigan odamlar tasvirini ko‘p uchratish mumkin. Bu hol nasriy asarlarda inson xarakterini shakllanish jarayonini ko‘rsatishdan ko‘ra, uning muayyan holatini tasvirlashga, xarakter psixologiyasini tahlil etishga moyillikni kuchaytirmoqda. Bugungi ayrim odamlardagi beqarorlik va o‘zgaruvchanlik, sharoitga moslashuvchanlik mayli zamonaviy o‘zbek nasrida qalamga olinayotgan qahramonlarning o‘zgarmas xususiyatlariga aylanib bormoqda.

Bugungi o‘zbek nasri taraqqiyotidagi asosiy tamoyillardan yana biri har bir nosirning o‘z ijodiy yo‘lidan yurishga intilayotganidir. Zero, ijod mahsuli betakrorligi, o‘xshashi yo‘qligi bilan qimmatlidir. Hatto, eng daho san’atkorning eng dohiyona asariga xos jihatlar takrorlansa, bu original ijod emas, bor-yo‘g‘i nusxakashlik bo‘ladi. Ma’lumki, eng nochor bitikchi ham eng ulug‘ ijodkorning nusxakashi bo‘lishni istamaydi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi o‘zbek nasrining ko‘zga yaqqol tashlanadigan yana bir belgisi yagona mafkuradan xoli bo‘lib, inson ko‘ngli izhorini, ruhiy ehtiyojini ifodalashga o‘tganligidir. Milliy nasrning estetik buyurtma bajarish emas, ko‘ngil holatlari, ruhiyat manzaralarini tasvirlashga o‘tishi badiiy nigoh bilan o‘zgarib, ijodiy mezonlarning sog‘lomlashuviga olib keladi. Bugungi nasr o‘quvchiga nimanidir o‘rgatish, uni qaysidir to‘g‘ri yo‘lga da’vat etish da’vosini qilmaydi. Chunki o‘quvchini yetakka muhtoj noshud mavjudot deb hisoblamaydi.

Yaqin o‘tmishdan yaxshi ma’lumki, bizdagi har qanday badiiy asar asosan mavzusiga ko‘ra baholanardi. Mavzuning dolzarb va salmoqdorligi badiiy darajasi uchun kafolat hisoblanardi. Hozir yaratilayotgan birorta asarni mavzusining muhimligiga qarab baholash hech kimning xayoliga ham kelmaydi. O‘zbek nosirlarining asosiy qismi dolzarb mavzuni emas, o‘zini to‘lqinlantirgan, xayolotni bezovta qilgan insoniy taqdirlarni tasvirlamoqda. Bu bugungi o‘zbek nasri inson ko‘nglini, dardlarini, hayotiy tashvishlarini qalamga olishga o‘tganini anglatadi va bu estetik tamo-yil adabiy mezonga aylanib borayotganligi quvonarlidir. Ilgarilari nosirlar uchun inson faoliyatining oqibati bo‘lmish ulkan tarixiy hodisalar, salmoqli ijtimoiy voqealar tasviri muhim sanalgan bo‘lsa, endi yozuvchilar voqea-hodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan, voqealarni harakatlantirgan, ulardan foyda topgan yoki jabr ko‘rgan odamlar haqida qalam surmoqdalar. Bugungi o‘zbek nasrida hodisa, ya’ni oqibatning o‘rniga sabab, ya’ni odam ruhiyatining tasviri birinchi o‘ringa chiqib bormoqda.

Zamonaviy o‘zbek nasriga xos yana bir muhim tamoyil har bir asarning o‘z qiyofasi, o‘z yo‘siniga ega bo‘lib borayotganligidir. Oldinlari asarning tasvir yo‘nalishini mavzu belgilagan bo‘lsa, hozirda ifoda o‘zgachaligi muhim sanaladi.

Zamonaviy o‘zbek she’riyatida yangilanish jarayoni ancha keskin va og‘riqli kechdi. Natijada, poetik avlodlar o‘rtasida muayyan darajada uzilish ro‘y berdi. Nasrda esa bu jarayon birmuncha ohista o‘tib, ijodiy avlodlar davomiyligi va uzviyligi saqlab qolindi. Shuning uchun ham o‘zbek nasrining bugungi taraqqiyotida Odil Yoqubov, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov singari oqsoqol yozuvchilarning hissalari sezilarli bo‘lmoqda. Ular o‘z bitiklarida turli zamonlarda yashagan kishilar ruhiyatidagi bugunga mos to‘lg‘amlarni aks ettirishga erishmoqdalar.

Badiiy nasrdagi tub yangilanishlar Shukur Xolmirzayev, Muhammad Ali, Erkin Samandar singari shakllangan tasvir manerasini o‘zgartirmagan adiblar ijodida ham namoyon bo‘ldi. Ular qadim tarix yoki bugungi kunda bo‘lib o‘tgan muhim voqealarni emas, ana shu voqealarda ishtirok etgan odamlarning ko‘ngil tebranishlari va ruhiy iztiroblarini tasvirlashga ustuvor ahamiyat bera boshladilar. Bu adiblarning asarlarida odam tarixiy hodisalarning ishtirokchisigina emas, ularning ijrochisi bo‘lgan betakror va o‘ziga xos taqdir egalari sifatida ko‘rsatilmoqda. Asad Dilmurod, Erkin A’zam, Normurod Norqobil, Shoyim Bo‘tayev, Abbos Said singari nosirlar o‘z badiiy yo‘llaridan sobitlik bilan borishmoqda va qahramonlar ruhiyatini tasvirlash borasida o‘ziga xos kashfiyotlar qilmoqdalar.

Tasvir yo‘sini o‘zgachaligi bilan hozirgi o‘zbek nasri rivojida alohida o‘rin tutgan Nazar Eshonqul, To‘xtamurod Rustamov kabi nosirlar odamning butunlay o‘ziga xos va betakror o‘ylari dunyosini hech kimga o‘xshamagan yo‘sinda tasvirlash yo‘lidan bormoqdalar. Nazar Eshonqul “Tun panjaralari” qissasida: “Men “hayotiy voqealarni” shunchalik yomon ko‘rib qolgan edimki, bu hikoyalarni ham ana shu o‘ta darajadagi aniqlikka qarshi o‘zim uchun yozgandim”, — deydi. Bu to‘xtam yozuvchining ijodiy e’tiqodi ekanidan tashqari, bugungi o‘zbek nasri taraqqiyotidagi muhim bir tamoyilni ifoda etishi bilan ham ahamiyatlidir. Chindan-da, milliy nasr hayotiy aniqlikdan yuksakroq reallik bo‘lmish chigal ruhiyat va teran falsafiy mushohadalarni ifodalash darajasiga ko‘tarildi.

Zero, millat badiiy tafakkuri taraqqiyotining turli bosqichlarida hodisalarga yondashish tamoyillari o‘zgarib boradi. Buni badiiy asarlardagi hayotiy haqiqatni aks ettirsh mezonlariga ham tatbiq etish mumkin. Yaqin-yaqinlarda ham hayot haqiqatiga mos kelish badiiy asarning yutug‘i deb qaralardi. Bunda mohiyat, ichki jihat, sabab-oqibat bog‘lanishlari, ko‘ngil, tuyg‘ular silsilasi hayot hodisalarining ichida pinhon bo‘lib qolaveradi. Hayot uchun natija muhim. Adabiyot uchun esa — jarayon. Shu ma’noda adabiyotning adabiyotligi ham hayotga aynan o‘xshamasligida, unga qaraganda ko‘lamliroq, chuqurroq ekanligidadir. Shuning uchun ham hayotdagiga o‘xshamagan tasvirlar milliy nasrda keng yoyilib bormoqda.

Omon Muxtor, Shoyim Bo‘tayev, Luqmon Bo‘rixon, Ulug‘bek Hamdam, Salomat Vafo, Abduqayum Yo‘ldosh, Zulfiya Qurolboy qizi, Jamila Ergash kabi bir qator nosirlar o‘z bitiklarida inson va uning mohiyatini tamomila yangicha nuqtai nazardan ko‘rish hamda ko‘rsatish yo‘lini tutdilar. Bugungi nasriy asarlarning qahramonlari faqat faoliyat odamigina emas, balki o‘y va mushohada kishilari sifatida ham tasvirlanadigan bo‘ldi. Odamning asl mohiyati faoliyat ko‘rsatayotgandagina emas, balki tin olib turgan yoki o‘ylayotganda ham namoyon bo‘lishi mumkinligi badiiy tasvir tajribasiga kirib kela boshladi. Bu xil asarlarda biror ijtimoiy qatlamga mansub odamning o‘zga qatlamdagi kimsaga qarshi kurashi emas, balki o‘zini anglamoqchi bo‘layotgan odamning o‘z-o‘zi bilan omonsiz va azobli olishuvi ko‘proq tasvirlanadigan bo‘ldi.

O‘ylab qaralsa, adabiy qahramonlarni faqat fidokor, jonidan kechishga shay kimsalar tarzida ko‘rsatishni talab etish, bir tomondan, ijod erkinligiga zug‘um bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, odamning asl tabiatiga, hayot tamoyillariga ham ziddir. Adabiyot ana shu bir yoqlamalikdan qutulib, odamga xos barcha yaxshiyu yomon tomonlarini murakkabligi bilan tasvirlashga o‘tsa, inson degan xilqat o‘z nazarida ham, o‘zgalar ko‘zi oldida ham yuksaladi. Aslida kimdandir faqat yuksak ideallar uchun fido bo‘lishni talab etaverish ham biryoqlamalikka olib kelishi mumkin.

Bugungi o‘zbek nasri rivojiga sinchiklab nazar tashlagan kishi unda, ijtimoiy tanqid, ijtimoiy-psixologik tadqiq, ijtimoiy-axloqiy tas vir kabi uch yirik yo‘nalish borligini kuzatishi mumkin.

Odil Yoqubovning “Adolat manzili”, “Osiy banda”, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”, Abbos Saidning “Ko‘chada qolgan odam” asarlari ijtimoiy tanqid yo‘nalishiga mansub bo‘lsa, Shukur Xolmirzayevning “Dinozavr”, “O‘zbeklar”, Omon Muxtorning “Ishq ahli”, “Buyuk farrosh”, Ulug‘bek Hamdamning “Yolg‘izlik”, “Muvozanat”, “Isyon va itoat”, Luqmon Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar”, Shoyim Bo‘tayevning “Shox”, “Sho‘rodan qolgan odamlar”, “Bir kunlik mehmon”, Nazar Eshonqulning “Qora kitob”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, Zulfiya Qurolboy qizining “Tafakkur” kabi asarlari ijtimoiy-psixologik yo‘nalishda bitilganligi bilan ajralib turadi. Shukur Xolmirzayevning “Bulut to‘sgan oy”, “Navro‘z, navro‘z”, “Yozuvchi”, Normurod Norqobilovning “Qoyalar ham yig‘laydi”, “Oriyat”, “Ovul oralagan bo‘ri”, “Tog‘ odami”, To‘xtamurod Rustamovning “Kapalaklar o‘yini” singari asarlari esa ijtimoiy-axloqiy yo‘nalishda bitilgandir. Axloqiy o‘lchamlar o‘zgarayotgan, ma’naviyat mezonlari yangilanayotgan davrlarda jahon adabiyotida ham badiiy nasrning shu taxlit yo‘nalishlarda rivojlangani ma’lum.

Bugungi nasrning ko‘plab namunalarida tarixning burilish nuqtalarida yashashga mahkum bo‘lgan odamlarga yangicha nazar bilan qarash tamoyili kuchayib bormoqda. Tarix va tarixiy vaziyat hamda shaxs va omma munosabatlaridagi chigallik, murakkab vaziyat iskanjasiga tushib qolgan o‘ta ulug‘ shaxsiyatlarning ham boshiga tushgan og‘ir sinovlar bu asarlarda juda ta’sirli aks ettirilgan. O‘zbek nasrida inson kontseptsiyasining bu taxlit o‘zgarishida ham jahon adabiyotining ta’siri katta bo‘lgan, albatta.

Bugungi adabiy qahramonlar ko‘pincha farog‘atsizlik, bezovtalikka yo‘liqqan, ruhiy muvozanatdan chiqib, o‘zi, hayoti, umrining salmog‘i haqida adoqsiz o‘ylar quchog‘ida qolgan kishilardir. Bu dunyoning moddiy tashvishlari ularga malol keladi. Ular maishiy tashvishlardan balandroq turadi, moddiylikka qorishib ketishdan saqlanishiga intiladi, ko‘ngil injishlaridan azobu iztirob chekadi. Bunday personajlarni tashqi jihatlar, axloqiy shartliliklar, ijtimoiy yorliqlar qiziqtirmaydi. Ular mohiyatni bilmoqqa, unga yetmoqqa urinadilar.

Adabiyot shunisi bilan qimmatliki, uni hamisha bir xil mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Navoiy asarlari bilan tanishayotganda fikr miqyosining cheksizligini ko‘zda tutish, Dostoyevskiy asarlari o‘qilayotganda ruhiy to‘lg‘oqlarning ko‘lamini hisobga olish, Tolstoy asarlari xususida fikrlayotganda tasvir qamrovi kengligini unutmaslik, Kafka asarlari borasida gap borganda hayotning mantig‘i va tabiiy maromiga mutlaqo bo‘ysunmagan ijodkor shaxsning dun-yosi yoki adabiy qahramon fojiasi aks ettirayotganini nazardan qochirmaslik kerak bo‘ladi.

Bugungi o‘zbek nasrida millatga xos bo‘lgan ma’naviy fazilatlarning qaymog‘i mujassamlangan qahramonlar ham aks ettirilayotganini ta’kidlash joiz. Millatning qudrati aholining soniga emas, balki millatga xos asl xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan shaxslarning ko‘pligiga bog‘liq.

O‘zbek adabiyoti jahonga chiqa olmayapti, unda jahoniy mezonlarga javob beradigan asarlar yaratilmayapti, degan iddaolar ko‘p aytiladi. Bu borada tashkiliy tadbirlar zarurligini inkor etmagan holda, umuman adabiy asar faqat jahoniy miq-yoslarga chiqish uchun yozilmasligini ham unutmaslik kerak. Badiiy asar avval boshdan alohida bir ijodkor ko‘nglidagi og‘riqlar sifatida dunyoga keladi. Va u albatta millatning ruhini ifoda etadi. Biror millatni bilish uchun uning adabiyotini o‘rganishdan to‘g‘riroq yo‘l yo‘q. Binobarin, jahon o‘zbek millatining ko‘nglini bilmoqni, uni anglamoqni istasa, bizning adabiyotimizda bugun yaratilayotgan asarlarga murojaat etishi tabiiy. Agar dunyo shunga ehtiyoj sezmayotgan, o‘zbekning ko‘ngli qaysi asarda to‘laroq namoyon bo‘layotgani bilan qiziqmayotgan ekan, bundan katta fojia yasash o‘rinsiz.

Xullas, bir dunyoda turib, undan tashqarida yashash mumkin emas. Buning uchun dunyoga chiqish, unga tanilish kerak. Tanilgimiz keladi ham. Lekin buning uchun dunyo bilan tengma-teng gaplasha bilish, aloqa qilish lozim. Faqat tomoshabin bo‘lib qolish mumkin emas. Dunyoning esi bor. U zerikkan yoki marhamat qilganidan emas, foydali deb hisoblaganida, o‘zi izlab topadi.

Shunday ekan, dunyo ahlini san’atu adabiyotimizga ekzotika sifatida ajablanib nazar solishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, milliy oriyatni, asl qadriyatlarimizni saqlay bilishimiz zarur.

Qozoqboy Yo‘ldosh, adabiyotshunos

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son