“G‘amdan o‘zga haqlik yo‘q, darddan o‘zga haqiqat…”
1920 yilda kitob do‘konlarida paydo bo‘lgan “Hayajon” she’rlar to‘plamining dastlabki sahifalarida ko‘ringan bu satrlarni yosh shoir Ivo Andrich hibsda yotib bitganini, keyinchalik bu yigit yozuvchi sifatida dunyoga tanilishini, hatto uning nomi bilan ataluvchi shahar bunyod etilishini o‘sha paytda kim ham bilibdi?
Ivo Andrich o‘zining dastlabki asarlarida hayot, borliq, inson umrining mohiyati haqida tug‘ilgan savollarga javob izlagan bo‘lsa, keyinchalik bu savollar borasidagi mulohazalari kengayib, tarixiy evrilishlar va inson taqdiri o‘rtasidagi bog‘liqlik, inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar mavzularigacha o‘sib bordi. Shvetsiya Qirollik akademiyasi yozuvchini Nobel mukofotiga munosib ko‘rar ekan, o‘z qarorini “inson taqdiri va Vatani tarixi bilan bog‘liq muammolarni bor bo‘yicha ochishga imkon bergan epik iste’dodi uchun” deya izohlagani ham bejiz emas edi.
Ivo Andrich 1892 yili 9 oktyabrda hozirgi Bosniya va Gertsegovina hududida, kamtargina maktab xizmatchisi Antun Andrich va Katarina Andrichlar oilasida tug‘ilgan. Otasi vafot etganida bo‘lg‘usi yozuvchi uch yoshga ham to‘lmagan edi. Oila boquvchisini yo‘qotib, qiynalib qolgan beva ayol Vishegradga, erining qarindoshlari yoniga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.
Andrichning bolaligi Vishegradda, rim-katolik cherkovi odatlariga qat’iy rioya qiladigan taqvodor qarindoshlari ichida kechadi. U shu yerda maktabni tugatadi, dilida bilim va ma’rifatga mayl hamda rag‘bat uyg‘onadi. Yozuvchi yashagan hududda turli xalqlar – turk, serb, xorvat, sloven xalqlarining urf-odatlari va madaniyati, islom dini, xristianlik dinining katolik va pravoslav mazhablariga oid, urf-odatlari yonma-yon yashardi. Chunki Bosniya uzoq yillar davomida Usmonli Turklar imperiyasi hukmronligida yashagan. XIX asrga kelib Avstro-Vengriyaning, so‘ng Rossiyaning istilo da’volariga nishon bo‘lgan edi. 1908 yilda esa bu hudud Avstro-Vengriya imperiyasi tomonidan rasman zabt etiladi. Andrich bu vaqtda Sarayevo shahridagi gimnaziyada ta’lim olardi.
Vatani boshiga tushgan bu ko‘rgilik yigitchaning yuragida qanday tug‘yonlar uyg‘otganini bilish qiyin emas, boisi u gimnaziya o‘quvchisi bo‘la turib, “Mlada Bosna” nomli inqilobiy guruhga a’zo bo‘lib kirgan edi. Mazkur guruh Bosniyaning ozodligi, janubiy slavyanlarning mustaqil davlat bo‘lib birlashishlari yo‘lida kurash olib borardi. Guruh a’zolaridan biri Gavrilo Prinsipning 1914 yilda erts-gertsog Frants-Ferdinandni o‘ldirishi Birinchi jahon urushining boshlanib ketishiga sabab bo‘lganini ham qayd etib o‘tish kerak.
Shu voqeadan keyin guruhning ko‘plab a’zolari hibsga olindi. Ular orasida Zagreb shahridagi Qirollik universitetining falsafa fakulteti talabasi, 22 yoshli Ivo Andrich ham bor edi. Uni “yugoslav millatchisi” degan ayblov bilan uch yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Hibsda kechgan yillarida u F.Dostoyevskiy romanlari, daniyalik faylasuf Kerkegor asarlari bilan qiziqib qoladi, o‘zining dastlabki ikkita kitobi – “Dengiz qa’ridan” va “Hayajon” she’riy to‘plamlarini yaratadi. Jumladan, “Zulmat” nomli she’rida shunday satrlarni bitdi:
…Kim aytarkin menga shu tuni,
O‘tgan ishlar, zotlar xotiri,
O‘tgan kunlar yodi nimadir?
Yurak noxush urmoqda nechun?
Qayga boshlar u? Nima uchun?[1]
Yosh ijodkor endigina boshlanayotgan hayot yo‘li zulmat qa’rida o‘tib borayotganidan chekkan iztiroblarini shu tarzda ifoda qilgan edi.
Albatta, uning bu kitoblari urush tugagandan keyingina nashr etildi. Bu vaqtda yosh shoirning ozodlikka chiqqaniga endi bir yil to‘lgan edi.
Urushdan keyin u Vena, Krakov, Gratsa universitetlarida o‘qiydi. 1924 yilda falsafa bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi.
Uning asosiy mehnat faoliyati diplomatik sohalarda kechdi. 1920 yilda Vatikandagi elchixonada, keyin Buxarest, Triyest va Gratsa, Parij, Marsel, Madrid konsulliklarida xizmat qildi, Millatlar Ligasida Yugoslaviya qirolligi muntazam delegatsiyasining kotibi, Ikkinchi jahon urushi arafasida esa Yugoslaviya hukumatining Berlindagi elchisi sifatida xizmat qildi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Ivo Andrich Yugoslaviya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan bo‘lgan ziddiyatlar bois iste’foga chiqadi-da, vataniga qaytadi. Lekin bu paytda urush sadolari Belgradga ham yetib kelgan edi. Yozuvchining vijdonli inson sifatida urushga munosabat bildirganlari ham izsiz ketmadi: Fashistlar Germaniyasining sobiq Yugoslaviyaga bosqini boshlangan dastlabki kunlardan (1941 yilning apreli) to Ikkinchi jahon urushining so‘nggi yilida (1945) vatani ozod bo‘lgunga qadar Belgradda uy qamog‘ida saqlanadi.
Yozuvchining nazarida ofat keltiruvchi urushlar – yovuzlik mevasidir. “1920 yil sanasi qo‘yilgan maktub” asarida u vatani boshidan kechirgan og‘ir kunlarning sababi haqida fikr yuritadi. “Bugun bu ko‘rgilik faqatgina Bosniyaninggina boshida emas, men bu yovuzlik hodisasini hozir qadrdon Bosniyamda ko‘ryapman, – deb yozadi u qahramoni doktor Maks Levenfeldning qismati haqida hikoya qilarkan. – Maks Bosniyadagi yovuzliklardan qochib, Triyestga ketgan, u yerdan esa Ispaniyaga jo‘nab, respublika armiyasiga qo‘shilgan edi. Kuppa-kunduz kuni u yotgan harbiy shifoxona havo hujumiga uchradi, u yaradorlar bilan birgalikda halok bo‘ldi. Yovuzlikdan qochgan odam o‘z umrini mana shunday yakunladi”.
Adibning qarashlari hibsda yotgan yillari yaratilgan “Drinadagi ko‘prik”, “Travniya solnomasi”, “Oyimqiz” romanlaridan iborat trilogiyada aks etgan.
“Drinadagi ko‘prik” ijtimoiy-tarixiy roman bo‘lib, unda besh asr mobaynida Bosniya xalqi boshidan kechgan voqealar qalamga olinadi. Bu roman trilogiyaning qolgan qismlariga qaraganda ko‘proq tillarga tarjima qilingan.
Asarga berilgan nom ramziy ma’noga ega. Katta tarixiy davrni qamragan romanning voqealari tarqoqdek, qahramonlari, personajlari ko‘p bo‘lganidan, ularning taqdiri ham chigaldek, so‘nggi nuqtaga yetib kelmagandek tuyuladi. Lekin voqealarni va insonlar taqdirini Drina daryosiga qurilgan ko‘prik birlashtirib turadi. Inshootni XVI asrda turklar bunyod etishgan. U ko‘p voqealarga, sevishganlarning visoliga, gunohkorlarning qatl qilinishiga, yahudiylar, musulmonlar va nasroniylar o‘rtasida kechgan urushlarga, musulmonlarning ham, nasroniylarning ham bayram, to‘y hamda azalariga guvoh bo‘lganlar. Yillar, davrlar o‘tyapti, avlodlar kelib-ketyapti, lekin Drina daryosi hamon oqyapti, ko‘prik esa hanuzgacha ikkala sohilni bir-biriga yaqinlashtirib, qudratli ramz, inson bunyodkorligiga aytilgan qasida yanglig‘ yashab kelyapti. Yillar xuddi daryoning suvi bilan oqqandek o‘tib ketayotganiga aholi ko‘p ham qayg‘urmay qo‘ygan. Chunki hayotning o‘zi mo‘jiza, u tugayotgandek tuyuladi-yu, lekin Drinadagi ko‘prik singari avlodlar bilan qolaveradi.
To‘g‘ri, ibtidoning intihosi bor, ko‘prik ham yillar o‘tib keksayadi, lekin inson umriga andoza qilib olingan vaqt bilan solishtirganda bu inshootning qariganini chamalab bo‘lmaydi, odamlar nazarida ko‘prikning intihosi ko‘rinmaydi. Lekin XX asrga kelib, yovuzlik odamlarning intiho haqidagi qarashlarini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi: Avstriya askarlari mina qo‘yib ko‘prikni portlatib yuborishadi.
Lekin yozuvchining nazarida yovuzlikning ustun kelishi – muvaqqat hodisasi, shu bois roman so‘nggida Ali hoji tilidan: “Bu yerdagi ko‘prik vayron qilingan bo‘lsa, balki boshqa bir yerda ko‘prik qurishayotgandir? Menimcha, qayerlardadir, dunyoning chekkasida Xudoni eslaydigan odamlar ham bor bo‘lsa kerak. Agar yaratgan egam tolei past Drinadan yuz o‘girgan bo‘lsa, ehtimol, osmon tagida yastanib yotgan bu g‘amxona zamindan yuz o‘girmagandir?” – deya yozadi.
40-yillarning ikkinchi yarmidagi hikoya va qissalarida (masalan, 1948 yilda bosilgan “Yangi tarixlar” turkumi) Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi og‘ir davrlar, Bolqon mamlakatlari tarixidagi Usmonli turklar qo‘li ostida kechgan voqealar (1954 yilda e’lon qilingan “La’natlangan hovli” qissasi) mavzusi yetakchilik qiladi.
Ivo Andrichning qahramonlari har qanday sharoitda ham odam insoniylik qiyofasini saqlab qolishi shart, ochlik, qashshoqlik va muhtojlik odamiylikdan g‘olib kelishi mumkin emas, degan aqida bilan yashaydi.
Masalan, uning “Gilam” hikoyasida Kata ismli kampir 1941 yilning yozida, uyini buzib tashlamoqchi bo‘lgan qishloq jamoasi oqsoqolidan shafqat so‘rab kelib, uning qabulxonasi poliga tashlab qo‘yilgan fors gilamini ko‘rib qoladi. Bu gilam unga bolaligida, Sarayevoga Avstriya-Vengriya qo‘shinlari bostirib kirgan paytdagi kechgan bir voqeani eslatadi. Ba’zilar bosqindan foydalanib, qochib ketganlarning buyumlarini tashib oladilar, ba’zilar esa askarlarni avrab, talab olingan begona buyumlarni aroqqa almashtirmoqchi bo‘ladilar. Kataning onasi qishloqdoshlari bo‘lgan bir turk oilasidan tortib olingan gilamni ko‘tarib kelgan avstriyalik askarga bir shisha qo‘lbola aroq berib, gilamni olib qoladi. Bechora ona, bu gilamni bolalari sovuq kunda qup-quruq yerda o‘tirmasin uchun polga to‘shab qo‘ymoqchi bo‘lgan ekan. Shunda Kataning buvisi Andja bu ishi uchun kelinini koyib, gilamni kulbadan chiqarib tashlashni buyuradi…
Ikkinchi jahon urushidan keyin Ivo Andrichning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki juda faollashadi, 1946 yilda u Serbiya Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylanadi, Serbiya Yozuvchilar uyushmasining Nizomini tayyorlash ishlarida qatnashadi, shu yil oxirida bo‘lib o‘tgan Serbiya Yozuvchilar uyushmasining ta’sis s’ezdida uyushma raisligiga o‘tadi.
Uning obro‘si mamlakatda juda oshib ketadi. Bunga yozuvchining ijtimoiy hayotdagi faolligi sabab edi, albatta. Chunki adabiy faoliyat qog‘oz qoralashdangina iborat emas, uning nazarida yozuvchilik – ijtimoiy hayot bilan hamqadamlikda kechadigan murakkab jarayondir. Bu borada Bosniyaning Yugoslaviya Federatsiyasi tarkibidagi oltita teng huquqli respublikadan biri sifatida tan olinishi munosabati bilan qilgan siyosiy-publitsistik chiqishlari, Xalq yig‘ini ittifoqi safidagi ijtimoiy faoliyatini, slavyan adabiyoti va madaniyatining yaqinlashuvi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, Ivo Andrich 1954 yilda serb-xorvat adabiy tilining birdamligi to‘g‘risidagi Novisad shartnomasini birinchi bo‘lib imzolaydi. Uning nazdida, biri-biriga yaqin, turmushi va madaniyati hamnafas bo‘lgan bu ikki xalqning adabiy tili ham bir bo‘lishi kerak edi.
Ivo Andrichning 50-yillarning ikkinchi yarmi – 60-yillardagi ijodida, ayniqsa, uning hikoyalarida yangicha shakllar, yo‘nalishlar, mavzular paydo bo‘la boshlaydi. “O‘yin”, “Elena – mavjud bo‘lmagan ayol” hikoyalari shular jumlasidandir. Ayniqsa uning “Elena – mavjud bo‘lmagan ayol” hikoyasini yozuvchining xayoloti, kechinmalari tasviri, ramzlardan iborat bir asar deb qabul qilish mumkin.
Hikoya qahramonining yuragida yashayotgan hislari, uning orzulari ayol qiyofasida namoyon bo‘la boshlaydi. Yelena ahyon-ahyonda, qahramon yolg‘izlikdan, uyqusizlikdan, ba’zan esa ijodiy tushkunlikdan chiqa olmay qiynalgan chog‘larida, befarqlik kasaliga chalina boshlagan kezlarida, ko‘pincha oftob bulutlar ortida qoladigan qish va qirovli kunlarda ko‘rinadi. U hikoya qahramoni bilan muloqotga kirishmaydi, lekin ayol har gal kelib-ketganidan keyin yozuvchining ko‘nglida kutilmagan istaklar, taxminlar tug‘ila boshlaydi. Yelena – go‘yo yashashga chorlov, inson, ko‘ngil va tabiatning uyg‘unlashuvi ramzi, shu bois qahramonning ayolni kutishlari umrdagi yorqin lahzalarni sevishiga aylanib ketadi. Faqat inson kutishdan charchamasa bo‘lgani, Yelena – yorqin lahza, u albatta keladi.
Shu davrda yaratgan asarlaridagi yorug‘ lahzalar, tinch va umidlarga to‘la umr haqidagi orzulari ushalib, 1959 yilda uning hayoti nihoyat, turli to‘fon va to‘lqinlardan keyin sokin ko‘rfazga yetib keladi. U Belgrad milliy teatrida bezakchi bo‘lib ishlaydigan rassom ayol Militsa Babich bilan turmush quradi, romantik kayfiyat uyg‘otuvchi hikoyalar yozadi.
1961 yilda yozuvchi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shvetsiya Qirollik akademiyasi vakili o‘z nutqida: “Ivo Andrich ijodda Bosniya xalq afsona va rivoyatlaridan keng foydalanadi, xalq og‘zaki ijodi yordamida falsafiy haqiqatlar mohiyatini anglab yetadi”, deya qayd qiladi. Yozuvchi esa bunga javoban so‘zga chiqarkan: “eng ibtidoiy davrdan boshlab barcha tarixlar – bu, mohiyatan, inson hayotining mazmuni haqidagi bir butun tarixdir”, deydi.
Ivo Andrich bu bilan, tarixiy mavzu shunchaki o‘tmish haqidagi hikoyagina emas, o‘tmishdagi muammolar hozirgi kunda ham dolzarb bo‘lib qolayotganini, chunki insoniyat oldida hanuz o‘sha-o‘sha vazifalar turganligini ta’kidlaydi.
Yozuvchi qolgan umrini Belgradda, hurmat va ehtiromlar og‘ushida o‘tkazdi, olim va siyosatchilarga beriladigan “Bir umrlik mehnati uchun” nomli mukofotga sazovor bo‘ldi.
U 1975 yilda Belgradda insultdan vafot etdi.
Ivo Andrichning qaysi millatga mansubligi, yozuvchi sifatida uning ijodi qaysi xalqqa serb yoki xorvat adabiy an’analariga tegishli ekanligi masalasi adabiy jamoatchilik o‘rtasida hamon ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Serblar uni serb yozuvchisi deb hisoblashsa, xorvatlar uni xorvat adibi, xorvat milliy adabiyoti namoyandasi deb e’zozlaydilar.
Andrich Zagreb universitetiga o‘qishga kirayotganda (talabalik yillaridagi hujjatlarda) ona tili sifatida xorvat tilini ko‘rsatgan ekan. Krakov universitetiga o‘qishga qabul qilinayotganda anketaning ham “millati” degan ustuniga “katolik diniga e’tiqod qiluvchi bosniyalik xorvat” deb yozgan. Lekin janubiy slavyan xalqlarining birdamligi tarafdori bo‘lib maydonga chiqarkan, Ivo Andrich o‘zini serb millatiga mansub deb ataydi. U umrining oxirigacha o‘z hayotini Serbiya va Belgrad bilan bog‘lagan. Qolaversa, mutaxassislar yozuvchi yaratgan ko‘p asarlarni (ijodining dastlabki davridagi hikoyalari bundan mustasno) hozirgi serb adabiy tiliga xos bo‘lgan kirill ekavitsasida yozilgan, bu esa hozirgi xorvat adabiy tili me’yorlariga mos kelmaydi, deyishadi.
Mutaxassislarning aytgan fikrlari qanchalik to‘g‘ri yoki haqiqatga yaqinroqdek tuyulmasin, Ivo Andrich ijodi G‘arbda ma’rifatli, intellektual o‘quvchiga mo‘ljallangan adabiyot sifatida qadrlanadi. Sobiq sho‘rolar davrida esa uning “Travniya solnomasi” romani faqatgina yozuvchi Nobel mukofoti olgandan keyingina rus tiliga tarjima qilinib, “Jahon adabiyoti kutubxonasi” seriyasida bosilgan. Mazkur nashr intellektual kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning tiraj miqdori adadi o‘sha davrdagi mamlakat miqyosida u qadar katta bo‘lmagan.
Ivo Andrichning asarlari keyinroq, 70-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab rus tiliga keng tarjima qilina boshlandi. 80-yillarga kelib, uning hikoyalari, esse, qissalari alohida to‘plam sifatida ko‘p martalab bosildi, 3 jildlik asarlari chop etildi.
O‘tgan 2012 yilda Serbiya hukumati hamda Vishegrad shahar ma’muriyati Ivo Andrich nomidagi adabiy mukofotni ta’sis qildi. Bu mukofot miqdori yuz ming yevroga teng bo‘lib, slavyan tillarida ijod qiladigan yozuvchilarga beriladi. Serbiya hukumati mukofotni Andrich Nobel mukofoti olgan kunda topshirishni ma’qul ko‘rdi. Hozircha bu mukofot laureatining nomi ma’lum qilingani yo‘q. Mukofotni mamlakat Prezidentining o‘zi topshiradi.
Darvoqe, serblar o‘z adiblarining xotirasini adabiylashtirish borasida yana bir xayrli ishga qo‘l urishdi. O‘tgan yili Serbiyada Andrichgrad nomli shaharga poydevor qo‘yildi.
Risolat Haydarova
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son
[1] She’rni Risolat Haydarova tarjima qilgan.