Yassi qora likopcha – “Melodiya” yorlig‘i tushirilgan vinil plastinka bir maromda aylanadi…
“…Hammadan keyin tuxumdan chiqqan bechora o‘rdakcha xunukligi tufayli har tomondan dakki yer edi. Uni o‘rdaklargina emas, hatto tovuqlar ham turtib, cho‘qib, masxara qilardilar…” Tojiga qon quyilgan xo‘roz vajohat bilan bostirib kelganida, o‘rdakchaga qo‘shilib, chamasi 5-6 yoshli qizaloq ham qo‘rqa-pisa burchakka biqinib oladi. Arzanda mushugini “o‘g‘ilcham” deb erkalab, sertuxum tovug‘ini qizalog‘iday yaxshi ko‘ruvchi kampir qo‘lidagi otashkurak bilan o‘rdakchani quvib solganida, jajji tinglovchining tomog‘iga nimadir tiqilib, burni achisha boshlaydi. Sevimli ertagining qanday yakun topishini yaxshi bilsa-da, har safar shu holat takrorlanaveradi-takrorlanaveradi…
Yuqoridagi manzara aks etgan “Irkit o‘rdakcha” ertagini ko‘pchilik biladi. Uning muallifi Andersen nomi ham ta’rifga muhtoj emas. Hozirga qadar Daniya iftixori hisoblanmish Hans Kristian Andersen 1805 yilning 2 aprelida Fyun orolida joylashgan Odense shahrida tug‘ilgan.
“Otam – kosib Hans Andersen, – deb yozgandi u o‘zi haqida, – menga hech qattiq gapirmas, o‘z holimga qo‘yib qo‘ygandi. Men uning hayoti mazmuni edim. Otam bu dunyoda faqat farzandi uchun yashardi go‘yo. Uning bo‘sh vaqti to‘liq menga bag‘ishlanardi. So‘ragan o‘yinchog‘imni hech og‘rinmay yasab berar, birga o‘tirib rasm chizishar, oqshomlari esa onam ikkimizga Lafonten masallari, Golberg asarlari va “Ming bir kecha” ertaklaridan o‘qib berardi. Hayotda ham, kasb-hunarda ham omadi chopmagan otamning yuziga faqat mutolaa paytlarigina tabassum inardi…”
Hans yakkayu yolg‘iz farzand bo‘lgani sababli oiladagi nochor ahvolga qaramay, erkinlikda, g‘am-tashvishsiz o‘sib-ulg‘ayadi. O‘qishga uncha xushi yo‘q, qattiqqo‘l murabbiylar tanbehini ko‘tarolmagan bolakay ta’limni keyinroq, tengdoshlaridan ancha ortda qolib oladi. Biroq bu uning o‘ta erka va tantiq bo‘lib o‘sganini anglatmaydi. Kristian tengqurlari bilan ko‘cha changitib yurmasdi. Bolakayning eng yoqtirgan mashg‘uloti hovlidagi daraxt soyasida o‘tirib, o‘yinchoqlariga rang-barang kiyimchalar tikish edi. Ota-ona arzanda o‘g‘lining qiziqishlariga to‘sqinlik qilmas, chevarlikka tug‘ma iqtidori bor, deb hisoblar, kelajakda undan mohir tikuvchi chiqishiga umid qilardi.
Hans bolaligidan o‘zining olamida yashaydi. “Ko‘chalarda sayr qilib yurarkanman, ko‘pincha xayolim qochib, ko‘zimni chirt yumib olardim. Buni payqagan odamlar meni ko‘zi ojiz, deya o‘ylay boshlabdilar. Vaholanki, mening ko‘zim juda o‘tkir bo‘lgan”, – deb yozadi adib. Darhaqiqat, uning o‘tkir nigohi boshqalar ko‘rolmagan narsalarni ham ilg‘ab olardi. Keyinchalik Andersenning ana shu layoqati, atrof-borliqqa mehr ila boqib, jonsiz narsalarga ham insoniy xislatlar bag‘ishlay olishi sinoatga to‘la ertaklar saltanati eshiklarini lang ochib, bezabon olamni tilga kiritadi.
Bolaligidan teatrga qiziqishi katta bo‘lgan Hans sahna asarlarini tomosha qilish ishtiyoqida yonsa-da, oilaviy sharoit bunga yo‘l qo‘ymasdi. Shu sabab bolakayning ko‘z o‘ngida spektakl o‘rniga xayoliy tomoshalar jonlanardi. U shahar bo‘ylab afisha tarqatuvchi Peter ismli kishi bilan tanishib, unga ko‘maklasha boshlaydi. Kristian ish haqining evaziga yangi spektakl afishasidan bittadan oladi. Uyiga kelgach, bir chekkaga o‘tirib, xayolan spektakl nomi va ishtirokchilariga monand yangi voqelik o‘ylab topib, o‘z dunyosiga sho‘ng‘iydi. Bu jarayon har safar bir necha kunga cho‘ziladi. Shu tarzda ham muallif, ham rassom, ham bastakor, chiroqchiyu xonanda vazifalarini birvarakay bajargan bolakay tasavvurida yangi sirli bir sahna asari tug‘iladi.
Kristian o‘n ikki yoshida tikuvchiga shogird tushadi. Ikki yil davomida ishlab topgan pulini yig‘ib, sarmoyasi o‘n uch dalerga yetgach, poytaxt – Kopengagenga ketishni ixtiyor etadi.
– Bu bilan nimaga erishmoqchisan?! – umrida birinchi marotaba o‘g‘lining xohishiga qarshi chiqadi ona (bu paytga kelib oila boshlig‘i hayotdan ko‘z yumgandi).
– Sizni dunyoga tanitaman! – javob beradi endigina o‘n to‘rtni qarshilagan Andersen ishonch bilan.
Ancha tortishuvlardan keyin o‘g‘lining burniga suv kirib, tez orada uyga qaytishiga ishongan ona ko‘zida yosh bilan dilbandini kuzatib qoladi.
Kopengagenga kelgach, Andersen Qirollik teatriga ishga kirib, ikkinchi darajali rollarni ijro eta boshlaydi. Faqirgina, ammo intiluvchan, iqtidorli bu o‘spirin poytaxtdagi obro‘li shaxslarning nazariga tushadi. Ular Daniya qiroliga maxsus iltimosnoma bilan murojaat qilib, Kristianning davlat g‘aznasi hisobidan Slagels maktabida o‘qishi uchun ruxsatnoma olib berishadi. Ayni paytda Andersen besh aktli pesa yozib, uni sahnalashtirish uchun mablag‘ so‘rab, yana qirolga maktub jo‘natadi. Adabiyot va san’atni behad qadrlagan hukmdor bu iltimosni ham yerda qoldirmaydi. Darvoqe, Daniya qiroli Frederik VII bilan yozuvchi o‘rtasidagi bevosita tanishuv keyinchalik do‘stlik rishtalariga aylanib ketadi. Qirol umrining oxirigacha adibni qadrdonlari qatorida qo‘llab-quvvatlaydi.
1828 yili Hans Kopengagen universitetiga o‘qishga kirib, tahsil nihoyasida falsafa fanlari nomzodi unvoniga sazovor bo‘ladi.
1829 yilda chop etilgan “Xolmen kanalidan Amagerning sharqiy sarhadlari tomon piyoda sayohat” sarlavhali fantastika janridagi hikoya Andersenni elga tanitadi. 1831 yili ijodkor birinchi marotaba xorijiy safarga chiqadi – Germaniya sayohati “Soyadagi suratlar” nomi ostidagi esselarda hamda she’riy to‘plamda o‘z ifodasini topadi. Keyinchalik adib qirollik tomonidan taqdim etilgan maxsus nafaqa hisobidan Yevropa bo‘ylab kezib, mashhur shaxslar bilan tanishadi, safar taassurotlarini asarlarida aks ettiradi. Parijda Henrix Hayne, Rimda nomi chiqqan haykaltarosh Torvaldsen bilan uchrashadi. Rimdan keyin Florentsiyaga yo‘l oladi, undan Neapolga, so‘ng Venetsiyaga o‘tadi. Angliyada Charlz Dikkens bilan do‘stlashadi, Frantsiyada Viktor Gyugo, Onore de Balzak va Aleksandr Dyumalar bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Shu yillarda adib safar bitiklaridan tashqari ko‘plab she’riy asarlar, falsafiy esselar, romanlar ham yaratadi. Yevropada Andersen “Improvizator” romani muallifi sifatida nom qozonadi. Uning “Shunchaki skripkachi”, “Hayot yo mamot” romanlari, “To‘ng‘ich farzand” komediyasi, “Duragay (Mulat)” ijtimoiy melodramasi ham ijobiy baholanadi. Ammo Andersenni jahonga mashhur qilgan, shak-shubhasiz, uning ertaklaridir. 1835 yilda Andersenning ilk ertaklar kitobi chop etiladi. Shu yilning oxirida ikkinchi ertaklar kitobi, 1837 yili esa uchinchisi nashrdan chiqadi. Taajjubki, uning ertaklari mutaxassislar tomonidan darhol tan olingani, e’tirof etilgani yo‘q. Ertaklarning noan’anaviy uslubi, bolalar uchun desa, ortiqcha nasihatomuzligi, kattalar uchun esa anchayin jo‘nligi tanqid ostiga olinadi. Munaqqidlar muallifni ko‘plab imloviy xatolari uchun obdon “siylashni” ham unutmaydilar. (Andersen umrining oxirigicha bexato yozishni o‘rganolmagan – vaqtida tirishib o‘qimagani unga pand bergan.) Biroq “Irkit o‘rdakcha”, “Yovvoyi oqqushlar”, “Suv parisi”, “Dyuymchaxon”, “Qor malikasi”, “Qirolning yangi ko‘ylagi” va boshqa ko‘plab ertaklar o‘quvchilar ko‘nglidan joy olib, tez orada muayyan xalq yoki biror toifaning emas, butun dunyo kitobxonlarining, birinchi navbatda jahon bolalarining ma’naviy mulkiga aylanadi.
Kichkintoy o‘quvchilar tugul, hatto kattalar ham, umuman, ziyoliman, degan odam borki, Andersen ertaklarini o‘qigan va bundan keyin ham o‘qiydi, uning o‘ziga xos rangin dunyosiga sayohat qilib, olam-olam zavq oladi. Andersen ertaklarini shunchaki to‘qima, deb bo‘lmaydi. Uning asarlari zamirida ko‘z ilg‘amas ma’no-ishoratlar mo‘lligini anglash mumkin. Bu borada mashhur rus yozuvchisi Konstantin Paustovskiyning “Buyuk ertakchi” asaridan qo‘yidagi satrlarni keltirish kifoya: “Men u vaqtda (bolalik yillari nazarda tutilmoqda) Andersen ertaklarida “kosa tagida nimkosa” borligini tushunmagan ekanman. Bolalar uchun yozilgan har bir ertak zamirida yana bir, mohiyatini faqat kattalargina anglashi mumkin bo‘lgan asar yashiringanini bilmasdim. Buni oradan ancha vaqt o‘tgach tushunganman. Mashaqqatli va azim yigirmanchi asr arafasida g‘aroyib yoqimtoy va ajoyib shoir Andersenga ro‘baro‘ bo‘lib, qalbimda porloq kelajakka, quyoshning zulmat, ezgulikning yovuzlik ustidan shaksiz g‘alaba qozonishiga ishonch uyg‘ongani mening omadim chopganidir”.
1840-yillarning ikkinchi yarmida Andersen o‘z romanlari va pesalarini chop qildirishda davom etadi, uningi orzusi dramaturg va romannavis sifatida nom qozonish edi. Xalqaro miqyosda faqat ertakchi sifatida tanilayotganidan o‘zining ko‘ngli to‘lmasa-da, bu janrda yangidan-yangi asarlar yaratishini kanda qilmaydi.
Butun ijodiy faoliyati davomida, hatto keksaygan chog‘ida ham, Daniya adabiy dunyosida H.K.Andersenning ijtimoiy kelib chiqishi, kambag‘al bir kosibning o‘g‘li ekani pisanda qilinar, aksariyat asilzoda ijodkor va olimlardan iborat davralarda ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi lozimligi bot-bot “eslatib” turilardi. Andersen qayg‘u sharobidan keragicha totgani, “kiborlar” deb atalguvchi jamiyat uni bir umr chetlatishga uringani, vaqti kelganda mayna qilib ustidan kulganiyu payti kelganda quruq tuhmatlarga qoldirgani haqida o‘kinib yozadi. “Nega? Nima uchun?” degan savolga esa yoshi o‘tib, hayot haqiqatini anglagach javob topadi. Andersen nafaqat tomirlarida avom qoni oqayotgani, balki qo‘li kalta bo‘lsa-da, nihoyatda bag‘rikengligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Asosiysi, uning son-sanoqsiz kitoblari nufuzli o‘quv muassasalarida olingan ko‘p yillik ta’lim natijasi emas, Yaratgan tomonidan berilgan bebaho in’om – ilohiy iste’dod mahsuli edi. Ertakchi ana shunisi bilan kalondimog‘ zamondosh-kasbdoshlariga o‘xshamasdi.
U har qanday sharoitda kattayu kichikni, do‘stu dushmanni birdek yaxshi ko‘radi. Olam zimistonga aylanganda ham, ignaning uchidek yorug‘likni, borliqning go‘zalligini ko‘ra oladi, atrofdan taralayotgan nazmning unsiz navolarini eshita biladi…
Andersenning hayot yo‘lida uchragan qizlar u bilan muloqotdan so‘ng o‘zlarini chinakam malikalardek his qilardilar. Negaki, adib o‘zining boy xayoloti bilan ulardagi botiniy go‘zallikni (bo‘lsa-bo‘lmasa) afsonaviy ta’riflarga ko‘mib tashlardi. Ammo qizlarning hech biri bu g‘aroyib ertakchini jiddiy qabul qilmas, u bilan oila qurish mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmasdi. 1840 yili Kristian mashhur shved xonandasi Yenni Lind bilan tanishib, unga ko‘ngil qo‘yadi. Afsuski, yozuvchining samimiy muhabbati javobsiz qoladi. (“Bulbul” ertagi “Shved bulbuli” degan ta’rifni olgan mazkur san’atkorga bag‘ishlab yaratilgan.) Andersen bu dunyodan toq o‘tadi…
1872 yili keksa adib yiqilib tushib, jiddiy jarohat oladi va shu bo‘yi o‘nglanmaydi, uch yil davomida to‘shakka mixlanib qoladi. 400 dan ortiq ertaklar muallifi, shoir, yozuvchi, dramaturg, essenavis H.K.Andersen 1875 yil 4 avgustda vafot etib, Kopengagendagi Assistens qabristonida dafn etiladi.
Ertaklarda har qanday qayg‘uli voqea oxir-oqibat ijobiy yakun topganidek, buyuk ertakchi ham hayotida uchragan adoqsiz sinovlardan faqat va faqat yaxshilik izlagan. Va uni har qanday vaziyatda, har qanday sharoitda topa bilgan. Boisi, bir umr shukronalik tuyg‘usi bilan yashagan.
…“Melodiya” yorlig‘i tushirilgan vinil plastinka allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan, yurakni entiktirib yuborguvchi qadrdon bolalik xotirasi – Andersen ertaklarini qayta varaqlayman. Keyin adibning “Umrim ertagi” biografik ocherklari mutolaasiga sho‘ng‘ib ketaman…
“…Oqqush esa xijolat bo‘lib, nimagaligini o‘zi ham tushunmagan holda, boshini qanotlari orasiga yashirdi. U nihoyatda baxtli, ammo ko‘nglida zarracha kibr yo‘q edi. Hammadan dakki eshitib, xo‘rlangan paytlarini yodida saqlagan yurak kibr nimaligini bilmasdi…”
Nima bu, ertakdagi hayotmi yo hayot ertagi? Kimning qismati bitilgan ularda? Andersennimi, balki… meniki, balki… siznikidir?
Yulduz Hoshimova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son