Umida Rasulova. Tog‘ay Murod qissalari: asliyat va tarjima

Ma’lumki, o‘zbek adabiyotining sara namunalari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. XX asrda yashagan Abdulla Qodiriy, Oybek, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabilarning asarlari rus tilida jaranglagan. So‘nggi yillarda ham millatimizning qadriyatlarini ­dunyoga targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda milliy o‘zlik, oliyjanoblik, umuminsoniylik tarannum etilgan asarlarga va ularning tarjimalariga ehtiyoj ortmoqda.

Iste’dodli adib Tog‘ay Murod ijodida millatning urf-odati, an’analari betakror uslubda talqin etilgan. Bu asarlar orqali kitobxonda o‘zbek xalqi haqida yaxlit tasavvur hosil bo‘ladi. Tog‘ay Murod nasrida misralar ma’no ko‘lamdorligi, fikrlar mantiqiy izchilligi, ifoda qisqa va lo‘ndaligi, jumlaning jarangdorligi e’tiborni tortadi. Adib personajlarining tuyg‘ulari, emotsiyalarini his ettirishga, mos ohangni tanlashga erishadi.

Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi German Vlasov va Vadim Muratxonov, “Oydinda yurgan odamlar” qissasi Suhbat Aflotuniy tomonidan 2018 yili rus tiliga tarjima qilindi. Qissalarning tarjimasi janr poetikasidagi yangilanishni kuzatish, uslubiy o‘ziga xoslikni aniqlashga imkon beradi.

Tog‘ay Murod asarlarini o‘girish mutarjimdan har bir tovush, so‘z, tinish belgilari, pauza, talaffuz me’yorlarini asliyatdagidek keltirishda musiqadagi kabi vositalardan foydalanishni o‘ylab ko‘rishni taqozo etadi.

Yozuvchi sarlavhadanoq asarda yoritiladigan mavzu, ifodalanadigan o‘y-hislarini, qarashlarini o‘quvchiga ma’lum qilishga intiladi, ayni shu fursatdan ular orasidagi mushtaraklik boshlanadi. “Sarlavha muallif tomonidan shunchaki tanlanmaydi, uni vaziyat, maqsad, sharoit, emotsiya (hissiyot) yo mushohadaga yo‘nalgan fikrlash doirasi taqozo etadi”[1].

“Ot kishnagan oqshom” sarlavhasi muhim hodisa, voqeaga qizi­qish uyg‘otadi, ayni damda savol tug‘iladi. Qanday oqshom, nega “ot kishnagan”. Ot – halollik, vafo ramzi. Qadimdan xalqi­mizda otga mehr bo‘lakcha, u insonning sadoqatli hamrohi, yo‘ldoshi. Sarlavhadagi “oqshom” vaqtga ishora beradi. Tarjimon German Vlasov va Vadim Muratxonov sarlavhani aynan bermay, qissa poetikasidan kelib chiqib “Tarlan” deya o‘zgartiradilar. Rus kitobxonida ilk tasavvurni aniq, mufassal uyg‘otish maqsadida shunday to‘xtamga kelingani ayon bo‘ladi.

“Oydinda yurgan odamlar” sarlavhasida romantik ruh yetakchi, oydin – yorug‘lik, nurafshonlik belgisi. Odamlarning oyga bog‘liqligi, u bilan birligida qandaydir sinoat mavjud. Muallif oyning yog‘dusida tasvirlayotgan kishilar siyrati, tabiati, pokligi, ezguligi bois ularni yuksaklikka ko‘tarayotgandir. Sarlavhaning o‘ziyoq o‘quvchi qalbida ajib hislarni allalaydi. Tarjimon Suhbat Aflotuniy sarlavhani “Lyudi iduщiye v lunnom luche” deya taqdim qilishi ohang, mazmunni asliga yaqinlashtirishga intilganidan darak beradi.

Birinchi jumla – yozuvchi ruhidagi g‘alayonlarni yorib chiqqan ilk tuyg‘u. Birinchi jumla – ibtido, boshlanish, yo‘l boshi. Unda musiqa ham, ohang ham, ruh ham, suratu siyrat ham bor. Asar strukturasining jamiki ruhidan ilk jumla jarangi eshitilib turadi.

Tog‘ay Murod ijodida ilk jumla hamda struktural yaxlitlik masalasiga e’tibor qaratamiz.

Yozuvchining “Ot kishnagan oqshom” qissasi:

“Birodarlar, ko‘rgilik, ko‘rgilik!” jumlasi bilan boshlanadi. Ilk tanishuv, samimiy murojaat o‘quvchiga xush yoqadi-yu, “ko‘rgilik” – jumboq o‘ylantirib qo‘yadi. So‘zning qayta takrori qiziqishni orttiradi.

Ruschada ”Beda, bratya moi, beda” tarzida berilishi asl fikrni yetkazishga xizmat qiladi. “Birodar” so‘zi o‘rniga “akalar” kabi umumlashgan shakl beriladi. Tarjimonlar adibning asosiy maqsadi Olamu Odam yaxlitligini namoyon etishga intilish ekanini uqishga kirishadilar.

Ziyodulla tiynatidagi odamiylik, tantilik diqqatga sazovor. Qahramon odamlardan ko‘ra jonzotga ko‘proq talpinadi, unga qalbini bag‘ishlaydi, otini doston qilib kuylaydi. Ot ham o‘z navbatida xo‘jasini og‘ir damlarda falokat, o‘limdan qutqarib qoladi, ko‘pkarilarda chavandozni ehtiyot qilib avaylaydi. Insonning vah­shiy­ligi, johilligiga jonzot vafosi, jasorati qarshi qo‘yilib, ritmdagi ziddiyat namoyon bo‘ladi. Qorong‘i kechada qahramonning oti bilan dardlashishi, hasratlashishi o‘zgacha nur, jilva taratadi:

“Bo‘ldi, men endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukang bor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima g‘amim bor, Tarlon…

Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim…”

Qahramon otini tug‘ishgan jigari deb biladi, bundan ham ko‘ngli to‘lmay “qiyomatlik birodarim” deya uni eng yaqin, qadrdoni ekanligini e’tirof etadi. Muallif qadriyat, oliyjanoblikni inson va tabiat hamohangligida aks ettiradi.

“E, net Tarlan tы – moy starshiy brat. Otnыne ya ne budu ix nazыvat bratyami. Tы moy starshiy brat! Sprosyat pro mladshego brata, on u tebya yest – eto ya. Sprosyat pro starshego brata, on u menya yest – eto tы. O chem yeщe posle etogo gorevat?

E, net, Tarlan, tы – moy samыy istinnыy brat. Do samoy moyey smerti…”[2]

Tarjima jarayonida “ayo”, “bo‘ldi” so‘zlari o‘rniga “e”, “net” so‘zlari qo‘llanadi, fikrni to‘liq yetkazishga intilish kuzatiladi, qiyomatlik birodarim ifodasi kengroq ochiladi. Tog‘ay Murod so‘zlarni zid, takror, qofiyali usulda qo‘llab original tasvir yaratgan. Tarjimada buni aynan yetkazish uchun o‘zbek tili xususiyatini puxta o‘rganish talab etiladi. Tarjimonlar asar poetikasini o‘zlashtirib, ijodiy yondashuv asnosida ish yuritganlar.

Yozuvchining “Oydinda yurgan odamlar” qissasi ilk satridanoq musiqa, mayin kuy taraladi, insonga muhabbat tuyg‘usi anglashiladi, so‘zlar musiqaga moslashtiriladi:

“Quloq sol, momosi, quloq sol. Qayerdadir odam ovozi kelyapti…”

“Quloq sol” deya muhabbat dostonini tinglashga da’vat etadi. Asar boshidan adoq insonga mehr, ta’zim ruhi, ohangi bilan yo‘g‘rilgan.

Rus tilida “Babka, uxo razuy, slыshish? Vrode golos chey vetrom prineslo?” tarzida taqdim qilinadi. “Momosi” so‘zi o‘rniga “babka” varianti berilishi erkalash oti qo‘llanganini ko‘rsatadi.

Tarjimon bo‘zbola (parenek), sag‘ir (sirotka), otamiz (otets nash), onamiz (matushka), bobomiz (ded nash), momomiz (babka) deya taqdim qiladi. Suhbat Aflotuniy qissadagi xalq udum, an’analari (to‘y, kelinsalom, hayit) nomini aslicha qoldirib, mavsum hamda marosim qo‘shiqlari mohiyatini saqlagan holda taqdim etadi. U asardagi obraz, tarixiy shaxs, diniy marosimlar (folchi, shifokorga borish, avliyo­lar qabrini ziyorat qilish, ro‘za, laylatul-qadr) borasidagi ma’lumotlar genezisiga e’tibor qaratib, ba’zan ularga munosabat bildiradi. “Mulk” surasidagi oyat tafsirini ham kiritishga ahamiyat bergan mutarjim qissa strukturasini sinchiklab o‘rgangani ayon bo‘ladi.

Qahramondagi imon, diyonat, dunyo­qarashi, sa’y-harakati orqali yoritib boriladi. Qoplon ayoliga mehr rishtalari ila shu qadar mustahkam bog‘lanadiki, ularni hech kim ajrata olmaydi, ayoli yolg‘iz suyanchig‘i, tayanchi, darddoshiga aylanadi.

“Bobomiz so‘qmoqdagi so‘nggi qadamlarini bosa-bosa, oydindagi so‘nggi so‘zlarini ayta-ayta, yo‘llarida davom etdilar:

– Endi ketsak mayli!..”

Ayni damdagi xushnudlik holati takror ravishlar vositasida aniqroq tasvirlanadi, “so‘nggi qadami” uning adirlarni, hayotni tark etishiga ishora qilinadi. Mazkur qissa – insonga qasida, yurak-yurakdan silqib chiqqan musiqa. Hazin navo inson ichki kechinmalarini, qalb tug‘yonlarini yoritib, o‘quvchini ham dardni tuyishga, his qilishga majbur etadi.

“Posledniye shagi ded nash po tropke yele-ele delayet, posledniye slova v luche lunnom yele-ele bormochet, a put svoy prodoljayet. Teper i nam uyti mojno!”[3] deyilganda ohang, ma’noni to‘liq yetkazishga intilgan.

Adib Tog‘ay Murod asarlarida kitobxon didi, intellektual salohiyatini hisobga olgan holda voqelik tig‘iz va aniq bayon qilinadi. Muallif voqea-hodisani tasvirlashda, badiiy tadqiq etishda so‘z imkoniya­tidan unumli foydalanadi.

Ziyodulla kal otida adirdan yolg‘iz ketayotganda choyxonadagi mojaro sababchilari – bo‘zbolalarga duch keladi. Jinoyatchi bolalar uni rosa do‘pposlaydilar.

“Shunda… shunda ot kishnadi.

Kishnash ko‘rdim, kishnashlar ko‘rdim, ammo ushbu oqshomdagidayini ko‘rmadim.

Tarlon qahr, ham iztirob bilan kishnadi. Oqshom kishnashdan zir titradi”[4]. Tasvirida dramatizm kuchayadi.

“I tut ya uslыshal rjaniye. V etot raz rjaniye yego bыlo otrыvistыm i jalobnыm. Ot etogo rjaniya sumerki stali pechalnыmi, no samo ono bыlo yeщyo pechalnee sguщavsheysya tmы”. Ko‘rinadiki, tarjimon tig‘iz, siqiq jumla ma’nosini yoritishda batafsil mulohaza yuritishni ma’qul ko‘radi. Tog‘ay Murod takror orqali, tovush uyg‘unligidan unumli foydalanib, hissiy ta’sirchanlikni orttirib borgan, tarjimada ham mazkur usulga monand tasvir yaratishga intilingan.

Ziyodulla Tarloni bilan dardlashib ketadi. Shu tarzda asar xotimalanadi.

“Oydinda yurgan odamlar” asari syujeti g‘oyat maroqli. Boshlanishidagi nafis ohang Qoplon bilan Oymomo o‘rtasidagi samimiylik, mehr-oqibatni namoyon etadi.

Syujet chizig‘ida bir ko‘rinish e’tiborga molik. Qoplon adirda yolg‘iz qoladi.

“Qop-qora bulutlar Archako‘tal cho‘qqilarini chalib ketdi.

Shunda… shunda, bulutlar orasida bir chol paydo bo‘ldi. Chol ust-boshlari oppoq bo‘ldi. Soqollari-da oppoq bo‘ldi”[5].

Mazkur lavha ham afsona-ertak janrlari yo‘sinida jonlangan. Zulmatdan yorug‘likning taralishida ziddiyat mavjud. Ranglar: oq va qora – ma’no farqlanishiga, manzara, tabiat tasviridagi jozibani namoyon etishga xizmat qiladi.

“Zavolokli chyornыe tuchi vershinы Archakutala.

I tut… i tut sredi samыx tuch starets pokazalsya. Odejda na nem vse belaya-belaya. Boroda belaya-belaya”[6].

Tarjimon rang vositasida ramziy ifodaviylikni ilg‘ab, u orqali ma’lum ma’no qirralarini yetkazishga harakat qilgan.

Oymomoning beshik tebratib, alla aytishida dardlar sirtda namoyon bo‘ladi:

“Allada Sherobod dashtlariday anqillab yotmish ko‘ngil nolasi bo‘ldi.

Ko‘ngil dardi bo‘ldi, armoni bo‘ldi.

Ko‘ngil fojiasi bo‘ldi!”[7]

Ruschada “V kolыbelnoy vsya serdechnaya pechal, kak Sherabadskiye stepi, neob’yatnaya, vsya vыplyoskivayetsya.

Vsya bol serdechnaya, vsya toska po nesbыtochnomu, vse gore matushkino” tarzida keltirilib, “nola”, “dard”, “armon” so‘zlari mohiyati qamrab olinadi. “Fojia” tasvirning avj nuqtasi, ma’no kuchaygan o‘rin, “gore matushkino” iborasi ayni ayol dardi ekanini aniq ifodalagan.

Adib xalq og‘zaki ijodi janrlaridan voqealar rivojiga turtki berish hamda personaj ahvol ruhiyatini mantiqiy asoslashda foydalanadi. Syujet chizig‘ida o‘lan, yor-yorlar ravonlik, soddalikni, maqollar yaxlit fikrni, xalq qo‘shiqlari munglilik, ba’zan jo‘shqinlikni, rivoyatlar kuchli mantiqiylikni ertak, afsona yo‘sinidagi epizodlar sirlilik, obrazlilikni yuzaga keltirib, o‘ziga xos ko‘lamdorlik, ifodaviylikni uyg‘un biriktiradi.

Yozuvchi dunyoqarashi, asosiy maqsadini xarakter negiziga singdiradi, u orqali mohiyatni yoritishga intiladi. Zero, “Xarakter deganda esa muayyan davr va muhit kishilariga xos eng muhim, xarakterli umumiy xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos xususiyatlarni o‘zida uyg‘un mujassam etgan obraz nazarda tutiladi”[8] .

Har bir yozuvchining xarakter yaratish mahorati o‘zgacha. Yozuvchi Ziyodulla kal misolida ham insoniy fazilatlarni yoritadi. Ziyodulla asli cho‘pon, do‘mbira chalib, ashula aytadi. Qir-adirlarda poda boqib kuylashi fitratidagi bag‘rikenglik, musaffolikni namoyon etadi. Xarakteri tabiatan afandinamo – kulgi, kesatiq, sarguzashtlari diqqatga sazovor. Muxbir bilan suhbatda:

“ – Anavi to‘ng‘ich akangizning qo‘ylari bo‘lmaydi! Bari o‘ziday kaltafahm! Sizning qo‘ylaringiz shunday dono, shunday o‘qimishli… Hay-hay-hay, sadag‘asi ketsang, muxbirning qo‘ylarining!!”[9] – deydi.

Muxbir takabbur, doim o‘z manfaatini ko‘zlaydigan shaxs. Atrofdagi insonlarga past nazar bilan qaraydi. Ziyodullaga ham shunday munosabatda bo‘lganda qahramon o‘zining kamsitilishi, mazax qilinishiga yo‘l qo‘ymay, uni ustalik bilan mot qiladi. Qahramon nutqidagi tabiiylik, muhimi undagi ifoda tarzi ham Ziyodulladagi hozirjavoblik, zukkolikni namoyon etadi.

“Ovtsы vashego starshego brata nikudыshniye. Vse v nego, tupыe. A vashi ovtsы vse takiye umnыe, smыshlenniye… Da prinesut menya v jertvu za ovets korrespondenta!”[10] Tarjimada “sadag‘asi” so‘zi qurbon keltirish ma’nosida qo‘llanishi gap mazmunini noto‘g‘ri ifodalashga sabab bo‘lgan.

Tarlon – Ziyodulla kal qalbining bir parchasi. Ziyodulla kal oti chavandozlar ichida sharmanda qilganda, undan voz kechmoqchi bo‘ladi.

Biroq: “Shunday deyishga dedim. Ana, dedim. Ammo ko‘nglim tub-tubida nimadir… nimadir bir nima mayda-mayda ushoq bo‘lib-bo‘lib ketdi. Tarlon uchun ich-ichimdan rahmim kelib-kelib ketdi…”[11]

Mazkur satrlardagi sokin ohang qahramon ruhiyatini, qalb iztirobini his qildiradi. Takror so‘zlar (“tub-tubida”, “ich-ichidan” –ravish, “mayda-mayda” – sifat, “bo‘lib-bo‘lib, kelib-kelib” – fe’l) holatni izchil tasvirlashga xizmat qiladi. Ushoq asli mayda bo‘ladi, tasvirda “mayda-mayda” ushoq qo‘llangani ta’sirli badiiy manzara yaratgan. “Nimadir, nimadir” – u mazkur holatni, dilidagi og‘riqni so‘z bilan ifodalashga ojiz, bunda pauza ham kechinmani chuqur his ettirishga xizmat qiladi.

Tarjimada: “V dushe u menya lopnulo chto-to i rassыpalos na melkiye- melkiye kusochki. Jalko mne stalo Tarlana”[12].

Muallifning “Oydinda yurgan odamlar” qissasida ham Qoplon pok tuyg‘ular kuychisi sifatida talqin qilinadi. Nutqidagi samimiylik, “momosi”, “ayolimiz” deya murojaat qilishi ayollarga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasi. Jumla qurilishida ham ruhiy holatni his qildirishga yo‘naltirilgan chizgilar beriladi:

“– Ko‘zlaringga boqishlarim… boqishlarimizning o‘zi bir doston, momosi”[13].

Ko‘z ko‘zga tushsa, mehr tovlanadi. “Boqishlarim” so‘ziga urg‘u berilishida hikmat bor, bunda qadrdon, suyukli, aziz yorga vafodorlik, sadoqat tajassum topadi. Birgina shu e’tirofda qancha surur, qancha tarovat.

Qoplon portreti roviy tomonidan ancha batafsil tasvirlanadi: “Bo‘zbola yelkador, pishiqqomatlik bo‘ladi. Kulcha yuzlarida chuqur-chuqur kuldirgichlari bo‘ladi. Qo‘y ko‘zlik, siyrak qoshlik bo‘ladi”. Qomati, yuz ifodasi aniq aks ettiriladi, bunda alohida belgilarga ham e’tibor beriladi. Tasvirda saj’dan ham foydalaniladi, “bo‘ladi” fe’li takrori fikr davomiyligi, izchilligini ko‘rsatadi.

Tarjimada: “V plechax shirok i slojen ladno. Litso kak lepyoshka, ulыbnyotsya-yamochki na щekax. Volookiy, brov tonkaya, osanka gordaya-gusinaya”[14] shaklida portet chizgisi beriladi, ammo “lepeshka” so‘zi g‘alizlik keltiradi.

Ayolga xos go‘zallik, nafosat portret yaratish jarayonida yodda tutiladi. Momosuluv tasvirida tajohuli orif san’ati qo‘llangan: “Yuzlari kulchadaymi yo suluvmi? Ko‘zlari qorami yo zig‘ir gulidaymi? Qoshlari quyuqmi? Quyuq bo‘lsa, qayrilmami?”[15] Qiz qiyofasi ta’rifida yuz, ko‘z, qosh ifodasida obrazlilik, so‘roq ohangi yetakchi. Muallifning maqsadi ta’rif yo tavsif vositasida mahbuba suratini izchil chizishga qaratilgan.

Ruschada ayol portreti bu shaklda beriladi: “Krasavitsa ona ili litso u neyo, kak lepyoshka? Chernыe u neyo glaza ili golubыe, kak tsvetok? Gustыe li u neyo brovi? A yesli gustыe, to izgibayutsya li dugoy?”[16]. Bu lavhada ham “kulcha” so‘zi o‘rniga “lepyoshka” so‘zi qo‘llanishi noo‘rin, boisi inson chehrasini bunday ta’riflash salbiy bo‘yoqdorlikni keltiradi. O‘zbek tilida “kulchaday” deganda dumaloq yuz tasviri gavdalanadi, bu o‘rinda “krugloye” deya erkin yondashilsa to‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lardi.

Oymomo portretida roviy hayrati, hayajonini yashirmaydi:

“Sag‘ir bir qiz bo‘ldi, bir qiz bo‘ldi-e!!

Sarvqad bo‘ldi.

Suluv yuzlarini oppoq desak, bizning haqimiz ketadi. Qorachadan kelgan desak, qizning haqi ketadi.

Bug‘doyrang bo‘ldi.

Barchin yuzli bo‘ldi, saraton yulduzli bo‘ldi»[17].

Jumlalarning yangi satrdan boshlanishi, “s” va “b” tovushi jarangdorligi, saj’ qo‘llanilishi barchin yuzli, saraton yulduzli; bo‘ldi fe’liga urg‘u berilishi – barchasi ohangdoshlikni yuzaga keltirgan. Tasvirda ruju’ san’ati, ya’ni avvalgi satrdagi ta’rifni keyingi satrda yanada kuchliroq, to‘liqroq, aniqroq ifodalangani namoyon bo‘ladi.

“A ved sirotka devushkoy bыla, i kakoy!

Kiparis odnim slovom!

Litso yeyo belosnejnыm nazvat – protiv pravdы pogreshit, smuglыm nazvat – devushku obidet.

Kak spelaya pshenitsa vot kakogo tsveta!

Sama polnoy lunoy siyayet, saratanskoy zvezdoy mertsayet”.

Tarjimon adib tasviriga hamohang lavha topishda ma’no va ohang uyg‘unligini saqlashga intiladi. O‘xshatish, jonlantirish tajohuli orif yoxud ruju’ kabi san’atlar portretdagi tiniqlik jozibaning yuzaga chiqishiga turtki bergan. Asarlarda portretlarga qahramon yo roviy nigohi orqali chizgi tortiladi. Tog‘ay Murod mumtoz adabiyot an’analarini nasrda davom ettirdi, she’riy san’at jozibasini nasriy matnda namoyon etdi.

Adib so‘zdan tejab-tergab, oqilona foydalanadi. Siqiq jumlalar qatiga keng ma’no ko‘lamini singdiradi. Asarlar tahlilida tig‘iz, ammo teran ifoda, mantiqiy-izchil tasvir, falsafiy-estetik qarashlar ko‘zga tashlanadi.

Tarjimonlar asarlarni rus tiliga o‘girish jarayonida har bir so‘z ustida mehnat qilgani ayon bo‘ladi. Ular toponim, bayramlarni sof holida qoldiradi. Qissalarda so‘z o‘yini, takrori orqali ma’no bo‘rtib ko‘ringan lavhalarni aniq yetkazish maqsadida bir jumla o‘rnida ikki yo undan ortiq qo‘llaydi. O‘zbek millatiga xos udumni, an’anani to‘liq yetkazib berish murakkabligi bois fikrlarga ilova kiritiladi. Ba’zan ma’no bir oz o‘zgarsada matn mohiyatiga putur yetmaydi. Ko‘rinadiki, tarjimonlar Tog‘ay Murod asarlari ruhiga kirib, uslubini o‘rganib, ijod qilganlar.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 11-son

–––––––––––––––––

[1] Feller. M. Struktura proizvedeniya Feller M. Struktura proizvedeniya – M.Kniga. 1981. s. 90.

[2] Tagay Murad.Tarlan. M. RIPOL klassik, 2018. s. 134.

[3] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 315

[4] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 214-b.

[5] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 313-b.

[6] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 78.

[7] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 347-b.

[8] Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. Andijon. Hayot. 20002. 69-b.

[9] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 112-b.

[10] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 37.

[11] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 183-b.

[12] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 99.

[13] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 327-b.

[14] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 138.

[15] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 103-b.

[16] Tagay Murad. Tarlan. M. RIPOL klassik. 2018. s. 9.

[17] Tog‘ay Murod. Ot kishnagan oqshom. T. Sharq. 1994. 222-b.