Himoya jarayonidagi o‘ylar
Istiqlol davrida nufuzli ilmiy kengashlarda yoqlanayotgan dissertatsiyalar va dissertantlarga qo‘yilayotgan talablar oshirilib, ilmiy daraja berish tizimini takomillashtirish choralari ko‘rilgani ayni muddao bo‘ldi. Jumladan, fan nomzodi, xususan, doktorlik ilmiy darajasini olishga da’vogar tadqiqotchi albatta xorijiy tillardan kamida bir-ikkitasini mukammal bilishi, xorijiy tillarda ilmiy ma’ruzalar qila olishi, maqolalar bilan xorijiy matbuotda chiqishi shart qilib qo‘yildi.
O‘tgan yili Til va adabiyot instituti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda dissertantlar oldiga qo‘yilgan yangi talablar muhokamasi chog‘i ayrim hamkasblarimizning bo‘lg‘usi fan nomzodi va doktorlari xorijiy matbuotda ilmiy maqolalar bilan chiqishi zarurligi fan yo‘liga g‘ov soladi, degan iddaolarini eshitib, rosti ranjigandim. Bu talab, aksincha, fanimiz rivoji, fan kishilari kamoloti uchun yo‘l ochadi-ku, axir. Busiz fanimiz jahon maydoniga chiqishini tasavvur etish qiyin. Shunisi quvonarliki, o‘z vaqtida ko‘rilgan bu jiddiy choralar ilk samaralarini bera boshladi. O‘tgan yil oxiri, yangi yil boshlarida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan uchta dissertatsiya himoyasi, menimcha, bu sohada burilish, yangi bir bosqich boshlanayotganidan dalolatdir.
Badiiy ijodning boshi folklordadir, degan naql bor. Adabiyotshunoslik bo‘yicha himoyalar bobidagi yangi shabadalar ham ayni folklorshunoslikdan boshlandi. 2010 yil 22 dekabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash yig‘ilishida iqtidorli yosh adabiyotshunos Jabbor Eshonqulov “O‘zbek folklorida tush va uning badiiy talqini” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Avvalo, dissertatsiya va avtoreferat puxta, mukammal, ko‘rkam tarzda tayyorlangan. Dissertant mavzu yuzasidan o‘zimizda ikkita monografiya, 30 maqola, xorijda esa o‘ndan ortiq maqola e’lon qilgan, xalqaro anjumanlarda 12 bor ma’ruza o‘qigan. Germaniya, Turkiyadan tortib deyarli barcha turkiyzabon mamlakatlar yetakchi olimlaridan taqrizlar olingan, ularda mazkur tadqiqot muhim ilmiy yangilik, deb e’tirof etilgan.
Dissertant inson hayoti va ruhiyati bilan bog‘liq g‘oyat muhim hodisa — tushning folklordagi talqinini tekshirishga kirishar ekan, avvalo, uni umumturkiy, qolaversa, umumjahon folklorshunosligi, jahon yozma adabiyoti kontekstida olib qaraydi. Bugina emas, tushning ilmiy o‘rganilishi, u haqdagi mifologik qarashlar, Sharq va G‘arb falsafasi, ruhshunoslik, tarix ilmidagi talqinlar haqida batafsil to‘xtaladi; Qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif, “Ta’birnoma”dan tortib yana ko‘plab noyob manbalardagi g‘oyat qimmatli talqinlarga murojaat etadi. Imom G‘azzoliyning tush “Odam o‘g‘li fitratining g‘aroyibotlaridandir”, degan fikri bilan XX asrning mashhur ruhshunosi Freyd va uning izdoshlari qarashlarida mushtaraklik borligini aniqlaydi. Yozma adabiyotdagi tush talqini ustida gap ketganda “Shoh Edip”dan tortib T.Mann, F.Kafka, U.Folkner, X.L.Borxes, X.Kortosar, shuningdek, bugungi milliy adabiyotimizning qator namunalariga murojaat etadi. Ishning “O‘zbek xalq ertak va dostonlari strukturasida tushning tutgan o‘rni”, “Tush semantikasi va badiiy vazifalari” boblari g‘oyat maroqli chiqqan.
Yana shunisi e’tiborliki, ishda mavzuga oid o‘zimizdagi va xorijdagi ko‘plab ilmiy adabiyotlar qamrab olingan; dissertant o‘zgalar fikrini shunchaki eslash bilan cheklanmaydi, o‘rni kelganda ular bilan bahsga kirishadi, o‘z mustaqil qarashlarini ilgari suradi; ko‘zlangan maqsaddan kelib chiqib: “Unda birinchi marta mavzumiz doirasida psixoanalitik metodni o‘zbek folkloriga nisbatan qo‘llashga harakat qildik. Bundan tashqari, tadqiqotda qiyosiy-tipologik va tarixiy-qiyosiy tahlil metodlaridan keng foydalandik”, deb yozadi muallif. Aslida dissertant ishda o‘zi tilga olgan tahlil metodlari bilangina cheklanib qolmagan, hozirgi adabiyotshunoslik fanidagi mifologik, lingvistik, struktual metodlardan ham keng foydalangan. Muhimi, folklorshunos tadqiqotchi o‘z fani qobig‘i bilan cheklanib qolmay, milliy yozma adabiyot tarixi, zamonaviy adabiy jarayon, jahon adabiyoti va nazariyasi, ruhshunoslik, falsafa, tarix dunyosida o‘zini g‘oyat erkin his etadi. Aminmanki, u istagan mamlakat olimi, ijodkori bilan bu borada bemalol yuzma-yuz turib bahslasha oladi. Mustaqil yurtning, XXI asrning olimi — fan doktori shunday bo‘lishi kerak-da, axir!
Oradan bir oy o‘tib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi adabiy aloqalar, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik bo‘yicha ixtisoslashgan kengashda Muhabbat Sharafutdinovaning “XX asr o‘zbek romanchiligi hikoya tarzining o‘ziga xos xususiyatlari (jahon adabiyoti kontekstida)” mavzusidagi tadqiqoti himoyasi bo‘lib o‘tdi. To‘rt yarim soat davom etgan himoya majlisida ishtirok etganlarning birortasi tirband zalni tark etmay o‘tirdi. Dissertantning batafsil ma’ruzasidan so‘ng rasmiy opponentlar chiqishlarida, kengashga yo‘llangan 20dan ortiq taqrizlarda, shuningdek, muhokamada ishtirok etgan o‘nga yaqin mutaxassislar nutqida bildirilgan barcha mulohazalar xususida o‘zining lo‘nda, dadil, aniq-ravshan fikrlarini aytdi, berilgan savollar qaysi tilda bo‘lsa, o‘sha tilda javob qaytarildi. Birorta masala, savol ochiq qoldirilmadi. Himoya jarayoni dissertant uchun o‘zi kashf etgan yangi qarash, g‘oyalarning chin ma’nodagi himoyasi tarzida o‘tdi.
Mazkur tadqiqot, avvalo, ikki jihati bilan ajralib turadi. Shu paytga qadar XX asr o‘zbek romani taraqqiyoti tamoyillari, xususan, poetikasiga bag‘ishlangan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalaridan farqli o‘laroq, M.Sharafutdinova o‘z ishida shu davr o‘zbek romani hikoya tarzi strukturasini maxsus tadqiq etishga jazm etadi. Roman janri poetikasida muhim o‘rin tutuvchi ayni shu muammoni — milliy roman strukturasidagi yangilanish jarayonini jahon adabiyoti kontekstida — jahon romanchiligining nodir namunalari bilan qiyosan tahlil etish yo‘lidan boradi.
To‘g‘ri, adabiyotshunosligimizda Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, A.Qahhor romanlarini J.Zaydon, V.Skott, J.London, A.Pushkin, L.Tolstoy, Chexov, M.Gorkiy, M.Sholoxov asarlari bilan qiyosiy o‘rganishga urinishlar bo‘lgan, lekin ular ko‘proq g‘oyaviy-mafkuraviy yo‘nalishda, personajlardagi mushtarakliklar qiyosi tarzida edi. T.Jo‘rayevning o‘zbek nasridagi “ong oqimi”ga oid nomzodlik dissertatsiyasini mustasno etganda milliy romanchiligimiz poetikasini jahon adabiyotidagi yangi badiiy-poetik jarayonlar bilan qiyosiy tadqiq etuvchi jiddiyroq ish qilingan emasdi. Shu holat nazarda tutiladigan bo‘lsa, M.Sharafutdinovaning tadqiqoti har jihatdan tahsinga sazovor. Ikki asr burun paydo bo‘lgan “jahon adabiyoti” atamasi hozirga kelib “adabiy globallashuv”, “umuminsoniy adabiyot” pallasiga qadam qo‘yayotgan bir paytda bu turdagi tadqiqotga ehtiyoj katta.
Ma’lumki, o‘zbek adabiyoti ming yillar davomida aynan Sharq xalqlari adabiyoti an’analari doirasida, asosan arab, fors, qisman, hind adabiyotlari bilan hamkorlikda, islom dini falsafasi, tasavvuf ta’limoti ta’sirida rivojlandi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida u yangi bir ma’naviy olamga, Ovropa madaniyati, adabiyoti tajribalariga yuz o‘gira boshladi. Davrning taraqqiyparvar siymolari har bir sohada yangilanishga ehtiyoj sezdilar va bu yo‘lda faol harakat qildilar. Zamonaviy adabiy janrlar — hikoya, roman, drama, she’riy shakllarda qalam tebratgan va bu shakllarning yetuk namunalarini yaratgan allomalar — jumladan, A.Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, A.Qahhor jahon adabiyotidagi jarayonlardan chuqur xabardor edilar; ular faqat adabiyot va adabiyot ilmidagi yangilanishlar emas, san’at, ruhshunoslik va falsafadagi yangiliklardan ham yaxshi xabardor edilar. Qodiriy va Cho‘lpon eski maktab, madrasa bilan barobar rus-tuzem o‘quv yurtlarida ta’lim olgan, har ikkisi ham bolaligidanoq rus tilini mukammal egallagan, so‘ng Qodiriy Moskvadagi Bryusov nomidagi Adabiyot institutida o‘qigan, Cho‘lpon esa 1924-27, 1931-34 yillari Moskvada yashagan, ishlagan, “Kecha va kunduz” romani ayni o‘sha muhitda yaratilgan edi.
Dissertant Qodiriy va Cho‘lpon romanlarining hikoya tarzi strukturasini jahon adabiyoti kontekstida tekshirishga jazm etar ekan, bunda hech qanaqa atayinlik, zo‘rma-zo‘rakilik yo‘q. Har ikki muallif ham jahon adabiyoti adabiy tafakkuri darajasida turib qalam tebratganlar. Har ikki adibning o‘sha kezlari bitgan adabiy-tanqidiy maqolalari, chunonchi, Qodiriyning S.Husayn bilan munozarasi, realizm, futurizm, impressionizm kabi oqimlar xususidagi fikrlari, Cho‘lponning Meyrxold teatri, R.Tagor haqidagi maqolalariyoq ularning ma’naviy, adabiy saviyasi naqadar yuksak, zamonaviy jahon adabiy tafakkuri darajasida ekanligini tasdiqlaydi. Shu darajaga ko‘tarilgan qalamkashlargina “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”dek yetuk zamonaviy romanlarni yaratishi mumkin edi. Zamonasining har jihatdan yetuk boshqa bir adibi A.Qahhor Qodiriy romanlarini “yangi davr adabiyoti gazi bilan o‘lchaganda ham to‘laqonli asarlardir”, deganida to‘la haq.
Bu gaplarni aytishdan maqsad shuki, M.Sharafutdinova “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz” romanlari talqinini qo‘yilgan muammo tahlilidan boshlaydi, mavzuga oid ilmiy adabiyotlardan iqtiboslar keltiradi, nazariy asos sifatida M.Baxtin qarashlariga tayanadi; ammo mualliflarning o‘z ijodiy tajribalari, adabiy printsiplariga oid qarashlari, g‘oyat ibratli fikr-mulohazalaridan deyarli foydalanmaydi. O‘.Hoshimov, O.Muxtor ijodiga oid bob va fasllarda ham shu hol ko‘zga tashlanadi. Yutuqlar bilan bir qatorda ishning bu kamchiligi ham aytib o‘tildi.
XX asr o‘zbek romanchiligida hikoya tarzi strukturasi jihatidan jahon adabiyoti namunalari bilan qiyosan tadqiq etishga arzigulik asarlar bisyor, ammo bir dissertatsiya doirasida ularning barchasini qamrab olish imkoni yo‘q. Shuni nazarda tutgan holda ishda XX asr o‘zbek romanchiligidagi ko‘tarilgan muammoga oid jarayonlarni namoyon etadigan ayrim asarlar tahlil doirasiga tortilgani, menimcha, maqsadga muvofiq. “O‘tkan kunlar” romanidagi roviy — muallif hikoyasi, maktublar, etnografik tafsilotlar, qistirma janrlar (she’r, novellalar), personajlar nutqi, ichki monologlar ifoda tarzi batafsil tahlil etilgan, ayniqsa, maktublar tahlili, roman tilidagi musiqiylik chiroyli tahlil etilgan. “Kecha va kunduz” hikoya tarzidagi kinoya-kesatiqlar N.Gogol asarlari bilan qiyoslangan. O‘.Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani bilan U.Folknerning “O‘lar chog‘imda” romanlaridagi polifonik ifoda tarzidagi mushtaraklik va farqli jihatlar tahlili maroqli chiqqan. “Tushda kechgan umrlar” romani “Asrga tatigulik kun” asari bilan qiyosan tekshirilgan. Roman strukturasidan o‘rin olgan hikoyachi personajning esdaliklari, tushlari, maktub, hujjat, kundaliklari asarda ijtimoiy ohanglar rang-barangligini ta’min etganligi teran tahlillar orqali ko‘rsatilgan. O.Muxtorning “Ming bir qiyofa” asari hikoya tarziga xos rang-baranglik M.Bulgakovning “Usta va Margarita”, F. Kafkaning “Jarayon” romanlari bilan qiyosan tadqiq etilgan. Tahlillar orqali A.Qodiriy, A.Cho‘lpon, O‘.Hoshimov, O.Muxtor romanlari poetik dunyosi Sharq va G‘arb badiiy sintezining g‘oyat maroqli estetik namoyishidir, degan xulosaga kelingan.
XX asrning mohir romanshunoslari M.Baxtin, X.Ortega-i-Gasset qarashlariga tayangan holda XX asr o‘zbek romani hikoya tarzini jahon adabiyoti kontekstida tadqiq etishga qaratilgan ushbu tadqiqot kishida iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi; XX asr o‘zbek adabiyotida sho‘ro davri istibdodi-tazyiqlariga qaramay, yangi davr jahon adabiyoti nodir namunalari bilan bemalol bo‘ylasha oladigan asarlar yaratganligini, milliy adabiyotimiz shunchaki “ko‘pmillatli sovet adabiyotining tarkibiy qismi” emas, jahon yangi adabiyotining uzviy qismi tarzida rivojlanganligini yana bir karra tasdiqlaydi; bunday muhim qarashni, ilmiy kontseptsiyani kelgusida yana davom ettiradigan yangi tadqiqotlar uchun yo‘l ochadi. Tadqiqotning rus tilida yozilgani o‘zbek romanchiligi maktabi darajasi, ko‘lami xususida jahon adabiy-ilmiy jamoatchiligini xabardor etish yo‘lidagi dadil qadam ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Qani endi shu tarzdagi tadqiqotlar ingliz, ispan, frantsuz, yapon tillarida ham paydo bo‘lsa!..
Quvonarli jihati shundaki, mazkur dissertatsiyada ilgari surilgan bu muhim kontseptsiya ayni shu ilmiy kengashda oradan 20 kun o‘tib himoya qilingan Zamira Qosimovaning “Olam va odam kontseptsiyasi milliy va jahon adabiyoti an’analari prizmasida (A.Fitrat, A.Qodiriy, A.Cho‘lpon ijodi misolida)” tadqiqotida yangicha aspekt, o‘zgacha tahlil va talqinlar orqali davom ettirildi. Olima Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon asarlarida olam va odam kontseptsiyasi adiblarning diniy-falsafiy dunyoqarashlari, Sharq va G‘arb mumtoz adabiyoti, ma’rifatchilik davri madaniyati ta’siri ostida shakllanganini, ijod ahli o‘z davrining hayot-mamot ahamiyatiga molik muammolari yechimi, talqinida jahon tajribasiga ijodiy yondashganini aniq dalillar orqali ko‘rsatadi. Xuddi J.Eshonqulov, M.Sharafutdinova kabi Z.Qosimova ham mavzu yuzasidan xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar o‘qigan, AQSh, Rossiya, Belorusiya matbuotida qator maqolalar e’lon qilgan.
Muallif o‘z tadqiqotida Qodiriy, Cho‘lpon asarlari tahlili chog‘i ona tilidagi matnga tayanib ish ko‘rgan, asliyatga xos benazir ifoda, mo‘jizakor ruh bilan tanishish asnosida qalbida jo‘sh urgan hayrat, zavq-shavqini rus tilida izhor etishga uringan. Har ikki tadqiqotchi ham bu ikki alloma asarlarining, ayniqsa, “O‘tkan kunlar”ning rus tiliga tarjimasi nochor ahvolda ekanligini ta’kidlaydilar, ko‘p hollarda fikr-qarashlari tasdig‘i uchun asardan olingan ko‘chirmalarni o‘z tarjimalarida berishga majbur bo‘lganlar. Eng yomoni, “O‘tkan kunlar”ning jahon tillariga tarjimalari rus tilidagi nochor tarjimalar asosida ado etilganini Z.Qosimova o‘z ishida afsus-nadomat bilan aytib o‘tadi. Eng keyingi ruscha tarjima asliyatga ancha yaqin bo‘lsa-da, baribir, asliyatdagi ruh yetarli ifodasini topmagan. Buni-ku tushunish mumkin. Ikki til, ikki xil hayot tarzi orasidagi masofa xiyla uzoq. Endi mana bu holatga nima deysiz: Sharqshunoslik institutida ta’lim olgan nabiram “O‘tkan kunlar”ning turkchaga tarjimasi ustida bitiruv ishi yozdi. Roman tarjimasini asliyat bilan satrma-satr solishtirish asnosida har qadamda chalkashlik, asliyatdagi ma’no va asl ruhni buzish hollariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Birgina misol: bir o‘rinda Qutidorning o‘z ayoliga o‘zbek udumiga ko‘ra qizi nomi bilan murojaati — Kumushga murojaat tarzida beriladi. Tasvirdagi bu kabi nafis, latif jumlalar, nozik so‘z o‘yinlari buzib beriladi yo tushirib qoldiriladi yoki quruq axborotdan iborat qilib qo‘yiladi… Nahotki, milliy adabiyotimiz durdonasi tili, dili va hayot tarzi jihatidan yaqin qardosh tilga shu tarzda o‘girilsa! Turkiyada bo‘lganimda turk hamkasblarimizdan “O‘tkan kunlar” tarjimasi xususida taassurotlarini so‘raganimda, ular negadir loqayd javob berganlarida ajablangan edim. Keyin ma’lum bo‘ldiki, buning sababi benazir romanning tarjimasi nochorligida ekan… Holbuki, yangi turk adabiyotining nodir namunasi “Choliqushi” bizda qanchalar mushhur. Buning sababi ayon: mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy uni qoyilmaqom qilib o‘zbekchalashtirgan, asarning asl ruhini, butun nafosatini o‘zbek kitobxoniga yetkaza bilgan. Tajriba bot-bot shundan dalolat berayotirki, I.G‘afurov aytganiday, tarjimon tilda yozuvchiga teng yozuvchi, shoirga teng shoir bo‘lgandagina, asliyat tarjimasi asliyatga tenglashadi.
Bu dissertatsiyalar faqat ikki roman emas, XX asr milliy adabiyotimizning jahon yangi adabiyoti yetuk namunalari bilan bo‘ylasha oladigan boshqa ko‘plab namunalarini tarjimada jahon tillariga bor holicha berish san’ati bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib qolayotganiga yana bir bor jamoatchilik e’tiborini tortishi bilan ham ahamiyatlidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 9-sonidan olindi.