Adib hayotining o‘qilmagan sahifalari
Ulkan so‘z san’atkori Qodiriy 1937 yil 31 dekabrda hibsga olinganidan so‘ng, to 1956 yilga qadar, salkam yigirma yil davomida, uning tabarruk nomini tilga olish imkoni bo‘lmadi, faqat adibning o‘zi emas, asarlari ham qatag‘on qahriga uchrab, bu buyuk zot ijodiy merosi, qismati haqidagi bor haqiqat sir saqlandi. Mustabid hukmdor vafotidan so‘ng, ayniqsa, ellik oltinchi yili, uning mudhish kirdikorlari oshkor etilgach, ko‘plab qatag‘on qurbonlari qatori Qodiriy sha’nini qayta tiklash, ijodiy merosini xalqqa qaytarish, adib fojiaviy qismatiga oid bor haqiqatni yuzaga chiqarish harakati boshlandi. Bu qutlug‘ ishda haqiqatparvar, qalbi pok, fidoyi davlat arboblari, adiblar, jurnalist, adabiyotshunos olimlar qatori yozuvchining sadoqatli farzandlari – Habibulla Qodiriy bilan Mas’ud Abdullayevning xizmatlari beqiyosdir. Har ikkalovi ham so‘nggi nafasiga qadar, ota sha’nini o‘rniga qo‘yish fikri-yodi bilan yashab o‘tdilar. Habibulla Qodiriyning hayotligida ikki bor chop etilgan “Otam haqida” deb nomlangan xotiralar kitobi, umri so‘nggida yozilib, vafotidan so‘ng “Yoshlik” jurnalida e’lon etilgan “Qodiriyning so‘nggi kunlari” hujjatli xotira qissasi, Mas’ud Abdullayevning bir qator xotiralari qodiriyshunoslikning bebaho hujjatlari bo‘lib qoldi. Ular yoniga adabiyotshunos olimlar, fidoyi publitsistlar, yozuvchilarimizning ulug‘ adib qismatiga oid maqola, esse, tadqiqot, risolalarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, bu borada, ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilganligiga guvoh bo‘lamiz. Istiqlol yillariga kelib, qodiriyshunoslik ko‘lami yanada kengaydi, teranlashdi, adib haqidagi bor haqiqatni aytish uchun keng yo‘l ochildi.
Shunga qaramay, afsus, hanuzga qadar Qodiriy hayoti, faoliyati, uning fojiaviy qismati, xususan, Moskvada Valeriy Bryusov nomli Adabiyot institutida o‘qigan davri, shoh asarlari – “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining dunyoga kelish tarixi, adibning ularga material yig‘ish uchun Qo‘qon va Marg‘ilonga qilgan safarlari, shuningdek, 1936 yilgi Qozon safari tafsilotlari yetarlicha yoritilgan emas. Ayniqsa, adib umrining poyoni – uning qayerda, qay tarzda qatl etilgani, tabarruk jismi – xoki-poki qayerda ekani hanuzgacha aniqlangani yo‘q. To‘g‘ri, Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi arxivida saqlanayotgan “Abdulla Qodiriy ishi”da o‘limga mahkum qilinganligi to‘g‘risidagi sud hukmi 1938 yil 4 oktyabrda ijro etilgani haqida aniq hujjat-ma’lumot mavjud. Ammo u qayerda, qay tarzda amalga oshirilgani xususida ishonchli hujjat yo‘q. Kuyunchak adabiyotshunos olimlar, jumladan, Sobir Mirvaliyev bu jumboqni aniqlash yo‘lida ko‘p sa’yi harakatlar qildi, olimning 2004 yili “Fan” nashriyotida chop etilgan “Abdulla Qodiriy” kitobining “Qatag‘on fojialari” bobida ana shu sa’yi harakatlar jarayoni batafsil yoritilgan. Ammo ularni uzil-kesil haqiqat deb qabul qilish qiyin. Kamina ham bu borada, ba’zi urinish-surishtirishlar qilganman, Habibulla aka, Mas’ud akalar yiqqan ma’lumotlar bilan tanishganman. Qayta-qayta o‘ylab, sarhisob qilib qarasam, ayni shu jumboqqa oid Mas’ud aka so‘zlab bergan voqea, garchi uzil-kesil hukm deyish uchun asos bo‘la olmasa-da, mavjud ma’lumotlarga, muhimi, Sobir Mirvaliyev surishtiruvlari natijalariga yaqinligi, ularni bir qator yangi tafsilotlar bilan to‘ldirishi jihatidan qimmatlidir. Xotiramda saqlanib kelayotgan bu nodir tafsilotlarni Mas’ud aka Abdulla Qodiriy tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan anjumandagi chiqishida, jamoatchilik oldida muxtasar tarzda bayon qilib, shu sohaga daxldor mas’ul xodimlardan hanuz mavhumligicha qolayotgan jumboqni hal etib berishlarini iltimos qilgan edi… Ertasi kuni Mas’ud aka bilan uchrashuvda, mazkur masalaga oid o‘ziga ma’lum tafsilotlarni qog‘ozga tushirib, matbuot orqali e’lon etishni maslahat bergan edim. U bunga rozi bo‘lgan edi. Ammo natijasini ko‘rmadim. Ular qog‘ozga tushganmi-yo‘qmi noma’lum. Ehtimol, bu mash’um hodisani qog‘ozga tushirish uchun yuragi dov bermagandir. Bu orada, Mas’ud aka ham olamdan o‘tdi, o‘sha anjumandagi Mas’ud aka nutqini tinglaganlar safi ham tobora kamayib boryapti. Ayni o‘sha nutq, aniqrog‘i, Mas’ud aka surishtirib bilgan 1938 yil 4 oktyabr tunidagi voqeaga shohid bo‘lgan Mirolim Mirkomilov xotira-hikoyasini siz, aziz o‘quvchilarga havola qilishni lozim ko‘rdim.
O‘sha hodisa shohidi Mirolim Mirkomilov – beshikchi usta hamda mirishkor bog‘bon Qodiriyning ashaddiy muxlislaridan sanalgan, bir necha bor adibning Samarqand darvozada joylashgan bog‘ hovlisidagi gurunglarda ishtirok etib, uning suhbatlarini tinglagan. O‘z navbatida, Qodiriy ham bu odamning Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida mehmon bo‘lgan. Yozuvchi boshiga tushgan ko‘rgiliklarni eshitib, ich-ichidan o‘rtanib yurgan kezlari, qarangki, bu sadoqatli zot adibning umri poyoni voqealarining shohidi bo‘lgan.
Mirolim Mirkomilov, odatdagidek, yoz oylarini oilasi bilan Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida, qish kunlarini esa shahar hovlisida o‘tkazardi. 1938 yilning erta kuzida oila a’zolari shahar hovlisiga ko‘chib o‘tgan, hali meva-chevalar oxirigacha yig‘ib olinmaganligi uchun bog‘ hovlida tanho o‘zi qolgan edi. Tunlar ayoz. Buning ustiga bir haftadirki, bog‘ ortidagi jarlikda sodir bo‘layotgan tungi notinchliklar unga uyqu bermaydi. Yarim tundan boshlab, dam-badam yangragan o‘q ovozlari, o‘limga mahkum etilgan sho‘rliklarning oh-fig‘onlari, ingroqlari, goho kalimai shahodat sadolari qulog‘iga chalinadi, bog‘bonni bezovta qiladi. Eng so‘nggi tun dahshati hammasidan oshib tushadi. Bora-bora bog‘ devoriga yaqinlashib, o‘n besh – yigirma odim narida qorong‘i tunda sodir bo‘layotgan qotillik jazavasi poyonida kutilmagan hodisa ro‘y beradi. Birin-ketin qisqa tanaffuslar osha yangragan o‘q ovozlari, ingrashlardan so‘ng, devor ortidan bog‘bon qulog‘iga tanish ovoz eshitiladi: “Tatarmisan? Musulmonmisan?” Bog‘bon birdan hushyor tortadi. “Bu o‘zimizning Qodiriy-ku!” deya, ichdan ovozsiz hayqiradi. (Ehtimol, Qodiriy komandirning rus tilidagi tatarchaga xos ohangdagi buyruqlaridan uning tatar millatiga mansubligini sezib, shunday savol bergandir?) Shu zahoti, bog‘bon orani to‘sib turgan paxsa devorga yaqinlashib, devor tirqishidan mo‘ralaydi. Tungi g‘ira-shirada, bir-biriga ro‘para turgan komandir bilan mahbusga ko‘zi tushadi. Boyagi savolga javob bo‘lmaydi. “Sukut alomati rizo” naqliga amal qilib mahbus so‘zida davom etadi: “Komandir o‘g‘lon! Flyagang bormi?” Yana jimlik. Mahbus endi undan iltijo qiladi: “Xudo haqi, umrim so‘nggida, sendan birgina iltimosim – flyagangni berib tur. Tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiy. Bor-yo‘g‘i besh minut muddat ber…” So‘nggi iltijo har qanday tosh yurakni ham eritib yuboradigan ohangda aytilganidan bog‘bon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Qolaversa, mahbusning tatarcha lafzi, aytgan so‘zlari komandirning tosh yuragini yumshatdi, shekilli, mahbus o‘tinchini indamaygina bajo keltiradi. Asrga teng o‘sha fig‘onu iztiroblarga to‘la daqiqalar qanday o‘tganini bog‘bon umrining oxiriga qadar eslab, ezilib yuradi. So‘ng yana o‘sha tanish, ammo bu gal mardona ovoz eshitiladi: “Otangga rahmat, komandir o‘g‘lon! Men tayyorman! Buyrug‘ingni beraver!” U yog‘i nima bo‘lganini bog‘bon bilmaydi. Birdan yangragan o‘q ovozi qulog‘ini kar qiladi, o‘sha so‘nggi o‘q o‘ziga tekkanday, esidan og‘ib, devor yoniga qulab tushadi. Bir payt o‘ziga kelib, ko‘z ochib qarasa, tong yorishib qolibdi. Ham tonggi ayozdan, ham boyagi ko‘rgiliklar iztirobidan vujudi titrab, arang o‘rnidan turadi. Tahorat olib, bomdod namozi poyonida Qur’on tilovat qilib, odatdagidek, bu kecha shahid ketganlar haqiga baxshida etadi.
Shundan so‘ng Mirolim Mirkomilov devor oshib, tungi o‘zi shohid bo‘lgan hodisa joyiga boradi. Boyagina tuproq tortilgan choh chekkasida shahidlardan birining oyoq uchi ochiq qolganiga ko‘zi tushadi. Bu esa, so‘nggi shahid – Qodiriyning oyog‘i ekani ayon. Qotillar tong yorishib qolgani uchun, oxirgi buyruq ijrosidan so‘ng, ajal chohiga apil-tapil tuproq tortib juftakni rostlaganlar. Usta – bog‘bon darhol ortga qaytib, bog‘ hovlisidan ketmon olib chiqadi, yalpi mozor – chohga tuproq tortib, uni shibbalaydi. So‘ng yakka o‘zi janoza o‘qib, shahid ketganlar, jumladan, qadrdoni – buyuk adib Qodiriy ruhi poki oldidagi burchini ado etadi.
Keyinchalik, arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘ldiki, o‘sha mash’um 4 oktyabr tuni Qodiriy qatori Cho‘lpon, Fitrat kabi jami o‘n sakkizta ziyolilar qatl etilgan. Ehtimol, ularning barchasi, ayni shu Qodiriy jismi poki qulagan chohga dafn qilingandir, o‘sha mash’um tunning so‘nggi qurboni balki Qodiriy bo‘lgandir, Qodiriyga o‘qilgan janoza ularga ham baxshidadir…
Mas’ud aka bularni o‘sha mudhish voqea shohidi sakson yoshni qoralab turgan Mirolim Mirkomilovning og‘zidan o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida eshitgan, kamina esa, Mas’ud akadan eshitganlarimni oradan yigirma uch yil o‘tib, ayni shu hodisa sodir bo‘lgan 4 oktyabr kuni iztiroblar olovida yonib qog‘ozga tushirdim. Hodisa tafsilotlari og‘izdan-og‘izga o‘tish asnosida, muayyan tahrir – o‘zgarishlarga uchrashi, tabiiy. Mas’ud akaning olamdan o‘tganiga ham o‘n besh yildan oshayapti. Kaminani ham bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Ko‘zimning tirigida qadrdonim – Mas’ud akaning armon to‘la arzi-holini qog‘ozga tushirib, Qodiriy muxlislari hukmiga havola qilishni burchim, deb bildim. Mabodo, Mas’ud aka Mirolim Mirkomilovdan eshitgan o‘sha mash’um kecha haqidagi xotiralarini vaqtida yozib qoldirgan bo‘lsa-yu, u topilib, e’lon etilsa, mening yozganlarim, ehtimol, o‘z kuchini yo‘qotar. Mening bitiklarimda muayyan saktaliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, oldindan uzrimni ham aytib qo‘yishni lozim ko‘rdim.
Pirovardida, o‘quvchi e’tiborini yana bir muhim jihatga tortib o‘tsam: Mirolim Mirkomilov guvohligida sodir bo‘lgan – ham uning qalbini o‘rtagan, ham uni lol qoldirgan Qodiriyning baqo bo‘sag‘asida o‘zini tutishi, imon-e’tiqod bobidagi qat’iyati, lo‘nda, mardona so‘zlash tarzi, 1926 yilgi uning ustidan uyushtirilgan jinoiy ish jarayoni, xususan, “Suddagi nutq” nomi bilan atalgan mashhur hujjat ruhiga to‘la mos keladi. O‘sha nutqda shunday jumlalar bor: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “ih” deydigan yigit emasman… Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tanqisroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi, jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir”.
Bu beqiyos jasur siymoning oradan o‘n ikki yil o‘tib, raqiblari qarshisida: “Men – tayyorman. Buyrug‘ingni beraver!” deya ko‘ksini o‘qqa tutib berishi, kishida zarracha shubha tug‘dirmaydi, aksincha, adib tabiatiga xos ayni haqiqatni yana bir karra tasdiqlaydi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 1-son.