O‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqadigan vaqt allaqachon kelgan. Bu borada har kim har xil fikrda bo‘lishi mumkin, albatta. Lekin ham mumtoz, ham zamonaviy o‘zbek adabiyotida jahonga taqdim etishga arzigulik asarlar borligi haqiqat. Bu boradagi dastlabki ish ana shu sara asarlarning pishiq-puxta tarjimalarini amalga oshirishdir. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, dunyoda har bir katta ijodkorning o‘z tarjimon(lar)i bo‘ladi. Ana shu tarjimon(lar) paydo bo‘lmaguncha ijodkor o‘zga xalqlar uchun noma’lumligicha qolaveradi. Hatto uning yuzlab tarjimoni bo‘lib, har yili bitta kitobi o‘nlab tillarga tarjima qilinsa ham, foydasi bo‘lmaydi.
Qaytanga nomarg‘ub tarjima ijodkor haqidagi tasavvurni buzib, uni o‘quvchining nazaridan qoldiradi. Munosib tarjimon(lar) paydo bo‘lmaguncha u — “hech kim!”. Shu ma’noda, rassom yoki bastakorga havas qilish mumkin. Chunki ularning biri rang, boshqasi esa ohang tilida “co‘ylaydi!”. Rang va ohang tili esa universal, hamma davrlar va ellarga birdek tushunarlidir. So‘z san’ati esa bu borada bellasha olmaydi. U tarjima bo‘lgandan so‘nggina chet mamlakatlarda tarqalishi mumkin.
O‘z ishining ustasi bo‘lgan mutarjim asliyatga muqobil tarjima ustida o‘ylaydi, izlanadi. Asar ruhiga kirib, asar mag‘zini “o‘ziniki”ga aylantira olsagina uning tarjimalari muvaffaqiyatli chiqadi. Shunday tarjimalardan biri o‘zbek shoiri Usmon Nosirga tegishli. U rus shoiri Mixail Lermontovning “Demon” dostonini yuksak san’atkorlik bilan o‘zbekchaga o‘girgan. Asar xuddi o‘zbekchada bitilganday ravon, haroratli o‘qiladi. Ayni chog‘da, tarjimada “Farmoningga yig‘lab cho‘kay tiz” degan “ortiqcha” misra ham paydo bo‘lib qolgan. Bu misra Usmon Nosirda bor-u, Lermontovda yo‘q. Xo‘sh, nega? Tarjimonning bunga nechog‘li haqqi bor? Nazariyaga qarasangiz, haqqi yo‘qdek. Asliyat va tarjimani qiyoslashdan esa anglashiladiki, tarjimon doston ruhiga shu qadar chuqur kirganki, go‘yo o‘zi ham uning ijodkoriga aylangan. Xuddi Lermontov kabi. Va ijodkor ruh kayfiyatini qog‘ozga to‘kkan:
Dengizlarning tublarin quchay,
Bulutlardan balandga uchay.
Er ne’matin senga tutay qiz,
Farmoningga yig‘lab cho‘kay tiz,
Sevgin meni!..
“Farmoningga yig‘lab cho‘kaytiz” misrasi – oshiqning sevgilisiga bo‘lgan cheksiz ishqidan bir nishon. Aynan shu misrada uning ma’shuqasi uchun har narsaga tayyor ekani ayonlashadi. Bu misralar asliyatda quyidagicha:
Ya opuщus na dno morskoye,
Ya polechu za oblako.
Ya dam tebe vse, vse zemnoye –
Lyubi menya!..
Tarjimadagi ijodkorlikni (“Farmoningga yig‘lab cho‘kaytiz”) qofiya (“qiz – tiz”) taqozosi deb ham talqin qilish mumkindir, ehtimol. Lekin gap faqat bunda emas. Asliyat qofiyasiga e’tibor berilsa, u — yo‘q (“morskoye – zemnoye” qofiya emas). Bu borada (ya’ni qofiya masalasida) tarjima varianti ustun ekanini e’tirof etmoq kerak. Lekin asliyat — o‘zicha go‘zal. U shu qadar go‘zalki, hatto qofiyaga muhtoj emas. “Ya opuщus na dno morskoye, Ya polechu za oblako” misralarining ma’no, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimasi “Dengizlarning tubiga tushaman(tushay), Bulutlarning ortiga uchaman(uchay)” bo‘lar edi. Usmon Nosir asliyatdagi manzarani Lermontov taklif qilgan badiiy jumla konstruktsiyasiga ko‘ra emas, balki o‘z so‘zlari bilan qayta yozadiki, natijada “Dengizlarning tublarin quchay, Bulutlardan balandga uchay” kabi chinakam ijod, asliyatga teng yaratiq dunyoga keladi. Chunki dengizning tubiga tushish bilan uni quchish, bulutlarning ortiga chiqish bilan ulardan balandga uchish o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Xuddi oddiy gap bilan she’riy misra orasidagi tafovut kabi.
Agar tarixga nazar tashlasak, asosan, ikki xil tarjima ko‘zga tashlanadi. Biri — taglamali (podstrochnыy) tarjima, ikkinchisi — mazmun tarjimasi. Aslida, badiiy tarjimaning necha xili bo‘lishiga qaramay, eng muhimi — asar ruhi to‘g‘ri tarjima etilmog‘i shart. Shu ruh berildimi, qolgani katta-kichik tahrirlar bilan tuzatilishi mumkin. Ruh berilmasa-chi, barchasi bekor: silliq gap qurilishlari, hikmatli so‘zlarning o‘rinli muqobillari, qo‘yingki, butun “toat-ibodat” suvga oqadi-ketadi.
Tarjima — muhim, shu darajada muhimki, u asar taqdirini yo bor qiladi, yo yo‘q. Hozirgi zamonga kelib esa jahon adabiyoti va tarjima qarshisida talay muammolar paydo bo‘layotir. Xususan, Moskvada o‘tkazilgan davra suhbatida tarjimon va jurnalist Irina Kuznetsova bunday dedi: “Tahririyatga frantsuzcha she’rlar betinim oqib keladi. Ular, asosan, Rembo, Verlen, Mallarme she’rlaridir. XX asrning ikkinchi yarmiga mansub she’rlarni juda kam yuborishadi. Yuborishsa ham turgan-bitgani dahmaza! Ularning tarjimasini hech kim uddalay olmaydi-da!.. Gap shundaki, 50- va 60-yillarda frantsuz adabiyotida navbatdagi inqilob sodir bo‘ldi. Nazarimda, xuddi shu vaqtdan Frantsiyada zamonaviy she’riyat boshlandi. Yangi avlod “reallikni boshdan-oyoq ramzlashtirgan” syurrealizm merosiga qarshi bosh ko‘targan edi. Xullas, lirika ma’nosini ohanjamadan xoli qilaman, deya novatorlar oshirib yuborishdi: ular nafaqat qofiya va poetik ko‘chimlarni axlat uyumiga eltib tashlashdi, balki she’riyatning barcha vositalarini gumdon qilishlariga sal qoldi. Ularning uslublarida, she’rga joy qolmadi. Bir frantsuz tanqidchisi bu davrni “muz davri” deb nomlagandi, adashmasam. Nihoyat, mana yaqindagini “erish” boshlandi. “Muz davri” she’rlari bir-biri bilan hatto grammatik bog‘lanmagan ikki-uchta so‘zlardan iborat edi. 70-yillar oxirida frantsuz shoirlari Rossiyaga kelganida, ulardan bunday deb so‘ragan edik: “Har bir so‘zingiz ortida nima turibdi o‘zi? Ular ortidagi bo‘shliqni nima bilandir to‘ldirmoq kerak-ku!..” Chunki, masalan, xitoy va yapon she’rlarining ortida an’ana, o‘qishi bilan ma’rifatli inson qalbida uyg‘onajak ko‘plab assotsiatsiyalar turadi. Anovi she’rlarni o‘qiganda esa urushdan keyingi xarobalar yodingizga tushadi”.
Bu fikrga javoban forumning yana bir ishtirokchisi Evgeniy Bunimovich quyidagicha fikr bildirdi: “Hozirgi frantsuz she’riyatini zamonaviy mutarjimlar tarjima qilishi kerak. Men boy madaniy kontekst faqat yaponlarda bor, degan fikrga qo‘shilmayman. Ma’rifatli frantsuz uchun ham o‘z konteksti ortida ko‘pgina ma’nolar turgan bo‘lishi, biroq oddiy so‘zlar bilan ruschaga tarjima qilganimizda u yo‘qolishi mumkin. Chunki ruschada o‘sha kontekst yo‘q…”.
Davra suhbatining yana bir ishtirokchisi Mark Freydkin aytdi: “Deylik, mening qiziqishim — XIX asr va XX asrning birinchi yarmi. 30 yoshlilarni 30 yoshlilar va hatto undan ham yoshroqlar tarjima qilgani ma’qul. Ayniqsa, bugun she’riyat shaklan butunlay boshqa, yangi qiyofaga kirib borayotganda. Men ba’zan ingliz tilida qanday yozishayotganiga qiziqib internetga kiraman. Aytish kerakki, kaminaning an’anaviy qarashlari bilan hamohangligi yo‘q internetdagi she’rlarning. Shuning uchun menga mo‘may qalam haqi taklif qilishsa ham ularni tarjima qilmayman. Bunga sabab ularning rasvoligi yoki yozishni eplay olmagani emas. Yo‘q, ular bor-yo‘g‘i boshqa tilda yozishyapti va qo‘llayotgan badiiy usullari ham menga notanish. Boshqa auditoriyaga mo‘ljallangan she’riyat bu”.
Ayni munozaradan ham ko‘rinib turibdiki, tarjimada, tarjimonda gap ko‘p. Tarjimon hammani ham tarjima qila olmaydi. U o‘z ruhi, dunyoqarashi, didi va yo‘nalishiga muvofiq asarnigina qoyillatib tarjima qilishi mumkin. Qolaversa, bir xil so‘zlar zimnida ikki millat ijodkori ham, o‘quvchisi ham boshqa-boshqa ma’nolarni anglashi mumkin. Ular bir-biriga muvofiq tushishi uchun ikki millatning yashash sharoitlari, boshidan kechirganlari o‘rtasida talay mushtarak jihatlar bo‘lmog‘i lozim.
Ikkinchi muammo tarjima qilingan asarni jahonga taqdim eta olish masalasidir. Buning turli yo‘llari bor: konferentsiyalar uyushtirish, shaxsiy aloqalar o‘rnatish, internetdan foydalanish… Hatto badiiy asarni boshqa san’at vositalari, masalan, kino orqali ham dunyoga olib chiqish mumkin. Chunonchi, o‘zim frantsuz dramaturgi Jan Dominik Bobbining “Skafandr va kapalak” degan asarining dastlab kino variantini ko‘rib, g‘oyat ta’sirlandim. So‘ngra darhol internetdan ruscha tarjimasini topib o‘qidim. Bu haqda “Adabiyot — oldinda yongan chiroq” degan maqolamda ikki og‘iz iliq so‘z ham yozdim. Yana shuki, qachondir vaqtim bo‘lsa, asarni tarjima qilishni ko‘ngilga ham tugdim. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti ochilib, bu dargohda jahon adabiyotidan dars bera boshlaganimda esa u haqda talabalarga bot-bot gapirib berdim. Bori — shu. Bir kun asarni “O‘zbek-ingliz tarjimachiligi” fakulteti talabasi Nilufar Usmonova tilimizga o‘girayotganini eshitib, yuki yelkasidan olingan insondek xursand bo‘ldim. Yaqinda asar kaminaning so‘zboshisi bilan o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetib bordi.
Xuddi shunday, kamina ham bir necha asarimni rus va ingliz tillariga tarjima qildirdim hamda internetda sayt ochib, tarjimalarimni yukladim. Natijada bir moskvalik do‘stimiz “Ko‘zini ochib yumgan odam” nomli hikoyam asosida kino olishga ruxsat so‘radi. Tataristonlik adib va tarjimon esa to‘rt hikoyam va “Yolg‘izlik” qissamni o‘z tiliga o‘girib, kitob tarzida chop etish niyatini bildirib xat yozdi… Demoqchimanki, yozuvchilarimiz bugungi kunning imkonlaridan foydalanmog‘i lozim. Yo‘qsa, juda yaxshi asar ham yillab, o‘n yillab, hatto asrlab o‘z tarjimonini kutib yashashi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, boshqa shu kabi turdosh muassasalar bilan hamkorlikda sara asarlar ro‘yxatini tuzib, bu asarlar tarjimasini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bilishimcha, bunday ishlar boshlandi ham. Chunki o‘zim universitet nomidan qatnashib, ro‘yxatga doir mulohazalarimni yozib berdim.
Nazarimda, tandem tarjimalarni ko‘paytirish kerak. O‘zimizdan va xorijdan bittadan tarjimon ishtirok etib, ular hamkorlikda ishlashi juda-juda muhim. Tarjimonlar ishi munosib tarzda moddiy-ma’naviy rag‘batlantirilsa, bu ham ish yarim yo‘lda to‘xtab qolmasligini kafolatlaydi.
O‘zbek adabiyoti – boy adabiyot. Uni hech istihola qilmay jahonga targ‘ib etsak arziydi. Bizni, o‘zbekistonliklarni adabiyotimiz orqali tanigan xorijliklar esa hech qachon yoddan chiqarmaydi. Chunki ular so‘zda aks etgan ko‘nglimiz, botinimizni tanigan, bilgan bo‘ladi. Bunday tanib-bilish esa umrlarga tatiydi.
Ulug‘bek Hamdam
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 44-son