Ulug‘bek Dolimov. Jahongashta ijodkor

Ishoqxon Ibrat portreti. «Unutilmas siymolar» (1999) to‘plamidan olindi

Ishoqxon to‘ra Ibrat faoliyat doirasi keng shoir va olim, noshir va pedagog, sayyoh va milliy uyg‘onish davrining mashhur islohotchisi sifatida butun umrini Vatan va millat manfaatiga bag‘ishladi. Shu bois uning boy madaniy merosi nainki mamlakatimizda, hatto yaqin va uzoq xorijda ham o‘rganilmoqda. “Mezon uz-zamon” ma’rifiy asarining yapon va o‘zbek professorlari Xisao Komattsu va Baxtiyor Bobojonovlar tomonidan hamkorlikda Toshkent va Tokioda nashr etilishi[1], ushbu fikrni tasdiqlaydi. Shoirning asli ismi Ishoqxon bo‘lib, Ibrat uning adabiy taxallusidir. Ishoqxon 1862 yili Namangan yaqinidagi To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ildi. Uning otasi Junaydulloxo‘ja Sunnatulloxo‘ja o‘g‘li mashhur mutasavvif Ahmad Yassaviy avlodidan bo‘lib, ancha bilimli sohibkor bog‘bonlardan edi. Uning besh tanobcha yeri bo‘lib, dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan oila tebratgan. Ibrat Ahmad Yassaviy (sultonul orifin) avlodiga mansubligini yozib ham qoldirgan:

Ibrat taxallusimdur, ahfodi Hazrati Sulton,
Shuhratda – Hoji to‘ra, ma’vosi – To‘raqo‘rg‘on[2].

Onasi Huribibi o‘z davrining o‘qimishli, oqila ayollaridan bo‘lgan, u uyida qishloq qizlarini o‘qitardi, shu bilan birga, adabiyot va san’atga muhabbat qo‘ygan, she’riyat bilan ham shug‘ullangan. Oiladagi bunday hayot tarzi yosh Ishoqxonda adabiyot va san’atga muhabbatning ancha erta paydo bo‘lishi uchun asosiy omil bo‘ldi. 1870 yilda otasi Junaydulloxo‘ja vafot etadi. Ishoqxon dastlab mahalla maktabida tahsil ko‘radi, ammo besh yil davomida ham savodini chiqara olmagach, o‘z uyida onasining qo‘lida o‘qidi. Shuning uchun ham Ishoqxon asarlarida onasini ustozi sifatida hurmat bilan tilga oladi. Adabiyot va san’atga zo‘r muhabbat qo‘ygan Ishoqxonni o‘qishni davom ettirish uchun 1878 yilda Qo‘qonga yuboradilar va u Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga o‘qishga kiradi. Uning Qo‘qonda tahsil ko‘rgan yillari o‘zbek adabiyotida, madaniy hayotida, ayniqsa, maorifida tub sifat o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlagan davrga to‘g‘ri keldi. U Qo‘qon adabiy muhitining Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Nodim, G‘urbat kabi yirik namoyandalari bilan yaqin aloqada bo‘lgan, mushoira va munozaralarda ishtirok etgan. Ishoqxon Ibrat madrasa beradigan ilmlar bilangina cheklanib qolmadi, o‘qish davomida buyuk Sharq olimlari asarlarini mustaqil qunt bilan mutolaa qildi, arab, fors va rus tillarini chuqur o‘rgandi.

Ishoqxon Ibrat 1886 yilda Qo‘qon madrasasini tugatib, o‘z qishlog‘i To‘raqo‘rg‘onga qaytadi va faoliyatini ilg‘or maorifchi sifatida qishloqda ma’rifat tarqatish bilan boshlaydi: o‘sha yili maktab ochadi. Uning maktabi hijo metodiga asoslangan “usuli qadim” maktablaridan ancha farq qilar edi. Ishoqxon Qo‘qonda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq o‘lkada rus va mahalliy millat bolalari uchun ochila boshlagan rus-tuzem maktab­laridagi o‘qitish usullarining mahalliy maktablarda hukm surayotgan hijo hamda quruq yodlash usulidan afzalligini sezgan edi. Ishoqxon o‘z maktabiga nisbatan ilg‘or bo‘lgan, savodga o‘rgatishda ancha yengillik vujudga keltiruvchi tovush (savtiya) usulini tatbiq qildi va “usuli savtiyai tadrijiya”ni “usuli qadimiya” tarafdorlaridan himoya qildi. Biroq bu maktabida uzoq vaqt ishlay olmadi. Ba’zi bir johil mutaassiblar uning maktabini “kofirlar maktabi” deb e’lon qildilar, xalq bolalarini bu maktabdan qaytarishga harakat qildilar va general-gubernatorlik amaldorlari yordamida yoptirdilar. Bu yosh maorifchi Ishoqxon Ibratning mutaassiblar va mustamlakachi ma’murlar bilan birinchi to‘qnashuvi edi.

Ishoqxon Ibrat o‘zining “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”), “Tarixi Farg‘ona” asarlarida yozishicha, 1887 yilda onasini hajga olib boradi. U 1887–1888 yillarda onasi bilan birga Istanbul shahrida istiqomat qiladi.

Ishoqxon Ibrat onasini Jidda shahrida dafn etib, haj amallarini bajargach, Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohatini davom ettirdi, shu bilan birga, u Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Parij kabi Yevropaning markaziy shaharlarida bo‘ldi. Ancha vaqt Arabistonning Jidda shahrida istiqomat qildi. Makka shahridan Qizil va Arabiston dengizlari orqali Hindistonga keldi. 1892–1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlari Bombey va keyinroq Kalkuttada yashadi. Bu yerda u xalqlar o‘rtasida ko‘p ishlatiladigan to‘rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi, sharq mamlakatlaridagi yevropaliklar orqali kirib kelgan Yevropa madaniyati, tili va san’ati bilan yaqindan tanishdi, o‘rgandi, ilmiy asarlari uchun qimmatli ma’lumotlar to‘pladi. Ibrat Arabistonda frantsuz tilini, Hindistonda ingliz tilini, shu bilan birga, eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgandi. Ibratning Sharq va G‘arb xalqlari tillarini ancha mukammal bilganligini e’tirof etib, Ibrohim Davron shunday yozadi: “…Fozili insoniyadin maoda qozi to‘ra (Ishoqxon – U.D.) janoblari turkcha, forscha, hindcha, ruscha lison bilib, yana ruscha, frantsuzcha, armanicha va boshqa xatlar yozmoqqa mohirdurlar”[3].

Ishoqxon Ibrat chet ellarda olim va fozil kishilar bilan, ular qaysi din yoki millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, yaqin aloqada bo‘ldi. “Har bir lison safar ahlina yuz oltun barobarinda” ishlatilganligini tushungan va ko‘rgan ma’rifatparvar chet tillarini o‘rganishga katta e’tibor berdi. Ishoqxon to‘ra Ibrat 1896 yilda Hindistondan Birma orqali Xitoyga, so‘ngra Koshg‘arga o‘tdi va undan o‘z vataniga qaytib keldi.

 

Til – dil kaliti

Qariyb o‘n yil davom etgan sayohat uning yangicha ta’lim-tarbiya tizimiga bo‘lgan munosabatini mustahkamladi, yangi kuch-g‘ayrat va e’tiqod bilan ma’rifatparvarlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Sayohat davomida yiqqan katta materiallari asosida olti – arabcha, forscha, hindcha, turkcha, o‘zbekcha, ruscha tillarni o‘z ichiga olgan “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”) asarini yaratdi. XIX asr oxirlariga kelib, mahalliy mutaassiblar va gubernatorlik ma’murlarining qarshiligiga qaramay, rus tilini o‘rganishga qiziquvchilar sezilarli darajada ortib bordi. Ammo o‘quvchilar va rus tilini mustaqil o‘rganuvchilar uchun darslik va qo‘llanmalar yo‘q darajada edi. Bu haqda “Turkestanskiye vedomosti” gazetasida Toshkent kitob do‘koni xo‘jayinlaridan biri quyidagilarni ma’lum qiladi: “Shu kunlarda shaharliklar o‘rtasida rus tiliga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Toshkent kitob do‘koni xo‘jayinlaridan biri “sartlar tinchlik bermayapti, ruscha o‘rganish uchun sart tilida yozilgan biror darslik bormi?” deb so‘rab kelishaverib jonga tegdi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yerli o‘troq aholining til o‘rganishga qobiliyati kuchli”[4].

Rus tili bilan bir qatorda o‘nga yaqin Sharq va G‘arb tillarini ancha mukammal bilgan Ishoqxon bu masalada o‘z xalqiga yordam qo‘lini cho‘zdi. Mutafakkir mazkur asarni yaratar ekan, birinchi galda, rus tiliga qiziquvchi o‘zbeklarni ko‘zda tutdi. Bu hol kitobning birinchi betidanoq ko‘zga tashlanadi. Muallif kirill yozuvini bilmaydigan o‘zbeklarga qulay bo‘lishi uchun rus so‘zlarini ham arab yozuvi bilan beradi. Ma’lumki, rus va Yevropa so‘zlarini arab yozuvida ifodalash ancha murakkab ish, lekin Ibrat bu ishni muvaffaqiyatli hal qildi. Olimning ushbu asari XIX asr 90-yillarining o‘rtalarida, uning chet el safaridan qaytib kelishi bilanoq yozib tugatilgan bo‘lsa-da, gubernatorlik ma’murlar tomonidan mahalliy mualliflar asarlariga qarshi o‘rnatilgan qattiq nazorat, ta’qib tufayli asar ancha kechikib, 1901 yilda bosmadan chiqdi. Buni o‘sha davrda chor Rusiyasining mustamlaka Turkistondagi matbuot noziri (tsenzori) vazifasini bajaruvchi Nikolay Ostroumov shaxsiy arxivida saqlanuvchi hujjatlar ham tasdiqlaydi. Arxivda Ishoqxonning N.Ostroumov nomiga yozilgan ikkita maktubi saqlanadi. Birinchi maktub 1898 yilning boshida yozilgan bo‘lib, unda Ibrat Ostroumovga lug‘atni bosmadan chiqarishga yordam berishini iltimos qilib murojaat etadi va uning taklifiga muvofiq kitobning ikki juz’ini yuboradi. Lekin uzoq vaqt asarni nashr qilish yoki qilmaslik haqida hech qanday javob ololmaydi. Ibrat 1900 yilning 26 fevralida ikkinchi marta rus va o‘zbek tillarida murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Mazkur asarni nashr qilishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan maktub ushbudir: “1900-inchi yil 26 fevralda hurmatlu Ostroumov to‘ra huzurlariga savolnoma… Siz ulug‘ martabadan o‘tunub so‘raymanki, 1898 yilda sizdan iltimos qilib edim, o‘z tasniflarimdan olti til uzra “Sitta al-sina” degan slovar kitobni bosma qilmoq uchun. Marhamat qilib ikki juz’ yuboring, ko‘rmoq uchun degan ekansiz. Darrov amrlariga muvofiq yuborib edim. Mazkurni(ng) hech xabari bo‘lmagan jihatidan boz iltimos qilib turubmanki, agar nozirlar nazoratidan o‘tgan bo‘lsa, men qolgan o‘n juz’ini ham yuborsam va yoki qabul bo‘lmagan bo‘lsa, o‘shal nusxani marhamat ilan Namangon mahkamasiga, mening ismimga adres etub yuborsalar, boz bo‘lak maslahat qilsak deb, iltimos qiluvchi Ishoqxon to‘radurman”[5].

Ishoqxon Ibratning mazkur “Lug‘ati sitta al-sina” asari bir necha yillik sarguzashtlardan so‘ng 1901 yil oxirida Toshkentdagi V.I.Ilin bosmaxonasida nashrdan chiqdi. Ma’lumki, Ishoqxonga qadar o‘zbekcha-ruscha, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar yaratilgan. Masalan, er-xotin Vladimir Nalivkin va Mariya Nalivkinalarning “Russko-sartovskiy slovar”, “Sartovsko-russkiy slovar” lug‘atlari shular jumlasidandir. Biroq bu kitoblar kirill grafikasida yaratilgan bo‘lib, o‘zbek tilini o‘rganuvchi ruslar uchun mo‘ljallangani tufayli o‘zbeklar ehtiyojini qondira olmadi. Ishoqxonning mazkur lug‘atni arab alifbosida yaratishiga ham xuddi shu masala turtki bo‘ldi va mana shu muhim, nihoyatda murakkab masalaga o‘zbek ma’rifatparvarlari, pedagoglari orasida birinchi bo‘lib qo‘l urdi va zamondoshlarining talabini qondirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ishoqxon Ibrat mazkur lug‘atni yaratish uchun ancha vaqt ilmiy faoliyat olib bordi, chet ellarda katta material to‘pladi. Ikki mingga yaqin faol so‘zlarni o‘z ichiga olgan ushbu lug‘at o‘z davrida katta ahamiyat kasb etgan. “Lug‘ati sitta al-sina” asari rus tili asosiy o‘quv predmetlaridan biri sifatida o‘qitishga ruxsat olingan jadid maktablarida ham foydalanilgan. Shuning uchun ham kitobga maxsus taqriz yozgan zamondoshlaridan birining “…Bizning Turkiston viloyatida sartiyalardan shuncha til bilib, bul tariqa kitob va lug‘at tasnif qilgan odam yo‘q edi”[6], – degan so‘zlari zaminida katta haqiqat yotar edi.

Ishoqxon Ibrat tilshunoslik sohasida ham ancha mukammal “Jome’ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) nomli asar yaratdi. Muallif o‘zining mazkur ilmiy asarida jahon yozuvlarining eng ibtidoiysi – piktografik (lotincha pictus – rasm va grekcha grapho – yozaman) yozuvlardan, to shu kungi eng mukammal yozuvlargacha bosib o‘tgan taraqqiyot tarixini yoritib berishga harakat qiladi. Ishoqxonning mazkur “Jome’ul xutut” asari 132 betdan iborat bo‘lib, 1330 hijriy–1912 milodiy yilida o‘zining “Matbaai Ishoqiya” bomsaxonasida chop etilgan. Ishoqxon Ibratning tilshunoslik fani sohasida chuqur bilimga ega ekanligi mazkur asarida namoyon bo‘di. Asarda piktografik yozuvlardan keyin vujudga kelgan finikiya, yahudiy, suriya, arab, yunon, fors, xitoy, slavyan, sanskrit, hind, arman, lotin, gruzin, uyg‘ur va boshqa qirqdan ortiq jahon yozuvlari, ularning kelib chiqishi, taraqqiyoti haqida ma’lumot beriladi, bu yozuvlardan, alfavitlardan namunalar ketirilgan.

U Farg‘ona vodiysidagi eski yozuv namunalarini, masjid va madrasalar peshtoqlariga, qabr toshlariga, qadimgi tangalarga, eski kitoblarga, tog‘-toshlarga o‘yib bitilgan yozuvlardan namunalar to‘pladi. Arab mamlakatlarida eng qadimiy xalq – finikiya xalqi yozuv madaniyatini o‘rgandi, bu bitiklarni to‘g‘ri o‘qishga harakat qildi. Ishoqxon eramizdan 2000 yil ilgari finikiya xalqlari tomonidan vujudga keltirilgan yozuv yodgorliklarini Kipr orolidagi g‘orlardan topdi va ulardan o‘z asarida namunalar keltirdi. Ishoqxon yozuvlar tarixini o‘rganar ekan, tovush-harf yozuv tizimi birinchi marta finikiya xalqlari tomonidan yaratilgan va boshqa qo‘shni xalqlar: yahudiy, suriya, arab yozuvlari finikiya yozuvlari asosida vujudga kelgan, degan to‘g‘ri ilmiy xulosaga keladi: “Ibroniy (Yahudiy) eski xat ekan. Zikrimizga dalilimiz – finikiya xatidan olingan ekan. Finikilar eski taraqqiy xalq bo‘lib, hamma xat ilmi taraqqiyni finikiya xalqidan olgan.”

Ishoqxon Ibratning yozuvlar kelib chiqishi haqidagi mazkur ilmiy xulosalarini yozuvlar tarixi sohasida maxsus ilmiy ish olib borgan V.A.Istrinning “Birinchi harf-tovush yozuv tizimining vujudga kelishi finikiyaliklar zimmasiga tushdi. Ular tomonidan yaratilgan harf-tovush yozuvining o‘qish, o‘qitish va foydalanishga ancha sodda bo‘lgani tufayli dastlab finikiyaliklarning qo‘shnilariga tarqaldi, keyinroq esa hamma harf-tovush yozuv tizimlarining vujudga kelishiga asos bo‘ldi”[7] degan fikrlari bilan solishtirar ekanmiz, undan 50–60 yil avval ilgari surgan Ibratning fikrlari naqadar to‘g‘ri ekanligiga, u o‘z zamonasi ilmi taraqqiyoti darajasidan ancha yuqorida turganligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Ishoqxon Ibrat maorif va madaniyatimiz taraqqiyoti tarixida husnixatni mukammal egallagan xattot sifatida ham katta shuhrat qozondi. Bu hol uning “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy”, “Jome’ ul-xutut” asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ibrohim Davron xabar berishicha, Ishoqxon zo‘r xattot, husnixatni mukammal egallagan kalligrafdir. U bu sohada yaratgan “Shoyoni bir san’ati (asari) uchun 1907 nchi yilda katta mukofotga sazovor bo‘lgan. U (Ishoqxon Ibrat) ham xattoti a’zamdur. Chunki musulmoncha xat yozmoqdin o‘n yetti nav’ yozuv birla qalam yurguzurlar. Bu osori qalamiya va aqliyasidin namunai zoti, demakki, shoyon bir san’ati o‘tgan yili – 1907 nchi yilda Turkiston generol-gubirnatoriga taqdim qilinib, shoistalig‘ig‘a ikkinchi darajali pocho‘tnoy xalat (faxrli chopon) olgan edilar”[8].

O‘rta Osiyoda husnixat va xattotlik tarixi masalalari bilan maxsus shug‘ullangan olim Abduqodir Murodov Ishoqxonning mazkur “Jome’ul xutut” asarini dunyo yozuvlari tarixini o‘rganishda nodir manba sifatida baholaydi. Darhaqiqat, Ishoqxon Ibrat asarni yaratish jarayonida arab yozuvining buyuk nazariyotchisi Mir Ali Tabriziy, XV asr Hirot husnixat maktabining asoschisi, “xattotlar sultoni” Sulton Ali Mashhadiy asarlarini chuqur o‘rgandi.

Ishoqxon to‘ra tarixshunos sifatida “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon uz-zamon” singari ilmiy asarlar yaratdi. Olim bu asarlarni yaratishda rus va Yevropa sharqshunoslarining asarlaridan bahramand bo‘ldi, ba’zilari bilan hamkorlik qildi. G‘arb tillarini ham ancha mukammal bilgan olim “Tarixi Farg‘ona” asarini yaratishda atoqli sharqshunos olimlar V.V.Radlov, V.V.Bartold, V.P.Nalivkin, turkshunos, etnograf, sayyoh Herman Vamberi asarlaridan foydalandi, ularga o‘z munosabatini bildirdi. Ayniqsa, Vladimir Nalivkinning “Kratkaya istoriya Kakandskogo xanstva” (Qozon, 1886) asaridagi faktik xato va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi. Darhaqiqat, uning nihoyatda boy kutubxonasida ularning o‘nlab asarlari, hatto “Islom entsiklopediyasi”ning ko‘pgina jildlari, dunyo olimlari e’tiborini qozongan Vamberining “Puteshestviya po Sredniy Azii” kabi asarlari bo‘lgan. XX asr birinchi choragi o‘zbek publitsisti va shoiri Lutfulla Olimiy ma’lumotlariga qaraganda, “Qutadg‘u bilig”ning dunyoga ma’lum uch nusxasidan biri – Namangan nusxasi ham Ishoqxon Ibrat kutubxonasiga mansub bo‘lgan.

Ishoqxon Ibrat o‘z xalqining porloq kelajagiga, ozod va farovon istiqboliga zo‘r umid va ishonch bilan qaradi. U Vatanining, kelajakda ilm-fan, madaniyati rivojlangan shaharlarining qiyofasini romantik bo‘yoqlarda ishonch bilan tasvirlaydi: “Madaniy shaharlar shunday bo‘lurki, anda dorilmuallimin madrasalar va anvoyi funun maktablar (oliy o‘quv yurtlari – U.D.), har xil ilm va hunarlar, katta do‘xtirlar, tabiblar va mazlumni zolimdan himoya qiladurgan hokimlar o‘z shaharlarida bo‘lur… Har kuni yurub turadigan foyizlar, chiroq, shamol sandal (ventilyator yoki xolodilnik – U.D.) bo‘lsa, katta maktablar bo‘lsa, telefonogramlar bo‘lsa, shaharlar ozoda, changdan, bo‘yi baddan toza bo‘lsa, qaysi ilmni xohlasa, ani ta’lim beradurgan muallimlar bo‘lsa, ahli ilmlarning qadri yaxshi bo‘lsa, nodonlarni o‘z holiga qo‘ymasa, fikr va ilm va hunar o‘rgatsa…”[9].

E’tibor bering, Ishoqxon Ibrat ta’lim-tarbiyaning umumiy kompleksi haqida gapiryapti: ibtidoiy maktablar ham, kasb-hunar maktablari ham, hatto oliy o‘quv yurtlari ham muallif diqqat markazida. XX asr boshlari jadid ziyolilarining, shu jumladan, Ishoqxon Ibratning buyuk orzusi millat farzandlari uchun universitet ochish edi.

Ishoqxon to‘ra Ibrat 1898 yildan e’tiboran To‘raqo‘rg‘on tuman xalq qozisi lavozimida ishlab kelgan. Bu ancha mas’uliyatli lavozim uning ilg‘or fikrlarni xalq o‘rtasida kengroq yoyishida ancha yordam bergan, hamma vaqt ham mutaassiblar uning ma’rifatparvarlik, maorifparvarlik faoliyatiga qarshi ochiq chiqishga jur’at qila olgan emaslar. Shuning uchun ham 1906 yildayoq “Maktabi Ishoqiya”ga rus tilini o‘quv predmeti sifatida kiritgan, rus va nemis tillarini mukammal biluvchi tatar maorifchisi Husayin Makayevni rus va nemis tillari o‘qituvchisi etib ta­yinlagan. Ishoqxon Ibrat boshqa usuli jadid maktablarida ham shunday yo‘l tutishga da’vat etgan, u o‘z maktabida haftalik dars jadvalini ishlab chiqqan: har 40 daqiqada qo‘ng‘iroq chalingan va 10 daqiqalik tanaffus joriy qilgan. Turkiston o‘lkasidagi boshqa usuli jadid maktablaridan farqli ravishda dars jadvaliga o‘qitiladigan kitob-darsliklar nomi emas, o‘quv predmetlarining nomlari ko‘rsatilgan, hatto dars jadvaliga badantarbiya predmeti ham kiritilgan. Bu dars ko‘p holarda “Ishoqiya bog‘i”da maxsus harakatli o‘yinlar tarzida o‘tkazilgan. 1912 yildan e’tiboran xuddi shu maktabda alohida qizlar guruhini tashkil qilgan va bu guruhga Husayin Makayevning rafiqasi Fotiha Makayevani o‘qituvchi etib tayinlagan. Pedagog Ishoqxon Ibrat fikricha, maktab-madrasalarni isloh qilish bilan barobar millatni, uning ongini, tafakkurini isloh qilish kerak. Uning “Oyna” jurnalida bosilgan bir maqolasi “Millatni kim isloh etar?” deb nomlanadi. Unda muallif shariat-din peshvolari masjidlarda amru ma’ruf o‘tkazib, millatni shariatga xilof bid’atlardan voqif qilsalar, “vazifalari ta’limu hidoyati xalqulloh” bo‘lgan ulamolar Olloh oldidagi vazifalarini ado etgan bo‘lur edilar, degan fikrni bayon qiladi. Bu esa maktablar islohiga, usuli jadid maktablariga keng yo‘l ochar edi. Bu “islom dini barcha fanlarning sarchashmasidir” aqidasiga mos kelar edi.

Ishoqxon Ibrat 1908 yilda Moskva, Peterburg shaharlarida bo‘ladi, diqqatga sazovor joylari bilan tanishadi. Ermitajda saqlanayotgan, Kaufman tomonidan 1868 yilda Samarqanddan olib ketilgan “Mushafi Usmon”ni ko‘ziga surtdi, Rusiya oliy va o‘rta o‘quv yurtlari tizimi bilan yaqindan tanishdi. Qaytishda Orenburg, Ufa shaharlarida bo‘ladi, turkiy xalqlarning ulug‘ mutafakkirlari, “Sho‘ro” jurnalining muharriri Rizoiddin Faxriddin, “Vaqt” gazetasining muharriri Fotih Karimiylar bilan “usuli jadida” xususida uzoq suhbatlashdi. U yerdagi Gaufman degan matbaachidan pulini o‘n yil mobaynida to‘lash sharti bilan kreditga litografik mashina sotib oladi va uni juda katta mashaqqatlar bilan – Orenburgdan Qo‘qonga poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda olib keldi. 1908 yilning dekabr oyida bo‘sh yotgan hammom binosida bosmaxona tashkil qildi va “Matbaai Ishoqiya” nomi bilan ishga tushirdi. Matbaa ishlaridan ancha xabardor bo‘lgan Husayin Makayev va Abdurauf Shahidiy Ishoqxon bilan yonma-yon turib ishladi. Turkiston o‘lkasining chekka bir qishlog‘ida matbaaning vujudga kelishi o‘zbek xalqining ta’lim-tarbiya, ma’rifat sohasidagi ulkan yutug‘i edi. Matbaaning tashkil qilinishi, uni vujudga keltirishdagi maqsadi to‘g‘risida Ishoqxon Ibrat “Tarixi chopxona” nomli she’r bitdi, unda shunday misralar bor:

Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxona
Ochmoqqa bo‘ldi ruxsat va so‘z berib zamona.
Maqsad bu ishdan erdi olamga ilm qasri,
Ham qo‘ymoqqa asarlar yodovari jahona…

Turkistonning ilk matbaachilaridan biri Ishoqxon bu amaliy faoliyati bilan o‘lka ma’rifatparvarlari, maorifchilari faoliyatini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi. Bu matbaada savod chiqarishga oid risolalar, darsliklar, plakatlar, majmualar muntazam nashr etib turildi. Ibrat ”Maqsad bu ishdan erdi olamga ilm qasri” deb ta’kidlaganidek, bu matbaa o‘z faoliyatini ilm-ma’rifat tarqatishdan boshladi. Unda birinchi marta 1908 yilda savod chiqarishga bag‘ishlangan “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” asarini nashr qildi. Ushbu asar savod chiqarishda, husnixat namunalarini o‘rgatishda jadid va qadim maktablarida “Mufradot” darsligi sifatida qo‘llangan. “Matbaai Ishoqiya”ning ilm-ma’rifat tarqatish maqsadida tashkil qilinganligini yana shundan ham bilishimiz mumkinki, Ishoqxon matbaa peshtoqiga nur taratayotgan quyosh tasvirini ishlab, uning ichiga “ilm” so‘zini yozdirgan. Bu bilan ma’rifatparvar ilmni nur taratayotgan quyoshga o‘xshatadi. Bu ramziy tasvir – emblema mazkur matbaada chop etilgan kitoblarning ko‘pida mavjud. Ishoqxon matbaaning ochilgan yiliyoq uni kengaytirish, o‘lkada eng ko‘zga ko‘ringan bosmaxonalardan biriga aylantirish uchun harakat qildi, kerakli anjomlar tayyorladi. Xalq o‘rtasida kitob va turli risolalarga talabning ortishi natijasida matbaa 1910 yilda Namangan shahriga ko‘chirildi va tipolitografiyaga aylantirildi. Namangandagi hozirgi Ishoqxon Ibrat nomidagi matbaa-bosmaxona “Matbaai Ishoqiya” asosida tashkil topgan. Ishoqxonning husnixatga, xat-savod chiqarishga bag‘ishlangan “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” (1908) o‘quv risolasi, “Ilmi Ibrat” (1909) nomli she’rlar to‘plami, yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan “Jome’ ul-xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) kabi asarlari o‘z matbaasida nashr etildi.

Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Ubaydulla Xo‘jayev, Obidjon Mahmudovlar nashr etgan gazeta va jurnallarda o‘z maqola va she’rlari bilan faol ishtirok etgan Ishoqxon Ibrat o‘zi ham 1913 yilda “Matbaai Ishoqiya” qoshida “Al-tijoral al-Namangon” nomida gazeta chiqarish uchun hukumatdan ruxsat so‘rab ariza berganligi haqida “Tarjimon” gazetasining 1913 yil 128-sonida xabar berilgan. Bu haqda Orenburgda chiqadigan, “Vaqt” gazetasi katta mamnuniyat bilan quyidagilarni yozadi: “Namangon. Mo‘tabarindin Ishoq qozi hazratlari “Al-tijor al-Namangon” isminda bir gazeta chiqararg‘a so‘rab ariza berdi. Bu zot 1908 nchi yilda Namangonda bir matbaa ochgan edi. Bu yil “Kutubxonai Ishoqiya” isminda kutubxona ochib, turk, tatar, o‘zbek, rus tillarinda bo‘lg‘on adabiyot kitoblari oldirdi. Hozir gazeta chiqarmoq xaddindadur. Chin ko‘nguldan muvaffaqiyat tilaymiz”[10].

Har qancha harakat qilsa-da, Ishoqxon gazeta chiqarishga muvaffaq bo‘la olmadi, lekin o‘z uyida ancha boy kutubxona tashkil qildi va uni “Kutubxonai Ishoqiya” deb atadi. Ibrat arxividagi kitoblar ro‘yxati shuni tasdiqlaydiki, kutubxonada ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, tatar, turk, arab, fors-tojik tillarida ko‘plab kitoblar bo‘lgan, ulardan nafaqat o‘zi, qishloq aholisi unumli foydalangan. Ishoqxon Ibrat o‘z maktabi o‘quvchilarini kutubxonada saqlanuvchi kitoblar, darsliklar bilan ta’minlagan. Kutubxonaning maktab o‘quvchilariga bag‘ishlangan qismida ko‘plab peshqadam pedagoglarning ellikdan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalari bir necha nusxada, ta’lim-tarbiyaga oid yuzlab kitoblar bo‘lgan. Afsuski, bir necha ming kitob, qo‘lyozmalar, gazeta va jurnallar boylamlarini o‘z ichiga olgan ushbu noyob kutubxona 1917 – 1920 yillar inqilob deb atalmish ur-yiqitlarida, 1937 yilning mash’um qatag‘onida butunlay yo‘q qilindi.

Ishoqxon Ibrat jahon ilmi va madaniyatining har qanday yangiliklaridan xalqini bahramand qilishga harakat qildi. U taraqqiy etgan Sharq va G‘arb davlatlari shaharlarida, xususan, Turkiya poytaxti Istanbulning farahbaxsh “Millat bog‘i”da onasi Huribibi bilan dam olgan paytlarda o‘z Vatanida ham hamqishloqlari uchun shunday go‘zal bog‘ yaratish haqida o‘ylagan bo‘lsa, ajab emas. U otasidan qolgan besh tanob yerda xalq uchun istirohat bog‘i yaratdi, favvoralar qurdirdi, 150–200 tup archadan xiyobon barpo etdi, rus va Yevropa manzarali daraxtlarini o‘tqazdi, Yevropa usulida imorat qurdirib, arkiga “Xush kelibsiz Ishoqiya bog‘iga!” deb yozib qo‘ydi. Bu bog‘ni qishloq aholisi hozir ham “Ishoqiya bog‘i”, “Gulbog‘” deb ataydi.

Ishoqxon Ibratning ilm-fan, madaniyat va maorif yangiliklarini o‘z xalqiga targ‘ib qilishi, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan yaramas urf-odatlarga qarshi kurash olib borishi, albatta, mutaassiblarga yoqmadi, ularning g‘azabini oshirdi, mutafakkirga nisbatan turli-tuman bo‘hton toshlarini yog‘dirdilar, uni “Ishoq kofir” deb e’lon qildilar. Ishoqxon o‘zining ilg‘or g‘oyalaridan bir qadam ham chekinmadi, har qanday og‘ir sharoitda ham ma’rifatparvarlik faoliyatini davom ettirdi. Zamondoshi Ibrohim Davron guvohlik berishicha, “Dunyoning sonsiz mehnatu anduhlaridin va guruhi kajraftor ta’nalaridin bir zarra qadar bo‘lsa-da, maluliyat hosil etmadi”[11].

1937 yilning mart oyida dahshatli qatag‘on mashinasi Vatanimizning fozil kishilari qatorida Ishoqxon Ibratni ham ajdahoday o‘z komiga tortdi. 75 yoshni qoralagan keksa mutafakkir shoir, pedagog va bir qora mashina to‘la kitob Andijon turmasiga olib ketildi. U sho‘rolar turmasida ikki oy yotib, hayot bilan vidolashdi.

Istiqlol, Mustaqillik tufayligina Ishoqxon Ibrat haqida bor haqiqatni aytish, uning asarlarini to‘laligicha xalqning ma’naviy mulkiga aylantirish imkoniyati vujudga keldi. 1994 yilda “Sharq” nashriyoti shoir haqida “Istiqlol fidoyilari” rukni ostida alohida risola, 2005 yilda “Ma’naviyat” nashriyoti “Istiqlol qahramonlari” rukni ostida Ishoqxon to‘ra Ibratning “Tanlangan asarlar”ini bosmadan chiqardi.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 10-son

[1]* Ulug‘bek Dolimov – pedagogika fanlari doktori. Ishoqxon to‘ra ibn Junaydulloh xo‘ja. Mezon uz-zamon. – Toshkent – Tokio, 2001.

[2]2 Ishoqxon Ibrat. Ilmi Ibrat. – To‘raqo‘rg‘on, 1909 y., 4-bet.

[3] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 y., 56-son.

[4] “Turkestanskiye vedomosti”, 1900, № 98.

[5] O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxivi. 1009-fond, 15-delo.

[6] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1901 y., 4 avgust.

[7] Istrin V.A. Vozniknoveniye i razvitiye pisma. Str. 274.

[8] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 y., 56-son.

[9] Yuqoridagi asar. 113–114-bet.

[10] “Vaqt” gazetasi, 1913 yil, 1324-son.

[11] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 yil, 56-son.