XX asrning yirik yozuvchisi. 1897 yili AQShning Missisipi shtatida qashshoqlashgan zodagon oilada dunyoga keldi. Birinchi she’ri 1919 yili chop etilgan. «Askarning qismati» nomli birinchi romani 1926 yili yozildi. 1949 yili dunyo nasriga yangi ifoda usuli olib kirgani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.1962 yili vafot etdi.
Uning asarlari qadim asotirlarni, qahramonlari esa qadim miflardagi obrazlarni eslatardi. Bu odamlarning hayotiga ham olis afsonalarning asorati o‘tirib qolganday, go‘yo ular miflar sodir bo‘lgan davrlarning so‘nggi vakillariday taassurot uyg‘otardi. Yuzlaridan, kiyimlaridan, gapirishlaridan ularning o‘z dunyosi, o‘z taqdirining mahkumlari ekanligi sezilib turardi. Ularni na vaqt o‘zgartirolgan, na makon. Faqat yuzlari va shamoyillarigina bizga zamondoshday tuyulardi, aslida, ularning ichkarisi o‘sha, afsonalar to‘qilgan zamonlarda qolib ketganday hali-hanuz dunyo adabiyotshunosligi uchun afsona kabi sirli.
Uilyamga havas bilan XIX asrdagi fuqarolar urushi ishtirokchisi, o‘z davrida «Memfisning oq atirguli» romani tufayli nomi chiqqan adib hisoblangan polkovnik bobosining ismini qo‘yishgandi. U bobosi haqidagi afsonaviy rivoyatlar asosida katta bo‘ldi. Kichik Uilyam uchun itoatkor va mute, zabun va mo‘min, yuvosh va beozor qullarga hamda turli-tuman plantatsiyalarga to‘lib-toshgan janub hayoti butun boshli afsona edi, o‘zi ham bobosining nomiga munosib bo‘lishga urinar, xiralashgan xotiralar, cho‘pchaklar orqali yetib kelgan o‘sha olis o‘tmishni xayolan tasavvur qilar va bu o‘tmish unga ertaklar olami kabi mo‘jizali bo‘lib tuyular, o‘zi-da bu o‘tmish haqida turli cho‘pchak va afsonalar to‘qirdi. Cho‘pchak va afsonalarining bosh qahramoni polkovnik bobosi edi. Yosh Folkner boshqalar va o‘zi to‘qigan ana shu afsonalar ta’sirida voyaga yetdi. Folknerning cho‘pchak to‘qishi keyinchalik esini tanigach ham qolmadi. U sevgan qizining turmushga chiqib ketishidan ranjib Birinchi jahon urushida qatnashish uchun Buyuk Britaniya harbiy uchuvchilik kursida o‘qiyotgan paytlarida uyga xat yozardi. Bu xatlar janggohlar, harbiy samolyotlarning to‘qnashuvi, qanday qahramonliklarni boshidan kechirgani, umuman, haqiqiy urush manzaralari bilan to‘lib-toshardi. Aslini olganda, Folkner urushga yaqin ham yo‘lamagan, harbiy samolyotda uchib ham ko‘rgani yo‘q, u bor-yo‘g‘i uchuvchilik kursida o‘qiyotgandi. Xatlarining hammasi uning xayoliy cho‘pchaklari, boshqacha aytganda, endi o‘zi haqida to‘qiy boshlagan yangi afsonalari edi. Yosh yigitning to‘qimani qoyillatish qobiliyati keyinchalik yozuvchi bo‘lib shakllanishida juda qo‘l keldi. Polkovnik bobosining obrazi esa uning deyarli barcha asarlarida polkovnik Sartoris, polkovnik Snoups, Satpen kabi nomlarda kezib yurdi. Yosh Folknerning bolaligida to‘qigan afsonalari yozuvchining bir umrga yetadigan mavzusi va ilhom manbai bo‘lib qoldi.
Bobosi tadbirkor, plantator, ishbilarmon, bankir, advokat, adib edi va barcha sohada o‘zini ko‘rsatib nom qoldirgandi. Kichik Uilyamga esa avvalboshdan omad kulib boqmadi. Maktabda qoloq o‘quvchi edi, muhabbat borasida ham omadi chopmadi. 1918 yili yoshlikdan ko‘ngil qo‘ygani Estell Oldem boshqaga turmushga chiqib ketdi. Bundan ta’sirlangan Folkner frontga jo‘naydi. Ammo jangga kirmasidan urush tugab qoldi va iziga qaytdi. Shundan so‘ng ham taqdir uni siylamadi. Turli ishlar va kasblarning boshini tutdi: pochtada ishladi, vositachilik qildi, shaharda ish izlab ko‘rdi, go‘laxlik ham turmushini o‘nglamadi, butun Gollivudga omadsiz stsenarist sifatida tanildi, otasining ishini ham davom ettirolmadi. Faqat qiziqarli voqealar to‘qish, adabiyot uchun yangi afsonalar yaratishdan boshqa hamma narsa undan yuz o‘girganday edi. U bor kuchini adabiyotga sarflashga ahd qildi.
Dastlabki ikkita romani «Askar qismati» hamda «Moskitlar» («Iskabtoparlar») turli adabiy maktablar ta’sirida dunyoga keldi. Ikkala romanda ham hayotdan ko‘ra adabiy nom qozonishga va oqimlarga mansubligini bildirishga intilish bor edi. Shu tufayli bu romanlar yozuvchiga hech qanday muvaffaqiyat olib kelmadi. Yosh yigitning yozishga bo‘lgan o‘ta kuchli ishtiyoqini ko‘rgan Shervud Anderson unga: «Siz qishloq yigitisiz, o‘zingiz bilgan qishloq, odamlar haqida yozing, shuning o‘zi yetib ortadi», – deya maslahat berdi. Folkner ushbu o‘gitga bir umr amal qildi va o‘zi bilgan odamlar haqida yoza boshladi. Aksariyat asarlaridagi voqealar sodir bo‘ladigan okrugning nomini ham o‘zi o‘ylab topdi, hatto uning xaritasini ham yaratdi. Bu okrugning nomi Yoknopatofiya edi. Adib bu haqda keyinchalik shunday yozgandi: «Sartoris» romanidan men xaritada bor-yo‘g‘i tirnoq uchicha keladigan o‘z qishlog‘im haqida yozishni boshladim. Ana shu jimitday joy menga butun olamni va bani odamzodni qaytadan kashf etish imkonini, butun umr yozib tugatib bo‘lmaydigan mavzularni berdi».
Folkner o‘z xayolida yaratgan ana shu jimitday okrugda yashovchi barcha odamning botiniy tarixini yozib chiqishni niyat qilgandi. Aslida, bu makon yozuvchi xayoliy va botiniy olamining bir ko‘rinishi edi. U shu yo‘l bilan o‘z dunyosini, adabiyotda esa o‘z so‘zini yaratishga kirishdi. Yozuvchi bu dunyoni ko‘z oldidagi yalang‘och, ochko‘z, nafsga va kibrga berilgan, bir-biriga bo‘rilarday qaraydigan, yovvoyi va shafqatsizliklarga to‘lib-toshgan dunyoga, Amerikaning yangicha, tobora texnikalashib, sovuqlashib, moddiylashib borayotgan hayotiga qarama-qarshi tarzda yaratgandi. U bolaligida eshitgan va ulug‘langan, ko‘z oldidagi yangi dunyo oldida kunma-kun yo‘qolib borayotgan mardlik, oriyat, sha’n, insonparvarlik kabi fazilatlarni ana shu dunyosida saqlab qolmoqchi edi, bunga ma’lum ma’noda erishdi ham. Uning asarlari hamon ana shu fazilatlarni ulug‘lab keladi. Ammo bu shaharchadagi odamlar tarixini yozib bo‘lgach u bir narsaga amin bo‘ldi. Adib, aslida, o‘zi eshitgan afsonalardagi fazilatlarni ko‘z-ko‘z qilish o‘rniga bu fazilatlarning qanday puturdan ketayotganini, o‘zining xayolida yaratgan va bobolaridan meros qolayotgan insonparvarlik, g‘urur, insoniylik, sha’n tushunchalari tanazzulga yuz tutayotganini ko‘rsatib bergan ekan. Folkner bobolari yashagan afsonaviy janubning go‘zal o‘tmishini va uning axloqini o‘zi bilmagan holda asarlari orqali inkor ham eta boshlagandi. Bobosi haqidagi afsonalarda insonlar tabaqalarga bo‘linar, zulm va zo‘rlik, mustabidlik qahramonlik darajasida sharaflanardi, yozuvchi peshma-pesh o‘zi yaratgan afsonalarda inson va uning qalbi ulug‘lanar, zulm va mustabidlik qoralanardi. «Sartoris» romanida yosh Sartoris qahri qattiq, odamlarni qul va mute qilishga o‘rgangan, buni tabiiy hol deb bilgan otasining qarashlariga qo‘shilmaydi, keksa Sartorisning g‘azabi va nafratiga uchrasa ham, janubliklarga xos bo‘lmagan tarzda o‘z dushmanidan otasi aytganidek «sharafli o‘ch» olmaydi, hammasini hayot va vijdon izmiga tashlab qo‘yadi. «Uosh» hikoyasida bir umr xizmatini qilgan qul Uosh o‘zining valine’mati deb bilgan, salkam ma’budi darajasida sig‘inadigan Satpenni nevarasining insoniy sha’nini bulg‘agani, haqorat qilgani uchun isyon ko‘taradi va o‘ldiradi. Folkner o‘z afsonalarini yaratgani sayin bobosi yashagan davr afsonalarini inkor etayotganini, umuman, qadim janubning ertakmonand dunyosi puturdan ketayotganini, yozuvchi bolalik afsonalari ta’siridan qutulib, insonni, uning erkini, sha’ni va g‘ururini ulug‘laydigan yangi dunyoning yangi afsonalarini yarata boshlaganini bildirardi. Ko‘plab tadqiqotchilar shu tufayli ham Folknerga plantator janubning muhtasham axloq va ma’naviy tanazzulini ko‘rsatib bergan adib sifatida baho berishadi. Folkner o‘z afsonalarini yaratish bilan birga mashhur Gertruda Stayn xonim ta’kidlagan Birinchi jahon urushidan keyingi «zavol topgan avlod»ning orzu-istaklarini, urush tufayli ular yo‘qotgan umidlarni ana shu xayoliy Yoknopatofiyada qayta tiklashga urinib ko‘rdi. Adib asarlaridan chiqadigan eng katta xulosa insonga ishonish va unga matonat, sabr bag‘ishlash edi. Nobel mufoti taqdimoti ma’ruzasida o‘zi yaratgan adabiy olamni va adabiy kontseptsiyasini shunday tushuntiradi: «Adabiyot insonga matonat bag‘ishlashi kerak. Insonni yengib o‘tishga va yengishga o‘rgatishi kerak… Inson nafaqat dosh beradi, balki yengib ham o‘tadi… Adabiyotning, yozuvchining bosh vazifasi ana shu yengib o‘ta olishni ko‘rsatish va tasvirlashdir…»
Folkner yozuvchilik faoliyatiga ham nasliga xos tarzda harbiycha qarardi. U asarlarini yo mag‘lubiyatning, yo g‘alabaning mahsuli deb tushunardi. Unga g‘alaba bilan yozilgan asarlar yoqmasdi. Bunaqa asarlarda hayotni emas, hayot haqidagi cho‘pchaklarni, to‘qimalarni ko‘rardi. Aksariyat asarlarini o‘zining mag‘lubiyati deb bilardi. Ana shu mag‘lubiyat deb atagan asarlari dunyo nasrining durdonalariga aylandi. Bular «Shovqin va g‘alayon», «Sartoris», «Men o‘lgan kunda», «Avgust mayog‘i», «Avessalom, Avessalom!», «Qishloq», «Hikmat», «Shahar» kabi romanlar. Mazkur asarlarda fabulani syujet tadrijiyligi emas, ichki konflikt ziddiyati rivojlantiradi. Deyarli barcha asarlarda yana Amerika janubiga xos hayot va ma’naviy qadriyatlarning tanazzuli bosh mavzu qilib olindi.
Shunday qilib, u dunyoga umri davomida o‘n to‘qqizta roman, etmishta hikoya va qissalardan iborat badiiy asotirlarini qoldirdi. O‘n beshta romandagi va boshqa asarlarining aksariyatidagi voqealar xayoliy, to‘qima Yoknopatofiyada sodir bo‘ldi, ularning qahramonlari ham yoknopatofiyaliklar edi. Bu xayoliy olamning Satpen, Sartoris, Kompson kabi ma’budlari ham bor, ular butun okrugning hayot-mamot maromini belgilab turardi. Hatto yozuvchi, aslida, o‘zi yo‘q okrugning aholisi sonini ham aniq keltirgan: bu yerda, yozuvchining qayd etishicha, 6298 ta oq tanli, 9313 ta qora tanli fuqaro yashardi va o‘zi chizgan okrug xaritasi tepasiga «Bu okrugning yagona xo‘jayini Uilyam Folkner» deb yozib ham qo‘ygandi.
Uning birinchi yirik afsonasi – «Askar qismati» romani barcha nashriyotlardan qaytdi. Noshirlar bu qo‘lyozmada asarga arzigulik syujet yo‘qligi, adabiy salohiyat kamligini ro‘kach qilishdi. Ammo Folkner yozishdan to‘xtamadi. Shu yili yana bir afsona – yangi romani dunyoga keldi. U hech kimning fikriga qo‘shilmasdan yozishda davom etdi. O‘n yil davomida yettita roman yozib tashladi. Ana shu romanlar ichida uning nomini dunyoga tanitgan «Shovqin va g‘alayon» ham bor edi.
Bu roman XX asr adabiyotida «o‘ziga xos uslubdagi ulug‘ roman» degan nomga sazovor bo‘ldi. Asarda bir voqea bir paytning o‘zida bir nechta qahramon, bir nechta nuqtai nazardan, ya’ni to‘rt qismli romanning uchta qismi birinchi shaxs nomidan, to‘rtinchi bobi esa xizmatkor Dilsining nuqtai nazari orqali «ongosti oqimi» uslubida tasvirlanadi.
Folkner shunday degan: «Menda bir oilaning tanazzulini sal aqli zaif bolaning tasavvuri orqali aks ettirish fikri tug‘ildi. Uning olamga, atrofda bo‘layotgan voqealarga munosabati va olamni qabul qilishi orqali o‘ttiz yillik davrni tasvirlamoqchi bo‘ldim. Keyin ayni shu voqealarni boshqa, yoshi kattaroq akasining nuqtai nazari bilan sharhlash, keyin uchinchisining nigohi bilan tasvirlashga urindim. Bir voqeani bir paytda bir nechta qahramon tasavvuri orqali ochib berishga kirishdim…»
Barcha asarlari kabi bu romanda ham o‘quvchini o‘ziga tortib ketadigan va xronologik tarzda davom etadigan voqeaning o‘zi yo‘q. Asar Amerika janubi zodagonlarining ko‘zga ko‘ringan vakili bo‘lgan Kompsonlar oilasining yangi hayotga moslasholmay ham ma’nan, ham jismonan tanazzulga uchrashi haqida. Bu tanazzul hech qayerda bayon qilinmaydi, voqealarga qurilmaydi, aksincha, asar qahramonlarining (oilaning 3 ta a’zosi Benjamin, Kventin, Jeysonlarning) ichki kechinmalari, hissiyotlari, tasavvurlari orqali ochib beriladi va dunyo adabiyotida birinchi bo‘lib ayni shu romanda telbaning, ya’ni Benjaminning ichki monologi – ongosti shuuri adabiyotga asos, material qilib olinadi. Benjamin roman boshlangan 1928 yil 7 aprel bilan 1898 yildagi voqealarni bir-biriga chalkashtirib yuboradi, uning uchun hayotda, vaqtda hech qanday xronologiya yo‘q, o‘ttiz yil oldingi voqea ham unga hozirgina bo‘layotganday tuyuladi va shunday o‘ylaydi. Aynan shu Benjaminning vaqtdan xoli tasavvuri orqali xonadonning 30 yillik tarixi hamda tanazzuli ochib beriladi. Bu asar ham shaklan, ham mazmunan nafaqat Amerika adabiyotida, balki dunyo adabiyotida yangi voqelik edi.
Asar yozilgandan so‘ng 16 yil mobaynida hech qanday e’tiborga sazovor bo‘lmadi, bor-yo‘g‘i 3000 nusxada chop etilib, chang bosib yotdi. 1949 yili esa oldin Frantsiyada, keyin Yevropada asar dunyo adabiyotining mumtoz namunasi deb e’tirof etildi.
Folkner asarlari qahramonlarining yuzida tirikchilik va umr g‘uborlari qorishig‘ida ko‘rinmay yotgan dardchil, muztar qalbni ko‘ramiz. Yozuvchi aynan ana shu inson qalbini ko‘rsatib berish va ta’riflash uchun asarni yozgandek taassurot uyg‘onadi. Aslida ham shunday. Folkner adabiyot inson ko‘ngliga hamdard bo‘lishi kerakligini ko‘p marta ta’kidlagan, shuning uchun uning asarlari texnikalashgan, aniq o‘lchamlarga qurilgan, ma’lum qoidalarga bo‘ysundirilgan, hissiyot va shafqatdan, hamdardlik va hamko‘ngillikdan xoli yangi hayotga zidma-zid tarzda yaratildi. Bu qahramonlar o‘zlarining kichkina, dard va iztirobga to‘la qalblarini zamon alg‘ov-dalg‘ovlaridan yashirib yurgan odamlarga o‘xshaydi. Yuzi va zohiridagi zamon hamda beshafqat qismatdan yashirgan, unut bo‘lish darajasiga kelgan, hayot g‘uborlari ortida xiralashgan ko‘ngil yo‘lagini ko‘rib qolamiz. Bu asarlarda voqealar ham izchil rivojlanmaydi. Odatiy syujet chizig‘i ham yo‘q. Syujet xuddi «Shovqin va g‘alayon» romanidagi kabi birdan o‘tmishga qarab rivojlanib ketishi, biz bugun deb o‘ylayotganimiz, asli, o‘tmish bo‘lishi yoki o‘tmish deb o‘ylayotganimiz xuddi «Emil uchun atirgul» novellasidagi kabi bugunga aylanishi, miflardagidek o‘tmish qiyofasini bugunga almashtirishi mumkin. Mazkur asarlarda dastavval o‘zi bilan o‘zi konfliktda turgan odam ichki kurashiga duch kelamiz. Boshqa asarlarda bu konflikt hududi kengayadi: o‘zi bilan makon va zamon, o‘zi bilan o‘zini o‘rab turgan olam konfliktida turgan odam tahliliga o‘tiladi. Har qaysi holatda ham biz qahramon ichki dunyosining, inson qalbining mufassal chizgilariga guvoh bo‘lamiz. Ichki konflikt, ichki kurash asarning va syujetning asosiy poydevoriga aylanadi. Bu yozuvchining uslubini hamma ham hazm qilavermaydi, asarlari hammaga ham tushunarli emas. Uzun va ma’nosini birdaniga ilg‘ab olib bo‘lmaydigan jumlalardan tortib badiiy detallargacha o‘quvchidan diqqat va hafsala talab qiladi, ular orasida bog‘liqlik yo‘qday, go‘yo bir-biriga majburan ulanganday tuyulaveradi, syujet fabulasidagi notekisliklar hafsalani pir qiladi, ammo hammasi keyinchalik asarni o‘qib bo‘lgach yuz beradi. Uzun jumla ham, ohang ham, mayda, oddiy detallar ham syujetning bir bo‘lagi, asarning mustahkam ustuni ekani, eng mayda detallardan tortib mayda manzaralargacha hammasidan yaxlit manzara-hikoya paydo bo‘lgani ayonlashadi. Mazkur asarlarda detallar ham boshqa yozuvchilarnikiga o‘xshamaydi: bu qahramonlarning hech birini, garchi Satpen kabi xudbin, yovuz bo‘lsa ham, yomon ko‘rib qololmaysiz, ijobiy va salbiyga ajratolmaysiz. Hammasida yashash uchun o‘ziga xos asos va mantiq bor. Ammo hammasi o‘z ichki olamlarining asirlari bo‘lishiga, o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan va ishongan e’tiqodlarning qurboni bo‘lishga mahkum etilganini sezasiz.
Folknerga qaysi adabiy oqimga mansubligini so‘rashganda ikkilanmay: «Men shunday o‘ylayman va, fahmimcha, bor gap ham shu: men taalluqli va mansub bo‘lgan birdan-bir maktab bu – gumanizm maktabidir!» – degandi. Bu iqrorini yozuvchi texnikalashib, shiddatli tus olayotgan, boylik yig‘ishga, tijoriy manfaatlarga, turli g‘oyalar va mafkuralarga malaylarcha xizmat qila boshlab, san’atning bosh vazifasini unutgan davr san’atiga bir istehzo sifatida bildirgandi. U bu fikrni Gollivud korchalonlari bilan zidlashib qolgan paytlarda aytgandi. Gollivudchilar undan insonga muhabbat uyg‘otadigan stsenariy emas, balki pul olib keladigan stsenariy talab qilgandi. Folkner ogohlantirgan xavf bugun ham xatarliligicha turibdi, bugun ham san’at gumanizmdan chetlashishda davom etmoqda.
Yozuvchi qo‘liga qalam olib yozuvchilikka jiddiy kirishgandan so‘ng qariyb yigirma yil muhtojlikda, moddiy yetishmovchilikda yashadi. Uning asarlari tijoratchi noshirlarga qo‘l kelmadi. Shuning uchun elektr stantsiyasida go‘laxlik qilib, kechalari yonayotgan ko‘mir yorug‘ida «Men o‘lgan kuni» romanini yozdi. Keyin turli qora ishlarni qilishga majbur bo‘ldi. Yilqichilik bilan ham shug‘ullandi. Faqat 40-yillarda Gollivudga stsenariylar yoza boshlagach oilasini sal tiklab oldi. Ammo bu ham uzoqqa cho‘zilmadi. O‘z yurtida uni juda kam kishi bilardi, kam kishilar qadriga yetardi. Ammo 40-yillarning o‘rtalariga kelib Frantsiyada Folkner asarlarini yangi qit’aning kashfiyoti sifatida o‘qiy boshladilar. Sartr uni: «Davrimizning eng buyuk yozuvchilari safida turadi», – deb ta’rifladi. Bu esa Yevropaning Folknerni tan olganini, Yevropa unga eshik ochganini bildirardi. Hatto Nobel mukofoti berilgani haqidagi xabar ham Amerika jamoatchiligini ajablantirdi. Keng jamoatchilik, oldi-qochdi belletristikaga o‘rgangan kitobxonlar bu nufuzli mukofotga loyiq bunday nomdagi yozuvchini tanishmasdi ham. Qolaversa, o‘sha davrda ancha mashhur bo‘lgan Xeminguey va Steynbek soyasida Folknerning nomi ko‘rinmasdi.
Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgach Folknerning hayoti va tirikchiligi birmuncha izga tushdi. Ammo uning kamtarligi, kamsuqumligi, go‘shanishinligi oldingiday qoldi. Shahardan, shovqindan chetda, oddiy fermerona hayot kechirdi. Hatto eski mashinasini ham almashtirmadi. Hamon o‘sha sharti ketib, parti qolgan mashinada yurardi. Uni yurtdoshlari tushunmasdi. Hatto gazetalardan birida shunday yozib chiqishgandi: «Agar menda unga berilgan pul bo‘lganda, bunaqa mashinani xizmatkorimga ham ravo ko‘rmasdim».
Folkner hech qachon shaharda yasholmadi. Ish bilan bir necha muddat turganini aytmasa, umrining oxirigacha Oksford chetidagi kichkina xo‘jaligida, XIX asrda janub zodagonlariga xos me’morchilik uslubida qurilgan eski uyda yashadi. 50-yillardan boshlab bu yerda u bir umrlik orzusi bo‘lgan otchilik bilan shug‘ullandi; bobosidan qolgan afsonalar ta’sirida otda sayr etishni, yaylovlarda gala-gala otlar kezib yurishini orzu qilardi. U o‘zi yetishtirgan otlarda ham bobosi yashagan davrning ruhi va shukuhini his qilar, o‘sha davrlarda otlar bilan yuz bergan afsonalar va qahramonliklar ichra yashayotganday bo‘lardi. O‘limi ham ana shu o‘zi bir umr intilgan afsonalar ichida sodir bo‘ldi. U o‘zi yaxshi ko‘rgan otdan yiqilib jiddiy jarohat oldi va 1962 yili ana shu jarohati tufayli dunyodan ko‘z yumdi. Qabrtoshiga: «U kitob yozib olamdan o‘tdi», – deb yozib qo‘yishlarini vasiyat qildi.
Nazar Eshonqul