O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod 1948 yil 3 fevralda Surxondaryo viloyatining Denov tumani Xo‘jasoat qishlog‘ida tavallud topdi. Dastlabki tahsilni qishloqdagi o‘rta maktabda olgach, 1967-1972 yillarda ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida o‘qidi.
Tog‘ay Murodni boshqa yozuvchilarga o‘xshamaydigan o‘zgacha xarakterli, qat’iyatli, irodali adib sifatida eslashadi. U adabiy davralardan imkoni boricha o‘zini olib qochar, ko‘plab ijodkorlarga xos bo‘lgan gap-gashtagu she’riy mubohasalardan o‘zini tiyardi. U “Bobosi va nabirasi” nomli hikoyasini o‘n to‘qqiz yoshida yozgan bo‘lsa, ilk qissasi “Yulduzlar mangu yonadi”ni bitganida o‘ttiz bir yoshda edi. Keyingi o‘n yil ichida yozilgan “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo‘shig‘i” kabi qissalarida halol, oqko‘ngil, to‘g‘riso‘z, haqiqatparast va jo‘mard o‘zbek xalqining umumiy xarakterini, yorqin tabiatini betakror obrazlar orqali yoritadi. Yozuvchi asarlari Ernest Seton Tompson, Jek London, Chingiz Aytmatovning nasrini eslatadi. Aytish mumkinki, Chingiz Aytmatovning “Alvido, Gulsari” asaridagi Gulsari obrazi o‘zbek xalqi ma’naviyatida qanday iz qoldirgan bo‘lsa, oradan o‘n ikki yil o‘tib yaratilgan “Ot kishnagan oqshom”dagi Tarlon obrazi ham o‘quvchilar diliga shu qadar chuqur kirib borgan.
Yozuvchi yosh qalamkashlarga yozgan maktubida ijodkor “o‘z dunyosi bor, o‘z yo‘li bor, o‘z tili bor” inson bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Darhaqiqat, XX asr yozuvchilarining til va uslubiga e’tibor qaratar ekanmiz, Tog‘ay Murodnnig tilini, undagi xalqona ifodalar, uslubini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Bu til bilan yozuvchi o‘zini kashf etib, nasr janrini poetik imkoniyatlar bilan boyitdi, xalq tilidagi she’r, matal, ibora, maqol va aforizmlarni adabiy tilga olib kirdi, shu til bilan u… ko‘p tanqidlarga uchradi.
Adib o‘ttiz olti yoshida o‘zidagi adabiy va nazariy bilimlarini yanada boyitish maqsadida Moskvadagi Oliy adabiyot kursiga o‘qish uchun yo‘l oladi. U yerda olingan ikki yillik tahsil yozuvchi ijodida muhim rol o‘ynadi. Bu yerda Tog‘ay Murod jahon adabiyotining yetuk namunalarini mutolaa qilish bilan birga, g‘arb adabiyotining ilg‘or g‘oyalari, adabiyotdagi milliylik va umuminsoniylik, shaxs va xarakter, shaxs va uslub masalalari aks etgan adabiy-nazariy manbalar bilan tanishdi. Shu tariqa adib Jeyms Joysning “Uliss” romani tarjimasiga qo‘l uradi. Ammo noma’lum sabablarga ko‘ra mazkur asarning birinchi qismidan keyin tarjima to‘xtab qoladi..
Uning 1993 yilda yozilgan “Otamdan qolgan dalalar” nomli romani adibning uzoq yillik mehnatlari, izlanishlarining samarasidir. Mazkur romanda O‘zbekistonning mustamlakachilik asoratiga tushib qolishi va sobiq ittifoqdagi eng ulkan xom-ashyo o‘chog‘iga aylantirishining fojealari aks ettiriladi. Yozuvchi o‘z asariga material yig‘ish uchun Surxon paxta dalalariga borib dehqonlar hayotini o‘rganadi, ular bilan yonma-yon yurib, chigitning yerga qadalishidan to hosil terib olingunigacha bo‘lgan barcha zahmatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
Mazkur romanda u mustabid tuzum yillaridagi dehqonlarning og‘ir hayotini, turmush tarzi, g‘amu iztiroblari, e’tiqodiyu qarashlarini Dehqonqul obrazi orqali ochib beradi. Shu bilan birga siyosiy tazyiqlaru hukmron mafkura tahdidi oqibatida Aqrab qo‘rboshiyu, Jamoliddin ketmonlarning avlodlari bo‘lgan va keyinchalik qulga aylangan dehqonlarning umumlashgan portretini yaratishga muvaffaq bo‘ladi.
Tog‘ay Murod asarlarini o‘qir ekansiz, o‘zingizni o‘zgacha, hali hech kim o‘rganmagan, urfu odatlarini bilmagan boshqa maskanga, sirli-sehrli dunyoga tushib qolgandek his qilasiz.
Yozuvchi dastlabki romanida mustabid tuzum davrida soxta e’tiqodlar bilan yashagan o‘zbekning sodda, fojeaviy hayot tarzini aks ettirgan bo‘lsa, uning oxirgi “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanida xuddi shu davrda yashab, zohiran dinu iymondan kechib… “umrguzaronlik” qilgan ziyoli insonning ma’naviy-ruhiy inqirozlari o‘z aksini topadi.
Tog‘ay Murod juda qisqa umr ko‘rdi. U 2003 yili 55 yoshida dunyodan ko‘z yumdi. Ammo “men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman”, degan adib ko‘kdagi million-million yulduzlar ichida “O‘zbekiston” degan, “o‘zbek” degan yulduz borligini, u xalq qalbidagi pokizalik, samimiyat, mehribonlik, oliyjanoblik, xalqparvarlik hech qaysi bir xalq qalbida bu qadar chuqur ildiz otmaganini o‘zining quyma obrazlari orqali ko‘rsatib berdi.
Yozuvchi hayotini kuzatar ekanmiz, bir narsaga hayratlanmay ilojimiz yo‘q. Odam bolasida e’tiqod qanchalik kuchli bo‘lsa, mana shu e’tiqodi tufayli hamma narsadan voz kechib ham yashay olarkan. Tog‘ay Murodning butun borlig‘i, suyangani, e’tiqodi Adabiyot edi. “Adabiyot qismat, biz hammamiz darveshlarmiz”, degan edi adib. Yozuvchi ana shu e’tiqodiga sodiq qoldi. Umrining oxirigacha unga ergashdi, na boylik orttirdi, na mansab-martabaga intildi, na dam oldi va na ko‘ngilning chigilini yozish uchun xorijiy o‘lkalarga sayru sayohat qildi. U katta amallar, hashamatli hayot va unvonu martabalar ilinjida zamonasozlik ko‘chasiga kirmadi. U Olloh tomonidan berilgan hayotni, pokiza iqtidorni g‘animat bilib, umri davomida faqat mutolaa qildi, yozdi, tarjima qildi, ko‘ngli uchun, e’tiqodi uchun xizmat qildi.
Adib uchun yozuvchilar uyushmasi go‘yo masjidu mehrob edi, bu masjidning minbarida so‘z, fikr aytish uchun mas’uliyat, jiddiyat kerak bo‘lishini, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir kabi ustozlar so‘zlagan bu muqaddas sahnaga pokiza yurak bilan chiqishni vijdoniy burchi hisoblardi. Yozuvchi bu minbarda arzigulik uch-to‘rt asar yozmasdan turib, nutq irod qilishni vijdoni oldida uyat deb bilardi. Tog‘ay Murod ilk qissasini yozgandan keyin yigirma yil o‘tib, bu sharafli zalda so‘zlashga jur’at etdi…
Bu yil tavalludiga 65 yil to‘lgan yozuvchidan to‘rt qissa, ikki roman va qolaversa, Jek Londonning “Boyning qizi” dramasi va qator hikoyalari, E.S.Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a” qissasining tarjimalari meros bo‘lib qoldi. Ayniqsa, “Yovvoyi yo‘rg‘a” asari hozirgacha bolalarning qo‘lidan tushmaydigan va qayta-qayta o‘qiladigan asarlar qatoridan o‘rin oldi.
“Siz imzo emas, so‘z yig‘ing”, deydi adib…
Bugun adabiyotshunoslar, yosh olimlar Tog‘ay Murod ijodiga juda ko‘p murojaat qilmoqdalar. Chunki adib ijodi davomida xuddi asal izlab uchgan asalaridek, xalq og‘zaki ijodida, ayniqsa, vohaning chekka qishloqlari shevasida ishlatilayotgan ko‘plab so‘z va iboralarni, maqol va hikmatlarni qidirib, qisqa qilib aytganda, g‘avvoslar dengiz tubidan gavhar qidirganlari kabi u ham xalq ichidan so‘z yig‘ib, so‘z qidirib yashadi.
“Yulduzlar mangu yonadi” deb atagan edi o‘z qissalaridan birini bu iste’dodli adib. Darhaqiqat, adabiyot osmonidagi ming-minglab yulduzlar orasida Tog‘ay Murodning ham mo‘jazgina yulduzi hali uzoq porlab, nur sochib turishiga shak-shubha yo‘q.
Alimurod Tojiyev
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son