Ulug‘ muarrixlar
Ulug‘ muarrixlarning xokisoru haqirliklari hayratlanarlidir. Ular tarix ilmlari kitobotidan oldin Ollohga hamdu sanolarini hech vaqt kanda qilishmagan. Insonlarni gumrohlikdan xalos etib, hidoyat yo‘liga boshlagan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallalohu alayhi vassalam sharafiga duoi fotihada bo‘lishgan. Ul janobni va choriyori bosafolarni, ularning sadoqatli sahobalarini, zulmat ichra porlagan nur, deb bilishgan. Agar shunday ulug‘ e’tiqodu ixlos bo‘lmaganida ular boqiy umrga ega bo‘lgan tarixiy asarlarni ham bita olmagan bo‘lar edilar. Zero, xokisorlik va haqirlik ham asli ulug‘vorlikka daxldordir. “Fakrum-faxrum”, ya’ni faqirligim faxrimdir, deyishgan donishmand bobokalonlarimiz.
“…Men shikasta qalbim kotiblik ishida orttirgan noqis ilmim bilan o‘zim uchun belgilanmagan ishga kirishmagan bo‘lur edim” deb yozadi “Siyrat as-sulton Jalol ad-din Manguburni” (Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti) asarining muallifi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy.
Bu ish aslida aynan Nasaviy uchun belgilanganligini necha-necha zamonlar, asrlar ko‘rsatib turibdi. Aks holda asar shuncha vaqtdan buyon noyobu tanqis hisoblanib, ohori to‘kilmagan yodgorlik sifatida saqlanib qolmagan bo‘lar edi. Aynan xokisorlik va shu asosda tug‘ilgan jur’at va qat’iyat muarrixni qutlug‘ ishga boshlagan.
Ulug‘ bobokalonlarimizdan yana biri Burxoniddin Rabg‘uziy esa “Qissasi Rabg‘uziy”ning avvalida shunday ta’kid etadi:
“Qisasul-anbiyo” bo‘lsa, o‘qumoqg‘a keraklik, o‘rganmoqqa yarag‘lig‘ bo‘lgay erdi, teb iltimos yanglig‘ ishorat bo‘ldi ersa nechama o‘zumni og‘irlab nafas saqlamish bo‘lib o‘g‘ur bo‘lsun teb bu og‘ir ishga o‘g‘radimiz”.
Rabg‘uziy ham Nasaviy singari necha fursat o‘zini shu asarni yaratishga chog‘lab, tarix bitishga istiholalar qilgan.
Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asari ham ulug‘ tarixiy yodgorlikdir. Muarrix ham avvallambor shunday katta ishga qo‘l urishdan oldin o‘zidan bilimdonroq va mahoratliroq tarixnavisni izlaydi. “Bu tarixni bir kishiga taklif qilali deb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur bo‘ldi (va) ul sababdin o‘zimiz aytduk”.
Abulg‘oziy shu asarni bitganligi mutlaqo bejiz emas. Axir shu davrda yurt tarixini, avlodlar shajarasini uzviy bir tadrijiy taraqqiyotda yana kim ham shu qadar mukammal tasavvur qilgan bo‘lur edi. “…Sipohiygarlikning qonuni va yo‘sini nechuk otlanmoq va yormak va yovg‘a yasoq yasamak, ko‘p bilan yurganda nechuk qilmoq, do‘stga, dushmanga nechuk so‘zlashmak”, “Masnaviyot va qasoyid va g‘azaliyot va mulaqattot va ruboyot va barcha ash’orni fahmlamaklik”, “Odam ahlidan to bu damgacha Arabistonda, Eron, Turonda va Mo‘g‘ilistonda o‘tgan podshohlarning otlari va umrlarining va saltanatlarining kam va ziyodin bo‘lmaklik” ilmlarini uning kabi yana kim ham egallagan?
Yuqorida sanab o‘tilgan va muarrixning o‘zi “uch hunar” – “ko‘p nimarsa” deya bilgan bilimlar aslida ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning, beqiyos salohiyatning tajassumi edi.
Ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, arbiy salohiyat bobida beqiyos yuksakliklarga erishgan bobokalonlarimiz juda ko‘p. Lekin ularning hammasi ham allomalik maqomiga erishgan deyish mushkul. Biz deyarli har kun tilga oladigan ulug‘ Al Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Najmiddin Kubro, Bahoviddin Naqshband, Ogahiy va boshqalar ana shunday sarbalandlik masnadidan joy egallagan deyish mumkin, agar ta’bir joiz bo‘lsa, Abulg‘oziy ham ana shunday allomalardandir.
Barcha tog‘din og‘ir yukki tarixning,
Tarixning bo‘y-basti qo‘yoshga mengzar.
Tarix yerda emas, u muarrixning,
Kiftida har zamon chayqalib yashar.
Beparvolik – koni illat:
Agar ogoh sen, shoh sen, sen,
Agar shoh sen, ogoh sen, sen.
Hazrat Navoiyning bu so‘zlari ko‘pchilikka tanish. U ogohlikni shohlik darajasida ulug‘lar ekan, avlodlarga bu fazilat sohibi bo‘lishni vasiyat ham qiladi.
Ulug‘ bobokalonlarimizdan yana biri o‘z tahallus nisbasini Ogahiy deb qo‘yganligi, bu purma’no so‘zni hayotning mazmun-mohiyati qadar yuksaltirganligi uchun ham ogohlik haqida takror o‘ylashimiz kerak.
Talab yo‘lida kimning ixlosi komildir,
Hamisha shohidi matlubining vasliga vosildir.
Agar kim astoydil ixlos qo‘ysa, u maqsadiga yetadi demoqda shoir. Agar ogohlik nuqtai nazaridan qaraganda ham shunday. Astoydil ixlos manbai esa ishq, Vatan, tarix va ilmu ijod ekanligini anglash murakkab emas.
“Shajarai turk”da ham asar muqaddimasidayoq ogohlik va voqiflik zaruriyati, beparvolik, loqaydlik, koni illat ekanligi haqidagi hikmatga bilvosita ham bevosita duch kelamiz.
“…Bizning ota va akalarimizning beparvoligi va Xorazm xalqining bevuqufligi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizni Abdulloxonning otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridan to bizga kelguncha tarixlarini bitmay edilar”.
Muarrix ajdodlarimizning, og‘a-inilarimizning avlodlar tarixini bitish singari misli yo‘q ishga beparvolig‘i va ko‘p narsadan ogoh emasligidan iztirob chekadi.
Yaqin yillargacha yurtimiz tarixining qanchadan-qancha sahifalari bitilmagan yoki titilgan, o‘chgan edi. Unda necha-necha ulug‘larimiz, qahramonlarimiz o‘rin topmay kelardi. O‘tmishni buzib ko‘rsatish, soxtalashtirish qancha davom etdi. Faqat mustaqillik epkini bu fojiaviy holatga barham berdi. Abulg‘oziy armonlari ham endi ushalyapti.
Viloyatimizga bundan 15 yil oldin tashrif buyurgan qadimshunos Ziyo Bunyodov shunday xitob etgandi.
Har bir inson kamida o‘zining o‘nta avlodi shajarasini bilmog‘i kerak. Men o‘zimning o‘n olti avlodimni nomma-nom bilaman. Bobokalonimiz Bunyod bobo bundan 5-6 asr burun yashagan.
Yana “Shajarai turk”ka qaytaylik. Abulg‘ozining beparvolik, bevoqiflik haqida so‘z yuritishi bejiz emas. Chunki bu illatlar elu yurt taraqqiyotiga, o‘zlikni anglashga aks ta’sir etishi bilan birga yana boshqa illatlarni ham tug‘diradi. Ya’ni kibru havo hamda takabburlikni paydo qiladi. “Shajarai turk”da bu haqda ko‘p ta’kidlar bor. Xususan, Muhammad Xorazmshohning inqirozi va halokati aynan shu illatlar bilan bevosita bog‘liq holda aks etgan. “Bizning yurtimizning havosidan va ahli Xorazmning bebizioatligidan hech zamonda bo‘lmagan ish bo‘ldi” deyilgan ta’kid ham oxir-oqibatda beparvolikdan tug‘ilgan illatlarga ishoradir.
Xulosa qilib aytganda, Vatan, xalq kelajagi, o‘zlikni anglash yo‘lida ogoh, fidokor bo‘lmaslik mumkin emas, bu shior Abulg‘oziy umrining asosiy mazmun va mohiyatini tashkil qiladi. Bu da’vatkor so‘zlar hech vaqt o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Hamma vaqt zamonaviy bo‘lib yashayveradi. Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash borasida hali ko‘p ishlar oldinda turgan hozirgi vaqtda bu shiorga qayta-qayta murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Prezident stipendiati, Urganch davlat universiteti talabasi Nasiba Sobirovaning Abulg‘oziy Bahodirxon hayoti va asarlarini o‘rganish yuzasidan ilmiy ishlari uning o‘ziga ham, boshqa talabalarga ham ilhom va rag‘bat bag‘ishlashi turgan gap.
Ogohlik yurakda uyg‘ongan g‘urur,
Vatanni, tarixni sevmoq – ogohlik.
Elga beparvolik ko‘rgulik erur,
Eldin bexabarlik esa – gumrohlik!
Har lafzida el zikri
“Shajarai turk” yaratilganiga qadar Sharqu G‘arbda ma’lum va mashhur bo‘lgan bir qator mumtoz tarixiy kitobot namunalari mavjud edi. Shulardan eng nodirlari qatorida Boburning “Boburnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarlarini tilga olish mumkin.
“Boburnoma”da, 1505-1506 yil voqealari haqida to‘xtalganda, Shayboniyxonning Xorazmga yurishi alohida ta’riflangan. “Xorazm yigitlari bisyor mardonaliklar qildilar, hech taqsir qilmadilar, andoq tiyrandozlik qildilarkim, borlar qalqondin, jibadi, ba’zi mahalda ikki jibadin o‘tkara-o‘tkara otib durdilar. O‘n oy kabaldorlik tortdilar, hech yerdin umidvorlik bo‘lmadi”, deb yozadi muallif.
Bobur jangu jadalda mardonalik ko‘rsatgan xorazmlik yigitlarga tan berar ekan, kelgusida ulardan biri o‘zi singari oliy martabali hukmdor bo‘la turib, o‘lmas tarixiy asarlar bitishini orzu qilgan bo‘lsa ne ajab. Har holda u o‘z asarlarida chuqur hurmat va ehtirom bilan o‘n ikki marta tilga olgan Xorazmda uning jahonshumul mardligu jasorati va benazir aqlu idrok hamda tafakkuri idofasini mutlaqo o‘ziga xos tarzda, shaklu shamoyilda qaytadan dunyoga kelishi uchun atigi bir yarim asrcha vaqt kifoya qildi.
“Boburnoma” va boshqa durdonalarni Abulg‘oziy chuqur o‘rganganligi va yaxshi o‘zlashtirganligi tabiiy. “Shajarai turk”da, umuman olganda uning mutlaqo o‘ziga xosligi va benazirligidan qat’i nazar, qaysidir jihatlari bilan, eng muhimi, jur’at va shijoati, matonati, tilining puxtaligi bilan Abulg‘oziy ulug‘ bobokalon donishmandlarning qutlug‘ ishlari va an’analarini davom ettirgan.
Taniqli olim German Vamberi “Abulg‘oziy Bahodirxonning ko‘pgina ishlari Boburni xotirga tushiradi. Jahon uning “Shajarai turk” nomli tarixiy asari uchun minnatdordir”, deb yozgandi o‘zining “Buxoro yoxud Movaraunnahr tarixi” asarida. Bunda olim Bobur bilan Abulg‘oziyni el-yurtni obod va ozod ko‘rish ishtiyoqida astoydil harakat qilgan ikki davlat arbobi sifatidagi o‘xshash jihatlarini, ayni paytda, ularning tengi yo‘q ijod namunalarini nazarda tutgan, desak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
“Shajarai turk”da Abulg‘oziy xalqning shajarasini, tarixini tadrijiy taraqqiyotda ko‘rsatishga intilgan. Bayonni ixcham, izchil, voqealarni latifa, rivoyat uslubida sodda va jozibali qilib aks ettirgan. Turkiy xalqlarning 40 ga yaqin elu elatlarini zikr etarkan, ularning tarixi, yigitlarning mardligi, jangu jadallardagi jasoratini ulug‘laydi. “Nayman elining zikri”da u “Bu qadim el turur, boshlari va mollari ko‘p bo‘lur”, deydi. Boshlari va mollari, ya’ni aholisi hamda chorvasi ko‘p el, shu davr nuqtai nazaridan, qolaversa, bugungi davr nuqtai nazaridan ham, kuchli va qudratli el demoqchi.
“Qo‘nqirat elining zikri”da muarrix ajoyib bir tasvir vositasi bilan bu elning buyuk farzandini shunday aks ettiradi. “Cho‘rlik inisini ayadi. Taqi ko‘nglindin aytdi: Muni andag‘ otayin ko‘rksun, ammo zarar topmasun”. Quloqinda ulug‘ halqasi bor edi. Ani qasd qilib otdi. O‘q halqaning ichidin o‘tib ketdi”. Quloqdagi halqadan o‘qini o‘tkaza oladigan darajadagi merganlik, avvalambor el qadimiyligidan, jasoratidan darak beradi.
Bu voqea qadimgi yunon afsonalarini ham eslatadi. Abulg‘oziy Bahodirxon bir necha ming yillik tarix bitiklaridan o‘tmishdagi ulug‘ xalqlarning qismatidan yaxshi boxabar bo‘lgan. U o‘zi tasvir etgan bahodirliklarni tarix saboqlari sifatida ham aks ettirishga intilgan.
Aqlingni charxlaydi otalar fikri,
U bir kun e’tiqod, nomusga do‘nar.
Bobolar bitishgan el-ulus zikri,
Qalbma-qalb o‘tguvchi qomusga do‘nar.
Ona Yer iltijosi
Tarixiy voqeliklar zanjiri bo‘ylab qadim o‘tmishga safar qilish oxir-oqibatida tafsilotlar dostonu afsonalarga, inson tafakkurining behudud doiralariga ham sig‘maydigan kechinma va holatlarga borib taqaladi. Buning boisi juda qadim voqea va hodisalar haqidagi ma’lumotlar, yozma manbalar deyarli saqlanib qolmaganligida, mavjudlari esa asosan inson ruhiyati, aqlu idroki ilohiyot bilan uyg‘unlashib, unga bir irmoq singari qo‘shilib ketishidadir. Eng muhimi, bu afsonalarni kim qanday tushunishida emas, balki ular ilm koni, hikmat xazinasi ekanligidadir. Shu jihatdan “Shajarai turk”dagi xalqona tilda, oddiy uslubda bayon qilingan afsonalar ham behad mazmun va betakrorlik kasb etadi.
“Shajarai turk”ning birinchi bobida shunday afsona keltiriladi. Xudoyi taolo Odam alayhissalomni yaratish uchun avval Jabroil alayhissalomni, keyin Mekoyil va Isrofil alayhissalomlarni Yerdan tuproq olib kelish uchun yuboradi. Ular beqiyos qudrat egalari bo‘lishlariga qaramasdan, Yerdan tuproq keltira olishmaydi. Buning boisi esa Yerning iltijolaridir.
Er farishtalarga shunday nido qiladi: “ …Mendin olmag‘il. Aning uchun tongla odam farzandlari ko‘p bo‘lg‘andin so‘ng biri kofir, biri osiy, biri zolim va biri gunohkor bo‘lurlar. Onlarni Xudoi taolo azob qilur. Men Tangri taoloning g‘azabi va azobiga tobim yo‘qdir… ”
Bir qarashda “Shajarai turk”da Yer tilidan qilingan bu nido juda g‘ayritabiiy va oddiy tuyulishi mumkin. Lekin uning zamirida naqadar katta mohiyat va mazmun, muarrixning e’tiqod va ixlosi, avlodlarga ajdodlarning, ilohiy ruhiyatning nidolari, ogohlantirishlari ham yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Abulg‘oziy oliy hukmdor va iste’dodli ijodkor sifatida, avvalambor, dinu diyonatni, e’tiqodni hamma narsadan ham ustuvor biladi. Shu sababli ham butun umrini bag‘ishlagan asar muqaddimasida insoniyatni yaratgan Xudoi taologa hamdu sano aytgan holda, Yerdan, ona zamindan hikoyat boshlaydi.
Ona zamin iltijolari haqdagi bob bugungi kun uchun ham zamonaviy tuyuladi. Zero, bugun ham Yer kurrasining notinch olovli nuqtalari talaygina. Qayerdadir insonning hudbinlarcha, yovuzlarcha harakatlari bois urush tahdidlari orta bormoqda, terrorchilik degan ofat-balo qora qo‘lankadek har yer, har yerda izg‘ib yuribdi. Undan Yerni, o‘z yurtingni omon saqlash bugun chinakam vatanparvarlik namunasi deb baholanadi, insoniyat farzandi, qolaversa, bir ulug‘ yurt farzandi sifatidagi insonning burch va majburiyatlarini eslatib turadi. Bu ham “Shajarai turk” saboqlaridir.
Garchi yer poyingda hoziru, bedor,
Bilgilkim, bo‘lolmas loqayd, beparvo.
Axir oyoqlar bor, tekkan joy gulzor,
Axir qadamlar bor, tig‘ kabi go‘yo.
Azaldan mo‘tabar
Tarixiy asarlarda ayollar siymosi ko‘p ham aks etmaganday tuyuladi. Ammo bir qarashdagina shunday. Aslini olganda barcha voqea-hodisalar, evrilishlar, xonlaru beklarning, sarkardalarning hayotlari zamirida mo‘tabar ayollar qiyofalari ham bevosita, ham bilvosita aks etib turadi. “Shajarai turk”da ham bunga misollar oz emas.
“O‘g‘uzxonning dunyoga kelganligining zikri”da muallif bag‘oyat mehru ixlos bilan ta’rif etgan, turkiy ko‘plab elu elatlarning bobokaloni deya e’tirof etilgan milliy qahramonning kelgusidagi butun shon-shavkati, yuksak martabalarga erishuvi O‘zxonning qizi bilan bog‘liqdir. Bu bokira qiz o‘z umrini musulmonchilikka, eriga mehru sadoqatga bag‘ishlaydi. O‘g‘uzxonga qarata “Sen ne yo‘lda bo‘lsang, men shu yo‘lda bo‘layin” deydi. “O‘g‘uzxon ani ko‘p sevar erdi” deya ta’kidlanadi asarda.
Hatto o‘z otasi, musulmonchilikni tan olmagan Qoroxon O‘g‘uzxonni ovda yurganida tutib o‘ldirishga qaror qilganida O‘zxonning qizi uning jonini saqlab qoladi. Ya’ni, dushmanlar fitnasidan uni xabardor qiladi.
Qissadan hissa shuki, agar oqila va tadbirkor rafiqasi g‘animlar tug‘dirgan kulfatlarga qalqon bo‘lmaganida O‘g‘uzxon halok bo‘lishi mumkin edi. Ya’ni ulkan tarix uzilib qolishi xavfi tug‘ilardi. O‘zxonning qizi mardlik va jasorat, sadoqat ko‘rsatib, bunga yo‘l qo‘ymadi.
“Shajarai turk”da so‘z yuritilgan tarixiy shaxslar haqida ma’lumotlarda ularning xotinlari zikri alohida o‘rin egallaydi. Masalan, “O‘gadoy Qoonning to‘rt mo‘tabar xotuni… bor erdi. Ulug‘ xotunining oti Buraqchin, ikkinchi xotuni Turakina Markit xalqidin erdi”. Bu ta’kidlarga ayollarga nisbatan qo‘llanilgan “mo‘tabar”, “ulug‘” so‘zlarining o‘zida ularning nufuzi va e’tibori mujassamlashgan.
Abulg‘oziy Bahodirxon o‘z onasi haqida alohida to‘xtalgan. “Emdi onamiz tarafin aytalig. Onamizning oti Mehribonu xonim…”
“Yodgorxonda otamiz bilan onamizning otasi qo‘shuldur. Olti yoshqa yetkanda onamiz haq rahmatiga ketdi”.
Ko‘plab tarixiy yozma manbalar singari “Shajarayi turk” ham ayollarimizning azal-azaldan ulug‘u mo‘tabarligidan takror dalolat beradi.
Kimki ishq yo‘linda bir bor bo‘zlagan,
U ushbu dunyoni, hayotni ko‘zlagan.
So‘ngra butun umr iftixor bilan,
Onadan gap boshlab, ayoldan so‘zlagan.
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 7-son