Tunisning chekka bir qasabasida amal-taqal kun ko‘rib yurgan baqqol yigitning o‘z joniga qasd qilishi – butun arab dunyosini saratondagi chaqindek larzaga solishi, larzaga solish ne, ostin-ustin qilishi, sokin hayotini toshqin daryoga aylantirishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagandi.
2010 yil 17 dekabr. Sidi-Buzid bozorida savdo-sotiq qilayotgan 26 yoshli Muhammad Buaziziy va mirshab ayol Faida Hamdi o‘rtasida gap qochadi. Yigitcha hujjatsiz oldi-cotdi qilayotganidan xabar topgan Hamdi xonim uning yuziga tarsaki tushiradi, ikki og‘iz nordon gap aytib, qo‘liga jarima pattasini tutqazadi. He yo‘q-be yo‘q haqoratlangan, boz ustiga, “zaifa” mirshabdan tarsaki yegan yalangto‘sh yigitcha oyog‘ini qo‘liga olib, shahar hokimligiga chopadi. Ammo uning arziga quloq osadigan dodxoh topilmaydi. O‘zini tahqirlangan deb hisoblagan Muhammad Buaziziy hokimlik binosi yonida o‘z ustidan benzin quyib, o‘t qo‘yadi.
1914 yil 28 iyunda Sarayevoda ertsgertsog Frants Ferdinandning o‘ldirilishi Birinchi jahon urushi boshlanishi va undan keyin qirg‘inbarotlarga bahonai sabab bo‘lgandi. Tarix yana takrorlandi. Muhammad Buaziziyning vujudini kuydirgan olov ko‘p o‘tmay dahshatli alangaga aylanib, butun arab dunyosini o‘z domiga tortdi. Yangi davr tarixiga “Arab bahori” degan shoirona nom bilan tirkalgan tinch namoyishlar qonli davlat to‘ntarishlariga ulanib ketdi. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi: siyosiy tartibning izdan chiqishi barcha sohalar qatori fan, ta’lim, san’at, adabiyotga ham xatarnok ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘p asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, o‘zligini tanish yo‘liga o‘tayotgan arab olami ko‘z ochib yumguncha harbu zarb maydoniga aylandi-qoldi…
Tamaddun yaratgan xalq
Arablar – rub’i maskundagi shavkatli xalqlardan biri. Bu tilda so‘zlashuvchi xalqlar qadimgi Misr, Shumer, Ossuriya, Bobil, Finikiya kabi buyuk tamaddunlarga asos solgan. G‘oyat qulay jug‘rofiy hududda joylashgan, Atlantika va Hind okeanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lgan mintaqa xalqlari o‘z davrida bu ilohiy tortiqdan g‘oyat unumli foydalangan. Miloddan avvalgi asrlardayoq Nil, Frot va Dajla daryolari bo‘yida ko‘hna tamaddunlar nash’u namo topgan.
Iso Masih tavalludidan keyingi zamonlarda mintaqa xalqlari o‘tmishdagi nufuzli mavqelarini boy berdi, parokandalikka yuz tutdi. 622 yilda samo bilan robita qayta tiklandi, Arab jazirasida islom dini maydonga chiqdi. Bu tarixiy voqea arab qavmining hayot tarzini tamomila o‘zgartirib yubordi. Ismoil zurriyodlari (manbalarga ko‘ra, payg‘ambar Ibrohim (a.s.)ning o‘g‘illari Ishoqdan yahudiylar, Ismoildan esa arablar tarqalgan) johiliyat davrining rizolat va illatlaridan voz kechib, yangi jamiyat qurishga bel bog‘ladi. VII-X asrlar Arab tamaddunining oltin davri sifatida moziy sahifalaridan o‘rin oldi. Arabiston yarimorolida ibtidoiy qabila tuzumida yashab kelgan, aksari xat-cavodsiz sahroyi qavmni mutlaqo tanib bo‘lmay qoldi. “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farz” degan maslakni mahkam tutgan Jazira arablari o‘zigacha mavjud bo‘lgan yunon, fors, rim, hind va xitoy tamadduni yutuqlarini chanqoqlik bilan o‘rganishga kirishdi.
Ilk o‘rta asrlar dunyo xaritasining qoq markazini hayhotdek Arab xalifaligi davlati egalladi. Umaviylar (661–750) hukmronligi davrida badaviy arablar ko‘chmanchi hayot tarzidan voz kechib, o‘troqlasha boshladi. Bu esa ilm-fan va adabiyot ravnaqiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatdi. Arablar diniy ilmlar bilan birga dunyoviy fanlarni ham harislik bilan o‘zlashtirdi. Abbosiy xalifalar Horun ar-Rashid (786–809) va Ma’mun (813–833) davrida ilm-fan qulf urib gullab-yashnadi. Bag‘dod “Bayt ul-hikma”sida xalifalikning turli burjlaridan kelgan peshqadam allomalar matematika (riyoziyun), kimyo, astronomiya, tibbiyot, falsafa singari fanlar bo‘yicha ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ixtirolar. Bag‘rikenglik, turli din va elat vakillarining yagona maslak atrofida jipslashuvi taraqqiyotga doyalik qildi. Suriyalik olim Mustafo Husniy as-Siba’iy Bayrutda 1987 yili beshinchi marta nashr etilgan “Hazoramiz ajoyibotlaridan” kitobida yozishicha, xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar turli dinga e’tiqod qiluvchi olimlardan iborat edi. “Bayt ul-hikma” rahnamosi Ma’mun ulkan saltanatning turli hududlaridan kelgan olimlarga: “Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat toifakashlik qo‘zg‘almasligi uchun har biringiz o‘z diniy kitobingizdan dalil-hujjat keltirmasangiz bo‘lgani”, deya uqtirgandi. Ulug‘ rus adibi Nikolay Gogolning ta’biri bilan aytganda, “Hamma firqalarning olimlari uchun davlat eshiklarini lang ochib qo‘ygan al-Ma’munning kosmopolitizmi aql bovar qiladigan chegaradan ancha chiqib ketgandi” (“Al-Ma’mun”, 1834).
Yana suriyalik as-Siba’iyga quloq solamiz. Uning qayd etishicha, ulug‘ arab olimi Abu Yusuf al-Kindiy (801–873) Eynshteyndan ancha avval nisbiylik nazariyasini ilgari surgan. Arifmetika, geometriya va psixo-fiziologiyaga oid fundamental asarlar yozib qoldirgan. Alloma Qutbiddin ibn al-Haysam (960–1039) esa fizikadagi ulkan kashfiyotlari bilan tilga tushgan. Uning qalamiga mansub “Kitob ul-manozir” (“Tasvirlar kitobi”) 1270 yilda lotinchaga o‘girilgan, keyinchalik Germaniya, Portugaliya, Frantsiyada chop etilib, Kopernik va Nyutonning optikaga oid asarlariga manba bo‘lgan. Xullas, arabistonlik ilm kashshoflari haqida ko‘p va xo‘b gaplarni aytish mumkin.
Alqissa, arab lisoni VII asrdan boshlab dunyo ilm tili maqomiga ko‘tarildi, Arab jazirasidan Pireney yarimoroligacha yastangan ulkan hududda yagona muloqot vositasiga aylandi. Shu tilda nodir ilmiy risolalar bitildi. Qadimgi yunon allomalarining qimmatli asarlari asliyatdan o‘girildi. Osiyo va Yevropadagi Bag‘dod, Damashq, Qohira, Qurtuba (Kordova), G‘arnota (Granada) singari shaharlar arab tamadduni beshigiga aylandi.
Evropani uyg‘otgan o‘ktam ovoz
Siyosiy nizom (boshqaruv)ning barqarorligi, iqtisodiy o‘sish, ilm-fanning ravnaq topishi, jamiyat hayotining barcha jabhasida peshqadamlik tamaddunlar yaratilishiga tagzamin bo‘lib kelgan. An’ana, din, til, axloq kabi ma’naviy uzvlar esa unga ruh ato etgan. Arab tamadduni ham shu asosda tarkib topdi, bashariyat tamaddunlari zanjiriga mustahkam halqa sifatida qo‘shildi.
“Arablar tabiatan serg‘ayrat, xushchaqchaq kishilar, zukkoligi, topqirligi, suxandonligi, mehnatsevarligi bilan ajralib turadi… Ancha-muncha odam tob berolmaydigan avji jaziramada, ochin-to‘qin holatda mehnat qilib, suyagi qotadi. Sog‘lom fikr va tajriba hamda ajdodlardan meros saqvi tabiiy (instinkt)ga suyanib keladi” – 1999 yili Moskvada chop etilgan “Etnopsixologik lug‘at”da arablarga shunday tavsif berilgan. Albatta, zakovat, matonat va yaratuvchanlik hissi millatning unib-o‘sishida ulkan ahamiyatga ega. Ammo, bizningcha, qaddi dol arablarning alifdek tik bo‘lishida ajdodlardan meros saqvi tabiiyning xizmati kattaroq.
Frantsuz olimi, jahongashta faylasuf Gyustav Lebon 1882–1884 yillarda Misr, Marokash, Jazoir, Tunis, Livan, Suriya, Iroq mamlakatlariga safar qilib, shahar-kentlarni bearmon kezadi. Sayohat asnosida g‘amlagan bilimlarini to‘plab, “Arab tsivilizatsiyasi tarixi” (1884) kitobiga tartib beradi. Farang olimi o‘z tadqiqotida arablarning dunyo tamaddunidagi o‘rnini yuksak baholaydi, Yevropa Renessansiga kuchli turtki berganini ta’kidlaydi: “Arablarning intellektual ta’siri tufayli Yevropa o‘ziga begona bo‘lgan ilm-fan, adabiyot va falsafa olamini kashf etdi. Keyingi olti yuz yil davomida arablar tsivilizatsiyada bizga ustoz va murabbiy bo‘ldi”. Yevropa qit’asi sarhadlari yetti iqlimga yoyilgan Arab xalifaligi allomalari (ular orasida yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ zotlar ham talaygina) ovozidan uyg‘onganini boshqa qator tadqiqotchilar ham xolis e’tirof etganlar.
1130 yili arxiyepiskop Raymond ispan Toledosida arabcha ilmiy adabiyotlarni lotin tiliga o‘girishni yo‘lga qo‘ydi. Doktor Lyusen Leklerk “Arab tibbiyoti tarixi” kitobida birgina tibbiyot sohasida arabchadan o‘girilgan uch yuzdan oshiq qo‘lyozmani sanab o‘tadi. Toledo maktabida musulmon allomalarining risolalari qatori Aristotel, Platon, Arximed, Ptolomey, Yevklid kabi yunon olimlarining asarlari ham qayta tarjima qilindi. Yevropa o‘z shonli o‘tmishi – qadimgi yunon fani bilan arab tili ko‘prigi vositasida topishdi.
Arablarning Ispaniya, Sardiniya va Sitsiliya orqali G‘arb madaniyati va ilm-faniga ko‘rsatgan ta’siri esa alohida tadqiqotlarga mavzu bo‘la oladi.
Ingliz olimi Arnold Toynbining hisobiga qaraganda, Yer sayyorasi hozirga qadar yigirma bitta tamaddunga beshik bo‘lgan. Tamaddun yaratgan millat-elatlarning aksari o‘tmish qatlarida g‘oyib bo‘lgan, faqat oltitasi, jumladan, arablar bugungacha yetib kelgan.
Abu Nuvosdan Najib Mahfuzga qadar
Arablar azaldan suxandonligi, notiqligi, shoirtabiatliligi bilan yaqin-yiroq ellarda nom chiqargan. Ayniqsa, VI-VII asrlarda she’riyat va og‘zaki ijod yangi rivojlanish pallasiga kirgan. Toif shahri yaqinida har yili mushoiralar, nazm musobaqalari o‘tkazilar, muzaffar shoirning she’rlari muqaddas Xonai Ka’baga osib qo‘yilardi. Ayni shu davrda ayyom al-arab (arab kunlari) deb nomlangan janr shakllandi. She’riy va nasriy yo‘lda to‘qilgan mazkur janrdagi asarlarda asosan qabilalar o‘rtasidagi urushlar tasvirlangan. Qahramonlik qissalari va qasidalari ilk o‘rta asrlar arab adabiyotining asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Arabiston yarim oroliga islom dini yoyilgach, so‘z san’ati pand-nasihat ruhi bilan boyidi. Adabiyot aql va naqldan quvvat oldi. VII asrdagi taniqli shoir Ka’b ibn Zuhayr Madinada Muhammad (s.a.v.) huzurida mashhur “Qasidai burda”ni yozadi. Rivoyatlarga qaraganda, qasidadan mutaassir bo‘lgan Rasululloh shoirning yelkasiga o‘zining muborak hirqasini yopganlar. Alhosil, islom dini kishilarni ezgulikka boshlovchi, ma’siyatdan qaytaruvchi qudratli vosita sifatida adabiyotga rag‘batni oshirdi.
Qur’oni karim arab tilida nozil bo‘lgach, bu til fasohat va balog‘at lisoni sifatida tengsiz rutbaga noil bo‘ldi. Arab qalam ahlida bu tilning ifoda imkoniyatlari cheksiz, degan sobit ishonch qaror topdi. Abu Usmon Amr ibn Bahr al-Johiz (775–868) adib va olim sifatida arab adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shdi, xususan, adabiy tanqidning tamal toshini qo‘ydi. Malik ul-shuaro Abu Tammom (805–846) qasidalari bilan tillarda doston bo‘ldi. Kufalik mashhur shoir Mutanabbiy (915–965) adabiyot osmonida shu qadar baland parvoz qildiki, o‘sha davrlarda “Mutanabbiyning she’rlarini ko‘r ham o‘qiydi, kar ham eshitadi” degan naql yurardi. Xamriyot janrining “ota”si Abu Nuvos (IX asr) hassos lirikasi, ayovsiz satirasi bilan arab ijodkorlariga muallimlik qildi. Abul A’lo al-Maarriy (973–1058) chuqur falsafiy ash’ori bilan so‘z san’ati muhiblari ko‘nglidan joy oldi (Dante mashhur “Ilohiy komediya”ni yozishda al-Maarriyning “Al-G‘ufron” risolasidan ta’sirlangan degan qarash ham mavjud). Badi’ uz-Zamon Hamadoniy (969–1008), Abu Muhammad al-Haririy (1054–1122) adabiyot xazinasini maqomot – caj yo‘lidagi muxtasar hikoyatlari bilan boyitdi.
Asrlar davomida sayqallangan “Ming bir kecha” turkumidagi ertaklar donishmandlikning go‘zal namunasi sifatida tildan-tilga, eldan-elga ko‘chdi. Sarguzasht, romantika, didaktika, fantastika unsurlari bilan sug‘orilgan ertaklar zamonaviy arab prozasining shakllanishiga turtki berdi. Yevropa “Ming bir kecha” ertaklari bilan XVIII asr boshlarida Antuan Gallanning frantsuzcha tarjimasi orqali oshno bo‘ldi. Yevropa o‘quvchisini oshufta etgan sarguzasht ertaklar turli tillarda bir necha yuz topqir chop etildi.
Buyuklik, mashhurlik, qahramonlikning dunyo xalqlariga xos umumiy talablari bor. Ayni zamonda, har bir elda o‘ziga xos baholash mezonlari ham amal qiladi. Qadimgi yunon jamiyatida Olimpiya musobaqalarida g‘olib chiqqan chapdast atlet qahramon sifatida ko‘tar-ko‘tar qilingan, olamjahon izzatga muyassar bo‘lgan. O‘rta asr arab jamiyatida esa so‘z ahli, shuaro shunday beqiyos sharafga muyassar bo‘lgan. Lekin insonlarning yashash tarzi, hayotiy a’moli o‘zgarishi bilan qahramonlik mezonlariga ham tahrir kiritilar ekan. Vaqt o‘tishi bilan arab jamiyatida qalam ahlidan ko‘ra harb ahlining obro‘si oshib ketdi, nafis majlisxonalar jangovar mashvaratxonalarga aylandi, hassos shoirdan yovqur askarning so‘zi o‘tkirroq chiqa boshladi.
X-XI asrlarda Arab xalifaligi parchalanib ketdi. Fatarotga yuz tutgan xalifalik hududlari XVI asrdagina Usmonlilar imperiyasi tomonidan birlashtirildi, bir zamonlar hukmron mavqeda turgan arablar Usmonlilar qalamravidagi tobe millat maqomiga qanoat qildi. XIX asrda turk sulolasining zaiflashuvi oqibatida arab olami G‘arb imperiyalari tomonidan xomtalash etildi. Uzoq vaqt g‘aflat uyqusiga cho‘mgan mintaqa xalqlari XX asrning birinchi yarmida ilkis uyg‘ondi. Buyuk Britaniya, Frantsiya nazoratidagi mustamlaka hududlarda birin-ketin Saud Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Bahrayn singari mustaqil davlatlar vujudga keldi.
XX asr yangi zamon arab intellektual ijodkorlarini tarbiyalab yetishtirdi. Livanda tug‘ilib, keyinroq Amerikada ijod qilgan adib, faylasuf va rassom Jubron Xalil Jubron (1883–1931) jamiyatni beayov taftish etar ekan, asriy qoloqlikdan qutulish chorasi sifatida ma’rifat yo‘lini targ‘ib-taklif qildi. Misrlik adib va olim Toho Husayn (1889–1973) otashin publitsistik chiqishlari bilan fikr ahlini o‘z ortidan ergashtirdi. 1973 yili unga BMTning maxsus mukofoti berildi. Jazoirdan Mufdi Zakariya (1908–1977), Misrdan Najib Mahfuz (1911–2006), Suriyadan Nizor Tavfiq Qobboniy (1923–1998), Adunis (1930 yilda tug‘ilgan), Falastindan Mahmud Darvesh (1941–2008), Marokashdan Abdullatif La’biy (1940 yilda tug‘ilgan), Liviyadan Ibrohim al-Kuniy (1948 yilda tug‘ilgan) kabi atoqli ijodkorlar yetishib chiqdi. Misrlik romannavis Najib Mahfuz 1988 yili arab dunyosida ilk bora adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘tgan asr arab qalamkashlari uchun o‘zlikni tanish, mutaassiblikka qarshi mo‘tadillik bilan kurashish davri sifatida yodda qoldi.
Jaziramada qolgan Jazira
Maqolani tunislik yigitning qora qismatidan boshlab qo‘yib, olis moziyga safar qilishdan muddao nima edi o‘zi? Gap shundaki, “Arab bahori” deb atalgan voqealar silsilasi haqida so‘z borarkan, bu qavmning yarmi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u tarixi, ilm-fan va adabiyoti xususida, jahon tsivilizatsiyasida tutgan o‘rni borasida bir sidra ma’lumot berib o‘tish g‘oyat zarur tuyuldi. Zotan, yuqoridagi tarixiy chizgilar dunyoni ostin-ustin qilib yuborgan voqealarni mag‘zini chaqishda ma’lum darajada ko‘mak bersa, ajab emas.
Bugun Janubi-G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikadagi yigirmadan ziyod suveren davlatda 300 milliondan oshiq arab istiqomat qiladi. Olatasir to‘polonlar bu davlatlarning aksariga bevosita, yana ayrimlariga bilvosita ta’sir ko‘rsatdi. Maqola avvalida hikoya qilingan voqeadan keyin Tunisda amaldagi hukumatga qarshi ko‘pming sonli norozilik namoyishi boshlandi. Hash-pash deguncha norozilik to‘lqini Misr, Yaman, Liviya, Suriya, Jazoir, Marokash, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Saud Arabistoni, Sudan, Jibuti davlatlariga yoyildi. Namoyishchilarning qat’iy talabi bilan to‘rt mamlakatda hokimiyat almashdi: 2011 yil 14 yanvarda Tunis rahbari Zin al-Obidin bin Ali Saud Arabistoniga bosh olib ketdi; 2011 yil 11 fevralda Misr prezidenti Husni Muborak iste’fo berdi; 2011 yil 20 oktyabrda Liviya yetakchisi Muammar Qazzofiy qatl etildi; 2012 yil 27 fevralda Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih lavozimidan voz kechdi. 1990-yillar fuqarolar urushi og‘riqlarini hali unutmagan Jazoir rahbariyati namoyishchilar talabini apil-tapil bajarib, favqulodda holatni bekor qildi. Saud Arabistoni va Kuvayt rahbariyati zudlik bilan ijtimoiy sohalarga katta mablag‘ ajratdi. Iordaniya qiroli Abdulloh II hukumatni yangidan tuzdi. Marokash podshohi Muhammad VI Konstitutsiyaga parlament vakolatini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritdi. Suriyada 2011 yil martda boshlangan norozilik chiqishlari esa hali-hanuz davom etayotgan fuqarolar urushiga aylanib ketdi.
1848 – 1849 yillarda Yevropaning qator mamlakatlarida “Xalqlar bahori” deb atalgan yalpi norozilik chiqishlari, inqiloblar ro‘y bergandi. G‘arb matbuoti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi besaranjomliklarni “xalqlar bahori”ga “nazira” o‘laroq baholadi. Shu bois, garchi qish chillasida boshlangan bo‘lsa-da, qo‘zg‘olonlar “arab bahori” yorlig‘i bilan “siylandi”.
“Tabiatan vazmin va itoatkor arablarning bu qadar misli ko‘rilmagan siyosiy faolliklar ko‘rsatishi boisi nimada?” degan savol tevaragida mulohaza yuritib ko‘raylik.
Mintaqa xalqlari turli sabab-omillarga ko‘ra ko‘chaga chiqdi. Ammo “Arab bahori” bo‘roni yetib borgan barcha mamlakatlarga xos umumiy sabab sifatida iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirish mumkin. Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga qaraganda, 2011 yil arafasida mintaqa davlatlarida ishsizlik darajasi 25 foizni tashkil etgan. Tunis va Misrda bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshib ketgan (ishsizlarning asosiy qismi yoshlar edi). Qohiradagi “Tahrir” maydoniga jamlangan bir necha millionlik izdihom “Non, ozodlik va ijtimoiy adolat!” deya hayqirgani ham pichoq borib suyakka qadalganidan shahodat berayotgandek.
“Arab bahori”ga xos yana bir umumiy manzara: aksar davlatlarda namoyishchilar nobop boshqaruvni qoraladi, hokimiyatni layoqatsizlikda aybladi, siyosiy islohot o‘tkazishni, fuqarolarga erkinlik berishni talab qildi. Albatta, hudud davlatlari ko‘p yillardan beri muayyan yetakchilar tomonidan uzluksiz boshqarib kelingani, siyosiy jabhada turg‘unlik hukm surganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Biz ommaviy axborot vositalari orqali ko‘p bora muhokama etilgan mulohazalarni takrorlashdan tiyilib, pardaning ortiga – davlat to‘ntarishlari va qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘lgan boshqa omillarga ham nazar tashlab ko‘ramiz.
“Oltin milliard”ni ro‘yobga chiqarishga urinish?!
XXI asr boshlarida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika gegemonlik kayfiyatidan qutulolmagan davlatlarning manfaatlari to‘qnashgan mintaqa bo‘lib qoldi. Bir tomondan, geosiyosiy ta’sir doiralarini kengaytirish qutqusi, ikkinchi tomonidan, uglevodorod zaxiralarining yaqin 50-60 yilda tagi ko‘rinishi haqidagi vahimalar mintaqa uchun kurashni kuchaytirdi. Arab olami sayyoramiz bo‘yicha neft zaxirasining 62, gazning esa 40 foiziga egalik qilishini nazarda tutsak, o‘rtaga dov ganak qanchalar qimmatli ekanini, unga ega chiqish yo‘lidagi kurash qanchalar keskin kechishini tasavvur qilsa bo‘ladi. Siyosiy tahlilchilar fikricha, arab dunyosida nazorat o‘rnatish uchun bahri muhit ortidagi davlat, “Eski dunyo”ni yagona bayroq ostida birlashtirgan ittifoq va sho‘ro saltanatiga voris bo‘lgan mamlakat raqobatlashayotir. Liviya tabiiy boyliklarini qattiq nazoratda tutib turgan yakkahukmdor Muammar Qazzofiyning muxolifat qo‘li bilan mahv etilishi, Iroq okkupatsiyasi, tavbasiga tayanmagan Suriya rahbari Bashar Asadga qarshi kuchlarning qurollantirilayotgani ana shu kurashning uchqunlari, xolos.
Sayyoramiz aholisi ko‘paygani sari tabiiy resurslar kamayib borayotgani bir necha asrdan beri ilm va siyosat ahlini o‘ylantirib kelmoqda. 1970-yillarda bu borada “oltin milliard” kontseptsiyasi o‘rtaga tashlangan (mazkur nazariyaga XVIII asrda yashagan ingliz olimi va ruhoniysi Tomas Maltus tamal toshini qo‘ygan). Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, bu qarash – sayyoramizdagi tabiiy resurslarni rivojlangan davlatlarning bir milliard aholisiga qonunan xatlab berishga urinishdir. Mazkur neoliberal utopiya nazariyotchilarining da’vosicha, Yerning asosiy tabiiy resurslari peshqadam mamlakatlarga (jumladan, AQSh, G‘arbiy Yevropa, Yaponiya) nasib etadi. Rossiyalik olima, siyosiy fanlar doktori Natalya Komleva “Arab bahori”ni buyuk davlatlarning “oltin milliard” nazariyasini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi urinishlaridan biri sifatida baholaydi (Geopolitika muammolari akademiyasi rasmiy sayti: http://akademiagp.ru).
Arabning ikkinchi Bolqonga aylanishidan kim manfaatdor?
Ijtimoiy muammolarning siyosiy inqirozga omuxta bo‘lishi mintaqa xalqlarini namoyishlarga undagan bo‘lsa, geosiyosiy manfaatlarni ko‘zlagan dasti uzun davlatlar, nafsi hakalak otgan korchalonlar va pulni pulga urishga usta yirik korporatsiyalar ushbu vaziyatdan unumli foydalanib qolishga urinmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharqda notinchlik hukm surishidan, mintaqaning XXI asr Bolqoniga aylanishidan manfaatdor kuchlar bor. Eskidan ma’lum, boshi g‘alvadan chiqmay qolgan mamlakatni yo‘lga solish oson kechadi. Boz ustiga, yetakchi davlatlarning mintaqada o‘ziga xos hisob-kitobi ham yo‘q emas.
Frantsiya sobiq tashqi ishlar vaziri Rolan Dyuma (1988-1993) yaqinda SANA axborot agentligiga bergan intervyusida Suriyadagi to‘polonlar G‘arb tomonidan uyushtirilgani haqida gapirdi. Hozirga qadar Shom zaminidagi fuqarolar urushi 60 mingdan oshiq odamning yostig‘ini quritdi. R.Dyumaning fikricha, G‘arb murosasiz Bashar Asad bilan o‘zaro hisob-kitobga berilib ketib, begunoh insonlar qirilayotganini unutmoqda. Frantsiyalik boshqa bir sobiq diplomat Mishel Rembo esa “Sudan – parchalangan davlat” kitobida (2012) ixtiloflarni uyushtirishda nodavlat tashkilotlardan ustalik bilan foydalanilganini bayon etadi.
G‘arbda ishlab chiqilgan regime change (davlat to‘ntarishi) texnologiyasiga binoan, tuzumlarni o‘zgartirishda muxolifat qo‘liga qurol tutqazish, gumanitar niqobdagi interventsiya va rangli inqilob kabi usullar faol qo‘llanilmoqda. Arab davlatlaridagi vaziyatni kuzatsak, mazkur uch usul baravar tajribadan o‘tkazilganini ko‘ramiz.
Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Yoshka Fisher (1998-2005) “arab bahori”ning yuzaga kelishiga Iroq urushidagi xatolar ham sabab bo‘lganini ta’kidlaydi (“Project Syndicate”, 2013 yil 18 mart). Tajribali diplomat G‘arb Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini gumanizm nuqtai nazaridan tubdan qayta ko‘rib chiqishi lozimligini uqtiradi. Hozircha 100 mingdan oshiq inson hayotiga zomin bo‘lgan “Arab bahori” buyuk davlatlarning ikkiyoqlama standartlarga rioya etishini yana bir karra isbotladi. Qolaversa, BMTning nominal tashkilotga aylanib qolgani, yirik ixtiloflarni bartaraf etishga amalda ojiz ekanini ko‘rsatdi.
Qarangki, mintaqada posangi bo‘lib turgan Misr osmonidan qora bulutlar arimay qoldi. Bir yil avval mamlakat prezidenti etib saylangan “Musulmon birodarlari” harakati vakili Muhammad Mursiy 2013 yil 4 iyulda harbiy davlat to‘ntarishidan keyin lavozimidan chetlatildi. Mursiy inqilobiy umidlarni oqlay olmaganlikda ayblandi. Tunisda ham mo‘tadil islomiy partiya va mutaassiblar kurashi tingani yo‘q. Yamanda ayirmachilik kayfiyati kuchaygan. Liviyada mafkuralar, qarashlar ixtilofi davom etayotir. Mintaqada vesternizatsiya va devesternizatsiya tarafdorlari, ya’ni G‘arb qadriyatlarini bayroq qilgan siyosiy guruhlar va ularga qarshi kuchlar ziddiyati ham kuzatilmoqda. Harvard universiteti qoshidagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori, professor Semyuel Hantington o‘z davrida katta shov-shuv ko‘targan “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi?” (“The Clash of Civilizations?”, 1993) maqolasida yangi asrda ziddiyatlar hukmdorlar, davlatlar o‘rtasida emas, tsivilizatsiyalar o‘rtasida kechadi, degan munozarali qarashni ilgari surgandi. “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi dunyo siyosatidagi eng muhim omilga aylanadi. Sivilizatsiyalarni ajratib turuvchi chegara chiziqlari kelajakda front chiziqlariga aylanadi”, deya qat’iy ishonch bilan yozgandi u. Afsuski, S.Hantington qisman haq bo‘lib chiqmoqda. Arab olamidagi to‘s-to‘polonlarni sinchiklab kuzatish asnosida ushbu holatda ham tsivilizatsiyalar to‘qnashuvi bo‘y ko‘rsatmoqda, degan achchiq xulosaga kelish mumkin. Har bir tsivilizatsiya egalari (vakillari) xudo va inson, jamiyat va individ, davlat va fuqaro, ota va bola, er va xotin o‘rtasidagi munosabatlarda farqli qarashlarga ega. Universal dasturilamal sifatida tiqishtirilayotgan G‘arb demokratiyasining esa Sharq mamlakatlariga mos kelmaydigan talay jihatlari bor. Nazarimizda, so‘nggi o‘n yillarda arab dunyosiga demokratiya g‘oyalarini eksport qilishga zo‘r berib urinishlar natijasida tsivilizatsiyalar o‘rtasidagi muvozanat buzildi. Bu esa jamiyatlarni kuchli ruhiy larzalarga duchor qildi, mafkuraviy ixtiloflarga zamin hozirladi. Biri Frantsiyada (R.Dyuma), biri Germaniyada (Y.Fisher), yana biri AQShda (S.Hantington) turib fikr yuritayotgan arboblarning fikrlaridan ayrim kuchlar arab zaminidagi qon to‘kishlarning davom etishiga ishtiyoqmand, degan xulosa sizib chiqmoqda.
Dunyoda yetakchi mavqeni egallab turgan ommaviy axborot vositalari g‘alvani kattalashtirishga “baholi qudrat” qarashib yubormoqda. “Islom” va “terror” so‘zlarini sinonimlar darajasiga olib chiqib, arab va musulmon olamiga nisbatan hadik hissini uyg‘otib qo‘ygan G‘arb matbuoti bu safar ham uloqni bergisi yo‘q. Urush boshlansa, eng birinchi qurbon haqiqat bo‘ladi! Eskidan qolgan bu naql yana bir karra o‘z tasdig‘ini topmoqda. Ayrim G‘arb nashrlariga ishonilsa, Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushida Bashar Asad tomonidan kimyoviy qirg‘in quroli qo‘llanildi. Boshqa bir guruh gazeta-jurnallar nazdida esa qirg‘in qurolini Bashar Asad emas, uning muxoliflari ishga tushirgan. Hali u-hali bu tomonning nog‘orasiga o‘ynayotgan OAV kaltak ra’iyat boshida sinayotgani, qirg‘inbarotda asosan tinch aholi qoni to‘kilayotganini unutib qo‘ymoqda. Diniy guruhlar, mazhablar o‘rtasidagi ziddiyatlarni ham atayin bo‘rttirib ko‘rsatish tendentsiyasi yaqqol seziladi. G‘arbdagi ayrim gazetalar, telekanallar elburutdan Arab dunyosi xaritasi jiddiy o‘zgarishga uchrashi haqida fol ochib, notinchlik tarafdorlari, ayirmachilarning piligini ko‘tarmoqda. Bugun Arab olami birlashishi, o‘zaro til topishishi nihoyatda zarur. Mazhablar o‘rtasidagi tafriqalarga bot-bot urg‘u berilayotgan bir paytda esa murosani faqat orzu qilish mumkin. Jorj Vashington universiteti professori Mark Linchning xavotir bilan yozishicha, tashqi davlatlar hamda ayrim matbuot nashrlari Iroqda, Bahraynda, Suriyada sunniy-shia ziddiyatini gazak oldirishga zo‘r berib urinmoqda (“Foreign Policy”, 2013 yil 23 may). “Siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida mazhablararo dushmanlik kayfiyatidan foydalanish halokatli oqibatlarga olib keladi”, deb ogohlantiradi professor M.Linch.
O‘rmon qonuni: ayrilganni ayiq yer
Arab davlatlari orasida har doim ham ochiq muhokama etilavermaydigan o‘zaro kim yetakchi bo‘lishi lozimligi borasida ham raqobati mavjud. Mintaqadagi muvaqqat yetakchilik tendentsiyasi turli davrlarda Iroq, Saud Arabistoni, Liviya, Misr yoki Suriya tomonida bo‘lgan. So‘nggi besh-olti yilda esa o‘zi kaftdekkina hududni egallagan badavlat Qatar davlati ham ushbu raqobatga dadil qo‘shildi. E’lon qilinmagan kimo‘zarlik kurashi avj olgan sharoitda mintaqa davlatlarining o‘zaro integratsiyasi haminqadar. Hozirda 22 davlatni birlashtirgan Arab davlatlari ligasi (ADL) tuzilmasi BMTdan ham avvalroq – 1945 yil 22 martda ta’sis etilgan edi. Ammo, tahlilchilar fikricha, har kim o‘z tomoniga tortayotgani sababli juda katta integratsiya potentsialiga ega ADL faoliyati hali jonlanib ketgani yo‘q. Saddam Husayn va Muammar Qazzofiy hokimiyati qulashi bilan Iroq va Liviya yetakchilik bahsidan batamom chiqdi. Ikki yil ichida siyosiy inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan Misr o‘z ichki muammolari bilan andarmon bo‘lib qoldi. “2011 yil Qatar yili bo‘ldi. Liviya va Suriyadagi voqealar mintaqada yaqin-yaqingacha hech kim hisoblashmagan Qatarning yetakchi mavqe kasb etganini ko‘rsatdi. Mo‘jaz davlat ulkan hudud, ko‘pmillionli nufus va qudratli qurolli kuchlarsiz ham katta siyosatning faol ishtirokchisi bo‘lishi mumkinligini isbotladi”, deb yozadi rossiyalik tahlilchi Sergey Balmasov.
Rasmiy Doha diplomatik bosim, moliyaviy yordam va axborot kurashi vositasida (“Arab bahori”ni zo‘r ishtiyoq bilan yoritgan “Al-Jazira” telekanali aynan Qatar amiri homiyligida faoliyat yuritadi) qo‘shni davlatlardagi hukumatga qarshi chiqishlarni ochiq-oydin dastaklamoqda. Livan matbuoti xabariga qaraganda, Suriyadagi tartibsizliklar 20 milliard AQSh dollariga buyurtma qilingan va bu mablag‘ning yarmi Doha g‘aznasidan qoplangan.
O‘rmon qonuniga amal qilib, bir-biriga zimdan choh qazish harakatini faqat siyosiy kurashlar bilan izohlash to‘g‘ri emas. Mintaqa davlatlari neft va gaz bozorida ham o‘zaro raqobatlashadi. 2010 yili Suriya rahbari Bashar Asad “To‘rt dengiz” loyihasini taklif qildi. Ushbu loyiha Suriya, Turkiya, Eron va Ozarbayjondan neft-gaz quvuri o‘tkazishni nazarda tutgan. Mazkur quvur ishga tushgudek bo‘lsa, qo‘shni davlatlarning monopolistik mavqeiga ta’sir etmay qolmaydi.
Siyosiy tahlilchilar boshqa bir xavotirli nuqtaga ham e’tibor qaratmoqdalar. Mintaqa davlatlarining o‘zaro “mushuk-cichqon” o‘yini shu taxlit davom etsa, chegara muammolari ham kun tartibidan jiddiy o‘rin olishi ehtimoldan yiroq emas. Arab monarxiyalarining bugungi chegaralari o‘tgan asrda hududda hukmfarmolik qilgan Buyuk Britaniya, Frantsiya kabi imperiya a’yonlari tomonidan o‘ta ustalik bilan chizib berilgan. Amerikalik taniqli siyosiy publitsist Noam Xomski “Erning egasi kim?” maqolasida (“The New York Times”, 2013 yil 9 iyul) ham bu xatarni e’tibordan qochirmaslikni tavsiya etadi: “Er sayyorasini larzaga solayotgan ulkan ziddiyatlarga nazar solsangiz, ularning aksari buyuk davlatlar o‘z manfaati yo‘lida chizib bergan qo‘lbola chegaralar tufayli kelib chiqayotgani, to‘qnashuvlar imperiyacha jinoyatlarning mahsuli ekaniga amin bo‘lasiz”. Qisqasi, bir tilda so‘zlashuvchi mamlakatlar o‘zaro til topisha olmayotgan bir paytda ichki muammolar yetmaganidek, tashqi tahdidlar ham ortiqcha tashvishlar tug‘dirmoqda.
Urush hamisha o‘z ortidan qimmatchilik, ishsizlik, oziv-ovqat taqchilligi kabi “og‘a-ini”larini ergashtirib keladi. “Interfaks” axborot agentligi tahlillariga qaraganda, davlat to‘ntarishini boshdan kechirgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti 2012 yil yakunida 2,4 foizga pasayib ketdi. Neft va gazni qayta ishlash keskin kamaydi, iqtisodiyot retsessiya holatiga tushdi, inflyatsiya va byudjet defitsiti kuchaydi. Arab davlatlari ligasi Bosh kotibining o‘rinbosari Muhammad al-Tavojiriy notinchliklar keltirgan moliyaviy zararni 2012 yil 1 yanvar holatida 75 milliard AQSh dollari miqdorida baholagan.
Urush tufayli ko‘hna shaharlardan sayyohlarning qadami uzildi. Ne ajabki, arab tamaddunining uch mo‘tabar shahri – Bag‘dod, Qohira va Damashq shomni o‘q ovozi bilan kuzatib, subhni ham shu tarzda qarshi olmoqda. Har uch shahardagi osori atiqalar bomba yomg‘iridan zarar ko‘rgani, Qohira, Aleksandriya muzeylarida nodir eksponatlar vayron qilingani haqida ma’lumotlar bor.
Shamolni qafasga qamab bo‘lmaydi
Yana bir necha oydan keyin “Arab bahori”ning boshlanganiga uch yil to‘ladi. Ayni paytda davlat to‘ntarishi ro‘y bergan Misr, Tunis, Yaman va Liviyada ham, fuqarolar urushi kechayotgan Suriyada ham vaziyat g‘oyat murakkab. Qilni qirq yoradigan arboblar tilini tishlab turibdi, vallomat og‘zibotirlar kalovlanib qolgan. Ixtilofni kuchaytirib, fitnachilar tegirmoniga suv quyib turgan korchalonlarning yana qanday tomoshalar o‘ylab topayotganini tasavvur qilishga yurak betlamaydi.
“Inqilob” degan jozibali so‘zning ohanjamasiga mahliyo bo‘lgan ko‘pming sonli oddiy xalqning umidlari hozircha oqlanmadi. Misrdagi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, jilvagar shioru chaqiriqlarga o‘rganib qolgan, inqilobning tuz-namagini totgan yosh-yalang ha desa namoyishga chiqishdan qaytmaydi. Demak, umidsizlik kayfiyati chulg‘agan aholi qatlamlari talablariga mos, ularni qanoatlantiruvchi siyosiy dasturlar lozim. Muhimi, o‘zgarishlar bir otaning farzandi bo‘lgan elatlarning bir-biriga qurol o‘qtalishi orqali emas, tinch muzokaralar yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak. Albatta, hech bir jamiyatda yangilikni amalga oshirish silliq ko‘chmaydi. Davlat arbobi va tarixchi Nikkolo Makiavelli ta’kidlaganidek, “Yangi tartiblarni joriy etishni boshlagan har bir odamni eski tartib tarafdorlarining adovati, yangilaridan manfaatdorlarning beparvoligi kutadi. Beparvolikni qisman qonun himoyasidagi raqibdan cho‘chish, qisman amaliyotda ijobiy baho olmaguncha yangilikka ishonmaydigan odamlarning ishonchsizligi bilan izohlash mumkin. Eskilik tarafdorlari imkoniyat tug‘ilishi hamonoq shiddat bilan xuruj qilganda, yangilik tarafdorlari sustkashlik bilan mudofaaga o‘tadilar”.
Taassufki, arab dunyosida bugun ana shunday turg‘un va tushkun kayfiyat hukmron. Hozircha ijobiy o‘zgarish alomatlari zuhur etmayotir. Yalpi ma’murchilikka va’da berayotgan turli partiya va harakatlarning qop-qop va’dalarida ham anchagina mahobat bor. Zotan, odamlar ilhaq kutayotgan o‘zgarishlar uchun bir avlod umri ketadi.
“Yakkahukmronlik havosidan nafas olaverib arablarning o‘pkasi quruqshagan, andakkina erkinlik havosiga sarmast bo‘lib, boshi aylanib qoldi” qabilidagi e’tirozlar ham bepisandlikdan boshqa narsa emas. Dunyodagi har bir xalq erkin va to‘kin yashashga haqli. Tahlikali uch yil ko‘zlardagi pardalarni sidirib tashladi. Undan chiqarilgan saboqlardan biri shuki, jamiyatda hurfikrlilik (plyuralizm), g‘oyalar xilma-xilligi, ko‘ppartiyaviylik tartibi hukmron bo‘lishi lozim, jamiyatni sidirg‘a bitta tusga kiritib bo‘lmaydi. Demak, o‘zgarishlar ilinjida halovatidan voz kechgan oddiy xalq chapak chalib qolmasligi uchun siyosiy partiya va harakatlar mag‘zi to‘q, pishiq-puxta rejalar taklif qilmog‘i lozim.
Bizningcha, arab labirintidan chiqishning yo‘li bor. Buning uchun mintaqa mamlakatlari asliy qadriyatlarga suyanib, zamonaviylik va milliylik o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topishi kerak.
“Men mutaraqqiy davlatlarning eng ilg‘or tajribalarini o‘rganish va hayotimizga tatbiq etish tarafdoriman. Velosipedni qayta kashf etish oqilning ishi emas. Biz sarhadlari tobora qisqarayotgan dunyoda yashayapmiz. Shamolni qafasga qamab bo‘lmaydi. Demak, chegaralarni yopgan bilan dunyo ayvonida kechayotgan o‘zgarishlarning ta’siridan qochishning iloji yo‘q. Ayni zamonda, ko‘z qorachig‘imizdek asrayotgan muqaddas qadriyatlarimizga daxl qiluvchi tahdidlarga qarshi sabot bilan kurashish kerak”, deydi Saud Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi, siyosiy fanlar doktori Abdurahmon bin Abdulla al-Shaya biz bilan muloqotda.
Zamonaviy arab adabiyotining oqsoqoli Najib Mahfuz 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin “Yumanite” nashriga bergan intervyusida yangi asrda arab dunyosi yuzma-yuz kelgan muammolar haqida gapira turib, “Imonim komil, sog‘lom tafakkur baribir ustun keladi!” deya umid bildirgandi. Shoyad, marhum adibning yorug‘ istagiga farishtalar omin degan bo‘lsa!..
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son