Fors ko‘rfazi hududidagi arab mamlakatlarida ayollar ijodining paydo bo‘lishi, eng avvalo, ayollarning ta’lim olishi va umuman, bu mamlakatlarda ta’lim tizimining kengayishi bilan bog‘liq. Agar Misr, Suriya, Livan, Iroq, Falastin kabi arab mamlakatlarida ayollar adabiyoti yetarli darajada rivojlangan va XX asrning boshidayoq Mey Ziyade, Oysha Teymur, Bint ash-Shotiy (Oysha Abdurrahman), Fadva Tukan, Nozik al-Malaika kabi adabiyotchi ayollar siymosida ko‘plab o‘zining yirik vakilalariga ega bo‘lgan bo‘lsa, Fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlarida bu hodisa XX asrning birinchi yarmida kamdan-kam uchraydigan hol edi. Ammo vaziyat mazkur hududda ayollar orasida ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan ziyolilar mutlaqo bo‘lmagan ekan, degan ma’noni anglatmaydi, ularning aksariyati o‘sha paytda halq og‘zaki ijodi yo‘llarida ijod qilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, Kuvaytda qizlarning jamoaviy ta’lim olishi Bahrayndan o‘n yil keyinroq – 1937 yil, Qatarda – 1954, Arab Amirliklarida – 1955, Saudiya Arabistonida – 1960, Ummonda – 1970 yilda joriy qilingan. Ta’lim tizimini joriy qilishdagi farqlarga qaramay, ayollarning ilk ijod namunalari o‘tgan asrning 50-yillari o‘rtalarida paydo bo‘lsa ham, Xadaya Sulton as-Salimning Falastin fojealari haqidagi ilk publitsistik maqolalari, shuningdek, Ibtisom Abdulloh Abdullatifning “Qizchaning xotiralari” deb nomlangan memuarlari 1948 yil Qohiraning “Kuvayt” nashriyotida chop etiladigan “Al-Baasa” oynomasida nashr etilgan .
“Arab adibalari qomusi” ma’lumotlari bo‘yicha, nashrlar soniga ko‘ra Kuvayt ayol ijodkorlar nashrlari boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘proq bo‘lgan. 60-yillarning boshlarida nashr ishlari va publitsistikaning avj olishi munosabati bilan Fors ko‘rfazi mamlakatlari ro‘znomalari ayollar muammolari uchun maxsus sahifa ajratdi, vaqti-vaqti bilan u yerda ayol yozuvchilarning qisqa hikoya, she’r va adabiy maqola ko‘rinishidagi ijod namunalari berilib turardi. Fors ko‘rfazi mamlakatlarida – Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni davlatlarida ayollar ijodi namunalari alohida devonlar ko‘rinishidagi nashrlar sifatida 50-yillarning oxiri – 60-yillarning boshida chiqarila boshladi, 70–80-yillarda esa bular qatoriga Qatar, Arab Amirligi va Ummonning adibalari qo‘shildilar.
Adabiy janrlar masalasida ayollar ko‘proq she’rlar va hikoyalar mashq qilishni afzal ko‘rardilar. XX asrning oxiriga kelib, arab mamlakatlarida 113 ta she’riy devon, 115 ta novellalar to‘plami, 64 ta roman nashr etildi.
“Arab adibalari qomusi”dagi “Kuvayt” bo‘limida yozuvchi ayollar ijodida hikoyanavislik 80-yillarning ikkinchi yarmida eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilganligi qayd etiladi. Bu gullab-yashnashning yorqin misolini Laylo Usmonning 8 ta hikoyalar to‘plami, Fotima Ali, Surayyo al-Baqsamiy, Laylo Muhammad Solih, Muna Ash-Shofe’iy va Amina Shoib asarlari to‘plamlari hamda Bizza al-Botiniyning ilk to‘plamlari timsolida ko‘ramiz.
Zamonaviy Kuvayt hikoyanavisligi shakllanishi va rivojlanishida adibalarning faol ijodi alohida o‘rin tutadi. Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy va Fotima Yusuf Ali boshchiligidagi yozuvchi ayollarning asarlari arab hikoyanavisligining oltin fondiga kirdi. Hikoyalarning mavzu doirasi, yangi badiiy innovatsiyalar, o‘ziga xos obrazlar va yangi bayon shakllarini yaratish borasidagi izlanishlar arab hikoyanavisligini boyitish imkoniyatlarini kengaytirdi.
80-yillarda, ayniqsa, Kuvaytda ayollar ijodi yangi va boy mazmun kasb eta boshladi. Hikoyalar mazmun jihatidan oila va jamiyatda ayolning tutgan o‘rni va shu masala bilan bog‘liq muammolar, ijtimoiy islohotlar mavzusiga bag‘ishlangan edi. Ularning ayrimlarida romantik ma’yuslik ham mavjud bo‘lib, bunga Xayfa Hoshimning “Dahshatli qasos” hikoyasi misol bo‘ladi.
Hadaya Sulton as-Salim hikoyalarida qahramonlarning sevgi va baxt yo‘llarida urf-odatlar to‘sqinlik qiladi, ular taqdirdan nolib, muhabbati va maqsadlari uchun kurashishga harakat ham qilmaydilar. “Yomg‘irsiz kuz” hikoyalar to‘plamiga kirgan “Men uni ko‘rdim”, “Alanga”, “Olovdan kuchli”, “Xazon bo‘lgan umrim” kabi hikoyalar shular jumlasidandir.
Hadaya Sulton as-Salimning barcha qahramonlari qanchalik sust kayfiyatga ega bo‘lishmasin, oilasi uchun o‘zlarini qanchalik qurbon qilishmasin, ular kitobxon e’tiborini ayolning jamiyatdagi o‘rniga, ayniqsa, ajrashgan ayolning ayanchli ahvoliga qarata oldilar. “Xazon bo‘lgan umrim” hikoyasining qahramoni o‘z muhitidan ajralib qolgan. Uning istaklarini hech kim hisobga olmaydi, ota-onalari birinchi uchragan xaridorgayoq turmushga berishga tayyor. Hadaya Sulton as-Salim bunday qahramonlari hayotini hosilsiz va yomg‘irsiz kuzga qiyoslaydi. (“Yomg‘irsiz kuz” “خريف بلا مطر” hikoyasi). Hadaya Sulton as-Salim hikoyalarida eng ko‘p qo‘llanilgan uslub retrospektiv uslub bo‘lib, bunda hikoya personajlari o‘z o‘tmishi haqida so‘zlab beradilar yoki o‘zlarining xotiralari orqali xayolan o‘tgan hayotlariga qaytadilar.
Mashhur tanqidchi Ibrohim Abdulloh G‘alumning fikricha, 60-yillarda Hadaya Sulton as-Salim va uning zamondoshlari ayollar muammolariga romantik nuqtai nazardan yondashadi. Bunda qahramonlar an’analar bilan kurashga harakat qiladilar-u, ular oldida ojizlikdan to‘xtab qoladilar. Xuddi shu kabi, adibaning barcha qahramonlari romantik nuqtai nazardan yoritib beriladi. Bunda yozuvchi yolg‘izlik hissiyoti, qayg‘uli tun, kuz, sahro, olov, alam-sitamlar, qiyinchilik va boshqa obrazli vaziyatlarning ayol hayotidagi o‘rnini nazarda tutadi.
80-90-yillarda ayollar muammolari yoritilgan hikoyalarda yozuvchilar badiiy mahoratining o‘sishi kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda, o‘zini shaxs sifatida anglovchi, o‘z imkoniyatlari, mustaqilligini baholash qobiliyatiga ega bo‘lgan ayollarning o‘zgacha obrazi namoyon bo‘ladi. Masalan, Munir Nasifning “Umid saroyining qulashi” hikoyasining qahramoni yuqoridagi fikrlarga ayni mos keladi. Asar qahramoni o‘zi uchun kurasha oladigan ayol. Uning eri oshig‘i olchi tadbirkor, taraqqiyot mevalariga, yangi texnologiya-yu yangicha bozor munosabatlariga juda tez moslasha oladigan odam. Uning deyarli butun umri ofisda, pul ketidan quvib o‘tadi. Kechqurunlari esa do‘stlari davrasida qahvaxona va restoranlarda ulfatchilik qiladi. U oilasini butkul tashlab qo‘ygan. Birgalikdagi hayotining dastlabki davrida uning oyoqqa turishiga yordam bergan, endilikda uning befarq bo‘lib qolganligidan tahqirlangan xotini bolalarini olib, uydan chiqib ketadi. Ana shundagina butun umrining mazmunini boylik orttirishda deb bilgan hikoya qahramoni oila o‘chog‘i so‘ngan uyda erkak qanchalik yolg‘iz va keraksiz bo‘lib qolishi mumkinligini anglab yetadi. Ta’kidlash lozimki, bu hikoyada mahalliy vaziyat yoki milliy ruhga hech qanday ishora yo‘q. Sodir bo‘lgan voqea – kurrai zaminning xohlagan bir burchagida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan manzara.
Laylo al-Usmon, Fotima Yusuf Ali, Surayyo al-Baqsamiyning keyingi hikoyalaridagi ziyoli qahramonlar ham mazkur yozuvchilarning ilk hikoyalaridagi zaif ayol timsolidagi qahramonlardan tamoman farq qiladi. Hozirgi kunda ham muvaffaqiyatli ijod qilayotgan katta avlod yozuvchilari Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy, Fotima Yusuf Ali, Laylo Muhammad Solih, o‘rta avlod vakilalari Bizza Botiniy, Muna ash-Shofe’iy, Aliya Shaiblardan “estafeta”ni Xabba bu Xamsin (1977 y.), Meyd Muhammad ash-Sharad (1977 y.), Latifa Batiz va boshqa iqtidorli yosh adibalar qo‘lga oldilar.
Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy va Fotima Yusuf Ali hikoyalaridagi badiiy bayon uslublariga nazar tashlar ekanmiz, ularda qancha-qancha insonlar hayotidan lavhalar, qiziqarli vaziyatlar, xarakterlar, tafsilot-detallar mujassamlashganini ko‘ramiz. Adibalar badiiy vositalarni samarali iste’foda qilib, voqelikni makon va zamon jihatdan erkin o‘zlashtirishga erisha oladilar. Ular tanlagan bayon uslubi inson ichki dunyosiga kirib borishga, murakkab xislatlar va xususiyatlarga boy, doimo harakatdagi, shakllanayotgan yoki rivojlanayotgan xarakterlarni ochishga imkoniyat yaratib beradi.
Adibalarning asarlarida hikoyachi obrazining namoyon bo‘lishi muhim rol o‘ynaydi. Bu ham badiiy ifodaning o‘ziga xos shaklidir. Hikoya qiluvchi muallif o‘quvchi-kitobxon va tasvir qilinayotgan hodisalar o‘rtasida vositachi rolini bajarib, hodisalar shohidi va sharhlovchisiga aylanadi.
Masalan, Surayyo al–Baqsamiyning 70-yillarda matbuotda e’lon qilingan va keyinchalik “Qora ter” (1977) to‘plamiga jamlangan ilk hikoyalarini olaylik. Ular yozuvchining o‘z ijodini ijtimoiy-maishiy mavzularda hikoyalar yozishdan boshlagani haqida xulosa qilish imkonini beradi. Bu hikoyalar dengiz bo‘yida yashovchi odamlarning hayotini tasvirlovchi realistik lavhalardan iborat bo‘lib, ba’zilarida muallifning bir qadar uzun mulohazalari ham uchrab turadi. Yozuvchining “Qora ter”, “Mulla” hikoyalari shular jumlasidandir. Bu hikoyalarda qiyin vaziyatga tushib qolgan o‘smirlarning sarguzashtlari tasvirlanadi.
“Mulla” hikoyasida mullaning rahmsizligi o‘quvchi Salimda norozilik va haqoratlar uchun qasos olish istagini tug‘diradi. Uning bolalarcha sho‘xligi domlaning g‘azabini keltiradi. Mulla bolani a’zoyi badani momataloq bo‘lgunicha shafqatsiz ravishda kaltaklaydi. Alamiga chidolmagan Salim savdo ishlari bilan ketgan otasining ortidan Basra shahriga qochib ketadi. Sahroda adashib qolgan bolani badaviylar oilasi topib oladi va uni to ota-onasi izlab kelgunicha parvarish qiladi. Salim yana sershovqin shaharga qaytadi. Lekin sahrodagi erkin hayot va mehmondo‘st badaviylar oilasida hukmron samimiyat bir umr uning qalbida saqlanib qoladi.
Hikoya o‘spirinning monologi uslubida yozilgan bo‘lib, o‘rni-o‘rnida dialoglar bilan almashinadi. Qahramon monologi yozuvchiga o‘z qahramoni ichki hissiyotlarini ishonarli tasvirlash, ruhiy qiyofalar yaratish imkonini beradi. Hikoyada kichik shaharchadagi hali iqtisodiy talato‘p va ta’lim sohasidagi islohotlar yetib kelmagan eski maktab tasvirlanadi.
O‘smir ruhiyatini butun nozikliklari bilan his etish mahorati yozuvchining “Qora ter” hikoyasida ham yaqqol namoyon bo‘lgan. Aynan shu hikoya adibaga katta shuhrat keltirdi va u 1971 yildagi madaniyat festivalida nufuzli mukofot bilan taqdirlanadi. Bu hikoya ota vafotidan so‘ng oiladagi to‘ng‘ich farzandga “meros” qolgan kasalmand ona, besh nafar och-yalang‘och ukani boqish tashvishidagi o‘smir haqida. U oilada yagona boquvchi bo‘lib, do‘konda yugurdaklik qiladi. Bo‘sh vaqtlarida esa dengiz suvi pasaygan pallada umid bilan marvarid chig‘anoqlarini izlaydi. U qo‘llari shilinib ketsa ham, har bir chig‘anoqni ming bir mashaqqat bilan ochib ko‘radi. Lekin unga qimmatbaho marvarid uchrayvermaydi. Qalbida umid chechaklari o‘rnini nadomat tikanlari egallaydi. Go‘yo uni sharpalar ta’qib etayotgandek qorong‘ilikdan qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Chunki u dengizda halok bo‘lgan, risoladagiday ko‘milmagan dengizchilarning ruhlari tinchimasdan, darbadarlikda to‘zg‘ib yurishi to‘g‘risida ko‘p rivoyatlar eshitgan edi. Shuning uchun har bir sharpa va shitirlashdan vahimaga tushadi. Ko‘z o‘ngimizda oila boquvchisi emas, balki qo‘rquvdan dahshatga tushayotgan va o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lib qolgan chorasiz o‘spirin gavdalanadi.
Mana shunday qahramonni biz Laylo al-Usmonning “Fathiya o‘z o‘limini tanladi” hikoyasida ham uchratamiz. Hikoya birinchi shaxs tilidan yozilgan bo‘lib, ayol yoshligida bo‘lib o‘tgan dahshatli voqeani eslaydi, u ham bo‘lsa – opasi Fathiyaning ona kaltagidan shikastlanib o‘lishi. Bu kam uchraydigan hodisa – oilada tinch, totuv hayot bo‘lmaganidan kelib chiqqan vaziyat. Ulg‘ayib, baxtli hayot kechirayotgan bo‘lsa ham, oilada eng kichik qiz bo‘lgan qahramon xotirasidan ota-onasining janjallari, bu janjallarda har gal shallaqi onaning ustun kelgani, vahshiy ayol onasi bilan birga yovvosh erni bolalari oldida xo‘rlagani kabi sahnalar birma-bir o‘tadi.
Fathiyaning ota-onasi ajrashadilar. Bu yurtdagi musulmon odatlariga ko‘ra, oila ajralganda, bolalar ota uyida qoladi, biroq ikki tomonning roziligi bilan ular yetti yoshgacha onasi bilan yashashi mumkin. Ko‘pincha shunday bo‘ladi ham. Biroq Fathiyaning onasi to‘rttala qizini eriga tashlab, yana turmushga chiqib ketadi, ammo odamlarning gap-so‘zidan qo‘rqib, ular nazarida yaxshi ona bo‘lib ko‘rinish uchun haftada bir marta qizlarni uyiga olib ketadi. Bu tashriflar esa qizlar uchun do‘zaxdan battar tuyuladi. Onadan mehr ko‘rish o‘rniga ular haqoratlanar, ba’zan esa yovuz ona tomonidan kaltaklanadilar ham. Jur’atsiz ota esa sobiq xotinning zo‘ravonligiga chek qo‘yolmaydi va nochor qizlarni onasi bilan uchrashuvga olib boraveradi. Fathiya qat’iyatli qiz bo‘lganligi uchun, bunga o‘zi chek qo‘ymoqchi bo‘ladi va bir gal kasalligini bahona qilib onasining uyiga bormaydi. Asabiy bo‘lib qolgan ayolni qizining bu xil o‘jarligi quturtirib yuboradi. U qizini erkalashlar va sovg‘alar bilan aldab-suldab uyiga olib keladi. Ona mehridan mahrum bo‘lib yurgan qiz bu xil aldovlarga chippa-chin ishondi. Uyida esa ayol quturib ketadi, otani qarg‘aydi, qizni ura boshlaydi. Boshqa uch nafar qiz bir burchakka biqinib, qo‘rquvdan qalt-qalt titraydi, faqat yerga chalqancha tushgan Fathiyagina oyoq-qo‘llari bilan onasining zarbalarini qaytarishga harakat qilib yotar edi. G‘azabidan es-hushini yo‘qotgan yovuz ona qizini o‘lguncha kaltaklaydi.
Bu hikoya kompozitsiyasida ikki syujet chizig‘i kuzatiladi. Biri – bayon qiluvchi qahramon nomidan opasi Fathiya qismatining so‘zlab berilishi. Bu syujet chizig‘i tugun va yechimga ega. Ikkinchisi o‘sha qahramon katta bo‘lganida uning hayotidan xotiralarga undovchi bir epizod-lavhadir. Bu ikki syujet chizig‘i hikoyada o‘zaro almashib turadi, natijada hech qanday mantiqiy tayyorgarliksiz zamon va makonda ko‘chish ro‘y beradi. Adiba kino kadrlaridagi kollaj usulini qo‘llab, keyinchalik fragmentlarni qo‘shib borish usuli bilan hikoyaning badiyatini yuksaltirgan.
Fathiyaning singlisi opasiga o‘sha dahshatli lahzalarda yordam berolmagani uchun o‘zini aybdor his qiladi. Bu his-tuyg‘u keyingi butun hayoti davomida unga tinchlik bermaydi. Bunga o‘xshash holatlar assotsiativ anglash, “beixtiyor xotirlash”, ongosti tushunchalari bilan bog‘liq g‘arb adabiyotida keng qo‘llanib kelingan usullardir. Bunday usul Flober, aka-uka Gonkurlar va ayniqsa, G‘arb modernizmining yorqin namoyandasi Marsel Prust ijodida ko‘p uchraydi (“Yo‘qolgan vaqtni izlab” romani).
Tanqidchilik “Fathiya o‘z o‘limini tanladi” hikoyasiga o‘z vaqtida yuksak baho berdi. “Dar ash-shuruq” nashriyoti bu hikoyaning nomini to‘plam sarlavhasiga olib chiqar ekan, quyidagilarni ta’kidlagan edi: “Qarshimizda tanlash imkoni qolmaganda, hayotda xayrixohlar bo‘lmay, oyog‘imiz ostidagi yo‘l olovli so‘qmoqqa aylanganda – o‘lim sharpasi ko‘zga tashlanadi. Fathiya ham shu taxlit o‘z o‘limini tanladi…”
Biroq Fathiyaning jismi o‘lganligiga qaramay, uning siymosi go‘zalligicha qolaveradi. Chunki u, yuksak badiiy darajada yaratilgan va so‘lmas go‘zallik bilan toblangan obrazdir.
Shunday qilib, Laylo al-Usmon o‘zining “Fathiya o‘z o‘limini tanladi” nomli hikoyasida boshqa barcha asarlarida bo‘lgani kabi assotsiatsiyalar bilan fikrlash, ichki monolog, ong oqimi, kollaj usuli kabi badiiy vositalardan samarali foydalanadi. Bu esa uning zamonaviy badiiy adabiyot texnologiyalari bilan juda yaxshi tanish ekanligini bildiradi. Binobarin Laylo al-Usmon mazkur yangi uslublarni Kuvayt adabiyotida birinchilardan bo‘lib tatbiq etdi. Ta’kidlab o‘tish joizki, Laylo al-Usmon arab jamiyati oldidagi ulkan xizmatlari uchun 2009 yilda Bayrutda “Arab ayollari assotsiatsiyasi” tomonidan ta’sis etilgan maxsus mukofot bilan ham taqdirlandi.
Arab hikoyanavisligining yana bir yorqin namoyandasi Fotima Yusuf Ali ham o‘z uslubiga, o‘z badiiyatiga ega adiba bo‘lib, u ko‘p qirrali qalam sohibasi, faol ijtimoiy arbob, iste’dodli jurnalist hamdir.
Qarorgohi Qohira shahrida joylashgan “Arab mamlakatlari ayollar birdamligi jamiyati” kengashining faol a’zosi bo‘lmish Fotima Yusuf Ali bir qator asarlari bilan “ayol muammolarining jo‘shqin kuychisi» sifatida tanildi va adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.
Fotima Yusuf Ali adabiyot olamiga 70-yillar boshida kirib keldi va tez orada hassos ijodkor sifatida nom taratdi. U bir nechta hikoyalar to‘plamlarining muallifidir. Ushbu to‘plamlar ichida “Ta marbuta” to‘plami uning eng mashhur kitobi hisoblanadi.
To‘plamning barcha hikoyalari bir mavzuga, ya’ni arab ayolining oila va jamiyatda tutgan o‘rnini ko‘rsatishga bag‘ishlangan. Adibaning hikoyalarida ayol markaziy shaxs bo‘lib gavdalanar ekan, uning sa’y-harakatlari, fazilatlari, ichki ozodligi, faol va mustaqil inson bo‘lishi o‘sib kelayotgan yosh avlod taqdiriga ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqiqatni biz adibaning mazkur to‘plamdan o‘rin olgan “Ayolning og‘riqlari bosilmaydi” hikoyasi misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Mazkur hikoya markazida Lubna ismli ayolning ota-onasi bag‘rida o‘tgan bolaligi va turmushga chiqqanidan so‘ng, o‘z farzandlari bilan bo‘lgan murakkab munosabatlari ko‘rsatib berilgan. Hikoyaning qahramoni Lubna chamasi 50 yoshlar atrofidagi chiroyli, maftunkor va boy ayol bo‘lib, nasl-nasabli avlodga mansubdir. U taniqli adiba, uning bir nechta kitoblari nashr qilingan, asarlari shuhrat qozongan. Bevaqt vafot etgan eridan 2 farzandi, ya’ni 20 yoshli qizi va talaba o‘g‘li qolgan. Erining vafotidan so‘ng Lubna boshqa turmush qurmagan. Lubna “ozod ayol” ma’nosini o‘zicha tushunib, hayot ne’matlarini hamma narsadan ustun qo‘yadi. Maishatga berilib, bir qancha jazmanlar ham orttirgan. O‘z uyini nomigagina adabiyot vakillari uchrashadigan maskan qiladi-yu, bahonada turli korchalonlar, nopok insonlar yig‘iladigan ishratxonaga aylantirib oladi. Onasining bu xatti-harakatidan farzandlari nomus qilib, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish oldida bosh ko‘tarolmay qolishadi. Hulqi aynigan xudbin ona hirsga qul bo‘lib, nafsini qondirish, ehtiroslarga berilishni kanda qilmaydi. Oqibatda qizi onasidan butkul uzoqlashadi, o‘g‘li talabalar yotoqxonasiga ko‘chib o‘tadi. Oriyatli o‘g‘il onasidan xabar olgani umuman kelmaydi, yozda ishlab, amallab pul topib, o‘qishining shartnoma pulini ham o‘zi to‘laydi. Onasidan yordam ham so‘ramaydi, chunki onasining kechirayotgan hayoti unda faqat nafrat uyg‘otadi.
Ushbu hikoyada adiba ma’lum darajada Kuvayt jamiyatining boy qatlamlariga xos bo‘lgan ikkiyuzlamachilik, qo‘shxotinlik, munofiqlik, axloqiy buzuqchilik va hokazo illatlarni ochib beradi.
Adiba o‘z asarlarida asosan ahloqiy masalalarga katta e’tibor beradi va bu mavzuni birinchi navbatda ayolning huquqi, uning oiladagi, jamiyatdagi tutgan o‘rni bilan bog‘lab tasvirlaydi.
Fotima Yusuf Alining badiiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, asarlarining tili lo‘nda, ifodaviy-tasviriy vositalarni nisbatan kam ishlatishiga guvoh bo‘lamiz. U butun e’tiborini qahramonlarining ichki dunyosi tahliliga va ularning xatti-harakatlariga qaratadi, psixoanalizga urg‘u beradi.
Yuqorida nomlari zikr etilgan adibalar ijodi asosan ijtimoiy tahlilga hamda hayotni aslida qanday bo‘lsa shunday tasvirlashga yo‘naltirilgan realizm kontekstidadir. Shu bilan birga, ularning asarlari ichida voqelikni miflashtirish (asotirlashtirish)ga moyil hikoyalar ham uchraydi. Bunday hikoyalarda obrazlar ongosti va turlicha assotsiatsiyalar vositasi orqali o‘ziga xos ma’no xususiyatiga ega bo‘ladi.
Yozish texnologiyasida adibalarning aniq uslubdan murakkab uslubga tomon taraqqiy etishi kuzatiladi. 80-90-yillarda ular modernizm va postmodernizm uchun xos bo‘lgan uslublardan foydalanganlar. Bular qatoriga fragmentarlik, vaqt va makonda erkin harakat, ichki monolog, ong oqimi, kollaj va bir qator boshqa uslublarni, bundan tashqari magik (mo‘jizakor) realizmga xos bo‘lgan voqelikka fantastik va g‘ayrioddiy yondoshuv unsurlarini qo‘shish mumkin.
Shunday qilib, adibalar Laylo al-Usmon, Fotima Yusuf Ali va Surayyo al-Baqsamiy o‘z ijodiy faoliyatlari bilan adabiyotga, xususan, arab hikoyanavisligi takomiliga salmoqli hissa qo‘shgan.
Zamonaviy arab novellistikasi milliy o‘zligini yo‘qotmagan holda turli ifodalash vositalarini qo‘llab jahon adabiyotining yutuqlarini ham muntazam ravishda o‘zlashtirmoqda. Bu esa arab badiiy adabiyotining yangi imkoniyatlari ochilishiga, umumjahon adabiy jarayoni o‘zaniga dadil kirib borishiga ko‘maklashishi shubhasizdir.
Shahlo Ahmedova, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son