Ijod insonning tiriklik mazmun-mohiyatini anglash yo‘lidagi urinishlari hosilasidir. Insonning hayotdagi o‘rni, maqomi, maqsadi, munosabati kabi masalalar qadimdan dunyo ziyolilarini qiziqtirib kelgan. Ijod insonning o‘z «men»ini ifoda qilish yo‘lida olib borgan aqliy faoliyat turidir. Ijod nafs bilan bog‘liq falsafiy-estetik kategoriya sanalib, inson o‘zligini, ya’ni nafsini qondirish istagida badiiy san’at va so‘zga, timsol va ramzlarga murojaat qiladi.
Muallif ijod jarayonida tarjimayi holida aytilmagan sirlarini ongli va ongsiz ravishda badiiy matnga joylaydi. Binobarin, ijodkor shaxsiyatidagi mavjud belgili xususiyatlar ma’lum ma’noda uning badiiy asari va qahramoniga ko‘chib o‘tishi tabiiy hol. Shunday ekan, badiiy qahramon ijodkor siyratidagi «holat», «holi»dan olingan ulgi. Hayot falsafasi Abdulla Qodiriy nazdida islomiy-ma’rifat va ezgu amallar timsolida bo‘y ko‘rsatadi. Dunyo o‘tkinchi, O‘zi va o‘zligiga sodiq qolish, xiyonatdan saqlanish kabi falsafiy tushunchalar adib hayotida mezon bo‘lib, bu uning ijodida turli ko‘rinishda aks etgan.
Muallif «men»i va qahramon orasidagi ichki bog‘liqlikni o‘rganishda biografik yondashuv eng muhim usul bo‘lib xizmat qiladi. Abdulla Qodiriy asarlarida hayot falsafasini anglash, mag‘zini chaqishga intilish, o‘ziga xos tarzda talqin etilib, bu, ayniqsa, qahramonning o‘lim bilan yuzma-yuz kelishi tasvirlangan epizodlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun mazkur epizod orqali qahramon ruhiyati va uning dunyoga munosabatini kuzatishga harakat qilamiz. Binobarin, kichik sahnada roman umumruhiyati aks ettirilgan. Zero, butunni bo‘laklar asosida o‘rganish adabiyotshunoslikdagi samarali usullardan biridir.
«O‘tkan kunlar» romanida Homidning «chaquv»i natijasida Otabekning o‘lim bilan yuzlashish sahnasi mavjud. Aynan mana shu epizodda qahramon tafakkuri va falsafiy idrokining o‘ziga xos ko‘lami yuksak darajada talqin etilgan. O‘limga mahkum etilgan Otabek va Qutidorning dor ostiga olib ketilishi shunday tasvirlanadi. «Otabek garangsigan sumol devorga suyangan, mundagi allaqanday ma’nolarni anglatqan taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning ko‘z o‘ngida qora pullik qadr-qimmatsiz… To‘g‘risi ul ajib bir tabi’atka kirgan, uning vujudi quruq va hissiz… Faqat… faqat shu turmushdagi birovgina uning ko‘nglidan tezroq yuvilmas va yuvilishi ham qiyindek… Nihoyat bundan ham qutulgandek. Nima… ammo so‘ng nafasida uning bilan vidolashsa, bo‘g‘oziga xanjar botar ekan, uning yuziga qarabqina ko‘zi nursizlansa… Uning hamma orzusi shu edi hozir». Voqelikka mantiq ko‘zi bilan qaralsa, Otabek o‘lim bilan ro‘para kelib turibdi. Unda jon talvasasi yo‘q, qo‘rquv xavotir yo‘q. Otabek uchun «taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning ko‘z o‘ngida qora pullik qadr qimmatsiz». Dunyo havaslari, mol-mulk uning uchun ahamiyatsiz, rangsiz va tussiz. Aslida, Otabek vujudida nafs ta’malarining yo‘li kesilib ayni shu o‘rinda «hissiz» odamga aylangan. Holbuki, Otabek hissiz emas, «uning hamma orzusi» «birovgina»ning diydori. Otabek dunyo havaslari va lash-lushlari oldida «hissiz», «bezraygan» odam. Otabekning dunyo haqida shaxsiy qarashi mazkur uchlikda jamlangan. Dunyo falsafasining tiriklik formulasi aks etgan mana shu uchlik asosida Borliq harakatlanadi, mavjudlik mohiyatini o‘zida jamlaydi. O‘limni his qilgan Otabek ruhiyatidagi qo‘rquv o‘rnini kuchli ishonch hissi egallagan. Ishonchning ildizlari Sharq-musulmon madaniyatiga borib taqaladi. O‘limni anglash orqali tiriklik anglanadi. O‘lim – hikmat, ibrat, haq, Yaratganning amri. G‘azzoliyda shunday fikr bor: «Men dunyoda bo‘lmasam ham, oldin dunyo bor edi, dunyo o‘taveradi, lekin men bir kun kelib unda bo‘lmayman va yashamayman. Dunyodan tiyil va oxiratda iftor qil. Zero, dunyo sarmoyasi va havoyi nafsning oxiri – foydasi do‘zaxdir». Qodiriyning dunyo haqidagi falsafasi Otabekning ulug‘vorligi va Yusufbek hojining taqvosida yanayam teranlashadi. O‘lim bilan yuzlashuv Otabek qalbini to‘lqinlantirsada, «uning yuzini» ko‘rish havasi inson sifatida unga begona emas. Otabekdagi fozillik va oqillik yetakchi fazilat sanalsada, muhabbat masalasida u chin oshiq. Ammo oshiqlik havasi, ya’ni nafs talvasalari uning ikkilantirmaydi.
«O‘tkan kunlar» romanidagi «Jonso‘z bir xabar va qo‘rqinch bir kech» deb nomlangan fasl romanning tub burilish nuqtasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. S.Meli «Samoviy miqyos: «O‘tkan kunlar» va «Qirol Lir» maqolasida mazkur faslga alohida to‘xtalib, «Xo‘ja Ma’oz roman simvolikasidagi markaziy o‘rin, avval aytgandek, asarning ramziy modelidir», deydi. Olim semantik qatlam sathlarini keng ko‘lamda chuqur va asosli tahlil qilib, qabriston tasviri bilan bog‘liq fasl asar ramziy poetikasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
Romanda Homid uyushtirgan soxta maktublar tufayli hiyla-nayrang kuchayib, ayriliqning uzayib ketishi va munosabatlarning hadsiz murakkablashuvi sabab voqelik eng yuqori pallasiga ko‘tariladi. Romanning shu nuqtasigacha obdon pishib yetilgan voqelik, ya’ni tugun yechilmog‘i lozim. Faslning kirish qismida badiiy shartlilik yetakchi poetik mazmun kasb etadi. Qahramon o‘z yo‘lini tanlashi shart holati sifatida tasvirlanadi. Otabek «yo‘lning ayrilishig‘a borib to‘xtag‘an edi». Uning ruhiyatida «ikkilanish» alomati. E’tibor bering, qahramon ruhiyatidagi ziddiyat va murakkablikni yozuvchi yo‘l ayirmasidagi ikkilanish holati orqali ko‘rsatadi. Birinchi yo‘l «poyabzal rastasi», ikkinchisi «to‘g‘ri yo‘l». Otabek qaysi yo‘lni tanlaydi, javobi oldindan aniq bo‘lsada, yozuvchi yo‘l ayrimasini atayin qistirib o‘tadi. «Poyabzal» rastasi ko‘chasida uning sevgilisi Kumush xonadoni joylashgan. Asarning boshlanishida Otabek «poyabzal» rastasidagi xonadonlarning biriga tahorat olish uchun kirganda Kumushni uchratgan edi. Bugun yana shu ko‘chaga, «tilsimlik darboza» tomon burilishga qaror berdi. Ro‘paradagi keyingi «to‘g‘ri yo‘l» Otabek yo‘li emas, u oxiri aniq bo‘lmasada «poyabzal» rastasidan ko‘ngil uzmaydi. Eshikka yaqinlashgan Otabek «jonso‘z xabar»ni eshitib qoladi. Kumushni uning javobisiz o‘zgaga turmushga bermoqchilar. Homidning nayrang firibi – soxta «taloq xat»idan bexabar Otabek hushidan ayrilish darajasida. Chunki «Jonso‘z» so‘zi roman matnida bir necha marta takror qo‘llangan. Bu xabar uning uchun go‘yo ustidan «bir chelak qaynag‘an suvni ag‘dargan edilarda, butun terisi oyog‘iga sidirilib tushkan edi». «Jonso‘z» xabari faqatgina uning jonini olmaydi, balki tanasiga azob berib, ruhga ta’sir qiladi. So‘zning ta’sir maydoni shunchalik kattaki, uning chegarasi, haddi yo‘q. Bu xabar ta’sir kuchi insonning tanadan joni chiqmay turib, terisi «sidirilib» tushadigan qiyomat azoblariga o‘xshatiladi. Demak, xabarning ta’sir kuchi Otabekka do‘zax azobi bilan barobar. Yozuvchi qahramon ruhiyatini ifodalashda hassos ruhshunos sifatida yondashadi, inson zotining evrilishlarini nazardan qochirmaydi. «Jonso‘z» xabar uning tirikligi bilan teng qiymatga ega.
Otabekning «Xo‘ja Ma’oz» mozorida bir necha marta tunagani avvalgi fasllarda e’tiborni tortmaydigan darajada shunchaki qistirib o‘tiladi. Demak, Otabek uchun bu qabriston doimiy ziyoratgoh. Aynan qahramon ruhiyatini ochishda mana shu tungi qabriston ziyorati bir vosita o‘rnida xizmat qiladi. Mazkur fasldagi bayon uslubidagi mavhumlik va murakkablik, Abdulla Qodiriyning «Jinlar bazmi» hikoyasida qo‘llagan uslubni esga soladi. Xo‘ja Ma’oz makoniy chegara sifatida Otabek ongu shuuriga ko‘chib o‘tadi. Muallif Otabek ongida yuz berayotgan ruhiy holatlarni tabiat hodisasi bilan qorishiq holda tasivirlaydi.
Tunda yuz bergan kuchli «el» tasviri bilan bog‘liq epizod roman ruhoniyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Adib bo‘ron, dovul, kuchli shamol ta’siriga ega tabiat hodisasini yel so‘zi orqali ifodalashni ma’qul ko‘radi. Bir lahzada ko‘tarilgan kuchli «el», katta chinorlardan birini «erni titratib» yiqitib, olovning yanayam kuchayishiga xizmat qildi. Kuchli shamol – inson botinida yuz berayotgan ruhiy jarayon maromi va yangilanishni ifodalovchi timsol. Olov kuchaygan paytda atrofdagi qarg‘a va zog‘chalar bayram qilishdi. «Och qolgan sherdek» mozorni titratgan olov asta-sekin pasaydi va o‘chdi. Butun roman voqeligi kuchli yel yonishini tezlatgan olov kabi shiddatli tus olgan edi. Olovning tezligi ko‘ngilga xavotir soladi. Ammo olov ham, shamol ham muqim emas, o‘tkinchi. Qorong‘ilikni bir dam yoritadi, ammo bu uzoq davom etmaydi. Qarg‘alardan so‘ng navbat boyqushlarga tegdi. Bu yerda Otabek haqida deyarli so‘z aytilmaydi, butun nigoh uning ruhoniyatida yuz berayotgan g‘alayon po‘rtanalariga qaratilgan. Kuchli yel va olov voqeasi tugagandan so‘ng bayon usuli o‘zgaradi. Bayon uslubidagi shiddat maromi yangilanadi. Masjid minorasidan «ruhoniyat yog‘dirib munglik azon tovushi» uyqu quchog‘ida yotqan tabiat uyg‘onib javob bergan kabi jong‘irab ketdi. «Allohu akbar»ning so‘nggi takrorida Otabek «tahorat olib namozga yuzlandi», ya’ni Yaratgan bilan uchrashuvga chog‘landi. Dunyo o‘tkinchi, uning g‘am-qayg‘u, shodlik, boyligi o‘tkinchi, ibtido va intiho yagona ekanligi roman ruhiyatiga singib ketgan.
Fasl sarlavhasi ikki qismdan iborat. Birinchisi, «Jonso‘z bir xabar» nima ekanligi va bu Otabekka qanday ta’sir etgani haqida imkon doirasida to‘xtaldik. Ikkinchisi, «qo‘rqinch bir kech» deb nomlanadi. Yozuvchi bir jumlada «bir xabar», «bir kech» deya «bir» so‘zini ikki marta takrorlaydi. Nega takror? Nega «qo‘rqinch»? Ma’no urg‘usi qaysi so‘zga qaratilgan? Bir yagona, yolg‘iz. Tunlar ko‘p, xabarlar ko‘p, ammo bu yerda u inson hayot-mamoti bilan teng qiymatga egaligi uchun «bir» so‘zi qo‘llangan. Qabriston Otabek uchun qo‘rqinchli joymi? Yo‘q, Otabek bu tungacha mozorga bir necha bora kelganligi avval aytib o‘tildi.
Otabek ruhoniyati qaysidir ma’noda dunyoning qorong‘iligiga qarshi olov yoqayotgan devona ruhiyati bilan o‘zaro kesishadi. Bunday munosabat shakli adib ruhoniyatiga borib taqaladi. Yozuvchi tarjimayi holi bilan bog‘liq manbalarda qabriston ziyorati bilan bog‘liq xotiralar mavjud. Qabriston – tiriklar bilan o‘liklar o‘rtasidagi chegara. Inson ko‘ngli halovat istaganda, o‘tganlarni yodga olish asnosida o‘z «men»i bilan qaytadan yuzlashadi, o‘z-o‘zini tergaydi. Savollarga javob topa olmay qolganda odam qabristondan javob izlaydi. Qabriston badiiy makon sifatida bejiz roman xronotopidan joy olmagan. H.Qodiriyning «Otamdan xotira» xotira-qissasida shunday yoziladi: «Dadam ko‘pincha bahor kezlari ana shu Xo‘jaa’lambardor qabristoniga yolg‘iz borib, negadir uzoq-uzoq o‘tirib qaytardilar. Hatto bunday hollarni goho men tunlarda ham sezardim. Unutmayman, bir gal dadam kechki payt mazkur qabristonga meni ham birga olib bordilar. Atrofda hech kimsa yo‘q, men gul terib dadam oldiga taxlayman, u kishi esa o‘z xayoli bilan band… Bora-bora asta qorong‘i ham tusha boshlaydi, men ham gul terishdan zerikdim. Nihoyat, negadir mening ko‘nglimga bir qo‘rquv tushdida, dadam yelkasiga suyanib yig‘lab yubordim». Yana bir o‘rinda «dadamning hammahallasi Muhsin amaki shunday hikoya qiladi: Abdulla chamasi «O‘tkan kunlar»ni yozib yurardi. Bir kuni Abdulla qayoqdandir kelib men bilan ko‘rishdi va uydan po‘stakmi, ko‘rpachami chiqarib berishni so‘radi. Men ajablanib ko‘rpacha chiqarib berdim. U qo‘ltiqlab qabriston ichiga qarab ketdida, salqin bir yerga ko‘rpachani to‘shab, o‘tirib-o‘tirib, bir narsa yozdimi, yo‘qmi – bilmadim, bir vaqt qaytib chiqdi va ko‘rpachani topshirib, xayrlashib, indamay yo‘liga keta boshladi. Men uning nega bunday yurishini uncha-muncha fahmlasam ham jo‘rttaga: – Shoshma, Abdulla! – dedim. U to‘xtadi. – Mozorda o‘tirib nima ish qilding? Abdulla yo‘lida parvosiz ketarkan, kuldi: – O‘liklar bilan gaplashdim!». Manbalarda yozuvchining «Xo‘jama’oz» qabristonida shaxsan o‘zi kechalari tunab qolganligi qayd etilgan. Bular nimani anglatadi? Donishmandlar «o‘limni anglash tiriklikning hikmatidir», deb bejiz aytishmaydi. Aslida, imon yo‘lida yashagan inson uchun qabriston qo‘rqinchli makon emas, balki tiriklik hikmatining moddiy dunyo vositasida ko‘rinishidir. Hadisda aytiladi: «Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilaveringlar! Chunki u oxiratni eslatadi, sizlarga o‘limni esga soladi. Ey, ziyorat qilaveringlar. Chunki u qalbni yumshatadi, ko‘zni yoshlantiradi. Chunki sizlarga unda ibrat bor. U dunyoda parhezkor qilib qo‘yadi» ( Imom Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja, Hokim, Tabaroniy rivoyatlari). Demak, yuqoridagi mazkur hadisi sharifdan qabrlarni ziyorat qilishda asosan ikkita foyda borligi ma’lum bo‘ladi: Birinchisi, inson ziyoratga borib, o‘zini o‘nglaydi, dunyoning o‘tkinchi ekanligini faqatgina ezgu amallar qolishini anglaydi. Mol-dunyo insonga vafo qilmasligi, bu dunyodan ulardan biror narsa olib keta olmasligi, faqatgina insonning xayrli amallari qolishi ziyorat asnosida ko‘ngildan o‘tadi. Ikkinchisi, qabr ziyorati Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek, «qalbni yumshatadi, ko‘zni yoshlantiradi». Xalqimizda: «Ko‘ngling cho‘ksa, bozorga bor! Ko‘ngling ko‘tarilsa, mozorga bor!», degan naql bor. Qodiriy hayotida, ayniqsa, ijodiy jarayon paytida qabriston ziyoratini tark etmagan, u odamzotdan xoli bo‘lgan joydan hikmat qidirgan. «O‘tkan kunlar»ni yozish jarayonida (1918-1919) yozuvchi qalb sokinligiga va ruh xotirjamligiga erishish uchun «o‘liklar bilan gaplashgani» borgandir, ehtimol. Tashqi dunyodan uzilib, Oliy Hakam bilan samoviy uchrashuv orzusi yozuvchini qabriston ziyoratiga chorlagan bo‘lishi mumkin. Roman yozilgan vaqtda yozuvchi 24 yoshlar atrofida bo‘lib, ayni balog‘at, tom ma’noda komil inson sifatida ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.
Qodiriyning tiriklik mazmuni haqida qarashlari dunyo donishmandlari falsafiy qarashlari bilan uyg‘un tarzda ifodalangan. Uning 1926 yildagi sudlov hujjatlarida ayni yigitlik chog‘ida «o‘lim tansiqroq» deb aytishga jur’at etish hayot falsafasini anglab yetgan donishmand iqroridir. Tiriklardan hikmat qochganda, qabr sukunati ijodkorga ishonch va umid, asarni yozish uchun «jasorat» bergan bo‘lishi mumkin. Insoniy «men»ning ijodiy «men»da o‘z aksini topishi qabriston bilan bog‘liq sahnalarda o‘z aksini topgan. Jamiyat hayotida yuz berayotgan alg‘ov-dalg‘ovlar, yolg‘on siyosatga tobe bo‘lib qolmaslik uchun adib qabristondan panoh izlagandir. Ammo ba’zi adabiyotshunoslar talqin qilgandek «qo‘rqinchli» mozorda tunash yozuvchidagi jasoratni urg‘ulashdan ko‘ra dunyoning omonatligini eslab turish uchundir. Hayot-mamot chegarasidagi inson taqdirida o‘rin tutgan islom falsafasi ustunligi Qodiriyga xos ifodalarda o‘z aksini topdi va roman abadiyatini ta’minlagan omillardan biridir.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 5-son