Safter Nagayev. Ijodkor boqiyligi (1990)

Jahondagi ellar va elatlar singari qrimtatar xalqining ham qadimiy madaniy va adabiy merosi, nafis san’at namunalari mavjud. Qrimtatar she’riyatining olamga mashhur namoyandasi — Oshiq Umar (Umar Abdulla o‘g‘li) adabiy merosi asrlar bilan bo‘ylashib, bu adabiyotni olamga ko‘z-ko‘z qilib kelayapti.

Ovrupo va Osiyoda birday nom qozongan Oshiq Umar xalqlar orasida milliy, diniy ziddiyatlar avj olgan, buning ustiga buyuk jug‘rofiy tadqiqotlar mutlaqo ta’qiqlab qo‘yilgan bir davrda — XVII asrda yashadi va ijod etdi.

O‘sha davrlarda dunyo miqyosida turkiy xalqlar adabiyoti va madaniyati yuksalish sari yuz tutgandi. Yaqin Sharq mamlakatlarining xalq og‘zaki ijodida yaratilgan «Asli va Karam», «Oshiq G‘arib», «Layli va Majnun», «Go‘ro‘g‘li» kabi qahramonlik dostonlari o‘sha davrdagi ezuvchi sinf siyosatiga qarshi nafrat timsoli bo‘lib maydonga chiqdi.

Qrimtatar yozma adabiyoti u paytlarda feodal-klerikal va dunyoviy adabiyotlar ta’sirida bo‘lib, mavjud jamiyat hayotini badiiy tasvirlar orqali aks ettirdi. Afsuski, taraqqiyparvar adiblarning ko‘plab asarlari bizgacha yetib kelmagan. Mavjud adabiy va noyob madaniy meros namunalarini esa muhitning adolatsizligi tufayli yetarli darajada o‘rganishning iloji bo‘lmadi.

Qrimtatar yozma adabiyotining ko‘plab durdona asarlari, nafis qo‘lyozma namunalari xorijiy mamlakatlarning kitobxonlariga yaxshi tanish. Masalan, XIV — XVII asrlarda ijod etgan shoirlardan Abdulmajid afandi she’rlarining yozma namunasi Gollandiyada, Leyden universitetining kutubxonasida, qrimtatar va ukrainlarning birgalikda Polsha qirolligiga qarshi kurashiga bag‘ishlangan Edip afandining «Safarnoma» va Jonmuhammadning «Tog‘aybey» dostonlari Ovrupodagi xorijiy kutubxona larda saqlanmoqda. Qrimtatar adabiyotining asoschilaridan biri Oshiq Umarning ham bebaho asarlari o‘sha davrlarda yozilgandir. Uning doston va termalari, g‘azallari xalq orasida keng tarqalgan bo‘lib, vaqt o‘tgan sari o‘z sehri va tarovati bilan ko‘ngillarga zavq bag‘ishlashda davom etmoqda. Oshiq Umar asarlari XVII asrning o‘rtalaridan to bugungi kungacha nafaqat qrimtatar xalqi, balki butun Yaqin Sharq xalqlari orasida, jumladan Turkiya va Bulg‘oriyada keng tarqalgan.

U 1621 yili (hijriy hisob bilan 1030 yili) Qrimda Ko‘zlave shahri (qadimgi Yevpatoriya)da Abdulla Kenja o‘g‘li degan ko‘nchi xonadonida dunyoga keldi va umrining asosiy qismini shu yerda kechirdi.

Kentim Ko‘zlavedir, Umardir ismim.
Bir kichik zarradan bor bo‘ldi jismim, —

degan edi shoir she’rlaridan birida. U madrasada tahsil olganidan so‘ng hududsiz safarga otlandi. Turkiyada, Eronda, Ozarboyjonda, Dog‘istonda darbadarlikda kun kechirdi. Shoir o‘zi tug‘ilib o‘sgan elini sog‘inganidan she’rlarini kuyga solib xonish qildi. U sharq mamlakatlarining nomdor shoirlari asarlaridagi xalqchil xususiyatlarni o‘rgandi va o‘zi ham ularga jo‘r bo‘ldi. Shunisi qadrliki, u qayerda bo‘lmasin, milliy she’riyat an’analarini saqlay bildi. Oshiq Umarning bundan 300 yil muqaddam yozgan g‘azallarini, murabbalari, muxammaslari va musaddaslarini bugungi kunda ham hech qiynalmay mutolaa qilish mumkin.

Ona xalqining bu fidoyi farzandi 1701 yilda (hijriy hisob bilan 1119 yil) Ko‘zlave shahrida sakson olti yoshida vafot etdi.

Qrimtatar madaniyati ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan shoirning boy adabiy merosi bizning zamonamizda uzoq yillar davomida nazardan chetda qolib keldi. Uning Yaqin Sharq mamlakatlarida sochilib yotgan va ommaga hali ma’lum bo‘lmagan asarlarining taqdiri bizga qorong‘u. Shunga qaramay, Istambuldagi Beshiktosh Yahyo afandi kutubxonasida, qadimgi Ko‘niya shahridagi Mavlono muzeyida, Londondagi Britaniya muzeyida saqlanayotgan asarlarining o‘ziyoq Oshiq Umarning ijodiy faoliyatini chuqurroq o‘rganish, uni keng targ‘ib etish imkoniyatini beradi.

Shoirning Istambulda saqlanayotgan kitobi nusxasi 1728 yilda qayta ko‘chirilgan bo‘lib, ilk asarlaridan biri sanaladi. 530 sahifadan iborat bu qo‘lyozmada 19 ming 970 misrali 1242 ta she’rga tartib berilgan. Ko‘niya muzeyidagi kitob esa, hajman eng yirik bo‘lib, Istambuldagidan 56 yil keyin Aji Islom o‘g‘li Hofiz Usen tarafidan ko‘chirilgan va unga shoirning 1500 ta she’ri kiritilgan. Britaniya muzeyidagi nusxada arabcha diniy-axloqiy asarlariga tartib berilgan bo‘lib, 41 sahifalik bu daftarga 106 ta she’r kiritilgan.

Yaqin Sharq mamlakatlarida o‘z asarlari bilan shuhrat qozongan Oshiq Umar faoliyati bilan keyinchalik rus demokrat shoirlari ham qiziqa boshlaganlar. 1847—1866 yillarda N. A. Nekrasov va I. I. Panayevning nashrlarida hamda N. G. Chernishevskiy muharrirligida nashr etilgan «Sovremennik» jurnalining 1848 yilgi 5-sonida taniqli sharqshunos Feliks Dombrovskiyning shoir Oshiq Umarga bag‘ishlangan katta maqolasi chop etilgan. Maqolada shoirning tarjimalari, ijodidan namunalar, uning haqida o‘sha paytda keng tarqalgan rivoyatlar haqida hikoya qilinadi.

Oshiq Umarning qo‘lyozmalar majmuasi — 109 she’rdan iborat to‘plami 1894 yili Bog‘chasaroyda, Ismoil Gasprinskiyning «Tarjimon» gazetasi bosmaxonasida «Oshiq Umar devoni» nomi bilan bosib chiqarildi. Shunisi achinarliki, ana shu hayrli ish naq 100 yil o‘tgandan so‘ng davom ettirildi.

Taniqli qrimtatar sovet adabiyotining ko‘zga ko‘ringan shoiri va olimi Eshref Shemizoda yetmishinchi yillarda Oshiq Umarning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganishga kirishdi. Olimning talaygina o‘z ilmiy kuzatishlari matbuotda chop etildi. Uning bevaqt vafotidan so‘ng bu ishni olimning shogirdi Rizo Fozil davom ettirdi.

Rizo Fozil bu ishga keng jamoatchilikni ham jalb qila oldi. Tilshunoslar, adabiyotshunoslarning bu borada amalga oshirgan ishlarini umumlashtirdi. Shu tariqa qrimtatar adabiyoti tarixini o‘rganishda tajriba hisoblangan ilk qo‘llanma o‘quvchilarga havola etildi.

Shoir asarlarining targ‘ibotchisi sharqshunos olim Zedla Aksakov o‘zining «Xalq kuychisi» degan kitobida quyidagicha yozadi:

«Oshiq Umar o‘z davrida zamonasining urf-odatlariga bo‘ysungan holda salaflari kabi asarlarini arab, fors, turk tillarida bitdi… Shuning uchun biz uning adabiy merosini imkoni boricha hozirgi adabiy tilimizga rus tili orqali o‘girib, o‘quvchilarmizga havola etamiz…»

G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida 1988 yilda Oshiq Umar asarlari to‘plamining birinchi jildi bosmadan chiqdi. Vaqtli matbuot va adabiy-badiiy jurnallar sahifalarida, o‘quv qo‘llanmalarida shoirning asarlaridan namunalar chop etilmoqda.

Shunday qilib, Oshiq Umar 367 yildan so‘ng o‘z xalqi bag‘riga yana qaytib keldi. Uning teran she’rlarini, haroratli nafasini qrimtatar xalqi qoniqish bilan his eta boshladilar.

Ey, Umar, majnun Umar,
hasrat Umar, Oshiq Umar,
Bu jahonda hech kimsani
qaqshatmagan Oshiq Umar.
Kelgusida tinglasin xalq ijodimni,
Bilmaganlar bilsinlar,
she’rlarimni, otimni, —

deb yozadi o‘z kelajagiga ishongan, ona xalqining mashaqqatli kunlarini, muhabbatiyu sadoqatini insho etgan shoir. Uning she’riy tasvirlarida qalb tug‘yonlarining to‘lqinlarini ilgab olamiz:

Ne-ne oshiqlari bor bu jahonning,
Dilga jo aylanmish she’riy bo‘stoni,
Hofiz Sheroziyu Rumiy, Fuzuliy,
Ularning ko‘yida yonmish Usuliy,
Asrimizda bo‘lmish sohibi devon.
She’rimiz yod etsin jumlai jahon.
Sharifiy suyukli ustod bo‘larmi?
Ilmu irfonimiz yod bo‘larmi?

Oshiq Umar umrining oxirlarida yozgan «Shoirnoma» degan dostonidan olingan bu ehtirosli satrlar ulug‘ shoirning o‘z yurtiga bo‘lgan mehr-muhabbati naqadar beqiyos bo‘lganligini ko‘rsatadi. Uning devonidan olingan quyidagi lirik she’ri musiqiyligi bilan o‘quvchining qalbidan o‘rin oladi:

Bunda bir dildorga ko‘ngilni berdim.
Hushim oldi qoshlarining orasi.
Gul yuzini ko‘rdim, aqlim shoshirdim.
Oraliqda qoldim lolu chorasiz.
Oshiq Umar deydi: ishqdan yonarman.
Bunda ishq sharobin tatib qonarman.
Qiblam yo‘qdir, senga yuzim tutarman,
Mehrobimdir ikki qoshing orasi…

Feodallar, mustabid shohlar, johil ruhoniylar hukmronlik qilgan bir davrda bunday o‘tli satrlarni bitish uchun shoir o‘ta jasoratli yoki buyuk isyonkor bo‘lishi kerak. Doimo xalq orasida bo‘lgan, uning tashvishiga, dardiga sherik shoirgina muxlislari qalbida o‘chmas iz qoldiradi. Oshiq Umar ana shundaylar toifasidan edi. U zulmdan aziyat chekkan zamondoshlari hayotini shunday tasvirlaydi:

Ulamolar ne so‘z desa,
Tinglayurlar, to‘g‘ri derlar.
Fuqaroga ko‘z tushsa gar.
Ana, ana, o‘g‘ri derlar.
Qayon borsang libosingga
Qarab muomala etgaylar,
Yo‘qsul bo‘lsang, qarab senga
Masxaralashib o‘tgaylar.

Qrimtatar xalqining farzandi, ulug shoir Oshiq Umarning durdona asarlari jahon madaniyatining xazinasiga qo‘shilgan bebaho xazinadir.

Safter Nagayev, qrimtatar yozuvchisi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 4-son