1999 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU (sobiq ToshDU) madaniyat saroyining kichik zalida atoqli olmon adibi, davlat arbobi, qomusiy ilm sohibi Yohann Volfgang Gyote tavalludining 250 yilligiga bag‘ishlab, “Gyote va Navoiy” mavzuida tadbir o‘tkazilgandi. Unda Olmoniya elchixonasining madaniyat ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi janob doktor Kyuxle so‘zga chiqib, tadbirga kelishidan oldin elchixonadagi ko‘p jildli qomusiy lug‘atlarni varaqlab, birortasida ham Navoiy nomini uchratmaganini gapirgandi…
Mazkur maqolada olmon adabiyotidagi Navoiyga oid tarixiy ma’lumot bayon etilgan. Professor ushbu ma’lumot Alisher Navoiy haqida olmon tilida yaratilgan ilk matn bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligini ta’kidlagan. Qariyb 200 yil oldin hazrat Navoiyni g‘arbliklarga tanitgan sharqshunos Hammer— Purgshtallning hayoti va faoliyati ham aziz o‘quvchilarni e’tiborsiz qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.
Ovrupoliklarni Islom dini, Sharq adabiyoti va madaniyatidan bahramand qilish orqali dovrug‘ taratgan mutafakkir, aslzoda Yozef Hammer fon Purgshtall 1774 yilning 9 iyunida Gratsda (Avstriya hududidagi joy) mahalliy hukumat amaldori Yozef fon Hammer oilasida tavallud topgan. U o‘z shahridagi quyi maktabni, shuningdek, yuqori maktabning dastlabki sinflarini tugatgach, Venaga kelib o‘qishini davom ettiradi, shu bilan birga diplomatlik xizmati uchun og‘zaki va yozma tarjimonlar tayyorlanadigan Akademiyaning tayyorlov bo‘limida ham saboq oladi. Bir yillik sinov davridan so‘ng, u Akademiyaga qabul qilinadi va jadal ravishda, arab, fors, turkiy tillarni o‘rganishga kirishadi.
1799 yilda Hammer — Purgshtall Avstriya tashqi ishlar vaziri janob Thugut tomonidan og‘zaki va yozma tarjimon sifatida Konstantinopol (Istanbul)ga, avstriyalik diplomat Herbert fon Ratkel huzuriga yuboriladi. Ratkel uni bir necha mamlakatlar, shuningdek, Arabiston tomon safarga jo‘natadi, ammo ayrim sabablarga ko‘ra, safar darhol bekor qilinadi. Shunday bo‘lsa-da, u ingliz harbiy kemasi “Tayger” bortida qoladigan bo‘ladi. Chunki bu vaqt ichida Hammerni kotiblikka yollagan S. Smit (Angliya vaziri Spenser Smitning ukasi), uni kemada qoldirish haqida buyruq bergan. Shunday qilib, Hammer 1801 yilda inglizlarning Arabistonga yurishida ishtirok etgan. Bu safardan so‘ng u Herbert fon Ratkelning topshirig‘iga binoan, Angliyaga yuborilgan va besh oy o‘sha yerda bo‘lgan. Keyin yana Venaga chaqirilib, elchiga kotib sifatida Konstantinopolga jo‘natilgan. O‘shanda u yangi boshlig‘i janob Shtyurmerning ancha-muncha noxush munosabatlariga toqat qilishiga to‘g‘ri kelgan.
1804 yilda Layptsixda Hammer — Purgshtall “Sharq ilmlarining qomusiy sharhi” asarini nashr ettiradi. 1806 yilda u Moldaviya hukumatining Yasidagi bosh konsuli etib tayinlanadi, u yerda sharqona “Shirin” deb nomlangan she’riy asarini ham yaratgan. 1807 yilda Hammer Venaga chaqirib olinadi. Uning u yerda qiladigan asosiy ishi turkiylarga oid hujjatlarni o‘rganib chiqish va tartibga solishdan iborat bo‘lgan.
1809 yilda frantsuz qo‘shinlari Venani ishg‘ol etishadi. Shunday sharoitda Hammer do‘sti, taniqli frantsuz sharqshunosi Silvestr Baron de Sasiga murojaat etadi va uning yorlig‘i yordamida Sharq qo‘lyozmalari talon-toroj bo‘lib ketishining oldini olib qolishga muvaffaq bo‘ladi. Venada Hammer romantik adib Vilhelm fon Shlegel va de Shtayl xonim bilan ko‘rishib, fikr almashib turgan. Xuddi shu yerda u polyak sharqshunosi graf Ventseslav Rtsevuski bilan do‘stlashgan va u bilan hamkorlikda ishlay boshlagan. O‘shanda ular “Sharq xazinalari manbai” sarlavhali asarni nashr ettirishni rejalashtirganlar. Asar Hammer rahbarligida 1810-1819 yillar ichida, 6 jildda chop etilgan. Gyote bu jildlarni batafsil o‘rganib chiqqani ma’lum.
1811 yilda Hammer davlat devonxonasi maslahatchisi, shuningdek, imperator saroyi tarjimoni etib tayinlangan. Bo‘sh vaqtlarida u “Sulaymonnoma” sarlavhali ertak asarini yozish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Undagi eng qiziq qissalarni 1813-1815 yillarda Tyubingenda nashr etilgan “Atirgul hidi yoxud Tongotar mamlakatning afsona va rivoyatlari” kitobiga ham kiritgan. 1815-1816 yillarda Hammer “Usmoniylar saltanatining shariat qoidalari asosidagi huquqiy qomusi va davlat tizimi” sarlavhali ikki jildli asarini nashr ettirgan. Taxminan shu yillar ichida u Muhammad Shamsiddin Hofizning g‘azallar to‘plami “Devon”ni ham forschadan olmon tiliga tarjima qilib, chop ettirgan. Gyote bu asarni juda sevib o‘qigan, undan ma’naviy quvvat olgan. Bu asar uni shu darajada maftun etganki, undan ilhomlanib, tez orada o‘zining “G‘arbu Sharq devoni”ni yozgan. Uning ilk bor 1819 yilda chop etilgan ushbu asari, 1827 yilda, ya’ni muallif vafotidan besh yil avval, yana bir bor nashr etilgan.
1816 yilda Hammer Karoline fon Henikshtaynga uylangan, undan to‘rt nafar farzand ko‘rgan. 1817 yilda u imperator — podshoh saroyi maslahatchisi etib tayinlangan. 1818 yilda uning “Forsiylarning jozibador notiqlik san’ati tarixi” hamda “Ososinlar tarixi” asarlari chop etilgan. Keyingi davrda u “Ming bir kecha” asarini olmon tiliga tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu tarjimasi 1823-1824 yillarda Shtuttgartda nashr etilgan. 1825 yilda Hammer ritsarlik tabaqasiga ko‘tarilgan. 1825-1835 yillar ichida uning “Usmoniylar saltanati tarixi” sarlavhali ko‘p jildli asari chop etilgan. 1835 yilda Hammer “Xalifalikning boshqaruv tizimi” nomli kitobini ham nashr ettirgan. Hammer aynan shu kitobi uchun Prussiya Fanlar Akademiyasi tomonidan munosib taqdirlangan. 1836-1838 yillar ichida uning “Usmoniylar she’riyati tarixi” asari nashrdan chiqqan. 1837-1839 yillarda u “Hijriyning yettinchi asrigacha yashab o‘tgan buyuk musulmon hukmdorlarining hayoti va faoliyati” asarini Darmshtadtda chop ettirgan. 1838 yilda Hammer tarjimasida Mahmud Shabustariyning “Sirli gulshan” asari nashr etilgan. Shundan keyingi yillarda u Vena Fanlar Akademiyasini tuzish borasida katta ishlar olib borgan. 1847 yilda ushbu Akademiya tuzilgach, o‘zi uning dastlabki prezidenti etib tayinlangan. Shunday lavozimni egallab turgan bo‘lishiga qaramay, u ilmiy-ijodiy faoliyatini susaytirmagan, ketma-ket yana bir nechta asarlar yaratgan. Ular quyidagilar:
- “Qizilo‘rdalik qipchoqlar tarixi. Bu Rusiyadagi mo‘g‘ullarga” (1840).
- “Ilikxonlar tarixi. Bu fors davlati mo‘g‘ullariga” (2 jild, 1842-1844).
- Forsiy va turkiylarning ramzlari (1850).
- “Arablar va turkiylarning nayza va kamonlari haqida” (1852).
- “Muhammad hadislarining avloddan-avlodga o‘tib kelishi haqida” (1853).
- “Arablar hayotida ot” (1856).
- “Usmoniylar hukmdorligi ostidagi qrim xonlari tarixi” (1856).
1852 yildan boshlab Hammer “Arablardan fan va adabiyot” sarlavhali 12 jildga mo‘ljallangan asarini ham chop ettirishni mo‘ljallagan. 1856 yilgacha ushbu asarining faqat yettita jildini nashr ettirishga ulgurgan.
Hammer — Purgshtall 1856 yilning 23 noyabrida Venada vafot etgan. Uning ijodiy merosi asrlar osha yangi-yangi avlodlar uchun muhim manba bo‘lib qolishi muqarrar. Marhum xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bir rasmiy tadbirda Parijdagi “Osiyo jamiyati”ning kotibi janob Mohl shunday degan ekan: “Ayni paytda arablar, forsiylar yoxud turkiylar tarixining biror qismini o‘rganish bilan mashg‘ul shaxs, uning (Hammer — Purgshtallning) asarlariga murojaat etmay qolmaydi. Uning tarjimalarini aniqlik nuqtai nazaridan o‘rganish mumkin, yozuv uslubini, shaklini o‘ta sharqona, deb tanqid qilish mumkin, ammo ulardan foydalanmaslik yoki ularni chetlab o‘tish aslo mumkin emas”. Binobarin, bizning olmon adabiyotidagi Alisher Navoiyga oid ma’lumotlarni topishga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz ham Hammer — Purgshtall ilmiy-ijodiy merosiga murojaat etishimizni taqozo etdi. Natijada, shu hol aniqlandiki, 1818 yilda Venada chop etilgan “Forsiylarning jozibador notiqlik san’ati tarixi” asarining 310-312-betlarida Hammer — Purgshtall Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ma’lumot berib o‘tgan ekan. Aslida Hammer ushbu ma’lumotni frantsuzchadan taniqli frantsuz sharqshunosi Silvestr de Sasining (1758-1838) asaridan (u uni Davlatshoh hamda Som Mirzo matnlari asosida tuzganini bildirgan) olmon tiliga tarjima qilgan. Shu tarzda Hammerning “Forsiylarning jozibador notiqlik san’ati tarixi” asaridan o‘rin olgan Navoiyga oid ma’lumotlarda quyidagilar qayd etilgan:
“Mir Alisher nasl-nasabi ulug‘ sulolaga mansub bo‘lib, Chig‘atoy sultonlari saroyidagi eng yuqori mansablardan birini egallagan Bahodirning o‘g‘lidir. Uning ota tomondan bobosi sulton Bayqaro Mirzoning amirlaridan bo‘lgan. Bu sultonning nabirasi sulton Husayn Mirzo hukmdorligi ostida Mir Alisher yuqori mansablarga va katta obro‘-e’tiborga erishgan. U uni dastlab bosh munshiy, keyinchalik esa bosh vazir etib tayinlagan. Bu hukmdor bilan Mir Alisher o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari ular birga qatnagan maktab chog‘laridanoq boshlangan. Alisher bolaligida sulton Abulqosim Bobur Mirzo qaramog‘ida bo‘lgan. U uni suygan, o‘z o‘g‘liday ko‘rgan. Uning vafotidan so‘ng, Alisher Mashhadda o‘qishini davom ettirgan va o‘sha paytlarda Xurosonda ko‘tarilgan isyonlar tufayli, Samarqandga jo‘nagan va u yerda xo‘ja Fazlulloh Abullaysiy madrasasida ilmu ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan. Husayn Mirzo Xurosonning cheksiz hukmdori bo‘lib olgach, o‘shanda Amudaryoning narigi tomonida hukmdorlik qilgan sulton Ahmad Mirzodan Alisherni qaytarib yuborishini talab qilgan. Sultonga bu talab ma’qul bo‘lmagan bo‘lsa-da, noiloj holda uni tantanali ravishda kuzatib qo‘ygan. Husayn Mirzo saroyida u yanada tantanaliroq tarzda kutib olingan. U ilmu ma’rifatni rivojlantirishga kamarbasta bo‘lib, uning hukumati shuhratini oshirgan, o‘ziga ishonib topshirilgan har qancha muhim davlat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramay, mamlakatida ma’rifatni yuksaltirmoq maqsadida, o‘zining va o‘zgalar saviyasini o‘stirishga alohida e’tibor bergan. Chig‘atoy va fors tillarida she’riy asarlar yozish, topishmoqlar va harfli topishmoqlar tuzish, uning sevimli ermaklari hisoblangan. Ilmga ishtiyoqi baland bo‘lgani tufayli, u o‘zini butunlay mana shu faoliyatga baxsh etishga qaror qilgan va tez orada o‘zga ishlardan xalos bo‘lishga intilgan: dastlab bosh vazirlik martabasini Astrobod hokimi lavozimiga o‘zgartirgan, keyin esa faqat va faqat ilmga berilgan, undan o‘zga yumushlardan voz kechgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, uning omma orasidagi obro‘yi kamayishi o‘rniga kundan-kunga ortib borgan, sulton ham unga nisbatan ixlosi balandligini muntazam ravishda bildirib turgan. Hayotining so‘nggi yillarida u juda ko‘p yozgan, natijada, asarlari to‘plami son va hajm jihatidan ko‘payib ketgan. U turkiy asarlarini Navoiy, forscha asarlarini esa Foniy taxallusi bilan yozgan. Uning forscha g‘azallari to‘plami olti ming misrani tashkil etadi.
Mir Alisher nafaqat asarlari bilan, balki ko‘lami va soni jihatidan ulardan qolishmaydigan ezgu ishlari bilan ham shuhrat qozongan; u uch yuz yetmish inshootni yangilatgan yoki tubdan qurdirgan. Bular maqbarayu madrasalar, ibodatxonalar, ko‘priklar, quduqlar, hovuzu karvonsaroylar edi. Shu bilan birga u o‘z yurti me’morlari va hunarmandlarini yetarli ravishda ish bilan ta’minlagan. Quruvchilar, haykaltaroshlar, rassomlar, zargarlar, xattotlar Mir Alisherdan topshiriq sifatida olgan san’at asarlariyu qurilish ishlarini yuksak darajada bajarishga intilganlar. Zamondoshlari Jomiy va Davlatshoh uni homiy sifatida zavqu shavq bilan ulug‘laganlar, iste’dodi buyuk fors qasidanavisu masalnavislari Anvariy va Hoqoniylarnikidan har tomonlama ustunligi haqida kelajak avlodlarga guvohlik berganlar. Ezgu ishlariyu yuksak iste’dodining namunalari sifatida qurilish san’ati va she’riyat san’ati sohasida qoldirgan merosi bois, forsiylar va turkiylar qalbida mangu barhayotdir, buyuk vazir, buyuk shoir Mir Alisher”.
Qariyb 200 yil oldin olmon adabiyotidan o‘rin olgan mana shu ma’lumot Alisher Navoiy haqida olmon tilida yaratilgan ilk matn bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas. Uning muallifi Hammer — Purgshtall sermahsul faoliyati tufayli, olmon tilli mamlakatlar adabiyotini Sharq durdonalari bilan mislsiz darajada boyitgan. Ular orqali g‘arbliklar Sharqni teranroq anglashlariga katta imkoniyat yaratgan. 1827 yilda Gyote kishilik jamiyatlari vakillaridan birinchi bo‘lib “Jahon adabiyoti” istilohini qo‘llaganiga ham aynan Hammer — Purgshtallning fidokorona faoliyati o‘ziga xos turtki bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Odiljon Safarov tayyorladi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 2-son