Dunyoda shunday kasblar bo‘ladiki, ularni egallash uchun inson qobiliyat bilan tug‘ilishi kerak. Men Yozuvchi, rassom, san’atkor, shifokor, faylasuf, kimyogar bo‘lib tug‘ilganlar bilan muloqotda bo‘lganimdan, taqdirimdan beadad minnatdorman. Mana shunday kasb egalaridan biri, Navoiyning «murid»i, professor Suyima G‘aniyevadir. U tadqiqotchi-matnshunos bo‘lib tug‘ilgandek, nazarimda.
Olima Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida 50 yildan ziyod vaqt mobaynida xizmat qilib keladi. Bu vaqt ichida 40 dan ortiq kitob va risolasi, 500 dan ziyod ilmiy maqolasi chop etildi. Shuningdek, u Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat konservatoriyasida ko‘p yillardan beri «Eron adabiyoti tarixi», «Alisher Navoiy», «Ilm balog‘ati», «Tazkirachilik an’analari», «Forsiy va turkiydagi she’riyat» mavzularida ma’ruza o‘qib kelmoqda. E’tiborlisi, olima o‘qiydigan mazkur maxsus kurs mavzulari ilmiy kitoblardan olinmasdan, o‘zi olib borgan tadqiqotlar natijasi o‘laroq yuzaga kelgan.
Suyima G‘aniyevaning ish faoliyati davomida tarbiyalab voyaga yetkazgan shogird va farzandlarining sonini jahon bo‘ylab orttirgan shogirdlari, do‘stlarining soniga ko‘paytirsak, dunyo xaritasida belgi qo‘yilmagan shahar qolmasa kerak. Moskva, Sankt-Peterburg, Pekin, Tehron, Praga, Anqara, Qobul, Nishopur, Boku… sanashda davom etsak, sahifadan chiqib ketishimiz aniq. Binobarin, olima ularining barchasini uch xonali uyidan joy olgan kitob jovonlariga sig‘dirgan. Bu — do‘stlarining dastxatlari bitilgan mualliflik kitoblari. Kitoblardagi dastxatlar bir nomzodlik ishi uchun jiddiy mavzu bo‘ladi. Agar ularning yoniga olimaning do‘stlari bilan olib borgan yozishmalari, ilmiy kundaliklari ham qo‘shilsa, hayotdagi muhabbatning ijoddagi aksini, ijodiy muloqot, inson tabiatiga xos chizgilarni kashf etishga imkon tug‘iladi.
Men uni 40 yildan beri taniyman, tadqiqotchilik faoliyatini kuzatib boraman. Shu yillar mobaynida Til va adabiyot institutida o‘tkaziladigan Navoiyga bag‘ishlangan an’anaviy konferentsiyalarda Navoiyga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan qatnashgan bo‘lsa, ularda biron marta o‘zini o‘zi takrorlamagan. Har bitta ma’ruza ma’lum bir masalaga bag‘ishlangan va u umumlashtirilgan xulosaga ega bo‘ladi.
Navoiy ijodi bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari faqat dolzarbligi, ahamiyati, original umumlashtiruvchi xulosalari bilangina emas, balki juda nafis, unut bo‘lib ketgan so‘zlarni topib ishlatilishi bilan ham ajralib turadi. U ishlatgan va meni lol qoldirgan shunday iboralardan biri — «Navoiyning shoh satrlari». Bu kabi nafis, shoh so‘zlar bir jild ostiga yig‘ilsa, nutq madaniyatimizni yanada boyitishi mumkinligi qalbga quvonch bag‘ishlaydi. Shaxsan men maqolalarimda olima topgan so‘zlarning ko‘pchiligidan tez-tez foydalanaman.
Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois» tazkirasi haqida gap ketganda olima, olima haqida gap ketganda ushbu asar ko‘z oldingizga keladi. Zero, Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasida o‘z davri madaniyatini aks ettirgan bo‘lsa, Suyima G‘aniyeva ko‘p yillik ish faoliyati mobaynida navoiyshunoslikda, matnshunoslikda, o‘zbek madaniyatida erishilgan yutuqlar, adabiyotda qo‘lga kiritilgan zafarlarni aks ettirib kelmoqda. Bu borada olimaning fors, tojik, azerbayjan tillarini mukammal bilishi u yaratgan tadqiqotlar qamrovi kengligini ta’minlagan.
Suyima G‘aniyeva «Majolis un-nafois» tazkirasini nashrga tayyorlash jarayonida chop etgan maqolalaridan birida Navoiy jamiyatga foyda keltiruvchi fan va madaniyat sohasida har tomonlama keng ma’lumotga ega bo‘lgan iste’dodli kishilarni yuqori baholaganini qayd etgan. Bu bilan Alisher Navoiy kishilarni faqat she’riyatni emas, fanni, kasb-hunarni atroflicha egallashga da’vat etgan, degan xulosaga kelgan. Biz ham yurtimizning bir qator medal va ordenlari sohibasi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Suyima G‘aniyevaning ibratli faoliyati, olib borgan bebaho tadqiqotlari, ilmiy kuzatuvlari, olimaning ustozi — Alisher Navoiy kabi kelajak avlodni yangi cho‘qqilarni egallashga da’vat etishidan mamnunlik hissini tuyamiz.
Yozuvchi va shoir Oybekning turmush o‘rtog‘i — kimyogar olima, professor Zarifa Saidnosirova tabiatan «nafaqaho‘r» degan so‘zni yoqtirmasdi. Bu so‘zni eshitmaslik, mehnat daftarchasidan uning o‘rin olmasligi uchun bir kun ham ishdan qolmagan: ishlagan, dars bergan, xotiralar kitobini yozgan, rasm chizgan. Men Suyima G‘aniyevaga ham harakatdan, faollikdan to‘xtamasligini, mehnat daftarchasida Zarifa opaning qulog‘iga xush kelmagan so‘zning qayd etilmasligini tilab qolaman.
Ra’no Ibrohimova,
filologiya fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).