(1976-2000 yillar kundaligidan)
…O‘ylab ko‘rsam, butun umrim Sobit Muqonov taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda o‘tib kelayapti ekan. 1978-1980 va 1980-1987 yillarda mazkur qozoq adibining uy muzeyida xizmat qildim. Bo‘z yigit paytim edi. Endigina talabalikdan chiqib kelganman. Adib arxivini tashkil qildik, muzeyini ochdik. Arxiv materiallarini, tarixini o‘rgandik. Biz tashkil etgan muzey endilikda madaniyat markazidan biri sifatida tanildi. Ortda qolgan yillarga ko‘z tashlab, mubolag‘a bilan aytadigan bo‘lsam – S. Muqonov uy-muzeyining poydevorini qo‘yganlardan biri – o‘zim ekanman. U yoq-bu yog‘i o‘n yilcha vaqt mobaynida Sobit Muqonov yashagan, hayotdan ko‘z yumgan uyda o‘tirib, u nafas olgan havodan nafas olib, u o‘qigan kitoblarni varaqlab, qo‘lyozmalarini ko‘zdan kechirish menga nasib etdi. Yozuvchi yurgan yo‘llarda – uning kindik qoni tomgan ota makonidan tortib, Sankt-Peterburg, Moskva, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Buryatiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston deganday… talay yerlarni oralabman. Bu orada qancha kitoblar yozildi, qancha maqolalar dunyoga keldi. Ularning har birini qog‘ozga tushirishda qozoq yozuvchisi ruhi oldida halol bo‘lishga intildim.
Vaqt o‘tib bormoqda. Qachondir yozilgan maqola, kitoblar ham yil o‘tgan sayin asta-sekin eskirib, ularni qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji paydo bo‘lar ekan. Bugun davr boshqa, bugungi tafakkurni kechagisi bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Binobarin, vaqtida qilingan ishlar, Sobit Muqonov ijodxonasini o‘rganish tajribalari bayon qilingan maqolalar, uning kundaliklari va daftar sahifalaridagi mulohazalari, shajara-bitiklari – bari sobitshunoslik fanining bir yo‘nalishi. Shuning uchun ham S. Muqonov haqida turli paytlarda yozilgan maqolalar, yon daftarlarimdagi o‘y-fikrlarni bugungi kunning o‘quvchisiga tavsiya qilishni o‘z burchim deb bildim.
Kutubxona. Yoshligimdan meni o‘ziga jalb qilgan, dono maslahatgo‘yimga aylangan kitoblar. Talabaning tirikchiligigagina yetarli maoshni tejab-tergab, sotib olingan kitoblar. Varaqlayman. O‘ylayman. To‘lg‘onaman. O‘tgan kunlarga xayolan safar qilaman. Mana bu kitobni o‘zingiz ham bir ko‘ring. “Qozog‘iston yozuvchilari” (1970). Boshidan oxirigacha varaqlab chiqaman. S.Muqonov, Q.To‘g‘zaqov, M.Maqatayevlarning dastxatlari bor. Kitobsevar bo‘z bolaning bir paytlardagi iltimosini qaytarmasdan yozib berilgan tilaklar. Mana shu duo quvvatidan shu kunlargacha yetib kelgandekman.
Inson hayotida bunday shirin daqiqalar doim ham takrorlanavermaydi. Bari o‘tib ketgan, aziz lahzalar ekanligini mana endi anglayapman. Bular – hayotimning parchalari, bular – tarix.
…1971 yil. 26 mart. Abay nomidagi Qozog‘iston davlat pedagogika universitetining katta zalida Qozog‘iston Respublikasining ellik yilligiga bag‘ishlangan she’riyat tantanalari bo‘lib o‘tdi. Unda Sobit Muqonov boshchiligida qozoq adabiyotining deyarli barcha, katta-kichik vakillari ishtirok etishdi. Zalda atoqli adiblar ham oz emas edi. Ayniqsa, bu ulkan tadbirda Sobit Muqonov qatnashadi, degan xabarni eshitgan talabaki bor, hammasi universitetimizga oqib kelgan.
Katta zalga odam sig‘maydi. Igna tashlasang tushadigan joy yo‘q. Mashhur shoirlar she’rlarini o‘qidilar. She’riyatdan sal yiroqlashib ketgan adib mushoira oldidan kirish so‘zi gapirdi. Unda juda keksarib qolganini, o‘zi yaratgan asarlarining ko‘p jildligi asarlari nashr etilayotganini aytib o‘tdi. – Sobit Muqonovning yozgan asarlari ellik jild bo‘ladi, – dedi u, – hech bo‘lmaganda yigirma jildi nashrdan chiqqanini ko‘rsam, deb orzu qilaman. Rahbar o‘rtoqlarimiz “qog‘oz yo‘q”, degan bahona bilan ruxsat berishmayapti.
Talaba yoshlar shunday atoqli yozuvchining asarlarini chop qilishda ham muammo bor ekanmi, deganday hayratga tushishdi.
Adib so‘zida davom etdi: “Men – dedi u, – keksa yozuvchiman, keksalarga asar yozish oson gap emas. Shuning uchun ham, keyingi paytlarda she’riyatga qaytish niyatida yuribman. Ana shunday o‘lanlardan o‘qib berayin.”
Keksa qalamkash tinchlik, ezgulik mavzularidagi she’rlaridan o‘qidi. Talabalar adibni minbardan qo‘yib yuborishmadi. Bunchalik ulkan hurmat o‘sha kuni boshqa biror adibga ko‘rsatilmadi. Ammo, hali hammasi oldinda ekan. Nihoyat she’riyat kechasi yakunlandi. Shu tabrik so‘ngida kitob yarmarkasi uyushtirilgan ekan. Endi kitob savdosi, dastxat yozish tadbiri boshlanib ketdi.
O‘sha kuni Sobit Muqonovdan dastxat olishga navbatga turganlarning oxiri ko‘rinmasdi. Bir qancha yozuvchilardan dastxat undirib, men ham Sobit Muqonovga yaqinlashdim. Boshqa shoir-yozuvchilar asta-sekin tashqariga chiqa boshlashdi. Ammo yoshlar keksa adibni hamon qo‘yib yuborishmasdi. Dastxat olishga muvaffaq bo‘lganlarning yuzida quvonch nuri barq urardi. Nihoyat keksa qalamkashning yonida bir nechtagina shogirdlari qolishdi. Qorong‘u tushib qolgan, qorachadan kelgan shogird yigit tipirchiladi.
– Ustoz, bo‘ldi-da endi. Bularning oxiri bormi-yo‘qmi o‘zi?
Keksa adib shogirdiga ajablanib qaradi.
– Oralaringda eng yoshi ulug‘i men, xalqimizning shuncha qorako‘z yigit-qizlari kelib, Muqonovdan dastxat olamiz, deb turishibdi (u qo‘lini sermab qo‘ydi). Men tuyadan katta boshim bilan o‘z urpog‘imni, xalqimni xatlab o‘tishim kerakmi? Shularning tabassumidan Muqonov bitta ortiq bo‘libdimi? Qaydagi yo‘q gaplarni topasan-a…Undan ko‘ra bor, taksi ushlab tur…
Qorachadan kelgan yigit dovdirab qoldi.
– Tavba qildim, ustoz, tavba qildim… Men ketdim. Taksi ushlab turaman. Tabarruk dargoh – QozPIdan taksida ketamiz-da, ustoz – deya u tashqariga yo‘naldi (bu qorachadan kelgan yigit yozuvchi Lutfulla Shakenov ekan).
To‘plangan yoshlar ko‘ziga Sobit Muqonov yanada azizroq ko‘rinib ketdi. Adib ko‘plar qatori menga ham dastxat yozib berdi. Mana, men ulug‘ qozoq adibi Sobit Muqonov bilan ro‘para turibman. Qo‘limda undan olingan dastxat!..
Yozuvchi Sobit Muqonovni so‘nggi safarga butun Olmaota xalqi, ittifoq yozuvchilari uyushmasining vakillari kuzatishganlarining guvohi bo‘lganman. Lekin bu ko‘rinishlarning hech qaysinisi “Men Sobit Muqonovni bilar edim” – deyishga huquq bermaydi. Ruslarda “kishini bilish uchun u bilan bir pud tuz yeyish kerak”, degan maqol bor. Shuning ichida bir o‘zi necha minglab odamlarga ma’naviyat ruhini taratgan yozuvchini tanlash, bilish, uni o‘rganishning o‘zi insonni qanchalik yuksaltiradi.
QOYIL, SOBIT OG‘A!
(Kichik xotiralar )
KALAMUSh GO‘ShTI…
1932 yil.
Sobit Muqon o‘g‘lining Moskvada Qizil Professura institutida o‘qib yurgan payti. Iste’dodini rivojlantirib, katta parvozlarga hozirlik ko‘rib yurgan yillar edi. Kunlar isib, yoz nafasi ham kelib qoldi. Ta’tilga chiqqan talaba Sobit Muqon o‘g‘li tug‘ilib o‘sgan ovuliga otlandi.
Yurtidagi turli noxush xabarlar Moskvaga ham borar, bundan yozuvchining yuragi ezilib, jonu jahoni qorong‘ulashardi. Bu tashvishlar mana bugun ham talabaning qalbiga ignaday sanchiladi. Sobit Qiziljarga kelib yetganda, ko‘zlariga ishonmadi – shahar ochlik iskanjasida edi! Ko‘chalarning bari shishib yotgan o‘liklarga to‘la. Ajablanarlisi shuki, qaysi mayitning shishgan yuziga qaramang, u qozoq bo‘lib chiqadi. “Nega qozoqlar qirilyapti?” degan iztirobli o‘y yosh yozuvchining yuragini o‘rtaydi. Mahalliy rahbarlar huzuriga kirib ham savollariga ma’nili javob ololmadi.
Axiri viloyat ijrokomi tomonidan ajratilgan “poyogi”ni oldi-da, tug‘ilgan ovuliga jo‘nadi.
U ovulni oraladi. Turgan gap, yoru do‘st, og‘aynilar tirikchilik g‘amida har tomonga ketgan. Ovul huvillab, ko‘rimsiz holga kelib qolgan. Haytovur qirg‘in shahardagichalik emas. Shungayam shukr..
Kanafiyaning uyiga bosh suqdi. U yaxshi ko‘rgan og‘asi.
– Assalomu alaykum!
“Vaalaykum assalom” degan xosiyatli javobni eshitarman, deb umid qilgan Sobit yangasining qozon qopqog‘ini apil-tapil yopib, o‘choq cho‘g‘ini o‘chira boshlaganini ko‘rib, angrayib qoldi. “Bu nimasi bo‘ldi?”.
Ostonani hatlab qo‘ygan Sobit ortiga qaytib ketishni o‘ziga ep ko‘rmay, noiloj turib qoldi. Uy egasi ko‘rinmaydi. Cho‘lpon yangasi hech nimani ko‘rmaganday, bilmaganday bo‘lib:
– Mulla yigit, qalay, ot-aravada omon keldingmi? Kelin-kepchik, bola-chaqa omonmi? – deb salomlashib, kigizga o‘tirib oldi.
– Shukur, yanga! Sog‘inib yurtga kelgan edim, ovuldan fayz ketganini ko‘rib, ko‘nglim o‘ksib koldi. O‘zlaring qalaysizlar, yanga?
– Omonlik. Mulla yigit, omonlik.
Yangasi kulib so‘yladi. Uning kulganini ko‘rib, qovog‘i ochilgan Sobit ham hazillashgan bo‘lib:
– Xudo olgur-ey, qayning kelganda ko‘nglingni sal kengaytirsang, qozoningni qopqog‘ini yopmay, ovqatingni pishiraversang bo‘lmasmidi? – deb, kulgan bo‘ldi.
Haligina kulib-yayrab, so‘zlab turgan yanganing rangi ko‘karib ketdi.
– Mulla yigit-ey, hozir kimni to‘q-sochin yashayapti deysan? Manov sho‘rlik yangang sariq qazi osib, shuni sendan qizg‘andi, deb o‘yladingmi? Shoshganda labbay topilmaydi, bir kalamushni tutib olib, shuni qozonda pishirayotgan edim…
Yangasi yig‘lab yubordi.
Yozuvchi dovdirab qoldi. Bilmasdan gapirib, yangasining yarasini tirnab yuboribdi-da. U noqulay ahvolga tushib qoldi, nihoyat:
– E xudo olsin, boshing omon, bag‘ring butun-ku sening, nega yig‘laysan? Qayningdan qizg‘anganing shu sichqon go‘shtimi? Obke bu yoqqa, birgalashib yeymiz!
– Qo‘ysang-chi, mulla yigit, hazilingni.
Yozuvchi buyruq berdi:
– Obke, yanga! – yigitning so‘zi jiddiy edi. Yanga dovdiray dedi. Og‘zi lang ochildi.
– Og‘rib qolarsan-ov.
– Yo‘q, obke, senlardan jonim ortiq emas-ku.
Tovoqdagi semizgina kalamush go‘shti dasturxonga qo‘yildi.
Sobit ezilib pishgan kalamushning bir oyog‘ini uzib oldida, qitirlatib chaynay boshladi.
– E, bekorga qizg‘anmagan ekansan-da, manovining go‘shti rosa mazali ekan-ku…
YaLANGTO‘Sh PROFESSOR
Qirqinchi yillar. Urush qizigan payt. Kadrlar taqchil. Bir kishi bir nechta vazifani bajaradi.
Sobit Muqonov Abay nomidagi pedagogika institutining professori. Talabalarni qiziqtirib, mashg‘ulot o‘tkazyapti. Savollarga javob beryapti. Mashg‘ulot ayni qizigan paytda qo‘ng‘iroq chalindi. Sobit og‘a talabalar bilan xayrlashib, uyiga qaytdi.
Adib yangi asari haqida o‘ylab kelardi. Ma’ruza o‘qish ham oson ish emas ekan, deb o‘ylaydi u. Shu bir-ikki soat ichida aytadigan gapimni aytib bo‘ldim. Bu lektorlar yil bo‘yi nimalarni topib gapirishadi?
Institutdan piyoda kelayotgan yozuvchi yo‘lning yarmiga kelganda allakim “Sobit og‘a!” – deb chaqirganday bo‘ldi.
– Sobit og‘a!
Yozuvchi ovoz kelgan tomonga qaradi. Qarasa, o‘zining bir talabasi izidan halloslab quvib kelyapti. Qo‘lida nimadir bor. “Bu qanaqasi bo‘ldi?” o‘yladi yozuvchi.
O‘pkasini qo‘ltiqlab chopib kelayotgan yigit, nihoyat oldiga yetib keldi.
– Nima gap, yigitcha?
– Kostyumingizni unutib qoldiribsiz…
Sobit birgina oq ko‘ylakda kelayotganini endi sezdi. Shuncha yurib, qora sovuqni ham sezmabdi… Lektsiya o‘qiyotganida kostyumini yechib, stulga ilib qo‘ygan edi. Qo‘ng‘iroq chalinganida qizishib ketgan yozuvchi, gapini tugatib, chiqib ketibdi.
– Rahmat, aylanayin, – dedi Sobit talabadan kostyumini olar ekan…
KO‘ZOYNAK
Nonushtadan keyin Sobit og‘a kabinetiga yo‘l oldi. Har safar yozuvchi odatiga o‘rgangan Maryam opa bolalarga “otalaringni bekorga bezovta qilmanglar!” deya uqtirib, uy ishlariga unmaydi. Xuddi shu payt yozuvchining:
– Maryam, hoy Maryam! – degan bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
Maryam opa qoqila-surila yozuvchi xonasiga otildi.
– Nima bo‘ldi, tinchlikmi?
– Kabinetimga bolalar kirmasin, deb necha bor senga aytganman. Bolalaring shu uyga kiraveradi, kiraveradi! Mana endi…
Adib qattiq asabiylashdi.
– Nima bo‘ldi, ey Xudoyim-ey?
– Ko‘zoynagim yo‘q!
Endi Maryam opa ham, katta qizi Bayan ham o‘zlarini aybdor his qilib, kabinetdan ko‘zoynakni axtarishga tushib ketishdi. Lekin u topilmadi. Uni mehmonxonadan ham rosa axtarishdi. Nevaralari o‘ynab olib ketishdimi, degan xayolga ham borishdi. Ko‘zoynak baribir topilmadi. Xuddi yer yutganday g‘oyib bo‘lgandi. Uni axtara-axtara holdan toyishdi.
Endi bir tekshirilmagan joy – mehmonxonadagi ko‘k divanning tagi qoldi. Ona va qiz ikkovlari ko‘k divanni surib, tagiga qarashdi. Qurib ketsin, yo‘q.
Yozuvchining rafiqasi ham horib, erining yoniga cho‘kdi. Divanning tagiga yana bir egilib qaradi-da, keyin yozuvchiga yer ostidan tikilib:
– Hozircha peshonangizdagi ko‘zoynakdan foydalanib turaqoling. Yangisini olarmiz. Topilmadi, – dedi.
Shu lahzada yozuvchi qo‘lini peshonasiga olib borib, ko‘zoynagini yulqib oldi.
– Eh, qarilik qursin-a!
Yozuvchi kafti bilan tizzasiga urdi.
– Izlayotgan ko‘zoynagimiz mana shu-ku, Maryam…
Ko‘zoynak axtaruvchilar kulib yuborishdi.
ATUShKA, QAYGA BORASIZ?
Qalamkashning odati, har kuni tongdan turib, yozishga o‘tiradi. Arabcha o‘ngdan chapga qarab sahifa to‘ldirayotgan adib bir payt qo‘lidagi qalamni qog‘oz ustiga otdi. Axir bugun Yozuvchilar uyushmasida yig‘ilish bor edi-ya!
U gavdasi og‘ir bo‘lishiga qaramay, o‘rnidan sapchib turdi-da, apil-tapil kiyinib, yozuvchilar uyiga yo‘l oldi. Qo‘lida qalin papkasi. Nimalarnidir xirgoyi qilib boryapti. Qarshisidan yetti yoshli nevarasi Noila chiqdi.
U bobosini ko‘rdi-yu, angrayib qoldi. Angrayganicha ham bor-da – bobosining egnida chiroyli qora kostyum, oq ko‘ylak, bejirim galstuk, qo‘ltig‘ida qalin bulg‘ori papka. Qo‘lida egri dastakli hassa. Barisi yarashib turibdi. Biroq, biroq…
– Atushka, qayga ketyapsiz? – dedi nevarasi hayratlanib.
– Uyushmaga, qarog‘im, uyushmaga, – deya Sobit og‘a, nevarasining yonidan o‘ta boshladi.
– Voy-bay, Atushka, shu turishingizda-ya? Ustingizga bir qarang!
Shoshib qolgan Sobit og‘a bir nevarasiga, bir ust-boshiga qaradi. Qaradi-yu, kulishniyam, yig‘lashniyam bilmay, qotib qoldi. Shim kiyishni unutgan ekan!
Nevarasi ko‘lidan tutib, bobosini uyga boshlab kirdi.
Ko‘chadan o‘tayotganlar nevarasi yetaklab ketayotgan oq ishtonli yozuvchidan ko‘z uzishmas edi…
TOPQIRLIK
Yozuvchi delegatsiya bilan chet elda safarda yuribdi. Delegatsiya shaharni tomosha kilib qaytdi. Tabiatan hayotiy voqealarni ko‘rishga, bilishga tashna yozuvchi uchun qiziqadigan, tomosha qiladigan joylar juda ko‘p. Tevarakdagi jamiki narsalar – mo‘jiza, mo‘jizalarning bari noyob.
Atrofga qarab, yon-veriga alanglab kelayotgan yozuvchi safardoshlaridan orqada qolib ketganini keyinroq sezdi. O‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U yoq-bu yoqqa yugurdi. Sheriklarining qorasi ko‘rinmadi. Birorta ham vatandoshini uchratmadi. Katta ko‘chada tuyaday bo‘lib qolib ketganidan o‘ksindi. Ular o‘zlari tashlab ketishdimi yo o‘zi qolib ketdimi? Bunaqa chet el safari qurib ketsin, oz kunga kelasan-da, it quvganday yugurib-elasan…
Shoshilgan Sobit og‘a u yoq-bu yoqqa alanglab, “Qozoq! Qozoq!” deya ovozining boricha baqirib ko‘rdi. Baribir hech kim e’tibor bermadi. E’tibor bergani ham qozoq yozuvchisining nima deyayotganiga tushunmasdi. Chet eldagilar butun Sovet Ittifoqini “Rossiya” deb bilishadi-da. To‘satdan Sobit Muqonovning esiga o‘sha paytlarda nomi butun dunyoga mashhur bo‘lgan Jambul Jabayevning ismi tushib ketdi. “Bir bilsa, shu kishining ismini biladi bular!” Joni halqumiga kelgan yozuvchi “Jambul! Jambul! Men –Jambul!”, – deb qichqira boshladi.
Bir o‘tkinchi to‘xtab, yozuvchining yoniga kelib, “Rossiya? Rossiya?” – dedi.
Chet ellik bu gavdali, sariq odamning Sho‘rolar Ittifoqi fuqarosi ekanligini bilib, elchixonagacha kuzatib qo‘ydi. O‘sha vaqtlarda Jambulning nomi xalq nomiga aylanayozgan edi-da…
DO‘ST SOVG‘ASI
Yozuvchi G‘arbiy Qozog‘istonda safarda yuribdi. Qayga bormasin, yonida Qumar do‘stini olib boradi. Ha, taniqli xalq oqini Qumar Jusipovni.
Yozuvchiga yugurib-elib xizmat qiladigan rahbarlar Sobit og‘a ovuldan-ovulga o‘tganida almashib, yangilanib turishadi. Almashib, yangilanmaydigani bir Qumar do‘sti…
Rahbarlar qachon mehmonga ko‘nikkunlaricha suhbatga kirishib ketolmay, gaplari sira qovushmasdi. Qumarda bu odat yo‘q, “Sabit” deb boshlaydi-da, hangomaga kirishib ketaveradi. Yozuvchining iltimosiga ko‘ra, sel bo‘lib do‘mbira chertadi.
Hurmatli adib bilan yurt oralagan Qumar viloyat markaziga yetganida, Sobit og‘ani uyiga qo‘noqqa chaqiradi.
– Chaqirmasang ham boraman, Qumar og‘a. Sobitga nasiba yedirmay xotining qutulmaydi.
Bu gapdan ikkovlari ham zavqlanib kulishdi.
Yozuvchi hurmatiga obkom ziyofat berdi. Ziyofatdan so‘ng, Sobit og‘a viloyat boshliqlariga iltimos qildi:
– Meni Qumarning uyiga olib borib qo‘ysanglar. Charchadim. Dam olaman.
– Dachada dam olganingiz yaxshi-yu, Sobit og‘a?
– Yo‘q. Qumarga va’da berib qo‘yganman. U mol so‘yib, tayyorgarlik ko‘rib o‘tiribdi.
Qumarning uyi kichkina, engashib kiradigan qozoqi uy ekan. Bilmasdan o‘rningdan qo‘qqis ko‘tarilsang, boshing shiftga tegadi.
– O‘, do‘stim, uying kichikroq ekan-u, ammo salqin, yaxshi!
– Kampir ikkovimizga bo‘ladi. Sobit do‘stimiz yurtning yaxshi uylariga bormasdan, bizning yomon uyimizga mehmonga keldi. Menga bundan ortiq baxtning keragi yo‘q!
Sobit og‘a ertalab Atrov neft birlashmasining boshlig‘i Safi O‘taboyevning qabulxonasiga bordi. Boshliq yozuvchini quchoq ochib qarshi oldi.
– Qarog‘im, Safi, men xuddi hozir anov Qumar Jusipov degan qozoqning yo‘rg‘a oqini uyida qo‘nib, o‘sha yerdan chiqib kelyapman. Uy-joyi nochor ekan. Yolg‘iz xona. Uning ham yarmiga pechka qurilgan. Uyning poydevori cho‘kkan. Bosib qolsa, uy egalari tagida qolib ketadi. O‘zi Qozog‘istonning manaman degan oqini. Yoshi ham bir joyga borib qolgan. Iltimosimni viloyat boshchilariga ham aytsam bo‘lardi. Hukumatning cho‘ntagiga tushgim kelmadi. Barcha chiqim, xarajatini men to‘layman, sen birlashma orqali Qumarga uy soldirib ber.
Neft birlashmasi boshlig‘i hayron bo‘lib:
– Bo‘pti, Sobit og‘a. Sizning kissangizga tushma-yoq… – deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
G‘arbiy Qozog‘istonning xalq oqini Qumar Jusipovning yana bir qancha baxtli yillari ana shu – yozuvchi Sobit Muqonov “qurdirib bergan” uyda o‘tdi…
QUM BARXANLARI ORASIDA
(Arslon Sobit o‘g‘li Muqonov esdaligi)
Arslon Sobit o‘g‘li “Muqonov muzeyi”ga keldi. Xuddi otasiga o‘xshagan, og‘zini ochsa, yuragi ko‘rinadigan yigit. Otasining o‘zi deysiz. Farzand bo‘lsa Arekengday bo‘lsin ekan. Sobitning – o‘g‘li, G‘abitning – kuyovi. Xuddi otasiday dilkash inson.
Ishqilib bolaga otadan nimadir qolar ekan-da. Arslon amaki otasining dilkashligini olib qolgan.
Biroz savol-javob, hol-ahvol surishtirgach, u hikoyasini boshladi.
– Otamiz o‘ldi. Uni o‘ladi deb hech o‘ylamabmiz. Nazarimizda, hech o‘lmaydiganday edi. Onamizdan tortib, ukalaru qarindosh-urug‘lar o‘ksinib yig‘lashadi. Men darrov o‘zimni qo‘lga oldim. Kunduz yig‘lamadim. Hammani yupatib turdim. Lekin, oqshom tushishi bilan, otamni yo‘qlab, tuni bilan ko‘z yoshimni tiyolmasdan yig‘lab chiqdim. Tuni bilan ko‘z yoshlarimga erk berib, ertasiga hech nima bo‘lmaganday yuraman. Boshqa ilojim ham yo‘q edi-da.
Asildan oqil tug‘ilganiga nima yetsin. O‘lmaydigan ota bormi?! Muhimi – otaning marosimlarini munosib tarzda o‘tkazish, marhumning ortida qolgan jigarlarini sabrli va irodali bo‘lishga chaqira bilishda. Arslon og‘a shu yo‘lni tanladi!
Og‘a hikoyasini davom ettiradi. Hayajonlanib, to‘lqinlanib, qayerdaligini ham unutib, jo‘shib gapiradi! Gar tinglovchi bo‘lmasa – so‘z yetim. Lekin, Sobit Muqonov haqidagi hikoya bo‘lsa, qancha bo‘lsa ham, uni kim aytsa ham tinglayveraman, tinglayveraman…
– Otam mo‘jiza bilan tirik qolgan, – deydi Arslon Sobit o‘g‘li, – 1936 yilning bir kuni otam bolalarni – meni, Maratni mashinasiga o‘tqizib oldi-da, Shimoliy Qozog‘istonga jo‘nab ketdi.
Musa ismli bir tug‘ishganimiz bo‘lardi. Ish axtarib, sang‘ib kelganida, otam uni “organ”ga joylab qo‘ydi. O‘sha yaxshilik otamga balo bo‘lib yopishdi. Ustidan ish ko‘rdi. Yurgan-turganda izini poyladi.
Bir kuni otamning To‘rg‘ay tomonlarga “ijodiy” safar bilan ketayotganini bilgan bir yigit “Meniyam ola keting” deb yopishdi. Otam, ko‘ngilchan odam emasmi, “mayli, o‘tiraqol” – dedi. Shunday qilib, Sariarqaga yo‘l oldik.
Negaligini bilmadimu, otam mashinani ko‘pchilikning nazaridan yiroq, el yashamaydigan ovloq joylardan yurgizdi. Ba’zan qum oralab yuramiz.
Oqtepa bilan To‘rg‘ay oralig‘ida bir joyga kelganda, mashinamiz qumga botib qoldi. Men jon-jahdim bilan otamga yetib yurishga tirishaman, otam kichkina Maratni ko‘tarib olgan. Yurib kelyapmiz. Chanqoqdan tomoqlar qurisha boshladi. Safarda bizga sherik bo‘lgan yigit qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Holdan toyib, bir saksovulning soyasida umidsizlanib o‘tirganimizda, yiroqdan itning hurishi eshitildi. Otam quvonib, o‘rnidan turdi-da, it hurgan tomonga qarab, birimizni yetaklab, birimizni ko‘tarib, yo‘lga tushdi. O‘ldim-toldim deganda, qum barxanlari orasida qozoqning kigiz o‘tovi ko‘zga tashlandi. Unga bir amallab, sudralib, gandiraklab yetib bordik.
Uzoqdan qoramizni ko‘rgan o‘tov egasi bizga qarab yurdi. Qora mo‘ylov, qorachadan kelgan, devsifat kishi ekan. Xotini qozon-o‘choq yonida turibdi.
Uy egasi bizni qovog‘idan qor yoqqan holatda qarshi oldi. O‘tovga yaqinlatgisi yo‘q. “Chaqirilmagan qo‘noqmiz” degan gapni qulog‘iga iladigan odam emas. Otam xafa bo‘ldi. Kichkina Marat “suv” deb yig‘lay boshladi.
Shu payt bir kichkina qizcha o‘tovdan chiqdi-da, onasining yoniga yugurib borib, nimadir dedi. Ayol qo‘llarini ko‘ylagining etagiga arta turib, yonimizga jadal yurib keldi. Keldi-da:
– Siz Sobit Muqonovmisiz? – dedi.
– Ha.
– Manov qizim panjara orasidan sizni ko‘rib, kitobdagi suratingizga o‘xshatibdi.
– To‘g‘ri aytibdi. Men – Sobit Muqonovman.
– Voy, jigar-i-im!
Ayol otamning yelkasiga boshini qo‘yib, yig‘lab ko‘rishdi. Er esa angrayib qoldi. Bilsak, gap bunday ekan: haligi qorachadan kelgan qovog‘i soliq kishi dordan qochgan qaroqchi ekan. Yurtiga sig‘mabdi. Xotini esa, biz bilan urug‘dosh chiqib qoldi. Qaroqchida insof bormi, birovning navnihol qizini bosib olib, mana shu qum orasiga olib kelib, yashay boshlabdi. Ayol farzandlik bo‘libdi. Tug‘ishganlari bilan yuz ko‘rishmas ekan. Sog‘inadi. Zerikadi. Qochib ketay desa, eridan qo‘rqadi. Qum orasida cho‘ponlik qiladi, deb o‘ylagan yigiti qaroqchi bo‘lib chiqibdi. Ayolning necha yillar badalida birinchi ko‘rgan tug‘ishganlari – biz… Sho‘rlik ayol yig‘lamay, kim yig‘lasin? Ilgari qandayligini kim bilsin-u, ishqilib bu safar opa boshqacha, o‘ktam so‘zlab, eriga gapini o‘tkazib, bizlarni o‘tovga kiritdi, mol so‘yg‘izdi, qozon osib, bizni yugurib-elib mehmon qildi.
– Qayoqqa ketyapsizlar?
– Shunchaki yuribmiz. Ota-onamning boshiga bolalarimni olib borib qaytsam, degandim.
O‘tovda bir hafta yotdik. Yolg‘iz kigiz o‘tovdan boshqa bu atrofda qimirlagan zog‘ ko‘rinmaydi. Uy egalari og‘irsinmasdan, izzatimizni o‘rniga qo‘yishdi. Bir kuni mashinaning gurillagan ovozi eshitildi. Yugurib, mashinaning yo‘lini to‘sdik. Qozog‘iston Fanlar akademiyasining etnografik ekspeditsiyasi ekan. Mashinamizga moy quyib berishdi. Biz yuradigan bo‘ldik. Otamga mehri tushib qolgan qora kishi:
– Sobit, yo‘lingga biror nima kerakmi? – deb so‘rab qoldi.
– Hech nima kerakmas, bir hafta qo‘noq bo‘lib yotdik, rahmat.
– Nima zarur bo‘lsa, tortinmasdan aytaver.
– E, Botir og‘a, nimaga tortinaman. Ochig‘ini aytsam, xanjarday yigit ekansan, manov pichog‘ingni bersang, uni har ko‘rganimda seni eslab yurardim.
– Mana shu yomon pichoqni aytayapsanmi?
Biz To‘rg‘ay tomon yurib ketdik. O‘sha yili bobom Muqon bilan buvim Balsari qabrlarining boshiga bordik. Otam menga:
– Manov sening bobong bilan buving yotgan yer. Zamonu sharoit qanday bo‘lmasin, unutmasdan eslab yurgaysan, – dedi. Otamning o‘sha yilgi safari, harakatlari hammasi menga qandaydir sirli tuyuldi. U safarga ota-onasi bilan xo‘shlashgani chiqqanday tuyuldi. Biz yosh edik. Tushunmaganmiz-da.
Lekin, o‘sha safar paytidagi ko‘p voqealar, otamning o‘ychan qiyofasi, gaplari xotiramga o‘sha holatda muhrlanib qolgan. Ayniqsa, bir manzara ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Bobom qabri ustidan bir tup qamish, buvimning ham qabri ustidan bir tup qamish o‘sib chiqqan ekan. Ikkala tup qamishni otam avaylab qirqib oldi. O‘rniga yilqining ilik suyagini topib, belgi qilib qo‘ydi. Olmaotaga kelgach, haligi qamishlardan ikki nay yasatib, chalib yurdi. Onamga: “Ota-onam qabridan o‘sgan qamishning biri – men; biri – sen. Bizga hozir o‘lim yo‘q. Nay bo‘lib, kuy chalib yashayveramiz” – derdi. Haligi pichoqni otam qorachadan kelgan kishidan esdalik, deb ko‘p vaqtgacha ehtiyotlab yurdi.
…Keyin bildik. O‘shanda otam o‘ziga tobora yaqinlashayotgan xatardan cho‘chib, birmuncha vaqt yashirinishni o‘ylagan ekan. Hali boshimga qanday kunlar tusharkin, deb ota-onasining ruhi bilan xo‘shlashish, ularning qabrlari ziyorati uchun borgan ekan. Endi bildim, o‘shanda bizga tasodifan duch kelib, safarimizda birga bo‘lgan, mashinamiz qumga botganda nom-nishonsiz yo‘qolgan yigitning ismi – G‘aysa bo‘lib, NKVD xodimi ekan. Otam o‘zi ishga joylashtirgan tug‘ishgani Musa uni ayg‘oqchi qilib bizning izimizdan jo‘natgan…
…Tun yarmidan oshdi. Arslon amaki hikoyasini yakunladi. Bolalik xotirasiga o‘rnashib qolgan bir ko‘rinish, bir manzara. Hikoyaga farzandning otaga bo‘lgan mehri va sog‘inch hislari hamohang edi. Hikoyani unsiz tinglar ekanman, ko‘nglimdan “hayot bunchalar beshafqat bo‘lmasa?” – degan fikr o‘tdi. Adibning birovga qilgan yaxshiligi, o‘ziga yomonlik bo‘lib qaytdi. Qo‘rqinchli zamon. Sarsonlikda xalak bo‘lgan buyuk yozuvchi. Bunchalar beshafqatsan, zamona?!…
Qozoq tilidan Mehmonqul Islomqul tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son