Fikrlash tarzi va ifoda yo‘sinidagi xalqchillik bilan adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shoir Azim Suyunning she’rlari – xalq aytimlari kabi sodda, teran va yuqumli. Bitiklarida og‘zaki poeziyaning kuchli ta’siri sezilib turganiga qaramay, o‘z ijodiy qiyofasiga ega ijodkor birovni takrorlamaydi. Azim Suyunning muhabbat lirikasi ham o‘zgalarning bitiklaridan bu muqaddas tuyg‘uga tom o‘zbekcha yondashilgani bilan ajralib turadi. Uning kechagina yozilgan muhabbat she’rlarida ham xuddi qadim og‘zaki lirikadagi kabi turg‘un ma’naviy o‘zlik, an’anaviy badiiy vositalar, sobit milliy ruh aks etadi. Shoir muhabbatni ortiqcha jimjimalarsiz yozadi. Ifodalar yorqin, kechinmalar butun, tuyg‘ular yombi, sezimlar o‘zbekcha, tuyg‘ular qo‘l bilan tutgudek aniq.
“Seni tanidim-u, muhabbat…”
“Seni tanidim-u…” she’rida sevgi ifodasini berishga xizmat qiladigan an’anaviy va xalqona “gullar isi”, “bulbullar navosi”, “ko‘z yoshlar savdosi” singari tushunchalar lirik qahramonda paydo qilgan tuyg‘u haqida teranroq o‘ylashga da’vat etadi. She’rning:
“Seni tanidimu, muhabbat,
Qarg‘adim ortdagi umrimni.
Seni tanidimu, muhabbat,
Qiziq… yashamagan edimmi?”,
tarzidagi misralari zamirida muhabbatsiz o‘tgan umrini qarg‘ab, uni yashalmagan yillar sanagan kishi ruhiy holati ifodasi ko‘ngilni tozartirib, o‘qirmanni shaxslik taraqqiyotining ruhoniy hissiyotlarni anglaydigan bosqichiga yuksaltiradi.
She’rdagi: “Bildim: suv, o‘t, havoman” tarzidagi iqrorda sevgining insonga tuganmas qudrat bera olishi tasvirlanadi. Sevgi og‘ushidagi oshiq o‘zini bir vaqtning o‘zida bir-birini inkor etadigan xislatlarga ega sezishi mumkinligi to‘rttagina so‘z orqali ifoda etiladi. Axir, suvlik o‘tlikni ham, havolikni ham inkor qiladi. Lekin chinakam ishq egasi bir vaqtning o‘zida hamma narsa va har kim bo‘la oladi. Lirik qahramon bildirgan: “Sevinchman, bemorman, davoman” yo‘sinidagi o‘zaro zid, poyma-poyday ko‘ringan chigal holatlar ifodasida muhabbatday nomuayyan tuyg‘u g‘oyat ta’sirli tasvirlangan. Sevgi tuyg‘usi bir vaqtning o‘zida kishiga ham sevinch beradi, ham uni ishq kasali bilan bemor qiladi, ham ishqsizlik xastaligidan davolaydi. She’r so‘ngida: “Seni tanidimu muhabbat, Tanidim, tanidim o‘zimni” tarzidagi xulosa o‘zlikka kelish yo‘li faqat sevgi degan tuyg‘u orqali ekanini anglatishi bilan xotiraga mixlanib qoladi. Sevmagan odam o‘zini, o‘zligini tanimagan baxtsiz kimsadir. Shu sabab muhabbatga yo‘liqqan oshiq o‘zini taniganidan xushvaqt.
A.Suyunning “Go‘zal” she’rida ham insondagi eng sirli va sohir tuyg‘u aks etgan. She’rning birinchi bandidagi “Ko‘ksimda qiqirlar sevgi” misrasida ishq lirik qahramonning kun, tun, tonglarinigina emas, balki g‘amlaru munglarini ham go‘zal qilib yuborgani g‘oyat samimiy ifoda qilingan. Shu ifoda she’rxonni g‘am bilan mung qanday qilib go‘zal bo‘lishi mumkinligi va bu tasvirda nima ko‘zda tutilayotgani borasida o‘ylashga chorlaydi.
Shoir tabiat hodisalarini o‘z ko‘ngil holatiga muvofiq tasvirlaydi:
“Qip-qirmizi zardolilar,
Sevgi olovidan yonar.
Bog‘ chetida oshiq anor
Ishq zo‘ridan tars yorilar”,
satrlaridagi o‘rikning qirmizligi yaproqlari qizarganidan emas, balki muhabbat olovida yonayotganidan, anorning yorilishi ishqning zo‘ridan ekani borasidagi betakror tasvir o‘qirmanni hayratga soladi. Bular shunchaki o‘xshatishlar emas, balki o‘tkir shoirona nigoh bilan ilg‘ab olingan tengsiz go‘zalliklardir. Chindan ham yaproqlari qip-qirmizi bo‘lib olovlangan o‘rik og‘ochi gurillab yonayotgan gulxanga o‘xshaydi. Yorilgan anorning esa, ishqini vujudiga sig‘dira olmagan yurakni eslatishi tabiiy. Zero, anor ko‘rinishi va rangi bilan yurakka o‘xshab ham ketadi. She’rda o‘rinli qo‘llanilgan tashxis, jonlantirish san’ati favqulodda katta badiiy qimmati bilan e’tibor tortadi.
Odam shunday ijtimoiy-biologik hodisaki, uning tuyg‘ulari muvozanatdan chiqib, hissiyoti junbushga kelganda olamni o‘z kayfiyatiga uyg‘un yo yorug‘lik ichida yoki zulmat og‘ushida ko‘radi. She’rdagi: “Kunbotarlar to‘lqin-to‘lqin, Soy taratar inja yolqin, Kun bo‘larmi shunday yorqin?!” satrlarida oshiq yigit kayfiyati tufayli dunyo unga o‘zgacha tarovat va yog‘duga ega bo‘lib ko‘rinayotgani aks etgan. Kunbotarni to‘lqinlangan, soyni inja yog‘du taratgan, kunni odatdan tashqari yolqinli holatda ko‘rish uchun odam favqulodda go‘zal tuyg‘ularga esh bo‘lishi kerak. Har band so‘ngida takrorlanib kelgan: “Ko‘ksimda qiqirlar sevgi” misrasi ifoda ta’sirchanligini oshirgan.
“Muhabbat” deb nomlangan she’rning birinchi bandida bir-biriga zid, yonma-yon turishi mumkin bo‘lmagan tushunchalar ustalik bilan o‘rinlashtirishi natijasida dunyoga sig‘may ketayotgan oshiq yigit hayajoni aks etgan. Shoirning mahorati sabab “Dashtlarda yonguday kuylar zarg‘aldoq”day inert tasvir ko‘ngil holati dinamikasini anglatishga xizmat qiladi. Sevgining zarg‘aldoqday parrandani yonar holatga tushira olishi mumkinligini to‘g‘ri ilg‘ash o‘qirmanning ma’naviy o‘sishida muhim o‘rin tutadi.
She’rdagi: “Tog‘ni yorib chiqqan giyohni ko‘rdim, Dengizni ko‘targan qiyoqni ko‘rdim” tarzidagi kutilmagan poetik kashfiyotlari inson ko‘ngli, tafakkuri va badiiy didi o‘sishida ulkan ahamiyatga egadir. Chindan ham yashashga bo‘lgan adoqsiz muhabbati sabab aslida salgina epkinga tebranib ketadigan darajadagi ojiz giyoh toshning bag‘rini teshib chiqadi. Tiriklikka, yorug‘likka ishqi tufayli tubsiz dengiz qa’ridagi qiyoq millionlab tonna suvni ko‘tarib o‘saveradi. Hisobsiz og‘irlik mangu bosib tursa-da, yashashga intilaveradi. She’rdagi “Suyib yelgan yel”, “Kuyib kulgan kul” tashbihlarining hayotiy hamda estetik ma’nolarini anglashga urinish she’rxonda badiiy did va shaxslik sifatlarini qaror topdiradi. Sevgi hamma narsaga ezgu mohiyat ato qiladi. Yelishning ham, kuyishning ham sababkori muhabbat bo‘lgani bois “suyib yelgan yel” tanlarga orom baxsh etishi aks etsa, “kuyib kulgan kul” ishqdan kuyaturib kulishga kuch topgan kulni bildiradi. She’r bandlarining yakunlovchi misrasi bo‘lib kelgan “O‘ldirsang ham o‘zing o‘ldir, muhabbat!” tarzidagi xitobning asar umumiy ruhi va oshiq holatini berishdagi o‘rni alohidadir.
Shoirning “Oqshom. Oq shom. Katta bog‘” misrasi bilan boshlanadigan she’ri yengil havolarda bitilgan. O‘ynoqi ohangga ega, toza ruhdan bino bo‘lgan bu she’rda chin oshiqning kayfiyati g‘oyat jonli aks ettirilgan. O‘n beshgina so‘zdan iborat birinchi to‘rtlikning o‘zida to‘qqizta atov gap ishlatilgan. Telegraf uslubini eslatuvchi bu so‘z-gaplar yonginasidagi ma’shuqasiga qanday yondashishni bilmay elovsirayotgan oshiq holatini aks ettiradi. Azim Suyun o‘zbek sevgi lirikasiga voqeabandlik olib kirgan shoirdir. Uning eng ichkin ishqiy yoki tom manzara she’rlari ham qandaydir bir hayotiy voqeadan suvlanadi. Shoir har lahzada o‘zgaraveradigan chigal tuyg‘ular tasviridan ko‘ra ko‘proq muayyan hayotiy voqea og‘ushida harakatlanayotgan qahramonning ruhiy holatini ko‘rsatadi.
She’rda oshiqning o‘ta murakkab vaziyatdagi ruhiyati hayotiy va ta’sirchan aks ettiriladi. Katta bog‘ qo‘ynida yori bilan yolg‘iz qolgan oshiqning ma’shuqasi ko‘ngliga qanday yo‘l topishni bilmay qiynalayotgani: “Quchib olishga seni Yetmas menda jasorat, Yonginamda iymanib Tursang hamki, muhabbat” tarzida ifoda etiladi. Bu satrlarda o‘zi va suyuklisi taqdirini o‘zgartirib yuboradigan jur’atli harakat qilishni istayotgan, ammo bunga yuragi dov bermayotgan oshiq holati aks etadi. Keyingi banddagi: “Osmon chetida chaqmoq Nogoh unsiz yarq etdi” tasviri uning yorni quchoqlashiga bahona bo‘lishi go‘zal tasvirlangan. Birgina himoga mahtal suyukli chaqmoqdan qo‘rqib, oshiq quchog‘iga o‘zini otishi, yor visoliga erishgan oshiq ko‘ziga hovuzdagi suvning “Hovuz to‘la oq boda” bo‘lib ko‘rinishi tasvirida tabiiylik bor. Chunki hovuzda oynaday bo‘lib yoyilgan to‘lin oyning visoldan mast oshiq ko‘ziga ulkan piyolaga quyilgan oq boda bo‘lib ko‘rinishi ruhiy jihatdan asosli.
Azim Suyunning “Ohu” she’rida ma’shuqasida uning tuyg‘ulariga moyillik borligini bilgan oshiq holati juda samimiy ifoda etilgan. “Hayot go‘yo abadul abad. Zulumot yo‘q, bor faqat yog‘du” satrlarida yuksak baxt og‘ushidagi yigit ruhiyati aks etgan. Ko‘tarinki kayfiyat tufayli tun yog‘duga to‘lishi, qahraton sovuq harorat baxsh etishi tabiiy. She’rdagi yengil ohang shoirning: “Umr – o‘lja, bu dunyo – sayyod” shaklidagi o‘ta mahzun xulosasiga ham nekbin yorug‘lik baxsh etadi. Bu she’rdagi tamomila bir-biriga zid ma’nolar birvarakayiga aks etgan “Ham shafqatsan, hamda beshafqat. Yashamoq – bol, yashamoq – og‘u” misralari she’rxonga tiyrak fikr, o‘tkir estetik nazar beradi. Bunday nazar yordamida “shafqat”, beshafqat”, “bol”, “og‘u” kabi zid tushunchalarining lug‘aviy hamda badiiy ma’nolari tushunib yetiladi. She’rning har uch bandida takrorlanib kelgan va har bandda alohida xulosa chiqarishga asos bo‘lgan holat ifodasini topib, izohlash o‘qirmanni ma’naviy va intellektual jihatdan o‘stiradi.
Azim Suyun muqaddas tuyg‘u bo‘lmish muhabbat jo‘nida yonib kuylaydi. U ishq tuyg‘usiga o‘ta umidbaxshlik bilan yondashib, uni ne’mat hisoblaydi. Odam muhabbat tuyg‘usi tufayligina odam sanalishini, shu tuyg‘u uni yuksaltirishini tasvirlaydi. Sevgan odamning ko‘ziga olam o‘zgacha ko‘rinishi shoirning bir she’ridagi: “Oqqush kabi oy suzdi, Oqqush kabi oy suzdi. Sakraganda baliqlar, Oyning patlari to‘zdi” satrlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu satrlardagi chinakam poeziyaning nurli yog‘dulariga chulg‘angan timsollar o‘qirman ko‘nglini sururga to‘ldiradi. Shoir ko‘kdagi to‘lin oyning sezilmas harakatini suvda viqor bilan suzayotgan oqqushga o‘xshatib, uni osmondan yerga tushiradi va o‘qirmanga yaqinlashtiradi. Shunchalar yaqinlashtiradiki, kutilmaganda sakragan baliqlar oyning patlarini to‘zitib yuborgani o‘qirmanga ham ko‘ringanday bo‘ladi. Tasvir mahorati yuksakdan pastga enmaydigan oy timsolini oqqush vositasida she’rxonga yovuqlashtirgan bo‘lsa, keyingi ikki qatorda aks etgan timsollar bu tasvirni o‘qirman ruhiyatiga ko‘chirib, ko‘kka o‘rlatadi.
“Burgut mening ajdodim…”
Azim Suyun lirikasida intim shaxsiylik da’vatkor ijtimoiylik bilan, sodda hayrat donishmandlarcha hikmat bilan yonma-yon keladi. Shoirning “Ovchining o‘limi” she’rida shaxsiyatida erk va mardlik sifatlari hukmron yirik inson tuyg‘ulari aks etgan. Voqea asosiga qurilgan she’rda “O‘limdan titragan zot Titragaydir hayotda! Ularga men hamma vaqt Qarab keldim nafrat-la!”, – deydigan shaxs ruhiyatining jilvalari tasvirlangan. Qo‘rquv nimaligini bilmay umr kechirgan Qodir ovchi o‘z tirikligiga sharaf bilan nuqta qo‘ya oladigan burgutday mardona o‘la olishni orzulaydi:
Burgut degan bir qush bor
Titramaydi o‘limdan,
Dolg‘a kabi shiddatkor.
So‘nggi damin sezsa u
Qoyaga urar o‘zin.
Uning olov patlari
Havoda ketar to‘zib.
O, ular tushmas yerga,
Erda nima – boylanib,
Shu zahot uchar ko‘kda
Burgutlarga aylanib…
Burgut mening ajdodim…
Harorat bilan bitilgan ushbu satrlarda shoirning tasvir mahorati birgina “o” tovushiga ham hayrat, ham quvonch, ham hasrat singari bir ko‘p ma’nolarni yuklay olgani va ayni vaqtda ifoda mavzunligini buzmaslikka erishganida ko‘rinadi. Bu she’rda mute’larcha tirik yurishdan g‘ururli o‘limni ortiq bilgan shaxs sezimlari aks etadi. Unda ulug‘lik ulug‘likdan paydo bo‘lishi borasidagi haqiqat o‘zini qoyaga urib halok bo‘lgan burgut patlaridan burgutchalar dunyoga kelishi to‘g‘risidagi tasvirda, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Shoir she’rxonni shu tarzda yuksaklikka undaydi. Unda baland ma’naviy sifatlar bo‘lishini orzulaydi. Ifodaning beqiyos jozibasi she’rni o‘qirman xotirasiga mixlab qo‘yadi.
She’rda Qodir ovchiga muayyan darajada zid qo‘yib tasvirlangan lirik qahramonning: “Kelar-ketar bu davron, Men-chi titrayman hamon!” tarzidagi iqrorida zamondosh tuyg‘ulari aks etadi. Shoir keyingi tasvir nishonini bevosita o‘qirmanga qaratib, unga: “Siz-chi, siz ham titraysiz, Titrab, qaqshab yashaysiz! Zamon, zamon, zamonmi, Yo so‘zlarim yolg‘onmi?”- deya tikkalay xitob qiladiki, she’rning qudratli ta’sir kuchi, shaksiz, o‘qirmanni o‘z vijdoni, ichki dunyosi bilan yuzma-yuz qoldirib uning ma’naviy yuksalishga xizmat qiladi.
Azaldan yurtsuyar san’atkor Azim Suyun ijodida Vatan tushunchasi keyingi paytda bir qadar yangilandi. Shoirning oldingi she’rlarida vatan tushunchasi tug‘ilgan yoki yashayotgan makonni anglatgan bo‘lsa, egamanlikdan keyingi she’rlarida vatan jug‘rofiy anglamdan ruhiy-ma’naviy maskanga ko‘chdi. Qizig‘i shundaki, shoir she’rlarida otamakon moddiylikdan yiroqlashib, ma’naviy mohiyat kasb etishi bilan yanada konkretlashadi. Endilikda Azim Suyun uchun Vatan tashqaridagi tog‘u tosh, tuproqdan iborat moddiylik emas, balki ko‘ngildan joy olgan ma’naviy-ruhiy mohiyatdir. Shoirning vataniy lirikasi uchun Vatan, birinchi navbatda, ruhiy-ma’naviy qadriyat. Unda “yurt” “el”dan ayro tasavvur qilinmaydi. Otamakon ruhiyatga ko‘chirilgani uchun ham shoir bitiklarida quruq chaqiriq yo‘q. U otamakonni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘radi.
Azim Suyun – qismda butunni, tomchida daryoni, qatim nurda quyoshni aks ettiradigan nazarkarda shoir. Uning ijodidagi shu jihat “Ko‘pkari” she’ridagi: “Charsillar chavandozlar, Charsillaydi xaloyiq” satrlarida yaqqol ko‘rinadi. Bu tasvirlar o‘zbekning ruhiyatini aks ettirishi, vatanning belgilarini ko‘rsatishi jihatidan betakrordir. Ularda bedovlar tanasi va havoda charsillayotgan qamchilarning, qamchilardan-da qattiqroq charsillab borayotgan asablarning kardiogrammasi aks etgan.
Azim Suyunning vatansuyarlik lirikasida “Sog‘inch qo‘shig‘i” she’ri muhim o‘rin tutadi. Shoir yurtda turib, uni sog‘inayotgan kishi tuyg‘ularini ta’sirli aks ettiradi. Unda ko‘ngilga yaqin, asl sezimlarni qo‘zg‘aydigan narsalarga bo‘lgan tabiiy sog‘inchni tasvirlash orqali otamakon qadri teran ifoda etiladi. Shoirning: “Assalomu alaykum, otamdan qolgan chorbog‘, Assalomu alaykum, bobomeros yong‘oqzor. Assalomu alaykum, jonalari qorli tog‘, Tug‘ilib o‘sgan yerim, assalomu alaykum” tarzidagi xitobida kindik qoni to‘kilgan joyni astoydil sog‘inib, qo‘msab, unga chin dildan intilgan kishi ruhiyati aks etgan. Shoirning tuyg‘ularida soxtalik, o‘rinsiz ko‘tarinkilik va sun’iy ruhvorlik yo‘q. She’rdagi har bir timsol shoir shaxsiga, uning ko‘ngliga doir bo‘lganidan ifoda serbo‘yoq hamda ta’sirli: “Qirrador qoyalarning bag‘ridagi toshkulbam, Qaldirg‘och uyasiday turibsan hamon-hamon. Keng dunyoga yo‘llagan, o, suyumli bosh kulbam, Bir umr ta’zimdaman, assalomu alaykum”. Shoir samimiyati olis bolalikning osmon, cho‘qqi, burgut, kaklik, sor singari jonli-jonsiz yo‘ldoshlariga murojaatida yorqin namoyon bo‘ladi:
Bormisiz burgutlarim, oshyoningiz omonmi?
Osmonlarda nima gap, cho‘qqilarda ne gaplar?
Siz-chi, hey kakliklarim, sorlar hamon yomonmi?
Mo‘minning kuni qursin, assalomu alaykum…
Shoirning sog‘inchlari ifodasida chin insoniy mehr balqib turibdi. U go‘zal, ammo ojiz kaklikka achinadi. Lekin u burgutni ham yov deb bilmaydi. Faqat sertashvish ochunda hamisha ojizning kuni og‘irligidan ozurdajon, xolos. Yengilgina yozilgan she’rga olamiy og‘riq shu tariqa joylanadi.
Yoshlikka xos yuksak va pokiza tuyg‘ular yorqin tasvirlanadi: “O‘, mening oq bulog‘im, qani u qo‘shni qizlar, Suvga chiqishlarini men qanday poylar edim. Qayga ketdi sochilib bo‘yingizdan yulduzlar, Yulduzlar bosgan izlar, assalomu alaykum”. Ushbu ifodalar aniqligi, serqatlam va tagdor ekani bilan o‘qirmanni lol qoldiradi. O‘zbek yuzi issiq qizlarni yulduzga o‘xshatadi. Yulduz – ko‘kka mansub, unga munosib va shu bois yuksakdan joy olgan yaratiq. Buloqda osmon aks etadi. Binobarin, uning bag‘rida yulduzlar ham. Ammo buloq bo‘yidagi yulduzlar, ya’ni yoshlikdagi qizlar ko‘kdagi yulduzlardan ko‘ra yorqinroq, issiqroq, chaqnoqroq… Afsuski, endilikda ular bosgan izlar shoir ko‘ngligagina muhrlanib qolgan.
Yurt tushunchasi tilidagina bo‘lib qolmay, ko‘ngliga ko‘chib, ruhini to‘liq egallagan ijodkor nima haqda yozsa ham vatanni tasvirlayotgan bo‘lib chiqaveradi. Chunki u o‘z ichki olamini ifoda etadi. Ichki olami esa, vatanga tegishli va undan iborat. Negaki, vatan shoirning ichidadir, ichkarisidir. Azim Suyunning “Shom shafag‘i” asari ham, bunday qaraganda, vatan haqida emas, undagi bir manzara aks etgan she’r. Ammo qish chillasi qo‘ynidagi tog‘ qishlog‘i manzarasi shunday chizilganki, unda O‘zbekyurt butun jilvalari bilan namoyon bo‘ladi:
Shom shafag‘i tog‘larni quchmish,
Tun qo‘yniga kirar dala, qir.
Daralarda chirsillaydi qish,
Ko‘z tindirib yaltirar o‘ngir.
Bunda to‘xtab qolgan jilg‘alar,
To‘nib qolgan yulduzlar ko‘kda.
Shoda sirg‘a taqqan jing‘illar,
Bukchayishib turar oq yukdan.
Dilga hadik solar sukunat,
Bosib kelar qandaydir vahm.
Ko‘pdan qo‘noq qorli saltanat,
Sukutida bir sirli qahr.
Shoir g‘oyat tiniq bu prelyudiyadan so‘ng chillada masiqqan bo‘ri galasining qishloq yonidagi do‘nglikka chiqib namoyishkorona o‘yini qo‘zg‘agan dahshat tasvirini beradi. She’rda bo‘rilar chizgisi aniqlashgan sari misralar shiddati, holat dramatizmi ortib boradi: “O‘ynar-o‘ynar horib-tolgancha, So‘ng o‘yinlar joniga tegib, O‘qday ko‘zlar porlab yongancha Qaylargadir qolar sanchilib”. Kishining tani va ruhiga titroq solguvchi bu tasvirdan so‘ng shoir jo‘ngina bir axborot kabi “Go‘daklarin bosib bag‘riga Xavotirda mudraydi qishloq” degan ikki satrni keltiradiki, nazarimda, vatan timsoli ayni shu serhadik misralarda namoyon. She’r satrlarining qatidan, Vatan hamisha seni panohiga oladi va, ayni vaqtda, u doim sening himoyangga muhtoj ham degan ma’no balqib turadi.
“Men hech kim emasman O‘zimdan bo‘lak….”
Odam hayotidagi asl ma’ni o‘zlikni topishda namoyon bo‘ladi. Hayotning ayovsiz sinovlaridan qiyofasini yo‘qotmay o‘tgan, o‘zi bo‘lolgan shaxs odam atalishga loyiqdir. Chunki o‘zini topgan odamgina hayotning chin ma’nosini anglaydi. Shoirning “Men sizni sevaman” she’rining so‘nggi misrasi bo‘lgan bu qanoat Azim Suyun ijodi va shaxsining mohiyatini ifodalashi bilan diqqatga loyiqdir. Ushbu she’rda yuragiga olam va odamlar dardini joylagan shoir ahli basharga bo‘lgan muhabbati ifodalagan. Unda odamlar hayotini o‘zaro muhabbat asosida yo‘lga qo‘yish istagi, o‘zaro munosabatlarni chigallik va tushunmaslikdan xalos etish dardi aks etgan. Shoirning: “Do‘stlarim ko‘p mening Raqiblarim ham, Raqiblarim meni anglamagan do‘st!” tarzidagi iqrori bilan boshlangan she’rda o‘zgalarni tushunishga intilgan olijanob ko‘ngil egasining sezimlari tasvirlanadi. Odamlarning bir-birini tushunishi orzulab yozilgan bu she’rda tuyg‘ular samimiy bo‘lgandagina odamlararo munosabatlarda ezgulik qaror topishi mumkinligi aks etadi: “Siz yig‘lang, bir yig‘lang Daryoday toshib, Yuragingiz axir yig‘iga to‘la. O, siz meni shunda Anglaysiz shoshib, To‘lgan oy singari butun bir yo‘la. Men sizni sevaman!” – deydi shoir. Bu satrlarda mehrsizlik, o‘zgani tushunishga urinmaslik tufayli toshga aylangan yuraklar yig‘i bilan eritib yuborilsagina kishida atrofidagilarga muhabbat uyg‘onishi mumkinligi ifodalangan. Shoir odamni sevish uni anglashdan, anglash esa tinglashdan boshlanishini aytadi. Ko‘kdagi to‘lin oy butunicha idrok etilgani kabi odam ham boricha qabul qilingandagina uni anglash va sevish mumkin bo‘lishi tasvirlanadi.
Adoqsiz ziddiyatlar, sanoqsiz topishu yo‘qotishlardan iborat dunyoda o‘zligiga sobit qolib, qiyofasidan kechmagan, tikonday sanchilguvchilarni-da sevishga kuch topolgan kishigina yashashga munosib ekani ta’kidlanadi:
Topdimu yo‘qotdim,
Yo‘qotdim topdim,
Kutib oldim barin bir-bir xotirjam,
Seni sevishlarin istasang, do‘stim,
Avvalo sen sevgin tikonlarni ham.
Men sizni sevaman!
Shoir ana shu ma’naviy qoidalarni hayotiy aqida, tiriklikka asos deb biladi. U: “Qonunlar himoya qilsa bo‘rini Xabar oldim qo‘ylar – qo‘rqoqlarimdan”,- deya olishi bilan baxtiyor.
Lirik qahramon – zimmasidagi insoniy missiyani halol bajarishga urinayotgan shaxs. U katta maqsadlar, toza niyatlar bilan yashab, o‘tkinchi mayda manfaatlar iskanjasida qolmaganidan masrur: “Alhaq hayot mangu Soyamga qarab Aslo o‘lchamadim umrim mazmunin. Mangulik mangu sir, Unga yo‘q javob, Faqat saqlamog‘ing kerak qalb qo‘rin. Men sizni sevaman!” Shoir odamlarni seva olgan kishigina o‘zini odam sanashga, chinakam umr kechirdim deb hisoblashga haqli ekanini:
Quyosh botib borar
Qayda bergum jon,
Ummonmi, sahroda yoki samoda,
Menga berildi-ku
Bir buyuk imkon,
Men sizni sevoldim ushbu dunyoda
tarzida ifoda etadi. Lirik qahramon qayerda, qanday yashash va hayotining qayerda, qanday yakun topishini o‘ylashdan ko‘ra, odamlarga sevgi ulashishni muhim hisoblaydi. Zero, hayotdan ketish-ketmaslik ixtiyori odamning o‘zida emas, ammo o‘zgalarni sevish, ularga ezgulik qilish imkonidan foydalanish-foydalanmaslik uning qo‘lidadir. She’rning “Men hech kim emasman O‘zimdan bo‘lak” tarzidagi qanoat bilan yakunlanishi o‘zi bo‘lolgan kishigina ezguliklarga qodir shaxsdir degan qarash ifodasidir.
Xalq ruhini, tilini, qadriyatlarini chuqur tuyadigan va aks ettira biladigan shoir Azim Suyun bu yil yetmish yoshga kirdi. Oqsoqollar qatoriga kirayotgan shoirimiz yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida go‘zal bir poetik chamanzorda iforli chechaklar undirdi. O‘ylaymizki, bu gulzor badiiy tarovati bilan Sizning ko‘nglingizga ezgulik olib kiradi. O‘zligiga sobit shoirning samimiy bitiklari siznida o‘zingizu ko‘nglingizga yovuqlashtiradi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 1-son