Nusratulla Jumaxo‘ja. “Muruvvat barcha bermakdur…”

Alisher Navoiy

Keyingi yillarda Alisher Navoiyning ijodiyoti, shaxsiyati, dunyoqarashini o‘rganish yuzasidan anchagina ilmiy yangiliklar yuzaga keldi. Biz ularni bir necha tadqiqot asosida tahlil etib, adabiy ta’lim va badiiy adabiyotga tatbiqi to‘g‘risida fikr yuritmoqchimiz.

Filologiya fanlari doktori, Termiz Davlat universiteti professori Ahmad Abdullayev keyingi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligi ilmiga juda ajoyib kitoblar hadya etmoqda. 2009 yili uning “Tasavvuf va uning namoyandalari” risolasidan bahramand bo‘lgan edik. Komil inson haqidagi ta’limot bo‘lmish tasavvuf haqida ayrim olimlarimiz shu qadar mavhum, murakkab yozishadiki, uni o‘qib tushunish qiyin. O‘zbekistonda tasavvuf to‘g‘risidagi dastlabki sodda, tushunarli, mag‘zi to‘q kitoblar professor N.Komilov tomonidan yaratilgan. Ulardan keyin o‘zbek tilida tasavvuf to‘g‘risidagi eng ravshanbayon kitob A.Abdullayev tomonidan yozildi. Uning kitoblarida eng murakkab tasavvufiy tushunchalar ham shu qadar oddiy va aniq tushuntiriladiki, ulardan oddiy kitobxonlar ham, mutaxassislar ham bemalol bahra topishlari mumkin. Ma’lumki, uslubdagi ravonlik va aniqlik fikrning pishib yetilganidan, mustaqilligidan hamda tiniqligidan kelib chiqadi. Nazarimizda, tasavvuf va adabiyot to‘g‘risida xuddi shunday yozgan ma’qul.

Olimning 2011 yili chop etilgan “Navoiy haqida yigirma ikki maqola” kitobi ham ko‘p yillik ilmiy kuzatishlar, birlamchi manbalar ustida ishlash, chuqur tahlil mevasidir. Muallif kitobdagi yigirma ikki maqolaning har birida Navoiy to‘g‘risida biror ilmiy yangilik aytishga muvaffaq bo‘lgan. Navoiyshunoslikda ulug‘ mutafakkirning shaxsiyati, oilaviy hayoti, farzandlari hammani qiziqtiradigan, ayni paytda, yetarli yoritilmagan muammodir. Kitobdagi “Navoiy farzandlari” maqolasi shu jihatdan diqqatga sazovor. Maqola buyuk shoirning hayotda oddiy bir inson va mehribon ota bo‘lganligi haqidagi samimiy so‘zlar bilan boshlanadi: “Biz bilamizki, hazrat Navoiy uylanmagan edi va tabiiyki, uning farzandlari ham bo‘lmagan. Ammo u bolalarni juda yaxshi ko‘rgan va farzand ishtiyoqida yashagan. Bu shavq va havas shu darajada bo‘lganki, o‘zgalar farzandini farzand bilib, ularga otalarcha mehr-muhabbat ko‘rsatgan. Bunday farzandlar esa ulug‘ shoirda ko‘p bo‘lgan…” Keyingi yillargacha navoiyshunoslikda Navoiy asrab tarbiyalagan bir yigit to‘g‘risida ma’lumot bor edi, xolos. A.Abdullayev Navoiyning “farzandlarim” deb o‘zi e’tirof etgan, tarbiya bergan uch farzandi haqida fikr yuritadi. Har biri haqida Navoiyning o‘z e’tirofini keltiradi.

Birinchisi ilmda e’tirof etib kelingan Mir Ibrohim bo‘lib, Navoiyning u haqdagi shunday ta’rifi “Majolis un-nafois”dan keltiriladi: “Sulton Husaynning o‘g‘lidur va faqirning og‘asining nabirasidur. Faqir oni o‘g‘ilchilay asrabmen”. Bundan anglashiladiki, Mir Ibrohim Navoiyga mutlaq begona emas, balki unga yaqin kishilarning zurriyodi bo‘lgan. Navoiyning og‘asi Shayx Bahlulbek bo‘lib, uning o‘g‘li Sulton Husayn Xotamiyning farzandi Mir Ibrohimdir. Navoiyning “o‘g‘ilchilay” so‘zi ilmiy adabiyotlarda “o‘g‘ilchaday” deya talqin etiladi. Bizningcha, bu so‘zni sal boshqacharoq tushunish lozim. Xalqimiz, odatda, besh yoshlardan o‘smir yoshigacha bo‘lgan bolalarni “o‘g‘ilcha” deb ataydi. Navoiy “o‘g‘ilchilay asrabmen” iborasini ishlatganda, o‘g‘ilchaligidan – bolaligidan asrab tarbiyalaganman demoqchi bo‘lgan.

Navoiyning ikkinchi farzandi Hoji Muhammad ismli yigit bo‘lib, u haqda shoirning shunday e’tirofi beriladi: “Mashhaddindur, ko‘proq avqot bu faqir bila musohibdur va farzand o‘rnig‘adur, balki andin ham azizroq”. Hoji Muhammad Navoiyning iste’dodli, sadoqatli va mehr-oqibatli shogirdi bo‘lib, uning tavsiflangan fazilatlari shoirda otalik tuyg‘ularini uyg‘otganligi izohlanadi.

Shoirning uchinchi asrab olgan farzandi Mir Haydar bo‘lib, u haqda Navoiyning shunday e’tirofi zikr etiladi: “Sabuhiy taxallus qilur. Ota otadin bu dargohning boyrisi, balki tug‘masidur. Bu faqirg‘a shiddati qarobatdin farzandlig‘ nisbati bor”. Sabuhiy taxallusi bilan she’rlar yozgan bu yigit ham Navoiyning o‘z qarindoshlaridan, aniqrog‘i, jiyani bo‘lib, uning avlod-ajdodlari ulug‘ shoir dargohining sadoqatli farzandlari bo‘lganlar. Albatta, Navoiy keyingi yigitlarni Mir Ibrohimdek farzand sifatida asrab o‘stirmagan, farzandim deb takalluf yuzasidan aytgan bo‘lishi ham mumkin. Navoiyning nazari tushgan va uning tarbiyatida kamol topgan bunday yoshlar ko‘p bo‘lgan.

Navoiyshunoslikdagi chigal muammolardan biri shoirning nima sababdan uylanmaganligi bo‘lib, u olimlar tomonidan turlicha talqin etib kelinmoqda. Professor A.Abdullayevning qat’iy iqror etishicha: “Uylanish va ayol zotiga intilishni uning maslagi, mafkurasi va tariqati ko‘tarolmasdi va u umr bo‘yi yolg‘izlikda, ammo Alloh hamrohligida yashadi. So‘fiyona poklik va Alloh do‘stligi shoirni(ng) uylanishini man’ etib, uning jismu joniga huzuru halovat va nuru ziyo baxsh etdi. Ulug‘ shoir Alloh sifatlarini kasb etib, komil inson bo‘lib, bir umr Uning o‘zi kabi fardu mujarrad (tanho va yolg‘iz) o‘tdi”. Olim ushbu xulosasini XIII asr mutasavvufi Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” asaridagi “vahdat yo‘liga g‘ov bo‘lgan to‘rt to‘siqdan bittasi “oila (xotin)ga bog‘lanish” ekanligi” fikri bilan asoslaydi. Uningcha, Navoiy vujudini pok saqlash va vahdatga erishish uchun “nafsi ammora” bilan kurashib, uni tor-mor qilishga muvaffaq bo‘lgan”. “Nafsi shahvoniyni qahramonlarcha mag‘lub etgan”. Olim Navoiyning uylanmasligi sababi jismoniy asosga emas, balki g‘oyaviy, mafkuraviy, axloqiy asosga egaligini ilmiy jihatdan to‘g‘ri yoritib bergan.

Navoiyshunos olim Qodirjon Ergashevning “O‘zbek nasrida insho” risolasi diqqatga sazovor tadqiqotlardan biri bo‘ldi. Unda mavzu Alisher Navoiyning “Munshaot” asari asosida yoritilgan. Tadqiqotning 1-bobida inshoning Sharq adabiyotida tutgan o‘rni oydinlashtirilgan. Hozirgi zamonda insho deganda faqat ta’lim tizimida yozdiriladigan yozma ish turi tushuniladi. Qadim Sharqda esa inshoning ma’no miqyoslari keng bo‘lgan. O‘zbek mumtoz adabiyotidagi maktublarni, xususan, Jomiy va Navoiylarning munshaotlarini o‘rganish boshlanganidan keyin, zamondoshlarimiz inshoning maktub-xat ma’nosini o‘zlashtirdilar. Risoladan inshoning boshqa, biz bilmagan turlari va lug‘aviy ma’nosi haqida quyidagi singari yangi ma’lumot olish mumkin: “… “insho” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “yaratish”, “ijod qilish” demakdir. Insho atamasi ham ancha keng ma’noda qo‘llanar, yolg‘iz maktublarni bildirmay, boshqa rasmiy yozishmalar, xon, sultonlarning farmon va yorliqlari, turli davlat hujjatlarini ham anglatar edi”(6-7-bet). Qadimiy qabr toshlaridagi bitiklar va hukmdorlarning g‘alabalarini e’lon etuvchi fathnomalar ham insho deb yuritilgan. Davlat devonlaridagi mirzo va kotiblarning mansab nomlari “munshiy” deb atalgan. Munshiylar jamoasining boshlig‘i, ya’ni bosh munshiy “sarmunshiy” deb nomlangan. Xullas, munshiy insho san’atini yuksak darajada o‘zlashtirgan va u bilan mashg‘ul maxsus xizmat vazifasiga ega kasb egalarini ham anglatgan. Insho yozma nutq madaniyati va og‘zaki notiqlik san’ati yuksak darajada shakllangan shaxslarda kamol topgan. “Falon kishining inshosi bilan bitilgan”, “inshosi yaxshi”, “inshosi mashhur” iborasi sayqaldor yozma uslubni ifodalagan. Bu holda insho fikr, mazmunni ravon, ravshan, tushunarli, chiroyli bayon etishni anglatgan. Muallifning ta’kidlashicha, Sharqda “Yaxshi insho har qanday asarni bezaydi, deb hisoblangan”(11-bet). Insho san’ati ustalaridan shoir va yozuvchilar, diplomatlar, davlat arboblari, donishmandlar yetishib chiqqan.

Sharqda insho diplomatik nutq mohiyatiga ham ega bo‘lgan. Sharqona diplomatiya esa, tabiiyki, sirli, sehrli ifodani, donishmandlarcha ehtiyotkorlikni taqozo etgan. Q.Ergashev ta’biri bilan aytganda: “San’atlar, badiiy vositalardan imkoni boricha foydalanish rasmiy insholar uchun ham, shaxsiy yozishmalar uchun ham birdek xos edi. Bu tamoyilning kuchayib borishi natijasida insholarning uslubi murakkablashib borgan. Maktub muallifining maqsadi ham ko‘pincha pardali iboralar, ramzu ishoralar orqali izhor qilingan. Aksar hollarda inshoning nima munosabat bilan yozilganligini ham aniqlash qiyin bo‘lib qolgan. O‘sha davrda insho qancha tushunarsiz bo‘lsa, shuncha yaxshi, degan qarash ham bo‘lgan” (24-bet). Qizig‘i shundaki, Q.Ergashev hamfikr bo‘lgan ulug‘ sharqshunos olim – Adam Mets: “Umuman, ritorik aksessuarlar maktub maqsadini shunchalik pardalab qo‘yadiki, uni aniqlash uchun ancha zahmat chekishga to‘g‘ri keladi” desa, Ye.E.Bertels: “Aniq-ravshanlikni davr uslubi talab qilmas edi – maktub anchayin tushunarsiz bo‘lishi mumkin edi, u effektli nutq oborotlarini o‘z ichiga olsa, kifoya edi”, – deb yozgan.

Shu paytgacha Navoiy maktublarini o‘rgangan olimlar S.G‘aniyeva va Yu.Tursunov insholarni mazmuni hamda uslubiga ko‘ra zamonaviy tasnif etgan edilar. Q.Ergashev esa ularni o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra – murofiya, murosala va riqo’ yo‘sinida bitilgan xatlar tarzida tarixiy tasnif etib o‘rgangan.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida navoiyshunoslikda Navoiyga noqobillik qilgan farzand Mir Ibrohim degan fikr e’tirof etilgan edi. Bu fikr besh tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqotida aks etgan va hanuzgacha o‘z kuchida turgan edi. Q.Ergashev Navoiy maktublarini boshqa tarixiy manbalar bilan qiyoslab, sinchiklab o‘rganar ekan, uning tarjimai holiga oid misqol-misqol yangiliklar topadi va mushfiq shoirning “noqobil farzand”i boshqa kishi ekanligini aniqlaydi. Bu haqda olim: “Shohquli ismli g‘ijjakchi haqidagi ma’lumotni o‘qib, men mazkur maktub shu odamga yozilgan, olimlarimiz kimligini aniqlamoqchi bo‘lgan “noqobil farzand” shu kishi, degan xulosaga keldim”, deydi va Xondamirning Shohquli haqidagi ma’lumotini keltiradi. Q.Ergashevning bu kamtarona tuzatishi yirik navoiyshunos olimlarimiz tomonidan qabul qilindi.

Shunday qilib, Navoiy tarbiyatida kamol topgan va navoiyshunoslik tan olgan farzandlar soni to‘rttaga yetdi.

Navoiy o‘z nazariy qarashlari, amaliy faoliyati va shaxsiy turmush tarzida o‘zigacha bo‘lgan tasavvuf tariqatlarining eng yaxshi xususiyatlarini sintezlashtirgan. Masalan, u javonmardlik (futuvvat) tariqati nuqtai nazaridan olijanob javonmard va fatiy bir zot bo‘lgan. U mashhur fardi:

Muruvvat barcha bermakdur, yemak yo‘q,
Futuvvat barcha qilmakdur, demak yo‘q, –  

dagi insonparvar va xalqparvar g‘oyaga, avvalo, o‘zi amal qilgan. Juda ko‘p tarixiy manbalar va tadqiqotlarda, xususan, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” nomli yangi monografiyasida haqqoniy yoritilganidek: “Alisher Navoiyning xayriya amallari, bunyodkorlik faoliyati, ulamo va fuzaloga ko‘rsatgan behad muruvvatlari, faqiru g‘ariblarga pushtipanohligi haqida o‘z zamonasidan hozirgi davrgacha beto‘xtov gapirib kelinmoqda. U qurdirgan Xalosiya xonaqosida har kuni mingdan ortiq faqir va miskinlar ziyofat qilinib, laziz taomlar bilan to‘ydirilgan. Har yili muhtojlarga ikki mingga yaqin po‘stin, bosma chakmon, ko‘ylak-ishton, toqiya va kafsh ulashilgan. Mashhadda Imom Rizo bog‘ida Dor ul-huffoz qurdirib, yonida har kuni muhtoj, zaif va yetimlarga ovqat berish uchun maxsus uy soldirgan…(Axir, bu yassaviyadagi: “Oqil ersang, g‘ariblarni ko‘nglin ovla, Mustafodek elni kezib yetim kovla” ta’limotining naqd amaliy ifodasi-ku! – N.J.) Davlatshoh o‘n ikkita inshoot haqida gapirib o‘tsa, Xondamir yuzdan ziyodroq xayriya bino va inshootlarini, shu jumladan, hovuz va ko‘priklarni sanab o‘tadi. Faxriy Hirotiy “Amir Alisher 370 xayriya binosini qurgan” deb umumiy tarzda hisob qilsa, Som mirzo bu songa aniqlik kiritib, “uch yuz yetmishtadan to‘qsontasi rabotlardir” deydi”. Yanada qizig‘i shundaki, mazkur tadqiqotda ta’kidlanishicha, tarixchilar buyuk amirning shaxsiy hayoti va amaliy faoliyati bilan bog‘liq ko‘p ibratli ishlarni Navoiyning o‘z topshirig‘i va ra’yiga qarab oshkor etmaganlar. Ana muruvvatu, mana futuvvat! Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda Alisher Navoiy ijodiyoti, shaxsiyati va dunyoqarashini o‘rganish yuzasidan maydonga kelgan yangiliklar Navoiy adabiy siymosini birmuncha yangicha tasavvur va tasvir etishga asos beradi. Biroq, hamon keng xalq ommasi tasavvurida Navoiyning adabiy siymosi “Alisher Navoiy” dramasi va badiiy filmidagi darajada turibdi. Ilmiy tadqiqot natijalari o‘z hayotiy tatbiqini kutmoqda. Ilmdagi yangiliklarni badiiy adabiyotga olib kirish va ulug‘ mutafakkirning yangicha adabiy siymosini jonlantirish fursati yetdi, nazarimizda. Bu soha yozuvchi va dramaturglarimizning yangi ijodiy izlanishlariga muhtoj bo‘lib qolmoqda. Ayni vaziyada yuqori saviyali badiiy, ilmiy asarlar yaratish, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga tadbiq etish bugunning dolzarb masalalaridan biridir.

Nusratulla Jumaxo‘ja, filologiya fanlari doktori

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son