Fors adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Xoja Hofiz Sheroziy (1326-1389) nomi va ijodi o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Uning otashin g‘azallari turli yillarda A.Avloniy, Xurshid, Chustiy, Muinzoda, Vasfiy, Sh.Shomuhamedov, E.Vohidov, J.Jabborov, J.Quvnoq, M.Kenjabek singari olim va shoirlar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Sho‘ro zamoniga qadar Turonzamindagi barcha madrasalarda Navoiy she’riyati bilan birga forsiy tilda ijod qilgan mumtoz shoirlarning asarlari ham puxta o‘rganilgan. Har bir ziyoli uch tilni — o‘zbek, fors va arab tilini mukammal bilgan. Fors she’riyatining eng yaxshi namunalari, shu jumladan, Hofiz g‘azallari ham sevib mutolaa qilingan.
Tabiiyki, sohibqiron Amir Temur Shahrisabz madrasalarida ta’lim olgan yillari Hofiz ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Ayniqsa, uning “Agar on turki Sherozi ba dast orad dili moro, ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo” (“Agar ko‘nglimni rom etsa o‘shal Sheroz jononi, qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni”) deb boshlanadigan g‘azali ko‘pchilik orasida mashhur bo‘lib, turli davralarda tez-tez tilga olinardi.
Shu sababli 1387 yili muzaffar yurishlari natijasida Sherozga borgan Sohibqiron shaharning mashhur shaxslari qatori Hofiz Sheroziyni ham suhbatga chaqirishni buyuradi. Bu paytda shoir ancha keksayib, moddiy jihatdan ham qiynalib qolgan ekan. Uni bukchaygan va yupun kiyingan holda Sohibqiron huzuriga olib keladilar. Shunda Amir Temur unga hazillashib: “Men butun dunyo boyligini sarflab, Samarqand va Buxoroni obod qilsamu sen ularni bir go‘zalning qora xoliga berib yubormoqchimisan?” deydi. Hozirjavob shoir: “Ana shu saxiyligim tufayli hozirgi ahvolga kelib qoldim-da”, deb javob beradi. Bundan zavqlangan Sohibqiron shoirni katta sovg‘a-salomlar bilan kuzatib qo‘yadi…
Samarqand va Buxoro tilga olingan o‘sha mashhur g‘azal tarjimasida “turki Sherozi” jumlasi o‘zbek tiliga “Sheroz jononi” deb o‘girilgan. To‘g‘ri, “turk” so‘zining bir ma’nosi “go‘zal” demakdir. Ammo matla’da gap aniq turk go‘zali haqida ketmoqda. Chunki keyingi satrdagi Samarqand va Buxoro shaharlari nomi bejiz keltirilmagan. Ya’ni shoir turk go‘zalining qora xoliga ikki ulug‘ shaharni hadya qilmoqchi.
Shoir bir ruboiysida shunday yozadi:
Ne qissai on sham’i Chigil bitvon guft,
Ne holi dili so‘xtadil bitvon guft.
G‘am dar dili tangi man az on ast, ki nest
Yak do‘st, ki bo o‘ g‘ami dil bitvon guft.
Mazmuni: Bu Chigil sha’mi qissasini aytolmayman, kuygan dilim holini ham bayon qilolmayman. Dilimdagi g‘amlarimning sababi shuki, dil g‘amini izhor qiladigan biror do‘st yo‘q.
Ma’lumki, turkiy Chigil qabilasi Sharqiy Turkiston hududida yashagan. Bu qabila vakillari o‘zlarining go‘zalliklari bilan shuhrat topgan. Mumtoz adabiyotda “chigil” so‘zi turkiylarga xos go‘zallikni bildiradi. Bu ruboiyda shoir o‘zining hamdardi va sirdoshi ketib qolganligidan, dilidagi dardlarini aytadigan biror do‘sti yo‘qligidan noliydi. Boshqa bir g‘azalida ham o‘sha “Chigil sha’mi” hajrida yonganligini e’tirof etarkan, endi aniq tarzda uning samarqandlik ekanligini aytadi.
So‘xtam dar chohi sabr az bahri on sham’i Chigil,
Shohi turkon forig‘ ast az holi mo, ku Rustame?..
Xez, to xotir bad-on turki Samarqandi dihem,
K-az nasimash: “Bo‘i jo‘e Mo‘liyon oyad hame”.
Mazmuni: O‘sha Chigil sha’mi hajrida sabr chohida qolib, kuydim. Turklar shohi holimizdan bexabardir, Rustam qayerda?(Firdavsiyning “Shohnoma”sidagi voqealar esga olinmoqda — N.M.). O‘rningdan tur, samarqandlik turkni xotirlaylik, uning shabadasidan “Mo‘liyon arig‘ining ifori keladi”(Rudakiy misrasi).
Bu satrlar shoirning forsiy va turkiy adabiy merosni puxta egallagani, garchi kelmagan bo‘lsa ham Movarounnahr shaharlarini yaxshi bilganidan dalolatdir.
Devondagi bir soqiynomada shoir foniy dunyoning o‘tkinchiligi haqida mushohada yuritar ekan, afsonaviy hukmdor Afrosiyob va lashkarboshilarni yodga oladi. Asar mazmuni quyidagicha:
Bu xarob jahon Afrosiyobning ayvonini ko‘rgan manzildir. Lashkarboshi Pironning o‘y-fikrlari qayda qoldi? U xanjarkash turk Sheda qayerda? Ularning ayvonu qasrlari yer bilan yakson bo‘ldi, odamlar ularning daxmalari qayerda ekanini ham bilmaydi…Toju ganjli Jamshed qanday yaxshi aytganki, bu muvaqqat saroy bir dona arpaga ham arzimaydi.
U “xanjarkash turk” deganda G‘arbiy turk hoqonligi hukmdori Sheguy hoqonni (milodiy 610—618-yillar) nazarda tutadi. Chunki u Sosoniylar ustidan yirik g‘alabaga erishgan edi.
Mumtoz o‘zbek she’riyati namoyandalari uchun Hofiz she’riyati o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lgan. Sayfi Saroyi, Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Amiriy, Munis, Ogahiy singari turli davrlarda va turli mintaqalarda yashab ijod qilgan o‘zbek shoirlari Hofiz she’riyatini o‘zlariga namuna deb bilganlar. Jumladan, Alisher Navoiy Hofiz g‘azallarini nihoyatda sevgan, ularni doimo mutolaa qilgan va shoirning badiiy mahoratiga yuksak baho bergan. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Hofiz haqidagi shunday ta’rifni o‘qiymiz: “Alar (Hofiz Sheroziy) lison ul-g‘ayb va tarjumon ul-asrordirlar. Baso asrori g‘aybiya va maoniyi haqiqiyyaki, surat kisvatida va majoz libosida ado qilibdurlar”. Ya’ni Navoiy Hofizni ilohiy sirlar tarjimoni, ilohiy ishqni dunyoviy ishq ko‘rinishida (haqiqat ma’nilarini majoz libosida) bayon etgan shoir, deb hisoblaydi.
“Devoni Foniy”da Hofiz g‘azallariga tatabbu(nazira)lar bor. Naziralardan biri o‘sha Samarqand va Buxoro tilga olingan mashhur g‘azalga yozilgan. Uning matla’i quyidagicha:
Gar on turki xitoyi no‘sh sozad jomi sahboro,
Naxust orad sui mo turktozu qatlu yag‘moro.
Tarjimasi:
Agar ul Chinli turk sipqorsa alvon rangli minoni,
U avval boshlagay bizdan azobu qatlu yag‘moni.
(Tarjima bizniki — N.M.)
Yaqinda Qashqadaryoda bo‘lganimda do‘stlarimdan biri Qarshi rayonida Sheroziyning qabri borligini aytib qoldi. Albatta, bu menda katta qiziqish uyg‘otdi. Tezda o‘sha joyga bordik. Beshkent yaqinida Nukrobod degan qishloq bor ekan. Qishloq oqsoqollarining aytishicha, bu nom ilgari Ruknobod bo‘lgan va keyinchalik talaffuzda o‘zgarib ketgan. Hofiz g‘azallarida kuylangan Ruknobod arig‘i vasfini eslang:
Bideh, soqi, mayi boqi, ki dar jannat naxohi yoft
Kanori obi Ruknobodu gulgashti Musalloro.
Mazmuni: Ey soqiy, boqiylik mayini keltir, Ruknobod suvi qirg‘oqlari va Musallodagidek gul sayrini jannatda ham topolmaysan.
Qishloqda ilgari shu nomda ariq ham bo‘lgan ekan. Eng muhimi, bu yerda kichikroq masjid va Sheroziyning qabri ham bor. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hofiz Movarounnahrga kelmagan va Sherozdagi o‘zi sevgan Musallo bog‘ida dafn etilgan. Keyinchalik temuriyzoda Abulqosim Bobur shoir qabrini obod qilgan. Hozirgi paytda Hofiziya deb ataladigan mazkur bog‘ va undagi shoir maqbarasi katta ziyoratgohga aylangan. Nukrobod qishlog‘idagi esa shoir muxlislari tomonidan yasalgan ramziy qabr bo‘lishi mumkin, ehtimol, asli sherozlik boshqa bir shaxsning qabridir. Bu qishloq nomi va mavjud qabr xalqimizning shoir ijodiga beg‘araz mehri ramzi desak, xato bo‘lmaydi. Umuman, Sheroz bilan Nasaf vohasi o‘rtasidagi bordi-keldilar qadimda uzilmagan. Yakkabog‘ tumanidagi Sherozi qishlog‘i ham bejiz bu nom bilan atalmagan bo‘lsa kerak.
Hofiz Sheroziy o‘z davridayoq katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan. Uni bir qator podshohlar o‘z saroylariga taklif etganlar. Rivoyatlarga ko‘ra, Sohibqiron ham shoirni o‘zi vasf etgan Samarqand va Buxoroni kelib ko‘rishga taklif qilgan. Ammo shoir keksaligi va uzoq safarni ko‘tarolmasligini aytib, uzr so‘ragan. Sherozda u Qur’on tilovat qilish va xattotlik bilan kun kechirgan. Chunki u shoirlikdan tashqari Qur’oni karimni 14 usulda qiroat bilan o‘qiydigan qori (Hofiz taxallusi ham bejiz emas) va chiroyli husnixat sohibi edi. Amir Xusrav Dehlaviyning Hofiz qo‘li bilan ko‘chirilgan ikki dostoni bugungi kunda O‘zbekiston Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanmoqda.
Amir Temur bilan Hofiz Sheroziy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tarixiy muloqotga keladigan bo‘lsak, bu Sohibqironning adolatpeshaligi, adabiyot va ilm ahlini qanchalar ulug‘laganini ko‘rsatuvchi yorqin bir misoldir. Shu sababli mazkur voqea solnomachilar e’tiboridan chetda qolmagan va tarix zarvaraqlariga muhrlangan.
Hofiz ijodi hamma davrlar uchun qimmatli, hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan bebaho ma’naviy xazinadir. Shu tufayli uning asarlari dunyo xalqlarining yuzlab tillarda qayta-qayta nashr etilmoqda. Yevropada ilk bor 1812 yilda shoir devoni Yozef Fon Hammer tomonidan nemis tiliga o‘girilgan edi. Shundan keyin u ko‘plab Yevropa tillariga tarjima qilindi. Ko‘pgina g‘arblik shoirlar Hofizga naziralar yozdilar. Gyotening “G‘arbu Sharq devoni” ham ana shu ijodiy ta’sir tufayli dunyoga kelgan edi.
O‘zbekistonda ham Hofiz Sheroziy asarlari bir necha bor nashr etilgan. Yaqinda ulug‘ shoir devoni Respublika baynalmilal madaniyat markazi, Tojik milliy madaniy markazi yordamida kirill alifbosida asliyat tilida chop etildi. Sovg‘abop tarzda nashr etilgan kitob ulug‘ shoir muxlislariga ajoyib sovg‘a bo‘ldi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 14-son