Nilufar Sultonova. Adabiyotda modifikatsiya jarayoni

“Modifikatsiya” lotincha so‘z bo‘lib, modus – mezon, ko‘rinish, obraz, ko‘chma xususiyat va fasio – qilmoq, amalga oshirmoq, qayta barpo qilish, yangi xususiyat kasb etish bilan shaklning o‘zgartirilishi ma’nosini bildiradi. Modifikatsiya tushunchasining asosida faylasuf Spinozaning mashhur substantsiya va modus haqidagi umumfalsafiy qarashlari yotadi. “Falsafiy lug‘at”da ko‘rsatilishicha: “Modus – o‘lchov, mezon, usul, yo‘l, tariqa, tarz” degan ma’nolarni bildiradi. Predmetning muayyan holatidagi xususiyatini ifodalaydi. Spinozaga ko‘ra, modus substantsiyaning barcha o‘tkinchi (ko‘chuvchi) holatlarini ifodalovchi vosita hisoblanadi. Uning borligi o‘ziga emas, substantsiya va uning xossasiga bog‘liq. Modusda o‘zining paydo bo‘lishini yagona, abadiy, chegarasiz moddiy substantsiyada topadigan narsalarning abadiy ko‘payuvchanligi va ko‘chuvchanlik sifati aks etadi.

Demak, modus o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Bu esa o‘z navbatida moddiy va ma’naviy jarayonlardagi doimiy o‘zgarishlar natijasida yangi modellarning paydo bo‘lishini ta’min etadi. Modifikatsiya hodisasi o‘z-o‘zidan adabiy-badiiy va tarixiy jarayonlarda ham aks etadi. Butun holatda mavjud bo‘lgan janrlardan, masalan, xalq qahramonlik eposidan boshqa epik janrlarning shakllanishi, o‘zgargan shaklda qayta tug‘ilishi qator tadqiqotlarda qayd etilgan.

M.A.Alekseevaning “B.Pasternakning 1910-yillar ijodida XIX asr­ poetik mifologemalar modifikatsiyasi” nomli tadqiqotida modifikatsiya hodisasi badiiy an’analarning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lishi aytiladi. Olima bu haqda: “An’anaga munosabat manfiy va musbat; anglangan va anglanmagan bo‘lishi mumkin… Shoir xaos bilan kurash olib borib, olamga uyg‘unlik (garmoniya) tuhfa etadi. Bu – madaniyatlar uchun umumiy bo‘lgan, bir butun, turli shakllariga ko‘ra farqlanadigan mifologema”, degan fikrni ilgari suradi. B.Pasternak she’riyatidagi qator mifologemalarning badiiy modifikatsiyalashuv jarayonlari haqida so‘z yuritar ekan, olima ularni M.Yu.Lermontov, Ye.A.Baratыnskiy, F.I.Tyutchevlar she’riyatidagi mifologemalar bilan qiyoslaydi va modifikatsiya jarayoni mavjud adabiy an’analarning o‘zgacha shakl hosil qilishi ekanini nazariy jihatdan isbotlaydi.

M.Alekseevaning quyidagi xulosasi badiiy modifikatsiya haqidagi fikrlarimizni yanada ravshanlashtiradi: “1910-yillar ijodida o‘zlash­tirilgan mifologemalar B.Pasternakning dinamik uslubi bilan modifikatsiyaga uchraydi. Uning poetik tizimiga chirmashib XX asrning murakkablashgan, dialogiklashgan tafakkur tarzini yuzaga chiqaradi”.

Demak, badiiy komponentlarning modifikatsiyaga uchrashi bevosita muayyan badiiy an’analar bilan bog‘liq. Davrning adabiy ehtiyojlari, muallifning ijodiy darajasi, badiiy laboratoriyasi, g‘oyaviy maqsadiga ko‘ra modifikatsiya turli poetik komponentlar kesimida namoyon bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bu jarayon keng ko‘lamda yuzaga chiqishi, bir emas, bir nechta badiiy komponentlar doirasida yuz berishi ham ehtimoldan holi emas.

Yana bir rus olimi A.Borovning fikricha, adabiy ta’sirning modifikatsion ko‘rinishi yirik plandagi ulkan polotnolar shaklida emas, badiiy talqinning ichki spetsifik qatlamlarida ro‘y beradi. Modifikatsiyaning sinkretiklashuv, sintezlashuv va adabiy ta’sirning boshqa shakllaridan farqlanuvchi ichki qonuniyatlari uning sof poetik, psixologik, ijodkor laboratoriyasiga xoslik jihatlari shunda namoyon bo‘ladi. Ijodkorning o‘ziga yondosh (masalan, rus) adabiyotining muayyan davri, muayyan poetik usullari, badiiy uslublariga nisbatan sof ijodiy-individual yondashuvi modifikatsiya jarayonining boshlanishiga turtki bo‘ladi. “Ijodkorning shaxsiy erkinligi shunday absolyut tayanch nuqtaki, uning yordamida, shak-shubhasiz, dunyoni o‘zgartirish mumkin”, deb yozadi olima.

Ayni paytda modifikatsion jarayonlarning yuz berishi uchun jamiyat hayotidagi ijtimoiy hodisalar, siyosiy, iqtisodiy, psixologik o‘zgarishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kabardin shoiri A.Keshkovning 1960-yillardagi ijodi haqida fikr yuritar ekan, A.Borova barcha sobiq ittifoq respublikalari uchun xarakterli bo‘lgan “iliqlashuv”(ottepel) davriga alohida urg‘u beradi. Nisbiy erkinlik davrida barcha sovet yozuvchi-shoirlari, dramaturglari ikki lagerga bo‘lingani, biri sotsrealizmni mohiyatiga ko‘ra chuqurlashtirish, ikkinchi toifa shaxsiy erkinlik va erkin ijod kontseptsiyasini yoqlab chiqqanlarini, A.Keshkov ikkinchi yo‘lni tanlab to‘g‘ri qilganini alohida ta’kidlaydi. Mana shunday to‘g‘ri tanlov A.Keshkov ijodida rus “kumush asr” she’riyati an’analari bilan kabardin xalqi badiiy tafakkurining o‘z individual badiiy dunyosida ijodiy modifikatsiyalashga olib kelganini ijobiy hodisa sifatida baholaydi.

Bundan kelib chiqadiki, milliy adabiyotlarga xos modifikatsiya jarayonlari har qanday ijtimoiy sharoitda dinamik tarzda ro‘y berishi mumkin. To‘laqonli badiiy modifikatsiya uchun bu o‘rinda uch omilning bir butun harakatga kelishi muhim: jahon yoki torroq miqyosdagi adabiy an’analar, milliy til va adabiyot, xususan, ijodkorning individual ijodiy shaxsiyati, badiiy g‘oyasi.

J.A.Burtsevaning “Janr shakllari modifikatsiyasi” nomli tadqiqotida zamonaviy nasr, uning yangilanishida modifikatsiya hodisasining o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritiladi. Bunda olima janrlararo modifikatsiyada muallifning individual yondashuvini asosiy mezon qilib oladi. Janr tartiblarining o‘zgarishi va  qat’iy tartibga solinmagan janrlarning maydonga kelishida muallif individualligiga alohida urg‘u beradi. Rus tilida ijod qiladigan yoqut yozuvchilari ijodida xalqona rivoyatlarning janr o‘zgartiruvchilik rolini tahliliy ko‘rsatiladi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, demak, folklor ham zamonaviy adabiyotdagi janrlar modifikatsiyasiga omil bo‘lishi mumkin. Rivoyatlar esa epik tafakkurning yangilanishi, asar uslubi, obrazlar modifikatsiyasini faol ta’minlovchi vazifasini o‘taydi.

G.Binovaning “Eng yangi rus nasrida janr modifikatsiyasi” nomli tadqiqoti bevosita nasriy janrlar talqiniga qaratilgani bilan ahamiyatga molik. Adabiyotshunosning fikricha, endi ulkan ijtimoiy voqealar, siyosiy maydondagi kurashlar, axloq-odob qoidalari kompleksini tashkil etgan madaniyatlar hukm surgan XIX – XX asrlar an’anaviy mezonlari o‘zgarishi bilan, M.Baxtin ma’lum darajada me’yorlarini belgilagan klassik romanlar davri o‘tdi. L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy romanlaridagi “sarf etilmagan potentsiallar”, kelajakka intilish ruhi bugun yo‘q. Bu jarayon rus romanchiligida Grossmanning “Umrlar va taqdirlar”, Soljenitsinning  “GULAG arxipelagi” asarlari bilan tugadi. Tadqiqotchining bu fikrida ham jon bor, albatta. Zero, bu jarayon faqat rus adabiyotida emas, ingliz, frantsuz, nemis va lotin amerikasi romanchiligida ham XX asr oxiri – XXI asr boshlaridan e’tiboran davom etib kelmoqda. Paulo Koeloning o‘zbek tiliga uch bora tarjima qilingan “Al kimyogar” yoki rus tilida chop etilgan “13 daqiqa”, “Oltinchi tog‘”, Jenni Erpenbekning H.Qo‘chqorova tomonidan o‘chirilgan “Makon istab” romanlari shundan dalolat berib turibdi.

G.Binovaning kuzatishicha, klassik roman janrining esselashuvi uning falsafa bilan gibridlashuviga olib kelganligi rus romanchiligiga xos modifikatsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lsa, uning ikkinchi bir ko‘rinishi “tuban adabiyot” sifatida namoyon bo‘ldi. Roman katta adabiyot yoki adabiy elitaga xizmat qilish vazifasidan chekinib, omma madaniyatiga xizmat qilishga o‘tdi. Bu borada rus adibi A.Kurchatkinning quyidagicha xulosasi mavjud: “Rus jamiyati uchun katta adabiyot davri tugadi. Tuban adabiyot davri boshlandi” .

Adabiyotshunos Q.Yo‘ldoshevning: “Yuksak san’at bilan bir martalik iste’molga mo‘ljallangan ommaviy madaniyatning o‘zaro yaqinlashuvini, birinchi navbatda, kishiga zavq berib, hordiq chiqarishga xizmat qilishi kerak bo‘lgan gedonistik (lazzat beruvchi) vosita tarzida tushunishning yoyilishi bilan kishilarda turli darajadagi badiiy did bo‘lishi mumkinligi va buning ildizi shaxsning intellekti va tuyg‘ulari hamda u yashaydigan ijtimoiy-maishiy sharoitga taqalishi haqidagi oldingi qarashlar o‘z qiymatini yo‘qota boradi”, degan fikrlari A.Kurchatkin fikrlarining mantiqiy davomidek tuyuladi. O‘zbek va jahon adabiyotining keyingi namunalarini o‘qib-o‘rganish natijasida kelingan bu xulosa, qanchalik shafqatsiz tuyulmasin, bugungi o‘zbek nasriga ham dahl etishini inkor etib bo‘lmaydi.

Albatta, bunday asarlarda adabiyotning eng muhim sharti bo‘lgan badiiyat masalasi so‘nggi darajaga tushib qoladi. Badiiy asar o‘z mohiyatidan uzoqlashib, Q.Yo‘ldoshev aytmoqchi “bir martalik” o‘qiladigan, ko‘ngil ochuvchi, nafsoniy zavq ulashuvchi manbaga aylanadi. G.Binova bunday asarlarni qaysi mezonlar bilan baholash lozim degan dolzarb masala qo‘yadi. Qo‘yilgan savolga M.Vellerning “Yo yuksak va tuban janrlar haqidagi qadim o‘lchovlarni tan olish yoki hamma narsani o‘sha qonuniyatlar bilan o‘lchash kerak”, degan fikrlari bilan javob berar ekan, “Demak, “tuban” janrlarni “yuksak” janrlar mezonlari bilan o‘lchash mumkin emas” tarzidagi o‘z qarashini bayon etadi. Bizningcha, bu aynan metodologik masalalardan biridir.

G.Binova Yevropa va rus romanchiligida postmodernizmga xos qurama, neomifologik, falsafiy-erotik, tarixiy-filologik, sub’ektiv-mifologik, “ruhiy utopiya”, naql-roman singari roman shakllari paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. Ba’zi romanlarda kino, klip, globallashgan dunyo axborotlari montaji asosidagi postmodernistik shakllar haqida fikr yuritadi. Ammo uning so‘nggi xulosasiga ko‘ra, bunday roman shakl­larining paydo bo‘lishi bugungi globallashgan davr va intellektual o‘yinlar, axborotlar, voqealar bozoriga aylangan dunyo uchun xarakterlidir. Endi romanning muayyan shakl-shamoyilini belgilab, uning bozorlashib ketishining oldini olib, sun’iy yo‘l bilan to‘xtatib qolish mumkin emas. Ammo bunday gibrid roman shakllari ham adabiyotga va intellekti yuksak o‘quvchiga foyda berishi mumkin. Faqat bunday asarlar iste’dodli yozuvchilar, so‘z ustalari tomonidan yozilsa kifoya.

Haqiqatdan ham turli janr, janr komponentlari, uslublar, obrazlarni sintez qilish orqali paydo bo‘layotgan modifikatsiya jarayoni zamonaviy o‘zbek adabiyoti uchun ham xarakterli tus olmoqda. Milliy adabiyotimizda an’analar asosidagi modifikatsiyalashuv XX asr oxiriga kelib jadallashdi. O‘.Hoshimov romanlaridagi “folknercha kompozitsiya” (“Tushda kechgan umrlar”), Sh.Xolmirzayev ijodidagi falsafiy realizm va shafqatsiz realizmning uyg‘unlashuvi (“Dinozavr”), O.Muxtor romanlaridagi falsafiy, ilmiy, rivoyaviy-mifologik va badiiy kompozitsiya va uslublarning uyg‘unlashuvi (“Aflotun”, “Ming bir qiyofa”, “Ayollar saltanati va mamlakati” va h.k.), Murod Muhammad Do‘st romanidagi falsafiy polifonizm (“Lolazor), Tog‘ay Murod romanlaridagi folklorcha-xalqona individual-ijtimoiy uslub garmonalligi (“Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”), Nazar Eshonqul romanidagi G.Markes neorealizmi va Kafka modernizmining shakl-mazmundagi birikuvi (“Go‘ro‘g‘li”), T.Rustamov romanidagi “Uliss”ga xos xaotik tafakkur tarzi (“Kapalaklar o‘yini”), Ulug‘bek Hamdam romanlarida uchraydigan ijtimoiy-falsafiy, individual-psixologik ruh, nihoyat, Isojon Sulton romanlaridagi postmodernistik kompozitsiya, syujet va obrazlar gibridligi (“Boqiy darbadar”, “Ozod”, “Genetik”) shundan dalolat beradi. Ushbu omillar mustaqillikdan keyin dunyo yuzini ko‘rgan ko‘plab lirik, dramatik, ayniqsa, nasriy asrlarni badiiy modifikatsiya muammosi yuzasidan o‘rganishni taqozo etadi.

Demak, badiiy modifikatsiya keng ko‘lamli estetik hodisalardan hisoblanadi. U birinchi navbatda adabiy ta’sir va an’analarga estetik munosabatdan kelib chiqadi. Davr estetik ehtiyojiga qarab an’anaviy shakllarning o‘zgarishi badiiy modifikatsiya bilan uzviy bog‘liq. Modifikatsiya hodisasining yana bir sababi adabiy jarayondagi estetik mezonlarning o‘zgarishi, ijodkorlarning adabiyotga boshqacha nuqtai nazar bilan qaray boshlashidir. Bunda shakl o‘zgarishiga uchragan har bir badiiy komponent yoki bir butun adabiy janrning o‘zi muallif ijodiy individualligining estetik belgisi sifatida voqe bo‘ladi. Modifikatsiya jarayonida bir yo‘la bir nechta badiiy komponentlar (kompozitsiya, syujet, obraz, detal, uslub kabi)ning bir asar doirasida uyg‘unlashuvi hodisasi kamdan-kam uchrasa-da, bu estetik hodisa pirovard oqibatda janr modifikatsiyasiga olib keladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son