O‘tgan asrning 30-yillari turkiy olam tarixida eng shafqatsiz davrlar, qora kunlar sifatida tarixda muhrlanib qoldi. O‘zbekistonda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdurauf Fitratning taqdiri… Mana shu ulug‘ insonlardan aslo ayri qaramagan holda qozoq xalqining ulug‘ siymolari Ahmad Boytursunov, Mirjaqip Davlatov, Jusipbek Aymautov, Mag‘jon Jumaboyev va qator ijodkor, ma’rifatparvar turkiyzabon millat fidoyilarining fojiali qismatini ko‘z oldimizga keltiramiz. Har ikkala millat vakillarining maqsadi, a’moli, dunyoqarashi bir nuqtada tutashgandi.
Mag‘jon Jumaboyevning tarjimai holini o‘qiganimizda, 30-yillar naqadar badbin zamon bo‘lgan ekan, bir millatparvar, erksevar ziyolining o‘zinigina emas, balki tug‘ishgan aka-ukalari, opa-singillarini jisman yo‘q qilish darajasida tubanlashib ketgan ekan degan fikrga kelamiz.
Mag‘jon Bekenuli Jumaboyev 1893 yil 25 iyunda Sariqayg‘ir tumanidagi Sassiqko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. Unga Muhammadjon deb ism qo‘ydilar. Mag‘jon boy oiladan bo‘lib, otasi tuman boshqaruvchisi edi. Shoir to‘rt yoshidan boshlab sharq tillari va adabiyotini o‘rgana boshlaydi. Uning ilk she’rlari saqlanmagan. Qizil O‘rdadagi Begishev madrasasida arab, fors va turk tillarini o‘rganishda davom etdi va o‘rta ma’lumotni o‘sha madrasada oldi. 1910 yili Mag‘jon Ufa shahridagi oliy musulmon madrasasi – madrasai Oliyaga o‘qishga kiradi. Tatar adabiyotining buyuk vakili Galimjon Ibrohimov mana shu madrasada dars berardi. Mag‘jon uning maslahatlaridan bahramand bo‘ldi. Mag‘jonning bilim doirasi va dunyoqarashi kengayishida, badiiy ijodda o‘z o‘rnini topishida Galimjon Ibrohimov katta rol o‘ynadi. 1912 yili G. Ibrohimovning yordami bilan Mag‘jonning ilk she’rlar to‘plami bosmadan chiqdi. Ana shu paytlarda Mirjaqip Davlatov va Ahmad Boytursunovning maslahati va ko‘magida Mag‘jon rus tilini o‘rgandi. Rus va Yevropa adabiyoti bilan tanishdi. “Qozoq” gazetasi bilan hamkorlik qildi. 1913 yili Mag‘jon Omsk o‘qituvchilar seminariyasiga kirdi. Bu yerda o‘qish bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy hayotda ham ishtirok eta boshladi.
Mag‘jon Jumaboyev ijodining birinchi bosqichi 1910–1917 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda yozgan she’rlarida ko‘proq tarixga murojaat va milliy ozodlik kurashilari ohanglari balandroq jaranglaydi.
Fevral inqilobi arafasida Mag‘jon Jumaboyevning nomi qozoq ziyolilari orasida yetuk shoir sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi. U “Alash” partiyasi viloyat kengashiga a’zo bo‘lib kirdi. Ammo Mag‘jon siyosiy jarayonlarga emas, badiiy ijodga ko‘proq e’tibor qaratdi. Ijodining ikkinchi bosqichi – 1917-1924 yillarda M.Jumaboyev tayyor qoliplardan voz kechib, ijodiy individuallikka e’tibor qaratdi. Jurnalistika bilan shug‘ullana boshladi, maorif sohasiga qiziqdi. 1922 yili “Pedagogika” nomli kitobini e’lon qildi. Mag‘jon ma’lum vaqt dastlab Omskda, keyin Petropavlovskda chiqqan “Bo‘stonliq tug‘i” (“Ozodlik bayrog‘i”) gazetasi muharriri bo‘lib ishladi. Shoir 1923–26 yillarda Moskvadagi adabiyot institutida tahsil oldi. Bu institutga mashhur ramziyotchi shoir V.Bryusov rahbarlik qilardi. V.Bryusov yosh qozoq shoirining iste’dodiga yuksak baho berdi. Ayni paytda Mag‘jon Moskvadagi “Sharq” nashriyotida ham faoliyat olib bordi. 1927 yil yozida vataniga qaytib, o‘qituvchilik bilan shug‘ullana boshlaydi, bolalar uchun adabiyotlar, darsliklar yozdi. 1929 yili Mag‘jon Jumaboyev yolg‘on ayblovlar oqibatida 10 yilga qamaladi. U jazoni Shimolda o‘taydi. 1935 yili Maksim Gorkiyning vasiyligi bilan muddatidan oldin qamoqdan ozod qilinadi. Afsuski, ozodlikdagi hayot uzoqqa cho‘zilmadi. U o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishlab yurganda, S.Sayfullin taklifi bilan Olmaotaga keldi. 1937 yili 30 dekabr kuni Mag‘jon ig‘vo va bo‘htonlar bilan yana qamoqqa olindi, otuvga hukm qilinadi. 1938 yil 19 mart kuni hukm ijro etildi.
Zulmu taaddilar xalqni qon-qaqshatdi, millat gullari – ziyolilarning kushandasi bo‘lib keldi. Zotan, zaiflik, ma’naviy tubanlik har doim jasoratni, millatning olg‘a intilishini dushman deb bilgan. Tarix bunga ko‘p guvohliklar beradi. Mag‘jon bir she’rida mung bilan shunday deydi:
Olisda og‘ir azob chekkan bovrim,
Chechakday xazonrezgi tekkan bovrim,
Qamalib qalin yovning o‘rtasinda,
Qul qilib ko‘zining yoshin to‘kkan bovrim.
Oldingni og‘ir qayg‘u yopgan bovrim,
Umr bo‘yi jafo chekkan yotdan bovrim,
Qonsirab yuragi tosh yovuz kaslar,
Tiriklay tering shilib yotgan bovrim…
Mag‘jon ilk ijodidan boshlab millatning yaxlitligi, taqdiri, kelajagi uchun bezovtalangan shoir edi. Millatning yaxlitligi, birinchi navbatda, ona tiliga bog‘liq. Mag‘jon ham qozoq millatining birligi va kelajak taqdirini ona tilida ko‘radi. Shoir ona tilini shunchaki madh qilib qolmaydi, balki til millatni asrab qoladi deya hayqiradi. “Qozoq tili” she’rida, “yorug‘ ko‘rmay uzoq yotgan toza, teran, kuchli til”ga – ona tiliga ko‘p umid bog‘laydi, “tarqab ketgan bolalaring bag‘ringga oq qo‘ling-la torta olarsan, sen – tilim” deya millatning jipslashuvi uchun ona tiliga ko‘p vazifa yuklaydi. Mag‘jon bolaligidanoq arab, fors, turk va rus tillarini mukammal o‘rgangani bois, bu tillardan umri davomida ko‘p manfaat topgan bo‘lsa ham, ona tili aslida millatning borlig‘i ekanini bir daqiqa bo‘lsa-da unutmaydi, millatparvarlik ona tiliga samimiy munosabatdan paydo bo‘lishiga ishonadi.
Ammo millatparvarlar hayoti silliq kechavermagan. Shuning uchun ham Mag‘jonning she’rlarida millatparvarlik va fojeaviylik uyqash. Mag‘jon uchun millat taqdiri qanchalik muhim bo‘lsa, ona tilining taqdiri ham shunchalik muhim. Ona tilidan judolik – millatning ma’nan judolikka yuz tutishidir. Mag‘jon o‘sha she’rida “Asqar Oloy – oltin ona esda yo‘q, Botir, xonlar – ne donolar unutildi” deya o‘ksik ko‘ngil bilan fig‘on qilar ekan, manqurtlik qozoq millatiga qanchalar qimmatga tushganini bayon etadi. Abay, Ibray Oltinsarin, Cho‘qon Valixonov kabi qozoq xalqining qator millatparvar, buyuk siymolarining birinchi galdagi maqsadi ham millatning qudrati va ulug‘ligini ko‘rsatgani, ma’rifat sari yetaklagani edi. Ana shu ulug‘ insonlarning g‘oyalarini Mag‘jon davom ettirdi. Shoir buni ilk ijodidayoq teran anglab, ko‘rsata oldi. Ana shu xizmatlari uchun ham Muxtor Avezov Mag‘jonni Abaydan keyingi ma’rifatparvar, buyuk ijodkor sifatida e’tirof etgan edi. Bu shunchaki Mag‘jonni ulug‘lash uchun aytilgan gap emas, balki Mag‘jonning she’rlari, dostonlari, darsliklari, umuman, barcha asarlari, shuningdek, pedagogik faoliyati uning nafaqat qozoq madaniyati, balki O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatida egallagan o‘rnini ko‘rsatadigan yorqin dalildir.
Mag‘jon qozoq adabiyotiga yangi oqimni olib kirgan shoir sifatida ham e’tiborga molik. Mag‘jon turkiyzabon shoirlar orasida rus va Yevropa adabiyotidan ramziyotchilik (simvolizm)ni qozoq she’riyatiga olib kirgan ilk peshqadam shoirlardan biri bo‘ldi. Ramziyotchilik rus va Yevropa she’riyatiga shunchaki taqlid emas, balki turkona badiiy tafakkurning she’riyatda yangilanishi, “daraxt ortidagi o‘rmonni ko‘ra olish” layoqatining ifodasi edi. Mag‘jon o‘zining ramziy obrazlari orqali, faylasuf ramziyotchi rus shoiri Vyacheslav Ivanovning iborasi bilan aytganda, “aytilmagan sirli xat”ga ishora qiladi. Ishoralar – Mag‘jonni ramziyotchi shoirlar qatorida ko‘rishimizga imkon beribgina qolmay, qozoq adabiyotini rus va Yevropa adabiyoti bilan bog‘lagan yetuk shoir ekanini dalillaydi. She’riyatga falsafiy mazmun olib kirish uchun qilingan harakatlar aynan Yevropa she’riyatida ramziyotchi shoirlar ijodidan boshlandi. Zotan, ular so‘zga falsafiy mazmun yuklar ekanlar, ijodning mohiyatini shunda ko‘rganlar. She’rdagi falsafiy mazmun so‘zga butun boshli tarixni yuklashdan paydo bo‘ladi. Andrey Beliyning ramziyotchi shoirlar falsafiy qarashlari bo‘yicha yozgan “Ramziyotchilik – olamni anglashdir” nomli kitobida ramzning yuzaga kelish jarayonini metaforaning paydo bo‘lishi bilan bir deb qaradi: “So‘z obrazli ramzni – metaforani paydo qildi, metafora esa haqiqatan bor deb tasavvur qilingan so‘z – mifni paydo qilgan; mif – dinni, din – falsafani, falsafa esa istilohni hosil qilgan”, deya so‘z ostidagi falsafiy mazmungacha bo‘lgan tarixiy-shuuriy jarayonni shu tarzda ifodalagan edi. Bir necha bosqichdan iborat bu shuuriy jarayonda she’rning shakli, mazmuni va qiymati ortadi. Shoir fikr xulosasini aytmaydi, balki o‘quvchiga qoldiradi. Zotan, she’rning qiymati ham shoir o‘z fikrini “oxirigacha aytmagani”da, o‘quvchini “yashirin mazmun”ni anglashga undaganidadir. Mag‘jonning “O‘g‘lon” she’riga e’tibor beraylik. Ona yagona suyanchig‘i bo‘lgan o‘g‘lini yonidan aslo jildirgisi kelmaydi. Ko‘ngli nimagadir alag‘da bo‘layotgan o‘g‘liga yoshlikning eng go‘zal, takrorlanmas lahzalarini ko‘rsatadi.
Darding bo‘lsa, do‘mbirang ol,
Qo‘shiq ayt, chert, yangratib chal,
Tovshing tinglab yosh suluvlar,
Yutsin zahar, yutsin goh bol, –
deya zorlanadi. Ammo o‘g‘ilning dardi boshqa – u “ov”ga ketishga qasd qilgan, “Ketmoqchiman ovga! Ovga!” deya o‘zini bezovta qilayotgan, unga tinchlik bermayotgan dardini aytadi. O‘g‘ilning ahdi qat’iy! Nihoyat, ona, jamiki turk onalariga xos oxirgi ilinjini aytadi: o‘g‘il – onaning yagona suyanchig‘i, qartayganda madadkori, ko‘zining oqu qorasi. O‘g‘ilning qat’iy ahdi onaning iltijolaridan ustun keldi. O‘g‘il uchun “ov” oldida mol-davlat ham, yor ham, qarindosh ham hech narsa edi. Haqiqiy turkona jasorat!
Ketib borayotganida
Duch bo‘ldi u sonsiz yovga.
Nayzalashdi, qilichlashdi,
O‘g‘lon o‘ldi botib qonga.
O‘g‘lon o‘lgach botib qonga,
Rohat yetdi asov jonga.
Mag‘jonning ushbu she’rdan maqsadi “ov” timsoli orqali dushmanga qarshi kurashish, dushman zarbasini qaytarish, g‘animning g‘arazli maqsadlarini daf qilish edi. Mag‘jon “ov” ramziy obrazi zaminida katta ijtimoiy maqsadni nazarda tutgan edi. Asosiy maqsadga yetishuv shoirning “ov” ramziy obrazi ostidagi falsafiy tushunchasini reallashtiradi.
Mag‘jon rus va Yevropa she’riyatidagi ramziyotchilikni o‘z ijodiga olib kirib singdirgani tasodif yoki an’anaga taqlid emas, balki eski dunyoqarashda mavjud bo‘lib kelgan qolip (stereotip)lardan voz kechish natijasi edi. Mag‘jon V.Bryusov boshchilik qilgan Moskva adabiyot institutida o‘qigan yillarda (1923-1926) uning ijodida keskin burilishlar yuz berdi. U qozoq adabiyotining yangi o‘zanga tushib olishiga katta hissa qo‘shgani o‘sha davrda yaratgan she’rlarida yaqqol ko‘rinib turadi. Ramziyotchilarning tushunchasi bo‘yicha, ijod – yashirin mazmunni intuitiv tarzda mushohada qilishdir. Yashirin mazmun faqat ijodkorning o‘ziga, uning individual ijodiga tegishli bo‘ladi. Mag‘jonning “Masjid va avaxta” she’ri bu jihatdan alohida namunadir. Shoirning ta’biricha, insonni avaxtaga tashlash, qiynoqlarga solish mumkin. Ammo tafakkurni qamab bo‘lmaydi, uni jismoniy azoblarga solib bo‘lmaydi, u shu qadar qudratli.
Tafakkur qayda, dersan. Kezadi u,
Jahon bo‘ylab uchadi, suzadi u.
Erdagi tutqin yorin yupatay deb
Samoviy kuylar to‘qib, kezadi u.
Mag‘jonning bu singari ramziyoti nafaqat qozoq adabiyotida, balki turkiy xalqlar adabiyotida o‘ziga xos, takrorlanmas hodisa edi. Hamma davrning o‘z she’riyatida bo‘lgani singari, Mag‘jon 20-30-yillar she’riyatiga tamal toshi qo‘ydi desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Mag‘jon 1922 yilning noyabr oyida Turkiston respublikasi Xalq komissari Turor Risqulov taklifi bilan Toshkentga ko‘chib keldi. Mag‘jon yoshligidan arab, fors, turk va rus tillarini mukammal o‘rgangani bois Toshkentdagi ikki yillik hayoti ancha samarali kechdi, Mag‘jon tinmay izlandi.
Mag‘jon Toshkentda qozoq-qirg‘iz maorif institutida dars berdi. Ayni paytda “Oq yo‘l” gazetasi, “Sana” (“Tafakkur”) va “Cho‘lpon” jurnallari bilan hamkorlik qildi. Mag‘jon O‘rta Osiyo, xususan, Turkiston tarixi bilan chuqur tanishdi. Sohibqiron Amir Temurning shiddatli, ayni paytda jasoratlarga to‘la hayoti, jahongirligi Mag‘jonni ilhomlantirdi. Amir Temur qiyofasida Mag‘jon chinakam turk vatanparvarini ko‘rdi. Amir Temurga bag‘ishlab she’rlar yozdi. Jumladan, “Sohibqiron so‘zi” she’rida Amir Temurni shunchaki madh qilib qolmadi, balki izlanuvchan shoir sifatida o‘tmish bilan aloqani tamomila uzmay, o‘tmishning eng yaxshi an’analarini yangicha mazmunda tikladi, sharqona ruhdagi she’riga G‘arb va rus she’riyatidagi simvolizmni singdirdi, Amir Temur obrazini yangicha talqinda o‘quvchiga yetkazdi. U bu she’rida ham simvolchi shoirlar singari “narigi olam”ga nazar tashladi, chinakam g‘oyalarni o‘sha olamdan izladi. “Kaftday yerning Tangrisi ko‘p bo‘lmog‘i – ko‘p qayg‘u” keltirishini afsus bilan aytadi shoir. Tangri ramziy obrazi misolida yer yuzini bo‘lishib olishga intilayotgan jahon hukmdorlarini gavdalantiradi. Qadim turklarning Tangriga e’tiqod qilganlarini, jamiki mavjudotning yaratuvchisi va hukmdori Tangri ekanini Mag‘jon o‘quvchiga uqtira oladi. Aslida Mag‘jonning boshqa katta maqsadi bor edi: Mag‘jon shu o‘rinda juda go‘zal o‘xshatishi orqali maqsadini ayon qiladi: ko‘kda – Tangri hukmron bo‘lsa, yer yuzida hukmron zot – Amir Temur. Boshqa hech kim emas! Mana, Mag‘jonning qiyosidan kelib chiqadigan xulosasi. Shu bilan birga, Mag‘jon nazarida Amir Temurning boshqa hukmdorlardan afzal tomoni bor. Afzallik shundaki,
Ko‘k tangrisi – Tangrining
Urug‘i yo‘q, zoti yo‘q.
Jahon shohi – Temurning
Urug‘i – turk, zoti – o‘t!
Mag‘jon bu misralari orqali buyuk Sohibqironning ulug‘vorligiga ishora qiladi. Mag‘jonning bu qiyosi – faqat Amir Temurni ko‘klarga ko‘tarish uchungina aytilmagan, balki turkiy hukmdorlarning tarixda o‘ynagan buyuk roliga berilgan haqqoniy baho edi.
Mag‘jon Jumaboy ijodidagi alohida o‘ziga xosliklardan yana biri – Sharq va G‘arb xalqlari ma’naviy taraqqiyotidagi ikki oqimni o‘zida birlashtirganidir. Darvoqe, Mag‘jonga tengdosh O‘rta Osiyo va Qozog‘iston shoirlari ijodida G‘arbning ta’sirini yaqqol kuzatish mumkin. Mag‘jon ijodidagi g‘arbona mavzu, g‘oya, obrazlar tizimi aniq ko‘rinib turadi. Rus va Yevropa she’riyatidan kirib kelgan ramziy obrazlardan boshqa timsollar haqida Mag‘jon ijodi misolida qozoq adabiyotshunoslari ma’lum ishlarni amalga oshirganlar. Bizning kuzatuvlarimiz bo‘yicha, Mag‘jon Jumaboy ijodini faqat qozoq adabiyoti doirasida emas, O‘rta Osiyo she’riyati kontekstida o‘rganish lozimligini uning ijodidagi mavzu va g‘oyalar, obrazlar tizimining o‘zbek she’riyatiga hamohangligi ham ko‘rsatib turibdi.
Mag‘jon – turkolog olim. U Toshkentdagi ikki yillik hayoti davomida turkologiya sohasida talay maqolalar yozdi. Uning “Turkiston”, “Olisdagi bovrimga”, “Sohibqiron so‘zi”, “O‘rol tog‘i”, “Tezda boraman” kabi qator she’rlariyu bir turkum maqolalarini o‘qib, O‘rta Osiyoda turkologiyaning tamal toshini qo‘yganlardan biri Mag‘jondir, deya baholash mumkin. Fuzuliyning “she’r ilm asosiga quriladi”, degan hikmatini aynan Mag‘jonning yuqoridagi she’rlari misolida ko‘ramiz. Faqat kechinmaning o‘zi shoirni katta shoirlar qatorida ko‘rishga imkon bermaydi. Mag‘jon qadimgi turkiylar davlati tarixini, bu xalqlarning kechmishiyu bosib o‘tgan yo‘lini yaxshi biladi. U nafaqat ulkan shoir, balki bilimdon tarixchi olim ekanini ham o‘z she’rlarida namoyish qila olgan. Mag‘jonning har bir she’ri, albatta, biron detal, biron tarixiy voqea yoki tarixiy shaxsga tayanadi. Uning da’vatkor misralarida ikki qutb – Kunchiqish va Kunbotishning qiyofasi aynan turkiy qavmlar va turkiy ellarning o‘tmishiyu kelajagidan bashorat bo‘lib jaranglaydi. Shoir achinishu nolalarga burkanib qolmaydi! Faryod – mutelikni sindiradi. Buni Mag‘jon yaxshi biladi. Ayni paytda tarixda Kunbotishning o‘tkazgan zulmidan Kunchiqishni o‘ch olishga emas, aksincha, Kunbotishga ma’rifatni, ezgulikni yoyishga da’vat qiladi. Kunchiqish garchi Kunbotishning ko‘p azoblariga duchor bo‘lgan esa-da, Kunbotishga yurish qilib, ularning qal’alarini kul emas, gul, farzandlarini qul emas, ul (o‘g‘il) qilishga, turkona bag‘rikenglik bilan yakdillikka chaqiradi. Bu – Mag‘jonning uzoqqa mo‘ljallangan dasturi, amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagan shiori edi. Xuddi bugungi kunda kechayotgan Yevropa bilan yaqinlashish jarayonini, Sharqning ma’naviyatidan, bag‘ri kengligidan Yevropani bahramand qilishni Mag‘jon ham yuz yillar oldin sezgan, his qilgan edi.
Qadim Turonzamin tarixi ko‘p ijodkorlarni hayratga solib kelgan. Shu jihatdan Mag‘jon ijodida “Turkiston” she’ri alohida ahamiyat kasb etadi. Bu she’rni, ta’bir joiz bo‘lsa, turkiy xalqlar shon-shuhratini abadiylashtirishga xizmat qiladigan qasida deb aytishni istar edim. She’rni o‘qiganimizda, o‘zbekning ulug‘ shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi yodimizga tushadi. Ikki xalqning har ikki buyuk shoirining maqsadi bir, dunyoqarashi mushtarak, ona yurt tarixiga, millatiga bo‘lgan muhabbati cheksiz. Mag‘jonning bu she’ri 1922 yili Toshkentda yozilgan. Mag‘jon tarixni mazkur qasidaga ko‘chirib qo‘ya qolmaydi, aksincha, qasida janrining talablariga rioya qilgan holda, Turkiston obrazining go‘zal manzarasini kitobxon ko‘z o‘ngida chizib beradi.
Mag‘jonning “Turkiston” she’ri bizning oldimizda turgan ko‘p masalalarga oydinlik kiritadi. Qadim turkiy xalqlar mifologiyasi hali biz o‘rganishimiz zarurat bo‘lib turgan ana shunday sohalardan biri. Qarangki, Mag‘jon taxminan yuz yillar ilgari bugungi kunda turkologiyada dolzarb bo‘lib turgan muammolardan yaxshi xabardor bo‘lgan, bu borada izlangan ham ekan. Qadim turkiylarning ibtidosini boshlab bergan ko‘k bo‘ri, Xontangri, Tarbag‘atay kabi mifologik obrazlardan Mag‘jon turkiylar tarixining o‘lmas badiiy sahifalarini yaratdi, mifologik obrazlarni turkiylarning ijtimoiy va etnik tarixiga poydevor qilib, kitobxonni o‘ylashga, fikrlashga undadi. Zotan, bu xizmatlari bilan o‘zbek va qozoq tarixchi olimlarimiz bugungi kunda o‘rganishi izchil zaruratga aylangan Turon tarixini yaratishga Mag‘jon o‘z hissasini qo‘shdi. Ha, Mag‘jon dunyoqarashi keng, bilimi teran, g‘ayrati olamga sig‘mas katta olim ham bo‘lgan ekan. Mag‘jonning “O‘tkir aql, o‘tli g‘ayrat, yugruk xayol, Turonning erlariday er bormikan?” degan misralarida aynan o‘zining ham qiyofasini gavdalantirib bergan, deb ayta olamiz. Mag‘jon o‘z zamondoshlaridan o‘tkir aqli, o‘tli g‘ayrati, yugruk xayoli bilan ancha ilgarilab ketgan edi.
O‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab yaqin-yaqinlargacha – o‘n-o‘n besh yillar narigacha “turk”, “Turon” kabi so‘zlarni ishlatishda ijodkor ahli nihoyatda ehtiyot bo‘lar edi. Zotan, “hushyor” siyosatdonlarning, bu so‘zlar ishlatilaversa, hamma turklashib, Turkiyaga e’tiqod qiladigan bo‘lib qoladi, degan g‘arib qarashlari hukmron edi. Aslida, XX asrning boshlarigacha “turk” “o‘zbek” so‘zi o‘rnida qo‘llanganini ular bilmas edilar. Mag‘jonning jasorati shunda ediki, u “Turkiston” she’rida Turon timsolidan turkiy xalqlarni birlashtirishga undovchi da’vatkor bir kuch sifatida foydalandi.
Xumorlab kim izlamas tuqqan elin?
Tulpor ham qo‘msamasmi tuqqan yerin?
Shimolning shovvozlari – qalin Alash,
Turon ham bila bilsang – sening yering!
O‘zligini unutayozgan turk ellariga bunday da’vat juda kerak edi. Ammo barcha xalqlardan “yagona sovet xalqi” yasash siyosati ancha yillar hukmron bo‘lgani bois, Mag‘jonning bu she’rida ko‘tarilgan g‘oya ham sukut saqlashga majbur bo‘ldi. Ha, g‘oya sukut saqladi. O‘tgan asrning oxirlarida – Sovet davlati parchalanib, turkiy tilli davlatlar o‘zligini anglab yeta boshlagan davrlardagina Mag‘jon bu she’rida kelajakdan bashorat qilayotgani oydinlashadi.
Mag‘jon – yoniq shoir. Uning qahramoni ishqdan, yor hajridan iztirob chekkanda, shunchaki ohu nolalarini oshkor qilish bilan cheklanib qolmaydi. Yor oshiqning fig‘oniga befarq, doim o‘zini olib qochadi. Oxiri, oshiq seviklisini tashlab ketishga qaror qiladi. She’riyatda suyukli yordan voz kechib boshqa yorga ko‘ngil bog‘lash oshiq tomonidan bevafolik deb qoralanadi. Shunday, Mag‘jonning qahramoni ma’shuqasining noz-firoqlariga bardosh bera olmay, undan voz kechadi, endi boshqa yorga ko‘ngil bog‘laydi. She’rxon shu o‘rinda oshiqni sadoqatsizlikda, yengiltabiatlikda ayblay boshlaydi.
Sevmasang men ham topdim o‘zimga yor,
Keraging yo‘q, mehrsiz, yo‘lingga bor! –
deb sevganidan yuz o‘girdi-ketdi. Ajabo, endi oshiq yangi yoriga osonlikcha yetishsa, unda ishqning qadri qolmaydi-ku! Mana, oshiqning avvalgisidan voz kechib, ko‘ngil bog‘lagan yangi yori:
Alvido, menga qara, o, meni ko‘r!
Vidolash, men ketayin, qo‘lingni ber!
Oldimda quchoq ochib qarshi olar –
Sevgan yor, vafodor yor – ul qora yer!
Yorning yangicha bu timsolini faqat Mag‘jon o‘ylab topdi, oshiqlikning bu o‘tli misralarini faqat Mag‘jon yarata oldi. Biz Mag‘jonning “Seviklimga” she’rini tahlil qilish orqali shunday fikrlarimizni o‘rtaga tashladik. U bu she’rida chinakam oshiq timsolini yaratdi. U “Sev, seviklim”, “Suluv, suluv”, “Yosh suluvga” kabi qator she’rlarida muhabbatning rangin, kutilmagan qirralarini namoyish qila oldi.
Mag‘jonning tabiatan millatparvar shoir ekani uning ilk ijodidanoq anglashiladi. Shoirning 1911 yili yozgan “Shu kunning qo‘shig‘i” nomli she’ri bor. She’rni o‘qir ekanmiz, barcha O‘rta Osiyo xalqlari singari, qozoq xalqining jaholat botqog‘iga botib qolish sabablarini ko‘rsatadi. Nodonlik, bilimsizlik – qozoq xalqining boshiga kelgan kulfat ekanini Mag‘jon yonib so‘zlaydi. “Borasan qora tunda chiroq-shamsiz, Yengdimi bilimsizlik, it nodonlik?” deya xalqiga ta’na qilib, kuyinib so‘zlaydi. Mag‘jon shu she’ridan keyin bir yil o‘tgach yozgan “Sho‘rlik qozoq” she’rida ma’rifatga yetishish – millatni asoratlardan olib chiqadigan yagona yo‘l ekanini yanada keskinroq bayon qiladi. Millatni uyg‘otishga bel bog‘lagan shoir o‘z xalqini jamiki ilg‘or xalqlar qatorida ko‘rishni istaydi, bunga millat faqat bilim egallash orqaligina yetishajagini ko‘rsatib beradi. O‘zbek xalqining o‘sha yillardagi taqdiri ham ayni shunday edi. Zotan, ma’rifatparvarlarning taqdirlari bir, maqsadlari yagona…
Mag‘jon – izlanuvchan shoir. U qaysi mavzuda ijod qilmasin, o‘z oldiga yagona maqsadni – millatni uyg‘otishni asosiy vazifa qilib qo‘yadi. Bu – Mag‘jonning manifesti edi. Hatto hibsda, o‘zining taqdiri qil ustida turgan paytda yozgan she’rlarida ham ana shu manifestdan qaytmadi. Mag‘jon bu ayanchli qismatni “Qamoqxonada tush” she’rida shunday ifodalab beradi:
Yorug‘lik yo‘q, Oyni, Kunni ko‘rmayman,
Chala o‘lim, umrni to‘la surmayman.
Ozodlikda yurgan erkin bir xalqning
Ne qilganin, ne deganin bilmayman.
Xor bo‘ldi-ku shuncha g‘ayrat, asl kuch,
Avaxtada qo‘ldan kelsin qanday ish?
Uyqu tilab, ko‘zni zo‘rlab yumaman,
Nima qilay? Yupanchim shu – faqat tush…
Shoir o‘zining shaxsiy hayotini – qamoqxonada kechirgan yillarini xalqning “chala o‘lim”iga o‘xshatish orqali millatning dardini yuzaga olib chiqqan. She’rning ijtimoiy mazmuni, mohiyati ham aslida shu tushda o‘z ifodasini topgan. Shaxsiyatning kechinmasi – millatning kechinmasiga aylangan.
Shoirning falsafiy qarashlariga turtki bergan Oy, Kun timsollari bu turkumdagi she’rlarida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu timsollar obrazlilik hosil qilish bilan bir qatorda, katta ijtimoiy ma’noni ham ifoda etadi. Zotan, azal-azaldan Oy va Kun obrazlari qadimgi turkiylarda zulmatga qarshi kuchlarga timsol o‘laroq yuzaga kelgan. Mag‘jonning “Sarg‘aydim”, “El”, “Sog‘indim” kabi she’rlarida bu timsollarning vazifasi yanada aniqroq bo‘rtib ko‘rinadi.
Mag‘jonning she’rlarini o‘zbek tiliga ilk bor iste’dodli shoir va tarjimon Muzaffar Ahmad mahorat bilan tarjima qilgani jamiki o‘zbek va qozoq xalqini mamnun qiladi. Qolaversa, 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingani ham asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan tug‘ishgan, qondosh ikki elning azaliy va abadiy do‘stligiga mazkur tarjimalar yana bir go‘zal dalildir.
Qardosh qozoq tilidan o‘zbekchaga tarjima qilish osonday bo‘lib ko‘rinadi. Qardosh tillardan tarjimaning murakkabliklari ham bor. Aslida o‘zbek va qozoq tillarining asl manbai bir – qadimgi turkiy til. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, asrlar davomida turkiy tillar tizimida kelib chiqishi bir bo‘lgan o‘zbek va qozoq xalqlarining mustaqil tillari shakllandi. Bunda, birinchidan, so‘zlar va grammatik shakllarni tarjima tilida yetkazishda asliyat tilidan uzoqlashib ketmaslik shart. Ikkinchidan, leksik qatlamda ham muvozanatni saqlash lozim. Muzaffar Ahmad ba’zi so‘zlarni qozoqchadan o‘zbekchaga tarjima qilganda, asliyat tilidagi so‘zlarni o‘z holicha qoldirdi. Masalan, “Sohibqiron so‘zi” she’rida tarjimon kungramoq, biylamoq so‘zlarini qozoqcha shaklida qoldirgan bu maqsadga muvofiq bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak: kungramoq qadimgi turkiycha so‘z bo‘lib, “so‘zlanmoq, g‘udranmoq” ma’nolarini bildirib, bir oz salbiy ma’no qo‘llaniladi. Mazkur she’rda “so‘zlamoq” ma’nosida qo‘llangan; biylamoq so‘zida esa “hukm yuritmoq “ ma’nosidan tashqari, “ro‘para kelmoq, yaqiniga yo‘lamoq” ma’nolari ham bor.
Mag‘jon Jumaboy “Men kimman?” she’rida o‘zining suratini ham, siyratini ham ko‘rsata olgan. U yer yuzida Arslonu Yo‘lbars, ayni paytda Erkatoy; ko‘kda – nuridan hammani bahramand qiladigan Kun, o‘jarligi tutsa, toshqin Dengiz, yondirib yo‘q qiladigan Olov, boshqalarni changlarida qoldirib ketadigan Tulpor… Mag‘jon shu she’rida “Men o‘lmayman, mening jonim o‘lmaydi… So‘zim qutlug‘, topinaman so‘zimga” deya qat’iyat bilan ahd qilgan. Ha, haqiqatan Mag‘jon Jumaboy o‘lmagan! Uning qutlug‘ so‘zlari qozoq va o‘zbek, jamiki turkiy xalqlar orasida toabad yashayveradi!
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son