Tilning saqlanib qolishi va taraqqiy etishiga yozuv va xalqning etnik jarayonidagi uzluksizlik kafolatdir. Bu fikrimizga kimdir qo‘shilmasligi ham mumkin. Chunki o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi bilan shug‘ullanayotgan tarixchi olimlarning qarashlaridan bizning qarashlarimiz ma’lum darajada farq qiladi. Bu qarashlarimizning o‘zgachaligi, birinchi navbatda, o‘zbek tilining manbalariga munosabatimizda ayon bo‘ladi. Biz uchun o‘zbek xalqining etnogenezi dalillari ro‘yxatida birinchi bo‘lib yozuv va til turadi. Yozuvga alohida e’tibor berishimizga sabab shuki, unda xalqning tili yashaydi. Bu qarash bizda birdaniga paydo bo‘lmagan, balki bir necha o‘n yillar davomida qadimgi turkiy yozuvlar bilan shug‘ullanishimiz mahsuli sifatida yuzaga kelgan. Etnogenez va etnik tarixning muhim quroli va asosi yozuv bo‘lganini nazarda tutsak, dunyo xalqlari ijod qilgan to‘rt yuzdan ortiq yozuvlar ma’lum bir xalqning etnik tarixini ham, tili tarixini ham saqlab kelgani to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin. Mavjud yozuvlar xalqning nomi (shumer yozuvi, misr yozuvi, turkiy yozuv, kxaroshti yozuvi, mo‘g‘ul yozuvi va hokazo) yoki ma’lum tarixiy shaxslar (masalan, Moniy yozuvi) nomi bilan yuritilgani ham bejiz emas. Qolaversa, ma’lum bir xalqning adabiy-tarixiy manbalarida berilgan ma’lumotlar, ishoralar ham ona tilining ildizlarini talqin va tahlil qilishda qimmatli dalil bo‘la oladi.
Biz o‘zbek tilining tarixiy ildizlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, turli qarashlar va munosabatlardan ko‘ra manbalar muhimroq omil ekanini har doim nazarda tutamiz. O‘zbek tilining tarixiy ildizlari uchun asosiy manba – qadimgi turkiy tildagi yozma yodgorliklardir. O‘zbek xalqining etnik jarayoni va o‘zbek tili taraqqiyotini mazkur yodgorliklar o‘zida to‘liq aks ettiradi. Bu o‘rinda bir muhim rasmiy ma’lumotni keltirish o‘rinli: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida 2016 yil 13 mayda chiqqan farmonda “O‘zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash tabiiydir” degan bandi diqqatga sazovor. Bu band eng qadimgi davrlardan o‘zbek tilining uzluksiz davom etib kelgani to‘g‘risida muhim dalil o‘laroq, isbot talab qilmaydigan haqiqatni o‘zida mujassamlantirgan. O‘zbek tili qadimgi turkiy tilning davomi ekan, ularning o‘zaro aloqadorliklarini qaysi dalillarga tayanib aniqlash mumkin, degan savol tug‘iladi.
Birinchi navbatda, qadimgi turkiy tilga asos bo‘lgan dialektlardagi fonetik, grammatik va leksik birliklarning eski o‘zbek tilida davom etganiga tayangan holda aniqlash mumkin. Qadimgi turkiy tilning qaysi dialektlar asosida shakllangani haqida birinchi bo‘lib, o‘tgan asrning o‘rtalarida, mashhur turkolog V. V. Radlov ilgari surgan hamda qadimgi turkiy dialektlarni tasnif qilgan edi. Bugungacha uning qarashlari turkologiyada katta salmoqqa ega. Uning fikricha, qadimgi turkiy til uchta dialektdan tashkil topgan: birinchisi – qadimgi shimoliy dialekt. Bu dialektda O‘rta Osiyo turkiy qabilalari so‘zlashgan bo‘lib, turk-sir dialekti degan nom bilan ham yuritiladi; sir – bu qipchoqlardir degan fikr turkologiyaga kirib keldi va o‘rnashdi (o‘zbek xalqining katta qismini qipchoqlar tashkil qilganini isbotlab o‘tirish ortiqcha); ikkinchisi – qadimgi janubiy dialekt, bu dialekt uyg‘ur tilini o‘z ichiga oladi; uchinchisi – aralash dialekt yoki aralash til deb ham nomlanib, yuqoridagi ikki dialektning aralashmasidan iborat deb qaraladi; moniy yozuvidagi turkiy yozma yodgorliklar, “Oltun yorug‘” ana shu dialekt ta’sirida yaratilgan.
Shunisi diqqatga sazovorki, shimoliy dialektga mansub Kul tigin, Bilga xoqon, To‘nyuquq va boshqa qator yodgorliklar tili xususiyatlari eski o‘zbek tilida ham uchraydi. Masalan, –ыpan ravishdosh shakli Navoiy va Bobur g‘azallarida ham bor. Yoki to‘ru, su, talim kabi qator qadimgi turkiycha so‘zlarning Oltin O‘rda o‘zbek adabiy tilida qo‘llanishda davom etgani ham yuqoridagi fikrimizga bir dalildir. Biz qadimgi shimoliy dialekt an’anaviyligini ko‘rsatish uchun shu misollar bilan cheklanamiz. Bir so‘z bilan aytganda, qadimgi turkiy til bilan eski o‘zbek tili o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yish mumkin. Qadimgi turkiy yodgorliklar ustida uzoq yillar davomida olib borgan tadqiqotlarimiz natijasida eski o‘zbek va qadimgi turkiy tillarning aslo bir-biridan uzoqlashib ketmaganini ko‘ramiz. Shu bois ham qadimgi turkiy tilga, birinchi navbatda, o‘zbek xalqi da’vogar degan fikrni o‘rtaga tashlayapmiz. Qadimgi turkiy tilga da’vogarlik degani – Markaziy Osiyoda eng qadimdan beri davom etib kelayotgan tilga da’vogarlik deganidir. Qolaversa, bunga yana bir dalil – O‘zbekiston hududidan VI–VIII asrlarga oid turkiy-run yozuvlarining topilgani va ma’lum darajada o‘rganilgani hamdir.
Shu o‘rinda o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi bilan o‘zbek tilining aloqadorligi masalasiga oid bir fikr ustida to‘xtashni o‘rinli deb bilib – xalqning va uning tili elat bo‘lib shakllanmasdan oldin paydo bo‘la boshlaganini qayd etish bilan cheklanamiz. Zotan, keyingi yillarda “o‘zbek xalqi ikki xil tilda so‘zlashuvchi ajdodlardan, ya’ni etnik birliklardan tarkib topgan” degan qarashlar ham paydo bo‘ldiki, bu qarashlar o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini o‘rganishda g‘ayriilmiy, zo‘rma-zo‘raki qarashlarni va nuqtai nazarlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Dalillarga asoslanmagan bunday fikr-qarashlar xalqning kelib chiqishinigina emas, balki tilning kelib chiqishi haqidagi dalillarni ham shubha ostiga qo‘yadi. O‘zbekiston tarixining, qolaversa, Markaziy Osiyo tarixining katta bilimdoni akademik A. Asqarov aynan shunday fikrda. Bordi-yu, tilni etnik tarixga va etnogenezga xizmat qildirish zarurati bo‘lsa, leksik qatlamning ta’siri va o‘zlashtirilishi haqida gapirish o‘rinli bo‘lar. Movarunnahr va Xorazm o‘lkalarida istiqomat qilgan elatlar etnik jihatidan ham, til jihatidan ham tamomila bir-biridan farq qilganini u ataylab unutib qoldirayotganday taassurot uyg‘otadi.
Bunday vaziyatda o‘z-o‘zidan quyidagicha savollar tug‘iladi: agar o‘zbek xalqining tili ikki tilda so‘zlashuvchi etnik birlik tillaridan tashkil topgan bo‘lsa, nimaga tilda ikkinchi til qatlamining tizimli xususiyati saqlanib qolmagan? Darvoqe, o‘sha til qaysi? Ikkinchi etnik birlikning til xususiyatlari, elementlari, masalan, so‘zlar yoki grammatik shakllar yo boshqa biron lingvistik omillar saqlanganmi? Qolaversa, bu qarash o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini xolis o‘rganishga qanchalik xizmat qiladi? Aslida A. Asqarov aytgan o‘sha ikkinchi etnik birlik tilining elementlari o‘zbek tilida aks etganda edi, bu qonuniy hodisa sifatida qaralgan va u haqda so‘z yuritish asosli bo‘lar edi. O‘zbek tilining manbai qadimgi turkiy tilda ekan, unga yana qandaydir tamomila noma’lum tilni zo‘rma-zo‘raki tirkashdan ko‘ra, har qanday tilning ilk shakllanish davrida bir necha dialektlarni o‘zida mujassamlantirgan koyne haqida gapirish o‘rinli bo‘lar edi. Koyne – ma’lum bir geografik hududda “adabiy til” vazifasini bajargan qabila tilidir, ya’ni barcha qabilalar uchun bitta qabilaning tili aloqa-aralashuv tili vazifasini bajaradi. Bizningcha, Shimoliy Mo‘g‘ilistondan tortib Vengriyagacha yoyilgan qadimgi turkiy tilning yuqoridagi uchta dialektida so‘zlashuvchi qabilalari uchun umumiy dialekt bo‘lgan, xuddi Aleksandr Makedonskiyning armiyasida koyne umumiy dialekt sifatida xizmat qilgani singari[1]. Bizningcha, qadimgi turkiy tilning shimoliy dialekti koyne vazifasini bajargan. Hozircha bu bizning taxminimiz. Kelgusida fikrlar yanada aniqlashuviga shubha yo‘q.
Biz yuqorida yozuv – ma’lum bir hududdagi tilning kelib chiqishi va xalqning etnogenezi uchun asosiy qurol ekanini aytib o‘tdik. Bu o‘zbek tilining tarixiy ildizi uchun birinchi dalil. Shu nuqtai nazardan baholansa, Xorazm o‘lkasida keng istifoda etilgan xorazm yozuvi eroniy yozuv tizimiga mansub ekanini aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu nazariy tushuncha fanga qachondan beri ma’lum. Milodiy birinchi asr boshlarida xunnlar Xorazmga kelganda, so‘ngra Xorazm turk xoqonligi tasarrufiga kirganda (milodiy VI asr o‘rtalarida) xorazm aholisini turkiylashtirish ancha oldinga siljidi. X asrda – Saljuq boshchiligidagi o‘g‘uzlar Xorazmni egallab olgandan keyin turkiylashtirish jarayoni yuksak cho‘qqisiga yetdi. Shunday ekan, o‘zbek tilining tarixiy ildizlari uchun qadimgi xorazm tili va yozuvini mezon yoki asos qilib olish o‘zini oqlamaydi. Aksincha, azaldan o‘troq hayot kechirgan Farg‘ona vodiysidagi lingvistik omillarga tayanilsa, masala ilmiy yechimini topgan bo‘ladi.
Farg‘ona vodiysining turli hududlaridan topilgan turkiy-run yozuvi yodgorliklari, Toshkent viloyati, Buxoroning Qizilqum cho‘lidan topilgan yozuv yodgorligi singari bir qator turkiy yozuv yodgorliklari milodiy VI–VII asrga mansub bo‘lib, Janubiy Sibir, Talas vodiysidan topilgan turkiy yozuvlar bilan zamondosh, hatto biroz oldinroq deb ham aytish mumkin. Shu bois O‘zbekiston hududidan topilgan turkiy-run yozuvi yodgorliklari o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini dalillashda asosiy vositadir.
Biz turkiy-run yozuvi o‘zbek tilining tarixiy ildizi uchun ishonchli manbalardan biridir deb qarar ekanmiz, turkiy-run yozuvi, turkiy tamg‘alar va bularning asosida yotgan qadimgi turkiy til haqida boshqa yodgorliklardagi tarixiy ma’lumotlar ham muhim ahamiyatga ega. Dalillarga murojaat etaylik:
Eletmish bilga xoqon bitiktoshida (759–760-yilarda yaratilgan, bu davrda turk xoqonligi tugatilib, uyg‘ur xoqonligi barpo bo‘lgan) shunday ma’lumot bor: Bing yilliq tuman kunluk bitigimin, balgumin bunta yasi tashqa yaratdim, tolqu tashqa toqutdim “Ming yillik, tuman kunlik yozuvimni, belgimni bu yerda yassi toshga o‘yishga buyurdim (so‘zma-so‘z “yarattirdim”), og‘ir toshga o‘rnattirdim”.
Moyun chur bitiktoshida ana o‘sha tarixiy ma’lumot aynan takrorlanadi. Bitiktoshning sharqiy tomoni 21-misrasida turk xoqonligini tugatib, uyg‘ur xoqonligini o‘rnatgan Moyun churning Aybash va Tukush degan joylarning chorrahasida yozni o‘tkazgani, o‘sha yerda chit, ya’ni chetan (devor) to‘qitgani haqida xabar beradi va “bing yilliq tuman kunluk bitigimin, balgumin anta jasi tashqa yaratitdim” – “ming yillik, o‘n ming kunlik (ya’ni abadiy) yozuvimni, belgimni yassi toshga o‘ydirib yozdirdim”.
Mana shu ikki parcha qadimgi turkiy tilning ildiziga ishora qilgan ishonchli, ayni paytda muhim tarixiy dalil sifatida e’tirof etilishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchi dalil – boshqa xalqlarning tarixiy manbalarida qadimgi turkiy til haqida saqlangan ma’lumotlar, qadimgi turkiy tilga oid matn parchalari ham o‘zbek tilining tarixiy ildizi haqida asosli so‘z yuritish uchun xizmat qiladi. Bu guruhga qadimgi Xitoy yilnomalarida saqlanib qolgan qadimgi turkiylar ajdodi xunlarning tiliga oid ma’lumotlar mansub. Turk olimi Tal’at Tekinning “Xunlarning tili” degan kichkina kitobchasida Chin yozma manbalarida saqlanib qolgan, ammo fonetik jihatdan o‘zgarishlarga uchragan qadimgi turkiy tildagi jumla bor. O‘nta so‘zdan iborat bu jumla ustida K. Shiratori, L. Bazen, Ramstedt, T. Tekin va boshqa bir qator yevropalik turkologlar shug‘ullanishgan. Qadimgi turkiy tilga mansub mazkur jumla Chin sulolasi tarixi to‘g‘risida miloddan oldingi 329 yilga oid “Chin shu” yilnomasida yozib qoldirilgan. Turkologlar bu jumlani xitoycha matn orasidan ajratib olib, xitoycha fonetik qoidalar asosida o‘qigan bo‘lsalar ham, hammalari bu jumlaning xun tilida, ya’ni qadimgi turkiycha ekanini e’tirof etganlar. Mana, o‘sha jumla:
Siu-ki ti-li-kang puh-koh ku-tu-tang
Siu-ki xu(ya’ni qadimgi turkiydagi su) tilida“qo‘shin, lashkar” ma’nosini, ti-li-kang “chiqmoq” ma’nosini bildiradi; su eski o‘zbek tilida, xususan, Oltin O‘rda eski o‘zbek tilida istifoda etilgan. Xun davridagi tilikang so‘zida L qadimgi turkiy tilga kelib sh ga aylanib, tashiqing (chiqing) shaklini olgan[2].Tash – hozirgi o‘zbek tilida tashqari so‘zida saqlangan. Bu o‘rinda lambdaizm (L – Sh) hodisasi bor bo‘lib, L – birlamchi, Sh – ikkilamchi, ya’ni keyingi davrda yuz bergan tovush o‘zgarishidir. Bu fonetik o‘zgarish oltoy tillariga yoki prototurk (bobo turk) tiliga mansub qoidadir. Xullas, jumlaning mazmuni quyidagicha bo‘lib chiqadi: Lashkar yo‘lga chiqadi, Lui Yaoni qo‘lga tushiradi.
Shu o‘rinda “Chin-shu” yilnomasida mazkur jumla quyidagi voqea munosabati bilan keltirilganini aytib o‘tishimiz kerak: xunlarning xu qabilasidan bo‘lgan Shi Lo boshqa xun rahnamosi Liu Yaoning raqibi bo‘lgan. Liu Yao miloddan oldingi 329 yili lashkari bilan poytaxt shahar Lo Yangni qurshab oladi. Shi Lo Liu Yao bilan jang qilmoqchi bo‘ladi, ammo qo‘l ostidagi qo‘mondonlarning birontasi buni ma’qullamaydi. Shi Lo rohib va folbin Fo Tu Tengga maslahat soladi. Fo Tu Teng doira shaklidagi bir qo‘ng‘iroqni chalib, undan chiqqan ovozga ko‘ra, xun tilida yuqoridagi jumlani bashorat qiladi.
Miloddan oldingi II asrga oid xitoycha yozuvdagi xun tiliga mansubchen-gli – teng-ri = tangri; ku-tu – kuo-duo = qut; shan-yu – dian-givo – dabgu, chabgu = yabgu; yen-chi yoki yem-chi – abchi = esh (hukmdorning xotini, xonim) so‘zlarining qadimgi turkiy tildagi va eski o‘zbek tilidagi so‘zlar bilan ma’no jihatdan aynanligi ham xun tilining o‘zbek tili qadimiy qatlamini o‘zida ifodalagan til ekaniga dalildir.
Xitoy yilnomalarining xun va turkiy qavmlarga oid qismlari hali to‘liq o‘rganilmagan, hamma manbalar ham tarjima qilinmagan. Kelgusida bu ishlar amalga oshsa, shubhasiz, o‘zbek tilining tarixiy ildizlariga oid dalillar yanada ko‘payadi, tilimizning tarixiy ildizlarini tasdiqlovchi dalillar bilan boyiydi. Ko‘pchilik tillarning ibtidosini yoki qarindoshlik aloqalarini dalillash uchun o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini qiyosiy usul (komparativistik metod) asosida tahlil qilish lozim. Xun tilidan boshlab hozirgi o‘zbek tiligacha leksik qatlamning yaqinligini dalillash uchun talab qilinadi. Rossiyalik turkiyshunos olimlar bu sohada ma’lum ishlarni amalga oshirishgan. Jumladan, XIX asr ikkinchi yarmida Rossiya turkologiyasida muhim nazariya sifatida qo‘yilgan qadimgi turkiy, yapon hamda koreys tillarining qarindoshligi masalasini marhum Sergey Starostin dalillashga harakat qilib, bir yuz o‘nta so‘zning bu tillarda kelib chiqishi bir ildizga borib taqalishni dalillab berdi. Ammo shunisi ham borki, hozirda jahon turkiyshunoslari so‘zlarning ma’lum bir tillardagi (noqardosh tillarni nazarda tutyapmiz) ma’no va shakl jihatdan o‘xshashligi yoki bir xilligi har doim ham tillarning qarindoshlik aloqalariga sabab bo‘la olmasligini aytmoqdalar. Bu – alohida mavzu.
Etnik jarayonga va so‘zlarga asoslanib, o‘zbek tilining qadimgi ildizi haqida xun tilidagi parchalar, ma’lum bir so‘zlar to‘laqonli ma’lumot berishini yuqoridagi jumla va so‘zlar dalillaydi. Xitoy yilnomalarida xun, keyinchalik qadimgi turkiy tilga oid so‘zlar, jumlalar, ayrim turkologlarning aytishicha, ikki yuzga yaqin.
Amerikalik olim Otto Menxen-Xelfen “Xunlarning tarixi va madaniyati”[3] kitobida xunlarning tiliga alohida bob bag‘ishlagan. U to‘plagan materiallarga asoslangan holda “Xunlarning tili haqida biz bilganlarimiz – bu ismlardir” (362-bet) deb hukm chiqaradi. Uning xunlar tili haqidagi qarashlari, asosan, got, german tillaridagi yozma yodgorliklarga asoslangan. Albatta, kotiblar o‘sha elatlarga tegishli bo‘lgandan keyin, xuncha so‘zlarni o‘z tillarining tovush tizimiga moslab yozganlari hammaga ma’lum qonuniyat. Xitoy yilnomalarida ham xuncha ismlar xitoycha ismlardan farq qilmaydi. Yuqoridagi jumla ham buni tasdiqlaydi. Xuncha ism xitoycha yozuvda va talaffuzda berilgani bois, tabiiyki, xun davridagi yoki qadimgi turk davridagi so‘zlarning fonetik shaklidan uzoqlashgan.
Biz bu o‘rinda Otto-Menxen-Xelfenning pozitsiyasi, manbaga tayanish tamoyillari noto‘g‘ri degan da’voni qilmoqchi emasmiz. Lekin uning “Xunlar Yevropaga borgunga qadar (bu milodiy 395 yilga to‘g‘ri keladi) o‘z yozuviga ega bo‘lmagan edi, Attilaning kotiblari xunlardan bo‘lmagan, balki rimliklar bo‘lgan” degan qarashlari Xitoy manbalarida saqlangan mavjud dalillarni inkor qilishga olib keladi. Eletmish Bilga xoqon va Moyun chur qadimgi turkiy yodgorliklaridan keltirilgan yuqoridagi “ming yillik, tuman kunlik” yozuvlar haqidagi ma’lumotlar xun, qadimgi turk va eski o‘zbek tillarining uzluksiz bir tizim holida davom etib kelganini ko‘rsatadi. Bu fikrlarimiz va keltirilgan dalillar turkiy tillarning geneologik tasnifi va davrlashtirishni qaytadan ko‘rib chiqishga undaydi. N. Baskakovdan boshlab hozirgi olimlar taqdim qilgan tasniflarda, nazarimizda, geneologik va geografik mezonlar aralashtirib yuborilganday taassurot qoldiradi.
Miloddan oldingi IV asrda xunlar haqida yozib qoldirilgan xitoy yilnomalarini, ehtimol, undan oldingi yilnomalarni ham, sinchiklab o‘rganish o‘zbek xitoyshunoslarining muhim vazifalaridan biri sanaladi. Shuningdek, skifologiyani ham bu sohaga jalb qilish lozim. Skiflar tilining so‘z qatlami ham o‘zbek tilining tarixiy ildizlariga tayanch manbalardan biri bo‘lgan deb hisoblansa, ayni haqiqat bo‘lardi.
Umuman olganda, o‘zbek tilining tarixiy ildizlari chuqur ekanini dalillaydigan tadqiqotlar davom etishi lozim. Buning uchun esa turkiyshunoslik fan sifatida O‘zbekistonda qaror topishi va bizning mamlakatimiz jahon turkiyshunosligining markazi bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son
________________
[1] Materialы iz Vikipedii: Koyne
[2] Talat Tekin. Hunlarning dili. Ankara, 1 basim, 1993, s.37.
[3] Otto Menxen-Xelfen. Istoriya i kultura gunnov. M.: Sentrpoligraf, 2014, 362-bet.
Nasimxon Rahmon – filologiya fanlari doktori, professor. 1952 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirgi FarDU) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. “Toshga bitilgan kitoblar”, “Inson ruhining sadosi”, “Bitiglar olamida”, “Turk xoqonligi”, “O‘zbekistonning ko‘hna turkiy-run yozuvlari” kabi kitoblari chop etilgan.