Ulug‘ rus adibi N.V.Gogolning biografiyasi bilan tanishsangiz, uning dunyoga kelishi, umr kechirishi, asarlarining yozilish tarixi, zamondoshlari bilan munosabatlari va, hatto vafoti borasida ham ajabtovur ma’lumotlarga duch kelasiz.
Nikolay Vasilevich Gogol tug‘ilishidan birmuncha oldinroq (taxminan XIX asr boshlarida), otasi Vasiliy Afanasevich Gogolning qaylig‘iga – Mariya Ivanovnaga yozgan xatidan bir parcha manbalarda saqlanib qolgan: “Azizim Mashenka! deb yozadi yosh oshiq o‘z ma’shuqasiga, – Oramizga tushgan ko‘pgina to‘siqlar bugun meni sizning yoningizda bo‘lishdek baxtdan mosuvo qildi. Sog‘ligimning zaiflashayotganligi ko‘nglimni dahshatli xavotirga solayotir, yuragimni g‘am-tashvish yemirib tashlayotir. Alvido, ey dunyodagi eng a’lo do‘st! Salomat bo‘ling, men haqimda hech xavotirlanmasligingizni o‘tinaman. Shuni komil ishonch ila ayta olamanki, sizning sodiq do‘stingiz – bu bandayi baxtiqora Vasiliy dunyoda hech kimni sizni sevganchalik seva olmagay va izzat qila olmagay… Ushbu mahzun maktubimni ota-onangizga ko‘rsatmasligingizni o‘tinaman. Nimalar deb yozayotganimni o‘zim ham bilmayman”. Mazkur parcha ko‘pchilik gogolshunos tadqiqotchilarning taxminicha, aynan mana shu oshiq – ma’shuqlar (ya’ni, adibning ota-onasi)ning nazokatli, noyob – nodir muomalalari yozuvchining “Mirgorod” kitobidan o‘rin olgan “Qadimgi zamon pomeshchiklari” qissasidagi Afanasiy Ivanovich va Pulxeriya Ivanovnalar timsolida tasvirlangan.
N.V.Gogol 1809 yil 1 aprel kuni Mirgorod uyezdining Katta Sorochino qishlog‘ida mana shu aslzoda pomeshchiklar oilasida tavallud topdi. Uning bobosi Afanasiy Gogol – Yanovskiy Kiyevdagi diniy akademiyani tamomlab, Mirgoroddagi polk devonxonasida ishlagan. Uylanganida xotini uchun bir qishloqni sep o‘rnida olgan (bu qishloq keyinchalik Nikolayning otasi Vasiliy Afanasevichning sharafiga “Vasilevka” deb atalib ketadi). Vasiliy Afanasevichning o‘zi ham ukrain tilida komediyalar ijod qilgani ma’lum. 1805 yilda u qo‘shni qishloqlik pomeshchik Kosyarovskiylarning qizi Mariya Ivanovnaga uylanadi. Bu oilada birin-ketin o‘g‘il-qizlar (Nikolay, Ivan, Anna, Yelizaveta, Olga) tug‘ilib, voyaga yeta boshlaydi. 1818 yilda Nikolay va Ivanni Poltavadagi uyezd bilim yurtiga o‘qishga beradilar. Keyinchalik Nikolay o‘qishini Nejin shahridagi Oliy fanlar gimnaziyasida davom ettiradi. Badiiy ijodga qiziqish, xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish ishtiyoqi Gogolda o‘sha yillarda boshlanganini sezish mumkin. Gimnaziyachi Nikolay shu yillari bobolarining familiyasidagi polyakcha-ukraincha ohangdagi “Gogol – Yanovskiy” degan so‘zlarni qisqartirib, o‘ziga faqat “Gogol” degan so‘znigina familiya sifatida qoldiradi. Nikolay 16 yoshga to‘lganida otasi vafot etadi.
Nikolay 19 yoshida Nejindagi gimnaziyani tamomlagach, aktyor bo‘lish umidida Peterburgga yo‘l oladi. Shu shaharda yashab yurib Ukraina dehqonlari hayoti tasvirlangan “Dikanka qishlog‘i oqshomlari” kitobini yozadi. Endi uning niyati Ukrainaning o‘rta asrlardagi tarixiga bag‘ishlangan kitob yozish edi. Gogolning niyati amalga oshmadi-yu, lekin u shu niyatda to‘plagan materiallari asosida Peterburg universitetida talabalarga ma’ruzalar o‘qiydi. Gogolning “Malorossiya tarixidan parchalar” asari o‘sha yillar mehnatining samarasidir. Uning “Mirgorod” kitobiga kirgan “Taras Bulba”, “Viy”, “Shinel” va boshqa qator hikoya va qissalari yosh adibni tezda Rossiya ziyolilari orasida ma’lum va mashhur qilib yubordi.
1836 yilda uning shoh asari – “Revizor” dunyoga keldi. “Revizor” (1835 yilda yozilgan, so‘nggi tahriri 1842 y). “Bir ajoyib komediya yaratayki!” deb, Pushkindan syujet so‘rab olgan Gogol endi yozilajak komediyasining “dunyodagi eng g‘aroyib tomosha” bo‘la olishini bashorat qildi. Gogol bu komediyasini ikki oy ichida yozdi, bir necha marotaba tahrir qildi. Nihoyat, 1842 yilgi oltinchi tahriridan so‘ng bu komediyani e’lon qildi.Asar Rossiyadagi yiroq shaharlardan biriga “inkognito” (yashirin, maxfiy) tarzda tashrif buyurgan, maxfiy ko‘rsatmalarga binoan kelgan taftishchi haqida. Agar adib bu shahardagi amaldorlar taftishchi deb gumon qilinayotgan kishi oldiga kelib, o‘zlarining ish faoliyatlarida yo‘l qo‘yayotgan, amalga oshirayotgan jinoyatlari uchun pora taklif qilishlarini, atrofida ming aylanib, o‘rgilib, parvona bo‘lishlarinigina tasvirlab qo‘ya qolganida edi, komediya jo‘ngina bir asarga aylanib qolgan bo‘lardi. Yo‘q, Gogolning mahorati shundaki, ularning xatti-harakatlari orqali zamona amaldorlarining nihoyatda nodon va dumbulligini ham, beqiyos jirkanch qilmishlarining sababini ham, qahramonlarning ham ayanchli, ham kulgili qirralarini dunyo ko‘zi oldida fosh qilib tashladi.
Bu komediyaning sahnaga chiqishi Gogolning shuhratiga shuhrat qo‘shdi Shundan keyin u “O‘lik jonlar” romanini yoza boshlaydi, Rossiyada yozila boshlagan roman keyinchalik Gogol chet el sayohatiga jo‘nab ketgan paytda ham (1836 yil, iyun) davom etib, muttasil olti yil mobaynida qog‘ozga tusha borgan. Bu yillarda N.V. Gogol Germaniya, Shveytsariya, Frantsiya, Italiya mamlakatlarida (o‘n ikki yil) yashaydi, ora-orada Rossiyaga ham kelib- ketib turadi.
“O‘lik jonlar” asarining syujetini ham Gogolga A.S.Pushkin aytib bergan edi. Gogol o‘zini Pushkinning shogirdiman deb bilar, “O‘lik jonlar”ni shoirning tabarruk vasiyati deb atardi. Umuman olganda, bu asar – Pushkin ijodi bilan XIX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan rus realist adiblari o‘rtasidagi ko‘prikdir. Gogol bu asari bilan adabiyotga tanqidiy ruh bag‘ishladi va bu ruh ijtimoiy tafakkur taraqqiyotida juda ulug‘ o‘rin tutdi. Kitobning birinchi jildi 1841 yil may oyida “O‘lik jonlar yoki “Chichikovning sarguzashtlari” nomi ostida chop etildi.
Tadqiqotchilar fikricha, Gogol umrining oxirlarida asab kasalligi, jizzakilik (nevrasteniya) kasalligiga yo‘liqadi, bu kasallikdan qutulolmay, ko‘p hollarda og‘ir depressiya holatiga ham tushib qoladi. Yoshlik yillarida, kamolot pillapoyalarida tevarak atrofga, hayotga, odamlarga kinoya ko‘zi bilan qarab, oddiy voqealar mazmunidan ham o‘tkir kulgi topa oladigan ulug‘ adib endi sal narsadan g‘alva chiqaradigan, jizzaki, hammani axloqsizlikda ayblaydigan odat chiqaradi. Hayotining so‘nggi yillarida u “Revizor”ning davomini,”O‘lik jonlar” romanining ikkinchi qismini (Chichikovning qayta tarbiyalanish jarayonini) yozdi, “Do‘stlar bilan yozishmalardan tanlangan sahifalar” (1847) kitobini e’lon qildi. So‘nggi asari uchun u tanqidchi Belinskiyning keskin tanqidiga uchradi. 1850 yilning bahorida grafinya Anna Mixaylovna Viyelgorskaya (1823 – 1861) ga oila qurish ma’nosida og‘iz soladi. Ammo uning bu taklifi rad qilinadi.
Shu kabi muvaffaqiyatsizliklar sabab bo‘lib, Gogolning o‘ziga bo‘lgan ishonchi butkul so‘nadi.1852 yil fevral oyining sovuq bir tunida u hayotidagi eng qaltis ishga qo‘l uradi – o‘n yillab yozib kelgan “O‘lik jonlar” romanining ikkinchi qismini, boshqa asarlarining qo‘lyozmalarini olovga tashlaydi. Uyida xizmat qilib yurgan Semyon degan bolakay xo‘jayini nima qilayotganini ko‘rib, oyoqlariga yiqilib, bunday qilmasligini so‘rab yig‘lab-yolvoradi. Ammo Gogol ortga chekinmadi. Qo‘lyozmalar yonib, kulga aylangach, aqldan ozay deb qolgan adib, cho‘qinib, Semyonning peshonasidan o‘padi-da, to‘shakka ag‘darilib, ho‘ngrab yuboradi. Uning yashagisi kelmay qolgan edi. Gogol holdan toyib, eng dahshatli depressiya holatiga tushib qoladi, yetib kelgan shifokorlarni xonaga kiritmaydi. Oradan o‘n kun o‘tib, Gogol dunyo bilan xayrlashadi.
Gogol qisqa, mashaqqatli hayot kechirdi. Shu qisqagina umri mobaynida yozgan asarlari bilanoq rus adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham zabt etib bo‘lmas cho‘qqi, mohir adib darajasiga erisha oldi. Gogol ijodi va hayotini tadqiq qilgan olimlar, adiblar uning taqdiriga xos bo‘lgan bir-biridan g‘aroyib voqealarni qalamga olganlar. Yozuvchining so‘nggi kunlari, vafoti bilan bog‘liq xotiralarning qanchalik rost yo yolg‘onligidan qati nazar, u o‘limi oldidan yozib qoldirgan iqrornomasida shunday deydi: “Bilamanki, mening nomim o‘zimdan ko‘ra baxtliroq bo‘ladi…” Gogolning mana shu bashorati haqiqat bo‘lib chiqdi.
Muzaffar Ahmad tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son