Tomas Sternz Eliot (Thomas Stearns Eliot, (1888–1965) ijodiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq tanqidiy va matnshunoslik tadqiqotlari mavjud. Amerikalik munaqqid Irvin Erenprays (Irvin Ehrenpreis, 1920–1985) fikricha, “Eliot she’riyati insonning shuurigacha, chuqur axloqiy va ruhiy qatlamlarigacha singib boradi. Eliot yashirin, sir tutilgan his-tuyg‘u va fikr-mulohazalarimizning o‘zgaruvchan, mantiqqa zid tabiatini tushungan, ushbu paradoksni o‘z uslubida ifodalashga harakat qilgan. Eliot uslubi sintaksis va ma’no buzilishlari bilan ajralib turadi, shu tariqa o‘quvchining diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb qiladi, badiiy ijodning vazifa va qadriyatlariga yangicha qarashga undaydi”.
Britaniyalik adabiyotshunos olima, Kembridj universiteti professori M.K. Bredbruk (Muriel Clara Bradbrook, 1909–1993)ning yozishicha: “Eliot oldida turgan ikki vazifa shundan iborat ediki, u, shoirlar muallimi Arastu o‘rgatganidek, ko‘zguni tabiatga ro‘baro‘ tutib o‘z davrining talqinini topishi, va shu bilan birga haqiqiy mukammallik namunalariga amal qilishi lozim edi”.
XX asr modernizm adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan frantsiyalik Pol Klodel va Pol Valeri, olmoniyalik R. M. Rilke va G. Benn, amerikalik E. Paund va R. Frost, rossiyalik Aleksandr Blok (1880–1921) va Boris Pasternak (1890–1960), angliyalik U. X. Oden, G‘arb va Sharq tamaddunlari tadqiqotchisi, meksikalik O. Pas, polshalik Ch. Milosh singari shoirlar qatorida Tomas Sternz Eliotning ham munosib o‘rni bor. Eliot ijodi timsolida insondagi ziddiyatli xislat va fazilatlar mujassam etilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning “Evropa zavoli” (O. Shpengler) mavzuida yaratilgan o‘ta murakkab, munqariz ruhdagi “Hosilsiz zamin”poemasi o‘z muallifini XX asr G‘arb she’riyatining shohsupasiga olib chiqdi.
Tomas Eliot ijodining ilk davrida Ezra Paund va Virjiniya Vulf kabi qalamkashlar bilan yaqindan do‘stlashadi. Bu qalamkashlar o‘tmish bilan bugun o‘rtasida aloqa uzilganligini, zamonaviy hayot xaosga aylanib borayotganini chuqur his etgan holda, diniy qadriyatlarning nisbiyligini anglab yetgan edilar. Bu holat Eliot dunyoqarashida va uning ijodida tartiblilikka, uyg‘unlikka intilish bilan mujassamlashib bordi. Ayni paytda bu xususiyat Eliot uchun nafaqat nasroniy dinga imon keltirish, balki XX asr o‘rtalariga kelib konservatizm timsoliga, qolaversa, nasroniy madaniyat sohibiga aylanishiga ham zamin yaratdi. Ushbu an’ana “yog‘du”sida u she’riyat nomidan dunyo va o‘z-o‘zi bilan faylasufona suhbat, jiddiy bahs-munozara, ta’bir joiz bo‘lsa, dramatik dialog olib borishga qodir Shoir sifatida namoyon bo‘lishiga ham monelik ko‘rsatmadi. Ko‘p jihatdan ushbu sermazmun va purma’no dialog tufayli “XX asr g‘arb formalizmi” (qator fanlarda shaklni mazmundan, nazariyani amaliyotdan ajratishga intiluvchi idealistik yo‘nalish – M.X.) hodisasi vujudga keldi.
Shubhasiz, bunday pozitsiya qarama-qarshi nuqtai nazar, bir-biridan keskin farq qiluvchi, gohida ma’qullovchi, gohida qoralovchi qarashlarni vujudga keltirgan edi. Bugun ham Eliot ijodi xususida ma’lum bir ma’noli fikr yo‘qligini ta’kidlash lozim. Masalan, so‘l nuqtai nazardan qaraganda, Redyard Kiplingdan so‘ng Eliotga “ingliz imperializmi qasidanavisi”, “yo‘qotib bo‘lmas illatlarni vasf aylaguvchi mutakabbir”, “elitar qofiyaboz” deguvchi tamg‘alar bosib kelinadi. U “ma’rifatparvarlik niqobi ostidagi jahongir”ligi, “takroriy ijodi”, “ikkilamchi she’riyat”, “zo‘rma-zo‘raki bitilgan she’rlarining shavqsizligi”, “she’rlaridan sovuqlik ufurib turganligi” uchun keskin tanqid ostiga olindi. Bugunga kelib shoirning ushbu, so‘zsiz, salbiy fikrlarga irqiy va diniy masalalarda siyosiy boadablik yetishmasligi xaqidagi ayblovlar ham qo‘shildi.
O‘ng nuqtai nazardan olib qaraganda esa, 1948 yil Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Tomas Eliot, o‘z-o‘zidan ma’lumki, olqishlandi, uning ijodiga hamdu sanolar aytildi, maqtov so‘zlar qanotida ko‘klarga ko‘tarildi. Lekin – qiziq vaziyat – nafaqat qalam ahli, ayniqsa taqlidgo‘y va maddohlar, balki kitobxonlar ham Eliotning “ziyolilarcha nafis va siyosatdan yiroq she’riyati” nimalardan iboratligini unchalik ham tushunmasdan, borligicha qabul qilib keldilar. Eliot o‘z ijodining barcha bahsli va munozarali jihatlariga qaramasdan, amalda, zamondoshlari orasida eng noyob iste’dod sohibi sifatida maydonga chiqdi. U so‘zga, aniqrog‘i, so‘zning moddiy tus olishiga ishonchi komil ijodkordir. U mumtoz she’riyatning realligi, yoxud uning mukammalligi va namunaviyligiga ishongan shoir. Bu xususiyatlar Eliotni simvolizm tarafdorlari bilan yaqinlashtiribgina qolmasdan, balki barcha bilimlarning nisbiyligini metafiziklarcha mutlaqlashtirib, voqelikni ob’ektiv ravishda bilish mumkinligini inkor etadigan metodologik printsip ustunlik qilgan bir paytda shoirona did, sanoyi nafisa mavjudligi va aynan uning ustun turishi xususidagi fikrni qaysarlik bilan ilgari surishga undadi. Eliotning fikricha, shoirona did – bu estetika tamoyillariga asoslangan dunyoqarashlar majmui bo‘lib, adabiyotdagi o‘zboshimchalik, parokandalik, me’yordan chiqib ketish, surbetlik va beadablik davrida “yaxshi yozilgan she’r” va “yomon yozilgan she’r” o‘rtasida aniq chegara mavjudligi haqida eslatib turadigan mezondir. Binobarin, “romantizm”, “dekadans”, “she’riy harakat”, “hissiyot” kabi so‘zlar Eliot dunyoqarashida, voqelikni his etishida, qolaversa, ijodida muayyan adabiy ma’noga ega bo‘lib chiqdi.
Shu bilan birga, Eliot ijodi adabiyot, ayniqsa she’riyatda boshqa jihatlar xam mavjudligi haqida bizni xabardor kilib turadi . XX asr adabiyotiga nazar tashlasak, Eliot 1920–1930 yillarda ijod qilgan kam sonli mashxur shoirlar qatorida alohida ajralib turadi. Bu ijodkorlar “so‘l/ o‘ng”, “realizm / modernizm”, “taraqqiyot / tanazzul” kabi antitezalarni bir yoqlama tushunilishdan olib chiqibgina qolmasdan, balki ularga yangicha ma’no bag‘ishlash, yangicha tus berish, aniqrog‘i ularga zamonga xos va mos nuqtai nazardan yondashishga muvaffaq bo‘ldilar. Ular adabiyot (nasr va nazm – M.X.) ni “o‘ng” tomon (Ezra Paund, U. Lyuis, Driyo lya Roshel, Selin, E. Bertram, E. Yunger )ga ham emas, “so‘l” tomon (Romen Rollan, Lui Aragon, G.Mann, G.Lukach, B.Brext)ga ham emas, balki “yuqori”ga, yuksaklikka yulladilar. Ushbu “yuqori”ga intilishni ekzistentsializm tarafdorlari (Jan Pol Sartr, Alber Kamyu) teskari, ya’ni dunyoni shaxsiy hissiyot orqali anglash, sub’ektiv fikr-mulohaza yuritish tomon burishdi. Shak-shubhasiz, 1930–1950 yillarda ekzistentsializm ruhidagi nasr o‘quvchilarni o‘ziga maftun qilib, ularning diqqatini ko‘proq jalb etgan edi. Shunga qaramasdan, G.Grin, J.Mariten, Fransua Moriak, Jan Bernanos, J. Grin, S. Veyl, Alfred Dyoblin, Nikolay Berdyayev singari yozuvchi va mutafakkirlarning dorilbaqoga emas, dorilfanoga ishonishi, burjuaziya tamadduni “ma’buda”laridan ixlosi qaytishi, umidlari havoga sovurilishi mustabid tuzumlarning “me’yoriy qadriyat”lari kabi imon-e’tiqod sifatida namoyon bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, so‘l yoki o‘ngga emas, “yuqori”ga intilish ular uchun shaxsiy erkinlik qaror topishi, ya’ni hayotdan zavqlanish, orombaxsh tabiat noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lish, toza havodan to‘yib nafas olish, shaffof buloq suvidan qoniqib ichish, ilhom qanotlarida she’riyat osmoniga ko‘tarilish, she’riyat ummoni to‘lqinlarida suzishni anglatardi. Bu jihat birinchi jahon urushidan oldin adabiyotga qadam qo‘ygan va ijod qilgan san’atkorni “birinchi jahon urushi do‘mbiralarining gumbirlashida” (A. Kamyu) o‘sgan ijodkordan farqlab turardi. Shuningdek, urushda qatnashgan va uning oqibatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ijodkorni, eng avvalo, nasroniy din g‘oya va tamoyillariga amal qilib yashayotgan Yevropa madaniyati va san’atidagi badiiy sintez, adabiy an’analarga tayanishga undadi.
Alhosil, Eliot, AQShdan Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tib, Yangi Dunyo (AQSh) va Eski Dunyo (Evropa) ishbilarmonlik (tijorat, sanoat, kundalik turmush tarzi va hokazo) etikasi hamda ma’naviy-axloqiy mezonlar o‘rtasidagi keskin tafovutga e’tibor qaratibgina qolmasdan, balki birinchi muhojirlardan, qolaversa XX asr adabiyotida “yo‘qotilgan avlod”ning birinchi namoyandalaridan bo‘ldi. Ha, Eliot asli polshalik, biroq Angliyada umrguzaronlik qilgan adib Jozef Konraddan farqli o‘laroq tilini o‘zgartirmadi, rus emigratsiyasining birinchi avlod yozuvchilari kabi siyosiy maslagi va e’tiqodi uchun ta’qiblarda yurmadi. Biroq Eliotning tanlagan yo‘li boshqa bir amerikalik yozuvchi, umrining oxirida Buyuk Britaniya fuqaroligini qabul qilgan Genri Jeymsning hayot yo‘lini eslatadi, eng muhimi, shaxsiy va badiiy tajribalari xususida fikr yurgizishga undaydi. Garchi bu yo‘l Eliotga ochiq-oydin ko‘rinib turganligiga qaramasdan, u osonlikcha tanlangani yo‘q. Yevropa va uning “muqaddas toshlari”siz Eliot o‘zini noqulay his etardi, unga bir narsa yetishmayotgandek tuyulardi. Shuningdek, Eliot vatanida ham o‘zini omadsiz sezar, tasavvurida faqat Yevropada u haqiqiy shon-shuhratga, kamolotga erishadigandek tuyulardi. Ta’kidlash joizki, Eliot ajdodlari vatani bo‘lmish Angliya tarixi bilan xam doimo qiziqqan. Hatto universitetda o‘qib yurgan paytlari do‘stlari yarim chin, yarim hazil qilib uni “talaffuz va fuqaroligidan tashqari haqiqiy ingliz” deb atashardi. Shoir uzoq o‘y-fikrlardan so‘ng, hayotidagi hamma narsani taroziga solib, G‘arbiy Yevropada XVI asrdan boshlab katolitsizmdan ajralib chiqqan protestant mazhabi (anglikan cherkovi akidalariga amal qiluvchi mazhab)ni, 1927 yilda esa Buyuk Britaniya fuqaroligini qabul qildi.
Darhaqiqat, Eliotning o‘z diniy mazhabi va fuqaroligini o‘zgartirishi xususidagi ruhiy kechinmalari “Kul rang chorshanba” poemasida o‘z ifodasini topgan. Kulrang chorshanba – bu katolitsizm mazhabidagi ulug‘ ro‘zaning ilk kuni nomi. Bu – o‘z fikr-xayollariga cho‘mish, kechmish-kechirmishlar bilan band bo‘lish hamda qilgan gunohlari uchun tavba-tazarru keltirish, qilmishlariga pushaymon bo‘lish, Xudoga sajda kilish kunidir. Ayni paytda bu kun – kelajakda ma’naviy poklanish, gunohlardan forig‘ bo‘lish, qalbning yuksalishdan umidvorlik, murodbaxsh kun hamdir. Poemani shoirning din va e’tiqod kechinmalari, chuqur o‘y-fikrlarining murakkab tasviri deb ham talqin qilish mumkin. Shoir o‘z qalbi qa’rida yashiringan o‘y-xayollari xususida bayon qilarkan, uni qiynayotgan, yuragiga g‘ulg‘ula solayotgan jiddiy sinov, riyozat bilan kurashadi, dunyoni tark etib Xudoga yaqinlashishga intiladi. Darvoqe, poemaning:
Because I do not hope to turn again
Because I do not hope
Because I do not hope to turn
Chunki men yana qaytishimga ishonmayman
Chunki men ishonmayman
Chunki men qaytishimga ishonmayman
(so‘zma-so‘z tarjima bizniki)
mazmunidagi nidolardan boshlanishi bejiz emas, albatta. Ayni paytda Bibi Maryam va Dantening Beatrichesi, jannatdagi Bog‘i Eram va o‘rta asrlarga xos bo‘lgan ramziy “uch oq qoplon” obrazlari shunday bir samimiy his-tuyg‘ular bilan to‘yintirilganki, ushbu mavhum obrazlar ortida shoirning ruhiy kechinmalari mavjudligi ayon bo‘ladi.
Eliot dasturilamal sifatida qabul qilgan an’anaviylik (eski an’analarga amal qilish) hamda uning shaxsi bilan bog‘liq bo‘lgan modernist yozuvchining nasroniy dinga murojaat qilishi o‘z-o‘zidan vujudga kelgan emas, balki ushbu qalam ustasining qo‘lga kiritgan ijodiy yutuqlari sabab bizga ma’lum.
XX asr G‘arb she’riyati ko‘plab ixlosmandlari shoirning “J.Alfred Prufrokning ishqiy qo‘shig‘i”, “Hosilsiz zamin”, “To‘rt kvartet” poemalaridan olingan satrlarni yoddan bilishadi. Shak-shubhasiz, Tomas Sternz Eliot yuksak mahorat sohibi, nozik didli shoir sifatida olamshumul shuhrat qozondi. Uning hayoti haqida yangi-yangi kitoblar yozilmoqda, ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratilmoqda. Rus shoirlari ichida ham Eliot ixlosmandlari ko‘p. Ular (masalan, Nina Berberova, Iosif Brodskiylar) faqat tarjima kilish bilangina cheklanib kolmasdan, balki Eliot satrlaridan ilhom ham olgan deb ayta olamiz (Anna Axmatovaning “Qahramonsiz poema”, I. Brodskiyning qator she’rlarini eslang). Nafsilamrini aytganda, Eliot she’riyati hali o‘zbek zaminiga ko‘chib kelganicha yo‘q. XX asr G‘arb modernizm darg‘alaridan bo‘lgan shoir ijodidan o‘zbek tiliga hali ko‘p-ko‘p tarjimalar qilinishiga umid bog‘lab qolamiz. Hozircha esa ushbu “xamir uchidan patir” qabilidagi ilk tarjimalarni e’tiboringizga havola qilamiz. Shoir Humoyun ularni rus tilidan o‘zbekchalashtirgan.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son