Zahiriddin Muhammad Bobur adabiyot, san’at, tarix va ilm-fanning turli jabhalarida bebaho asarlar yaratdi. Uning eng yirik asari “Boburnoma”dir. Yevropalik sharqshunos olimlar P. de Kurteyl, H.Vamberi, Elfinston bu asarni qadimgi rim imperatori Yuliy Sezarning “Xotiralar” (asar “Galliya urushi tarixi” va “Fuqarolar urushi tarixi” nomli ikki qismdan iborat – M.X.) kitobi bilan bir qatorga qo‘yib baholagan edilar.
Evropa ilm ahliga Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ilk bor ma’lumot bergan frantsuz sharqshunosi Bartoleme d’Erbelo (1621–1695) hisoblanadi. D’Erbelo o‘zining “Sharq kutubxonasi” (1697) qomusidagi “Bobur yoki Bobar” maqolasida Boburning hayoti, uning davlati va sarkardalik mahorati, adabiyot va san’atga qiziqishi haqida ma’lumot berib o‘tadi. “Boburnoma”ni Yevropaga birinchi bo‘lib tanitgan olim esa gollandiyalik Vitsen bo‘ldi. Vitsen “Boburnoma”dan olingan parchalarni tarjima qilib, 1705 yilda nashr ettiradi.
Frantsuz sharqshunosligida Bobur ijodini o‘rganish, u haqida tadqiqotlar yozish XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. 1773 yilda sharqshunos A. de Longperye o‘zining “Asarlar” to‘plamida “Xatti Boburiy” haqida” maqolasini e’lon qildi. Muallif “Xatti Boburiy” xususida fikr yuritarkan, Bobur alifbosi murakkab arab alifbosidan o‘zining soddaligi va yozuvga qulayligi bilan farq qilishini ta’kidlab o‘tadi.
XIX asrga kelib Yevropa, xususan, frantsuz sharqshunosligida Bobur merosini o‘rganish, uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlanadi. Bu yillarda “Boburnoma”ni frantsuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o‘rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda frantsuz olimlari e’tiborga molik tadqiqotlar yaratishdi.
Asarni frantsuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos Anri Jyul Klaprot (1783–1835) birinchilardan bo‘lib kirishadi. 1824 yil A.Klaprotning “Sulton Bobur yoxud “Boburnoma” tarixiga oid kuzatishlar” maqolasi bosilib chiqadi. Markaziy Osiyo va Sibirda yashagan xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotini yaxshi bilgan Klaprot Yevropa sharqshunosligida “Boburnoma” xususida ilk bor to‘laqonli fikr yuritgan edi. Muallif “Boburnoma”ning ayrim boblarini frantsuz tiliga o‘girib, o‘z tarjimalarini asl nusxa bilan qiyosiy tahlil qiladi va asar matnining lisoniy jihatlari haqida xulosalar chiqaradi.
1854 yilda Parijda “Hozirda va qadimda yashagan tarixiy shaxslar hayoti” nomli kattagina kitob chop qilinadi. Mazkur kitobdan sharqshunos M Langle (1763–1824)ning “Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi” nomli maqolasi ham o‘rin olgan edi. Maqolada Bobur haqidagi avvalgi manbalarga nisbatan ancha boy material berilgan.
XIX asrning oltmishinchi yillari mashhur frantsuz leksikografi Per Larussning ko‘p jildli “XIX asr katta frantsuz qomusiy lug‘ati” nashr etiladi. Lug‘atning ikkinchi jildidan o‘rin olgan “Zahiriddin Muhammad Bobur” maqolasi diqqatga sazovordir.
Maqola muallifi “Boburnoma”ning yozilishi va boshqa tillarga tarjima qilinishi tarixiga to‘xtalib, “bu asar, darhaqiqat, juda qiziqarli bo‘lib, hali Frantsiyada qariyb ma’lum emas. Turkiy-chig‘atoy tilida yozilgan bu kitob dastlab forsiyga tarjima qilindi va Hindiston musulmonlari orasida shuhrat topdi”, – deb yozadi.
Per Laruss “Boburnoma”ning yozilishi haqida o‘z fikrini quyidagicha bayon qilgan: “Boburda “Boburnoma”ni yozish fikri hayotining qaysi yillarida tug‘ilganligi noma’lum, bu haqida kitobning biron joyida ham yozilmagan. Bizningcha, Bobur o‘z asarini Hindistonda hukmronlik qilgan yillarida yozgan bo‘lishi kerak”. Darhaqiqat, “Boburnoma”ning qachon yozilganligi haqidagi aniq ma’lumot mavjud emas. Bobur va boburiylar davri adabiyotini chuqur o‘rgangan o‘zbekistonlik professor N.Mallayev bu haqida quyidagilarni yozadi: “Bobur siyosiy faoliyatining dastlabki yillaridan boshlab o‘z sarguzashtlari va turli xil tarixiy voqealarni xotira daftarida aks ettirib borgan va keyinchalik mana shu xotira daftari “Boburnoma”ni yaratishga asos bo‘lib xizmat qilgan. U “Boburnoma”ni qachon yozishga kirishgani ma’lum emas. Biroq asarning ayrim o‘rinlari uning ko‘proq qismi Hindistonda yozilgani yoki qayta tahrir qilinganini ko‘rsatadi”. Yuqorida keltirganimizdek, bu jihatdan frantsuz va o‘zbek olimining fikrlari bir-biriga yaqindir.
Per Laruss qomusidagi maqola muallifi “Boburnoma” matnining badiiyligi xususida mulohaza yuritarkan, aniq xulosalar chiqarishga harakat qiladi. “Uslubi jihatidan, – yozadi muallif, – asarning birinchi va ikkinchi qismining boshlanishi juda qiziqarli yozilgan, voqealar turli detallarga boy, xronologik izchil, ifoda soddaligi va ravonligiga katta e’tibor qaratilgan”. Shuningdek, maqolada “Boburnoma”ga chizilgan miniatyuralarga ham alohida to‘xtalingan.
Darvoqe, venger sharqshunosi Herman Vamberi 1873 yil Sankt-Peterburgda nashr qilingan “Buxoro va Transaksoniya tarixi” asarida “Boburnoma”ni “Sharq Sezarining xotiralari”, deya baholaydi. Diqqatga molik tomoni shundaki, Per Laruss qomusidagi maqolada bu haqda Vamberidan oldinroq quyidagicha ta’rif berilgan: “O‘quvchida “Boburnoma” xuddi Rim imperatori Yuliy Sezarning “Xotiralar” kitobini eslatadi. Ha, Sezar “Xotiralar”i bilan bu asar o‘rtasida ko‘p o‘xshash jihatlarni kuzatish mumkin. Ikkala muallif ham voqealar bayoniga, haqqoniyligiga bir xil tasvirda yondashadilar, ikkalasida ham urush taktikasi bir xil aniqlikda, talabchanlikda yoritilgan, geografik joylar tasvirini berishda ayrim yaqinliklar ham mavjud. Biroq turk hukmdori (ya’ni Bobur – M.X.) qalamida qahramonlar kayfiyatini, ichki va tashqi dunyosini chizishdagi mahorat Rim imperatorinikiga qaraganda badiiy jihatdan ustunroq. Ya’ni, birinchisi o‘z kitobida turli xil maroqli va jozibali sarguzashtlarni rivoyat va latifalar, xalqona yumor, maqol va matallar yordamida badiiy mahorat bilan tasvirlaydi”. Maqola so‘ngida “Boburnoma”ning fors va ingliz tiliga qilingan tarjimalari, bu tarjimalardagi ayrim kamchiliklar xususida ham fikr bildirilgan.
Bobur merosini o‘rganish, “Boburnoma”ni tarjima va lisoniy tahlil qilishda frantsuz turkologi Anri Pave de Kurteyl (1821–1889)ning xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Frantsiya kolleji turkiy tillar kafedrasi mudiri, Frantsiya akademiyasi a’zosi, Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi bo‘lgan Pave de Kurteyl vatani turkologiya ilmining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning olimlik faoliyatida u tuzgan “Sharqiy turkiy tillar lug‘ati” yoxud “Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarini o‘qish uchun izohli lug‘at” alohida ahamiyatga molikdir.
Olim o‘z lug‘atini tuzishda Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devoni, “Xamsa”si, Zahiriddin Boburning “Boburnoma”si, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarlari matnidan manba tarzida foydalanadi. Lug‘atda keltirilgan olti mingdan ziyod eski o‘zbek tiliga oid so‘zlarni frantsuz tiliga o‘girishda olim ijodiy yondashib, har bir so‘zning ma’nosini aniq, atroflicha izohlashga harakat qiladi. Akademik A.N.Kononov ta’kidlaganidek, mazkur lug‘at eski o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishda hanuzgacha ahamiyatini yo‘qotgan emas.
Professor Pave de Kurteyldagi bu katta tayyorgarlik, eski o‘zbek tili va adabiyotidan egallagan puxta bilimi uni “Boburnoma”ni tarjima qilishga undagan edi. 1871 yilda “Boburnoma”ning Pave de Kurteyl tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqadi. Birinchi jildda tarjimonning o‘n olti sahifali so‘zboshisi ham berilgan. Unda “Boburnoma”ning yozilish tarixi, unda tasvirlangan davrlar, Boburshohning Afg‘oniston va Hindistonda barpo etgan qudratli imperiyasi xususida ma’lumotlar berilgan. “Men tarjima qilgan bu asar faqat sharqshunoslar uchungina emas, – deb yozadi professor Pave de Kurteyl, – balki tarix va geografiya ilmi bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun ham foydalidir. Unda XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan arboblar va hukmdorlar hayoti, sharqiy turk adabiyotining oltin davri ta’rifi, shahzodalar, beklar hamda fuqaroning turmushi tavsiflangan”. Shuningdek, so‘zboshida Boburning taxtga o‘tirish davridan boshlab Hindistonni zabt etguniga qadar bosib o‘tgan hayot yo‘li hikoya qilingan, ayniqsa, “Boburnoma” ta’rifiga keng o‘rin berilgan.
Ma’lumki, “Boburnoma”ning tili xalq tiliga yaqindir. Bu xususda professor Pave de Kurteyl shunday yozadi: “Bobur tili usmonli turk tili emas, balki sof turkiy til (o‘zbek tili – M.X.) bo‘lib, har qanday arab va forsiy iboralardan xolidir. Bu til shoir Lutfiy va Navoiy, Sulton Husayn va Mir Haydar tili bo‘lib, juda sodda, boy hamda ifodalidir”.
Yuqorida qayd etganimizdek, g‘arblik bir qator olimlar “Boburnoma”ning yaratilishini Bobur Hindistonda hukmron bo‘lgan davr bilan bog‘laydilar. Frantsuz tarjimoni bu borada quyidagi fikrni aytadi: “Agar mendan “Boburnoma” qaysi davrda yozilgan, deb so‘rasalar, men kitob Bobur Hindistonni zabt etgandan so‘ng, ya’ni 1526 yildan boshlab yozilgan va Boburshoh hayotining oxirigacha davom etgan, deb javob qilardim”. (Bizdagi rasmiy manbalarda asarning yozilish yillari sifatida taxminan 1518/19–1530 yillar ko‘rsatiladi. – M.X.). Professor Pave de Kurteyl bunday xulosaga kelishda, asarning dastlabki boblarida ham Hindiston davri voqealarining uchrab turishiga asoslangan edi.
Shuningdek, so‘zboshida Pave de Kurteyl o‘ziga qadar amalga oshirilgan “Boburnoma”ning ikki mashhur tarjimasi xususida ham mulohaza yuritadi. Bular, Akbarshoh zamonida uning topshirig‘i bilan qilingan Mirza Abdurahimxon ibn Bayramxonning forsiy tarjimasi hamda sharqshunos olimlar Jon Leyden va Vilyam Erskinning inglizcha tarjimasidir. “Parijdagi Milliy kutubxonada, – deydi sharqshunos, – Mirzaxon, ya’ni Abdurahimxon tarjimasidan iborat qo‘lyozmaning ikki nusxasi saqlanadi. Abdurahimxon Humoyun podsholigi davrida uning saroyidagi eng nufuzli kishilardan bo‘lgan, uning obro‘yi Akbar va Jahongir mirzo davrida ham saqlanib qolgan (u 1626 yilda vafot etgan)”. Olim ta’kidlaganidek, Abdurahimxonning forsiy tarjimasi “Boburnoma”ning Sharqda keng tarqalishiga yo‘l ochib berdi va Yevropa sharqshunoslarining ham nazariga tushirdi. Mazkur tarjimaning miniatyuralar bilan bezatilgan nusxalari hozir London, Parij, Kalkutta kutubxonalarida saqlanadi. Professor Pave de Kurteyl J.Leyden va V.Erskin bajargan inglizcha, A.Kayzer o‘girgan nemischa tarjimalarga yuqori baho berish bilan birga, ulardagi nuqsonlarga ham to‘xtalib o‘tadi.
“Mening oldingi tarjimonlarga birdan-bir e’tirozim, ular asl nusxa matni ustida fors tiliga qilingan tarjima (Mirza Abdurahimxon tarjimasi ko‘zda tutilmoqda – M.X.) asosida qunt bilan ishlashmagan… Inglizcha va nemischa tarjimalar aslidan bir qadar uzoqlashgandir, ko‘pchilik hollarda geografik nomlar forsiyda qanday berilgan bo‘lsa, shu holda takrorlangan. Ayniqsa, Shimoliy Hindistondan keladigan daromad xususida gap ketganda, bu nuqsonlar yaqqol ko‘zga tashlanadi”. Pave de Kurteylning bu tanqidi o‘rinli edi. Darhaqiqat, Boburning qo‘l ostida bo‘lgan joylardan keladigan daromad hisobi to‘g‘risida gap borganda inglizcha tarjimada anchagina chalkashliklar mavjudligi shu tarjimani tahlil qilgan munaqqidlar tomonidan ham ta’kidlangan.
1888 yil “Osiyo” jurnalining ikkinchi jildida sharqshunos Jyul Darmstetening “Qobul yozuvlari. Boburshoh va boshqa mo‘g‘ul shahzodalarining qabrtoshlaridagi bitiklar” maqolasi e’lon qilinadi. Maqolada muallif Bobur va boburiylar maqbarasidagi bitiklar haqida atroflicha ma’lumot berish bilan birga, ularning frantsuz tiliga tarjimasi va talqinini ham keltirib o‘tadi.
Ma’lumki, Boburning “Aruz risolasi” asari o‘zbek va boshqa turkiy xalqlar she’riyati qonuniyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga molik qo‘llanmalardan hisoblanadi. Ammo bu asar qo‘lyozmasining saqlanib kelinganligi ilmiy jamoatchilikka ma’lum emas.
Qo‘lyozmaning bir nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanib kelinayotgani haqida 1923 yil turk olimi M.F.Ko‘prulizoda ilk bor ma’lumot bergan edi. Frantsuz sharqshunosi Edgar Bloshe o‘zining Parijdagi “Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi” kitobida “Aruz risolasi” asarining ushbu qo‘lyozmasiga ham to‘xtalib, keng tavsif berib o‘tadi. Taniqli olim, professor Hamid Sulaymonov 1968 yil Parijda bo‘lganida E.Bloshe katalogida zikr etilgan “Aruz risolasi” qo‘lyozmasining mikrofilmini olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Shuningdek, E.Bloshe katalogida Bobur “Devon”i qo‘lyozmasi ham kutubxona fondining 1230 inventar raqami ostida saqlanayotgani tavsif qilinadi. Bloshe ta’rificha, 1515 yilda Qobulda ko‘chirilgan ushbu “Devon”ga Bobur g‘azallari va ruboyilari kiritilgan bo‘lib, nihoyatda chiroyli miniatyuralar bilan bezatilgan ekan.
XX asrda ham frantsuz sharqshunoslari tarafidan Bobur merosini o‘rganish, “Boburnoma”ni tarjima qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Frantsiya qomuslarida Bobur hayoti, ijodi va “Boburnoma” kitobi haqida umumiy ma’lumot beruvchi ko‘plab maqolalar o‘rin oldi. 1930 yil olim Fernand Grenardning “Bobur. Hind imperiyasining asoschisi” risolasi nashr etiladi. Kitob o‘n bobdan iborat bo‘lib, unda Boburning bolalik vaqtidan to umrining so‘nggi davriga qadar boshidan kechirgan voqealar tarixiy-badiiy shaklda hikoya qilingan. Grenardning ushbu risolasi “Boburnoma”ga hamohang yozilgan bo‘lib, undagi voqealarga monand keluvchi ilmiy-ommabop ocherklardan iboratdir. Masalan, risolaning “Yurtsiz hukmdor” nomli bobida Boburning Samarqandni tashlab chiqqan, Andijonni qo‘ldan chiqargan paytdagi holati quyidagicha tasvirlanadi: “Orzu-umidlari chilparchin bo‘lgan Bobur orqaga qaytadi. Bahor fasli edi, u tog‘asi yurti (Toshkent – M.X.) tomon yo‘l oladi. U ezilgan ko‘ngliga taskin berish niyatida o‘zining quyidagi misra bilan boshlanuvchi g‘azalini bitadi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim.
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim”.
Boburning Hirot va Qobuldagi hayoti Grenard kitobida birmuncha jonli tasvirlanadi. Bu yerda Bobur toju taxt uchun jangtalab sarkarda emas, balki nozikta’b inson va dilbar shoir qiyofasida ko‘rinadi.
Xullas, F.Grenard kitobida “Boburnoma” muallif hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi qomusiy manba tarzida talqin qilingan va yuqori baholangan. Shoh Bobur esa “o‘ziga xos ritmga ega bo‘lgan hassos shoir, o‘z “Esdaliklar”i bilan mohir yozuvchi” qiyofasida gavdalanadi. Shuningdek, unda Bobur faoliyatining turli davrlarini aks ettirgan hamda Samarqand, Qobul, Hirot shaharlarining o‘sha davrdagi qiyofasini tasvirlovchi sakkizta miniatyura mavjud. Risolaning oxirida Markaziy Osiyo va Hindistonning o‘sha vaqtdagi chegarasini ifodalovchi geografik xarita ham ilova qilingan. F.Grenardning bu kitobi 1971 yil ingliz tiliga tarjima qilingan.
1983 yil YuNESKO qarori bilan Bobur tavalludining 500 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sanaga frantsiyalik olimlar ham ajoyib tuhfa tayyorladilar. Parijdagi nashriyotlardan biri “Boburnoma”ning yangi frantsuzcha tarjimasini “Bobur kitobi” nomi bilan chop etadi. 478 sahifadan iborat mazkur tarjima yirik turkshunos olim, doktor Jan Lui Bake-Grammon qalamiga mansubdir. Tarjimaga taniqli frantsuz sharqshunosi, professor Lui Bazen so‘zboshi yozgan edi. So‘zboshida Boburning imperiyani barpo qilish yo‘lidagi kurashi, “Boburnoma”ning yozilish tarixi, bu asarning jahon adabiyotida tutgan o‘rni xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tiladi. 1981 yil “Boburnoma”ning doktor Bake-Grammon tarjimasi FIT (Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi)ning bosh sovriniga loyiq topiladi.
Doktor Bake-Grammon tarjimasi “Bobur Movarounnahrda”, “Bobur Afg‘onistonda”, “Bobur Hindistonda” tarzida uch qismga bo‘lingan. Har bir bo‘lim alohida kirish so‘zlari bilan ochiladi. Asarning “Bobur Movarounnahrda” qismiga o‘zbek olimasi Sabohat Azimjonova, “Bobur Afg‘onistonda” qismiga afg‘onistonlik olim, professor Abdulhay Habibiy, “Bobur Hindistonda” qismiga esa Kashmir universiteti professori Muhibbul Hasan so‘zboshi yozgan.
1985 yil mazkur tarjima qayta nashr qilindi. Ikkinchi nashr birinchisidan hajmi, qog‘ozi va sifatining afzalligi bilangina emas, balki kiritilgan ba’zi tuzatishlar, foydalanilgan yangi ilmiy manbalar, ko‘p sonli miniatyura bezaklari bilan ham ajralib turadi. Bu nashrga professor Anri Mikel qisqacha kirish so‘zi yozgan. A.Mikel unda quyidagi fikrni bildiradi: “Janglar, g‘alaba va mag‘lubiyatlar, kelishuvlar… bular shubhadan xoli, albatta. Shuningdek, xotiralar, fikrlar, zaifliklar, yurak dardlari haqida nihoyatda soddalik bilan, hech bir mubolag‘asiz hikoya qilinadi. Bularning hammasi yuksak darajada tuzilganki, go‘yo kitob emas, jozibali bir lahza deysiz”.
Mazkur nashrga Dehli muzeyida saqlanayotgan “Boburnoma” qo‘lyozmasi uchun ishlangan ellikdan ortiq miniatyura va o‘ttizdan ziyod zamonaviy fotosurat ham kiritilgan bo‘lib, ular asarda ifodalangan voqealar, manzaralarning naqadar hayotiyligini tasdiqlab turadi. Shuningdek, yangi nashrga bir qator ilovalar ham kiritilgan. Masalan, Bobur ajdodlarining shajarasi, S.Azimjonova yozgan “Xatti Boburiy” haqidagi maqola, shu asarning qo‘lyozmasi fotofaksimilesi ham o‘rin olgan.
Ko‘rinadiki, “Boburnoma”ning A.J.Klaprot, A.Longpere, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Bake-Grammon kabi frantsiyalik tadqiqotchi va tarjimonlari Bobur merosini tarixiy-etnografik, bibliografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilish bilan Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Qolaversa, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-fan, adabiyot va san’atga baxshida boy merosini to‘plash, nashr etish hamda jahon andozasida real baholamoq uchun yuqoridagi manbalardan foydalanmoq maqsadga muvofiqdir.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 2-son