Sevimli adibimiz Shukrullo necha minglab muxlislarning, ko‘p ulug‘larning tahsiniga sazovor bo‘lgan – barchasi samimiy va faxrlanib aytilgan. “Yirik lirik shoirimiz” (G‘afur G‘ulom ta’rifi), “Ulkan milliy shoir” (Mirmuhsin ta’rifi), “She’riyat zargarlari safidan o‘rin olish huquqiga ega” (Qaysin Quliyev e’tirofi),“To‘la ma’noda haqiqat kuychisi” (Rasul Hamzatov ta’rifi), “O‘z millatining munosib farzandi va umuman, mustaqil grajdanin” (Chabua Amirejibi ta’rifi)…
Ustoz Shukrullo iste’dodi – boy va ko‘pqirrali.
U shoir sifatida “Birinchi daftar” (1949), “Qalb qo‘shiqlari” (1949), “Hayot ilhomlari” (1959), “Umrim boricha” (1960), “Inson va yaxshilik” (1961), “Inson – inson uchun” (1964), “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988), “To‘kilgan dardlarim” (2001) singari she’riy to‘plamlarini, “Chollar” (1948), “Rossiya” (1956), “Ikki qoya” (1964), “26-tong otari” (1966), “Gul va otash” (1972), “Nur (Ko‘ngil chirog‘i)” (1975), “Asr bahsi” (1985) kabi dostonlarini, bolalarga atalgan “Bahor sovg‘asi” (1962), “Yulduzlar” she’riy to‘plamlarini keng o‘quvchilar ommasiga taqdim etgan.
Shoirimiz koinotni yaxlitlikda va ayni vaqtda o‘zgarishlar jarayonida tasvirlay olgan lahzalar bizni havaslantiradi, xotiramizga naqshlanib qoladi:
Sahroda oy botar, sahro zim-ziyo,
Yulduzlar yopirilar osmonga bir dam.
Yulduz oq iz solib uchadi ba’zan,
Billur jomdan sharob to‘kildi go‘yo.
U yuksak ilhomiy holatlarida inson qalbining aql bovar qilmas evrilishlarini hassoslik ila namoyon qila oladi. “Nur (Ko‘ngil chirog‘i)” dostonidagi oshiq yigit ikkinchi jahon urushi jabhalariga jo‘nab ketishidan avval, o‘zi o‘sib-ulg‘aygan qadrdon yerlarni ziyorat qiladi, ko‘ziga diyori ulug‘vor qiyofada namoyon bo‘ladi: “Qurib chordona / Davra olib bir to‘da ulfat / O‘ltirgandek atrofda tog‘lar… / O‘rtalikda go‘yoki ne’mat / Yozilgandek mevazor bog‘lar / Yashnab yotar. Pastda Sirdaryo…” Boqar ekan, yuragi to‘lib-toshadi, mijjasiga yosh tepchib, “birdaniga xo‘ngrab yuboradi”… Muallif bizni u bilan shu tarzda – vatanga muhabbati avj pardalarga ko‘tarilgan lahzalarda tanishtiradi… Bu, ehtiroslar tug‘yoni – “Qiz sevganda xo‘ngir-xo‘ngir qon yig‘ladim”, – deb kuylagan edi Shukrulloning sevimli shoiri Usmon Nosir) shu ona-tuproqni deb qurbon bo‘lishga ham tayyor fidoyilikning mujassamidir.
Oshiq yigit quyoshli tuyg‘ularini el-yurtiga baxsh etib, go‘yo ko‘klarda parvoz qilib, ular diydoriga to‘yolmay turganida, tag‘in ham balqishiga gal keladi:
…o‘zi sevgan qiz
Paydo bo‘ldi suv parisidek,
Ikkalasi tikilishdi tek…
Sevishganlar uchrashuvi visol mo‘jizasiga aylanishi ayonday edi…
Qiz turardi ho‘l sochin yoyib,
Berkitgandek xolli bo‘ynini.
Yuzlaridan tomchilar tomib,
Izlagandek uning qo‘ynini
Oq ko‘ksidan asta sizardi
Va qiz yuzi birdan qizardi.
Taajjubki, olov muzga, yorug‘ zulmatga, lovullagan qalb taftsiz kesakka evriladi nogahon, ilkis…
Ammo yigit boqdi beparvo,
Ko‘rmagandek umrida go‘yo.
Bunday holdan – ko‘rib turib o‘zini ko‘rmaganga olishdan lol-u hayron, izza bo‘lgan qiz birdan shiddat bilan burilib, alamlarin ichiga yutib, qaylargadir ketadi… Ushbu keskin xatti-harakatda butun bir drama bor.
Lirik chekinish qilib, shoir o‘z qahramoni ruhida hech kutilmaganda ro‘y bergan o‘zgarish sirlarini axtaradi; uning misralari shaloladay o‘ynab, quyilib keladi, o‘ziga tobora mahliyo qiladi:
Oppoq, mayin oyoqlaridan
Maysalarga asta solib iz
Parilardek sehrlab sekin
Ko‘zdan g‘oyib bo‘lganida qiz,
Yulduzlardek tiniq va shaffof
O‘ynab turgan quralay ko‘zi,
Sharq quyoshin shimgan iliq, sof
Hayo bilan bo‘rtigan yuzi
Nahot solmas qalbiga orom!
Nahot qilmas tushlarida rom!
Suqsur kabi qora sochlari,
Yigit qalbin qilganda shaydo,
Ko‘kdan tushgan kabi bir nafas
Chaqmoq kabi bo‘lganda paydo,
Nega tilsiz yor bo‘lding, sevgi!
Nega qilsiz tor bo‘lding, sevgi!
Ta’bir joiz bo‘lsa, muallifning ushbu nidosi dostondagi badiiy obrazlardan biri – sevgi shu ondan e’tiboran zamirdan yuzaga chiqqanini ko‘zgudagiday aks ettiradi, biz buni ayni daqiqalardan boshlab aniq anglaymiz. Zero, u asarning boshidan oxirigacha najot va balogardon: sevib-sevilganlarning olijanobligi, mardligi, hayosi, sukuti yoki tabassumi, har bir xatti-harakatini qo‘llovchi va yo‘llovchidir… Darvoqe, dostondagi yigit va qiz obrazlaridan tashqari, sevgi va muallif obrazlari ham asar g‘oyasi tadrijiy ravishda badiiy ochilib, namoyon bo‘lishini ta’minlaydi.
Har ikki yosh xalqqa xos fazilatlarni o‘zlariga singdirganlar, “kosa, kosa ostida nimkosa” tarzida yuritilgan fikrlar, bildirilgan munosabatlar, qilingan harakatlar ma’nosini to‘g‘ri ilg‘ashga odatlanganlar.
Masalan, yigitning beparvo munosabati mag‘zida shunday hayotiy donolik pinhon. Visol ilinjida o‘rtanayotgan bo‘lsa-da, yuragidagi alangalarni jilovlaydi, firoq, ayrilish sinovlari borligini eslatadi diydoriga mushtoq yoriga, esankiratib turib sinaydi… Nihoyat, “qalbin to‘kib solmoqchi bo‘ldi”, izlab bordi, lekin otasi janglarda mardlarcha halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar – qora xat olgan seviklisi qora libosda edi… Shu holida u iymoni butunligini, bir umr vafodor bo‘lishini bildirdi, beparvolik aro so‘zsiz yangragan hayot-mamot savoliga nekbin javoblarini qat’iyat bilan aytdi – qoniga ona suti bilan singgan donolik mezonlariga amal qilib yashashini namoyon etdi. Bir yostiqqa bosh qo‘ymoqchi bo‘lgan odami (yigit olchoqlarning aldovlariga uchmadi, o‘z sha’niga loyiq qarorga keldi: “Yov qo‘liga tushgandan asir, / O‘z yurtida bo‘lishni basir / Afzal bildi”) urushdan ikki ko‘zi ko‘r bo‘lib qaytganida, qiz ahdi rostligini isbotladi, sevgilisining ko‘ngil chirog‘iga aylandi. Oila qurishdi, farzandlar ko‘rib, ularni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Sadoqatli xotini tog‘day tayanch bo‘lgani uchun, bag‘ri butun er so‘qirlik to‘rini uzib tashlab, to‘laqonli hayot kechirdi. Dostondagi badiiy hikmatlar tuyg‘un, olovli tuyg‘ularning javhari bo‘lib vujudga keladi:
Baxtsiz holin bilmagan inson
Bo‘lolurmi baxtli hech qachon!
Yoki:
Yuraklarda yonmas ekan nur
Ko‘zlar topmas hayotdan huzur.
Tanqidchi Mahmud Sa’diy o‘z vaqtida (1981 yil) ushbu dostonni “adabiyotimizning keyingi yillardagi jiddiy yutug‘i” deb baholagan edi. Nazarimizda, u hozirda ham shunday yuksak e’tirofga loyiq asar sifatida yashab kelmoqda.
Shukrullo nasrda badiiy ijod sirlari, ustozlarning tajribalari to‘g‘risidagi “Javohirot sandig‘i” (1983), adabiyotshunosligimizda “qatag‘on yillari haqida o‘zbek yozuvchilari tomonidan yozib qoldirilgan hozircha yagona hujjatdir va shu jihatdan ahamiyatlidir” (N.Karimov) deb hisoblanayotgan “Kafansiz ko‘milganlar” (1989), jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yirik vakili, o‘zbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri Ubaydulla Xo‘jayev (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, 1878–1937) hayoti asos qilib olingan “Tirik ruhlar” (1999), o‘zi va rafiqasining ko‘rgan-kechirganlari haqida hikoya qiluvchi “Og‘ir kunlar sevinchi” (2001) kabi asarlarni yaratdi. Publitsist sifatida olib borgan ijodiy mehnati “Qasosli dunyo” (1994) maqolalar to‘plamida jamlangan.
“Kafansiz ko‘milganlar” kitobi ma’naviy o‘zagi muallif obrazidir. U mustabid tuzum iskanjasiga tushib qolgan – qatag‘on qurboniga aylangan insonning ojiz, erksiz, toptalgan holatini emas, ichki erkinligini, ma’nan yuksakligini butun asar davomida izchillik bilan ifodalab borishga intiladi. Shunday badbin muhitda aziz umri uvol bo‘layotganiga qaramay, bu zo‘rlik-zo‘ravonlik zamoni bari bir zavolga uchrashiga ishonch hosil qilgan qo‘rqmas, fahmi o‘tkir odamlarning qiyofalarini esda qolarli tarzda ifodalashga harakat qiladi. Ulardan biri – andijonlik Yorqinjon aka. Muallif, jumladan, shunday deb xotirlaydi: “Uning o‘z boshidan kechirganlari naqadar dahshatli, kishini vahimaga soladigan bo‘lishiga qaramasdan, ikkinchi bir jihatdan menga dalda ham bo‘ldi… Bu odam qamoqda o‘z uyidek mag‘rur, go‘yo tabiiy bir hol degandek yurardi… Bu odamning o‘z falsafasi bor edi, garchand uning xulosasi mantiqan to‘g‘ri bo‘lib, ichingda tan olsang ham, ammo hozirgi qama-qama davrida uncha-muncha odam eshitishga ham cho‘chirdi…
Ammo u odam o‘ziga ishonch va haqligidan faxrlanib huzur qilgandek:
– Insofli, vijdoni bor odam bir-birini talaydimi? Bizning hukumat esa, talashni, birovlarning haqidan qo‘rqmaslikni savob deb o‘rgatadi. Qarindosh qarindoshni taladi, sinfiy dushman deb bola otaning ko‘zini o‘ydi. Mana oqibat; hammani o‘g‘irlikka, Xudodan qo‘rqmaslikka, bandadan uyalmaslikka o‘rgatib bo‘ldik. Odamlardan mehr-shafqat ko‘tarildi. Mana bular – o‘sha siyosatning mevasi, – dedi o‘z atrofidagi o‘g‘irlik qilib qamalganlarni ko‘rsatib. – Har qanday aqli bor inson och-qashshoqlik, muhtojlikda emas, boy bo‘lib, to‘q bo‘lib yashasam, deydi. Bizning hukumat-chi, kambag‘allikni emas, boylarni yo‘qotaman, dedi. Mana endi niyatiga yetdi. Hamma kambag‘al, hamma o‘g‘ri. Mana shunday to‘g‘ri gapni aytgan siz bilan biz – xalq dushmani. Vijdoningni yutib, haqiqatni gapirolmay erkin yurganingdan, och-yalang‘och bo‘lsang ham, ovozing boricha o‘zing sevgan kuyni aytganing ma’qul.
Bu odamning shuncha yil qamoqda bo‘lib, ruhan tushkunlikka tushmay, bunchalik tetik yurishiga sabab endi ayon bo‘lgan edi”.
Yorqinjon aka sirasidagi qamoq, mahbuslik qiynoqlari ostida ham ruhan sinmagan kishilar haqidagi hikoyalar mazkur asarning ma’naviy o‘zagini mustahkamlashga omil bo‘lgan.
Hech shubhasiz, Shukrullo “Kafansiz ko‘milganlar”, “Tirik ruhlar” nasriy asarlari bilan ham adabiyotimiz rivojiga sezilarli hissa qo‘shdi, undagi mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirib, xalqimiz tarixining hali badiiy tasvirlanmagan davrlarini yoritdi – kerakli ishni zarur vaqtida jur’at ila bajardi.
Shukrullo dramalari esa teatrimiz sahnalarini obod qilib, tomoshabinlar mehrini qozondi. Hozirgi O‘zbek Milliy teatri va viloyat teatrlarida “Xatarli yo‘l” (1962), “Tabassum o‘g‘rilari” (1964), “To‘ydan keyin tomosha” (1980), “O‘g‘rini qaroqchi urdi” (1982), “Janjal” 1983), “Hasrat bog‘i” (2004) singari she’riy dramalari, shuningdek, uning tarjimasida italyan dramaturgiyasida fyaba – teatr ertakchiligiga asos solgan Karlo Gotstsi (1720 – 1806) “Baxtli gadolar” tragik-komik ertak pesasi 1985 yili sahnalashtirilgan.
Birgina “Hasrat bog‘i” to‘g‘risida to‘xtalaylik:
Unda O‘zbekistonda XX asrning 20–30-yillaridan boshlab, to 70–80-yillarigacha kechgan – afg‘on bosqini oqibatlarini ham qamrab olgan hayot manzaralari, turli taqdirlar namoyon bo‘ladi. Muallif va rejissyor (T.Isroilov) ijodiy rejasini, falsafiy fikrini to‘laqonli mujassamlashtirgan ikki obraz – Ona va partiyaviy rahbar Xoliqulov obrazlariga alohida to‘xtalgan teatrshunos T.Islomov “Hasrat bog‘i”ni “teatr san’atining rivojlanishida professional uslubiyatlarni ko‘rish, tahlil etish, zarur bo‘lsa, bahs-munozaralarga imkon beruvchi”, yoki tom ma’nosini aytsak, Milliy teatrning o‘ziga xos yuksak maqomini namoyon etuvchi spektakl yaratilganini e’tirof qildi. Rejissyor va jamoa, muallif bilan hamkorlikda pesa qurilmasini qayta ko‘rib chiqish, yangi sahnalar ijod etish, ta’sirchan plastik yechimlar topish yo‘li bilan erishgan muvaffaqiyatdan quvonib, ayni vaqtda uning zamona bergan imkoniyat darajasida yaratilganini nazarda tutib, san’atshunos olim Toshpo‘lat Tursunov, jumladan, shunday degan edi: “Chunki, bunday pesani hozirgi zamonda yaratish mumkin, garchi pesada hamma gaplar ochiq aytilmagan bo‘lsa ham. Hali shunday davrlar keladiki, pesada tilga olingan fojialarni yozuvchilar, san’atkorlar to‘la-to‘kis yoritmaganlarini kelajak avlod aytadi. Bugungi kunda shu spektakl yaratilishining o‘zi ham jasorat”.
Xullas, iste’dodli adibimiz xalqning qalbini o‘rtab, tili uchiga kelib turgan gaplarni o‘z o‘rnida: goh she’riy, goh nasriy, goh dramatik asarlarida aytib kelmoqda.
Ustoz Shukrulloning “Tanlangan asarlar”i avval 2 jildda (1973–74) nashr etilgan bo‘lsa, endilikda esa uning 9 jildlik “Tanlangan asarlar”i kitobxonlar qo‘liga yetib borgan. Asarlari rus, olmon, arab, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, bolqor, qoraqalpoq va boshqa tillarga ham tarjima qilinib, e’tibor qozongan. U 1981 yili O‘zbekiston xalq shoiri faxriy unvoni bilan taqdirlangan, 1994 yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati bo‘lgan, “Do‘stlik” (1994) va “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan taqdirlangan.
* * *
Uning hayotiga badiiy tarjima – qatag‘on iskanjasida, nohaqlik jabrini tortayotgan mahbuslik chog‘larida – umid parisi bo‘lib kirib kelgan… Bu so‘zimizning isboti – shoirning “Kafansiz ko‘milganlar” asaridagi ushbu ko‘ngil izhori:
“Ayniqsa, – yodimda yo‘q, Aleksandr Vostokovmi yoki boshqa rus shoirimi, – Gyotening “Umid” she’rining tarjimasi sud oldidan menga shu qadar dalda bo‘ldiki, kitobni qaytarib yig‘ishtirib olguncha bu she’rni o‘zbek tiliga tarjima qilib, yodlab oldim.
Yolboraman, umid parisi,
Ish chog‘lari menga bo‘lgil yor.
Tugatmasdan ishning barisin,
Toliqishga erk berma zinhor!
Ishonaman, ro‘yobga chiqar,
Taskinlaring ketmay behuda,
Umid bilan suqilgan tayoq,
Mehnat, chidam natijasida
Bir kun berar meva va yaproq.
Qamoq muhitida bu she’r eng yaqin do‘stning menga taskinidek bo‘lib qoldi. Bu she’r azobimni yengillashtirdi, darmon bo‘ldi. Shaytoniy xayollar bosib kelganda, yotgan-turganimda o‘qidim. Qamoqda shirin xayoldan boshqa senga kim taskin beradi, kim dardkash bo‘ladi”.
Shoir Shukrullo hayotining eng og‘ir damlarida ro‘y bergan ayni voqea insonning ruhiy erkinligini na mustabid tuzum, na qamog‘u qiynoq cheklay olmasligini, har qanday ayanchli holatda ham ma’naviy hayot, ijod dardi odamni or-nomus poyasidan quyi tushmasdan yashashga qobil qilishini sezdiradi. Bejiz emaski, u mahbuslik – chorasizlikda qo‘l qovushtirib o‘tirmay, qanday qilib muallifi sha’nini saqlaydigan, imkoni boricha haqiqatni aytadigan asarlar yozish yo‘llarini o‘ylaydi: “Lekin buni xalqqa aytib bo‘ladimi? Bo‘ladi! – deb o‘ylaydi u. – Uning birdan-bir yo‘li bunday gaplarni nasriy yoki dramatik asarda salbiy obrazlar orqaligina, ularning tilidan ayttirish mumkin… Dramaturgiya haqida, dramatik asar yozish haqida jiddiy o‘ylay boshladim… Drama haqida o‘ylash bir necha vaqt ikir-chikir xayollar azobidan meni xoli qilib, xuddi aytadigan gaplarimni aytib, xumorim tarqagandek, dardim yengillashgandek bo‘lardi”.
Shoir ro‘shnolikka yetishgach, o‘z ijodi bilan birgalikda, badiiy tarjima sohasidagi faoliyati bilan ham muxlislarni xursand qilishga intildi. Shukrullo tarjimasida turli yillarda Gyote, H.Hayne, Bayron, Sh.Petyofi, T.Shevchenko, A.Isaakyan, A.Blok, A.Tvardovskiy, M.Dudin, M.Tank, R.Hamzatov, M.Karim, Q.Quliyev kabi shoirlar she’riy ijodidan namunalar o‘zbek tilida yangradi. Bu tarjimalarning vaqt sinovidan o‘tganlari ayni ma’lum va mashhur shoirlar ijodiga xos fazilatlarni yanada yaqindan his qilish, anglashga yordamlashganini, shuningdek, adibimiz iste’dod xazinasida navbatini kutib yotgan badiiy zaxiralar ro‘yobga chiqishiga yo‘l ochganini isbotlashga ehtiyoj yo‘q.
“Oqsoqol shoir uncha-muncha poetik eksperimentlardan cho‘chimaydi. Undagi bu xususiyat Rasul Hamzatovning “Nabiram Shahrizodaga” nomli nasriy she’ri tarjimasida namoyon bo‘ladi, – deb yozadi professor Qozoqboy Yo‘ldosh. – Xayoliy savol-javobga qurilgan bu mansurada bobo bilan nevaraning taqdirlari muvoziy qo‘yib tasvirlanadi. She’rda yig‘loqi nevaraga uzun hayot yo‘lini bosib o‘tgan boboning ta’kidlari o‘ta ta’sirli ifoda etilgan. She’rning birgina so‘nggi, asarning poetik mohiyatini o‘zida aks ettirgan bandi seryig‘i nevara tilidan beriladi… She’rda yosh avlodning zimmasida ham o‘ziga yarasha ijtimoiy-ma’naviy yuk borligi ta’kididan tashqari, kattalarning kelajak oldidagi mas’ulligi ham aks etgan. She’rda shoir Shukrulloga ham o‘rtoq tuyg‘ular tasvirga olingani uchun mansuraning tarjimasi original yanglig‘ jaranglaydi” (Shukrullo. Tanlangan asarlar. 2-jild. “Sharq”, T., 2008. 12-13-bet).
Shukrullo tarjimalari xususida o‘ylaganda, K.Gotstsi “Baxtli gadolar” pesasi, albatta, diqqatimiz markazida bo‘lishi tabiiydir.
“Atoqli shoir va dramaturg Shukrullo Karlo Gotstsi asarini o‘zbek tiliga ulkan mahorat bilan g‘oyat sahnaviy tarjima qilgan, – deb ta’kidlaydi professor Toir Islomov “Baxtli gadolar” namoyish etilishiga bag‘ishlab 1986 yili yozgan maqolasida. – Spektaklni ko‘rish jarayonida uning tarjima asar ekanligi sezilmaydi. Spektakl rejissyori Toji Muhammad Isroilov ijodiy izlanuvchan, zabardast san’atkor ekanligini tomoshabinlarga ham, mutaxassislarga ham anglatadi” (Rejissyor Toji Muhammad. (Rejissyor mas’uliyati). Maqolalar, lavhalar va esselar. “Adabiyot uchqunlari”, T., 2015. 105-bet).
Shukrullo “Baxtli gadolar”ni T.Shchepkina-Kupernik italyan tilidan rus tiliga qilgan tarjima (K.Gotstsi. Skazki dlya teatra. Moskva, “Iskusstvo”, 1956) asosida o‘zbekchaga o‘girgan (K.Gotstsi. Baxtli gadolar. Drama. Shukrullo tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Badiiy adabiyot nashriyoti, 1970; keyingi nashri – Shukrullo pesalari 2-jildi (“To‘ydan keyin tomosha”, 2006).
Bu tarjima to‘g‘risida teatrshunos olim aytgan ijobiy xulosani yuqorida keltirib o‘tdik. Ayni shu fikrga tayangan tasavvurimizni qisqa bir tahlil vositasida tag‘in ham tiniqlashtirishni istab, pesaning so‘nggi ko‘rinishi tugallanmasini qiyosan o‘rganib, bir necha misol keltiraylik.
Masalan, ruschasi:
M u d z a f ye r
… Net! Ne zovu tebya velikodushnыm.
Tы xuje pыtki vыdumat ne mog.
No ya sumeyu prekratit muchenya!
(V beshenstve ubegayet).
Tarjimasi:
M u z a f f a r
… Yo‘q! Men seni aytolmayman olihimmat deb,
Nahot, boshqa qiynoq o‘ylab topa olmading,
Faqat o‘zim bu azobga barham beraman.
(Quturib qocha boshlaydi).
Har ikki tildagi matnni muqoyasa etganimizda, yuksak martabasidan ajralgach, jazavaga tushib, aqlini yo‘qotguday holga kelgan bu kimsaning po‘rtanali hissiyotlari o‘zbek tomoshabini yoki o‘quvchisi e’tiboriga ishonarli, lekin bir muncha bosiqlik bilan yetkazilganini uqamiz.
Yoki boshqa misol; ruschasi:
U z b ye k
(straje)
Za nim, chtob on s soboyu ne pokonchil!
Tarjimasi:
O‘ z b ye k
(navkarlariga)
Orqasidan boring, yana o‘zini-o‘zi
O‘ldirmasin!
Tarjimonimiz, O‘zbek – asar qahramoni, – garchi ruhiy holati asov g‘alayonlarni eslatsa-da, – g‘azabini jilovlab ish ko‘rayotganligini ta’kidlash uchun, “senga jazo berib o‘tirmayman (ya’ni o‘z jazong – o‘zing bilan)” degan gapni qo‘shadi, badiiy mantiqdan kelib chiqqan bu badiha tabiiy va ishonarli; “mukofot” so‘zini shunday o‘ynatadiki, u “jazo”, “tavqi la’nat” ma’nolarini jilvalatib yangraydi. Buni tomoshabin ham, o‘quvchi ham yanglishmay ilg‘aydi.
O‘zbek o‘z sevikli yori – Anjelaga murojaat qilib, faqirlarning baxtini o‘ylab, biror niyat qilgan bo‘lsang, ayt, deganida, u hech kutilmagan bir javobni beradi.
Ruschasi:
A n d j ye l a
Ne znat im schastya, yesli ne naydut
U zriteley lyubeznыx odobrenya!
Tarjimasi:
A n j ye l a
Agar bular, shu o‘tirgan tomoshabinlar –
Xaloyiqning hurmatiga loyiq bo‘lmasa,
Bir umrga baxt topmaydi.
Anjelaning so‘zlari ushbu tragik-komik ertak pesa mohiyatini tiniq ko‘zguday yaqqol aks ettiradi. Zero, uning qahramonlari xatti-harakatlari, ishlariga tomoshabinlar timsolida xalq baho beradi. Baxt esa, – yuqorida ham eslaganimizdek, – ulardan xalqning, jumladan, ayni holatda tomoshabinlarning roziligidadir. Tarjimon “tomoshabinlar” – “xaloyiq” ramzi deb ta’kidlash uchun o‘zidan shu mantiqiy aniqlamani qo‘shar ekan, mazkur falsafiy-estetik umumlashmani tomoshabin va o‘quvchi ongiga o‘ng‘ay qilib yetkazishga intiladi. Ushbu intilish zamirini esa, ustozimiz – Mavlono Shukrullo Shoshiy odamlar rizosi yo‘lida sochayotgan ijod ziyosi tashkil etadi.
* * *
Navoiy hazratlari “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turk shuarosi to‘g‘risida so‘zlar ekan, Mavlono Lutfiy Shoshiy (1366 – 1465) siymosiga alohida ehtirom ko‘rsatadi; forsiy tilda ijod qilgan ulug‘ shoirlar nomlarini zikr etgach, turk shuarosi orasida bular “muqobalasida kishi paydo bo‘lmadi, bir Mavlono Lutfiydin o‘zgakim, bir necha matla’lari borkim, tab’ ahli qoshida o‘qusa bo‘lur”, – deb ta’kidlaydi. (Shayx Ahmad Taroziy Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlagan “Funun ul-balog‘a” asarida “ma’dan ul latoyif Lutfiyi Shoshiy” deb bergan shahodat endilikda barchamizga ma’lum. Barhayot adabiyotshunos olimimiz Abduqodir Hayitmetov nashrga tayyorlab e’lon qilgan shu kitobga suyanib, “Mavlono Lutfiy Shoshiy” deyishga haqlimiz).
Mavlono Lutfiy Shoshiyning asrlar osha shogirdlaridan hisoblanmish Mavlono Shukrullo Shoshiy (1921 y.t.) o‘z yurtiyu jahonda ovoza ko‘targan qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov, avar shoiri Rasul Hamzatov, rus shoiri Mixail Dudin, bolqor shoiri Qaysin Quliyev, boshqird shoiri Mustay Karim, qalmiq shoiri David Qug‘ultinov va boshqalar qatorida turib, ular bilan qiyomatlik do‘st, bu qutlug‘ ijodiy birodarlik davrasining fayzlaridan bo‘lib, shu muborak mushoirada hamisha yorug‘ yuz bilan qatnashib keldi.
Navoiy hazratlari Mavlono Lutfiy Shoshiy 90 yoshdan o‘tganida ham barcha zamondoshlarini qoyil qoldirib, go‘zal asarlar yaratganligini uqtiradi.
Mavlono Shukrullo Shoshiy ham (umri ziyoda bo‘lsin!) yuz yoshni qoralab borayotganiga qaramay, qalbini ilhom yoritib turibdi.
Mavlono Lutfiy Shoshiy va Mavlono Shukrullo Shoshiy go‘zal an’anasi ularning kelgusi avlodlarida ham sharafli davomini topsin!
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 5-son