Muhammad Ali. Do‘stim haqida xotiralarim

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan 1965 yilda tanishgandim. Endigina Moskvadagi Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti 4-kurs talabasi maqomida Toshkentga amaliyot o‘tkazish uchun kelgan kunlarim edi.

Tush vaqti, Toshkentning Navoiy ko‘chasidagi 30-uyning uchinchi qavatida bufet oldidan o‘tib ketayotgandim, uch kishi bir stol atrofida tushlik qilib o‘tirishgan ekan. Meni ko‘rib taklif etishdi. Beixtiyor ularga qo‘shildim. Hol-ahvol so‘rashdik. Tanishdik. Ulardan biri Abdulla Oripov ekan, u o‘sha payt juda urf bo‘lgan oq kepka kiyib olgan, ozg‘indan kelgan xushro‘y yigit edi. Ko‘p o‘tmay sheriklarimiz birin-ketin turib ketishdi, ikkov qoldik.

O‘sha payt Abdullaning yarq etgan she’rlari mashhur bo‘lib, muxlislari soni ortib borayotgan paytlar. U mening Moskvada o‘qiyotganimdan xabardor ekan. Shu kunlarda, anig‘i, “Sovet O‘zbekistoni” gazetasining 25 yanvar sonida e’lon qilingan bir turkum she’rlarimni o‘qiganini aytdi. Rahmat, dedim. Gaplarimiz bir-biriga qovushib ketdi. Suhbatimiz tugamasdi. Vaqt kech bo‘lib borar, bizning esa ayrilgimiz kelmasdi.

Mening boradigan joyim yo‘q. Hali aniq joy topmagandim, vaqtincha Yozuvchilar uyushmasi qabulxonasida “turardim”. Abdullada ham aniq turar joy yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

– Do‘stim, bir ish qilamiz, – donishmandona fikr bildirdi u. – Hozir bir joyga boramiz!

Ikkov esh-qo‘sh bo‘lib “bir joy” – “Aspirantlar uyi”ga yetib bordik. Binoga kirdigu dolonda chapga burildik va to‘g‘ridagi 11-xonaga qarab yurdik. Abdullaning bu yerga ko‘p marta kelgani ko‘rinib turardi. Bizni bejirimgina mo‘ylov qo‘ygan, o‘zimizga o‘xshagan ozg‘ingina bir yigit qarshi oldi.

– Tanishing: bu – Begali Qosimov! – dedi Abdulla.

Begali bizni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi, ochiq yuzli, xushro‘y yigit, darrov choy qo‘ydi, mehmon qildi.

Xushsuhbat yigit ekan. Davra qizigandan qizib ketdi. Adabiyotning bugungi ahvoli, uning kelajagi haqida qayg‘urish­lar suhbatimiz mavzui edi. Soat kech o‘nlar bo‘lib qoldi. Begali ko‘rdiki, mehmonlarning bugun bu yerdan ketgilari yo‘q… U bizlarni holi qoldirib, boshqa xonaga chiqib ketdi. Biz kechasi bilan she’r o‘qib, zavqlanib tong ottirdik…

O‘sha-o‘sha, men Begali Qosimov bilan qadrdon do‘st bo‘lib qoldim.

Abdulla Oripov – o‘zbek she’riyati osmonida o‘zining “Mitti yulduz” nomli kitobi bilan yarq etib ko‘zga tashlandi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, Abdulla Oripov o‘zining noyob iste’dodi, tafakkurining tiniqligi, aqlining teranligi, idrokining o‘tkirligi, fikru mushohadasining faylasufona yuksakligi bilan mitti yulduz emas, balki buyuk salohiyat egasi bo‘lgan porloq yulduz ekanini ko‘rsatdi. Badiiyati kuchli ajoyib she’rlar, dostonlar yozdi, tarjimalar qildi, adabiyotimiz xazinasini haqli ravishda boyitdi. Uning har bir she’rida yangi fikr, ibora, ajo­yib o‘xshatma, mubolag‘a, badiiy topilma bo‘lardi, she’rni puxta ishlardi. O‘sha paytlar “Oktyabr asri” deb hamma yoqda jar solinib turganda, Abdulla Oripov undaylarga qarata:

Asrim-asrim, deysan, asring nima u?
To‘zg‘igan kalendar varoqlaridir! –

deya hayqirgan edi.

Abdulla Oripov mening ilk kitobim “Fazodagi hislar”ga muharrirlik qildi, tahrirdan o‘tkazdi, chiroyli muqova ishlatdi, nashr qilinishida jonbozlik ko‘rsatdi. Kitobga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhratdan so‘zboshi olish fikri ham Abdulladan chiqdi. Hammasi ko‘ngildagidek chiroyli bo‘ldi.

Bizlar o‘z ijodiy mashqlarimizni o‘zaro tahlil qilib, maslahatlashib turardik. Abdulla avval she’rini yozib, ikkilangan joylari bo‘lsa, o‘qib berar, fikrlarni eshitib, keyin tahrir qilar, maromiga yetkazardi. Juda ko‘p she’rlari ko‘z oldimizda yozilgan. “Tilla baliqcha”, “Onajon”, “Ayol”, “Bahor”, “O‘zbekiston” va boshqa she’rlari shular jumlasidan.

1967 yilda “Gumbazdagi nur” dostonim yozilganda ko‘p maslahatlar bergandi, hatto dostonni “Gumbazlar gurungi” deb nomlashni taklif qilgandi. “Ulug‘ saltanat” epopeyasining birinchi kitobida: “Osmon favqulodda tiniq, xuddi artib qo‘yilganday top-toza edi” jumlasini yoqtirib: “Tasvirni qarang!” deb maqtab qo‘yardi. “Ulug‘ saltanat” epopeyasining 4-kitobi “Shohrux Mirzo” romani muhokamasini Abdulla Oripovning o‘zi boshqargan edi.

1970 yilda bir guruh uy-joyga muhtoj ijodkorlarga yangi qurilgan to‘qqiz qavatli uydan xonadonlar ajratildi. Abdulla rafiqasi Hanifaxon bilan 2-qavatga, men oilam bilan 9-qavatga joylashdik. Bu uyda Mirtemir, Shukur Xolmirzayev va turli millat vakillari yashar edilar.

Hozirgidek esimda, bir kuni kechasi soat to‘rtlarda eshigimiz taqilladi. Eshikni ochsam… Hanifaxon turibdi. Og‘irbo‘y holida qiynalib ikkinchi qavatdan to‘qqizinchi qavatga chiqibdi! Lift shu kuni aksiga olib ishlamay qolgan…

“Ancha behuzurman… Meni tug‘ruqxonaga olib boringlar!..”

“Abdulla qani?.. Pastdami?..”

“Yo‘q… Chilonzorda mehmonda edilar…”

Mashina chaqirdik. Oltinchi tug‘ruqxona ham, xayriyat, uzoq emas…

Soat ertalab oltida kimdir eshigimizni qoqdi. Abdulla ekan. Uyga kelsa, Hanifaxon yo‘q… Darhol ikkimiz tug‘ruqxonaga chopdik. Buni qarangki, biz Hanifaxonni tug‘ruqxonaga eltganimizdan o‘n besh minut o‘tmay, u ko‘z yorigan ekan! Chaqaloq nomini “Shoira” deb qo‘ydilar.

O‘shanda sobiq ittifoqda aholini ro‘yxatga olinayotgan kunlar, chamasi, 1970 yil 20 – 21-yanvar kunlari edi. Men Shoira­ni ko‘rsam: “Sen mening ham qizimsan. Sen o‘sha aholi ro‘yxatiga kirib qolgansan!”, deb hazillashaman.

Bizlarni yaqinlashtirgan jihatlar, albatta, birinchi galda, ijod, ikkinchisi, yoshimiz tengligi (yo‘q, Abdulla mendan bir yosh katta edi), uchinchisi – zamondoshligimiz. Balki muhimi – ikkimizning ham qishloq bolalari ekanimiz, fe’llarimiz ham jaydari, soddaligi. Harqalay, munosabatlarimizda quruq oliftagarchilik yo‘q edi. Men nimagadir: “Bizlar – plebeylarmiz” degan so‘zni takrorlashni yaxshi ko‘rardim. Abdulla ham menga qo‘shilardi. “Plebey” – lotincha so‘z bo‘lib, “oddiy xalq” ma’nosini beradi.

Bir-birimizni yaqin olishga undaydigan qiziq jihatlar ham bor. Masalan, Abdullaning onasi Turdi Karvon qizi, mening onam Turdixon Egamnazar so‘fi qizi, ular otdosh edilar. Abdullaning otasi Orif bobo yurtning taniqli kishilaridan, uzoq yillar kolxoz raisi bo‘lgan, mening otam Ahmadqul so‘fi Beknazar so‘fi o‘g‘li ham kolxoz raisi bo‘lgan, har xil davlat ishlarida xizmat qilgan. 1939 yilda Katta Farg‘ona kanali qurilishida qatnash­gan. O‘shanda mamlakatda har bir korxona, kolxoz yo tashkilotga qazish uchun o‘n metr, yigirma metr yer ajratib berilgan, shu sababdan kanal 45 kunda tayyor qilingan. Kanal qurilishi umumxalq ishi edi, aniq bilmayman, lekin Orif bobo ham o‘z kolxozi a’zolari bilan kanal qurilishida qatnashganlariga shubha qilmayman.

Abdulla mening otam bilan tanish edi, ular ko‘rishganlarida uzoq suhbatlashishar, otam ham bundan mamnun bo‘lar edi. Orif bobo Toshkentga kelganlarida borib ziyorat qilardim, suhbatlarimiz qizg‘in kechar, ko‘p narsalarni so‘rab olardim. Xayr­lashayotganimizda, Orif bobo menga hamisha: “Sen Abdullaga aytib turgin, tengqursizlar-da, gaping o‘tadi, og‘ir botmaydi, anovi zormandadan uzoqroq yursin! ”, deb nasihat qilardi.

Ko‘p safarlarda Abdulla bilan birga bo‘lganmiz. 1983 yili Moskvada, Markaziy adabiyotchilar uyida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, kamina va Omon Matjon ijodiga bag‘ishlangan “O‘zbek she’riyati kechasi” o‘tkazildi. Moskvalik she’r ixlosmandlari, shoirlar va tarjimonlar zalga yig‘ilib keldilar. She’rlar o‘qildi, rus shoirlari so‘zga chiqdilar… Kamtarlikni bir chetga qo‘yib aytish mumkinki, kecha o‘zbek she’riyatining bayramiga aylandi!

1970-yillarda jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek qutlug‘ ishlar boshlanib ketdi. Bir davr bo‘lgan ekan. Abdulla Oripov Dante Aligerining olamshumul “Ilohiy komediya” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek ishga qo‘l urdi… Shuni aytish joizki, Dantedek shoir ijodini o‘z ona tilida jaranglatish uchun juda katta salohiyat, bilim va jasoratga ega bo‘lish lozim. Abdulla Oripov xuddi shunday ijodkor edi. O‘sha pallalar Erkin Vohidov Iogann Volfgang Gyotening bebaho “Faust” tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girdi. Qodir Mirmuhamedov Homerning ulug‘ “Iliada” bilan “Odisseya” eposlarini, Jovanni Bokachchoning “Dekameron” romanini o‘zbekchalashtirdi. “Shohnoma” tarjima etildi. O‘zim ham buyuk hind eposi “Ramayana”ni ona tilimizga tarjima qildim. Shu munosabat bilan o‘sha payt Respublika rahbari bo‘lgan davlat arbobi va adib Sharof Rashidov kaminani oltin peroli ruchka bilan taqdirlagandi. Shu voqealar nari borsa o‘n-o‘n besh yil ichida ro‘y berdi. Adabiyotimiz qanchalar boyidi, buni oddiy so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi! Hayratga loyiq hodisa!

Do‘stim, xalqimizning ardoqli o‘g‘li hamisha yodimizda. Turli yillarda o‘zbekning buyuk shoiri Abdulla Oripovga she’rlar ham bag‘ishlaganman. Xotiralarim ko‘p, lekin hozircha maqolamni ushbu she’rlar bilan yakunlamoqchiman.

Muvashshah

Alamli hayotdan nolib gohida
Bobolar ko‘ziga olishardi yosh:
“Dunyoning beqaror qarorgohida
Umr posangisin bosarmi hech tosh?…”
La’lu dur ham bunda chorasiz qolur,
Lavozim degani ma’nisiz bir gap.
Ammo yashamoqning fayzi yo‘qolur
Jahonning savdosin ketsangiz o‘ylab.
Omadi gap emas, xazinai ganj,
Nurafshon ermak bu, buyuk bir yupanch:
Ozodlik tuyg‘usi dilni yashartsin,
Ruhiyat tonglardan olsinu nafas,
Ilhom mohpaykari bag‘riga tortsin,
Farog‘at gohida siylab tursin. Bas!

1970

* * *

Abdulla Oripovga

Rost deding: it hurar karvonga doim,
Bekordir saklardan o‘zgani kutmoq.
Azal qonunida bitilmish qoim,
Itlarga hurmog‘u karvonga o‘tmoq…

Mayliga, do‘stginam, koyitma jonni,
Behol uvalmasin horigan yurak.
G‘aflat bosmasin deb, axir, karvonni,
Itlarning ham hurib turmog‘i kerak!..

2007

Muhammad Ali,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti laureati

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 10-con