Ajoyib inson, mehribon ota, benazir ustoz, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinovning oramizdan ketganlariga salkam sakkiz yil bo‘ldi. Domla o‘zlaridan keyin noyob meros – ajoyib ilm bog‘ini, iymonli, e’tiqodli, keng mushohadali, teran fikrlaydigan, qalami o‘tkir shogirdlarni, adabiyotshunoslikka oid nodir tadqiqotlaru o‘quvchi e’tiborini tortadigan tarjimalarni, o‘tkir publitsistik maqolalarni qoldirdilar. Shu bilan birga, domlaning turli uchrashuv va anjumanlarda, radio-televideniyeda milliy ma’naviyatimiz, ajdodlarimizning boy merosi, mustaqillikning ma’naviy asoslarini mustahkamlash haqidagi ko‘plab ma’ruza va suhbatlari hamon xotiramizda.
Ustozning fikricha, hayot tarzimizni puxta o‘ylangan andozalarga moslasak, odamlar harom-xarishdan hazar qiladigan bo‘lsa, ular o‘rtasida adovat va hasad yo‘qolib, shafqat va muruvvat qaror topsa, har bir odam o‘zining insoniy sha’nini har narsadan yuqori qo‘ya bilsa, vijdonini pok saqlasa, iymon-e’tiqodli bo‘lsa, jamiyat ma’nan boy, mamlakat esa qudratli bo‘ladi. Lekin bu fazilatlar jamiyatga osmondan tushmaydi. Buning uchun mehnat va harakat qilmoq kerak. Inson ma’naviy dunyosini boyitadigan, aqlini peshlaydigan vositalar esa ko‘p. Shulardan biri kitobdir. Kitob bilan sirlashmoqni inson o‘zi uchun hayotiy zaruriyatga aylantirmog‘i zarur.
“Lekin ming afsuski, – degan edilar domla, – hozirgi kunda adabiyotga, kitobga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada pasaygan. To‘g‘ri, yoshlar zamonaviy texnik vositalar – kino, video, kompyuter orqali muayyan ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin, biroq bularning bari fikrni ifodalab berishga xizmat qilmaydi. Vaholanki, insonni fikrlashga undaydigan vosita bu kitobdir’’. Fikrlash, kitob mutolaasi bu – mehnat. Domlaning nazarida yoshlar aynan ana shu mehnatdan qochishyapti. Bilishmaydiki, kitob inson ongini tarbiyalaydi, zehnini, nutqini, rivojlantiradi.
Men rus maktabida o‘qiganman. Maktabimiz matematikaga ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, adabiyot fani ham juda kuchli o‘tilar edi. Sinfdoshlarimiz bilan hech bir qistovsiz kitob o‘qir edik. O‘qituvchilarimiz faqat yo‘nalish berardi, xolos. Oilada ham xuddi shunaqa ijodiy muhit bor edi. Ota-onam ziyoli insonlar bo‘lganligi uchun uyimizda juda katta kutubxonamiz bor. Ustozning kitob javonlaridan bolalar uchun nashr etilgan “Qiziqarli matematika”, “Bolalar uchun fizika” kabi kitoblar, “Jahon xalqlari ertaklari” turkumlari, shohmot o‘yiniga oid kitoblar ham o‘rin olgan. Domla bolalarning aynan shunday kitoblar bilan oshno bo‘lishiga katta e’tibor berar edi.
Ayniqsa, nabiralarining shohmot o‘yini sirlarini chuqur egallashi, bu o‘yinga jiddiy qiziqishi u kishini nihoyatda quvontirardi. “Shohmot o‘yini xotirani peshlaydi, vujudga kelgan murakkab vaziyatlardan chiqib ketishning to‘g‘ri yo‘lini topishga o‘rgatadi”, derdilar.
Shuning uchun ham farzandlarimiz Shahnozaxon, Saodatxon, Muzaffar Mirzo va Shirinxonni Ozod buvalari oldiga tez-tez borib turishini istardik. Chunki buvalari har bir diydorlashuvda nabiralari qaysi kitobni o‘qigani va u nima haqida ekaniga qiziqib, savolga tutishlari sababli bolalar bunday suhbatlarga alohida tayyorgarlik ko‘rishardi. ‘‘Bu safar nimalarni so‘rashlari mumkin?’’ deb, bir birlari bilan bahslashishi, bizga maslahat solishi zavqimizni uyg‘otardi. Shu tariqa donishmand bobo nabiralarida o‘qish, mas’uliyat, xotira va kitobga muhabbat ko‘nikmalarining shakllanishiga sababchi bo‘lgan. Domla bolalarning o‘qigan kitoblari mazmunini aytib berishinigina emas, balki olgan bilimlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazardi.
Ma’lumki, hayotlarining so‘nggi o‘n yilligida “qand” kasalligining zo‘rayishi tufayli Ozod domlaning sog‘liqlari yomonlashdi. Shunga qaramasdan, bu yillar xayrli keldi, deyish mumkin. Chunki domlaning atroflarida yuksak shuurli, iste’dodli hamkasblari, do‘stlari, shogirdlari bor edi. Ustoz ular bilan muloqot qilishni xush ko‘rardilar, ularda ham bunday suhbatlarga katta ishtiyoq bor edi. Ijod qilish, ijoddan bo‘sh paytlarda esa mana shunday o‘zaro muloqotlar u kishi uchun nihoyatda yoqimli onlar hisoblanardi.
Ozod domla vaqtni behad qadrlaydigan inson edilar. Kim bilandir uchrashuv tayinlansa, erta ham, kech ham bormasdilar. Bu qadar aniq vaqt bilan yurishlarining sababini so‘rasak, kulib: “Erta borib o‘z vaqtimni, kechikib borib ularning vaqtini yo‘qotishni xohlamayman’’, derdilar. Aniqlik – u kishining qat’iy talabi edi. Shu fazilat domlaning hayot tashvishlarini, ijodiy ishlarini, munosabatlar va aloqalarini ham qamrab olgan edi. Hatto dardlari kuchaygan yillarda ham bu talabchanlik va aniqlikdan chekinmadilar. Biz dam olishlarini iltimos qilsak, qo‘llaridagi tarjima qilinayotgan kitobga ishora qilib, “Men axir dam olyapman, huzur qilyapman”, deb javob berardilar.
Agar dadamning kutubxonasiga diqqat bilan nazar solsak, kitoblar nashr qilingan vaqtga qarab adabiyotda ko‘tarilgan muammolardan, jahon madaniyati tarixidan xabardor bo‘lish mumkin. Shu tariqa, kitob javonidan joy olgan nashrlar ham shunchaki sotib olinmaganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu yerda antik davrdan hozirgi kungacha bo‘lgan G‘arb adabiyotini ham, qadimgi Sharq adabiyotini ham, turli janrlarga oid fundamental tadqiqotlarni, dunyo dinlari, tarix, geografiya, san’at, me’morchilik borasidagi kitoblarni ham uchratish mumkin. Bu – olimning bilim doirasi naqadar kengligidan dalolat beradi. Sho‘ro davrining so‘nggi yillarida ta’qib etilgan shoir va yozuvchilar asarlarining nashr qilina boshlashi munosabati bilan yozilgan tadqiqotlar olimga XX asrning 20-30-yillar adabiyotini keng kitobxonlar ommasiga tanishtirish imkonini berdi. Bir so‘z bilan aytganda, kitobxonga qaytarilgan adabiy meros tufayli domla yanada ishga sho‘ng‘ib ketdilar.
Kitobni jonu dilidan sevgan alloma respublikamizning deyarli har bir viloyatidagi hatto ko‘zga tashlanmaydigan kitob do‘konlarigacha juda yaxshi bilar edilar. Sotuvchilar qishloq sharoitida zaruriyati kamroq bo‘lgan yoki o‘quvchisini topolmagan, lekin mutaxassis uchun noyob hisoblangan adabiyotlarni domla uchun kitob omborlarida ataylab saqlab qo‘yardilar. Ozod domla o‘zlarining deyarli barcha mablag‘larini ana shunday kitoblarga sarflardilar. Ustozning kitobsevarligi haqida-ku o‘zbek xalqining ardoqli yozuvchilari Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov ko‘p va xo‘p yozishgan. U kishining kitoblarga nisbatan ichki tuyg‘usi, muhabbati nihoyatda kuchli edi. Domla o‘sha vaqtlardayoq o‘zbek o‘quvchisi uchun zarur, biroq taqiqlangan adabiyotlarning, hamma o‘qishi shart bo‘lgan kitoblarning ro‘yxatini tuzib qo‘ygan edilar. Bu muhim ish bilan u kishi butun umr shug‘ullandilar.
Domla hayotiy zarur narsalar orasida kitobni eng muqaddas bilar, nihoyatda e’zozlar edilar. Ayniqsa, kitoblarni qo‘llarida ushlashlarini bir ko‘rsangiz edi, yuzlari yorishib ketardi!
Har bir sotib olingan kitobni sinchiklab varaqlar edilar. Dastavval mundarija, kirish va xulosa qismlarini diqqat bilan ko‘rib chiqar, shundan so‘nggina o‘qish uchun ajratib qo‘yilgan kitoblar qatoriga joylardilar. Zamonaviy yoshlar orasida kitob o‘qishga bo‘lgan e’tiborsizlikni u kishi “eng katta falokat” deb atardilar. Chunki dadamiz inson dunyoqarashi, hayot tarzining shakllanishida kitobning o‘rnini beqiyos deb bilar, bundan tashqari, turmush har kuni oldimizga qo‘yadigan ko‘plab savollarga ham faqat kitobdan to‘g‘ri javob topish mumkin, deb hisoblardilar.
Oyim ham uyda o‘zbek tilidagi hamma kitoblarni o‘qib chiqqanlar desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir kuni oyim kasalxonada davolanayotgan edilar. Ko‘rgani bordim. Dadangga ayt, ertaga kelsalar, menga kitob olib kelsinlar, dedilar. Dadamga aytsam, qaysi kitobni olib boraman, hammasini o‘qib bo‘lgan-ku, deganlar. Bu gaplar oyimga dadam tomonidan berilgan eng katta baho, nazarimda.
Hozirgi yoshlar shunday yoshda ham odam kitob o‘qiydimi, deb hayron bo‘lishadi. Oyim esa kitobsiz tura olmaydilar, hali-hanuzgacha har juma “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini olib kelsinlar kelmasak, bir narsalarini yo‘qotganday bo‘ladilar. Yangi chiqqan kitob va yangiliklardan xabardor bo‘lib turadilar.
O‘quvchi yozuvchi tasvirlagan voqelikni qabul qilishi yoki qilmasligi mumkin. U holda ham, bu holda ham, baribir kitobxon mutolaadan ozmi-ko‘pmi ma’naviy ozuqa oladi. Shuning uchun ham kitob insonning eng sodiq do‘sti ekanligini domla o‘z maqolalarida doim ta’kidlab kelganlar. V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, L.Tolstoy, O.Uayld, I.Bunin, A.Krus, P.Koelo, I.Bunich va boshqa ijodkorlar dunyoqarashi uning tafakkuriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada aynan mana shu beqiyos zakovat unga yashash va ishlash, o‘zini kimlar uchundir nafi tegadigan inson deb hisoblash imkonini berdi.
Dadam hech qachon dangasalik ko‘chasiga kirmaganlar. U kishi tonggi soat oltida o‘rindan turib, olti yarimgacha badan tarbiya bilan shug‘ullanar, so‘ng ijodiy ish, mutolaaga kirishar, soat sakkizdan sakkiz yarimgacha nonushta qilib olib, yana ishga sho‘ng‘irdilar. So‘ng bir yarimgacha tushlik. Bir yarimdan uch-uch yarimgacha dam. Shundan so‘ng beshgacha yana ishga sho‘ng‘irdilar. Soat beshdan shohmot boshlanar edi. Sheriklar ham doim topilar, chunki eshikdan albatta kimdir kirib kelar edi. Domlaning har bir kuni deyarli shu tarzda o‘tardi.
Domlaning kasali qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu haqda o‘ylamaslikka intilar, kasallikdan qutulishning birdan-bir yo‘li – ijod qilish, deb bilardilar. Shunday qilganida, kasallik go‘yo chekingandek bo‘lardi, shekilli. Kuch-qudratni, irodani bunday yo‘naltirishni biz faqat Ozod domla siymosida ko‘rdik. Ular ijod bilan yashadilar va Ollohning bu inoyatidan baxtli edilar.
2002 yilning yozida dadam ko‘krak jarrohligi shifoxonasida yotdilar. Qizilo‘ngach yo‘li yopilib, ovqat o‘tmay qolgan edi. Ustiga-ustak, qand kasalligi tufayli u kishini operatsiya ham qilib bo‘lmasdi. Biroq bu safar ham Xudoning o‘zi yana qo‘lladi… Shifokor professor I.Strutskiy qizilo‘ngachni ko‘zdan kechirib, hech qanday shish yo‘qligi, qon tomirlari aniq ko‘rinib turgani va qizilo‘ngachning bunday holati qand kasalligi natijasi ekanligini, ya’ni qizilo‘ngach torayganini aytdi. Professor domlaning qizilo‘ngachini bir necha bor kengaytirib, kasaldan forig‘ qildi. Aynan shu kunlarda Ozod Sharafiddinovga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilishi haqida Prezident Farmoni chiqdi.
Domla “Jahon adabiyoti” jurnali xususida, uning kelajagi, bosilajak yangi tarjimalar haqida ko‘p o‘ylardilar. Shu vaqtda men V.Nabokov ijodi bilan shug‘ullanayotganligim tufayli dadamga adibning “Priglasheniye na kazn” romanini jurnalda chop etishni taklif qildim. Lekin domla “Nabokov asarlarini nashr etishga hali erta, buning uchun o‘quvchini tayyorlash kerak, uni tushunmasliklari mumkin”, degan javobni berdilar. V.Nabokovni bosish uchun ungacha bo‘lgan narsalarni – adibga ruhan yaqin bo‘lgan boshqa yozuvchilarning asarlarini tarjima qilib berish lozimligini ta’kidladilar. Ko‘ramizki, u kishi doimo o‘quvchi haqida o‘ylagan, ya’ni oldin jurnalxonni mutolaaga tayyorlash, qiziqtirish, so‘ngra Nabokovday yozuvchilarning asarlarini chop etish lozim, deb o‘ylardilar.
Ahvollari yaxshilanishi bilan domla darhol ishga kirishib ketdilar. Bu orada dadam G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Zulfiya, G‘ayratiyga bag‘ishlangan maqolalar, tadqiqotlar chop ettirdilar. Shu jumladan, “Tafakkur” jurnalida H.H.Niyoziyga bag‘ishlangan katta maqola chop etildi. G‘ayratiy haqidagi maqola “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi sahifalaridan o‘rin oldi. Hamzaga bag‘ishlangan maqolada uning hayot yo‘li, ijodiy izlanishlarida ko‘ndalang bo‘lgan davr muammolari, shoirning Turkiston ma’rifatchilik harakatiga qo‘shgan ulkan hissasi misollar orqali ko‘rsatib berildi. Shu ma’noda, G‘ayratiyning iste’dodi ham davr qurboni bo‘lganligi izohlab o‘tildi.
Yana bir voqea yodimda. 2004 yilning sentyabrida, shifokorlar dadamni navbatdagi operatsiyaga tayyorlayotgan bir paytda u kishi “Agarda Xudo menga yana ozgina umr bersa, Oybek domla haqida yozgan bo‘lar edim. Maqola miyamda tayyor bo‘ldi”, degan edilar. Dadam operatsiyadan omon chiqdilar va Oybek haqidagi “Millatni uyg‘otgan adib” nomli maqolani e’lon qildilar. O‘sha kunlarni domla shunday xotirlagan edilar: “Men shifoxonada hayotimdagi eng og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazdim. Dardchil tunlarda necha martalab ajalga ro‘para keldim va bu gal ham choh labidan omon qaytdim. Bunda adabiyotni, adabiyot dunyosidagi tozalik va poklikni o‘ylaganimmi yoki qay bir sifatim ma’qul kelib, o‘sha og‘ir kunlarda Oybek domlaning ruhiy madadi meni qo‘llagan bo‘lsa, ajabmas”. Mana shu birgina misolda biz bu insonning adabiyotga bo‘lgan munosabatini, ijodga sadoqatini, millatimiz oldidagi burchni qay darajada anglaganini ko‘ramiz. Shu davrda ustozning “Dovondagi o‘ylar” va “Ijodni anglash baxti” nomli kitoblari nashrdan chiqdi. Ularda zamondoshlar, Istiqlol va uning yaqin-olisdagi jonfidolari, darg‘alarining obrazlari tasvirlandi. Maqola va badialarda mehr-muhabbat, insoniy muruvvat masalalari keng, asosli mushohada, hayotiy voqea-hodisalar orqali tasvirlandi. Barcha maqolalar muallifning Olam va Odam haqidagi keng, teran o‘ylari ila o‘zaro bog‘lagan edi.
Domlaning asarlari emas, hatto sarlavhalari ham o‘zgacha ma’no va mazmun anglatishi bilan ajralib turardi, nazarimda. Birgina maqolalarining sarlavhalarini olib ko‘raylik: “Sizni sog‘indim, Zulfiya opa”, “Mag‘zi puch so‘zlardan bir tosh nari qoch”, “Umarbekovning o‘lmas fazilatlari”, “A’lo hazratning hasratli kunlari” (A’lo Ashrapov haqida), “Izzatga munosib otaxon ijodkor” (Izzat Sulton haqida), “So‘nggi jadid qissasi” (Begali Qosimov haqida).
So‘nggi yillarda uning ish joyiga aylangan yotoqxonadagi kitoblar bir qarashda betartibdek ko‘rinsa-da, aslida unday emasdi. Chunki kitoblar domlaning o‘zlari o‘rnatgan qat’iy tartib asosida joylashgan – yozuv stolida, uning yonidagi stullarda ijod uchun birinchi galda zarur bo‘lgan nashrlar joy olgan bo‘lsa, sal narida ish davomida kerak bo‘lib qoladigan kitoblar turardi. Dadam kitoblarni o‘ziga qulay tartibda taxlab qo‘yishni xush ko‘rardilar.
Ozod Sharafiddinov jamoatchilikka birinchi navbatda adabiyotshunos – tanqidchi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, u tarjima bilan ham faol shug‘ullanib keldi. Tarjima qilgan asarlari orasida turli: roman, qissa, hikoya, fantastika kabi janrlarga oid asarlar, esselar, adabiy-tanqidiy maqolalar, falsafiy izlanishlarni ko‘rish mumkin. O.Sharafiddinovning birinchi tarjimasi 1955 yilda e’lon qilingan. 1955 yildan 2005 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida 150 dan ortiq (1955-1998 yillarda – 35 ta, 1998 yildan 2005 yilgacha 120 ga yaqin) asar o‘zbek tiliga o‘girilgan. Tarjima qilingan asarlar orasida Xo‘ja Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi”, E.Kazakevichning “Ko‘k daftar”, V.Katayevning “Devordagi kichkina temir eshik”, A.Ribakovning “Arbat bolalari”, Genlinning “Stalin va Bulgakov”, L.Tolstoyning “Iqrornoma”, E.Savelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman”i kabi katta-kichik asarlar bor, yana, V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, Laroshfuko, J.J.Russo, O.Uayld, X.Ortega, Z.Freyd, F.Sagan, O.de Balzak, X.Vamberi, J.Golsuorsi, Kobo Abe, H.Hesse, A.Morua, V.Bikov, N.Gogol, V.Voynovichlarning maqola, qissa, romanlar, tadqiqotlar… bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Aslida gap ro‘yxatda ham, sanoqda ham emas, gap – tarjimonning mahorati va mehnatsevarligida, xalq oldidagi burchni his qila olishida.
Ustoz jahon adabiyoti va madaniyatining bilimdon mutaxassisi sifatida o‘zbek o‘quvchilariga turli xalqlar adabiyotining durdona asarlarini ona tilida o‘qish imkonini yaratishga harakat qilganlar. “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil topgandan keyin (1997 y.) u nafaqat adabiy-badiiy, tanqidiy, ijtimoiy-publitsistik vazifani bajarishi, shu bilan birga o‘quvchi dunyoqarashini kengaytirishi, uning estetik didini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak deb hisoblardi. Domla, tarjima uchun asar tanlay bilish – ijodiy mahoratning boshlang‘ich nuqtasi, deb bilganlar va o‘zlari ham nihoyatda ehtiyotkorlik, yuqori did va bilimdonlik bilan tanlangan asarni tarjima qilishga kirishganlar. Aytaylik, qayta qurish davrida rus yozuvchisi A.Ribakov birinchilardan bo‘lib Stalin shaxsiga sig‘inish masalalari ko‘tarilgan “Arbat bolalari” epopeyasini yozgandi. Domla o‘sha qayta qurish yillarida (1988 y.) mazkur asarni bosim o‘tirib o‘zbek tiliga o‘girgan edilar. Ozod Sharafiddinov tarjimalari nafaqat “Jahon adabiyoti”, balki “Tafakkur”, “Saodat” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Ozod Obid, Sherzod, Nodirabegim, Muzaffar Mirzo, Azizxon taxalluslari bilan ham bosilib turdi. Domla “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil qilingandan to vafotlariga qadar jurnalning 100 ta soniga bosh bo‘lib, imzolaganlar.
Ko‘ramizki, ustoz amalga oshirgan tadqiqotlarning ham, tarjimalarning ham mavzulari nihoyatda rang-barang. Ular orasida badiiy adabiyot, dehqon hayoti va qishloq muammolari, tarix va inqilob, mashhur shaxslar, bankirlar, xalqaro astronavtika masalalari, jahon xalqlari hikmatlari, latifalari, yozuvchilik kasbining sirlari, islom va boshqa dinlarga oid mavzular o‘rin olgan.
2005 yil oilamiz uchun juda og‘ir yil bo‘ldi. Ukam Farhod qazo qildi. Oyim bilan dadamning ahvolini tasavvur qilishning o‘ziyam og‘ir… Bu og‘ir kunlarda oyim bilan dadam bir-biriga suyanchiq bo‘lishdi. Oyim Farhodnikiga ketsalar, chaqirib olib, arzimagan ishlar bilan chalg‘itib qo‘yar edilar. Shunaqa paytlarda oyim hayron bo‘lib, gazeta-jurnallarni nabiralar o‘qib bersa ham bo‘ladi-ku, derdilar. Dadam oyimning ezilmasligi uchun shunday qilarkanlar. Ammo farzand dog‘i dadamni qanchalar o‘rtagani o‘zlariga ayon edi.
Dadamning boshidan nimalar o‘tmadi? Bularning hammasini polvon bo‘lib ko‘tardilar, lekin farzand dog‘ini ko‘tarolmadilar. 2005 yil 4 oktyabrda ma’rifatparvar inson, adabiyot fidoyisi Ozod Sharafiddinov olamdan o‘tdilar. Vafotlaridan avval biz – oila a’zolaridan rozi-rizolik so‘radilar. Menga qarab kitoblarni, qo‘lyozmalarni, rasmlarni asrashimni tayinladilar.
Xulosa o‘rnida, bir paytlar domlaning Cho‘lpon haqida aytgan gaplarini ularning o‘zlariga nisbatan ham aytish mumkin: Ozod Sharafiddinov “…biron boshqa janrda ijod qilmaganda ham, tarjimalarining o‘ziyoq uning nomini o‘zbek adabiyoti tarixining eng mo‘tabar joyiga qo‘yish uchun kifoya qiladi. Uning tarjimalari o‘zbek xalqi madaniyatining rivojiga katta hissa qo‘shgan va allaqachon xalqimizning ma’naviy boyligiga aylanib qolgan”.
Muhabbat Sharafutdinova, filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son