Muhabbat Sharafiddinova. Tarjimada ham ustoz

Jamoatchilik Ozod Sharafiddinovni birinchi navbatda adabiyotshunos-tanqidchi, zahmatkash olim sifatida yaxshi biladi. Lekin u 1955 yildan boshlab to umrning oxirigacha tarjima bilan ham faol shug‘ullangan xassos ijodkor edi. U kishi qilgan tarjimalar orasida xilma-xil janrlardagi asarlar mavjud: romanlar, qissalar, hikoyalar, sarguzasht, fantastik asarlar, esselar, adabiy-tanqidiy maqolalar, falsafiy izlanishlar, shu bilan birga, mashhur adiblar, faylasuflar, davlat arboblarining ma’ruzalari, kitoblari, hikmatli so‘zlar, turli xalqlarning latifalari ham bor. Kinostsenariylar tarjimasi esa olim ijodida alohida o‘rin egallaydi.

Raqamlarga murojaat qilaylik. Ijodkorning birinchi tarjimalari 1955 yilda qilingan. 1955 yildan to 1998 yilgacha u 150 taga yaqin asarni tarjima qilgan ekan. 1955 yildan to 1998 yilgacha — 35 ta. 1998-2005 yil-gacha – 120 taga yaqin asar tarjima qilingan. Aniqroq aytsak, oxirgi 7 yil ichida u 120 ga yaqin asarni o‘zbek tiliga ag‘dargan. Bu raqam Ginnes kitobiga kiradigan hodisa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tabiiyki, shuncha asarni qisqa vaqt ichida tarjima qilish oson emas.

Bu asarlar mazmuniga qarab olimni qanday muammo va masalalar qiziq-tirganini bilib olish mumkin. U kishi tarjima uchun asar tanlashda ham xolis, talabchan va nihoyatda mustaqil bo‘lganlar. Masalan, Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi”, E.Kazakevichning “Ko‘k daftar”, V.Katayevning “Devordagi kichkina temir eshik”, “Ichak uzar hangomalar”, A.Ribakovning “Arbat bolalari”, Genlinning “Stalin va Bulgakov”, L.Tolstoyning “Iqror-noma”si, Efraim Savelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman”, Onore Balzakning “XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktub”, Aflotun, V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, Laroshfuko, J.J.Russo, O.Uayld, Xose Ortega, Z.Freyd, Fransuaza Sagan, Herman Vamberi, “Shaxmat hangomalari”, V. Bikov, P. Koelo, J.Golsuorsi, Kobo Abe, Herman Hesse, N.V. Gogol, Zb. Bzejinskiy, Yu. Borgen, V. Voynovich, A. Morua asarlari va hokazo. Bu ro‘yxat Ozod Sharafiddinov ijodining bibliografik ko‘rsatkichida (Bibliografik ko‘rsatkich, — Toshkent, 2005) 9 betni egallagan. Albatta, gap ro‘yxatda emas, tarjimonlik mahoratida.

Olimning tilimizga ilk tarjima qilgan asari V.Belinskiyning “Tanqid haqida nutqi” (1955) edi. O‘sha davrda, olim endi adabiyotga kirib kelayotgan davrda, Belinskiyning tanqid haqidagi mulohazalari, noyob gaplari unga juda yaqin bo‘lgan. Shu tufayli Belinskiyning asarini o‘zbek tanqidchiligiga olib kirishga ahd qilgan. Keyinroq, u 1959 yilda N.A.Dobrolyubovning adabiy-tanqidiy maqolalarini va mashhur hind yozuvchisi Xo‘ja Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi” romanini tarjima qilgan, so‘ng E.Kazakevichning “Ko‘k daftar” va boshqa asarlarga qo‘l urgan. Shu yillar orasida (1968) “Tirik satrlar” she’riy to‘plami nashr etildi. Ammo, ma’lum sabablarga ko‘ra “Tirik satrlar” ta’qibga uchragan (to‘plamga Cho‘lpon, Fitrat, Muxtorxon, Elbek, Botu she’rlari ham kiritilgan) edi. Ozod Sharafiddinov shu majmuaga muharrirlik qilgani ma’lum. Tabiiyki, “Tirik satrlar” tufayli olimning boshida “kaltak”ning eng kattasi singan. Uning kitob-larini, maqolalarini chop etmay qo‘yishdi. Shunda “O‘zbekfilm” kinostudiyasi dublyaj guruhining bosh muharriri Qodir aka Mirmuhamedov bu og‘ir holatni his qilib, tarjima uchun kinostsenariylar yuborib turgan. Shunday qilib, Ozod Sharafiddinovda tarjimonlik mahoratini kinoda sinab ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tabiiyki, u kishiga stsenariylarning eng baquvvati, salmoqlisi tarjima uchun taklif qilinar edi. Masalan, Sergey Gerasimovning (“Ko‘l bo‘yida”), Ivan Pirev, Sergey Bondarchuklar yaratgan filmlar yoxud F.Dostoyevskiy asarlari asosida suratga olingan filmlar.

Lekin tarjima Ozod Sharafiddinov ijodida hech qachon tirikchilik manbaiga aylanmagan. Ijodkorning oldida doim aniq, katta maqsad bor edi: o‘zbek xalqini jahon madaniyati bilan tanishtirish, undan bahramand qilish, dunyoqarashini kengaytirish va rivojlantirish. Tarjimalar orqali o‘zbek kitobxonini jahon adabiyoti bilan tanishtirish vazifasini ko‘zlash asosiy muddaolardan biri edi. Mana shu maqsad “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil topgandan keyin (1997), ayniqsa keng ko‘lamda amalga oshira boshlandi. Birinchi navbatda Bosh muharrir Ozod Sharafiddinov oldida juda muhim vazifa — jurnalning aniq dasturini yaratish masalasi turar edi. “Jahon adabiyoti” adabiy-badiiy-ijtimoiy-publitsistik jurnal bo‘lishi bilan birga, xalqning madaniyatini tarbiyalash, dunyoqarashini kengaytirishdek juda katta mas’uliyat yotardi. Shu tufayli u kishi tarjima uchun asar tanlaganlarida, shunchaki ma’lumot berish yoki duch kelgan asarni tarjima qilish yo‘lidan borgan emas. Bu o‘ziga yarasha ijod edi. Domla asar tanlay bilishni — ijodiy mahoratning boshlang‘ich nuqtasi deb hisoblar, shuning uchun nihoyatda ehtiyotlik, did va bilimdonlik bilan bu ishga qo‘l urar edi. Aksiga olib, aynan shu paytda og‘ir xastalik unga yopishib oldi. Shunga qaramay, u ag‘dargan tarjimalarning ko‘pchiligi (120) aynan shu davrga to‘g‘ri keladi. (Bu raqam ko‘proq bo‘lishi kerak, chunki vafot etganlaridan keyin ham matbuotda tarjimalari chiqqan). Tarjimalarining ayrimlari “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Saodat” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Ozod Obid, Sherzod, Nodirabegim, Nodirabonu, Muzaffar, Azizxon, Azizbek taxallus-lari bilan ham bosilib chiqqan. “Jahon adabiyoti” jurnalining deyarli katta qismida ustoz tarjimalari bor desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarjimon o‘zbek tilining barcha go‘zal imkoniyat-laridan, xalqona iboralaridan mahorat bilan foydalangan. Ayni paytda Ozod domla o‘tkir so‘z ustasi, tashbeh va iboralarni o‘z o‘rnida qo‘llay oladigan mohir ijodkor sifatida bu ishga doim nozik did va katta talabchanlik bilan yondashgan edilar.

Ozod Sharafiddinov tarjimalarini o‘rganish jarayonida shuni aytish mumkinki, u kishi tarjimalari orqali madaniyatshunoslik bo‘yicha mukammal dastur tuzib bergan desak, xato bo‘lmaydi. Shunisi hayratlanarliki, bu “dastur” xalqning turli tabaqasiga mo‘ljallangan. Chunki kitobxonlar har xil. Ularning didi, tabiati, tajribasi, aql-zakovati ham turlicha. Bundan tashqari, mutolaadan maqsad ham har xil bo‘lishi aniq. Ahamiyat bersak, domlaning tarjimalari faqat ilmiy-nazariy maqolalardan yoki faqat fantastik, sarguzasht asarlardan, falsafiy, siyosiy tadqiqotlardan va faqat latifalardan iborat emas. U hamma janrlarni qamrab olishga intilgan. Shu bilan birga bu asarlarning tuzilishi ham rang-barang. Ularning ichida izchil dinamika bor: ommabop risolalardan tortib, nihoyatda chuqur falsafiy-psixologik asarlargacha domlaning e’tiborida turgan.

Xullas, Ozod Sharafiddinov qilgan tarjimalar barchaning qalbiga yetib bora oladi.

Ustoz hozirgi kunda chiqayotgan eng yaxshi asarlarni, ya’ni bugungi kunda dunyoda qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan asarlarni o‘zbek xalqiga yetkazib berishga shoshilar edi. Masalan, u qayta qurish paytida mashhur “Arbat bolalari”ni (1988) o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bu asarda qayta qurish davrida birinchilardan bo‘lib Stalin shaxsiga sig‘inish muammosi ko‘tarilgan edi. To‘g‘ri, keyinroq bu mavzuga bag‘ishlangan talay asarlar chiqdi. Lekin “Arbat bolalari” bu borada qaldirg‘och edi. Domla xuddi shunday tezkorlik bilan braziliyalik yozuvchi Paolo Koeloning asarlarini ham o‘zbek xalqiga yetkazib berdi (“Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘”). Koeloning asarlari bugungi kunda 117 dan ortiq mamlakatda sevib o‘qiladi. “O‘zbek kitobxoni ham dunyo o‘qiydigan asarlardan xabardor bo‘lishi kerak”, — degan shior uning maslagiga aylanib qolgandi.

Ozod Sharafiddinov tarjimalarini bir necha yo‘nalishlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Masalan, tarjimalarning janr xususiyatiga ko‘ra o‘ziga xosligi; tarjimon mahoratini; tarjimon va muallif usullarining uyg‘unligini, tarjimada kinoyani saqlab qolish yo‘llari; badiiy til muammolari; tarjimon va muallif dunyoqarash-laridagi uyg‘unlik va hokazo.

“Tafakkur” jurnalida (2000 yil, 2-son) bosilgan Herman Vamberining “Ma’rifat yo‘lidagi uyg‘onish” maqolasi tarjimasiga nazar tashlaylik. Herman Vamberining nomi o‘zbeklarga bir qadar tanish. Masalan, uning Buxoro tarixiga bag‘ishlangan asari ikki marta nashr qilingan. Bu vengr sharqshunos olimi, turkiy tillarni puxta o‘zlashtirgan va atroflicha tadqiq etgan. O‘tgan asrning o‘rtalarida u katta qiyinchiliklar bilan Turkistonga kelgan, bu yerda xalq hayotini, tili, madaniyati va adabiyotini yaqindan o‘rgangan. Ozod domlaning qo‘liga nemis olimi Goldtsigerning 1912 yilda Peterburgda chiqqan “Islomdan ma’ruzalar” nomli kitobi tushib qolgan edi. Shu kitobga Herman Vamberining Rossiya musulmonlari haqidagi maqolasi ham kiritilgan ekan. Maqoladagi Turkiston xalqlari o‘rtasidagi milliy-madaniy uyg‘onish va jadidchilik harakatining ilk davri haqidagi mulohazalari olimni nihoyatda qiziqtirgan. Chunki Turkiston o‘lkasidagi milliy-madaniy uyg‘onish muammolari domlani ham doim qiziqtirib kelgan edi. Yuqoridagi kitob bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

Vamberining “Ma’rifat yo‘lidagi uyg‘onish” nomli maqolasida islom diniga e’tiqod qo‘ygan rus fuqarolari haqida ko‘p gapiradi. Ular “tatar” degan umumiy nom ostida ma’lum va mashhurdir. Etnik jihatdan esa ular Volga bo‘yi tatarlari, boshqirdlar, Kavkaz tatarlari va Qrim tatarlari kabi guruhlarga ajraladi. Shu bilan birga, Vamberi “musulmonlar orasida G‘arb madaniyatiga intilish borasida boshqalarga qaraganda ancha ilgarilab ketgan, o‘z vatanida va dindoshlari o‘rtasida yangicha qarashlarning yoyilishiga katta yordam bergan” uchta xalq haqida ham gapirgan. Bularning birinchisi, usmonli turklar ikkinchisi, Hindiston musulmonlari, uchinchisi islom diniga e’tiqod qo‘ygan rus fuqarolari. Ruslar ularning milliy tuyg‘ularini uyg‘otib, islomdan chalg‘itishga va xristian diniga kirishga harakat qilgan”, deb yozadi Vamberi. Shu bois, muallif shunday qiziq fikrni aytadi: “Madaniy harakatlar tashqaridan zo‘rlik bilan olib kirilmay, o‘z-o‘zidan, millatning ich-ichidan rivojlangan taqdirdagina madaniy inqiloblar muvaffaqiyat qozonmog‘i mumkin”. Bu yo‘nalishdagi birinchi turtkini ma’rifatchilik, vatanparvarlik kayfiyati bilan kuyib-yongan Ismoilbey Gaspirali berdi, deb ta’kidlaydi Vamberi. Olim Gaspirinskiyning tug‘ilgan qishlog‘i, “Tarjumon” gazetasi, uning yigirma yillik faoliyati haqida gapiradi. Asarda nihoyatda qimmatli ma’lumotlar bor. Masalan, Gaspirinskiyning benihoya dono odamligi, G‘arb ma’rifatini inkor qilgan insonlarga bu narsaning zararini yotig‘i bilan, avaylab tushintirishga harakat qilgani, milliy teatrni yuksaltirish, sohasidagi ishlari, xalq orasidagi ma’rifatchilik faoliyati, bosmaxonalar haqidagi ma’lumotlar, 1909 yil 16 avgustda Nijniy Novgorodda bo‘lib o‘tgan qurultoyda tatarlar ilk bor yaxlit milliy kuch sifatida namoyon bo‘lgani haqidagi mulohazalar hamda fikrlar mavjud. Har bir millat o‘z ona tilini saqlab qolishi lozimligiga doir fikrlar, ayniqsa e’tiborga sazovor. Shu nuqtai nazardan tatarlarning, keng ma’noda olganda, turkiy millatlarning madaniy harakati Vamberining e’tiborini jalb qiladi.

Shu bilan birga “Tarjumon” (1883) gazetasi haqida gapirib turib, uning maqsadini xalqni ma’naviy jihatdan uyg‘otishda deb biladi.

Maqolaga qaraganda, Vamberini jiddiy bir masala qiziqtiradi: ma’rifatli odamlar safini imkon qadar kengaytirish uchun nima qilish kerak? Bu muammo bilan Ozod domla ham umri bo‘yi shug‘ullangani ma’lum. Ko‘rib turibmizki, Ozod Sharafid-dinov Vamberining maqolasini tasodifan tarjima qilgan emas. Undagi fikr, mulohazalar, muallif fikrlari domlaning qarashlari bilan chambarchas uyg‘unlashib ketgan.

Ozod Sharafiddinov tarjimalari orasida G‘arb madaniyati vakillarining Sharq madaniyati, tarixi bilan, islom dini bilan qiziqishiga doir masalalar alohida o‘rin egallaydi. Masalan, olim mashhur rus yozuvchisi N.V.Gogolning “Al-Ma’mun” (“Jahon adabiyoti”, 2003, 2-son) essesini tarjima qildi. Mazkur esse 1834 yilda Sankt-Peterburg universitetida ma’ruza holida o‘qilgan ekan va ma’ruzani tinglash uchun V.Jukovskiy va A.S.Pushkinlar ham taklif qilingan.

Bu esseda Al-Ma’mun haqida aytilgan fikrlari munozarali bo‘lishi mumkin. Ammo Gogolning Sharq tarixiga, islom dunyosiga katta qiziqish bilan qaraganligi ustozni mazkur esseni tarjima qilishga undaydi. Mazkur esse abbosiy xalifalardan biri Ma’mun faoliyatiga (Bag‘dodda 813 — 833 yillarda hukmronlik qilgan) bag‘ishlanadi. Gogol Ma’munning ma’rifatparvarligiga, o‘z davrining madaniyatli kishisi bo‘lganligiga keng o‘rin bergan. Ma’mun shu darajada ilm-fanni yaxshi ko‘rganki, uning olimlarga homiyligi, g‘amxo‘rligi tillarda doston bo‘lgan, deb ta’kidlaydi Gogol. U qaysi mamlakatlar bilan jang qilib, g‘alaba qozonsa, ko‘pincha xirojni tilla yoxud qimmatbaho duru javohirlar bilan emas, noyob kitoblar bilan olar ekan. Bularning hammasi to‘g‘risida zavq-shavq bilan gapirgan Gogol, ayni chog‘da, uning ma’rifat va madaniyatga berilgani ko‘ngilchan, rahmdil qilib qo‘yganini, bu esa davlatni boshqarishga xalaqit bergani va oxir oqibatda xalifalikni mustahkamlash yo‘lida yelib-yugurgan Ma’munning o‘zi davlatning tanazzuliga sababchi bo‘lganini ochib berdi. Mazkur o‘rinda gap shundaki, Gogolning Al-Ma’mun haqidagi qimmatli fikrlari Ozod domlani hayratda qoldiradi va Sharq ma’naviyatini ulug‘lagan bu noyob asarni tarjima qilishga undaydi.

O.Sharafiddinov tarjimalari orasidagi Sharq va G‘arb munosabat-lariga oid yana bir maqola katta qiziqish uyg‘otadi. Bu A.Genisning “Qalb fotografiyasi” (“Jahon adabiyoti”, 2003, 1-son) maqolasidir. Unda so‘z filologik roman haqida, hozirgi kun adabiyoti xususida boradi. Muallif hozirgi kundagi badiiy asarlar holatini ko‘rib chiqib, shunday hulosaga keladi: bugungi kitoblar filmlar uchun xomashyo, ekranga mos bo‘lib qolgan. Masalan, hozirgi badiiy to‘qimalar — adabiy o‘g‘irlikka aylandi. Uning muvaffaqiyati kitobxon yoki muallifning nodonlik darajasiga bog‘liq. Maqolada muallif o‘rinli kinoya ishlatgan. Tarjimon bu nozik nuqtani mahorat bilan saqlab qolgan. Kesatiqlar, kinoya, yumor — bularning hammasi matndan tarjimaga mahorat bilan o‘tgan. Muallifni asarda personajning roli, uning oddiy insondan farqi, yozuvchining aytgan gapidan ko‘ra aytmagan gaplari, ong oqimi va shunga o‘xshagan masalalar qiziqtiradi. Genisning fikricha, keyingi paytda chop etilgan eng yaxshi asarlar bu — “Kafkaning kunda-liklari”, Shvartsning “Telefon”, Yu.Oleshaning “Vidolashuv” kitob-laridir.

Maqolada A.Genis G‘arb va Sharq poetikasi o‘rtasidagi tafovutning mohiyatini ko‘rsatadi, ya’ni G‘arb — metaforaga, Sharq — metonimiyaga tayangan holatlarini payqaydi. Uning ma’nosi shuki, G‘arb san’ati obraz tevaragida quriladi, Sharq san’ati esa iz tevaragida quriladi. Ya’ni Sharq — metonimik fikrlash tarzining namunasi. Masalan: “Bitta yaproq uzilib tushsa, butun dunyo kuz boshlanganidan boxabar bo‘ladi”. Shu bilan birga, A.Genis Xitoy iyeroglif-lari haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Masalan, iyerogliflarni bir imperatorning donishmand vaziri kashf qilgan ekan. U yozuvni jonivor-larning va qushlarning izlariga qarab turib topgan ekan. Xitoy yozuvining paydo bo‘lishi (rivoyatga ko‘ra) tabiiy xarakterga ega ekani muallif tomonidan ta’kidlanadi. Xitoy yozuvi inson nutqini qayd etmaydi, balki tabiat tomonidan berilgan belgilarni qayd qiladi. Ieroglif — belgi emas, narsaning ongdagi izidir. Shu izda uni qoldirgan narsa to‘g‘risidagi xotira muhrlanadi. Ieroglif — tabiatning bizning madaniyatimizdagi muhridir. Ieroglif — bu faqat qo‘lda chizilgan narsa emas, fotosuratdir, u uni tug‘dirgan narsa bilan aloqasini saqlab qoladi. Ierogliflardan tarkib topadigan she’rlarda shoirning lirik o‘zboshimchaligi bo‘lmaydi. Ieroglif bilan bog‘liq she’rlar narsalarni qanday bo‘lsa, shundayligigacha ko‘rsata oladi. A.Genis Xitoy she’riyatini tahlil qilib, uning mohiyatini ochib, shu bilan birga Xitoy she’riyatining G‘arb she’riyatidan farqini ko‘rsatib beradi. Filologik roman haqida fikrlar yuritib, A.Genis shunday xulosaga keladiki, filologik romanda yozuvchi yaratgan obrazlarni emas, balki yozuvchi qoldirgan izlarni ko‘radi.

Ayonki, bu maqolada olimni birinchi navbatda bugungi adabiyotning ahvoli, u qanday yo‘ldan borishi qiziqtiradi. Shu bilan birga, Sharq she’riyatining ajoyib hususiyatlari va an’analarini esga soladi.

Shunday qilib, Ozod Sharafiddinov yaratgan tarjimalarning mavzulari nihoyatda rang-barang.

Kimning asarini tarjima qilma-sinlar, xoh L.Tolstoy bo‘ladimi, xoh Ortega, xoh Balzak, xoh Genis va h.k. ularning tajribalaridan nimani o‘rganish kerakligini sezib turish mumkin. Ozod Sharafiddinov uchun tarjima, xuddi Cho‘lpon kabi, o‘zbek xalqini boshqa xalqlarga yaqinlash-tirguvchi muhim vosita bo‘lgan. Tarjima tufayli o‘zbek xalqining boshqa xalqlar orttirgan madaniy meros bilan boyitgan.

“Arbat bolalari”, “Iqrornoma”, Igor Bunichning “Partiya oltinlari”, “Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘”, “Dorian Grey portreti”, E.Savelaning “To‘xtating samalyotni, tushib qolaman”, “Shaxmat hangomalari”, Gerbert R.Lotmanning “Rotshildlar — bankir qirollari”, Zbignev Bzejinskiyning “Buyuk shaxmat taxtasi”, V.Voynovichning “Monumental targ‘ibot” kabi tarjimalar o‘zbeklarning madaniy hayotida katta voqea bo‘lgan. Hech qaysi asar domla ijodida tasodif bo‘lmagan. Bunga misol qilib L.Tolstoyning “Iqrornoma” (1997) risolasini olish mumkin. Tarjima “Tafakkur” jurnalida 1997 yil e’lon qilingan. O‘sha paytlarda og‘ir xasta bo‘lgan ustozning ruhiy ahvoli L.Tolstoyninng “Iqrornoma”sidagi fikrlarga hamohang edi. Aynan L.Tolstoy falsafasi domlaning ruhiyatiga mos kelganini tushunish qiyin emas. Ma’lumki, Tolstoy bu asarini hayotining so‘nggi yillarida yozgan. Unda adib bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida mushohada yuritadi va umr bosqichlarini teran tahlil qiladi. Tolstoyni ham, Ozod Sharafiddinovni ham hayot shomida bir jumboq — umrning mohiyati nima va insonning bu dunyoga kelib ketishida nima ma’no bor? — degan savol qattiq qiynaydi. Shu sababli ustoz “Iqrornoma” tarjima-siga qo‘l uradi.

Ozod Sharafiddinov tarjimalari sinchliklab tadqiq etilganda, muallif va tarjimon o‘rtasidagi ruhiy mushtaraklik yaqqol ko‘rinib turadi. Bu borada hali ko‘p tadqiqotlar olib borilishi aniq. Shu o‘rinda Ozod Sharafiddinov Cho‘lpon ijodi haqidagi aytgan muhim bir gapni sal o‘zgartirib, domlaning o‘ziga nisbatan qo‘llash bilan maqolaga nuqta qo‘yamiz: “Ozod Sharafiddinov biron boshqa janrda ijod qilmaganida ham tarjimalarining o‘ziyoq uning nomini o‘zbek adabiyoti tarixining eng mo‘tabar joyiga yozib qo‘yish uchun kifoya qilardi. Domla yaratgan tarjimalar o‘zbek xalqining madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shdi va allaqachon xalqimizning ma’naviy boyligiga aylanib ketdi”.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son