Muhabbat Sharafiddinova. Absurd teatri yoxud taqdir hazili

Zamondoshlarimizning Cho‘lpon ijodiyoti bilan ancha kechikkan tanishuvi nisbatan yaqindagina “Kecha va kunduz” romani orqali ro‘y berdi. Endilikda kundek ravshanki, Cho‘lponning badiiy nasri xalqimiz ma’naviy madaniyatining muhim qismini tashkil etadi. “Kecha va kunduz” romanini o‘qir ekansan, beixtiyor yozuvchi mahoratining siri, jozibasi nimada ekan, deb o‘ylab qolasan kishi. Mazkur asar to‘g‘risida qator adabiy-tanqidiy maqolalar, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Keyingi yillarda butun bir cho‘lponshunoslik vujudga keldi. Deyarli barcha gap aytib bo‘lingandi.

Gap shundaki, yozuvchi asarlari poetikasi, uning mahorati XX asr o‘zbek romanchiligiga u kiritgan tasviriy usullar va vositalarda ko‘rinadi. Cho‘lpon asarlarida so‘zlar kutilmaganda yangicha ma’no kasb etadi. Uning tilga munosabati har bir so‘zning ichki shaklini estetik idrok etishga intilishda ko‘rinadi, shu bois har bir so‘z — obrazning harakatini badiiy ifodalashga intiladi. Cho‘lpon ijodiyoti to‘g‘risidagi ilmiy-tanqidiy ishlarni o‘rganish yozuvchi nasriy asarlari bayonining o‘ziga xos tomonlari to‘g‘risidagi tadqiqotlar deyarli yaratilmaganligini ko‘rsatadi. Fikrimizcha, Cho‘lponga xos bayon uslubining eng muhim jihatlaridan biri voqelikni kinoyaviy tasvirlashdir. Cho‘lpon romanida insoniyatni o‘rab turgan dunyoning g‘aroyibotlari to‘g‘risida fikr yuritayotgan hikoyachining kinoyaviy pozitsiyasi sezilib turadi. Xasta voqelikni fojiiy qabul qilish yoxud unga kinoyaviy munosabat adabiyot uchun yangi usul emas. Bu usul Gogol, Gofman, Nabokov va boshqa qator yozuvchilarga xos xususiyatdir.

Lekin biz bu yerda Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi kinoyaviy tasvir xarakterini aniqlashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Mazkur vazifani bajarish uchun biz “Kecha va kunduz” asari bilan V.Nabokovning “Qatlga taklif” romanini solishtirishga harakat qildik.

Birinchi qarashda har ikkala asar uchun mushtarak narsa XIX asr adabiyotida keng ishlangan mayda kishi mavzusi deb qaralishi mumkin. Gap Sintsinnat va Zebi obrazlari ustida ketayotir. Ular uchun umumiy bo‘lgan xususiyat hamma narsada tobelik va itoatkorlik. Ularning itoatkorligi shu darajadaki, muhitga zarracha qarshilik ko‘rsata olmaydilar. Zebining qat’iyati Akbarali mingboshiga turmushga berishlari bilanoq barbod bo‘ladi. Sintsinnat esa uzluksiz xo‘rlanadi, xotini esa eriga xiyonat qilishni odatga aylantiradi. Lekin taqdirning hazilini qarangki, ayni ana shular sud kursisiga o‘tirishadi. Faqat farqi shuki, “Qatlga taklif”da o‘quvchi Sintsinnat o‘limga hukm qilinganini asar oxirigacha bilmaydi, Zebining “gunohi” esa kitobxon uchun “ochiq va oydin”. Buning ustiga Zebining ahvoli Sintsinnatga qaraganda yaxshiroq. Chunki Zebi savodsiz, yosh, tajribasiz bo‘lganligi tufayli sud uning ustidan chiqarilayotgan hukm — qatlni surgunga almashtiradi. Zebi ham, Sintsinnat ham vaziyatning qurboni bo‘lishadi. Bu qahramonlar shu darajada ojiz va notavonki, ular o‘zlarini himoya ham qilolmaydilar.

Lekin bizning maqola oldiga qo‘ygan maqsadimiz Cho‘lpon va Nabokov asarlaridagi mayda odamlar mavzuini tahlil etish emas. Bizni har ikkala yozuvchi uslubidagi mushtarakliklar, “Kecha va kunduz” va “Qatlga taklif” romanlaridagi umumiyliklar qiziqtiradi.

Matnlarga murojaat etaylik. Gap shundaki, Cho‘lpon va Nabokov romanlarida kinoyaning turfa xil ranglari uchraydi. Bu asarlarda ma’yus, kishining rahmini keltiradigan kinoya ham, keskin zaharxanda va fosh etuvchi kinoya ham bor. Zebi, Sintsinnat singari mayda odamlarning taqdirini hal etadigan qozi, prokuror, advokat va jallod singarilarning qiyofalari zo‘r kinoya bilan tasvirlanadi. Nabokov va Cho‘lpon asarlaridagi dramatik kolliziyalar ikki aspektda ko‘rsatilgan. Bu bir tomondan ochiq kinoyaviy tarzda, ikkinchi tomondan nimtabassum, yengil kulgi tarzida amalga oshiriladi.

Har ikkala asardagi kinoya bir-biriga uyg‘un bo‘lmagan narsa va hodisalarning to‘qnashuvidan kelib chiqadi.

Masalan, Nabokovda: “undan tamaki, sarimsoq va omi odamning hidi kelardi” (V.Nabokov. Saylanma, 396-bet.) misralarini uchratsak,

Cho‘lponda: “…uchinchi qatordagi eng chekka kursida oppoq va zo‘r sallali chol — jome machitining ingichka ovozli imomi o‘tirardi” (Cho‘lpon, Saylanma, II jild, 257-bet.) kabi satrlarga duch kelamiz.

Bu yerda yozuvchilarning “so‘zni jonlantirish”ga, jarangdorligini ma’no bilan uyg‘unlashtirishga intilishlarini ko‘ramiz. To‘g‘ri, bu adabiyot uchun yangilik emas. Lekin Cho‘lponda ham, Nabokovda ham bu usulning funktsiyasi qiziqarli, kutilmagan so‘zlar tanlanadi. Masalan, “oppoq” so‘zini o‘qigan kitobxon tabiiyki, bu so‘zning sinonimini, masalan, chiroyliga o‘xshash so‘zni kutadi. Lekin Cho‘lpon kutilmaganda bir-biridan uzoq tushunchalar — “zo‘r sallali” va “ingichka ovozli”ni ishlatadi. Yozuvchi bu yerda imomning zohiriy va botiniy ko‘rinishlarining mos emasligi ustidan kinoya qiladi. Nabokov esa so‘z o‘yini ishlatadi, jarangdosh va bir xil bo‘g‘inli so‘zlarni ketma-ket qo‘llaydi. Bir-biriga o‘xshamagan narsa va hodisalarning to‘qnashuvi qandaydir yaxlitlik taassurotini beradi. Har ikkala yozuvchi uchun xarakterli bo‘lgan holat shundan iboratki, ular bir tomondan bir-biriga muvofiq bo‘lmagan hodisa va narsalarni ifodalashsa, ikkinchi tomondan hikoya ohangining g‘oyat vazmin va sokinligidir. Har ikkala holatda ham yozuvchilar so‘z o‘yinidan foydalanadilar, bu orqali ko‘z o‘ngimizda tamomila boshqacha hayot tarzi namoyon bo‘ladi. “Qatlga taklif” romanini tahlil qilgan tanqidchilik asarda hamma narsa teskarisiga aylanadi, haqiqiy voqelik xuddi uydirmaday qabul qilinishini, uydirma, xayoliy narsalar esa hayotday tushunilishini ta’kidlagandi. Yozuvchi hayotni tamomila bema’ni va qiyshiq narsalarning yig‘indisi sifatida tasvirlar ekan, go‘yo bularning teskarisini ifodalaydigan, mujmal, telba-teskari narsalarni ajoyib, kelishgan qilib ko‘rsatadigan ko‘zgu qidirayotganday tuyuladi. Cho‘lpon asarlaridan yana bir parcha keltiramiz: “Aybdorning o‘ziga berilgan savollar va uning javoblari shunday zo‘r protokolda hammadan oz joy oldi… Shu qadar ozki, mirzaning qalam uchini siyohga botirib o‘tirishiga arzimaydi. Tergovchi bechora shunga ham umr sarf qilgan-da, sho‘rlik (Cho‘lpon, 256-bet). Bu yerdagi kinoya muallifning hikoya qilishdagi ishtiroki tufayli o‘zgacha ma’no kasb etgan bo‘lib, yozuvchi romani uchun xarakterlidir. Cho‘lpon asaridagi hikoyachi kitobxonga so‘zlab berayotgan voqealarining bevosita shohidi va ishtirokchisiga aylanadi. Bundan tashqari, Cho‘lpon ayni fojiaviy narsalar to‘g‘risida atayin g‘oyat sokinlik bilan hikoya qiladi. Masalan, “Yozuv mashinasi bo‘lmagan tergovchi mahkamasining mirzasi bechora protokolni juda zo‘r diqqat va hafsala bilan ko‘chirgan. Ori rost, yerli xalqning nomlarini yozishda u ham chalasavod bolaning ishini qildi, ya’ni Akbarali degan so‘zni bir joyda Umarali, yana bir joyda “Amir o‘g‘li”, yana bir joyda “Qambar vali” deb yuboradi… Zotan buning nima ahamiyati bor? Til kelmagan narsaga qalam qanday kelsin? “Akbar” bo‘ldi nima; “Qambar” bo‘ldi nima — bari bir emasmi? Bir sartning nomi-da (255-bet). Shu xususiyat keyingi misolda ham aniq ko‘rinadi: “Bu ish shu qadar tez bajarildiki, nonushta dasturxoniga zakunchi kelib o‘tirmasdan burunroq quyilgan bir stakan choy ikkala qog‘oz o‘qib chiqilgandan keyin ham sovinib yetmagan edi, shu uchun uning sovushini yana bir oz kutishga to‘g‘ri keldi” (255). Bu misollar uchun muhim narsa nima? Gap shundaki, yozuvchi eng muhim, ahamiyatli narsalar to‘g‘risida shunchaki, yo‘l-yo‘lakay, bexosdan hikoya qilayotganday, o‘quvchi e’tiborini atayin shunga qaratmayotganday. Ana shu ma’yus ohang tufayli yozuvchining nozik kinoyasi yuzaga keladi. Bundan tashqari bu misollarda ko‘rilayotgan ishning foydasizligi, ahamiyatsizligi ta’kidlanadi. Ammo, e’tiborsiz sanalgan bu ishga favqulodda tantanavor tus berilishi tufayli vaziyat absurd darajasiga ko‘tariladi. “Mana shu vahima va tashvishlar bilan liq to‘lib Toshkentga tomon qanot qoqqan depeshalar (rasmiy telegrammalar) voqeaning uchinchi kunida Toshkentdan O‘lka harbiy sudining sayyor hay’atini uchirib keldi. So‘roqning o‘zi esa sudning yetib kelishidan ham tez o‘tdi (253-bet). Bu yerdagi absurd shundan iboratki, mana shunday kichkinagina ish uchun O‘lka harbiy sudining shoshilinch ravishda yetib kelishidir.

Bu printsip V.Nabokovda qandayligiga e’tibor beraylik. “O‘ylaymanki, o‘rnimizdan turganimiz ma’qul, — u (qamoqxona boshlig‘i) xavotirlanib o‘zining so‘zini bo‘ldi-da, stuldan turdi.

— Mahbus, hammaning nigohi senga qaratilgan, sudyalaring uchun bayram bo‘lgan va sen boshingni olishlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan tantanali soatlarda oq fotiha so‘zi bilan murojaat etmoqchiman. Mening zimmamga qamoqdagi sening xonangda qonun imkoniyat bergan darajada ko‘pda-ko‘p qulayliklarni muhayyo qilishdek vazifa yuklangan. Men buni hech qachon esdan chiqarmayman. Shuning uchun qog‘ozning bir tarafiga bitilgan yozma ravishdagi istagan xohishingni bajo etishdan, sening tashakkuringga sazovor bo‘lishdan o‘zimni g‘oyat baxtiyor sanardim(Nabokov, 399-bet). Ko‘rib turganimizdek, qamoqxona boshlig‘ining o‘ta tantanavor holati bilan o‘z qatlini kutayotgan Sintsinnat ruhiy holatining tamomila teskari ekanligidan kinoya kelib chiqadi. Kinoya “sen boshingni olishlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan tantanali soatlarda”, “mening zimmamga yuklangan”, “buni hech qachon esdan chiqarmayman” singari iboralar tufayli yanada kuchayadi. Natijada qamoqxonada bo‘lgani va o‘limga hukm etilgani uchun mahbusdan tashakkur kutilganday holat ro‘y beradi. Yozuvchi uslubida kitobxon xayoliga kelmagan vaziyatlarni keltirib chiqarish ustun turadi. Tantanavor ruh odatdagi sokin hikoya qilish bilan keskin o‘rin almashadi. Mantiqiy nomuvofiqlik uslubi Cho‘lpon romanida yanada aniqroq ko‘zga tashlanadi. Zebining tantanavor ravishda sud zaliga olib kirilishi yosh juvonning holatiga butunlay zid: “Zebi ikki konvoyning yalang‘och qilichi o‘rtasida zalga kirib keldi; ustida qora barqut paranji, qora chimmat, oyog‘ida qora amirkon maxsi-kavush bilan sud qarshisiga kelib to‘xtadi. Bu omonsiz suddan va bu yaltiragan yalang‘och qilichlardan ko‘ra uning o‘sha qora qiyofasi qo‘rqinchli edi: O‘rta asrlardagi Ispaniya inkvizitsiya mahkamalarining qora aboli va sirli kardinallariga o‘xshardi (257-bet).

Cho‘lpon mantiqiy nomuvofiqlikdan tashqari narsalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish printsipidan ham foydalanadi. Zebi hali qariyb go‘dak, u qismatning irodasi bilan Akbaralining to‘rtinchi xotiniga aylanadi. U muhitga qarshilik ko‘rsatish u yoqda tursin, qismati fojiona hal etilayotganini hatto xayoliga ham keltira olmaydi. Uning obrazi kitobxonda rahm-shafqat tuyg‘usini uyg‘otadi xolos. Lekin mazkur sahnada asar syujetidan kelib chiqqan holda Zebi sud zaliga o‘taketgan jinoyatchi sifatida olib kiriladi. Bu vaziyatdan yozuvchi narsalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, Zebining haqiqiy holati bilan unga qo‘yilayotgan aybning nomuvofiqligini ko‘rsatish uchun foydalanadi. Nihoyat, prokurorning haqiqiy holat bilan aytilayotgan so‘zlari o‘rtasidagi tamomila katta tafovutli tantanavor nutqini keltirganda yozuvchi kinoyani zaharxanda kulgi darajasiga ko‘taradi. Tarixning ulug‘ sahifalarini birma-bir varaqlagan prokuror g‘oyat tantanavor so‘zini Zebiga o‘lim jazosini berish lozimligi haqidagi so‘zlar bilan tugatadi. Yozuvchi kinoyasi o‘zining avj pardasiga ko‘tariladi. Sud vakillari hukmni muhokama qilish uchun zaldan chiqib ketishganda Zebi: “Ana, endi uyimni topib ketalarmikinman?” deb o‘ylaydi. Bir tomondan prokurorning haddan tashqari tantanavor nutqi, ikkinchi tomondan Zebining atrofda bo‘layotgan narsalarni mutlaqo tushunmasligi kinoyaviy talqinning ajoyib misolidir. Cho‘lpon shu usul orqali qonun vakillari ustidan kuladi.

Byurokratik ish yuritish usuliga bag‘ishlangan sahifalar ham kinoyaning kuchliligi bilan ajralib turadi. Cho‘lpon asarida sud qarori xuddi alohida personajday ishtirok etadi, yozuvchi unga odamlarga ishlatiladigan ta’riflarni beradi, “bechora protokol”, “shunday zo‘r protokol” deydi. Protokolga bag‘ishlangan o‘rinlar matndagi muallif aralashuvi tufayli kinoyaviy ma’no kasb etadi: “Insof qilish kerak: protokol nihoyatda chiroyli xat bilan yozilgan. Qog‘oz betida xuddi poyezdning izlariday tep-tekis ketadi. Qayerda “d” uchrasa quyrug‘i o‘ngga qayirilgan. Ikkovining ham quyrug‘i kulcha bo‘lgan ilonday buralib-buralib yotadi! Protokol emas, tomosha! Tomosha!” (255-bet).

Cho‘lpon va Nabokovda kinoyaviy tasvir personaj portretlarini chizishda ham keng qo‘llangan. Har ikkala adib kinoyaviy portretning ustalari edi. Ularning ijodlari uchun xarakterli holat kinoyaviy tasvirning kinoyaviy tushuntirishlar bilan uyg‘unlashib ketishidir. Masalan, Cho‘lpon romanida shunday satrlarga duch kelamiz: “…Miryoqubning ikki ko‘zi kitobda bo‘lsa ham ikki qulog‘i aravaga tushgan ilonday dikkayganini to‘ra bilmas edi. Uzoq cho‘zilgan bu suhbatda Miryoqubning qulog‘i bir marta juda g‘alati dikkaydi, hatto uning qopqora chiroyli ko‘zlarida allaqanday sehrli olovlar yondi…— (73-bet). Yoki Akbaralining portretiga e’tibor bering: “…chakka suyaklari turtib chiqqan, peshona bo‘yiga tor, eniga keng va chuqur uzun-uzun uch chuqur ajinga ega. Burun o‘rtacha, lekin qanshari past… Ko‘z qisilib ketgan, parda tomirlaridan ikki-uchtasi va har ikkala ko‘zining bir yonida jindek joyi hammavaqt qizil, bir ko‘zida picha shapag‘lik asari ham bor… Iyak keng, jag‘ sergo‘sht. Juda siyrak bo‘lgan soqol iyakning o‘rtasigagina to‘planib, echkiniki singari pastga tomon sanginlab tushgan. Mo‘ylov ham soqol singari siyrak” (67 bet). Tasvirlanayotgan personaj va narsalardagi kishi e’tibori unchalik tushavermaydigan mayda tomonlariga ahamiyat berilishi va esda qoladigan detallar orqali ko‘rsatilishi tasvirning ishonarli chiqishiga olib keladi. Nabokov romanidagi portretlar tasvirida ham shu holatni ko‘ramiz. Masalan, Per portretini shunday chizadi: “Qatronday qopqora kelishgan yasama soch boshiga yopishib turardi. Xafsalasizlik bilan olingan soqoli ostidan sap-sariq yog‘lik yuzlari yiltillar, ajinlari yanada bo‘rtib ko‘rinar, ko‘zlari chaqchaygandi. Nabokov va Cho‘lpon faqat bosh qahramonlarning portretlarinigina emas, shuningdek epizodik personajlarning portretlarini ham detallashtirishga harakat qilishadi.

Cho‘lpon nasri to‘g‘risida mulohaza yuritar ekanmiz, “Kecha va kunduz”da tez-tez uchraydigan qaytariqlarga e’tibor bermaslik mumkin emas. Ma’lumki, leksik qaytariqlar takrorlanayotgan so‘zning tasviriy imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi, kitobxon e’tiborini muayyan hodisa va narsalarga qaratadi. “Kecha va kunduz”da dialoglarning qaytarilib kelishi dramatizmni kuchaytiradi.

Roman matnida shunday dialoglar uchraydi:

“ — Mingboshiga suvni kim berdi?

— Men berdim.

— Demak, mingboshini o‘ldirgan — siz?

— Yo‘q.”

Boshqa o‘rinda esa:

“ — Mingboshiga suvni kim berdi?

— Men berdim.

— Suv choynakda ekan, choynak kimniki edi?

— Meniki edi.

— Ichida qanday suv borligini bilarmidiz?

— Bilardim.

— Choynakdagi suv zaharli ekan. Demak, eringizga zaharni siz bergansiz?

— Choynakda zahar borligini bilmadim. Erimni men o‘ldirganim yo‘q.”

260-sahifada yozuvchi shu dialogni, lekin faqat batafsilroq shaklda beradi:

“ — Mingboshi suvni o‘zi so‘radimi?

— Ha, o‘zi so‘radi…

— Mastmidi?

— Ko‘p aroq ichib edi.

— Suvni kim berdi?

— Men berdim.

— Choynakdami?

— Ha…

— Mana bu choynakmi?

— Ha…

— Kimning choynagi bu?

— Meniki.

— Siznikimi?

— Ha, meniki.

— Ichida qanday suv borligini bilarmidingiz?

— Bilardim.

— Qanaqa suvidi?

— Irim suvidi.

— Kimga qilingan irim?

— Menga…

— Nima uchun irim qildirardingiz?

— Farzand bo‘lsin deb…

— Nega u suvni mingboshiga berdingiz?

— Juda tashna bo‘lib so‘ragan edi, shundoqqina tokchadan olib uzatdim.

— Choynakda zahar borligini bilarmidingiz?

— Qiziq ekansiz, men qayerdan bilay?

— Demak, eringizni o‘zingiz o‘ldirdingiz?

— Yo‘-o‘-q! O‘libmanmi o‘z erimni o‘ldirib.”

Dialogik luqmalarning parokandaligi o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi. Dialoglardagi qaytariqlar odamiylik mahv etilgan mash’um doiraning mohiyatini ochishga yordam beradi.

Taranglikning tobora kuchayib borishi fojiaviy vaziyatni his etishga ko‘maklashadi. Bu jihatdan Zebi obraziga e’tibor qaratmoq foydalidir.

Zebi asar boshida g‘oyat quvnoq, harakatchan, jo‘shqin qiz sifatida tasvirlanadi. Uning bu sifatlari Zebining dugonasi Salti bilan uchrashuvi, qishloqqa sayohat manzarasi va boshqa ko‘rinishlarda aniq seziladi. Yozuvchi ham, roman personajlari ham eshitganlarni shubhasiz o‘ziga rom etadigan uning favqulodda sehrli ovozini ta’kidlashadi. Zebining ajoyib ovozi haqidagi gaplar uzoq-uzoqlargacha yetib boradi.

Lekin qishloqdan qaytib kelishgandan keyin Zebining ovozi tobora so‘nib borayotganday tuyuladi, o‘quvchi uning ovozini endi juda kam eshita boshlaydi. Personaj sifatida ham asardagi o‘z faolligini yo‘qota boradi. Qizni taniqli va boy Akbarali mingboshiga turmushga beradilar. Avvaliga Zebining otasi Razzoq so‘fi qizini xudosiz Akbaraliga turmushga berishga qat’iyan qarshi bo‘ladi. Akbaralining o‘zini esa to‘rtinchi marta uylanishga Zebining maftunkor ovoziga qiziqtirib, Miryoqub ko‘ndiradi. Akbaralining ikkinchi xotini Poshshaxon esa uchinchi xotin Sultonxondan o‘ch olish maqsadida eri bilan Zebini ziyofatda yuzlashtirish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Nihoyat Razzoq so‘fi ixlos qo‘ygan Eshon buva otani qizni mingboshiga berishga ko‘ndiradi. Shunday qilib to‘y boshqa personajlarning fitnasi tufayli tayyorlanadi. Bu harakatlarda butunlay ishtirok etmagan Zebi bamisoli shaxmat piyodasidek ota hovlisidan Akbarali xonadoniga suriladi. Keyingi yurish Akbaralining o‘limi. Roman voqealaridan ma’lumki, Akbarali shahardan nihoyatda yomon kayfiyatda qaytib, ko‘p ichib qo‘yadi. Zebi unga ovqat tayyorlab beradi. Yozuvchi shu paytdagi holatni batafsil tasvirlaydi. Mast Akbarali ovqatni shunchalik palapartish yeydiki, buni ko‘rgan Zebi behuzur bo‘lib tashqariga chiqadi. U chanqab suv ichkisi keladi, sovuq choy mingboshi o‘tirgan uyda edi. Kirishga jur’at etmay dahlizda bir piyola sovuq suv ichdi: “Yuragi kuygani bosilmadi shekilli, yana quymoqchi bo‘ldi, suv yo‘q edi. Bir qanoti ochiq eshikdan uyga qaradi. Mingboshi yana bitta shishani ochib piyolani to‘ldirgan edi… Zebi tashqariga chiqib toza qor bilan qo‘lini yuvdi, toza qorni yuzlariga surkadi, jindek yedi… (251-bet). Asarda tasvirlanishicha, choynak Zebining yonginasida edi, zero shu choynakdagi suvni o‘zi ham ichishi mumkin edi. Lekin qismat boshqacha hukm chiqardi. Choynakdagi suv zaharlanganidan bexabar holda uni yarim kechasi suv so‘ragan eriga tutqazdi. Yana Zebi yangi katakka surilib qoldi. So‘nggi yurish — sud sahnasi. Uni xuddi jinoyatkor qotilday sud zaliga olib kirishadi. Sud o‘z holicha davom etadi, Zebi esa unda xuddi bu ishga aloqasi yo‘q odamday qatnashadi.

Asar voqealari o‘z intihosiga yaqinlashgan sari Zebining ajoyib ovozi asta-sekin so‘nib pirovardida butunlay yo‘qolib ketadi. Yozuvchi uning ovozini u qanchalik sehrli bo‘lmasin atayin o‘chirayotganday tuyuladi. Bu o‘ziga xos usul edi. Personaj ovozining so‘nib borishi voqealardan chetlashishga olib keladi. Zebi yana zarur katakka suriladi. Endi u voqea ishtirokchisidan kuzatuvchiga aylanadi: “Til bilmagan Zebi o‘tirgan joyida gapirgan to‘raning yuz harakatlarini tomosha qila boshladi”.

Shunday qilib biz Cho‘lpon “Kecha va kunduz” romanidagi bayonning teatrlashtirilishi muammosiga yaqinlashdik. Shu ma’noda Cho‘lpon asarini V.Nabokov romani bilan qiyoslash mumkin. “Qatlga taklif” romani tanqidchilik e’tirof etganidek, teatrlashganligi bilan xarakterlanadi. Romanning har bir bobi faqatgina alohida kun emas, shuningdek erta tongdan to qorong‘i tushgungacha davom etadigan pesa ko‘rinishi desa bo‘ladi. Voqealarning asosiy qismi qahramonning kamerasida ro‘y beradi, keyingi bob — ko‘rinish boshqacharoq tarzda va yangi personajlar ishtirokida ro‘y beradi. Nora Buks fikricha, “Qatlga taklif” modernistik teatr poetikasini qayta tiklayotganday taassurot qoldiradi. Bu yerda faqat teatrning tarkibiy qismi bo‘lgan va tomoshabinlar oldida ochilib-yopiladigan parda yo‘qday. Nabokov va Cho‘lpondagi umumiylik butun asar mobaynida ular final-tamoshaga harakat qilayotganday tuyulishidir. Sintsinnatning qatl etilishi xuddi tamoshaday ko‘rsatiladi; Zebi ustidan sud ham xuddi shunday tamoshaga o‘xshaydi. Farqi shundaki, Sitsinnat boshidan oxirigacha tamoshaning bevosita ishtirokchisi, “Menga uch minutlik antrakt bering, shundan keyin siz bilan bu jo‘shqin pesada o‘z rolimni davom ettiraman”, — deydi u; Zebi bo‘lsa syujet rivojlangani, asar xotimasiga yaqinlashgani sari sahnadan tusha boshlaydi. U ishtirokchidan ko‘ra tamoshabinga o‘xshab qoladi. Oldingi planga sudyalar, prokurorlar, advokatlar chiqadi. Ular o‘z rollarini ajoyib tarzda ijro etadilar. Personajlardan faqat bittasi — imom bu tamoshada o‘ziga qanday rol ajratilganini, nima uchun bu yerga taklif etilganini oxirigacha anglamaydi. Shaxmat o‘yinidagi bu usul yozuvchiga hokimiyat vakillarini birinchi planga olib chiqishga va ular o‘z so‘zlari va harakatlari bilan o‘z mohiyatlarini ko‘rsatib berishga imkoniyat yaratdi.

Sud vakillari kimni sud qilayaptilar o‘zi? degan savol kelib chiqadi.

Cho‘lpon asarini tahlil qilish pardaning yo‘qligi, asar qatnashchilari va tamoshabinlarning bemalol harakat qilishlari, rollarning almashib turishi, dialoglarning qaytarilishida absurd teatrining poetikasi ko‘zga tashlanishini ko‘rsatadi. Qahramonning asar voqealaridan chetlashtirib qo‘yilishi usuli qonun himoyachilari faoliyatining absurdligini yana bir bora tasdiqlaydi. Qahramon tizimini o‘rganish Cho‘lponning butun ijodiyotini to‘laroq anglashga yordam beradi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 9-son