Edgar Allan Po ijodi XIX asr Amerika va Yevropa romantizm adabiyotida zalvorli o‘rin egallaydi. Adib o‘z zamondoshlari F.Kuper, N.Xotorn, X.Longfello qatorida AQSh adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi, uning yaratuvchilaridan biri bo‘ldi. 1809 yilning 19 yanvarida Boston shahrida teatr aktyorlari oilasida dunyoga kelgan Edgar Po ikki yoshida ota-onasidan yetim qolgan. Bolakayni Virjiniya shtatida yashovchi Jon Allan ismli badavlat savdogar asrab oladi. Edgarning bolalik davri Angliyada kechadi. Bo‘lajak adib u yerdagi nufuzli maktablarda savodini chiqardi va ilk da’fa Choser va Shekspir asarlarini mutolaa qiladi. 1820 yil Allanlar oilasi AQShga qaytgach, yosh Edgarni Richmonddagi kollejga o‘qishga beradilar. Kollejda lotin tili va qadimgi yunon-rim adabiyoti chuqur o‘rgatilardi. Shu yerda u Vergiliy va Ovidiy she’riyati bilan tanishadi, ayniqsa, ingliz romantizm she’riyati salaflari R.Sauti, U.Vodsvort, S.Kolridj, Bayron va Shelli ijodini zo‘r berib o‘rganadi, o‘zi ham ular yo‘lida ijod qila boshlaydi. Kollejni tugatgach, Edgar Po Virjiniya universitetida o‘qishni davom ettiradi. Afsuski, uning talabalik davri va tashvishsiz hayoti uzoqqa cho‘zilmadi. 1826 yili o‘gay otasi Jon Allan bilan janjallashib qolib, universitetdan ketadi va Bostonga yo‘l oladi. Bu yerda u bor mablag‘ini sarflab, do‘stlari yordamida o‘zining «Temurbek va boshqa poemalar» nomli birinchi she’riy to‘plamini chop ettiradi.
Muallif kitobchaga yozgan so‘zboshisida ta’kidlashicha, majmuadan o‘rin olgan poema va she’rlar uning bolalik va o‘smirlik davrida yaratgan ilk mashqlari bo‘lib, ularda yoshlik sururi, jo‘shqin hissiyotlar bayronona kayfiyatda tarannum etilgan. To‘plamdagi bosh asar — «Temurbek» poemasi Bayron ijodi ta’sirida yozilgan. Asarda buyuk sohibqiron, Sharqu G‘arbda nom chiqargan sarkarda, hukmdor Amir Temurning keksalik davri o‘y-xayollari yosh romantik shoir tasavvurida qalamga olingan. Edgar Poning «Temurbek» poemasi mazmunan Bayronning «Sharq poemalari»ga kiruvchi dostonlari va «Napoleonga bag‘ishlangan oda»siga o‘xshab ketadi. Bu asarlardagi romantik tuyg‘ular, jo‘shqinlik hamda ruhiy iztiroblar tasviri bir-biriga juda yaqin. Shuningdek, shoir poemasida Bayron qo‘llagan to‘rt stopali yamb uslubidan ham foydalangan.
Bostonda na turar joyi, na tayinli mashg‘uloti bo‘lgan yosh Edgar boshpana topish ilinjida harbiy xizmatga yollanadi. Bir yilcha xizmat qilgach, askarlar hayoti badiga urib, o‘gay otasi Allanga kechirim so‘rab xat yozadi. Allan rafiqasi qistovi bilan Edgarni tavon to‘lab, harbiy xizmatdan xalos etgach, adib Baltimorga kelib, ijodini davom ettiradi va birinchi kitobiga kirgan «Temurbek» poemasini qayta ishlaydi, shuningdek, romantik ruhdagi ”Al-Aa’rof” nomli ikkinchi poemasini. 1929 yili shoir o‘zining ikkinchi she’riy kitobi “Al-aa’rof; Temurbek poemalar» (Al Aaraaf; Tamerlan and minor Poems, 1829) to‘plamini chop ettiradi. To‘plamdan o‘rin olgan «Al-Aa’rof» poemasi Jon Miltonning «Yo‘qotilgan jannat» («Paradise Lost», 1667) dostoniga hamohang uslubda yozilgan bo‘lib, shoir unda astronom Taxo-de-Brage kashf qilgan, ko‘kda bir necha daqiqa ko‘rinib, so‘ng g‘oyib bo‘lgan Al-Aa’rof yulduzining sehrli qismati haqida hikoya qiladi. Samoda nogoh ko‘ringan bu yulduzning ilohiy kuch-qudrati va jannatmisol inkishofi shoirning estetik dunyoqarashi, falsafiy mushohadalariga asos qilib olingan.
Bu orada o‘gay otasi qistovi bilan oliy ma’lumot olish uchun harbiy akademiyaga o‘qishga kirgan adib u yerdagi qattiq tartib-intizomga toqat qilolmay, akademiyani tark etadi va otasi bilan yana urushib qoladi.
1831 — 1833 yillar Edgar Po hayotida eng og‘ir davr bo‘ldi, ishsizlik tufayli yosh shoir Baltimorda xolasi Klemm xonim va uning qizi jajji Virginiya bilan yashay boshlaydi. Turmush qiyinchiliklariga qaramay, ijodni davom ettirib, yangi she’r va novellalar yozadi. 1833 yili Baltimorda chiqadigan «Shanba mehmoni» (“Saturday visitor”) haftaligi eng yaxshi hikoya va poema uchun tanlov e’lon qiladi. Edgar Po ham bu tanlovda o‘z novellalari bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ladi. Uning «Butilkadan topilgan maktub» (“MS. Found in the Bottle”) novellasi haftalikda e’lon qilingach, qalam haqi och-yupun muallifga bir qancha vaqt asqotadi. Ammo tuzukroq kiyimi bo‘lmaganidan adib haftalik muharriri Jon Kennedining tanlov g‘olibi sharafiga uyushtirgan tushligiga ham borolmaydi. 1833 yili shoirning o‘gay otasi Jon Allan vafot etadi. U badavlat bo‘lsa-da, Edgar Poga bir tiyin ham meros qoldirmagandi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan adibni Richmonddagi Tomas Uaytning «Janub adabiy jurnali»(“Southern Literary Messenger”)ga ishga taklif qilishadi. Edgar Po jurnal sahifalarida o‘zining «Morella», «Berenika», «Gans Pfall sarguzashtlari» kabi bir nechta novellasini e’lon qiladi. 1836 yili xolasi Klemm xonimning o‘n to‘rt yoshli qizi, sohibjamol Virginiyaga uylangan adib T.Uayt taklifi bilan Nyu-Yorkka ko‘chib keladi va «Janub adabiy jurnali»ning bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Tez orada uning sa’y-harakati tufayli jurnalning adadi oshib, mushtariylar e’tiboriga tushadi. Biroq haftasiga besh-olti dollar maosh va arzimas qalam haqqi oilasini boqishga zo‘rg‘a yetar, uch kishilik oila katta shaharda bir amallab kun kechirardi.
1838 yili Edgar Po xotini va xolasi bilan Filadelfiyaga ko‘chib kelib, «Jentlmenlar jurnali»(“Gentlmen`s Magazine”)ga muharrirlik qiladi. Muharrirlik maoshi haftasiga o‘n dollar edi. Adib muharrirlik bilan birga badiiy ijodni ham kanda qilmaydi. Uning «Artur Pimning sarguzashtlari», «Yuliya Rodman xotiralari» qissalari jurnal obro‘sini oshirib yuboradi, mushtariylar soni ko‘payadi. Edgar Po 1841 yili e’tiborli jurnallardan biri «Greem jurnali»(“Graham`s Magazine”)ga muharrir etib tayinlanadi. Yozuvchining faolligi tufayli tez orada jurnal tiraji 40 000ga yetgach, Edgar Poning obro‘si yanada ortadi.
Adib o‘z novellalarini yig‘ib, 1841 yili «Grotesklar va Arabesklar» (“Tales of the Grotesque and Arabesque”) nomli ikki jildli kitob chop qildiradi. To‘plamdan o‘rin olgan novellalar ilmiy, fantastik va sarguzasht voqealar tasviridan iborat bo‘lib, ularda inson psixologiyasi serqirra obrazlar orqali mohirona yoritib berilgan.
1842 yilning bahorida «Greem jurnali» muharrirligidan bo‘shagach, yana ishsiz chetdagi adibni e’tibordan qolgan «Shanba muzeyi» (“Saturday Museum”) jurnaliga ishga taklif qiladilar. Edgar Po jurnal sahifasida o‘zining mashhur «Tilla qo‘ng‘iz» (“The Gold Bug”) novellasini e’lon qiladi. Ushbu novellaning bosilib chiqishi bilan jurnalning obro‘si ko‘tariladi. Muallif esa yuz dollar qalam haqqi oladi. Bu Edgar Po shu paytgacha olgan eng katta qalam haqqi edi. Ammo 1844 yilga kelib yana qashshoqlik girdobiga yo‘liqqan adib yaxshiroq ish topish maqsadida oilasi bilan Nyu-Yorkka qaytadi va bu yerda chop etilgan asarlaridan tushgan qalam haqqi evaziga baholi-qudrat kun kechiradi. 1945 yilning yanvarida «Tungi oyna» (“The Evening Mirror”) jurnalida adibning mashhur «Qora quzg‘un» (“The Raven”) nomli poemasi bosilib chiqadi. Poema uchun muallif o‘n dollar qalam haqi oladi. Vaholanki, 1891 yil poemaning muallif dastxati tushirilgan nusxasi kim oshdi savdosida 225 dollarga baholangandi.
1846 yili Edgar Poning so‘nggi she’riy to‘plami «Qora quzg‘un va boshqa poemalar» (“The Raven and other Poems”) kitobi chop etiladi. Ushbu to‘plam shoir hayot paytida to‘rt marta nashr qilingan bo‘lsa-da, ustasi farang noshirlar, kitob jalloblari muallifga juda kam qalam haqqi to‘laydilar. 1847 yilning yanvarida adibning rafiqasi, sohibjamol Virginiya yigirma besh yoshida og‘ir xastalikdan vafot etadi. Bu judolikdan so‘ng adib tushkun va odamovi bo‘lib qoladi, vinoga ruju qo‘yadi. Lekin Edgar Po shu ahvolda ham ijodni to‘xtatmaydi. Umrining so‘ngi yillarida «Ulyalyum» (Ulalume), «Qo‘ng‘iroqlar» (The Bells), «Annabel Li» (Annabel Lee) kabi eng sara poemalarini va «Evrika» (Eurika) nomli falsafiy dostonini yozib tugatadi. Biroq turmush qiyinchiliklari va ayriliq iztiroblari adibni ruhiy xastalikka mubtalo qilgan edi. 1849 yilning 7 oktyabrida adib Baltimordagi kasalxonada vafot etadi.
Edgar Poning romantik tuyg‘ular tarannum etilgan poema va she’rlari, xayoliy va sarguzasht voqealarga boy novellalari jahon adabiyotining sara asarlari qatoridan o‘rin oldi. O‘zbek kitobxonlari ham adibning hikoyalarini ona tilida o‘qidilar. Uning «Temurbek» dostoni shoirlar Miraziz A’zam va Faxriyor tarjimalarida «Jahon adabiyoti», «Jannat makon» jurnallarida bosilib chiqdi.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 24-sonidan olindi.