Mumtoz adabiyotshunoslikning asosiy janrlaridan biri bo‘lgan tazkira turkiy tilda Alisher Navoiy ijodida ilk bor kuzatilgan bo‘lsa, Navoiydan keyingi turkiy va forsiy tazkirachilik taraqqiyotiga “Majolis un-nafois” sezilarli ta’sir ko‘rsatgani bu asarning fors tiliga uch marta tarjima etilishi,[1] turkiy dunyoda unga nazira tarzida o‘ttizdan ortiq tazkiralar yaratilishi uning nechog‘liq ahamiyatli ekanini ta’kidlaydi. Navoiy tazkirasidan keyingi salkam besh yuz yillik tanaffusdan so‘ng XX asr boshlariga kelib Xiva va Buxoro adabiy muhitida tazkirachilik qayta jonlandi. Buxoroda tazkiraning turli shakllari: shoirlar, dabirlar, adiblar, hatto axmoqlar (Sadri Ziyo) tazkiralari yaratilgan bo‘lsa, Xivada bu holat Muhammad Rahimxon Soniy – Feruz g‘azallariga bitilgan nazira va taxmislar asosiga qurilgan tazkiralarda ko‘rinadi.
Xiva adabiy muhitining faol a’zolaridan bo‘lgan Ahmadjon Tabibiy (1868-1910) saroyda ijod etgan shahzoda va amaldorlar, mudarris va mirzaboshilar tomonidan Feruz g‘azallariga bitilgan o‘ttiz nafar shoirning naziralarini o‘zining “Majmuat ush-shuaroi payravi Feruzshohiy” (1908) tazkirasiga jamlagan. Asar debocha, asosiy qism (g‘azallar) va xotimadan iborat.[2] 152 baytni tashkil etgan debochada Ollohga hamd, payg‘ambar va uning sahobalari madhi va so‘z san’ati xususida fikr yuritilgandan keyin Feruzning tab’i iste’dodi hamda Nozir, Muznib va Inoyat singari shoirlar nomlari tilga olinadi. Tazkiraning asosiy qismida berilgan g‘azallar mualliflari orasida Sultoniy, G‘oziy, Asad, Bayoniy, Oqil singari xonzodalar; Mirzo, Shinosiy, G‘ulomiy, Purkomil, Kamoliy, Umidiy singari amaldorlar; Doiy, Ojiz, Haqiriy, Niyoziy, Habibiy, Xokiy, Yusuf, Tabibiy, Nozir, Xayoliy, Rog‘ib singari amaldor shoirlar; Devoniy, Mutrib Xonaxarob, Chokar, Xodim, Inoyat, Muznib, Nadimiy, Avaz singari shoir va xattotlarning g‘azallari keltirilgan. Asosiy qismda Feruzning 31 g‘azali va unga payrav qilingan 3331 g‘azal keltiriladi. G‘azallar alifbo tartibida xuddi devonlardagi kabi joylashtiriladi. Xotimada Xiva adabiy muhiti va uning namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan 7013 baytdan iborat ma’lumotlar masnaviy shaklida berilgan.[3]
She’riy yo‘lda tuzilgan bu tazkira Xiva adabiy muhitini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi. Tazkiradan ma’lum bo‘lishicha, adabiy muhit ishtirokchilari vazir va amaldorlar, xonzoda va shoirlar, mufti va xattotlardan iborat. Ushbu tazkiraning o‘ziga xosligi shundaki, u majmua yoki bayoz tarzida shakllantirilgan bo‘lib, tazkiraning bunday turi fors va turkiy tazkirachilik tarixida kam uchraydi.[4]
XX asr boshlarida o‘zbek tilida tartib berilgan Tabibiyning “Muxammasoti majmuat ush-shuaroi Feruzshohiy” (1909) tazkirasi, asosan, Feruz she’rlariga bog‘langan 33 shoirning muxammaslaridan tashkil topgan. Tazkira tarkiban avval Ogahiy g‘azallari, so‘ngra Feruz she’rlariga bog‘langan muxammaslar hamda Feruzning “Oromijon nigorim…” deb boshlanuvchi g‘azaliga bitilgan taxmis va tasdislardan iborat. Tazkirada 190 muxammas, 58 musaddas berilgan. Asarning xotima qismidagina adabiy muhitga doir ayrim ma’lumotlar uchraydi. Masalan, Umidiy, Doiy, Xayoliyning vafot etgani haqida xabar beriladi, Bayoniyning avvalgi tazkira “Majmuat ush-shuaro…”ga yozgan taqrizi ham mazkur manbaga tegishli ma’lumot sifatida ilova qilinadi. [5]
Tabibiy qalamiga mansub bu ikki tazkira an’anaviy tazkiralar uslubida yozilganda edi, biz ulardan yanada kengroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lardik. Shunday bo‘lsa-da, bu asarlarning muqaddima va xotima qismlaridagi ma’lumotlar Xiva adabiy muhitining tarkibi, unda ishtirok etgan ayrim ijodkorlarning tarjimai hollari, tuzilgan devon, bayoz va majmualar hamda ularning yo‘nalishlari haqida ancha qiziqarli ma’lumotlar bera oladi.
Xorazm adabiy muhitida tuzilgan tazkiralardan yana biri 1940-yillarda Xivada ijod qilgan Hasanmurod qori Laffasiy (1880-1949) qalamiga mansub “Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari” asari bo‘lib, u “Tazkirai shuaro” nomi bilan chop etilgan.[6] Xiva davlat tarix muzeyi ilmiy xodimi vazifasida faoliyat olib borgan A.Boltayevning ma’lumotiga qaraganda, Laffasiy tazkirasini o‘z xotiralari, shoirlar bilan shaxsan tanish bo‘lgan qariyalarning hikoyalari asosida ta’lif etgan. Asarning arab yozuvidagi qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida 9494-raqam bilan saqlanadi. Mazkur tazkirada Munis, Ogahiy, Xisraviy, Rojiy, Komil kabi Xivada XX asrgacha yashab ijod etgan o‘ndan ortiq shoirlar ijodi tilga olingan bo‘lib, unda XX asr boshlari adabiy muhitiga mansub shoirlar – Feruzdan boshlab Laffasiygacha qirqdan ortiq shoir ijodi haqida qisqa ma’lumotlar berilgan. Tazkiraning Feruz haqidagi moddasida Komilga farmon berib, olti yarim Xorazm maqomlarini notaga olishni buyurgani qayd etiladi. Shuningdek, Feruzning huzuridagi sozanda va xonandalar Muhammad Yoqub xarrat, Yoqub pozachi, Avaz torchi, Qalandar do‘nmas, Polvon usta kabilarning nomi tilga olingan. Har bir ijodkor haqida so‘z yuritishdan avval “…kim ahvoloti” sarlavhasi bilan kichik masnaviylar orqali ushbu shoir haqida ma’lumot ham berilgan. So‘ngra shoir hayotining o‘ziga tanish bo‘lgan bir parchasi bayon qilinib, uning ijodidan g‘azal yoki masnaviy keltirilgan. Tazkirada ayrim ijodkorlar xususida boshqa kitobxonlarga ma’lum bo‘lmagan xabarlar ham beriladi. Masalan, Sultoniy taxallusli shahzoda Nosirning 1920 yilda Xorazm xalq sho‘rolar jumhuriyati tomonidan Moskvaga yuborilgani bayon qilinadi. Yoki Xodimiy taxallusli Bobojon Tarrox xususida so‘z yuritilganda, uning sho‘rolar davrida ziroat (qishloq xo‘jaligi) vaziri bo‘lgani, keyinroq To‘rtko‘lda xizmat qilgani aytiladi. Demak, Laffasiy XX asr o‘rtalariga qadar yashagan davrida boshqa manbalardan ma’lumotlar olib, o‘z tazkirasini boyitgan. Ayni shu jihatdan mazkur tazkira Xiva adabiy muhitida yaratilgan tazkiralardan farq qiladi.
Bobojon Tarroh – Xodimning “Xorazm shoir va navozandalari” asarida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Muhammad Rahimxon II davrida o‘tgan 31 nafar shoir ahvolotlari haqida ma’lumot beradi. Asarning ichki tarkibidan shoirning va otasining nomi, shoirning adabiy taxallusi, tug‘ilgan joyi, uning ijtimoiy kelib chiqishi, ilmiy faoliyati, devon tartib berganligi, shoir egallagan vazifa yoki mansab, ijod bilan shug‘ullanishining sababi, soz ilmidan xabardorligi, necha yoshda vafot etgani, vafotidan keyin qaysi qabristonga dafn etilganligi, va axloqiy jihatlari tavsifi o‘rin olgan.
Muallif har bir shoir haqida ma’lumot berarkan, uning bergan xabarlari mazkur o‘n ikki modda doirasida to‘la ko‘rsatilmaydi. Masalan, Feruz haqidagi ma’lumotlarda ayni moddalarga to‘liq javob berilsa-da, unga ilova ravishda shoir Avaz O‘tarning o‘limi uchun buyruq bergani va hayotidagi boshqa voqealar, jumladan, to‘qqiz sozanda va navozandalar doimiy suratda podshohdan xabardor bo‘lib turishlari va ular bilan bog‘liq voqealar bayoni ham keltiriladi. Shu tariqa Nosirxon to‘ra – Sultoniy, Rahmonquli to‘ra – Sodiq, Sa’dulla to‘ra – Sa’diy, Said G‘oziy kabi o‘ttizdan ortiq shoirlar haqida nisbatan batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Asar so‘nggida muallif o‘zi haqida ma’lumot berib, asl ismi Bobojon Azizov bo‘lib, 1878 yilda tug‘ilgani, madrasada xattotlik qilgani, muallifning avlodlari, xususan, bobosi Abdulqodir devonbegi Qone’ haqida ancha keng ma’lumotlar berilgan.[7] Asar 1965-1967 yillarda yozilgan.
Shoir Ahmadjon Tabibiyning saroyga kelishiga sabab bo‘lgan Xudoyberdi maxdum tavsifidan keyin uni saroyga chaqirtirib, o‘zi qofiyasi tang, vazni murakkab bo‘lgan bir she’rni boshlab beradi va shu misrani davom ettirib, 9 baytli g‘azal yozishni topshiradi. She’r tayyor bo‘lgach, “Ahmadjonni shoirlik ilmiga musallam qilib”, uni Xudoybergan Muhrkan, Muhammad Yoqub xarrot kabi devonbegi shoirlardan keyingi o‘rindan joy beradi.[8] Ma’lum vaqt o‘tgach, Ahmadjon Tabibiy ulug‘ shoir va tazkiranavis bo‘lib yetishadi.
Mashhur shoir va tarixnavis Muhammad Yusufbek Bayoniy haqida so‘z yuritib, uning dastlab tabib bo‘lgani, shu kasb tufayli saroyga yaqinlashib, Muhammad Rahimxon II topshirig‘i bilan bir necha forsiy kitoblarni tarjima qilgani, nihoyat, unga “Shajarai Xorazmshohiy” asarini tuzish topshirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Muallif Bayoniy xususida yozarkan, xon uni oltin qilich bilan taqdirlagani, nafaqat xon, balki xalq ham shoir va tarixchini dildan hurmat qilishini aytib, shunday yozadi: “Xalq Yusufbekni ko‘p hurmat qilar edi. Xalq ichida obro‘yi katta edi. She’rlari ham birinchi o‘rinda turar edi…”[9]
Bobojon Tarroh asari Xorazm muhitidagi boshqa tazkiralardan farqli ravishda, asosan, Ahmadjon Tabibiyning tazkiralarida keltirilgan shoirlarning nomlari va tarkibini saqlagan holda shoirlar haqida keng ma’lumotlar berilmaganini nazarda tutib, ularni ma’lumot jihatdan to‘ldirishni, imkon doirasida kengroq tafsilot berishni nazarda tutgan. Shuning uchun ham bu tazkirada shoirlar ijodidan keltirilgan namunalar uchramaydi. Asarni Tabibiy tazkiralarini nazariy va tarixiy jihatdan to‘ldiruvchi zayl-tazkira deb qarash to‘g‘riroq bo‘lar edi.
Ko‘rinadiki, Xorazm adabiy muhitida tuzilgan tazkiralar mazmun va tarkib jihatdan an’anaviy tazkirachilikdan ancha farq qiladi. Masalan, Ahmadjon Tabibiy tazkiralarida she’riy namunalarni keltirish ustunlik qilsa, Laffasiy tazkirasida ijodkorlarning tarjimai hollarini bayon qilish ustuvor jihat hisoblanadi. Tazkiraning ikkinchi nomi “Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari” deb atalgani bejiz emas. Bobojon Tarroh – Xodim esa o‘z tazkirasining mundarijasini yanada kengaytirib, har bir ijodkor haqida o‘zi lozim deb bilgan o‘n ikki modda doirasida ma’lumot va baho berish yo‘lidan borgan. Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, Xorazm adabiy muhitida yaratilgan bu to‘rt tazkiradan dastlabki ikkitasi XX asr boshlarida tuzilgan bo‘lsa, qolgan ikkitasi 1940 va 1967 yilda bitilgan. Shu bois bu tazkiralarda yaratilgan davr mafkurasining ta’siri seziladi. Ayniqsa, bu holat so‘nggi ikki – Laffasiy va Xodim tazkiralariga taalluqlidir.
XV asrda Alisher Navoiy tomonidan asos solingan turkiy tazkirachilik maktabi qariyb 500 yil davomida taraqqiyotda bo‘lgani, XX asr boshlariga kelib ayrim janr o‘zgarishlari yuzaga chiqqan bo‘lsa-da, to o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar adabiyotshunoslikning muhim tarkibiy qismi sifatida rivojlanib kelganini ko‘rsatadi.
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 6-son
[1] Fahri Hiraviy (1521-22), Muhammad Qazviniy (1922-23), Shoh Abdul Ali (1598) tomonidan amalga oshirilgan tarjimalar nazarda tutiladi.
[2] Tabibiy A. Majmuat ush-shuaroi payravi Feruzshohiy. Qo‘lyozma. O‘zRFAShI. Saql. №1152, 5018.
[3] Boltaboyev H. Tazkiralar zikri. T.: MUMTOZ SO‘Z, 2015. 215-16-b.
[4] Matkarimova S. Tabibiy – tazkiranavis. T.: Muharrir, 2011.
[5] G‘anixo‘jayev F. Tabibiy. T., 1978.
[6] Laffasiy. Tazkirai shuaro / Nashrga tayyorlovchi P.Bobojonov. Urganch, 1992.
[7] Bobojon Tarroh – Xodim. Xorazm shoir va navozandalari. T.: Tafakkur qanoti, 2011.
[8] Bobojon Tarroh – Xodim. Xorazm shoir va navozandalari. T. : Tafakkur qanoti, 2011. 140-147-b.
[9] Ko‘rsatilgan asar. 63-b.