Sharif Yusupov. Muhyi Xo‘qandiy (1836-1911)

O‘z zamondoshlari orasida «tojush-shuaro», «shohi shoiron» deya e’tirof etilgan bu ulkan san’atkorning nomi Hoji Muhyiddin Muhammad Rizo oxund o‘g‘li bo‘lib, «Muhyi» adabiy taxallusidir. Muhyi, ayrim tadqiqotlarda, Afg‘onistonning Kandahor, ba’zilarida Hirot shahrida tug‘ilgan, deb kelinar edi. «Tarixi Muhyi Xo‘qandiy» asarining muallif dastxati bilan ko‘chirilgan nusxasida uning G‘azna shahrida 1836 yili tug‘ilganligi ta’kidlanadi.

Bo‘lajak shoirning otasi G‘aznadagi yirik madrasalardan birining bosh mudarrisi bo‘lib, yosh Muhyiddin dastlab padari buzrukvori qo‘lida xat-savod chiqargan. Keyinchalik oila poytaxt Hirotga ko‘chib keladi va Muhyiddin Hirot madrasalaridan birida ozroq tahsil ko‘rib, shundan so‘ng ilmini kamolga yetkazish maqsadida Buxoro safariga otlanadi. Bu yerda madrasa ta’limini davom ettiradi. XIX asrning elliginchi yillari oxirida madrasani tugatib, o‘zi ilgari yashagan Hirotga emas, balki Xo‘qandga kelib yashay boshlaydi. Ham she’riyat, ham ilm sohasida komil ustodlar izidan borishni orzu qilgan Muhyining bu shaharni tanlashiga qadimiy Xo‘qandning boy adabiy va ilmiy an’analarga ega ekanligi, XIX asr elliginchi yillarida bu yerda Tamkin singari yirik shoirlar, Shayx Sulaymon Afg‘oniy kabi ulkan tilshunos va muarrixlar yashayotganligi sabab bo‘lgan, deb hisoblash mumkin. Muhyi keyinchalik o‘z ustozi bo‘lib qolgan olim va shoir xususida «Farg‘ona fozillaridan marhum Muhammad Rahim oxund, jam’i ilmlarda naql va ma’qul, she’r aytishda oliy tab’ egasi bo‘lgan Tamkin taxallusli ul janob faqir Muhyining ustozi edilar. 1292 sanada (bu 1875 milodiyga to‘g‘ri keladi) vafot topdilar» deb yozadi. Shayx Sulaymon Afg‘oniy va Muhyining do‘stona munosabatlari haqida o‘sha davrning bir necha manbalarida ma’lumotlar mavjud. Muhyi vafot etgan davrda ham hali qizg‘in faoliyat ko‘rsatib turgan Shayx Sulaymon Afg‘oniy oradan bir necha oy o‘tishi bilanoq asli toshkentlik bo‘lgan she’riyat ixlosmandi Abduraufboy hamkorligida shoirning o‘zbekcha va forscha devonini Toshkentda Pordev bosmaxonasida terdirib, G‘ulom Hasan Orifjonov matbaasida muqovalatganligi «Devoni Muhyi»ning 1912 yilgi nashrida maxsus qayd etilgan.

50-yillar oxirida Qo‘qon madaniy muhitiga kelib qo‘shilgan Muhyi tez orada shoir va olim sifatida shuhrat qozondi. O‘sha vaqtlarda xonliqda hukmfarmo bo‘lgan Mallaxon saroyiga xizmatga olingan Muhyi u yerda ham e’tibor topib, diplomatik ishga jalb etildi. 1859—1861 yillar orasida xonning maxsus elchisi sifatida bir necha marta Afg‘oniston va Hindistonga bordi. Safar asnosida Turkiya, Eron singari mamlakatlarda ham bo‘ldi. Muhyi chet ellarda yashagan chog‘ida Qo‘qon xonining maxsus elchisi sifatida baland mavqega ega ekaniga qaramay, qayerda atoqli olim yoki qalam sohibi borligini eshitsa, darhol uning xizmatiga borib, bilmaganini bilishga, bilganini takomillashtirishga intilgan. Masalan, «Tarixi Muhyi Xo‘qandiy»da muallif Hindistonning Peshovar shahrida 92 yoshli hazrat Ehson Sohib muftiyning daragini eshitib, uning xizmatida qoyim turib, muftiyning o‘g‘li bilan birga fiqh ilmidan tahsil olganligini, bu tabarruk zot 1281 hijriy (1864-1865 milodiy)da vafot topganini qayd etadi.

Mallaxondan keyin Xudoyorxon hukmronligining uch davrida ham Muhyi saroyning e’tiborli kishilaridan biri edi. Xonning valiahd farzandi Nasriddinbek Andijon viloyati hokimi etib tayinlangach, yoshlikdan she’riyatga ishqiboz bo‘lgan shahzodaning mashq she’rlarini dastlab Mir Xudoyor ismli isfaralik shoir ko‘rib, unga maslahatlar berib turgan. Biroq turli «mish-mish»lar bois bo‘lib, Mir Xudoyor Nasriddinbek dargohidan quviladi. Xon o‘z o‘g‘liga nazm va nasrdan ta’lim berishni zamonasining mashhur shoiri Muhyiga topshiradi. Bu ish samarali natijalar beradi: Nasriddinbek Muhyi ustozligida noziktab’ shoir va nosir bo‘lib yetishadi. Nasriddinbekning bizgacha yetib kelgan ehtirosli she’rlaridan biri «Tazkirai Kayyumiy»ga kiritilgan bo‘lib, bu tazkira 1998 yili uch jilddan iborat kitob holida chop etildi.

Ma’lumki, Qo‘qon xonligida XIX asr 70-yillaridan boshlab qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib, besaranjomlik, bosh-boshdoqlik avjga chiqqan edi. Shunday bir vaziyatda, 1874 yil o‘rtalarida Muhyi haj ziyoratiga jo‘naydi. Makkai mukarrama ham Madinai munavvarada 1875 yil yanvar oyida haj marosimini ado etib, bir necha Sharq mamlakatlarini, jumladan, Afg‘onistonni ham ko‘rib, yil oxirida Qo‘qonga qaytib keladi. Bu vaqtda Qo‘qon xonligi taqdiri qil ustida edi. Chunki 1875 yil yozida Xudoyorxon taxtni tashlab chiqishga, avval Xo‘jandga, so‘ngra tez orada Toshkentga kelishga majbur etilgan, bu yerdan esa Turkiston general gubernatori fon Kaufmanning hiylasi bilan Peterburgga borasan, deb aldab jo‘natilib, boshqa bir maxfiy buyruqqa ko‘ra Orenburgda ushlab qolinib, xonaband holda saqlanmoqda edi. Xondan so‘ng taxtni egallagan valiahd shahzoda Nasriddinxon esa soxta Po‘latxondan yengilib, Mahram qal’asida jon saqlashga majbur bo‘lgan fursat edi. O‘z shogirdi g‘oyat tang ahvolda ekanidan voqif bo‘lgan Muhyi darhol Nasriddinxon huzuriga Mahramga otlanadi. Taxtning qonuniy sohibiga har taraflama dalda berib, uning saroydagi e’tiborli kishilar bilan aloqa o‘rnatishiga, sal o‘tgach, 1876 yil yanvar oyida esa Qo‘qonga taklif etilib, yana taxtga o‘tqazilishiga ko‘maklashadi. Mahramda og‘ir sharoitda qolgan yosh xonga Muhyi maxsus qasida ham bitgan bo‘lib, unda haqiqiy hukmdor eng tang vaziyatda ham tadbir bilan yo‘l topishi, dushmanga shijo-at bilan zarba berishi lozimligi uqtirilgan. Nasriddinxon shunga da’vat etilgan edi. O‘z qasidasida Muhyi shohsiz mamlakatni boshsiz tanaga o‘xshatib, Nasriddinxonga yurtga bosh bo‘lishni donolarcha maslahat beradi. Bu masnaviy yaratilgan vaziyat xususida Muhyi o‘z dastxat bayozida quyidagicha ma’lumot beradi: «Bu masnaviyni qo‘zg‘olon vaqti jannatmakon Sayid Muhammad Nasriddinbek Xo‘qanddin birmuncha muddat ketib, Xo‘jand qal’asida yashirinib turganda yozildi va Fo‘lod ismli qirg‘in keltiruvchi Marg‘inon shahrida o‘tqa yondirildi. Faqir Muhyi bul vaqtda saodat safaridin Baytullohni ziyorat qilib qaytgan edim. Qaytganimda xonni qal’ada maxfiy ko‘rdim».

Lekin tez orada fon Kaufman boshliq chor qo‘shinlari Qo‘qonni ham, xonlikning boshqa hududlarini ham zabt etadilar; Rusiya imperatori Aleksandr II ning farmoniga ko‘ra 1876 yil 19 fevralda Qo‘qon xonligi tugatilib, uning hududida, Turkiston general gubernatorligi tarkibida yangi Farg‘ona viloyati tuziladi.

Xonlik tugatilgandan so‘ng ham Muhyi Qo‘qonda istiqomat qila boshlaydi, lekin umrining oxirigacha hech qanday rasmiy lavozimda bo‘lmaydi. Shundan so‘ng 35 yil davomida Muhyi Qo‘qondagi Sohib Hazrat madrasasining hujralaridan birida yashaydi. Muntazam ijod bilan shug‘ullanadi, Qo‘qon adabiy muhitining zabardast vakillaridan biriga aylanadi. Furqatning «Ahvolot»da yozgan quyidagi so‘zlari ham buni tasdiqlaydi: «…asr shuarolarikim, chunonchi mavlono Muhyi va mavlono Muqimiy va mavlono Zavqiy va mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab’larimizdin mushoira qilur erdik va bir g‘azalda tatabbu’ ko‘rguzub, bir mazmun har nav’ ifoda topar erdi». Yuqoridagi parchada «asr shuarolari» nomini sanar ekan, Furqat birinchi bo‘lib mavlono Muhyi nomini qayd etishi tasodifiy emasdi. Zotan Furqat Muhyining benazir iste’dodini har doim e’tirof etgan, g‘azallariga tatabbular bitgan. Xorijdan unga ko‘p maktublar yo‘llagan, o‘z asarlarini yuborgan.

Xonlik tugatilgandan so‘ng Qo‘qonda istiqomat qilgan Muhyi umrining eng yaxshi damlari o‘tgan, qanchadan-qancha do‘stlar orttirgan Andijonga o‘zining ikkinchi ona shahridek qarar, u yerga har yili borib haftalab, oylab turib kelar edi. 1902 yilgi Andijon zilzilasini xuddi shaxsiy fojiasidek qabul qilgan shoir darhol u yerga yetib borgan. Zilzila haqida 19 banddan iborat dilso‘z muxammas bitib, bir oz o‘tgach, shaharda zilzila vaqtida yaramas fe’l-atvori tufayli tom tagida qolib o‘lgan bir o‘g‘ri xususida she’riy hikoya yozib, har ikki asarni ham «Turkiston viloyatining gazeti»da chop ettirgan edi. Bugina emas, shoirning umri ham o‘zi alohida sevgan shu shaharda poyoniga yetdi. Boshqa yillardagidek 1911 yil bahorida Andijonga, do‘stlar suhbatini qo‘msab borgan shoir o‘sha yerda betob bo‘lib, 4 may kuni olamdan o‘tadi. Muhyi vafoti o‘sha vaqtdagi ijod ahllari qalbiga qattiq larza soladi. Kamiy, Shavkat Iskandariy, Abdullajon Nasimiy, Mavlaviy Yo‘ldosh kabi shoirlar ustoz Muhyi vafotiga marsiya-ta’rixlar bitganlar. «Turkiston viloyatining gazeti» o‘zining bir necha sonida bu marsiya-ta’rixlarni chop etib, Muhyi haqidagi ijod ahlining yuksak fikrlarini o‘z o‘quvchilariga ma’lum qilgan.

Jumladan, gazetada e’lon qilingan Kamiy marsiya-ta’rixida quyidagi misralar bor:

Asru ham dahrda faridu vohid,
Beshaku begumon Muhyi.

Dar miyoni muborizi shuaro,
Budeki mardi qahramon Muhyi.

Nazm mulkin tamom tasxirin
Tig‘i til birla aylagon Muhyi.

Dahrda yo‘q edi naziri aning,
Gar desam, bor erur hamon Muhyi.

 

Muhyi va Muqimiy

Ma’lumki, «qizil imperiya» davrida xalqning nohaq badnom qilingan ko‘plab yetuk ziyolilari orasida shoir Muhyi ham bor edi. Bunga Muhyi bilan Muqimiy o‘rtasida ma’lum davrlarda bo‘lib o‘tgan sovuqchilik dastak qilinib, shu bahonada sho‘ro mafkurasi tamoyillaridan kelib chiqqan holda bu ikki yirik ijodkorni sinfiy manfaatlar jihatidan bir-biriga murosasiz muxolif qilib ko‘rsatilgan, go‘yo butun ijodi mobaynida Muhyi xalq manfaatiga xiyonat qilgan, boylar va amaldorlar shoiri, Muqimiy esa kambag‘al, oddiy xalq shoiri edi, degan o‘ta soxta da’vo ilgari surilgan edi. Vaholanki, aslida Muhyi bilan Muqimiy Qo‘qonda bir madrasaning ikki hujrasida, bir vaqtning o‘zida umrguzaronlik qilganlar. Muqimiy uy-joylik, ma’lum muddat oilalik bo‘lib, xotinidan Akbarxo‘ja ismlik o‘g‘il ko‘rgan bo‘lsa, Muhyi Hirotdan chiqib ketgan o‘spirin yoshidan boshlab, umrining oxirigacha uy-joyi ham, oila-farzandi ham bo‘lmagan, mol-dunyodan hazar qilgan. Shu munosabat bilan Qo‘qon tarixi va adabiyotining bilimdoni Po‘latjon Qayyumiy tazkirasida Muhyi va Muqimiyning hayot tarzi xususida aytilgan ba’zi fikrlarni eslashga ehtiyoj tug‘iladi. «Bir madrasada yashadilar, bir davrning ko‘zga ko‘ringan shoirlaridir. Har ikkilari ham faqirdurlar… Faqirlikda Muhyi Muqimiyga nisbatan juda faqir edi. Hovli-joyi, ro‘zg‘or, xotun, bola va qarindoshi butunlay bo‘lmagandur. Mol, pul to‘g‘risida so‘zlashga ham hojat yo‘q». Shunday bo‘lgach, Muhyining go‘yo boy-badavlat va amaldor kishilarning erkatoyi, Muqimiyni esa, aksincha, ularning murosasiz dushmani qilib ko‘rsatishning o‘zi oddiy mantiqqa ziddir. Aslida ular uzoq muddat mobaynida ijodda hamfikr bo‘lganini, bir-birining bilim va iste’dodini e’zozlab yashaganini, bir-biriga tatabbular, taxmislar qilganini, o‘z ijod mahsuli xu-susida bir-birlarining fikrlarini mo‘tabar bilganliklarini ko‘rsatuvchi dalillar ko‘plab saqlanib qolgan. Masalan, Ab-durahmon Jomiyning sharq xamsachiligida g‘oyat muhim o‘rin egallagan «Haft avrang»ini Muhyi o‘qib o‘rganish bilan cheklanmay, mohir xattot sifatida yangidan kitobat qilar ekan, o‘zining ko‘b va xo‘b mehnati mahsuli bo‘lmish bu yangi kitobatni hammadrasa do‘sti Muqimiyga havola etib, uning fikrlarini eshitishni lozim deb hisoblaydi. Davrning yirik xattoti ham bo‘lmish Muqimiy esa Muhyining bu katta mehnat mahsulidan zavq-shavqqa to‘lib, do‘sti kitobat qilgan «Haft avrang»ning hoshiyalarini bir necha yangi g‘azallari bilan bezashni ham lozim biladiki, shuning o‘ziyoq bu ikki ulkan iste’dod sohiblarining bir-biriga ixlosidan dalolatdir.

Bugina emas. Muhyi Fazliy Namangoniyning mashhur g‘azaliga tatabbu tarzida bitgan sehrli g‘azali bor. O‘z hamkasb do‘sti tatabbusidagi ehtirosli badiiy kashfiyotlardan zo‘r hayajonga kelgan Muqimiy unga kamoli ehtiromini namoyish etib:

Xiradimni g‘oratin aylagan yuzi oyu sochlari holadur,
Bu chaman aro na sanavbaru na suman bila guli loladur, –

matla’li g‘azal bitadi. Muqimiy yangi g‘azal bitib, she’riyatimiz xazinasini boyitishdan tashqari maqta’ga do‘stining ismini ham kiritib, Muhyi bilan hamqismat ekanini ta’kidlaydi:

Yozib ersa xun qadaru qazo, netar ichmayin kishi, Muhyiyo,
Manga ham Muqiym, shul erur g‘izo, na o‘zungga yakka havoladur.

Muhyi ham o‘zi hurmat qilgan ijodkor do‘stidan qarzdor bo‘lib qolmadi. Bunga «sizdan ugina, bizdan bugina» qabilida ish tutish zarurati emas, balki Muhyi ham Muqimiyning she’riy kashfiyotlaridan zavqqa to‘lganligi, o‘zi ham do‘stining iste’dodiga tan berganligi sabab edi. Muqimiy «Tanlangan asarlar»ining «Lirika» qismida «Kuydurur» radifli g‘azal, «Murabba’lar» qismida esa shu radifli murabba’lar berilgan. Murabba’ga sinchiklab nazar solinsa, Muqimiy g‘azalini Muhyi murabba’ga aylantirib, asar ta’sirchanligini yanada oshirib yuborganligi ma’lum bo‘ladi.

Har banddagi Muqimiy g‘azali bayti oldiga qo‘yilgan Muhyining yangi bayti mahbuba jabridan qon yutgan oshiqning so‘ngsiz dardlarini o‘quvchi tasavvurida yana ham aniq, yana ham yaqqol gavdalantirib, to‘rtlik misralarini go‘yo yalakat mag‘izdek bir-birining bag‘riga jo qilib yuboradi. Masalan:

Har nafas bir dog‘ ila ul mehri raxshon kuydurur,
Gah jamoli sho‘lasidan, gohi pinhon kuydurur.
Gohi vaslidin yonurmen, gohi hijron kuydurur,
Bo‘yla kuydurmoqni qaydog‘ nomusulmon kuydurur.

Ko‘rmadim guldek yuzini bir zamone xorsiz,
Vasl chog‘i chiqmadim men bazmidin ozorsiz,
Termulolmay oraziga birgina ag‘yorsiz,
Bu sabab bir umr hasrat birla armon kuydurur, –

singari bandlarda Muqimiy qalamiga mansub keyingi baytlar oldiga Muhyi tomonidan qo‘shilgan baytlar olib tashlansa, asarning qayeridir kemtiqdek tuyulishi turgan gap.

Murabba’ning so‘nggi bandi esa asarga Muhyi munosib hissa qo‘shganiga o‘quvchini yana bir bor ishontiradigan quyidagi baytlardan iborat :

Muhyini ham arzdodig‘a yetinglar, do‘stlar,
Ya’ni ushshoqi qatorig‘a bitinglar, do‘stlar,
Oshiqi ko‘pdir vale insof etinglar, do‘stlar,
Kim hamisha man Muqimiydek anga jon kuydurur.

Muqimiy g‘azalining murabba’ga aylantirilganligi adabi-yotshunoslikda ko‘p yillar hukmron bo‘lgan bir xato fikrni, ya’ni Muhyi ishqi majoziyni ifodalovchi she’rlar yozmagan, u faqat diniy-mistik shoirgina edi, degan fikrni rad etuvchi yorqin dalildir.

Muhyi va Muqimiy merosiga chuqurroq nazar tashlasak, bunday ijodiy hamkorlik, chinakam ijodiy musobaqa namunalarini ko‘plab uchratish mumkin. Chunonchi, Muhyi vafotidan keyin tez orada Toshkentda chop etilgan «Devoni Muhyi»dagi:

Muncha ham, ey guluzorim, qopqarodur ko‘zlaring,
El gumon aylar muqarrar surmasodur ko‘zlaring, –

matla’li, yoki:

Qaysi gulshanni saningdek bir guli ra’nosi bor?
Qaysi bir gulni maningdek bulbuli shaydosi bor? —

matla’li g‘azallari bilan Muqimiyning:

Surma qo‘ymay muncha ham, jono, qarodur ko‘zlaring,
Har biri jon qasdig‘a boqqan balodur qo‘zlaring, —

matla’li, yoki:

Nozparvar yor agarchi tab’i zulm asosi bor,
Oshiq o‘ldurmoqda qon to‘kmakka istig‘nosi bor, –

matla’li g‘azallari muqoyasa qilinsa, ulardan birining tatabbu tarzida ijod qilinganini payqash qiyin emas. Biroq g‘azallarining qay biri tatabbu uchun asos bo‘lganini aniqlash esa o‘quvchilardan ancha ter to‘kishni talab etadi. Muhyi va Muqimiy munosabatlari ko‘ngildagidek bo‘lgan vaqtlarda bu ikki ulkan san’atkorning o‘zaro ehtiromini, o‘rnak bo‘larli ijodiy hamkorligini ko‘rsatuvchi bunday misollarni ko‘plab uchratish mumkin.

Ammo, nachora, hayot hayotligini, inson esa xom sut emgan banda ekanini ko‘rsatib qo‘yadigan noxush holatlar ham ro‘y berib turadi. Ko‘ngillari o‘ta nozik, buning ustiga faqat yolg‘iz o‘zigina haq ekaniga astoydil ishongan bu ikki ulkan iste’dod sohibi bir-birlarining gunohlarini kechirishga ojiz qolganliklari oqibatida asab torlari taranglashib, nomatlub holatlarga olib kelgan paytlar ham bo‘lgan. Shoir qalbini birgina so‘z bilan jarohatlash, yoki, aksincha, boshini ko‘kka yetkazish hech gap emas. Olam baxtsizliklaridan ko‘ngli chilparchin bu ikki azamat, ayni vaqtda, o‘ta asabiy shoirlar o‘rtasida nimalardir o‘tadi-yu, Muqimiyga Muhyi ortiqcha kibr-havoli, Muhyiga esa Muqimiy bo‘lar-bo‘lmas narsalarni she’r qilib bitadigan yengil tabiatli odam bo‘lib ko‘rina boshlaydi.

Buni qarangki, Muqimiy o‘zining andijonlik do‘stlariga yozgan bir she’riy maktubida o‘sha vaqtda Bo‘taqaroda turgan Muhyiga ham salom yo‘llaydi-yu, salom baytini:

Hoji Muhyiddin to‘ram ham olsalar shoyad alik
Kim, qilurman yod etib Bo‘taqarolarga salom, –

tarzida bitib, uning go‘yo ortiqcha kibr-havosiga ham ishora qiladi. Shu tariqa, ikki shoir munosabatlari yanada keskinlashib ketadi va Muqimiy Muhyini yig‘ilishlarda tinglovchiga malol keladigan darajada ko‘p she’r o‘qiydi, deya asabiy baytlar bitadi:

She’ringizga, xalq tolib bo‘lsalar, so‘ngra o‘qung,
Yo kelib ahbob kar bo‘lmoqqa mehmon bo‘ldimu?

Muhyi ham Muqimiy tomonidan ancha yillar ilgari bitilgan she’rlarini, u do‘stlariga yo‘llagan she’riy maktublarni kavlashtirib, ularda o‘ziga nomatlub ko‘ringan o‘rinlarga to‘xtalib, hamkasb do‘sti zarbasiga zarba bilan javob qiladi. Chunonchi, 1886 yilda Muhyi fors tilida «Qasida ast dar shikoyati hamoqati ahli zamon» («Zamon ahli ahmoqliklaridan shikoyat qasidasi») nomli kattagina didaktik asar yozib, Muqimiyning bir vaqtlar bitgan:

Ey yaxshilar, kelayluk, bir joyga yig‘ilayluk,
O‘ynayluk, kuylayluk, omon bo‘layluk, –

matla’li mashq g‘azalini qattiq tanqid ostiga oladi. Har baytda taqrorlanib, g‘ashga tegadigan «o‘ynayluk, kuylayluk» iborasini masxaralashdan tashqari muallifni Olloh hukmini, payg‘ambar hadislarini xalqqa yetkazish o‘rniga, uni nuqul o‘yin-kulgiga da’vat etishda ayblaydi, hamkasb do‘sti sha’niga kattiq tegadigan boshqa gaplar ham aytadi. Masalan u:

Manga gardankashlik aylab muddai lof urmasun,
Etmasun behuda aylab tig‘i burron ila bahs, –

deb yozganligi ham ma’lum.

Ammo shunisi ham borki, Muhyi o‘zi e’zozlagan, iste’dodiga tan bergan ko‘plab qalam sohiblari qarshisida nihoyatda xokisorlik bilan ta’zim bajo etadi, ular xususida g‘oyat maqtovli fikrlar aytadi. Birgina misol: shoir Tajalliy haqida «Tarixi Muhyi Xo‘qandiy»da quyidagilarni o‘qiymiz:

«Janobi sayyid avlod Husaynxon Dexlaviy taxallusi Tajal-liy… hozirda Xudoning panohida salomatdur. Hozir bul zotg‘a barobar keladigan shoir butun olamda ko‘rinmaydur va eshitilmaydur, bunday shoir avvalda ham bo‘lmagan, keyin ham bo‘lmaydur. Katta kulliyoti bor va ul janob to‘rt tilda (ya’ni arabiy, forsiy, turkiy va hindiy tillarda) she’r yozadur va nasrda ham admul masal (tengsiz demoqchi — mualliflar)dur».

Muhyi Muqimiy yozganidek, o‘zini hamisha baland tutadigan, o‘zga qalam sohiblarini mensimaydigan shaxs bo‘lmaganini yuqoridagi birgina misolning o‘zi ham ko‘rsatadi. Aslida bunday misollar anchagina.

Muqimiy she’rlarining ko‘proq ashula uchun mo‘ljallanganligi, ular to‘y-bazmlarda, xalq ko‘p yig‘iladigan davralarda aytilishi ham go‘yo Muhyiga yoqmagan, degan fikrga kelsak, avvalo, ijodkor yaratgan asarlarning ommabopligi dalili bo‘lmish bu jihatni shoirga ayb sifatida qo‘yish o‘rinli bo‘lmas edi. Qolaversa, bu ish ayb hisoblangudek bo‘lsa, Muhyining o‘zi ham bu «ayb»dan xoli emasdi. Chunki Muqimiyniki singari Muhyining ko‘plab g‘azal, muxammas, murabba’lari ular barhayotlik vaqtida ham, ular vafotidan so‘ng hozirga qadar ham xalqning sevimli xonandalari tomonidan muntazam ravishda ijro etilib kelinmoqda, ularning millionlab ting-lovchilari bor. Birgina misol. Amiriyning mashhur g‘azaliga Muhyi tomonidan bog‘langan tengsiz taxmis xonandalarimiz tomonidan bir asrdan ortiq muddat ichida ehtiros bilan ijro etilib kelmoqda. Uning:

Ko‘rdim yuzini qoldim balog‘a,
Hajrida yuz ming jabru jafog‘a,
Qayda borurman endi davog‘a,
Arzimni aytay bodi sabog‘a,
Bizdin duo deng ul bevafog‘a.
Ko‘rdum yuzini kettim o‘zumdin,
Daryolar oqti qonlig‘ qo‘zumdin,
Hijroni ma’lum za’far yuzumdin,
Bir pari yanglig‘ uchti qo‘zumdin,
Tashladi-ketti ming xil balog‘a, —

singari bandlarini qalbda titroqsiz tinglab bo‘lmaydi.

Shunisi ham borki, el-yurtga taniqli ijodkorlar haqidagi har bir yangilikni quloqlarni ding qilib kutadigan ixlosmandlar orasida Muhyi va Muqimiy munosabatlaridagi ma’lum noxushliklar ham tezda yoyilib ketdi, bu gaplar yirik qalamkashlar e’tiborini ham tortmay qo‘ymadi. Ular bu hodisaga munosabat bildirishda ikki qarama-qarshi guruhga bo‘lindilar. Chunonchi, Tajalliy, Mavlaviy Yo‘ldosh, Kamiy, Shavkat Iskandariy, Fansurullobek Xisrav, Abdullajon Nasimiy ko‘proq Muhyini, Rojiy Marg‘inoniy, Anbar otin, Pisandiy esa ko‘proq Muqimiyni yoqlaganlar, e’zozlaganlar. Bu munosabat turli shakllarda namoyon bo‘lgan. She’riy asarlarda ba’zilar o‘z munosabatlarini oshkora bildirgan bo‘lsa, ba’zilar u ikki shoirdan biriga ko‘proq ehtirom, ikkinchisiga kamroq e’tibor ko‘rsatish bilan cheklanganlar. «Turkiston viloyatining gazeti» muharririyati esa Muqimiy qalamiga mansub asarlarni e’lon qilish chog‘ida unga oddiy ijodkordek munosabatda bo‘lgani holda navbat Muhyi asarlarini chop etishga kelganida muallifni «janobi tojush-shuaro», «afsahul-fu-saho», «adibi komil», «fozili ayn» singari yuksak unvonlar bilan siylaganligi ma’lum.

Buxoroyi sharifda madrasani tugatgan, Qo‘qonda bir madrasaning hujralarida istiqomat qilgan, yagona adabiy muhitda qalam tebratgan Muhyi va Muqimiyning shaxsiy munosabatlari ma’lum muddat yaxshi bo‘lmay qolganligining ba’zi sabablari va ko‘rinishlari ana shunday.

 

Muhyi merosi

Muhyi zullisonayn ijodkor bo‘lib, o‘zining she’riy, nasriy va tarixga oid asarlarini ham o‘zbek, ham fors tillarida bitgan. Uning forsiy asarlari ko‘proq ekanini qayd etmoqlozim. Ayni vaqtda: shoirning o‘zbekcha g‘azal, murabba’, muxammas, musaddas, musabba’lari o‘quvchilar orasida alohida shuhrat qozongan, yuksak qadr topgan.

Muhyi she’riyatining mavzular doirasi g‘oyat keng bo‘lib, unda inson ichki olamining anvoi jilolarini aks ettiruvchi lirik she’rlar ham, jamiyat hayotining turli jihatlari tasviriga bag‘ishlangan ijtimoiy she’rlar ham, tasavvufona ohanglarda bitilgan namunalar ham, davr va shaxslar tabiatidagi nomatlub hodisalarni tanqid ostiga oluvchi hajvlar ham uchraydi.

Ko‘p asrlik boy mumtoz she’riyatimizda yetakchi o‘rin tutgan ishqiy mavzu Muhyi lirikasi uchun ham xosdir. Shoir bu mavzuda qalam tebratar ekan, Nasimiy, Hofiz, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Amiriy singari azamat ijodkorlardan ko‘p narsa o‘rganganligi, ular yaratgan xilma-xil timsollardan namuna olib, o‘sha timsollarning hali ochilmagan yangi-yangi qirralarini ocha bilganligi, balog‘at cho‘qqisini egallagach esa, o‘sha timsollarni rad etadigan, nihoyatda original, betakror timsollar yaratganligi ma’lum bo‘ladi. Masalan, Amiriyga payrav tarzida bitilgani qayd etilgan bir g‘azalida Muhyi:

Zulfi mushkin moyil o‘lmish xatging uzra, o‘ylakim,
Gulshan ichra soddi sunbul soya rayhon ustina, —

deya mahbubaning jingalak zulfi labi atrofidagi mayin tuklari ustida tebranib g‘oyat ko‘rkam manzara kasb etganligini gulshanda rayhon ustiga sunbul soya solib turganiga o‘xshatib, tengsiz tashbih ishlatsa,

Kecha sensiz seli ashkim buzdi bunyodi jahon,
Ketmagilkim, bo‘lmasun olamni to‘fon ustina, —

deya biryo‘la ikki she’riy san’atni, ya’ni tashbih va mubolag‘ani yuksak mahorat bilan qo‘llab, ta’sirchanlikda yangi cho‘qqiga ko‘tariladi.

Muhyi o‘ziga zamondosh shoirlar orasida badiiy kashfiyotlarining mo‘l-ko‘lligi, she’riy parvozining yuksakligi, o‘quvchini lol qoldiradigan timsollari bilan ajralib turar edi. Shoir an’anaviy timsollarni inkor etish, mohiyat-e’tibori bilan ularga zid timsollar yaratishda alohida qudrat kasb etadi. Chunonchi, mumtoz shoirlar g‘unchani mahbubaning og‘ziga, gul qizilligini mahbuba chehrasi rangiga o‘xshatish orqali ta’sirchan an’anaviy timsollar yaratganlar. Muhyini esa bunday tashbihlar sirasira qanoatlantirmaydi. U:

G‘uncha og‘zin qilma nisbat nogahon yor oldida,
Ey sabo, yorim uchun og‘zini ur-yor oldida.

Ayla avroqin parishon gulni ham gulshan aro,
Aylasa hamranglig‘ lofini dildor oldida, –

deb yozarkan, shoirning ulkan kashfiyotiga tan bermay ilojingiz yo‘q.

Muhyining muhabbat mavzuidagi she’rlarida ham ishqi majoziy, ham ishqi ilohiy kuylanadi. Bu butun mumtoz she’riyatimizga, jumladan, Muhyi ijod etgan XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asr boshlaridagi Qo‘qon adabiy muhiti vakillariga xos muhim jihatlardandir. Masalan, Muhyi bilan deyarli bir davrda qalam tebratgan va o‘z ijodiy tamoyillari bilan unga hamfikr bo‘lgan Ziyovuddin Haziniy merosida xuddi shunday holni ko‘ramiz. Haziniy o‘z she’rlarida ishqi majoz maktabini o‘tmagan odam ishqi ilohiyga erisha olmaydi, degan tasavvufona qarashni ifodalab, bunday yozgan edi:

To majoziy o‘tig‘a kuymay, haqiqat topmag‘ay,
Ey, Haziniy, ko‘z yoshingni ayla to‘foning kerak.

«Ishqi majoz» radifli g‘azalida esa u ishqi ilohiy topgan afsonaviy qahramonlarning nomlari va ishlarini o‘quvchi ta-savvurida yangidan gavdalantiradi. Haziniy ishqi majozni in-son tabiatida havas qilarli fazilat deb hisoblaydi. Muhyi dunyo lazzatlaridan ko‘b va xo‘b bahra topganini, ishqi majoz jomidan qonib may ichganini qayta-qayta ta’kidlagani holda, chamasi, umr quyoshi zavolga yuz tutgan vaqtlarga kelib o‘zini ishqi majozdan xalos etishini Tangri taolodan iltijo etadi:

Mani ishqi majoziyg‘a giriftor aylama, yo rab,
Alar ishqi bilan bag‘rimni afgor aylama, yo rab.

Menga fazling nasib aylab, xatodin saqla bandangni,
Bu badxulqu jafojo‘lar bila yor aylama, yo rab.

Kechib dunyoi foniyning murodin istamas Muhyi,
Ani juz loyiqi firdavs diydor aylama, yo rab.

Muhyi merosida yuqoridagi singari misralar mavjudligiga qaramay, ishqi majozni ham, ishqi ilohiyni ham tarannum etuvchi she’rlar bir-biridan kam emas. Masalan:

Keldi navro‘z, ey yoronlar, ochdi bag‘rin lolazor,
Gul chamanda ochilib, bulbulni aylar beqaror.

Ko‘p g‘animatdur bahoru yoz ila gulshan aro —
Jam bo‘lib, ahboblar, suhbat etinglar ixtiyor, –

yoki:

Bahor ayyomi xushdur gulshanu bog‘,
Chiqib sahrog‘a bo‘ldi tab’imiz chog‘.

Parivashlar bilan aylab tamosho –
Balandu past, bo‘ldi ko‘nglimiz tog‘, –

singari to‘rtliklar bitib, hayot go‘zalliklaridan bir olam shavqzavq olganini ehtiros bilan ifodalagan shoir «Oshno», «Mubtalo», «G‘araz», «Yaxshirog‘», «Emasmu» radifli va boshqa g‘azal hamda muxammaslarida ishqi majoz tuyg‘ularini qalamga olar-kan, o‘quvchi qalbiga titroq soladigan, uni najib xayollar olamiga yetaklaydigan anvoi misralar tizadi.

Donai xolingmudur ul la’l nobing yonida,
Yo magar kavsar labida o‘lturan hindumidur? –

yoki:

Chiqti ul mahrux meni yo‘limg‘a istiqbol uchun,
Oy yuzila go‘yiyo chiqmush olub mehmona sham’,

yoki:

Topmadim gulshanda hargiz bir tikon,
Xasta bulbul ko‘ksig‘a sanchilmag‘on, –

yoki:

Menga lutfu karamlar qilmasa yor, yo‘q aybkim,
Bul havasliqdin bo‘lubmen podshog‘a mubtalo, —

yoki:

Muhyi, kam-kam qilg‘usidur oshnolig‘, g‘am yema,
Zarrag‘a boqmasmu oxir mehri raxshon oqibat, –

singari chinakam shoirona kashfiyot maqomidaga ko‘b va xo‘b betakror misralar shular jumlasidandir.

Shuni ham aytish kerakki, Muhyi ishqi majoziyni aks ettirgan o‘zbekcha va forscha g‘azallarning katta bir qismini muvashshah shaklida yaratgan. Shoirning bir butun holda 1911 yilda Toshkentda chop etilgan forsiy va turkiy devoniga nazar tashlar ekanmiz, unda Sultonmurodxon, Yusufxon, Qorixon, Mahmudxon, Mirzohamdam, Sherqo‘zixon, Ortiqxon, Shohyunusxon, Olimjonxon, Mirfayzxon, Soatxon kabi zamondoshlari nomiga bitilgan muvashshahlarni ko‘ramiz. Shu munosabat bilan ulkan shoir va tadqiqotchi Maqsud Shayxzodaning muvashshah haqidagi qiziqarli mulohazasini eslab o‘tishga ehtiyoj seziladi. «Lirikada muvashshah janri … o‘zbek adabiyotida, ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmida ko‘p avj olib ketib, adabiyot ahli o‘rtasida keng rasm bo‘lib qolgan edi. Hatto shu darajadaki, shoirlik va nazmchilik hunari muvashshahchilikdagi mahorat bilan ham o‘lchanadigan bo‘lib qoldi. Aniqlik uchun shuni ham aytish kerakki, – deya ta’kidlagan edi muallif, – muvashshah kimning ismiga bog‘langan bo‘lsa, o‘sha g‘azalda ta’rif etilgan obraz ham ayni mazkur kishining o‘zidir, deb o‘ylash xatodir. Muvashshahdagi bu g‘azalning kimga bag‘ishlanganiga dalolat qiladi, xolos. Asarda tasvirlangan yor esa bus-butun boshqa bir kishi bo‘lishi ham mumkin». Ustoz Shayxzodaning keyingi fikri g‘oyat to‘g‘ri ekanini ko‘rsatish uchun biz Zokirjon Furqatning mashhur hofiz do‘sti Mulla To‘ychi ismiga muvashshah qilingan «Ustida» radifli g‘azalidan ikki baytni keltirmoqchimiz:

O‘smalik qoshlarmu yo shamshir qondin zanglig‘,
Yoki pistoqi to‘kulmish rangi ahzar ustida?

Yuz uza kokulmudir har sori pechu tob ila?
Ganji husnungmu yotur yo ikki ajdar ustida?

Bu o‘rinda tasvirlangan o‘smalik qoshlarni, har sori silkinuvchi kokillarni To‘ychi hofizga nima aloqasi bor? Ma’lum bo‘ladiki, g‘azalda butun boshqa bir mahbuba tasvirlangan bo‘lib, u To‘ychi Hofiz ismi bilan bezalgan va, chamasi, ashula qilib aytish uchun Hofizga taqdim etilgan. Shayxzoda muvashshah haqidagi mulohazalarini yakunlar ekan: «… ismiga muvashshah bog‘langan kishilarni aniqlash va shu orqali shoirning yoru do‘stlari, muhiti va doirasi haqida konkret materialni qo‘lga kiritish, shoirning ilmiy biografiyasini yaratish uchun muhimdir», — deb yozgan edi.

Shayxzoda domlaning bu fikrlari shoir Muhyi muvashshahlariga ham to‘la aloqador bo‘lib, ulkan shoir yashab ijod etgan ijtimoiy-madaniy muhitni aniqlashga, uning tarjimai holi, ko‘rgan-kechirgan voqealarini yaqqol tasavvur etishga ko‘maklashuvi turgan gap.

Ishqi ilohiy borasida qalam tebratar ekan, Muhyi o‘quvchilarni dunyo hoyu-havaslaridan kechishga, xilvatnishinlikka, hamisha yodi Haq bilan yashashga da’vat etadi, o‘zining umri haqiqiy toat-ibodatdan chetda, oxirat tadorikini qilmay o‘tganidan faryod chekadi. Shoir shu yo‘l bilan boshqalarning ham imon-e’tiqodli, insof-tavfiqli, sabrchidamli, ayni vaqtda, Haq shafoatidan hamisha umidvor bo‘lib yashashlarini istaydi. Uning:

Ey sohibi koshonau qasru ayvon,
Aylar sani qasringni havodis yakson.
Ko‘b qilma bino qasru imoratingg‘a-
Kim, marg qilur vujuding vayron, –

to‘rtligi, shuningdek, g‘azallaridagi:

Gar aylasang, birodar, san ixtiyori xilvat,
Albatta bo‘lg‘usidur Haq sanga yori xilvat.

Xilvatni kunji, bilsang, ishq ahlini bihishti,
Bog‘i Eramdin ortuq, albatta, g‘ori xilvat, –

yoki:

Na til birla bayon aylay, gunohim haddin afzundur,
Bo‘lub musrif avqotim nayi nafsu havo, yo rab.

Agarchandi gunoh birla o‘tar Muhnini ayyomi,
Na g‘am, mahshar kuni qilsang shaf’iim Mustafo, yo rab, –

singari misralar ishqi ilohiyga shoir qalbining sadolaridir.

Lirik she’rlarida Muhyi o‘z o‘tmishdoshlari va zamondoshlari bo‘lmish zabardast ijodkorlar singari falak kajravligidan, poqdomon ahli ilm, ahli xirad qadr topmaganidan qayta-qayta zorlanadi, kezi kelganda darg‘azab bo‘ladi. «Bo‘ldi ul qolu baloda qismatim», «Topmadim hargiz bir tikon», «Ey charxi siflaparvar, man sandin aylayin dod», «Bo‘ldi barham, ey darig‘o, yaxshi davronlar abas» misralari bilan boshlanadigan va boshqa ko‘pgana g‘azallarda shu holatni ko‘rish mumkin.

Muhyi o‘zi yashab turgan davrda el-yurt hayotida ro‘y bergan katta-kichik voqealarga, turli masjid-madrasalar, bozor rastalari qurilishiga, mamlakat dehqonchiligini rivojlantirish uchun yirik kanallar qazilishiga, o‘zidan ilgari o‘tgan va o‘zi bilan birga yashagan tarixiy shaxslar vafotiga bag‘ishlab ham she’rlar bitgan. Shunday voqealarning eng shov-shuvlisi, xalq boshiga katta musibat keltirgan 1902 yilgi Andijon zilzilasi edi. Ana shu fojiaga atab Muhyi tomonidan bitilgan o‘n to‘qqiz banddan iborat muxammas-ta’rixni «Turkiston viloyatining gazeti» o‘z sahifalarida «Xo‘qandlik shoiri nomdor, sohibi iqtidor mavlono Hoji Muhyi afandining Andijon shahri xususida dilso‘zona abyotlari» sarlavhasi ostida chop etganligi ma’lum.

Umrining eng yaxshi damlari shahzoda Nasriddinbek saroyida, keyin esa o‘ziga do‘st-qadrdon ahli fozillar orasida Andijonda o‘tgan shoirdan bu zilzila chindan ham «dilso‘zona abyotlar» taqozo etgandi. Muhyi o‘zi uchun alohida sevimli, qadrdon bo‘lgan, keyinchalik uning umri rishtalari uzilgan bu shahar fojiasini xuddi o‘z shaxsiy fojiasidek qabul etgan holda ko‘z qarosidan dovot, kipriklaridan kilk yasab, tengsiz bir marsiya bitgan ediki, uning har bir so‘zi, har bir harfidan Andijon ahliga buyuk hamdardligi shundoqqina ko‘rinib turadi. Zotan:

Ta’n aylamang, azizlar, zinhor Andijonga,
Haq amri birla bo‘lg‘on hamvor Andijonga,
Qilgan ekan muqaddar Jabbor Andijonga,
Doim duoyi xayrot darkor Andijonga,
San aylama malomat bekor Andijonga, –

bandi bilan boshlanadigan muxammasning ilk misralaridan boshlaboq qalb iztirobisiz o‘qib bo‘lmaydi. Turkistonda umrining aksar qismi o‘tgan, uni ona-Vatan sifatida jonu dildan qabul etgan, yurt hukmfarmolari xohishi bilan poytaxt Qo‘qonda ham, Andijonda ham saroy a’yonlaridan biriga aylangan Muhyi xonlik hududlari chor Rusiyasi tomonidan avval qonga botirilib, keyin imperiyaning viloyatlaridan biriga aylantirilganidan benihoya darg‘azab ediki, kezi kelishi bilanoq o‘sha cheksiz g‘azabini to‘kib soladi. U Andijon ahli aslida qanday halol, imon-e’tiqodli, musofirga mehr-oqibatli bo‘lganligi haqida so‘zlab kelib, barcha yomon ishlar bu shaharga ajnabiylar kelganidan so‘ng avjga chiqqanini g‘oyat ustalik bilan qistirib o‘tadi:

Bechora erdi xalqi, bilmas edi sharorat,
Mulloyu xo‘jasining af’oli zuhdu toat,
Kelsa musofir ahli, aylar edi ziyofat,
Kasb etti ajnabiydin sho‘ri shari xiyonat,
Yuzlandi har tarafdin ishror Andijonga.

«Ajnabiy» iborasini Muhyi «rus mustamlakachisi» ma’nosida olganligi, tsenzurani chalg‘itish uchun shunday aylanma yo‘l tutganligi o‘z-o‘zidan ayon. Shundan so‘ng shoir jonu dili bo‘lgan shahar xalqi sha’niga nomatlub gaplar aytib, «ajab bo‘ldi – xo‘b bo‘ldi» deya malomatga zo‘r berganlarning tanobini tortib, joyini ko‘rsatib qo‘yadi:

Qilmang alarg‘a tuhmat, nisbat berib sharorat,
Behuda aylamanglar o‘lganlari haqorat,
Ey g‘aflat ahli, bo‘lmang bir lahza betahorat,
Shayton magar qilibdur sizdin hayoni g‘orat,
Behuda ta’n etarsiz abgor Andijonga.

Bo‘lma o‘zungga mag‘rur, ey betamiz, nodon,
Elni musibatig‘a bir lahza shod-xandon,
Naylarsan o‘lsa zohir sanga azobi to‘fon,
Yo zilzila balosi yurtingni qilsa vayron,
Ibrat qo‘zi bila boq yakbor Andijonga.

Muhyi imon-e’tiqodi mustahkam mo‘min sifatida andijonliklarni sabr-toqatga, doimo Haq yodi bilan yashashga chaqiradi, Olloh o‘zi lutf aylasa, shahar avvalgidan ham yaxshiroq, go‘zalroq bo‘lib qad ko‘tarishiga har kimning dilida umid uyg‘otadigan noyob misralar bitadi: shoirning «Qodir erur Xudovand gar qilsa boz obod» degan so‘zlari Haq dargohida ijobat bo‘lib, tez orada Andijon yana asl qiyofasiga ega bo‘ldi. Oradan 8-9 yil chamasi vaqt o‘tgach, shaharga, qadrdon do‘stlari suhbatiga kelgan andijonparast shoir shu yerda hayot bilan vidolashdi va shahardagi Xoja Sa’dildin Farg‘oniy qabristoniga dafn etilib, o‘z sevgan shahrida mangu qoldi.

Muhyi yashagan davrda Farg‘ona vodiysida ro‘y bergan va uzoq muddat zo‘r shov-shuvlarga sabab voqea firibgar Viktor Axmatov faoliyati bilan bog‘liq edi. Qo‘qondagi rus savdogarlari kontorasida boshqaruvchi bo‘lib ishlagan ustasi farang Viktor Yevropa va Rusiyaning katta shaharlaridan arzon bahoda noyob mollar keltirib berishni va’da qilib, Farg‘ona vodiysidan tashqari Buxoro amirligidagi o‘nlarcha mahalliy savdogarlarni aldab, ming-minglab pul to‘plagan, qilar ishini qilib bo‘lgach, Rusiya ichkarisiga qochib, dom-daraksiz yo‘qolgan edi. Birni o‘n qilish payidagi g‘irrom, ayni mahalda laqmaroq boylar arzon, noyob mol tamaida bor-yo‘qlarini Viktorga ikki qo‘llab topshirishdan tashqari bir nechalari rus bankirlaridan ham qarz-havola ko‘tarib singan, el-yurt orasida sharmandai sharmisor bo‘lgan edilar. Turkiston tarixida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan «Viktor voqeasi» 1891 yilda ro‘y bergan bo‘lib, o‘sha davrning ko‘plab ijodkorlari e’tiborini jalb etgan, bu xususda keng ko‘lamli she’riy turkum yaratilgan edi. Muqimiy, Zavqiy, Nodim va boshqa bir necha yirik ijodkorlar qatori Muhyi ham bu voqea xususida «Dar mazammati Bektur» nomli ajoyib hajv bitgan bo‘lib, muxammas shaklidagi bu asar 19 bandni tashkil etadi.

Muhyi hajvining nayzasi asosan Viktorga emas, balki mol-dunyo hirsiga berilib, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, oro-mu rohat nimaligini bilmagan, boyligi hech yerga sig‘masa ham shariat buyurgan zakotga g‘irromlik qilgan, beva-bechoralarga yordamni aslo xayoliga keltirmagan ziqna boylarga qaratilgan. Muhyi bu mol-dunyo bandalarining chirkin qiyofasini baralla gavdalantiruvchi quyma misralar, unutilmas timsollar yaratadi. Shoir tasviricha, ular tasbeh o‘girish chog‘ida Ollohning nomini emas, Viktor nomini vird qiladilar, Viktorni shoh, o‘zlarini esa mulozim deb biladilar. Ularning xasisliqdan ham badtar bir qilmishlari shuki, mustamlakachi ruslardan boshqalarni tan olmaydilar. Bu xususda shoir:

Bermay zakoti shar’iy, haj qilmagan guruha,
Dunyo deb oxiratni yod etmagan guruha,
Arbobi fazl qadrin hech bilmagan guruha,
Rusiydin o‘zga elga bosh inmagan guruha,
Javr ayla – berma pulni imkoni bor, Bektur, –

deb yozarkan, firibgarning bu ishi o‘sha guruhlarga nisbatan odi-lona qasosdir, degan xulosaga kelganday bo‘ladi.

Muxammasning so‘nggi bandida Muhyi o‘zining hayot falsafasini, mol-dunyoga munosabatini ifodalovchi misralar bitadi:

Shukr etki, Muhyi, bo‘lding sen mo‘minu muahhid,
Dunyoi dun uchun hech umr ichra qilmading jidd,
Dunyoyu oxirat-chun har ikkisi erur zid,
Dunyo matoye, beshak, uqbo eliga kosid,
Dunyo degan muqarrar ma’nosi nor, Bektur.

Gap shundaki, avvalo, Muhyining o‘zi yuqorida aytilganidek, mol-dunyoga e’tibor qilmagan, faqirona turmush tarzini afzal ko‘rgan kishi bo‘lsa, ikkinchidan, o‘quvchilarni ham asarda hikoya qilingan ibratli voqeadan to‘g‘ri xulosa chiqarib, to‘g‘ri yashashga da’vat etadi. «Dar mazammati Bektur»ning eng ahamiyatli jihati ham shundadir.

Muhyi o‘zbek va fors tillarida ko‘b va xo‘b asarlar yaratgan, nodir devon sohibi ekanidan tashqari o‘z davrining yirik ta-rixnavis olimi ham edi. Uning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar bo‘limida 604 -inventar raqam ostida saqlanayotgan «Tarixi Muhyi Xo‘qandiy» asari fikrimizning dalilidir.

Asarning asosiy qismi Qo‘qon xonligi tarixi sarchashmalarida turgan afsonaviy Oltinbeshikxon va uning avlodlari, ayniqsa, xonlikni tarkib toptirishda jasorat ko‘rsatgan Shohruxxon, nihoyat Muhyiga zamondosh bo‘lgan Sheralixon, Mallaxon, Xudoyorxon, Shohmurodxon, Sulton Saidxon, Nasriddinxonlar haqida qiziqarli ma’lumotlar beriladi. Qo‘qon xonligining chor mustamlakachilari tomonidan bosib olinishi, bu ishda toj-taxtga o‘chligi, manfaatparastligi, xudbinligi bilan dushman tomon maqsadlarining nisbatan yengil amalga oshishiga, xonlik tugatilib, uning o‘rnida Turkiston general gubernatorligi tarkibida Farg‘ona viloyati tuzilishiga sababchi bo‘lgan soxta Po‘latxon, Abdurahmon oftobachi va boshqalar haqidagi muallif ma’lumotlari boshqa muarrixlarning asarlarida deyarli uchramaydi.

Xonlik tugatilib, yurt Rusiya tasarrufiga o‘tgach, bu ishning bosh aybdorlaridan bo‘lmish Abdurahmon oftobachi o‘sha vaqtlarda Orenburg surgunida yashayotgan Xudoyorxon huzuriga tavba-tazarru qilib borishi, sobiq xon o‘zi g‘oyat og‘ir ahvolda ekaniga qaramay, xiyonatkor qaynisiga anchagina moddiy va ma’naviy yordam berganligi, hatto bir tatar ayoliga uylantirib qo‘yib, katta himmat ko‘rsatganligi haqidagi muallifning qiziqarli ma’lu-motlari g‘oyat muhimdir.

Kitobning ikkinchi qismida, asosan, Muhyining xorijiy mamlakatlarga Qo‘qon xonligining elchisi va sayyoh sifatida borganida tug‘ilgan taassurotlar, Hindiston, Afg‘oniston, Eron va Turkiya tarixiga oid materiallar, muallif o‘zi ko‘rgan, undan oldin o‘sha mamlakatlarda bo‘lgan turkistonlik sayyohlar borasida boy ma’lumotlar berilgan. Unda Muhyining ustozlari bo‘lmish qo‘qonlik shoir Tamkin, peshovarlik olim va adib Mufti Eson Sohib, Yorkentda istiqomat qilgan yirik shoir Tajalliy xususidagi mulohazalar ham, ayniqsa, qimmatlidir. Muallifning fors tilidagi bu kitobi boy ma’naviy merosimiz durdonalaridan hisoblanadi.

Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida 415 varaqdan iborat «Riyozul-firdavs kashkuli Muhyi» nomli yig‘ma asarlardan iborat katta dastnavis kitobi ham 11324-inventar raqamda saqlanadi. Unda Hofiz, Jomiy, Navoiy, Sayido, Amiriy va boshqa shoirlarning g‘azal va muxammaslaridan tashqari Muhyining forsiy va turkiy tillardagi nasriy hamda she’riy asarlari ham o‘rin olgan. Bundan tashqari 1303-inventar raqam ostida saqlanayotgan «Devoni Muhyiyi turkiy»ning shoir dastxat nusxasi ham mavjud bo‘lib, an’anaviy hamd va na’tlar bilan boshlangan bu devonda muallifning g‘azal, masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas, musabba’, ruboiy va boshqa janrlardagi ko‘plab asarlari joy olgan.

* * *

Muhyi badiiy mahoratining yuksakligi jihatidan o‘ziga zamondosh qalam sohiblaridan ajralib turishi davrning ko‘plab ijodkorlari tomonidan z’tirof etilgan. Masalan, ulkan shoir Tajalliy o‘z qasidalaridan birida uni barhayot Navoiy deb atagan bo‘lsa, Ahmadxon to‘ra Dahbediy:

Muhyiki ba fazl yoft me’roj,
Bar masnadi fazl sohibi toj.
Gardida laqab bo fazl Muhyi,
Tojush-shuaroi ashraful hoj, –

ya’ni, Muhyi fazli bilan me’rojga yetib, fazl taxtida toj sohibi bo‘ldi. Fazl sharofatidan Muhyi laqabini olib, shoirlar toji, hojilar sharaflisi bo‘ldi, deydi.

Muhyining iste’dodli shogirdlaridan Fansurullobek Xisrav esa uni:

Batarzi masnaviy monandii Firdavsiyi Tusiy,
G‘azal bobida go‘yo Sa’diyi ushbu zamon Muhyi, –

deya ko‘klarga ko‘targan edi.

Muhyi sha’niga bunday maqtovlar zinhor-bazinhor bekorga aytilmagan. Xalq uning she’rlarini intizorlik bilan kutib, zo‘r mamnuniyat bilan o‘qiganligi sababli 1900-yillar boshida Rusiyaning uzoq shaharlarida yasalgan eng ko‘rkam chinni idishlarga uning baytlari bilan jilo bergan. Moskvada o‘sha yillarda chiqarilgan mo‘jaz chinni piyola hoshiyasiga Muhyining:

Vah na xush munaqqashu zebo piyoladur,
Choy ichgali munosibu ra’no piyoladur.
Muhyi bu nav’ zuhru hunar qo‘rsa ahli Chin,
Bilgil xitoy xalqi muqarrar uyoladur, –

misralari zarhal bilan bitilganligi, bunday piyolalar yuz minglab yasalib, sevimli shoir she’rlarini yurtlardan yurtlarga olib o‘tganligi ham alohida e’tiborga sazovordir.

Muhyi nomi va asarlari ko‘p asrlar yashab, xalq ardog‘ida bo‘ladigan ulkan iste’dod sohibidir.