Begali Qosimov, Shuhrat Rizayev. Abdulla Avloniy (1878-1934)

Avloniy portreti. «Unutilmas siymolar» (1999) to‘plamidan olindi

Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida dunyoga keldi. Bobosi Mirne’matboy asli qo‘qonlik o‘qchi-yoychilardan edi. Otasi Miravlon aka mayda hunarmandlik — to‘quvchilik bilan shug‘ullangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi San’at muzeyi atrofi) bo‘z va chit bilan savdo qilardi. «Onamning oti Fotimadir», deb yozadi adib o‘z tarjimai holida.

Abdulla 7 yoshdan O‘qchidagi eski maktabda Akramxon domlada savod chiqardi. 1890 yilda shu mahalladagi madrasaga o‘tdi. So‘ng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxundda tahsil ko‘rdi. Ammo tirikchilikning og‘irlashuvi o‘qishga imkon bermaydi. «1891 yildan boshlab, faqat qish kunlarida o‘qub, boshqa fasllarda mardikor ishladim» — deb yozadi Avloniy. Ko‘p o‘tmay, bu ham barham topdi. U butunlay ishga sho‘ng‘ib ketdi. O‘zi aytganidek, «binokor»likni o‘rgandi, «g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik ishlari» bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Adabiyotga havas unda shu yillari uyg‘ondi.

1900 yilda Avloniy toshkentlik savdogar bir xonadonning Salomatxon degan qiziga uylanadi. Shu yili otasi vafot etadi.

Hozirgi Mirobod mahallasi o‘rnida Mirne’matboyning bog‘ hovlisi bo‘lgan. Toshkent bosib olinib, Turkiston general gubernatorligining markaziga aylantirilgach, Mirobod shaharning yangi — «rus» qismiga qo‘shib olinadi va turli imoratlar, korxonalar qurish uchun bo‘lib beriladi. Sapyorniy, Gospitalniy ko‘chalari paydo bo‘ladi. Miravlonboyning ikki o‘g‘li — Abdulla va Mirsiddiq ham shu yerda hovli-joy qiladilar. Sapyorlar ko‘chasida 70, 72, 74-uylar qad ko‘taradi. Abdulla Avloniyning o‘z qo‘li bilan qurilgan, juda ko‘plab voqealarga guvoh bo‘lgan 74-uy keyingi yillarda shaharni qayta qurish davrida buzilib ketdi.

1904 yilda Avloniy Mirobodda usuli jadid maktabi ochadi. 1907 yilda o‘z hovlisida «Shuhrat» gazetasini chiqara boshlaydi.

Gazetaning yo‘li ayon bo‘lishi bilan do‘stidan dushmani ko‘paydi. Natijada 10-soni chiqib bekildi. So‘nggi 14 fevral 10-sonida «Dano‘si namima» (chaqmachaqarlik) sarlavhasi bilan idoraning bir xabari bosilgan. Unda shunday gaplar bor:

«Eshitilmish xabarlarga qarag‘onda o‘z musulmonlarimizdan ba’zi «dano‘schi» nammomlar paydo bo‘lib, gazetamizdan «nachal-stvo»g‘a «dano‘s» qilmak fikrida yelka qilg‘on emishlar…

Gazetamizning maslaki milliy, betaraf siyosiy o‘lub, «umerenno-progressivnaya politicheskaya» gazetadur. Yozgon maqolalarimiz ham ushbu maslakimiz o‘lgon e’tidol va haqqoniyat doirasida o‘lub, nozir va denzurlar tarafidan hakdik uzra tarjima qilinub, tegishli mahkamalarda ko‘rilub turilibdur. Shul sababli «nachalstvo»ning sizni(ng) «dano‘s»larga hech bir ehtiyoji yo‘qdur».

Gazetaning yopilishiga qaraganda, bu «dano‘s»larga «ehtiyoj» bo‘lgan ko‘rinadi. Va, ehtimolki, ular gazetaning takdirini hal qilganlar. Avloniy gazetaning yopilishini o‘z tarjimai holida «yashirin tashkilotlar» bilan aloqaga, «Rafiq Sobirov» deganning xiyonatiga bog‘laydi.

Xullas, gazeta yopildi. Redakdiya asbob-ashyolari, qogozlar va materiallar hammasi musodara qilindi. Lekin Avloniy bo‘sh kelmadi. A.Bektemirov nomiga ruxsat olib «Osiyo»ni chiqara boshladi. Shoir ta’kidlaganidek, buning idorasi ham uning uyida (Sapyornaya, 26) joylashgan edi.

Bu gazetalar o‘zbek milliy matbuotining dastlabki namunalari bo‘lishi bilan ham muhim edi.

1914-15 yillarda advokat Ubaydulla Xo‘jayev bilan «Sadoyi Turkiston» gazetasida hamkorlik qiladi. Gazetadagi she’r va maqolalarning aksariyati Avloniy qalamiga mansub. Bu hol uning tahririyatdagi mavqe’-e’tiborining ancha baland bo‘lganligini ko‘rsatadi. Lekin gazeta uzoq davom etmadi. 66 soni chiqib, moddiy ahvolning tangligidan yotib qoldi.

Umuman, Avloniy 1904—1905 yillardan ham ijodiy, ham amaliy ish bilan qizg‘in shug‘ullandi. O‘z she’rlarini «Hijron» taxallusi bilan e’lon qildi. Maqolalarini esa «Mulla Abdulla», «Avloniy», «Abdulla Avloniy» nomlari bilan bostirdi. So‘ngroq uning ko‘p ishlattan laqablaridan biri «Indamas» bo‘lgan edi.

1909 yilda «Jamiyati xayriya» ochdi va mahalliy xalq bolalarining o‘qib bilim olishi uchun pul yig‘ib, maktablarga tarqatdi. Bu haqda hatto Orenburgdagi «Vaqt» gazetasi yozib chiqdi.

1913 yilning oxirida toshkentlik mashhur jadidlar-taraqqiyparvarlarning tashabbusi bilan «Turon» jamiyati maydonga keldi. Uning muassislaridan biri Avloniy edi. Jamiyat qoshida teatr truppasi tuzildi.

Avloniy truppasi sahnalashtirgan birinchi asar Behbudiyning «Padarkush»i bo‘ldi.

1914 yil 27 fevral Toshkentning 2000 kishilik muhtasham «Kolizey» teatri tomoshabinlar bilan to‘la. Galereya va yo‘laklarda ham odam qaynaydi… Sahna ochiladi. O‘rta bo‘y, miqti, yevropacha kiyingan kishi paydo bo‘ladi.

– «Muhtaram jamoat! – gap boshlaydi u. – Bugun Toshkand xalqi hayotida tarixiy kundir…» Notiq teatr va uning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida so‘zlaydi. Tomoshabinlar uning har bir gapini berilib tinglaydilar.

«Teatru o‘yunbozliq emas! Masxarabozliq ham emas,— davom etadi u. – Teatr bamisoli oynavand bir uykim, kirgan har bir kimsa o‘z husnu qabihini ko‘ra olur… Yuziga un surtib masxaraboz shakliga kirgan zotlar tabibi hoziqdirlar…» Notiq teatrni har bir xalq milliy taraqqiyotining muhim belgilaridan deb hisoblaydi, rus frantsuz, turk, tatar, ozarboyjon turmushidan misollar keltiradi. U mashhur taraqqiychimiz Munavvarqori edi.

Spektakl boshlandi. U mahalliy xalq turmushidan olingan, yerli havaskor yoshlar tomonidan qo‘yilgan birinchi sahna asari mashhur «Padarkush» edi. Spektakl deklamadiyaga ulanib ketdi.

Taraqqiychilik tug‘yon urib turgan «Oila munozarasi» tinglandi. Xalq milliy kuylariga solib yozilgan, ijtimoiy dard bilan yoniq qo‘shiqlar yangradi. Nihoyat tomosha tugadi. Kishilar teatrdan olgan taassurotlarini qizg‘in muhokama qilgancha tarqaldilar. Shoir Tavallo bu tarixiy voqeani zavq-shavq bilan hikoya etuvchi she’r yozdi.

«Turon» o‘z faoliyatini shunday boshlagan edi. Truppa ishida qardoshlar ham ishtirok etdilar. Jumladan, Avloniy taniqli tatar rejissyori Zaki Boyazidskiy, mashhur ozarboyjon san’atkori Sidqiy Ruhillo bilan hamkorlik qildi. Masalan, truppaning spektakllarini Zaki Boyazidskiy sahnaga qo‘ygan edi. Sidqiy Ruhillo esa 1916 yilda Avloniyning taklifi bilan Toshkentga keladi va shoirning uyida truppa ko‘magida «Layli va Majnun» spektaklini qo‘yadi. Majnun rolini Sidqiy Ruhilloning o‘zi o‘ynaydi. Malluni Avloniy ijro etadi.

Truppaning g‘oyaviy-badiiy rahbari Avloniy edi. 1914 yilning 26 dekabrida truppa «Turkiston» nomi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safarga chiqdi, bir qator shaharlarda gastrolda bo‘ldi. Agar siz o‘sha yillari chiqib turgan vaqtli matbuot sahifalariga ko‘z tashlasangiz, trugshaning Ko‘qon (1915 yil 7 yanv.), Namangan (21-24 yanv.), O‘sh (29 yanvar)da qo‘ygan spektakllari va ularda Avloniyning faol ishtiroki, xususan ijrochilik mahoratiga oid ehtiros bilan yozilgan maqolalarga duch kelasiz. Ulardan ayrimlari teatrshunos M.Rahmonov va adabiyotshunos Sh. Rizayev tadqiqotlarida keltirilgan.

Adibning o‘zi ushbu safar munosabati bilan yozgan «Sayohat samarasi» she’rida, «Andijonu Marg‘ilonu O‘shu Namanganu Xo‘qand yoshlari»ning «bir-birlari bilan sirdosh» bo‘lib, «milliy ishlarga tashabbuslar» qilayottanlarini, «intihob (uyg‘onish) davri» kelganini mamnuniyat bilan tilga olgan edi.

Avloniy truppa uchun «Advokatlik osonmi?!», «Pinak», «Biz va Siz», «Ikki sevgi», «Po‘rtugaliya inqilobi» kabi dramalar yozdi, «Qotili Karima», «Uy tarbiyasining bir shakli», «Xiyonatkor oilasi», «Badbaxt kelin», «Xo‘r-hur», «Jaholat», «O‘liklar» kabi sahna asarlarini tatarcha, ozarboyjonchadan tarjima qildi. Afsuski, bularning hech biri o‘z davrida bosilgan emas. To‘g‘ri, ularning ko‘pchiligi badiiy zaif. Qoralamaga o‘xshaydi. Hatto shunday taassurot tug‘iladiki, muallif biror mavzuga zarurat sezganu, oyoq ustida yozib qo‘ya qolgan. Bir nafas-da, bir o‘tirishda yozgan. Bu asarlarning o‘z davrida ahamiyati katta bo‘lgan. Undan ayrimlari 1979-1998 yilda nashr qilindi.

1916 yilda Toshkentda bo‘lgan taniqli sharqshunos A. Samoylovich «Kolizey»da Avloniy tarjima qilib sahnalashtirgan «O‘liklar» (Jalil Mamadqulizoda asari)ni ko‘rib, o‘z taassurotlarini shunday yozgan edi: «Toshkentning ulkan «Kolizey» teatrida ozarboyjonchadan sart tiliga tarjima qilingan «O‘liklar» pesasi qo‘yildi. Ijro juda yaxshi edi…». To‘g‘ri, Tavallo yozganidek, teatr «taraqqiyning xabari», «millatning hayot asari» edi. Lekin, umuman olganda, teatrchilik ishlari oson kechgan emas. «Kimiki sahnada ko‘rsang, ani jasorati bu!» deganda Tavallo mutlaqo haq edi.

«1915 yilda mahalla xalqi domlamiz «teatrchi» bo‘ldi», «masxaraboz bo‘ldi», – deb meni maktabdan quvib, Mirobod mahallasidagi boshlang‘ich maktabni yopdilar», – deb yozadi Avloniy o‘z tarjimai holida.

Ikkinchi tomondan hukumat siqardi. Teatrchiliknigina emas, yangi maktabni ham. «Usuli jadid», «o‘suli savtiya» nomi bilan tarixga kirgan bu maktablar aslida chinakam fidoyilik namunalari edi.

Shularga qaramay, Avloniy ijtimoiy faoliyatda qizg‘in davom etdi. Jumladan, uning shu yillari «Nashriyot», «Maktab» kabi shirkatlar tuzishda bosh-qosh bo‘lganini eslash kifoya. Adib bularni keyinroq o‘z tarjimai holida shunday izohlaydi: «Bu vaqtlarda bizning maqsadimiz zohirda teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarin siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobga hozirlov edi». Ushbu jamiyatlarning ishtirokchilari, xususan, Munavvarqori, shoir Tavallo, Nizomiddin Xo‘jayev, Ubaydullo Xo‘ja, aka-uka Saidazimboyevlar Turkistonning ma’lum va mashhur kishilari edilar.

Avloniy 1917 yil Fevral voqealaridan keyin «Yashasin xalq jumhuriyati!» shiori ostida «Turon» gazetasini chiqardi. Gazeta o‘z maslak-maqsadini «Musulmonlar orasida ko‘p yillardan beri davom o‘lan umumg‘a zo‘rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo‘ladurg‘on jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq» deb e’lon qildi. Biroq gazeta juda katta qiyinchiliklar bilan dunyo yuzini ko‘radi; 2-sonidayoq Mirmuhsinning bir maqolasi atrofida janjal chiqadi. Muharrirni vazifasidan chetlatadilar, eskiparast ulamolar matbaa egalarining uylariga vakillar yuborib, «agarda siz Avloniy gazetasin matbaangizga bossangiz, o‘lsangiz sizga janoza o‘qutmasmiz» deb qo‘rqitib, gazetani yakkalab qo‘yadilar. Avloniy Tiflisdan «Mulla Nasriddin» matbaasidan harf va harf teruvchi olib keladi. Baribir yo‘l bermaydilar. Avloniy gazetadan ketishga majbur bo‘ladi.

Gazeta boyqot qilindi. Bu hodisa katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasida Andijon tatar musulmon «Jamiyati xayriya»si nomidan Hofiz Yamg‘ulatov, o‘zbek (turk) yoshlari nomidan Abdulhamid Sulaymoniy (Cho‘lpon)lar imzo chekkan «Turkiston Protopopovlari» (Aleksandr Dmitriyevich Protopopov, 1917 yillardagi Rusiya ichki ishlar ministri – B. Q.) degan keskin «protest» bosildi. Orenburg va Ufada chiqib turgan gazeta va jurnallar ham bu sharmandali voqeani butun tafsilotlari bilan yoritgan va Mirmuhsin bilan Avloniyni himoya qilib chiqqan edilar. 1917 yilning aprel-may oylarida Turkistonning juda ko‘p shaharlarida mahalliy mehnatkashlarning kasaba uyushmalari va tashkilotlari maydonga keldi. Masalan, Toshkentdagi mingga yaqin o‘zbek ishchisini jipslashtirgan binokorlar (Ustalar jamiyati, tashabbuskorlari: olmazorlik Ochil Bobojonov, merganchalik Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev), qora ishchilar (oxunguzarlik A. Abdurashidov), metallistlar soyuzi (Qulmat Xolmuhamedov) shundaylardan edi. Avloniy «1917 yilda Toshkentda yerli xalqdar orasida boshliq bo‘lib, «O‘qituvchilar soyuzi» va boshqa bir necha rabochiy soyuzlar tashkil qildim», — deb yozadi o‘z tarjimai holida.

May oyidan urush orqasidagi qora xizmatga olingan mardikorlar qaytib kela boshladilar. Ularning uyushmalari paydo bo‘ldi. Avloniy ularda ishtirok etdi. 6 iyunda Toshkent ishchi va soldat deputatlari Sovetiga saylanib, Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi qilib tasdiqlandi. Shu yilning 30 sentyabridan 10 oktyabrigacha bo‘lib o‘tgan ishchi s’ezdiga vakil saylandi. Bu tash-kilotlarda eserlarning ta’siri kuchli edi. Eserlarning o‘zida ham kelishmovchiliklar yuz berib, «so‘l» guruhi ajralib chiqdi. Avloniyning inqilob bilan bog‘liq jo‘shqin she’r va maqolalari, ayniqsa «Ikki sevgi» nomli dramasi uning eserlar haraka-tiga unchalik befarq bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Lekin eserlarning ayni shu paytlari Yettisuvda qozoq va qirg‘izlarning hosildor yerlarini tortib olib joylashayotgan rus muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashlari mahalliy ziyolilarni ulardan sovutdi. Bolsheviklar esa bundan ustalik bilan foydalandilar. Ularni o‘zlariga qo‘shib olib, vaziyatga hokim bo‘ldilar va pirovard-oqibatda hokimiyatni qo‘lga kiritdilar.

Avloniy davrning mana shu shiddatli oqimi izmida borar edi.

Maktab ishi, xalq orasida ma’rifat tarqatish Avloniyning 1917 yilgacha bo‘lgan faoliyatining bosh yo‘nalishini tashkil qildi. U bu yo‘lda katta fidoyilik ko‘rsatdi. Shoirning Mirobodda katta qiyinchiliklar bilan ochgan maktabi butun Toshkentda dovruq qozondi. Lekin ish og‘ir kechdi. Chor mustamlakachilik siyosatini og‘ishmay amalga oshirib borayotgan o‘lka ma’muriyati maktab masalasida qattiq turdi. Har bir yangi usuldagi maktabning o‘qituvchilarigina emas (ularning uy adreslarigacha talab etilgan), o‘quvchilarning ham kimligi, ayniqsa, dastur va darsliklar hamda ularning mualliflari qat’iy nazorat qilindi. Avloniy shaxsiy arxivida saqlanib qolgan Sirdaryo viloyat xalq maktablari nozirining 1914 yil 19 fevral 538 hamda 24 maydagi 1118 raqamli talabnomalari (chamasi, bunday hujjatlar har yili to‘ldirib borilgan) shundan darak beradi.

1908 yilda Avloniyning Miroboddagi maktabi yopildi. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi kerak. Avloniy, nazarimizda, o‘z tarjimai holida shulardan bittasini tilga oladi:

«Maktabimda yer, odamlar, tog‘-toshlar, daryo, osmon haqinda suhbatlar o‘tkazmoqqa harakat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib, meni kofir bo‘lding deb, maktabimni yopdilar…»

Adib 1909 yilda Degrez mahallasida yana maktab ochadi. Avloniy dars berish jarayonida ochilayotgan yangi usuldagi maktablar uchun har jihatdan qulay bo‘lgan ko‘plab darsliklar yaratish zaruriyatini his qiladi. U yozadi: «Bizim Turkiston makotibi islomiyasinda avvaldan oxira qadar ta’lim o‘linajak kitoblar: «Sabotul-ojizin», «Fuzuliy», «Navoiy», «Xo‘ja Hofiz», «Bedil», «Maslakul-muttaqiyn»lar kabi she’r kitoblari o‘ldig‘i jumlaning ma’lumidir. Bu kitoblarning ba’zilari e’tiqod va amaliyoti islomga taalluq mushkul masalalardan iborat o‘lg‘onlaridin hamda aksarlari forsiy tilda yozilg‘onlari uchun yosh bolalarning onlardan istifodalari, bir narsa anglamoqlari imkon xorijinda edi».

Shuning uchun ham adibning 1909-17 yillar davomida maxsus maktab bolalari uchun yozilgan o‘ndan ortiq kitobi maydonga keldi. Uning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Turkiy guliston yoxud axloq», «Maktab gulistoni» singari darsliklari, «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to‘plami 10-yillarda bir necha bor qayta bosilib chiqdi va Turkistonning juda ko‘p yangi usul maktablari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat etdi. «Muallim afandilar va adabiyot muhiblari banim bu asari nochizonalarimni il-tifotsiz qoldurmadilar. Turkistonning eng mashhur muallimlari dars jadvalina kiritub, maydoni ta’lima qo‘ydilar»,-deb yozgan edi Avloniy mamnuniyat bilan. Ma’lum sabablarga ko‘ra, bosilmay qolgan «Uchinchi muallim», «Maktab jo‘g‘rofiyasi», «Hisob masalalari» singari darslik kitoblari haqida ham adibning zamondoshlari juda iliq fikrlarni aytadilar.

 

Darsliklar yaratish yo‘lida

Asrimiz boshlarida yangi maktablar uchun tuzilgan alifbelar anchagina bor. Agar uning ro‘yxati tuziladigan bo‘lsa, boshida, shubhasiz, Saidrasul Aziziyning «Ustozi avval»i bilan Munavvarqorining «Adibi avval»i turadi. Avloniyning «Birinchi muallim»i ham o‘zining ma’lum o‘rniga ega.

«Birinchi muallim» 1917 yilga qadar 4 marta nashr etilgan.

«Ikkinchi muallim» yuqoridagi kitobning bevosita davomi, «Alifbodan so‘ng o‘qutmak uchun» yozilgan, «axloqiy hikoyalar, adabiy she’rlar ila ziynatlangan». Binobarin, u darslik-majmua. Kitob dastlab 1912 yilda Toshkentda G‘ulom Hasan Orifjonov litografiyasida bosilib chiqdi.

1913 yilda Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asari bosildi. 1917 yilda ikkinchi marta nashr qilindi. Kitob maktablarning yuqori sinf o‘quvchilariga darslik sifatida yozilgan. Lekin asrimiz boshlaridagi o‘zbek jadid ma’rifatchiligining noyob hodisalaridan bo‘lgan bu asarning ahamiyati faqat maktab doirasi bilan cheklanmadi. U adabiyot va axloq havaskorlari uchun ham qo‘llanma bo‘lib xizmat qildi.

Asarda insonlarni «yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilm» — axloq haqida fikr yurytiladi.

Axloq, bu — xulqlar majmui. Xulq esa, ezgulik yoxud razillikning muayyan bir insonda namoyon bo‘lish shakli. Binobarin, har bir xulq ezgulik va olijanoblikning yoki razillik va badbinlikning timsoli. Shu jihatdan kishida xulqning u yoki bu qo‘rinishi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ularning shakllanishi uchun ma’lum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tug‘ilishdan yomon bo‘lib tug‘ilmaydilar. Ularni muayyan sharoit yomon qiladi. Demak, hamma narsa tarbiyaga bog‘liq. Tarbiya «yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo sadoqat, yo falokat masalasidur».

Tarbiya tug‘ilgan kundan boshlanadi va umrning oxiriga qadar davom etadi. U ikki bosqichdan — uy va maktab tarbiyasidan tashkil topgan.

Avloniy tarbiyaning doirasini keng tushunadi. Uni birgina axloq bilan chegaralab qo‘ymaydi. «Sog‘ tanda sog‘ aql» degan hikmatning bejiz emasligini yaxshi biladi. Gapni, birinchi navbatda, bolaning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish lozimligidan boshlaydi.

«Badanning salomat, quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur».

Avloniy masalaning falsafiy asosiga ko‘chadi. Jism bilan ruhning uzviy birligi haqida gap ochadi: «Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qo‘yub, astarini yuvub, ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur». Yana bir o‘rinda esa «badan elak kabi ko‘zluqdur» degan gap uchraydi.

Jism bilan ruh, shakl bilan mazmunning uzviy birligi va ularning o‘zaro bir-biriga ta’siri masalasi juda muhim va murakkab bo‘lib, Avloniy uni asosan to‘g‘ri tushunadi va to‘g‘ri talqin qiladi.

Bolalarda fikrlash iqtidorini hosil qilish, fikr tarbiyasi benihoya zarur va muqaddas bir vazifa. Binobarin, u muallimlarning «diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan» bo‘lib, ularning «yordamiga so‘ng darajada muhtoj». Negaki, «fikrning quvvati, ziynati, kengligi» muallimga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bolalarning fikrlashi tarbiyachining o‘zini fikrlash va intilish doirasi, saviyasi bilan ham aloqador. Bu xususda adibning keskin mulohazalari bor.

XVIII asr frantsuz ma’rifatchilari aql va ongning roliga juda yuksak baho bergan edilar. Jahon adabiyotidagi ma’rifatchilik bosqichi bilan shug‘ullangan tadqiqotchilar bu davr Yevropa madaniyatining umuman hamma jabhalarida uning ma’lum darajada ilohiylashtirilganligini e’tirof etadilar. Bu, tabiiyki, Yevropa mamlakatlarida kapitalizmning rivoji, feodal-patriarxal munosabatlarning taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘lib qolishi, jamiyat hayotida ilm-fan rolining birdan kuchayib ketishi kabi qator omillarga bog‘liq edi.

XX asr boshlaridagi Turkistonda ham shunga yaqin sharoit maydonga keldi. Nazarimizda, o‘lkamizda 1905 yildan keyin yaqqol ko‘zga tashlangan fikriy uyg‘onish va madaniy ko‘tarilish o‘z mohiyati bilan XVIII asr frantsuz ma’rifatchiligiga ko‘p jihatdan o‘xshash edi. Avloniy ma’rifatchiligining ildizi ham shunga borib taqaladi. «Turkiy guliston…»da aql va ilmning, ma’naviy-axloqiy olamning favqulodda ehtiros bilan ulug‘lanishi adib ma’rifatchiligining bevosita mazmunidan kelib chiqadi. Mana u nima deb yozadi:

«Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, akd boshlovchidir…»

Muallif o‘z fikrini yanada aniqroq va ravshanroq anglatish uchun shunday muqoyasa keltiradi:

«Hayvonlar o‘zlariga bo‘laklar tarafidin keladurgon zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq va tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson… aql va idroki soyasida o‘ziga keladurgon zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo‘ynidan boylab, iplarining uchini qo‘llariga bergan insonlarning aqlidur». Hukamolardan biri: «Har narsa ko‘paysa, arzon bo‘lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko‘paysa, shuncha qimmatbaho bo‘lur», — demish.

Adibning qarashlarida Navoiyning inson haqidagi mashhur «inson — xilqat toji» nuqtai nazari (kondepdiyasi)ning ta’siri yaqqol sezilib turadi. Uning fikricha ham aql faqat insongagina nasib etgan sifatdir, jahonning ziynati oqil insonlardir.

Yuqorida Avloniy aqlning ilm va tajriba soyasida kamol topishiga ishora qilgan edi. Darhaqiqat, bular uzviy tushunchalardir. Ilm ham «insonlarning madori hayoti, rahbari najoti», boringki, «dunyoning izzati». U — «inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilat».

Muallif bu fazilatlarni shunchaki qayd etmaydi, uning konkret hayotiy, amaliy ahamiyati ustida ham to‘xtab o‘tadi. Uning in-sonni kamolotga yetkazishda bosh omil ekanligini atroflicha da-lillashga harakat qiladi.

Ilm egallash esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. U har bir kishidan muayyan layoqat va qobiliyatni talab qiladi. Chunonchi, sinch-kovlik, har bir narsaga ibrat nazari bilan qaray olish, sa’y-g‘ayrat, shijoat kabilar shunday sifatlar jumlasiga kiradi.

«Inson ibrat nazari ila boqub, dunyo kitobidan o‘z qadr-hissasini bilib olmagi lozimdur, — deb yozadi Avloniy. — Shuning uchun aql sohiblari, fatonat egalari o‘zlariga foydasi bo‘lsa-bo‘lmasa, sinchiklab qarag‘on narsalaridan bir hissa olmay qo‘ymaslar».

Ziyraklik, ochiq fikrli bo‘lishga intilishning ham ahamiyati katta. Bular hammasi yoshlikdan boshlanadi. Umr — g‘animat. Uni behuda ishlar bilan o‘tkazib yuborish jinoyatdir. Adib zehn va idrokni quvvatlantirish uchun o‘qish-yozishni o‘rganishga ulgurgan har bir bolani har xil kitoblar, gazeta va jurnallar o‘qishga va shu orqali dunyoning bordi-keldisini anglash, u haqda fikr yurita olish darajasiga erishishga chorlaydi.

Ilm olish riyozat chekishni, sa’y-g‘ayratni talab etadi. Adibning obrazli ifodasiga ko‘ra, ilm bamisoli bodomning ichydagi mag‘iz. Uni qo‘lga kiritish uchun mehnat qilish, chaqib po‘chog‘idan ajratib olish kerak.

Avloniyning vijdon haqidagi fikr-mulohazalari ham diqqatga sazovor. Uningcha, vijdon — aql va tafakkur mezoni. Umuman olganda, bunday yondoshish vijdonning ahamiyatini va mo-hiyatini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi. Lekin unda bir oz konkretlilik yetishmaydi. Vijdon tarozisining «aql va hikmatga muvofiq» ishlarga «muhabbat» qo‘ydirib, «qabohat va yomon» ishlardan «nafrat» ettirishi aslida to‘g‘ri tushuntirish. Biroq uning to‘g‘rilik darajasi yaxshi yoki yomon deb nomlanadigan muayyan hodisaga nisbatan qo‘llanilgandagina konkretlashadi. Adibning «yaxshi» va «yomon» tushunchalarini anglashida esa ma’lum mavhumlik yo‘q emas. U bularni talqin qilganda, ko‘pincha, aqlga muvofiq keladigan, muvofiq kelmaydigan degan prindipdan kelib chiqadi.

«Agar ahmoq odam bo‘lsa, o‘z tug‘ishgan birodaringni ham sevmasliging mumkin, lekin Vatanni, u qanday bo‘lmasin, sevmaslik mumkin emas. Ammo bu muhabbat uning mavjud ahvolidan bir umr mamnunlik bo‘lib qolmasligi, balki uni mukammallashtirishga chanqoq intilishdan iborat bo‘lmog‘i lozim», — degan edi donishmandlardan biri.

Vatan tuyg‘usi eng insoniy, eng mo‘tabar tuyg‘ulardan biri. Vatanni shunchaki sevish mumkin emas. Uning dardi bilan yasha-moq, uning baxtidan quvonmoq, u bilan faxrlanmoq kerak. Va-tan Onadek muqaddas. Uni qadrlash, e’zozlash, uning shodlik va quvonchiga sherik bo‘lish, g‘am-hasratini baham ko‘rish farzandning burchi. Avloniy Vatan va uning oldidagi burchni shunday tushunadi.

Farzandlar ham har xil bo‘ladi. Onaning baxtiga sherik bo‘lib, baxtsizligida yolg‘iz tashlab ketuvchi farzandlar ham topiladi. Vatanning ham fusunkor tabiatini, bog‘-rog‘larini xush ko‘radigan, lekin tashvish va g‘amlarini o‘ylamaydigan farzandlari yo‘q emas. Vatanni, u qanday bo‘lmasin, sevish kerak.

«Biz turkistonliklar o‘z vatanimizni jonimizdan ortiq suydig‘imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issiq cho‘llarini, eskimo‘(s)lar Shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarini tashlab, hijrat qilurlar edi. Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», – demishlar».

Muallif o‘z fikrini xilma-xil misollar bilan asoslashga harakat qiladi. Masalan, u shunday tamsilni keltiradi. Ayrim kishilar o‘z hovli-joylarini, mol-mulklarini sotib, Makkaga ziyoratga borishadi. Hatto shularning ham aksari yana o‘z vatanlariga qaytib keladilar. «Buning sababi, ya’ni bularni tortub keturgon quvvat o‘z vatanlari tuproqlarining mehru muhabbatidur…», deydi.

Shoirning «Maktab gulistoni» (T., 1916) ga kirgan she’rlarida bu fikrlar davom ettirilgan.

Sening isming bu dunyoda muqaddasdur,
Har kim sening qadring bilmas – aqli pastdur, –

deb boshlanar edi undagi «Vatan» she’ri. «Hijron so‘zi»da esa ona-yurtning ko‘rkam, boy va ulug‘vor manzarasi chiziladi.

Bas, shunday ekan, uning uchun jonlarni fido etmoq kerak:

Vatan, vatan deya jonim tanimdan o‘lsa ravon,
Bango na g‘am qolur, avlodima o‘yu vatanim.

G‘ubor(g)a do‘nsa tanim, yo‘q vujudi zeri vahm,
Charoki, o‘z vatanim xokidur go‘ru kafanim.

Tilga, madaniyatga muhabbat esa har bir kishining xalqiga bo‘lgan muhabbatidir. «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidir», — yozadi adib.

So‘z — noyob gavhar. Uning sharafi benihoya. Har qanday qimmatbaho gavhar uning oldida sadaf ham bo‘la olmaydi:

So‘z guharig‘a erur oncha sharaf, –
Kim bo‘la olmas anga gavhar sadaf.

Alisher Navoiyning «Hayratul-abror»ida so‘z ta’rifiga bag‘ishlangan bob shu satrlar bilan boshlanadi.

Buyuk mutafakkir so‘z qudratiga yuksak baho berdi, xilma-xil tamsil va tadbirlar bilan uni ko‘klarga ko‘tardi, tilni po‘lat xanjarga, so‘zni unga qadalgan injularga qiyos qildi. Yoki mana bu muqoyasalarga e’tibor qiling: Masih (Isoning laqabi) yaxshi so‘z bilan o‘lganni tiriltirgani uchun «jonbaxsh» laqabini oldi. So‘z Xalilullohni o‘tga tashlatdi.

Endi boshqa bir misol. Siz g‘uncha og‘izlik, shakarlab dilbar bilan birgasiz. Uning alvon yonoqlari yuragingizga o‘t soladi. Lekin so‘lim dilbarning og‘zidan biror sado chiqmasligini tasavvur qilib ko‘ringchi?!

Surat ila bo‘lsa mahi osmon,
Surati devor hamon, ul hamon.

M. Yu. Lermontovning:

U dilbar janubning qizg‘in bolasi
Surgan xayol kabi go‘zaldir g‘oyat, —

deb boshlanadigan bir she’ri bor. Unda barkamol sohibjamol haqida gap ketadi. Hassos shoir go‘zallikni uyg‘unlikda ko‘radi. Uningcha, har jihatdan mukammal dilbargina go‘zallikda mumtozdir.

Kim izoh qilibdi husn nimasi:
Kelishgan ko‘krakmi, xushbichim qomat?
Yo shaxlo ko‘zlarmi? Lekin goho biz
Bularning hech birin husn demaymiz.
So‘z bilmas lablarni mumkinmas sevmak;
Otashsiz nigoh u – hidsiz bir chechak!

Ajib o‘xshashlik. Barkamol inson tushunchasi tamom boshqa muhit va davrda yashagan ikki buyuk shoirda deyarli bir xil tatqin qilinyapti. Ikkinchi tomondan esa, bunga ajablanmaslik kerak, chunki umuminsoniy g‘oyalar davr va muhit bilan cheklanib qolmaydi. Tabiiyki, so‘z hali o‘zligicha hech narsa anglatmaydi. U muhim va kerakli ma’noni anglatgandagina ma’lum ahamiyat kasb etadi.

Mutafakkir adiblar masalaning bu jihatini hech qachon diqqatdan chetda qoldirmaganlar. Hatto so‘z ta’rifi haqida gap yuritganlarida ham uning muayyan yaxshi hamda foydali mazmun anglatishini ko‘zda tutganlar.

Avloniy ham so‘zning inson qadr-qimmatini belgilashdagi roliga umuminsoniy qarashlardan kelib chiqib baho berdi. So‘zning ma’nosiga alohida diqqat qildi. Til va so‘z odobi haqidagi umuminsoniy fikrlarni davom ettirdi: «… so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadurgon tarozudir. Akl sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar…»

«Agar so‘z aql va hikmatga muvofiq bo‘lub, o‘ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgon bo‘lmasa, asalarilar orasida g‘o‘ng‘illab yurgan qovoqari kabi quruq g‘o‘ng‘illamoq, faqat bosh og‘rig‘idan boshqa bir narsa emasdir. Boshimizga keladurgon qattiq kulfatlarning ko‘pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun «ko‘p o‘yla, oz so‘yla» demishlar».

Insonni bezaydigan sifatlar ko‘p. Chinakam inson yalqovlik va dangasalikni o‘ziga nomus deb biladi. Yoshligidan ilm-ma’rifatga, hunar va san’atga mehr qo‘yadi. Mehnatning aybi yo‘q. Qora ishchi bilan olimning zahmati ko‘rinishdagina har xil. Ularning ikkisi ham mehnat. Mehnat bilan kun kechirish esa buyuk saodat. Aksincha «…bu — ko‘murchilik, bu — temirchilik — menga munosib ish emas, deb dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo‘r ayb, g‘ayratsizlikdur…»

Inson moddiy ne’matlarni yaratishdan tashqari, ularning qadriga ham yeta bilmog‘i darkor. Bular o‘zaro juda yaqin, biri ikkinchisidan kelib chiqadigan tushunchalardir. Kimki bir parcha nonni mehnat bilan topsa, uning qadriga ham yetadi. Avloniy ularning hammasini iqtisod mafhumi bilan beradi. Uningcha, «iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar o‘rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o‘rni kelganda so‘mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik o‘ldig‘i kabi iqtisodning ziddi isrofdir…»

Chopar hayotini tahlikaga qo‘yib tog‘u toshlar, qir va cho‘llar oshadi. Xabarni yetkazadi. Chopar olib kelgan xabar, ehtimol, mudhish bo‘lishi mumkin. Shunda ham akl egalari uni o‘ldirmaydilar. Chunki u haqiqatni yetkazadi. Avloniy «Haqqoniyat»’deb atalgan bobda yuqoridagi misolni ibrat qilib keltiradi. Rostlik va to‘g‘riso‘zlikni insonning eng insoniy sifatlaridan biri deb biladi.

Hayo, iffat – o‘ylab chiqarilgan tushunchalar emas. U asrlar bo‘yi inson tushunchasi bilan birgalikda shakllangan. Avloniy hayo deganda «ishda, so‘zda adabni rioya qilmoq»ni tushunadi, uni insoniylikning muhim belgisi deb biladi.

Hamma narsaning ma’lum bir me’yori bor, albatta. Insoniy viqorni suiiste’mol qilish kishini takabburlikka olib kelib qo‘yadi. Haddan oshgan yumshoq ko‘ngillik — halimlik kishini xor qiladi. Kamtarlik esa xokisorlikka eltadi. Bu yerda ham shakl va mazmun mutanosibligining temir qonuni o‘ziga xos holda namoyon bo‘ladi. Chinakam insonlik viqori kishida olimlik, fozillik va yuksak odob jamlangandagina namoyon bo‘ladi. Ikkinchi tomondan esa, har bir xulqdagi me’yorni his qilish, o‘z fe’l-atvori, xatti-harakatining insoniyat qonunlariga monand bo‘lishiga erishishning o‘zi yuksak axloq va fozillik belgisidir.

Avloniy xulq haqida umuman gapirib qo‘ya qolmay, unga konkret yondashishga harakat qiladi. Adibning diqqat markazida hamisha umuminsoniylik mezoni turadi. Bu mezon islomiy axloqqa suyanadi va u kishilarni shu paytga qadar ota-bobolarimiz tarbiyasiga xizmat qilib kelgan turmush qoidalari bilan bog‘laydi. Shunday tushunchalar bor, ularning nomini eshitganingizdayoq borlig‘ingizni iliq va yoqimli hislar chulg‘ab oladi. Ular bo‘lmaganida hayot zulmatdan, tirikchilik vahshiyona kun o‘tkazmoqdan iborat bo‘lib qolardi. Muhabbat, sadoqat, xayrixohlik, olijanoblik kabilar hayotga nur, umrga mazmun baxsh etadi. Insonning sharafli mavqeida bularning o‘rni alohida.

Muhabbatning qamrovi keng. Vatanga muhabbat, xalqqa muhabbat, do‘stga muhabbat, yorga muhabbat… Lekin uning mazmunida bir narsa juda aniq. Muhabbat kimgadir, nimagadir chanqoq bir intilish. Uni o‘zining jon-jahoni deb bilish, butun borlig‘ini unga baxshida etish tuyg‘usi bilan yonish. Uni baxtiyor va shodon etmoqqa bo‘lgan buyuk ishtiyoq. U sahroni bo‘stonga aylantira oladi, toshdan gul undiradi. Avloniy «Muhabbat» deb nomlangan bobni shunday satrlar bilan boshlaydi:

«Muhabbat deb bir narsani suymakni aytilur. Dunyodagi insonlar mehr va muhabbat soyasinda yasharlar. Har bir ishni muhabbat orqasidan ishlarlar. Muhabbatsiz kishilar hech bir ishni ishlamakg‘a g‘ayrat va jasorat qilolmas, dunyo ne’matidan lazzat ololmas. Agar bir shogird ilm va muallimni suymasa, ishtaho ila o‘qumasa, maqsudga yetolmas. Yer yuzidagi insonlarni urush-mataloshmalarga qovushdirg‘on, siynalarini dushman o‘qig‘a nishon qildurg‘on narsa din va millatlarining, vatan va davlatlarining muhabbatidur. Kishini(ng) kecha va kunduz tindurmasdan qul kabi mehnat va mashaqqatlariga ko‘krak berub ishlatadurg‘on narsa vatan va bola-chaqalarining mehru muhabbati emasmi?!»

Kishilarni yaxshilikka undash, yomonlikdan qaytarish, dunyodagi barcha insonlarga ezgulik istagi bilan yashash chinakam olijanoblikdir. Odamlar umr bo‘yi bir-birlari bilan aloqada bo‘ladilar. O‘zaro yordamga, hamkorlikka hojat sezadilar. Shunday ekan, xayrixohlik, olijanoblik insonlar hayotida katta ahamiyat kasb etadi.

Kishilar fe’l-atvorlariga, orzu-intilishlariga ko‘ra bir-birlariga yaqinlashadilar yoxud uzoqlashadilar. Yaxshilik do‘stlikni vujudga keltiradi. Agar bu do‘stlik maslak va manfaatlar birligi asosiga qurilsa, mustahkam va samarali bo‘ladi. Umrni xush va mazmunli o‘tkazish uchun bunday do‘stlik juda kerak.

«Munislik deb har kim o‘z tenggi, maslakdoshini topub, ulfat bo‘lmakni aytilur. Dunyoning lazzati sodiq do‘stlar ila suhbat qilmakdan iborat», — deb yozadi Avloniy.

Do‘stlik deyilganda, hamisha sadoqat ko‘zda tutiladi. Negaki, bu tushunchalar bir-biriga benihoya yaqin. Adib sadoqatni shunday ta’riflaydi:

«Sadoqat bir fayzi ma’naviydurki, u fayzdan hissasini olmak har bir kishining muqaddas vazifasidur…»

Ulug‘ Navoiy «Hayratul-abror»ida yozadi:

Har kishiga yetsa falakdin g‘ame,
Bo‘lmasa hamdardi aning hamdami.

Rozi labin tikkon ipin so‘kmasa,
Harneki qo‘nglida erur to‘kmasa.

Dard yoqib shu’lai nobudini,
Charxdin o‘tkargay aning dudini.

Tig‘i balo ko‘ksini chok aylagay,
Dard oni bir damda halok aylagay…

Bas, kishiga umr xushi yor emish,
Umr degan yori vafodor emish.

Demak, do‘stlik birinchi navbatda, hamdardlik, hamkorlik, hamdastlik. Do‘stlik o‘z vafosi, sadoqati bilan mustahkam. Navoiy buni hayratomuz tamsillar bilan bergan edi. Masalan, vafosiz yor—ziyosiz sham; ziyosiz sham – muz sumalak kabi.

Inson uchun yolg‘izlik eng og‘ir jazo. So‘qqabosh hech qachon bax-tiyor bo‘lgan emas. Bir qo‘ldan axir qachon sado chiqqan? Yolg‘iz kishining hayoti g‘amdangina iborat. Toq kishining maishat uyi vayron—butun bir uyni yagona ustun ko‘tarib turganini kim ko‘rgan? Burgutning bir qanoti sinsa, qancha tez uchmasin, hayoti lahzadan oshmaydi. Buyuk mutafakkir mana shunday qiyoslarda do‘stlikning hayotiy asoslarini aniq va tiniq detallar bilan ko‘rsatib bergan edi.

Abdulla Avloniyning axloqiy qarashlari mumtoz adabiyotimizning boy zaminida shakllandi. Uning do‘stlik va sadoqat haqidagi fikrlari adabiyotimizdagi axloqiy qarashlarning tad-rijiy davomi edi.

«Ilmi axloq yuzasidan chin do‘st va yori sodiq ila ulfat qilmak lozimdur. Chunki ba’zi kasallarning yuqishi bo‘lgoniga o‘xshash nodon va ahmoq kishilarning urfu odatlari va yomon xulqlarining ta’siri, siroyati yuqishi muqarrardur. Ba’zi do‘st suratida ko‘rinmish ikkiyuzlama, munofiq dushmanlar ham ko‘p bo‘lurlar. Shuning uchun har bir kishiga sinamasdan, bilmasdan do‘stlik qilmak, sir aytmak zo‘r aqlsizlikdur. Chin do‘st bo‘lgan kishi boshingga kulfat va qayg‘u kelgan vaqtlarida san bilan barobar qayg‘urur, xotirangdagi qayg‘ungni bo‘lushub olur. Siringni noahil va nodon kishilarga aytmas, aybingni orqangdan so‘zlamasdan yuzingga aytur. Shodlik vaqtingda san bilan barobar shodlanur. Yolg‘on do‘st sandan bir foyda umidida yoki o‘z boshiga kelgan zararni qaytarmak uchun munofiqona do‘stlik qilur. Siringni noahil kishilarga so‘zlab, qadru e’tiboringni poymol qilur. Bunday kishilarga do‘st bo‘lmakdin do‘stsiz (o‘tmoq) yaxshiroqdur».

«Turkiy guliston…»da «Yomon xulqlar» deb nomlangan bo‘lim bor. Unda kishilarga xos 18 qusur haqida gap ketadi. Muallif nazdida ularning aksariyati uchun xos bo‘lgan xususiyat johillikdir. Shu boisdan adib tanqid tig‘ini asosan jaholatga qaratadi. Uni insoniyat uchun eng katta illat deb biladi. G‘azab — shaqovat, buzuqlik—safohat, hamoqat, yalqovlik—atolat, xasislik—xasosat, tanparvarlik—rahovat, takabburlik-anoniyyat, hasad, yolg‘onchilik — kizb, nifoq, tama kabilar ko‘pincha shundan kelib chiqadi.

Jaholat, sodda qilib aytganda, ilmsizlik, nodonlikdir. Unday kishi fikrlashdan, mushohadadan mahrum bo‘ladi. U moddiy qanchalik boy, sarvatdor bo‘lmasin, ma’naviy shunchalik tuban va qashshoq. Muhtojlik—musibat, biroq johillik musibati undan dahshatliroqdir. Avloniy jaholatni qoralar ekan, u haqda aytilgan ko‘pgina ma’lum va mashhur fikrlarni misol qilib keltiradi:

«Suqrot hakim: «Dunyoda eng hazar qilinadurgan illat jahldur. Men johilga achinganimdek ko‘rga achinmayman, zeroki johilning o‘z ixtiyori ila qilg‘on harakati a’moning ixtiyorsiz qilyun harakatidan mening nazarimda xunuk», — demish.

«Aflotun hakim: «Johilning yaxshi niyati fozilning xusumatidan zararliroqdur. Inson eng yuqishlik bir kasaldan saqlangan kabi johildan hazar qilmak lozimdur»,—demish.

Adib bu fikrlarning ma’nosini chaqishga, undan xulosa chiqarishga, avlodlarni «jaholat va nodonlik balolaridan qutqarmoq uchun «jon boricha», «kuch yetkuncha» «cholishmoq»qa chorlaydi. Jaholatning ham ikki turi bor,—deydi muallif. — Biri — jahli basit, ikkinchisi jahli murakkab. Birinchisi u qadar dahshatli emas. Ular bir narsani bilmasalar, bilmasliklarini e’tirof qiladilar. Uning davosi u qadar qiyin emas: astoydil qunt qilinsa, masala hal bo‘ladi. Ikkinchisi — yomon. Ular bir narsani bilmaydilar va bunga iqror ham bo‘lmaydilar. Ularni xalq «o‘zi bilarmon» deb ataydi. Hamoqat shuning bir ko‘rinishi. U aql va ma’rifat kamligidan hosil bo‘ladi. U jaholatdan yomonroq. Chunki johilda birgina nodonlik bor. Ahmoqda esa necha aqllini aldaydigan yolg‘on-yashig‘ so‘zlar bor. Ularni hech bir ishda na aqliy, na naqliy dalillar bilan ko‘ndirib bo‘ladi. Darhaqiqat, bu davosi mushkul bo‘lgan illatdir!

Lekin davosiz dard yo‘q. Uning yagona darmoni aql va fikr. Inson o‘zini qo‘lga olib, nafsini jilovlab, yon-atrofiga ibrat nazari bilan boqsa, sa’y-g‘ayrat qilsa, undan xalos bo‘la oladi. Avloniy mana shunday optimistik xulosaga keladi.

G‘azab insondagi tabiiy tuyg‘u, «maxsus bir quvvai mudofaa». U shu orqali o‘z nomusini chetdan keladigan zarar va halokatdan saqlaydi, lekin uni jabr va zulm tariqida ishlatmoqdan ehtiyot bo‘lish lozim. Nafs g‘ururidan paydo bo‘ladigan bu hol insonni alamli azoblarga giriftor qilishi mumkinki, u xuddi shu nuqtada jaholat timsoliga aylanadi.

Adib g‘azabni fiziologik-psixologik asoslarda ko‘rsatib berishga harakat qiladi: «… shiddat va haroratning ta’siri vujuddagi qonni buzub, harakat qildurub, dimog‘iga hujum qilub, aqlni parishon qilurda, kishini(ng) ixtiyorini qo‘ldan olur. Bu soyada o‘zini yoxud boshqa kishini hasrat va nadomatta duchor qilur».

Avloniy har bir holatda ham oqilona ish tutishga chaqiradi.

Dangasalik, yalqovlik — kishilar baxtini shikastlovchi katta ofat. Baxt uchun esa kurashmoq, g‘ayrat va shijoat bilan «cholishmoq» kerak. Tabiiyki, harakat va mehnatning samarasi birdaniga ko‘rinib qo‘ya qolmaydi. Lekin inson sa’y-harakatda, sabot va matonatda zavq-shavq bilan davom etmoqdan bir dam bo‘lsin chekinmasligi lozim. Ular, albatta, samara ko‘rsatadi. Axir daraxt ham to‘rt-besh yillik mehnatdan so‘nggina hosilga kiradi-ku! Shogirdchi? Ma’naviy saodat faqat g‘ayratli va mehnatkash kishigagina nasib etadi. Ibn Sino aytganidek, g‘ayratsiz kishi tirik o‘likdir. O‘liklar esa, tiriklar orasida emas, tuproq orasidadir. Ha, Belinskiy aytmoqchi, «Yashamoq falon yil yeb-ichmoq, mansab va pul uchun solishmoq, bo‘sh vaqtlarda esa, mudrab pashsha qo‘rimoq va qartavozlik qilmoqdan iborat emas. Bunday hayot har qanday o‘limdan ham yomon, bunday odam esa har qanday hayvondan ham tubandir… Yashamoq bu his etmoq va fikrlamoq, iztirob chekmoq va rohat qilmoqdir. Bulardan boshqa har qanday hayot o‘limdir. Bizning tuyg‘u va tafakkurimyaz qanchalik katta mazmunni qamrab olsa, iztirob va rohatlanish qobiliyatimiz qanchalik kuchli va teran bo‘lsa, demakki, biz shu qadar ko‘p yashaymiz. Bunday hayotning lahzasi mayda-chuyda ishlaru ikki pullik maqsadlar bilan ruhsiz mudrab o‘tkazilgan yuz yildan ahamiyatliroqdir».

Kitobdagi dangasalik va yalqovlikni qoralovchi «Atolat» va «Rahovat» boblarida umrni ana shunday mazmunli qilishga inti-lish kerakligi haqida gap ketadi.

Xasislikni hech kim alqab tilga olgan emas. Xalq og‘zaki ijodida bu haqdagi hajviyalar son-sanoqsiz. Yozma adabiyotda ham ular istagancha topiladi. Firdavsiyning buyuk «Shohnoma»sida Beraham nomli bir personaj bor. U mehmonni uyga kiritmaydi. Kiritganda ham – bu dunyoning ishlari shunaqa, birov ovqat yeydi, ikkinchisi esa tomosha qiladi,-deydi-da, och mehmon oldida ovqatlanishga tushib ketadi. U mehmon esa shoh Bahrom edi. Shundan Muqimiyning ziqna gumashtasiga qadar ularning qanchadan-qancha salbiy timsollari yaratildi. Saxiylik va baxillik muqoyasasi adabiyotning doimiy masalalaridan bo‘lib keldi. Mana shu an’analar ruhida tarbiya topgan Avloniy xasislikni juda sodda, aniq ifoda va detallar yordamida o‘quvchiga yetkazishga urindi.

Ipak qurtining taqdirini ko‘z oldingizga keltiring. U pilla ichida o‘ralib, hayotini mahv etadi. Qanchalar mashaqqat bilan hosil bo‘lgan ipak boshqalarga nasib etadi. Umrini mol-dunyo hirsi bilan o‘tkazgan insonlar taqdiri ham xuddi shunday, deydi adib.

Shunday bir illat bor, temirdagi zangga o‘xshaydi. Zang temirni yeb ishdan chiqarganidek, u ham qalbni iztirobga soladi, so‘ng barbod etadi. Bu adovatdir. Bu daraxtdan faqat xusumat mevalari yetishadi. Oqil insonlar uni vaqtida kesib tashlab, mehr, do‘stlik novdalarini ulaydilar va undan muhabbat, ulfat mevasini olishga muvaffaq bo‘ladilar. Avloniy adovatni shunday tushuntirgan edi.

Muallif namimatchaqimchilik, g‘iybat, hasad, kizb-yolg‘onchilik, nifoq-ikkiyuzlamalik haqida alohida-alohida to‘xtaladi va ularning insonlar hayotidagi zararini atroflicha ko‘rsatib berishga harakat qiladi.

G‘iybatchi va chaqimchi kishilarni Avloniy buzoqboshiga o‘xshatadi. Buzoqboshi daraxt ildizini kemirib quritgani kabi chaqimchi va g‘iybatchilar ham kishilar o‘rtasidagi mehr-muhabbatni yemiradilar. Donishmandlardan biri aytganidek, «mol va ashyo o‘g‘rilaridan ko‘ra ko‘proq odamlar orasidan do‘stlik, ulfat, muhabbatni o‘g‘irlaydigan odamlardan saqlanmoq lozim».

Avloniy g‘iybatchilik va uning oqibatini shunday tahlil etadi. «Inson boshqa gunohlarni nafsning lazzati uchun qiladur. Ammo g‘iybat sohibi lazzat o‘rniga o‘z boshiga yoki bir boshqa kishining boshiga balo hozirlaydur. Chunki so‘z borub, g‘iybat qilinmish kishining qulog‘iga yetar. G‘azab qoni harakatga kirar. G‘iybatchidan o‘ch olmak fursatini poylar. Shunday qilub, g‘iybat soyasida ikki musulmon orasiga zo‘r dushmanlik tushar. Oxiri o‘lumgacha borub tira-lur. Shul tariqa, g‘iybatdan tug‘ulgon adovat cho‘zulmoqg‘a oid bo‘lub, dushmanlik zo‘rayub, o‘z arolaridagi xususiy janjallarla aziz umrlarini o‘zdirub, umumiy xalq foydasi uchun ishlanadurg‘on milliy ishlardan mahrum bo‘lmaklarig‘a sabab bo‘lurlar».

Axloq ilmining allomalari hasad haqida g‘oyat diqqatga sazovor fikrlar bildirganlar. Avloniy shulardan xarakterlilarni to‘plab, kitobida keltiradi, izohlaydi. Hasad va uning zararini ko‘rsatishda ulardan unumli foydalanadi. Jumladan, ularning biri hasadni otashga o‘xshatgan ekan: «Otash o‘zidan-o‘zi yonub kul bo‘lgoni kabi husudlarning jasadi hasad o‘ti ila erub, mahv va barbod bo‘lur».

Suqrotdan esa quyidagi gap keltiriladi: «Hasadchi kishi bir on va bir zamon rohat va farog‘at yuzini ko‘rmas. Dunyoda qancha mehnat va musibat bo‘lsa, barchasi ul bechorani o‘rab olmishdur».

Arastuning fikri ham juda ibratli: «Dunyoda hammadan hosidning yuki og‘irdur, chunki ul bechora butun dunyodagi shod va mas-rur odamlarning qayg‘ularini o‘z ustiga yuklab yuriydur».

Asarning shirali tili, keltirilgan xilma-xil maqol-hikmatlar, ravon, ta’sirchan uslub uni o‘sha davrdagi ko‘pgina ta’limiy-axloqiy asarlardan ajratib turadi. U, aytish mumkinki, o‘ziga xos badiiy asar hamdir. Avloniy dorini asalga qo‘shib bemorga yegizgan tabibga o‘xshaydi. O‘zining axloq va ta’lim, borliq va jamiyat haqidagi qimmatli fikrlarini o‘quvchiga nafis va go‘zal libosda taqdim qiladi. Ba’zan hayratomuz obrazli iboralar, chiroyli lirik, epik parchalar keltirib, kitobxonga estetik zavq ham yetkazadi. Undagi ibratli, mazmundor, ayni paytda, ixcham hikoyalar kitobxonning xotirasida uzoq saqlanib qoladi. Bu yerda biz shulardan faqat bittasini keltirish bilan cheklanamiz. Bu «Nazari ibrat» bobidagi «Luqmon va ko‘r» hikoyasidir. Mana o‘sha hikoya: «Bir ko‘r hazrati Luqmonning oldilariga ke-lub, agar ko‘zimni ochsangiz, man sizga qul bo‘lurman, demish. Hakim ko‘rni(ng) ma’rifat sohibi ekanin bilub, «Jonim, ko‘zingni pardasini ochmoq mumkin, lekin nazari ibratni ochmoq qo‘limdan kelmaydur»,-demishlar. Ko‘r: «Yo Luqmon! Sizning shuhratingiz faqat parda ochmoqdan iborat bo‘lsa, sizni hakim demay, tabib demak lozim ekan»,—deb hazrati Luqmonning ibrat ko‘zini ochmishdir».

Sharq adabiyotida axloq va odob favqulodda katta o‘rin egallaydi. «Adabiyot» mafhumining o‘zi ham odob so‘ziga borib taqa-lishi bejiz emas. Sharqda bu mavzuga to‘qinmagan she’r ahlini topish qiyin. Yozma adabiyotimizning birinchi yirik namunasi «Qutadg‘u bilig» o‘rta asrning axloq qomusi edi. Alisher Navoiyning bu masalaga qanchalar e’tibor berganligi hammaga ma’lum. Sharqda axloqilmining buyuk allomalari yetishib chiqdilar. Sa’diy Sheroziy shunday buyuk rutbaga musharraf bo‘lganlardan edi. U o‘zining «Guliston» va «Bo‘ston» asarlari bilan badiiy ijodda yangi bir yo‘l ochib berdi…

Avloniy o‘z asarini yaratishda Shayx Sa’diy izidan bordi. Kitobning «Turkiy guliston yoxud axloq« deb nomlanganligi be-jiz emas. Avloniy buni kitobning 1917 yilgi ikkinchi nashriga yozgan so‘ngso‘zida alohida ta’kidlab ko‘rsatadi. U shunday yozadi: «Turkiston maktablarida o‘z shevamizda yozilmish mukammal «Axloq» kitobining yo‘qligi, afrodi millatning shunday bir asarga tashna va muhtoj ekanlig‘i, o‘zum muallimlar jumlasidan o‘ldug‘imdan, manga ham ochiq ma’lum o‘ldi. Shuning uchun ko‘p vaqtlar tajriba so‘ngidan adibi muhtaram Shayx Sa’diy usulinda yozmakni, garchi og‘ir ish bo‘lsa ham, o‘zimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq va bu kamchilikni arodin ko‘tarmakni munosib ko‘rdim».

Adabiyotshunoslar haqli e’tirof etganlaridek, eski o‘zbek mak-tablarida asosiy darsliklardan biri sifatida o‘qitilib kelingan «Guliston» fors klassikasining eng ko‘rkam, eng «barjastasi» edi. Unga ergashib yozilgan asarlar ko‘p bo‘ldi. Abdurahmon Jomiyning mashhur «Bahoriston»i, Mo‘ynildin Jo‘vayniy va Ibn Ka-molposhshoning «Nigoriston», Majidildin Xavofiyning «Guliston»i ham mana shu buyuk obidaga o‘ziga xos nazira, o‘ziga xos javob, shogirdning ustozga ta’zimi edi. Avloniy ustozdan birgina «usul»ni olmadi, uning yuksak insonparvarlik ruhi bilan to‘liq she’riyatidan ham oziq oldi. Ularning ayrimlarini tarjima qilib asariga kiritdi.

Sa’diy bilan Avloniy davrini 600 yildan ortiqroq vaqt ajratib turadi. O‘rta asrning buyuk gumanisti bilan XX asrdan nafas olgan Avloniyning qarashlarida, tuyg‘ularida anchagina farq bor, albatta.

Avloniy axloq to‘g‘risida «Guliston»ga o‘xshash bir asar yozar ekan, shu bahonada zamonasining muhim, dardli masalalarini unga g‘oyat ustalik bilan singdirib keta oldi. Bular huquqsizlik edi. Mustamlakachilik asoratlari bilan bog‘liq tutqunlik va tur-g‘unlik edi. Din — diyonatning, millat — milliyatning buzilishi edi.

Adibni xalqning nochor, g‘arib turmushi chuqur o‘yga soladi:

Har kun o‘luram shomg‘acha man g‘amga giriftor,
Har shab yonuram otasha parvona kabi zor.
Hech kimsa emas bu mani ahvolima voqif,
Man xastayamu millatim o‘lmish nega bemor?

Asarning ilk sahifasida keltirilgan bu to‘rtlik unga bema-lol epigraf bo‘la oladi. Shoir har bir axloqiy tushunchani tal-qin qilar ekan, uni bevosita o‘z davri masalalari bilan bog‘laydi va kitobga zamon nafasini olib kirishga muvaffaq bo‘ladi. Masalan, asarda «Tarbiyaning zamoni» degan qism bor. Unda tarbiyaning uyda, so‘ngroq maktab-madrasada olib borilishi haqida gap ketarkan, bunday ishga imkonsiz xalqning og‘ir moddiy ti-rikchiligi achinish bilan qayd qilingan. «Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o‘qimagan, «usuli ta’lim» ko‘rmagan muallimlar», «matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislar» o‘tkir hajv ostiga olinadi. Yoki «Tama’» bobida zamonasida «tama’ noni birla qorin to‘yg‘uzadurgon kishilarning hisobi yo‘q»ligini fosh etadi. Yana bir o‘rinda esa mustamlaka Turkistonidagi erksizlik, chorizm tazyiqi, mehnatkashning mashaqqatli tirikchiligi haqida so‘z ochadi: «Biz osiyoliklar, xususan turkistonliklar dumba sotub, chandir chaynaymiz, qaymoq berub sut oshiymiz, non o‘rniga kesak tishlaymiz…»

Avloniy adolatni, har bir millatning ozod va baxtli bo‘lish huquqini dunyoning asosi deb bildi, birovga «jabr qiluvchining yoqasi hech qachon jazo qo‘lidan qutula olmas»ligini aytdi. Zulmni qoralar ekan, mazlumning ohidan o‘tkur narsa yo‘q:

Hazar qil ohidan, afg‘onidan u mazlumi(ng)
Bir oh birla solur boshinga butun arosat,-

deya, «quvvatsizlar» g‘amini yedi.

«Turkiy guliston…» asrimiz boshlaridagi pedagogik fikr taraqqiyotidagina emas, balki umuman bu davr ijtimoiy-estetik tafakkur rivojida ham sezilarli iz qoldirdi. Uning bu yerda boshlab qo‘ygan juda ko‘p fikrlari she’riyatida davom etdi.

 

Ma’rifatparvar shoir

Avloniy «1894 yildan boshlab she’r yozishga tutingan» bo‘lsa-da, u she’rlar bizgacha yetib kelmagan. Uning 1917 yilgacha bo‘lgan poetik merosi, asosan, «Adabiyot» nomli 6 qismdan iborat she’riy to‘plamlarida jamlangan. Ularning har biri 1909-1917 yillar oralig‘ida alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan. Shuningdek, o‘sha davr vaqtli matbuoti sahifalarida ham shoir she’rlarini ko‘plab uchratamiz. Bu she’rlarning deyarli hammasi mazkur to‘plamlarga kiritilgan. Aksariyati shoirning 1905 yildan keyingi ijodiga mansub bo‘lib, milliy-ijtimoiy xarakterdadir. Satrlar – shiornamo, deyarli hamma o‘rinda da’vat, chaqiriq ruhi hukmron:

Ayo ey sohibi urfon! Vatan bog‘inda faryod et,
Otib tashla arodin eski odatlarni barbod et.

Maorifla funun tahsilina qil rahnamolig‘ san,
Qorong‘uda qolan millatni nuri ilma irshod et.

Vatan mehri agar bo‘lsa – dilingda ishq savdosi,
Otil nuri maorifga o‘zingni misli Farhod et!.

Millatning ravnaqi emas, yashashi uchunoq ilm kerak. Usiz hozirgi sharoitda tiriklik mumkin emas. Demak, uni egallash lozim. Bu muhim fikr an’anaviy ifodalanmoqda. Ma’rifatga muhabbat e’lon qilinmoqda. Bu birgina Avloniy emas, umuman shu davr she’riyatining xos xususiyatlaridandir. Darhaqiqat, ularning o‘y-fikrini gul-bulbul tashbihi emas, mahbubasini ag‘yor yo‘ldan urgan oshiq kechinmalari ham emas, asr boshidagi aftodahol Turkistonning ayanchli qismati, yildan-yil emas, kundan-kun ajdodlar xotirasini, o‘zligini unutib, tarihdan uzilib borayotgan avlod band qildi. Ular huquqsiz xalq baxtli bo‘la olmasligini angladilar. Xuddi shu sababli Siddiqiy AjziY o‘zining «xushtab’»lik bilan yozilgan ishqiy she’riyatidan voz kechdi, ularni kuydirib tashladi. Avloniyning 90-yillarda yozilgan, ehgamolki, ishqiy xarakterda bo‘lgan she’rlarining bizgacha saqlanmay qolganligi sababi shundandir.

Bunday hol faqat bizning adabiyotimizda emas, balki boshqa xalqlar adabiyotida ham uchraydi. Masalan, Panamada mustaqillik uchun kurash avj olgan 60-yillarda Modesto Moxikoning:

Ortiq kuylamasman ishq-muhabbatni,
Ilohiy she’rlarga bormaydi qo‘lim.

Vatanda erk va baxt bo‘lmagunicha,
Ashuvlamiz bitga: Ozodlik yo o‘lim!

she’ri jangovar shiorga aylanib ketgan ekan.

Avloniy erk va ozodlikni har narsadan baland tutarkan, unga olib boradigan birdan-bir yo‘l deb ilm-ma’rifatni bildi. Shu sabab Vatani, xalqi uchun zarracha manfaat yetkazishni o‘ylagan kishini ma’rifatga da’vat etdi. Ilm-fanni egallashga, ozgina bo‘lsin, xalaqit berishi mumkin bo‘lgan har qanday tartiblar, shu jumladan eski o‘qitish usuli keskin tanqid qilindi. Ilm-ma’rifat, ayniqsa, Yevropa madaniyati ilhom bilan targ‘ib etildi.

Lekin bu yerda bir narsani hisobga olish kerak. Rusiya Turkistonni zabt etar ekan, o‘zini o‘lkaning pushti panohidek tutdi. Mustamlaka hukumati davlat idora usulida, fan-madaniyatda keskin ilgari siljigan Rusiya va Yevropa hayotini ibrat-andoza qilib ko‘rsatishga zo‘r berdi. Bular, aksariyat, millatning o‘tmishi va asriy an’analariga qarama-qarshi qo‘yib borildi. Bularning ham-masi millatni ichdan yemirish, o‘zligini yo‘qotish, pirovard-oqibatda ruslashtirishga qaratilganini dastlabiga eng peshqa-dam ziyolilarimiz ham payqay olmadilar. Shularni ko‘zda tutib, A.Z.Validiy yozadi: «Kosmopolitlarimizcha, o‘lkaning kashf eti-lishi madaniyat uchun buyuk g‘alabadir. Ularga ko‘ra, ruslarning ko‘plab ko‘chib kelishi natijasida Turkistonda madaniy taraqqiyot inkishofi ta’min etilganmish. O‘lkadagi qaysi qavmning va tilning o‘rniga u kelyapti, bu ular uchun ahamiyatsiz. Insonlarning saodati millatlardan birining boshqalarini yutib yoxud atrofida ushlab, bir andozaga solishi bilan amalga oshmaydi; ayniqsa O‘rta Osiyo qavmlarining o‘rtadan surilib, ular o‘rniga Rusiya va Xitoyning hukmron bo‘lishi millionlarcha yerli aholining asrlarcha iztirob chekishlariga olib keladiki, bu o‘lka tarixining eng qora va eng baxtsiz sahifalarini tashkil etgan bo‘lur edi».

Shuning uchun «Evropa madaniyati» tushunchasi va unga munosabat ijodkorlarimizda bir xil emas.

Avloniyda ham «madaniyat vahshiylari» degan ibora bor. «Madaniyat» so‘zining «vahshiylik» bilan yonma-yon qo‘yilishi ushbu masalaga yondoshishda uning Gasprinskiy va Fitrat bilan bir pozidiyada turganini ko‘rsatadi. Bu, albatta, jahoniy hodisa bo‘lgan ilg‘or rus madaniyatidan voz kechish degani emas. Uni siyosiy maqsadlarga xizmat qildirilganini anglash, xolos.

Ayollar ahvoli hamisha jamiyatdaga erkinlik darajasining mezonlaridan bo‘lib kelgan. Bu masala Avloniyda qanday hal qilingan?

Ilmu donish yaxshi ziynatdur xotin-qiz ahlina,
Qo‘y qadam ilm uyina, tumoru marjonni unut.

Uning maktabida qizlar ham bolalar bilan yonma-yon o‘tirib tahsil oladilar. «Turkiston viloyatining gazeti» 1910 yil sonlaridan birida o‘sha yili 23 mayda Avloniy maktabida bir necha ulamolar, shogirdlarning otalari va ko‘plab tomoshabinlar huzurida bo‘lib o‘tgan imtihon haqida to‘xtalib, bir yosh shogird -qizning o‘z aqli va tarbiyasi bilan hammani hayratga solganini xabar qilgan edi.

Ma’rifatning ahamiyati millat, jamiyat tarbiyasida bemisldir. Uni amalga oshirish asosan ziyolilar, birinchi navbatda, olimu muallimlar, shoiru san’atkorlar zimmasidadir. Agar millat haq-huquqini yo‘qotgan, asriy ilmu ma’rifatidan uzoqlashtirilgan, o‘zligini unutayozgan bir holga tushib, jamiyat ma’na-viyatidan mahrum darajaga yetgan bo‘lsa, ziyoli zimmasidagi ish o‘n, balki yuz karra og‘irroqdir.

Adabiyotning tasvir ob’ekti – hayot, uning dolzarb masalalari. Unda hayotning barcha qirralari – shiddatkor to‘lqinlaridan mayin mavjlarigacha, nurli ohanglaridan g‘amgin nidolarigacha, tantanavor damlaridan fojiali daqiqalarigacha tasvir etilmog‘i kerak. Ular inson ruhida qatradagi quyoshdek jamuljam. Adabiyot mana shu ruhning tarjimoni bo‘lmog‘i lozim.

Avloniy «Adabiyot…» she’riy to‘plamining 3-juziga:

Qalamim qorasidur ogoh dostonimdan,
Hazin qayg‘um eshiting u tarjumonimdan,-

degan satrlarni epigraf qilib keltirgan edi. Shoir o‘z she’rlarining mazmuniga ishora qilmoqda. Zamonki haqsizlik asosiga qurilgan, atrof zulmat va qabohatdan iborat ekan, u shodon bo‘la olmaydi. Buni u 1909 yildayoq «Adabiyot…»ning 1-juzidagi so‘zboshida ta’kidlab ko‘rsatgan, «she’rga haris» xalqiga «hasrat va nadomatlar»ini aytishga bel bog‘lagan, tasodifmaski, o‘ziga «Hijron» taxallusini tanlagan edi.

Avloniy she’rlarini o‘qir ekansiz, ko‘z oldingizda XX asr boshidagi Turkiston manzaralari gavdalanadi. Shoir unga yuk-sakdan, dunyo xalqlari hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, Yevro-padagi taraqqiyot nuqgai nazaridan razm soladi.

Mana, taraqqiyot asridagi Turkistonning rangsiz, jonsiz hayotidan lavhalar:

Samovarga chiqishub, yoshu qari chuldirashur,
Ertadan kechg‘acha choyni ichadur sho‘ldur-sho‘ldur.

O‘lturub maqtashadur otini, eshaklarini,
Biri der – yo‘rg‘a, biri der:-seniki-duldur-duldur.

Uyda och o‘lturadur xotini, er – to‘kma yeyar,
Kelturub bachcha, bazmlarga ketar puldur-puldur.

O‘ynabon qarta-qimor, pullarini boy beribon,
Tom teshib, bo‘xcha o‘g‘irlab, odam o‘ldur-o‘ldur.

Bu lavhalardan asta-sekin Turkistonning yaxlit manzarasi hosil bo‘ladi. Dilni dimiqtiruvchi bu so‘lg‘in rang qanchalik jirkanch bo‘lsa, shuncha ayanchli hamdir. Bu tuyg‘ular bora-bora shoirda juda tabiiy ehtiroslar po‘rtanasiga aylanadi: «Xonumoni xarob», «boyqushlarga hamdam», farzandlari «haykal»dek jonsiz, «vayron» Turkiston! Yo‘q! «Sahni jonlik janoza birlan to‘lgon» «buyuk mazor!» Unga o‘lik kimsalar—«madfun zindalar» qo‘yilgan. Bu tirik o‘liklar -Turkistonning bu kungi noqobil avlodlaridir. Uning ahvoliga yer ham, osmon ham yig‘laydi. U — ham faqir, ham xaqir. Bir tarafdan jaholat, ikkinchi tomondan xorlik. Shu ahvolda u «badanidan doi-mo qon oldiradi» — mustamlakachilik jafosini tortadi…

Marizing bir tarafdan, bir tarafdan xorsan — millat,
Badandan doimo qon oldurar bemorsan — millat.

U na «tili», na «qulog‘i» bo‘lmagan surati devor. Bu mudhish hol shoirni larzaga soladi. Butun vujudi bilan uning «ko‘z ochib» dunyoga razm solishini, «uyg‘on»ishini istaydi:

Ko‘zing och, yotma, g‘aflatdan o‘son, millat, o‘son millat!
Topar san birla avloding omon, millat, omon millat! –

deb hayqiradi shoir.

Muhimi shundaki, shoirdagi milliy hasrat nidolari ijtimoiy ohang bilan hamovoz jaranglaydi. U bu «buyuk mazor»ning kimlargadir «bog‘i jinon» — jannat gulshani ekanligini biladi. Ha, u hammaga ham birday «alamzor» emas. Uning «farog‘ati» ham bor. Lekin uni «hukamo»gina ko‘radi. Uning «g‘unchalari» ham ko‘p, biroq uni «hukamo»gina teradi. Ammo bizda qani o‘sha «hukamo?» «Fuqaro»ning nasibasi esa, gulning tikani («xor»)dir. Shu tufayli u oyoq ostida — «xoki mazallat»da. Bu «manzar» shoirga «mahshar» azobini beradi. Shoir unga har nazar tashlaganda, «bag‘ri kabob» bo‘ladi. Ammo u — Ona! Shoir unga farzandki, uning dardidan iztirobga tushadi. O‘z navbatida ona ham o‘z farzandining tarbiyasi va taqdiri uchun burchli:

Ey modarim, cho‘juqlaring iflos, beziyo,
Ostingdan usting o‘ldi biza tar(i)qa fuqaro.
Sandin umid shulmidi, jondan aziz ono?!.

Avloniy 1912 yilda bosilib chiqqan she’rlaridan birini «Dunyo fojiasindan» deb nomlagan edi. Shoir unda insonlar dunyosida insoncha hayot yo‘qligini qalamga oldi. Behuda to‘kilayotgan qonlar, insonning hayvoncha ham qadri qolmagani, «bechora-yu ojizlar», aftoda yetimlar» boshidagi «jabru sitamlar», «haq pastda qolub, nohaq pul birla quvvat top»ishi, uningcha, bu fojianing bir ko‘rinishidir. Bas, u «g‘am uyi»dir. G‘amxona esa, «barbod bo‘l»mog‘i lozim.

Avloniy hokimlar va tobelar — «kuchlilar» va «kuchsizlar» o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor berdi. Bu munosabatlarda inson nomiga munosib belgi topa olmadi. Aksincha, ular yirtqich hayvonlarning zo‘ri ojizini mahv etish asosiga qurilgan kun kechirish tarzini esga tushiradi. Lekin yirtqich hayvon bilan «inson-darranda» orasida farq bor. Bu farq shundaki, «inson—darranda» so‘zlaydigan, fikrlaydigan yirtqichdir. U insof va vijdondan lof uradi. Do‘stlik, birodarlik haqida soatlab va’z o‘qiy oladi. Egnidan taqvo libosi tushmaydi. Bu birgina Turkistonga xos hol emas. U hamma yerda mavjud. Shoir bunday holni raqib millat ichida emas, millatlar orasida ham ko‘radi. Masalan, mamlakatlar o‘rtasida bo‘lib turadigan urushlar shuning bir ko‘rinishi, deb hisoblaydi. Biroq «bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar,—deb yozgan edi adib,- va bu soyada bir-birlariga g‘alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgarlik va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgirlik ila cholishqon Ovrupo Afrika va Osiyoni o‘ziga asir va musaxxar qilmoqdadur». Zamonning rangi o‘zgardi, xolos. Mohiyati o‘sha-o‘sha. «Kuchlik» millatlar — «jahon Jayhunlari» «kuchsiz»larini o‘z komiga tortmoqda. Shoir shularga «tumai tay-yor» bo‘lishdan ogoh qilmoqchi. Shuning uchun ham u millatning hayot-mamot masalasi hal bo‘layotganini, uning «yavmul-hisob» qarshisida turganini ta’kidlaydi. Xo‘sh, shoir bularning oldini olish, insonlarning insonlarcha hayot kechirishini ta’min qilish, jumladan, Turkistonni ozod va baxtiyor etish uchun nimani taklif qiladi?

Avvalo shuni aytish kerakki, shoir, garchi odamlar munosa-batida yovvoyi tabiatning shafqatsiz qonunlariga xos xususiyatlar ko‘rsa-da, ularning bir kunmasbir kun mehru muhabbatga aylanishiga, Turkistonning esa ozod va obod bo‘lishiga astoydil ishonadi.

Garchi man ma’yusu purg‘am millatim ahvolidan,
Qat’ ummid aylamam ta’mai istiqbolidan, –

deb boshlanar edi shoirning «Istiqboddan orzularim» she’ri.

Kelur ulfat, adovat o‘rtadin qalqur, ketar bir kun,
Qaro kunlar ketub, o‘rnig‘a ravshanlik yetar bir kun,
Adolat bog‘ida gulhoyi tarbiyat bitar bir kun,
Ochib g‘uncha dahonin, shodlig‘ izhor etar bir kun,
O‘lur olam guliston, qayg‘u-kulfatlar yitar bir kun,
Gulobi hurriyat atri musaffosin otar bir kun,
Dilim, g‘am chekma ko‘b, bir kun kelur, bedor o‘lur olam,
Chiqib bulbullari chahchah qilur, gulzor o‘lur olam…

deb yozadi yana bir she’rida.

So‘nggi bayt istiqbol orzusi bilan to‘liq mazkur musammanning har bandini yakunlagandek takrorlanib keladi. Bu she’r 1912 yilda bosilib chiqqan. Shoir insonlar o‘rtasida mehru muhabbat, do‘stlik qaror topishiga, adolat va haqiqat tantana qilishiga, yorug‘ kunlar kelishiga ishonch bildirmoqda. Hatto ozodlik — hurriyat zamoni haqida orzu qilmoqda. Lekin tabiiyki, bular o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Shoir buni yaxshi tushunadi. Xuddi shu she’r — musammanning o‘zida ham bunga ishora bor. Shoir gagshi ilm-ma’rifatdan boshlaydi. Undan ko‘p narsa umid qiladi. Hatto uni salkam nurli hayotga olib boruvchi birdan-bir yo‘l deb hisoblaydi. She’rda ilgari surilgan bu fikr ma’lum mantiqqa tayanadi, albatta. Jumladan, usiz keng xalqning o‘z huquqini anglay olishi mumkin emasligi tabiiy edi. Shoir o‘lkadagi nodonlikni qoralar ekan, shu masalaga alohida e’tibor beradi: «Huquq(n)ing no‘ldig‘in idrok qilmas, jismimiz bejon», — degan satrni uchratamiz she’rda.

Buni taxminan istiqbol uchun kurashdagi ikkinchi bosqich deb hisoblash mumkin. Samarqandlik Siddiqiy Ajziy ham o‘zining «Mir’oti ibrat» dostonida bu masalaga keng o‘rin ajratgan edi. Lekin bular bilan ham hech ish bitmaydi. «Bir g‘oya atrofida uyush-moq, bir maslakni tutmoq», ma’lum bir «idyol»ni ushlab o‘sha uchun «kurashmoq» kerak. Bu ham haligi musammanda bor.

Abas bir g‘oyasiz dunyoi dundan yaxshilik kutmak,
Kerak bir maslaku bir g‘oyau idyolni tutmak,
Biza bir yo‘lni ushlab, nuri maqsuda borib yetmak…

Buning uchun esa xalq o‘z haq-huquqini anglagan bo‘lishi, nima uchun kurashayotganini aniq bilishi va u yo‘lning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi lozim.

Avloniy 1914 yilda bosilgan «Muxotabim qalam» («Qalamga xitobim») she’rida qalamga xitoban «ojizlara imdod qil»ishini «millat xonadonini toza ta’mir ila bunyod et»ishini o‘tinadi. Diqqat qilaylik, «toza ta’mir» bilan, ya’ni qaytadan qurib, yangitdan bunyod etish ustida gap ketyapti.

Darhaqiqat, shoir she’riyatining bosh yo‘nalishini millatda milliy ongni shakllantirish tashkil etdi. Buning uchun u Turkiston turmushini boshqa xalqlar hayoti bilan qiyoslab ko‘rsatdi.

«Bobolarimizning «bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa yuvlab ketar» zamonlari o‘tub, o‘rniga «bilg‘on bitar, bilmag‘on yitar» zamoni keldi. Amerikaliklar bir dona bug‘doy ekub, yigirma qadoq bug‘doy olurlar. Yovrupoliklar o‘zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, o‘zimizga 25 tiyinga soturlar!»

Birinchi Jahon urushi va uning asoratlari mavzui ham Avloniy ijodidan keng o‘rin olgan. Shoir bu mudhish falokatning yuzaga kelish sabablarini tahlil qiladi, uning mazmun-mohiyatini belgilashga urinadi. Uningcha, bosh sabab «raqobat», bo‘lingan dunyoni bo‘lib olishga urinish, «olama hokimlig‘» dag‘dag‘asi edi.

Nihoyat, mardikorlik voqealari yuz berdi.

Chor hukumati yon berishga majbur bo‘ldi. Mardikorlikka olinadiganlar soni qisqartirildi. Ularni jo‘natish keyinga surildi. Turkistonni yaxshi bilgan A.N.Kuropatkin general gubernator qilib tayinlandi.

18 sentyabr kuni mardikorlar tushgan birinchi eshelonni tantanali jo‘natish marosimi bo‘ldi. G‘oyat tadbirkorlik bilan ish ko‘rildi. Mardikorlarga osh tortildi, pul va shirinliklar ulashildi. Kuropatkinning shaxsan o‘zi ularga oq yo‘l tilab, kuzatib qo‘ydi. 18 oktyabrda esa, Nikolay II mazkur eshelonning «vakil»larini o‘z qarorgohida qabul qildi… Shunaqa xilma-xil usul va tadbirlar oqibatida yil oxiriga kelib o‘lkadagi qo‘zg‘alishlar paysal topdi. So‘ng esa qo‘zg‘olon qatnashchilarini shafqatsiz jazolash boshlandi.

Yigitlarni frontga jo‘natish mavzuida adabiyotimizda o‘nga yaqin she’riy to‘plam maydonga kelgan. Avloniyning «Mardikorlar ashulasi» kitobi ham shular sirasida. Xalq qo‘shiqlari yo‘lida yozilgan bu she’rlar g‘oyat dardli, g‘amgin. Ularda osoyishta hayotni chayqatib, insonlar taqdirini alg‘ov-dalgov qilib yuborgan urushga, uning haybarakallachilariga pinhoniy g‘azab yashiringan. Shoir she’rlari bilan o‘zbek mardikorlik poeziyasi degan hodisaning maydonga kelishida o‘z hissasini qo‘sha oldi.

Afsuski, Abdulla Avloniyning 1916 yil, ayniqsa 1917 yil Fevral-Oktyabr oralig‘idagi poetik ijodi haqida juda kam ma’lumotga egamiz. Hozircha, 2 she’ri ma’lum. Biri «Qutuldik», ikkinchisi «Yotma» deb nomlangan. Nomidanoq aytilmoqchi bo‘lgan gap anglashilib turibdi. Shoir Fevral voqealari munosabati bilan vatandoshlarini mustabid chor hukumatidan, «badkirdor Romanov», «dumdor Rasputin»lar zulmidan qutulgani bilan mu-borakbod etadi. Chindan ham samoderjaviyening ag‘darilishi ul-kan hodisa edi. Oldinda vazifalarning eng muhimi va asosiysi – milliy, mustaqil Turkistonni barpo etish, hokimiyatni o‘z egalariga olib berish turardi. Shoir buni tushunadi va «millati najib»ni «g‘ayrat qil»ishga, «hur yo‘l»ni mahkam ushlab, barcha zulmlardan xalos bo‘lishta chaqiradi.

Inqilobiy voqealar Avloniyga ta’sir etmay qolmadi. U endi istiqbolni faqatgina ma’rifat, ilm-fan orqali qo‘lga kiritish mumkin emasligini angladi, erk va hurriyatga yetmoqni yo‘li bitta – birlashish, milliy demokratik kuchlarni birlashtirish degan xulosaga keldi. Shu umidda rus inqilobiy harakatchiligi, sovetlar bilan ham bog‘landi. Afsuski, sotsialistik «idyol» deganlari sarob ekanligini, sovetlar yo‘li oq imperiyaning mohiyati o‘zgarmagan «qizil» shakli ekanligini daf’atan anglay olmadi.

She’riyatda esa yangi g‘oya va timsollar uchun yangi shakl va ifodalar izladi. Eskilariga yangi mazmun singdirdi. Ularning muhimlari quyidagilar edi:

  1. Vaznning yangilanishi.

Ma’lumki, ming yillik klassik she’riyatimiz aruz vaznida yozilgan. Asr boshidagi she’riyatda ham u yagona va asosiy vazn edi. Lekin Navoiygacha bo‘lgan va undan keyin yaratilgan xalq og‘zaki ijodi – barmoq vaznida. Mumtoz adabiyotimizda barmoqda yozilgan she’r deyarli uchramaydi. Lekin aruz murakkab, bo‘ronli davrning goh shiddatkor, goh bo‘g‘iq nafasini keng ommaga yetkazishda uncha qulay emas edi. Shuning uchun ham Avloniy muhim ijtimoiy masalalardan bahs ochuvchi ko‘pgina she’rlarini barmoqda yozdi. Barmoqni xalq og‘zaki ijodidan yozma adabiyotga olib o‘tdi.

Avloniyning barmoqdagi ilk she’rlari xalq qo‘shiqlariga moslab yozildi.

Masalan, «To‘y haqida» she’ri «Reza» kuyida:

Otma mani toshlar bilan, yor-yor, yor-o‘v,
Uchub ketay qushlar bilan, yor-yor, yor-o‘v1

deb boshlanadigan xalq ashulasi yo‘lida yozilgan va hokazo.

Bu qo‘shiqlar shoir tashkil qilgan «Turon» («Turkiston») truppasi ishtirokchilari ijrosida goh spektakllarga singdirib yuborilar, goh antraktlarda ijro etilar, goh milliy kontsert dasturlariga qistirilar edi.

  1. Poetik janrlarning yangilanishi.

Adabiyot shu yillarda xalq hayoti bilan yanada yaqinlashdi, yanada xalqchil, ommabop bo‘ldi. Adiblar yangi janrlar, shakllarda o‘z kuchlarini sinashga shaylandilar. Ko‘hna an’anaviy shakllar yangi xususiyatlar orttirdi. Avloniyning «Oila munozarasi», «Shoir ila to‘ti» kabi bir qator she’rlari munozara xarakterida yozilgan. Masalan, «Shoir ila to‘ti» she’rini olaylik. She’r shoir bilan to‘ti o‘rtasidagi dialogdan iborat. Asarning mazmuni quyidagicha: shoir jahongashta to‘tidan dunyoda bo‘layottan o‘zgarishlar, boshqa mamlakatlar, elatlarning ahvoli haqida so‘raydi. To‘ti Turkiston xalqi hali ham g‘aflatda ekanligini, ilm, madaniyat egallash uchun, hayotda o‘zining haqiqiy o‘rnini topish uchun qo‘zg‘almaganini aytib, «shoiri shirin suxan»ga «nadomat» aytadi.

  1. Poetik obrazlarning yangilanishi.

Klassik adabiyotimizda ming yillardan beri ishlanib kelgan gul, bulbul, yor, ag‘yor, may, charx (dunyo) kabi obrazlar bu davr adabiyotida, jumladan, Avloniy ijodida boshqacha ohang, boshqacha mazmun kasb etdi. Masalan, u gulni shunday «ta’rif»laydi:

Xor alindan bag‘ri qon o‘lmish, bo‘yanmish qona gul,
G‘uncha bag‘rin chok etub, afg‘on qilur afsona gul…

Yuzdagi xoli emas, zolim tikonning yorasi,
Kecha-kunduz zaxmi g‘am birlan butun o‘rtona gul…

Subhidamda yuzlarindan mavj uran shabnam emas,
Xor zulmindan to‘kar ko‘z yoshini durdona gul…

Gar sabo tebratsa gulni, xush isi nevchun chiqar,
Bag‘riga botgan tikanlardan kelur afg‘ona gul.

Naylasun bechora gul botmish vujudiga tikan,
Zaxmiga marham uchun yafrog‘iga chulg‘ona gul.

Dildagi qayg‘ularin ko‘rganmusiz, chun za’faron,
Chok etub g‘urbat yaqosin ko‘rsatur insona gul…

(«Ta’rifi gul»)

Bu yerdagi gul an’anaviy ma’shuqa emas. Subhidamda yuziga qo‘ngan shabnam (ko‘z yoshi) qat-qat alvon yaproqlar (bag‘ri qon bo‘lishi) oshiq iztiroblarini ifoda etmaydi. Bu yerda gap muhabbat haqida emas: gul g‘urbat va mashaqqatdan za’faron bo‘lgan yuragini chok etib insonga ko‘rsatadi… Beixtiyor xor (tikan) mustamlakachi istibdodini, bag‘ri qon gul esa jafokash Turkistonni eslatadi.

«Hijroni bulbul», «Fig‘oni bulbul» she’rlaridagi bulbul ham aksariyat hollarda gul (ma’shuqa) ishqida yonib o‘rtanayotgan oshiq emas. U ko‘p o‘rinlarda mazlum Turkistonga karata: «Uyg‘on!» – deb, bong urayotgan lirik qahramon – shoir obrazini ifodalaydi.

Qo‘nub gul shoxiga bulbul, der: «Ey insonlar, insonlar!
Qilursiz tobakay g‘ofil yotib afg‘onlar, insonlar».

(«Sadoyi bulbul»)

Jahon bog‘ini gulzorinda faryod etdi bir bulbul,
O‘turdi nag‘mazorinda gulin yod etdi bir bulbul.

Ko‘rub gul yafrog‘ini hajridan dod etdi bir bulbul,
Visoli yor uchun yuz navha inshod etdi bir bulbul…

(«Fig‘oni bulbul»)

«Hijroni bulbul» she’ri bu o‘rinda juda diqqatga sazovor. She’rning mazmuni quyidagicha: bulbul – shoir guli – millati hajrida kechayu kunduz figon chekadi. Butun umrini unga bag‘ishlaydi. Lekin bulbul gulzorda bog‘bon qo‘liga tushib, qafasga tashlanadi. U endi qafasda «Gul!» deb, faryod qiladi. Zolim «qafas» unga ozor beradi. Taajjub! Uning «faryod»ini hech kim tinglamaydi, hech kim unga «rahm» qilmaydi. «Gul» hajrida uning yo‘ddoshi faqatgina «g‘am» bo‘lib qoladi…

Keyingi parchada gul obrazi ham bor. Bulbul gulini yod etyapti. U uchun iztirob chekyapti. Qafas — zamon. Millatning «kar»ligi, e’tibor qilmasligi milliyat tuyg‘usining so‘nganligidandir.

Kecha-kunduz qafasda, oh gul, deb aylayur faryod,
Omon bermas ango zolim qafas ozor o‘lur bulbul.

Taajjub rahm qilmas yetmayur faryodina hech kim,
Bu Hijronlig‘da doim g‘am bilan g‘amxor o‘lur bulbul.

Shu tariqa, Avloniy gul va bulbul obrazlariga faqat yangi ma’no yuklabgina qolmay bu obrazlarni davom ettiradi. Darvoqe, Avloniy she’rlarida yor obrazi — ilm, ma’rifat, taraqqiyot, xalq tushunchalarini, ag‘yor — nodonlik, jaholat, zulm, istibdod ahli ma’nolarini ifodalaydi va hokazo. Bu obrazlarning aksa-riyati o‘zlarining ilgarigi ma’nolaridan butunlay uzoqlashgan va zamon talabiga mos yangi mazmun, o‘zga ohang kasb etganlar.

  1. She’rlarning sarlavhalanishi.

Avloniy har bir she’rga sarlavha qo‘yadi. Bu undagi kayfiyat va mazmunni ifodalashidan tashqari shoir lirikasining umumiy yo‘nalishini belgilaydy. Mana, ularning ayrimlariga e’tibor qilaylik: «Ey, jaholat nori birla yondi jismi po-kimiz», «Haqiqat o‘lsun bu xayol», «Oqma, ko‘z yoshim», «Kerakmu yo kerakmasmu?», «Oh, bag‘ri qonim», «Falak bizni nelar qildi?», «Guftori g‘am», «Jigarso‘z», «Dunyo fojiasindan», «Hasratlik hollarimiz», «Girdobi g‘amdin bir po‘rtana», «G‘alat», «Istiqbolimiz uchun bir jigarso‘z», «Istiqboldan orzularim» va hokazo.

Avloniy umuman so‘zga katta e’tibor beradi. Uning mo‘jizaviy kuchini yaxshi biladi. Darhaqiqat, zamona hammani uyg‘otadigan, barchani larzaga solib, olg‘a undaydigan so‘zlarni ko‘proq talab etar edi.

  1. An’anaviy «hamd» va «na’t»lar mazmunining o‘zgarishi.

«Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to‘plami juzlari ham udum bo‘yicha Olloh madhi («hamd») va payg‘ambarimiz sifatlari vasfi («na’t») bilan boshlanadi. Biroq ularning barchasi oxir-oqibat millat g‘amiga kelib bog‘lanadi. Shoir Ollohga iltijo qilar ekan, millatning tanazzulidan «nifoq, bug‘z, xurofot»dan dod soladi, Rasuli akram ruhidan madad tilaydi.

Abdulla Avloniy tatar, ozarboyjon qardoshlari bilan yaqindan aloqa bog‘ladi. Ulardan ko‘p narsa o‘rgandi, o‘rgatdi. Bu o‘zaro hamkorlik uning ijodi va faoliyatida yorqin izlar qoldirdi. Shoir mashhur ozarboyjon kuychisi Muhammad Hodidan ilhom olib, unga naziralar bitdi. Goho bu ta’sir, tamoman ergashish, g‘oya va obrazgina emas, ifoda vositalari izmida ham qolish da-rajasigacha yetib boradi.

Avloniy she’rlari orasida yengil mutoyiba bilan yozilganlari ham uchraydi. Muqimiy davrida bu xil she’rlar yozish juda keng tus olgan edi. Avloniy mazkur an’anani davom ettiradi. («To‘y haqida latifago‘yga», «Ko‘knori va qimorboz», «Qimorbozni(ng) qimorbozga nasihati».)

Avloniyning 10-yillarda yozgan «Pinak» (1915), «Advokatlik osonmi?!» (1916) dramatik asarlarida she’riyatdagi g‘oya va fikrlar davom etdi. Jaholat va zulmatga botgan Turkistonning chirkin manzaralari kulgili lavhalarda sahnada namoyish qilindi. Chunonchi, «Pinak»da g‘ayrat va shijoatlari bilan dunyoni larzaga solgan, kunchikdrdan kunbotishgacha yurt so‘ragan buyuk bobolarning zalolatga botgan avlodlari ko‘knori va qimorbozlar hayoti orqali fosh etiladi. «Advokatlik osonmi?!» ning mazmuni quyidagicha: Davronbek Rusiyada yetgi yil o‘qiydi va Turkistonga advokat bo‘lib kaytadi. Lekin shu o‘tgan vaqt ichida Turkiston turmushida biror o‘zgarish bo‘lmapti. Xalq hali ham ilmu ma’rifatdan yiroq. Fuqarolik qoidalari, davlat qonunlari, huquqiy tartiblardan bexabar. Shu sababli ular baxtsizdirlar. Davronbek shunday o‘ylaydi va qo‘lidan kelgancha ularga yordam bermoqchi bo‘ladi.

Masalan, Xudoyberdi chol bilimsizligi, oldi-sotdining tar-tib-qoidalaridan bexabarligi oqibatida «chuv tushadi». Ma’lum muddatda qaytaraman, deb tilxat berib olgan pulni «beparvolik qilib» qaytarmaydi. Bundan foydalangan boy tezlik bilan uning yerini o‘ziga xatlab olish chorasini ko‘radi.

Baxtsiz Mehrinisa xola o‘n besh yildan beri qimorboz eri qo‘lida «o‘tga yoqilib, toshga chaqiladi». Xullas, hammayoq g‘urbat.

Adibning «Biz va Siz» asari, nomlanishidan ko‘ringanidek, turmushga ikki xil yondoshishni ifoda etadi. Unda jaholat mavzui bilan yonma-yon muhabbat ham beriladi. Asar markazida Yevropada o‘n yil o‘qib «yangi hayot», «yangi turmush» haqidagi jo‘shqin orzular bilan qaytgan Kamolning taqdiri turadi. U «churub, biljirab ketgon» «eski turmush»ni «tuzatmoq»chi. Uning butun fikri-zikri shu bilan band. U o‘qimishli Maryamni sevadi. Uning sevgisi ham, aytish mumkinki, g‘oyaviy-ma’naviy yaqinlik asosiga kurilgan. Biroq «eski turmush» kuchlari ustun keladi. Kamol va Maryam halok bo‘ladilar. Avloniy juda muhim bir masalani, insonning baxti va turmushini asar markaziga qo‘yadi va jildiy ijtimoiy ziddiyatni keskin vaziyatlarda ochib berishga urinadi.

 

Inqilobdan umid qilib

Fevral inqilobidan so‘ng voqealar kizg‘in va shiddatli kechdi. 9 martda Munavvarqori «Sho‘royi islom» jamiyatini tuzdi.

Nizomiddin Xo‘jayev sotsial-demokratlar bilan yaqinlashdi. Ozarboyjondan Mehmed Amin Afandizoda kelib qo‘shilgach, «Turon» «Turk federalist» firqasiga aylanib bordi. Avloniyning Sovetlarga va ular orqali bolsheviklarga yaqinlashishi 1917 yilning iyuniga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 6 iyunda «Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi», 20 noyabrdan esa «Rusiyaning boshqa viloyat va guberniyalariga Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini ushlab qolish va Eski shahar oziq-ovqat komitetiga ma’lum qilish huquqi bilan nazorat etuvchi vakil» qilib tayinlandi.

Shundan bir hafta keyin Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e’lon qilindi. Yuragida Vatan va Millat tuyg‘usi qolgan har bir turkistonlik uni katta quvonch bilan kutib oldi. Unga bag‘ishlangan o‘nlab she’rlar paydo bo‘ldi. Avloniyning qalbidan qanday kechinmalar kechdi ekan? Afsuski, muxtoriyatning bolsheviklar tomonidan inqilobga xiyonat sifatida baholanib, qonga botirilishi va Avloniyning o‘sha paytlari uni botirishni amalga oshirgan Toshkent sovetida rasmiy xizmatda bo‘lganligi, adibning mazkur masalaga doir biror yozma qayd qoldirmaganligi bu borada aniq fikr yuritishga imkon bermaydi. Lekin Vatan istiqlolini har narsadan muqaddas tutgan Avloniyning Turkiston muxtoriyatini dildildan olqishlab, yo‘q qilinganida qayg‘urganiga shubha yo‘q.

Avloniy 1917 yilda o‘qituvchilik bilan shug‘ullanishga ham imkon topdi. Shoirning arxivida saqdangan pasportida uning shu yili 31 iyun va 3 avgust kunlari Qozonda «Bolgar» mehmonxonasida yashaganligi qayd qilingan. Iyunda nima munosabat bilan borgani noma’lum, lekin 1 avgustda Qozonda Butunrusiya musulmon o‘qituvchilarining 2-s’ezdi ochilgan va Avloniy unga vakil edi. Shoir 1917 yilda mahalliy muallimlar o‘rtasida siyosiy ishlar olib boruvchi «O‘qituvchilar soyuzi»ni tuzgan edi. 1918 yilda esa Kommunistik partiya safiga a’zo bo‘lib kirdi. O‘lka sovetiga saylandi. Toshkent partiya tashkiloti, shahar ijroiya komitetida mas’ul vazifalarda ishladi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasining 1918 yil sonlaridan birida bosilgan rasmiy xabardan Avloniyning o‘sha yili Eski shahar ijroiya komiteti raisi lavozimida ishlagani ma’lum bo‘ladi. 17-29 dekabrda bo‘lib o‘tgan Turkiston Kommunistik partiyasining 2-s’ezdi Avloniyni Markaziy Komitetta a’zo qilib sayladi. 1919 yilning aprelida Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetiga saylandi. «Ishtirokiyun» gazetasini yuzaga chiqaruvchi hammuharriri bo‘lib ishladi.

1919 yilning iyunida Avloniy RSFSR hukumatining topshirig‘i bilan Afg‘onistonga boradi. 1919 yilning 28 sentyabridan 1920 yilning 20 iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi. Afg‘on safari Avloniydagi bolsheviklar hukumatiga bo‘lgan

shubhani kuchaytirib yuboradi. O‘zlarini haqiqatchi deb jar solgan rus bolsheviklarining sobiq chor generallaridan mutlaqo qolishmasligiga amin bo‘ladi. «Oh, na insoniyat, na barobarlik, na sotsialistlik, na millat tafriqa qilmaydurg‘on internadio-nalistlar dunyo yuzinda topilarmukin? — yozadi «Afg‘on sayohati» xotiralarida.—Balki bordur, topilur, lekin vujudi anqoning tuxumidek kamyob ekanlig‘in Afg‘oniston safariga chiqg‘onda aniq bildim. Afg‘onistong‘a chiqg‘on besh hay’ati vakolaning ichida birgina musulmon man o‘ldig‘imdan har bir og‘ir mehnatlar, har bir kulfat va aziyatlar meni ustimg‘a yuklandi… o‘rtoq Brovin afg‘on tufrog‘iga o‘tgandan so‘ng o‘zini(ng) jenerol chor noil e’lon qilmish edi».

Avloniy 1920 yilda sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Afgonistondan chaqirib olinadi va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlanadi. U shu yillari «Kasabachilik haraka-ti» jurnalining muharriri, «Qizil bayroq» gazetasining tah-rir hay’ati a’zosi sifatida ish olib boradi.

1921 yildan maorif sohasiga o‘tadi. O‘sha yili Toshkentdagi o‘lka bilim yurtida, 1923 yilda Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924 yilda harbiy maktabda o‘qituvchilik qiladi.

1925—30 yillarda O‘rta Osiyo Kommunistik universiteti (SAKU), O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jaligi maktabida (SAVKSXSh) dars beradi. O‘rta Osiyo Davlat universiteti (SAGU) pedagogaka fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlaydi.

So‘nggi paytlargacha Avloniyning Oktyabrdan keyin yozgan va sovet matbuotida bosilgan o‘ntacha she’ri va bir nechta hikoya hamda maqolalari ma’lum edi, xolos. 60-yillarda uning o‘sha yillari yozilgan talay qo‘lyozma she’rlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Avloniyning shaxsiy arxivida «Po‘rtugaliya inqilobi» nomli bir dramatik asari bor. U adibning boshqa asarlaridan ajralib turadi. 5 parda 10 ko‘rinishli bu asarni muallif fojia (tragediya) deb atasa-da, mazmuniga ko‘ra u qahramonlik dramasiga yaqin. Ko‘lyozma muqovasiga «1921 yil 23 yanvarda yozildi» deb qo‘yilgan. 20-yillarda adabiyotimizda «jahon revolyudiyasi» degan gap keng tarqalgan payt edi. Shu jihatdan, buni ham shu yillarda yozilgan deb taxmin qilish mumkin.

Asar 20-yillarda sahnaga qo‘yilgan. 1924 yilda hatto nashrga tayyorlangan edi. Yuqoridagi sana shu munosabat bilan ko‘chirilgan payti bo‘lishi kerak.

Bir-ikki og‘iz gap dramaning mazmuni haqida.

1910 yilning 5 oktyabriga o‘tar kechasi Portugaliyada Angliyaning tazyiqidan, monarxiyaning zulmidan toqati toq bo‘lgan xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi. Unga respublikachilar bosh bo‘ladilar. Ularni armiya qismlari hamda harbiy-dengiz floti quchlari quvvatlab chiqadi. Lissabonda butun xalq oyoqqa turadi. Qirol Manuel qochib ketadi. Shohlik tugatilib, Portugaliya Respublika deb e’lon qilinadi. Vaqtli hukumat boshlig‘i qilib Broga tayinlanadi.

«Po‘rtugaliya inqilobi» dramasi zaminida mana shu konkret tarixiy voqea yotadi. Respublikachilar va shohparastlar o‘rtasidagi shiddatli kurash – asarning bosh konflikti. Asosiy personajlar Dolqoriyo, Broga, Garsio, Difrorolar tarixiy shaxslar bo‘lib, ular bir maqsad yo‘lida – Portugaliyada shohlikni tugatib, Respublika o‘rnatish uchun kurashadilar va g‘alaba qozonadilar. Asar inqilobchilarning «Marseleza» sadolari ostida sah-naga qizil bayroq ko‘tarib kelishi bilan tugaydi. Ko‘rinyaptiki, Portugaliyadagi siyosiy ozodlik va mustaqillik yo‘lida bo‘lgan qo‘zg‘olon bilan Turkistondagi qo‘zg‘olishlar o‘rtasida ma’lum mushtaraklik bor. Asar badiiy jihatdan ancha bo‘sh.

Avloniy qo‘lyozmalari orasida «Ikki sevgi» deb nomlangan tugallanmagan pesa bor. Ikki pardalik fojia shaklida mo‘ljallangan bu drama 1908 yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan yosh turklar in-qilobiga bag‘ishlangan. U yerda asar qahramoni Nozimbekning ikki muhabbati – hurriyat va yorga muhabbati haqida gap ketadi. Nozimbek – «Ittihod va taraqqiy»2 jamiyatining a’zosi. Kech tunda unga ertaga bo‘ladigan hal qiluvchi qo‘zg‘olon haqida xabar keladi. Shu payt xotini Xolidaxonim kirib qoladi. Hurriyatchilarning shaharda qilayotgan ishlaridan so‘z ochadi. Nozimbek ich-ichidan Xo-lidaxonimning xayrixohligidan mamnun bo‘lsa-da, ertangi qo‘zg‘o-lon haqidagi maktubni undan bekitadi. Uning xatarlik bu ishga aralashishini istamaydi. Biroq uni bu yo‘ldan qaytarolmasligiga ishonch hosil qilgach, maktubni ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Er-xotin farzandlar taqdiri haqida uzoq tortishadilar. Lekin ularning grajdanlik tuyg‘ulari hamma narsadan ustun keladi. Ular kurash va o‘limni afzal biladilar.

Ikkinchi pardada Nozimbekning jangda yarador bo‘lishi hikoya qilinadi. Voqea yarador Nozimbekning Xolidaxonim halokati haqidagi xabarni eshitgan joyda uziladi.

Asarda Xolidaxonim ancha faol tasvirlangan. Bu Nozimbekning «Aybi yo‘q, jonim! Hurriyat erlardan ko‘proq xotunlarga kerak ekanlig‘in bilganingdan so‘ylayursan» degan so‘zlari bilan dalillanganday bo‘ladi. U Nozimbekni adolat va ozodlik uchun kurashga undaydi. Masalan, unga qarata: «Hurriyat o‘rdusi Istan-buli muhosara qilmishlar. Siz na uchun beg‘am o‘turasiz? Oyo, bu g‘arib millatni(ng) asoratdan qutqarmoq sizning vazifa emas-mi?! Bu zolim istibdodparastlari yiqmoq uchun qahramon hurriyat o‘rdusiga qo‘maklashmoq lozim emasmi?! (3-bet),-deydi. Inqilobni har narsadan muqaddas biladi. Uni erlarning ishi deb o‘tirmaydi. Hatto, «agar hurriyat yo‘linda o‘lsam, banim uchun eng saodatlu o‘lumdir. Agarda birorta mustabidlardan o‘ldursam, o‘z vazifamni ado qilg‘on bo‘lurman» (4-bet), deb hisoblaydi.

Parcha shuni qo‘rsatadiki, Avloniy bu asarida personajlarning ruhiy dunyosiga alohida e’tibor bergan. Masalan, ular in-qilobni shunchaki bir qahramonlikka vosita deb tushunmaydilar. Nozimbek uning hayot-mamot masalasi ekanligini, uning har lahzasi tahlika va xatar bilan to‘la bo‘lib, qurbonsiz qo‘lga kirmayajagini yaxshi his qiladi:

Oh, bu hurriyat ehson istar,
Inqilob qayda kezar, qon istar.

Halqa-halqa sochina har kishini aylar asir,
Yuzini ruhina qo‘ymoqg‘a qizil qon istar.

Kimki ko‘rdi yuzini, toqat eta olmaydi,
K-ena vaslu diydorina qurbon istar.

O‘yla bir mahvashi diddor erur hurriyat,
Hajri-da, vaslida Hijron istar.

U hurriyatning mazmun-mohiyati, uni dushmanlardan himoya qilish, asrab-avaylash haqida ham o‘ylaydi. «Hurriyatni ko‘rmoq va qo‘lga olmoq oson bir shaydur. Lekin qo‘dda ushlab turmoq, bu makkor mahbubni ag‘yordan, dushmandan qo‘lda saqlamoq nihoyatda qiyindur» (1-bet).

1908 yildagi yosh turklar inqilobi g‘alaba bilan tugagan bo‘lsa-da, mamlakat va xalq qismatini yengillatish yo‘lida biror jildiy o‘zgarish yasay olmadi. Biroq bu hodisaning xalq milliy ongi taraqqiyotida izsiz ketmagani aniq, albatta.

Xo‘sh, Avloniyning mana shunday inqilobga murojaat qilishining sababi nimada?

Avvalo, shuni aytish kerakki, u yosh turklar inqilobining mazmun-mohiyatini anglab yetgan emas. Bu inqilob Turkiyada dastlabki paytlarda xalqning barcha qatlamlari tomonidan umum-xalq inqilobi sifatida kutib olingan va olqishlangan edi. Masalan, Tavfiq Fikrat «Millat sharqiyasi»ni yozib, uni:

Millat yo‘lidur, haq yo‘lidur tutdigimiz, yo‘l,
Ey haq, yasha! Ey sevgili millat, yasha, vor o‘l! –

deb kuyladi. «Do‘g‘on gunasha», «Ferdo» she’rlarini yozdi. Deyarli hamma shoirlar va adiblar unga bag‘ishlab asarlar yozdilar. Uning benihoya tor, cheklangan, keng xalq manfaatlariga zid mohiyati so‘ngroq ayon bo‘ldi.

Turk adabiyotidan yaxshigina xabardor Avloniy o‘sha ilk taas-surotlar ta’sirida unga xayrixoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin bizningcha, «Ikki sevgi»ga qo‘l urilishida yosh turklar inqilobining mazmun-mohiyati u qadar muhim rol o‘ynagan emas. Avlo-niy uchun eng muhimi inqilobiy mavzu bo‘lgan. Ommani ijtimo-iy-siyosiy uyg‘otish, inqilobiy kayfiyatni tayyorlash, maslak va uning yo‘lidagi fidoyilik bo‘lgan. Ikkinchidan, til, urf-udum, e’tiqod va turmush tarzidagi yaqinlik mavzu va masalaning keng ommaga yetib borishini yengillashtirardi. Muallif shuni ham hisobga olgan. Bu ham Avloniyning yuqorida aytilgan, «maqsadimiz zohirda teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarini siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobga hozirlov edi», degan gaplariga yana bir dalil bo‘lib xizmat qiladi va uning in-qilobiy faoliyatiga mos tushadi.

Shoirning inqilobiy to‘ntarishlar davridagi faoliyati qanchalar tahlikali kechgan bo‘lsa, ijodi ham shu qadar murakkab, ziddiyatli bo‘ldi. U, bir tomondan inqilobga katta umid bilan qaradi, o‘z iste’dodini uning xizmatiga qo‘ydi. Ikkinchi tomondan, uning o‘zgarishlaridan qanoatlanmadi. To‘g‘rirog‘i, yurtning iqtisodiy talon qilinayotganligini, mahalliy xalqqa hech qanday huquq berilmaganligi, asriy tartib-udumlar, milliy an’a-nalar oyoqosti bo‘layotganini, dindiyonat yemirilayotganini ko‘rib iztirobga tushdi. Mana bu satrlarga razm solaylik:

Har soniyada o‘zga alam, o‘zga jafodur ko‘raman,
Har soat ichinda necha bing dard-alamdur ko‘raman.

Har kecha tilarsan o‘lajak, ertasi ravshan,
Ul kunduzi kechunda batar toza fanodur ko‘raman.

Har kun boshinga turfa balo toshi yog‘ilgay,
Har go‘shada bo‘lsang-da, quduratla qazodur ko‘raman.

Derlarki oying yar(i)si qaro, yarmisi ravshan,
O‘ttuz kuni ham bizga bukun qop-qarodur ko‘raman.

Derlarki qiyomat o‘lajaq jum’a kunida,
Bayram kunimiz mahshari vahm ro‘zi jazodur ko‘raman.

Hijron o‘tadur hasrat ila oyu yilimiz,
Har asr biza bir to‘da g‘am oh-navodur ko‘raman.

Inqilob baxt, farog‘at olib kelmog‘i, zulmning ildizi qir-qilib, adolat gullari barq urishi lozim edi-ku! Nega bunday bo‘ldi? Nahotki, «Inqilobni daholar tayyorlaydilar, mutaassiblar amalga oshiradilar, muttahamlar rohatini ko‘radilar» degan Bismark yana haq bo‘lib chiqsa?!

«Shonli inqilob»ning millatlar boshiga, birinchi navbat-da, rusning o‘ziga qancha ofat keltirganiga oid yangi-yangi huj-jatlar, materiallar chiqmoqda. Mashhur Dostoyevskiy bundan yuz yilcha oddin sotsializm degan g‘oya yuz million rusning boshiga yetishi mumkinligini aytgan ekan. Soljenidin bir intervyusida 1917 yyddan 1959 yilgacha bo‘lgan qatag‘onlar misolida buni hisoblab chiqarib bergan edi2.

Lekin «shonli inqilob» yillari uning fojiali oqibatlari juda kam kishining xayoliga keldi. Deyarli hamma inqilobning tantanavor ohanglariga mastu mustag‘riq edi, ixtiyorsiz u bilan baravar qadam tashlardi.

Avloniy ko‘plab sharqiya mashqlar ham yozdi. Sharqiyachilik in-qilob yillarida juda keng tus olgan. Sabablari ma’lum. Ommaga ruh berish lozim edi. Avloniy o‘sha yillari «Hurriyat marshi», «Qrzil tayoqchilar marshi», «Tolibi ilm marshi» kabi bir necha marshlar yarattan. Shoir «Hurriyat marshi» she’rida Turkistonni hurriyat bilan tabrik etadi, uni «Hur bo‘lib yashashga», «bir bo‘lib yashash»ga undaydi:

Hur bo‘lib yasha, bir bo‘lib yasha!
Hamla javobni emdi sen tasha!

Shonli hurriyat – Turkistonniki,
Shonli Turkiston – ishlagonniki!

Barcha ishchilar hurriyat – sizing,
Jahlu zulmdan barchangiz bezing!

Shonli hurriyat – Turkistonniki,
Shonli Turkiston – ishlagonniki!

Ushbu «Hurriyat»ning «shonli» emasligi va Turkistonniki bo‘lmaganligi unga hali ma’lum emas.

Bu sharqiyalar, jumladan, «Hurriyat marshi» uning zamondoshlarida katta taassurot qoldirgan. Masalan, Sadriddin Ayniy she’rdan g‘oyat ta’sirlangan va o‘zining mashhur «Maktab marshi» («Ishtirokiyun» gazetasi, 1920 yil, 48-son) she’rini yozgan. Ayniy o‘z she’riga Hijronning «Hurriyat sharqiya»siga o‘xshatma deb izoh bergan.

Avloniy 17-yildan keyin yana 17 yil yashagan bo‘lsa-da, ijodda ham, faoliyatda ham inqilobdan ilgarigidek serharakat bo‘lgan emas. Hatto birorta ham adabiy-badiiy kitob yoxud to‘plami bosilmagani buni ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, «Nabil», «Indamas», «Shuhrat», «Tangriquli», «Surayyo», «Chol», «Ab», «Chegaboy», «Abdulhaq» kabi imzolar bilan gazeta-jurnallar-da, ayniqsa, «Mushtum»da ko‘plab hajviy she’rlar, kulgi hikoyalar bostirib turdi. Lekin katta, jildiy ishlar qilmadi. Ammo she’rlarida qochiriqlar, taggaplar ko‘payib bordi. Masalan, «Mushtum»ning 1923 yil 15-sonida bosilgan «Bir munofiq tilidan» she’rida bu yaqqol ko‘rinadi. Muallif she’rda bir kishini emas, butun ziyolini buqalamunga aylantirib qo‘ygan inqilobni, sho‘ro hukumatini nishonga oladi.

Abdulla Avloniy Oktyabrdan keyin bir oz kamnamo bo‘lgandek ko‘rinsa-da, adabiyotdan chiqib ketmadi. Uning 20-yillardagi adabiy harakatchilikda, yosh qalam ahllarini voyaga yetka-zishda, ularga ijod sirlarini o‘rgatishda faol yshtirok etgani ko‘pchilikka ma’lum. Adabiyotga o‘sha yillari kirib kelgan atoqli shoirimiz Mirtemir «Yosh leninchi» gazetasi qoshidagi mashg‘ulotlarda Abdulla Avloniy tez-tez ishtirok etib turganini xotirlagan edi.

Adib iste’dodli yosh hamkasabalariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. «She’rida zo‘r mahorat ko‘rsatgan» Hamid Olimjon, «iqgidorli shoir ham yozuvchi» G‘afur G‘ulom, «taniqli shoir» Uyg‘un haqida matbuotda fikrlar bildirdi.

Fors, rus, ozarboyjon, arab tillarini durustgina bvdran, Sharq va G‘arb madaniyati klassiklari bilan yaxshigina tanysh Avloniy 20-yillarda samarali ilmiy ishlar ham olib bordi. 1930 yilda SAGU pedagogika fakultetining til bilimi kafedrasi bo‘yicha professor, so‘ng mudir bo‘lib tasdiqlangani bejiz emas. Ilmiy xodimlar sekdiyasida, O‘zdavnashrda, Respublika terminologiya komitetida, Davlat ilmiy sovetida mas’ul vazifalarda ishladi.

1933 yil VII sinf uchun xrestomatiya tuzib, nashr ettirdi. Unga 20-30-yillardagi o‘nlab o‘zbek adiblari hamda rus, Yevropa adabiyotining qator vakillari haqida biografik ma’lumotlar kiritilgan, ularning mashhur asarlaridan namunalar berilgan edi.

1934 yil 25 avgustda vafot etdi.