Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat – milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida o‘zidan boy ma’naviy meros qoldirdi. Faqat bugina emas. U birinchi o‘zbek jurnalisti ham edi. «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida chop etilgan adabiy va siyosiy-publitsistik maqolalari ko‘p jihatdan bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan edi. Uning bu borada ko‘plab shogirdlar yetishtirganligi manbalarda qayd etilgan. Tabib sifatida shuhrati yanada yuksak bo‘lganligi ma’lum. «Zubdatul-hukamo» unvonining sohibi bo‘lganligiyoq uning bu boradagi kamoloti nechog‘lik ekanligiga dalil. U sayyoh sifatida Turkiya, Bulg‘oriya, Yunoniston, arab mamlakatlari, shuningdek, Hindiston va Xitoyda bo‘ldi. Safar taassurotlari, o‘sha davr kishilarining ma’naviy olami, turli davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqkiyot darajasi to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Furqat qomusiy olim va ijodkor sifatida milliy ma’naviyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Furqat ijodini o‘rganish tarixidan
Dastlab shoir asarlarining nashrlari to‘g‘risida. Ularning chop etilishi va ommalashtirilishida filologiya fanlari doktori Xolid Rasulning xizmatlari katta bo‘ldi. U Furqat «Tanlangan asarlari»ni jami yetti marta (1940, 1951, 1958, 1959, 1975, 1980, 1990 yillarda) nashr ettirdi. Bular ichida, Furqat «Asarlar majmuasi»ning turli manbalar asosida tayyorlanib, arab yozuvida chop etilgan ikki jildlik faksimile nashri, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega. Mazkur nashr shoirning shu paytgacha e’lon qilingan «Tanlangan asarlar»iga nisbatan ancha mukammal ekanligi bilan ajralib turadi. Shunga qaramay, shoir asarlarini qo‘lyozma manbalari bilan qiyoslash natijalari bu to‘plamning ham ayrim kamchiliklardan xoli emasligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, to‘plamga shoirning ba’zi e’tiborli asarlari kirmay qolganligi, kirganlarining ham ayrimlari matn jihatidan nuqsonli ekanligi ushbu fikrni quvvatlaydi.
Professor G‘. Karimov va adabiyotshunos N. Hotamovlar ham shoir asarlarini bir necha marta (1959, 1973 yillarda) chop ettirdilar. Bundan tashqari, Furqat «Tanlangan asarlar»i rus (1958, 1962, 1972 yillarda), xitoy (1989) va uyg‘ur (1989) tillarida ham qayta-qayta nashr qilingan.
Shoir asarlarini o‘rganish uning hayot paytidanoq boshlangan. «Turkiston viloyatining gazeti» o‘zining o‘n uch sonida shoir tarjimai holini e’lon qilganligi ham buni tasdiqlaydi. Furqat xorijda ekan, 1896 yili rus missioneri N. P. Ostroumovning «Sartы» asarida uning «Toshkent shahrida bo‘lgon nag‘ma bazmi xususida», «Bal xususida» manzumalari xamda «Ahvolot» asari rus tiliga so‘zma-so‘z tarjimasi bilan bosilib chiqadi.
1894 yili Sankt-Peterburgda Rusiya Arxeologiya jamiyati Sharq bo‘limi Axboroti VIII jildida Furqatning «Muxammas Muhammad Xudoyorxon tilidan» asari to‘la holda ruscha tarjimasi va izohlar bilan e’lon qilinadi. Mazkur «Axborot»ning 1909 yilgi 12-sonida shoirning «Sabog‘a xitob» asarining dastxat nusxasi haqida A.N. Samoylovich axboroti, she’riy maktubning boshlanishi va oxiri, unga muallif tomonidan yozilgan kirish so‘z va so‘ngso‘z chop etiladi.
Jadidlar shoir hayoti va ijodiga alohida qiziqish bilan qaraganlar. Ismoilbek Gasprali tomonidan nashr etilgan «Tarjimon» gazetasining 1896 yil 18 avgust 32-sonida bu paytda xorijda yashayotgan shoir Furqat va uning jurnalistik faoliyati to‘g‘risida xabar-maqola e’lon qilingan. Xabar-maqola Furqat va jadidchilik masalalarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
XX asr boshida Orenburgda nashr etilgan «Sho‘ro» jurnali va uning Turkiston jadidchilik harakatida tutgan mavqei mutaxassislarga ayon. Mazkur jurnalning 1909 yil 1-sonidayoq Furqatning «Muxammas Muhammad Xudoyorxon tilidan» asari to‘la holda e’lon qilinishi shoir ijodiyotiga jadidlarning katta qiziqish bilan qaraganligini ko‘rsatuvchi yana bir muhim dalildir.
Lekin Furqat ijodiyotiga munosabat har doim ham bir xil kechdi, hamisha u yaxshi so‘zlar bilan e’tirof etildi, deyish qiyin. Ziyo Said «O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar» nomli tadqiqotida «qora davr» haqida to‘xtaladi, ««Turkiston viloyatining gazeti»… yozishuvchilari boshda gubernatur idorasida xiz-mat qilg‘uvchi eski mirzalar» bo‘lganligini ta’kidlab, «keyinroq shoir Furqatning uzundan-uzun she’rlari ko‘rina boshlagan»idan yozg‘iradiki, bu sho‘ro siyosatining talabi edi.
Miyon Buzruk Solihovning 1935 yili nashr etilgan «O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar» asarida ham shoir merosiga nisbatan xuddi shunday munosabat kuzatiladi. U ushbu kitobida «… rus teatrusining yerlilar orasida havas va qiziqish tug‘dirgani» to‘g‘risida yozib, Toshkentda «Suvorov» nomli pesa tomoshaga qo‘yilgani va «… tamoshochilar orasida mashhur shoir Furqat ham bo‘lgan»ligini ta’kidlaydi. Suvorov haqidagi manzumaning 44 baytini keltirib, «Furqatda teatru hayotiga havas va berilish ochiq sezilib turishi»ni qayd etadi. Uning «yurt kattalari» — burjuaziya elementlarining zavqlariga ko‘ra she’rlar yozish bilan tanilgan va ularning yordamlari bilan kun ko‘rib yurgan shoir» bo‘lganligidan sho‘ro o‘quvchilarini «ogohlantiradi».
Shunga qaramay mazkur tadqiqotda ba’zi muhim fikrlar ham mavjud. Jumladan, unda Furqatning o‘z she’rlarini yig‘ib, devon tuzganligi haqida ma’lumot berilgan.
1954 yili Xolid Rasulning «Zokirjon Furqat ijodi», «Furqat — ma’rifatparvar, demokrat shoir» nomli kitoblari nashr etildi. Ular shoir ijodini monografik o‘rganishning dastlabki namunalari edi. Olim 1959 yili bu mavzuga yana qo‘l urdi. Uning «Furqat» tanqidiybiografik ocherki e’lon qilindi. Shu yili H.Vohidovning «Furqat – ma’rifatparvar shoir» risolasi bosilib chiqdi.
Furqatning 100 yilligi munosabati bilan nashr etilgan «Furqat va Muqimiy haqida maqolalar» (1958) hamda «Zokirjon Furqat» (1959) nomli ikki maqolalar to‘plami shoir hayoti va ijodini o‘rganishda alohida o‘rin tutadi. Har ikki to‘plamdagi materiallar Furqat ijodining hali tadqiqotchilar e’tibori yetarli qaratilmagan jihatlariga bag‘ishlanganligi, ko‘p hollarda muhim masalalar o‘rtaga qo‘yilib, puxta hal etilganligi, muhim ilmiy-nazariy xulosalar chiqarilganligi bilan e’tiborga molik. G‘. Karimovning 1960 yili «Sharqyulduzi» jurnalida e’lon qilingan «Furqat hayoti va ijodiga doir ba’zi materiallar» maqolasida o‘sha paytda Qozog‘iston Markaziy Davlat arxivida saqlangan, keyinchalik Toshkentga, O‘zbekiston Markaziy Davlat arxiviga ko‘chirilgan muhim manba — N. P. Ostroumov shaxsiy fondidan aniqlangan Furqatning xorijdan yo‘llagan 18 dastxat maktubi, 4 ilmiy-etnografik asari haqida ma’lumot beriladi. Ularni o‘rganishning shoir hayoti va ijodini tadqiq etishdagi ahamiyati to‘g‘risida ilmiy xulosalar chiqariladi. G‘. Karimovning mazkur tadqiqoti, ayniqsa, shoirning chet ellardagi hayoti hamda qizgan ijodiy faoliyatini o‘rganishda yangi sahifa ochdi.
E. Karimovning rus tilidagi «O‘zbek adabiyotida realizmning rivojlanishi» (1975), «O‘zbek demokratik adabiyoti realizmi» (1986) nomli tadqiqotlarida ham Furqat ijodiga oid e’tiborli mulohazalar bayon qilindi. Tadqiqotda ayrim munozarali jihatlar ham mavjud ediki, ular o‘z vaqtida mutaxassislar tomonidan qo‘rsatib o‘tilgan.
A. Abdug‘afurovning «Zokirjon Furqat» (1977) kitobi shoir hayoti va ijodi tadqiqiga bag‘ishlangan birinchi yirik monografiya. Unda shoir hayoti va ijodi furqatshunoslikning o‘sha davrdagi mavjud yutuqlarini mujassamlashtirgan hodda ancha mufassal tadqiq etildi.
A. Qayumovning «Shoir Furqat» («Sharq yulduzi», 1986, 4-5, 1989, 5-6-sonlar) asari shoir merosini ommalashtirish jihatidan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, deyish mumkin. Asarda shoirning bir qancha asarlari birinchi marta ilmiy istifodaga olib kirildi. Ayrimlari yangicha talqin etildi.
1984 yili Sh. Yusupovning «Furqat yo‘llarida» monografiyasi e’lon qilindi. Monografiyada Furqatning chet elga ketish va qolib ketish sabablari, shoirning vatanjudoliqda kechgan og‘ir hayoti to‘g‘risida arxiv hujjatlari hamda ishonchli manbalar asosida e’tiborli mulohazalar bayon qilindi. Tadqiqotning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, olim mazkur masalalar yuzasidan ilgarigi ilmiy ishlarda bildirilgan fikrlar bilan munozaraga kirishadi va o‘z qarashlariga ishonarli dalillar keltiradi. Shoirga nisbat berib kelingan bir qancha she’rlarning, jumladan, Sharifxo‘ja qozi va Sayidazimboyni tanqid qilgan deb kelingan hajviyalarning unga mutlaqo aloqasiz ekanligini rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbot etadi. Shoirning chor hukumati yuqori doiralarini madh etgan deb qaralgan asarlarini yangicha talqin qilib, ularning zohiriga emas, tagmatniga e’tibor qaratish zarurligi haqidagi muhim ilmiy xulosani o‘rtaga tashlaydi.
Olim 1990 yili «Furqat va o‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyotining yangi bosqichi» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dissertatsiyada mazkur mulohazalarini yanada yangi dalillar, umumlashma ilmiy xulosalar bilan boyitdi. Arxiv hujjatlari va ishonchli manbalarga tayanish, ilmiy xulosalarning tamomila yangi ekanligi, yangicha talqin va tahlillar – Sh. Yusupov tadqiqotlarining yutug‘ini ta’minlagan muhim omillar shulardan iborat.
Sho‘ro davrida yaratilgan bir qancha ijtimoiy-falsafiy yo‘nalishdagi tadqiqotlarda ham Furqat hayoti va faoliyati, falsafiy qarashlari haqida qimmatli ilmiy mulohazalar bildirildi. I.Mo‘minovning «O‘zbekiston ijtimoiy-falsafiy tafakkuri tarixidan» (1960), H. Vohidovning rus tilida chop etilgan «Turkistonda ma’rifatparvarlik g‘oyasi» (1979) asarlari, V.Zohidov, M.Xayrullayevlarning tadqiqiy maqolalari shular jumlasidandir.
Shuningdek, universitetlar va pedagogika institutlari filologiya fakultetlari uchun «O‘zbek adabiyoti tarixi» darsligi va O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti olimlari tomonidan tayyorlangan «O‘zbek adabiyoti tarixi» (1980) ko‘p jildligining V jildida shoir hayoti va ijodi furqatshunoslikning o‘sha paytdagi eng so‘nggi yutuqlari asosida tadqiq etildi.
Istiqlolgacha bo‘lgan davrda mazkur doktorlik dissertatsiyasidan tashqari, Furqat hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan uch nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi.
Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tuzum qanday bo‘lishidan qati nazar, Furqat hayoti va ijodini ilmiy o‘rganish, ommalashtirish borasida muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Lekin sho‘ro davridagi tadqiqotlarning qariyb barchasi uchun umumiy bo‘lgan, yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan va asl mohiyatga ko‘pda muvofiq kelavermaydigan bir xususiyat: deyarli har bir she’r, har bir asar talqinida kommunistik mafkura talablari asosidagi yondashuvning, shoirni o‘zi yashab turgan tuzumdan norozi, jabrdiyda qilib qo‘rsatishga, uni sun’iy ravishda dinga, dindorlarga qarshi qo‘yishga uri-nishning ochiq sezilib turishidir.
Milliy istiqlol tufayli milliy adabiyotshunosligimizning tarkibiy qismi bo‘lgan furqatshunoslik ham mafkuraviy tazyiqlar ta’siridan xalos bo‘ldi. Natijada, shoir hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganishda salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bu yutuqlarning asosiy qismini sho‘rolar zamonida ba-jarilishi mumkin bo‘lmagan ishlar tashkil etishi, kommunistik mafkura tomonidan man etilgan mavzularning tadqiq qilinganligi hisobga olinsa, ularning ahamiyati yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Mustaqillik davri furqatshunosligida haqqoniy yoritilgan mavzulardan biri Furqatning Rusiya istibdodiga munosabati masalasi bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar shoirning mustamlaka siyosatiga murosasiz munosabatda bo‘lganligini, bu siyosatning asl maqsad-muddaosini, fojeiy oqibatlarini o‘z asarlari vositasida ayovsiz fosh etganligini isbotladi.
Milliy istiqlol davri furqatshunosligida shoir ijodining mutlaqo o‘rganilmay kelgan yangi qirrasi – diniy-ma’rifiy va so‘fiyona mavzudagi asarlarini e’lon qilish, ommalashtirish va tadqiq etish borasida ham e’tiborga molik ilmiy izlanishlar (A. Madaminov, N. Jabborov, I. Haqqulov ishlari) amalga oshirildi. Natijada, Furqat ijodida diniy-tasavvufiy mavzu sho‘ro zamonidagi ayrim tadqiqotlarda ta’kidlanganidek o‘tkinchi, «… uning uchun tipik bo‘lmagan kayfiyatlarni aks ettiruvchi» emas, aksincha, asosiy yo‘nalishlardan ekanligi ilmiy jihatdan asoslandi.
Sho‘rolar zamonida boshka shoirlar kabi Furqat asarlarini nashr etishda ham kommunistik mafkura talablaridan kelib chiqildi. Unint aksariyat asarlari nojoiz kisqartirishlar bilan uzuq-yuluq hodda chop etildi. Mavjud nashrlarni qo‘lyozma manbalar bilan qiyoslash natijalari ularning bugungi talablar darajasida emasligini ko‘rsatmoqda. Faqat milliy istiqlol sharofati bilangina bu haqda ochiqcha fikr yuritish, bu asarlarni to‘la e’lon qilish, ommalashtirish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Natijada shoirning shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan juda ko‘p asarlari, ularning dastxat nusxalari aniqlandi va bu haqda tadqiqotlar e’lon qilindi.
Xorijlik tadqiqotchilar ham Furqat shaxsi va adabiy merosiga qiziqish bilan qaragan. Sharq va G‘arbda, yaqin va olis xorijiy mamlakatlarda Furqat hayoti va ijodiga oid tadqiqotlar yaratilgan. Amerikada Kolumbiya universiteti professori E. Ollvort, Turkiyada boshqird olimi, jadidchilik harakati yetakchilaridan Ahmad Zaki Validiy, Majoristonda Ya. Ekkman, Sharqiy Turkistonda Ne’matullo Ubaydullo hoji, Qodir Akbar, Arshildin Totliq kabi olimlar shoir hayoti va ijodini tadqiq etish borasida diqqatga sazovor ishlarni amalga oshirdilar.
Milliy istiqlolga erishilganidan keyin o‘tgan davr davomida zikr etilgan tadqiqotlardan tashqari, Sh.Yusupovning «O‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti va Furqat» nomli uslubiy qo‘llanmasi nashr etildi. N.Jabborovning «Furqat asarlarining qo‘lyozma manbalari» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. Shoirning vaqtli matbuotda ishtiroki masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot yuzaga keldi. Sh.Rizayevning «Jadid dramasi» asarida Furqat birinchi o‘zbek teatr tanqidchisi – san’atshunos sifatida talqin etildi.
Ushbu dalillarning o‘ziyoq Furqat hayoti va ijodini tadqiq etish milliy istiqloldan keyin tamomila yangi bosqichga ko‘tarilganligini, uni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Tarjimai holi
Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat 1859 yili Qo‘qon shahrida tug‘ildi. Uning o‘zi «Ahvolot»da bu haqda «Xo‘qandi latifkim, bandag‘a mavlid va mansha’dur» deya ta’kidlaydi. Furqatning otasi – Xolmuhammad zamonasining o‘qimishli, ziyoli kishilaridan bo‘lgan. Ota-onasi maslahatlashib, 7 yoshida Zokirjonni Muhammad Olim ismli maktabdorga shogirdlikka beradilar. Shoir bu haqda «Ahvolot»da shunday yozadi: «Nuxustin o‘n besh-yigirma adad mayda surani sabaq olib hifz qilib, andin taxtaga tushtum… taxta hijosidin chiqib «Haftiyaki sharif» surasig‘a tushtum. Olti oy muddati ichida «Haftiyak»ni o‘qib tamom qildim. Ba’daz Qur’oni sharif o‘qumoqqa mutarassid o‘ldum».
Furqat Qur’oni karim xatmidan so‘ng «Chor kitob» mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lganligi, «… ertadin qiyomg‘acha kitob o‘qub, andin namozi asrg‘a tegru mashqixat» qilganligini yozadi. 8 yoshida u «Mantiqut-tayr»ni o‘qiydi. O‘z ta’biri bilan aytganda «… olti oy bolupar urub, qushlar hikoyatini xotima oshyonasig‘a qo‘nduradi». Hofiz va Bedil devonlari mutolaasidan ko‘p bahra topadi.
Furqat 9 yoshida Navoiy «Chor devon»ini o‘qishga kirishadi. «Chun umrim shohidi to‘qquz parda orqasidin chehra ko‘rguzdi, Amir Alisherning turkiy devonlarikim, Navoiy laqabdur, zabonim qushi ul xirmandin donachin o‘ldi» – deb yozadi u. Xuddi shu paytda Navoiyni tush ko‘radi. Undan she’r mashqiga oq fotiha oladi. Navoiyga uvaysiy shogird bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay, mazkur tush ta’biri haqiqatga muvofiq chiqadi. U she’r yoza boshlaydi. Bu paytda 9 yoshda bo‘lgan Zokirjon shunday yozadi: «Bir kun ul dabistonda tanho qolib kitobat qilur erdim. Noxostdin ko‘nglum sijjilig‘a bir mazmun jilvagustar o‘lub, fikrim bikridin bir bayt zoda o‘lundi. Filfavr tahrir nizomig‘a chektim, bu erdikim, bayt:
Mening maktab aro buldur murodim,
Xatimdek chiqsa imlo-u savodim.
Chun bu fardbaytni ustodim nazarig‘a yetkurdum, ko‘b istih-sonlar aylab, haqqimda duoi xayrlar qildi».
Furqat bolaligidanoq Sharq she’riyati darg‘alarining shoh asarlarini asliyatda mutolaa qildi. Dunyoqarashi va e’tiqodi shu asosda shakllandi. Jumladan, u 10 yoshida Fuzuliy g‘azaliyoti va So‘fi Olloyorning «Maslakul-muttaqiyn»i mutolaasidan bahramand bo‘ladi.
Shundan keyin «savodi takmili uchun» bir yilga yaqin «xalifalik maqomida» dars beradi. Mulla Qambarali ismli xushnavis kishidan xattotlik sirlarini o‘rganadi. Ashurmuhammad qoridan qiroat ilmi bo‘yicha ta’lim oladi. «Kalomulloh»ni «xat yuzidin qiroat aylab, xatm qiladi». O‘n ikki yoshida Podshohxo‘ja ismli mudarrisga shogird tushib, «Avvali hol — avvali ilm» risolasini o‘qiydi. Arab tili sarf va nahviga oid «Bidon», «Avomil», «Harakot», «Kofiya» kitoblaridan tahsil oladi. «Mav’izi Vazanjoniy» risolasini o‘qiydi. O‘n to‘rt yoshida «Sharhi Mulloi Jomiy» va «Risolai shamsiya» asarlari bo‘yicha ilmini yanada mukammallashtiradi. Muntazam ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Lekin zamon nosozliklari bois shoir tirikchilik bilan mashg‘ul bo‘lish majburiyatini sezadi. 1878 yili tog‘asining da’vati bilan uning yoniga, Yangi Marg‘ilonga borib, bir qancha muddat savdo ishlari bilan band bo‘ladi. Qo‘qon xonligidagi to‘s-to‘polonlar, toj-taxt talashlari tufayli uzilib qolgan madrasa tahsilini davom ettirishga harakat qiladi. Ijod bilan shug‘ullanadi. Olimlar, shoirlar shahri bo‘lgan Marg‘ilonda Furqat Hoji domla, Qarshiy domla kabi ma’rifatparvarlar bilan tanishadi, ilmiy suhbatlarda, she’riyat anjumanlarida faol qatnashadi. Bu yerda rus madaniyati, «Turkiston viloyatining gazeti» bilan ilk bor tanishadi.
U Yangi Marg‘ilonda oddiy insonlarga yordamda bo‘ladi. Shikoyat bilan kelgan kishilarga ariza yozib beradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Hatto xizmati uchun haq olmaydi.
Shundan keyin otasining da’vati bilan Ko‘qonga keladi. Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizg‘in ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ayni mana shu davrda «Chor darvesh»ni fors tilidan tarjima qiladi. «Hammomi xayol», «Nuh manzar» asarlarini yaratadi. Lirik she’rlar ijod etadi.
1886—87 yillarda Qo‘qondan yana Marg‘ilonga boradi va bu yerda Masjidi jome’dan hujra olib yashay boshlaydi. Ko‘p o‘gmay Muhammad Sharif degan savdogar do‘stining yordami bilan do‘kon ochadi. Xo‘jajon Rojiy (1834-1918), Umidiy-Havoiy (1835/36-1905/06), Mulla Toshboltu Roiq, Ishoqxon Ibrat (1862—1937) kabi shoirlar bilan do‘stlashadi.
1889—91 yillarda Toshkentda bo‘lishi uning taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Ushbu voqeaning tarixi quyidagicha edi:
Furqat 1889 yilning boshlarida sayohat orzusi bilan Marg‘ilondan yo‘lga chiqadi. Qo‘qonda bir kun turib, Xo‘jandga keladi. Mirza Nasriddin degan do‘stinikida bir necha kun mehmon bo‘ladi, shoir Toshxo‘ja Asiriy bilan uzoq suhbatlar quradi. Ular o‘zaro juda ahil edilar, bir-birlariga yozgan she’riy maktublari turli bayoz va to‘plamlarda sakdanib qolgan.
Shoir Xo‘jandda bir oz turib qoladi. Do‘stlar orttiradi, shahar atroflarini aylanadi. Bir muddat tobi ham qochib qoladi. O‘zi tabiblikdan xabardor bo‘lgani uchun u yerdagi tabiblarning muolajasidan ko‘ngli to‘lmaydi. Safarni davom ettirib, Toshkentga yo‘l oladi.
Furqat 1889 yil iyunning o‘rtalarida Toshkentga kelgan. Hoji A’zam degan kishining yordamida Ko‘kaldosh madrasasiga joylashgan. «Ahvolot»da yozilishicha, Hoji A’zam kasallanib qolgan shoirga mehribonliklar ko‘rsatadi, 9 oy davomida uning holidan xabar olib, tuzalib ketishiga yordam beradi. Furqat uning yordamida Sattorxon Abdug‘afforov, Saidrasul Saidazizov, In’omxo‘ja Umryoxo‘jayev, Jo‘rabek Qalandarqori o‘g‘li, Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li, Muhiddinxo‘ja Hakimxo‘ja o‘g‘li, Mirza Abdulla Isomuhammad o‘g‘li kabi Toshkentdagi ziyolilar bilan tanishadi.
Sharifxo‘ja shoir bilan bo‘lgan suhbatlaridan birida taxallusi «judolig‘» ma’nosini bildirishiga ishora qilib, uni «Farhat» (shodlik, xursandlik) bilan almashtirishni taklif etadi. Bu unga manzur bo‘lib, shu taxallus bilan bir muddat she’rlar yozgan. Lekin ko‘p o‘tmay, avvalgisiga qaytadi: taqdir unga «Furqat» taxallusi bilan tarixga kirishni nasib etdi.
1890 yilning ko‘klamida Furqat Toshkentning Shayxantohuridagi she’r va soz muxlisi Mahmudxo‘ja degan kishining uyiga ko‘chib o‘tadi, «oshino»gina emas, «og‘a»dek unga ko‘ngil bog‘laydi. Xuddi shu yil martning boshlarida «Turkiston viloyatining gazeti» muharriri, Toshkent Erlar gimnaziyasining direktori N.P.Ostroumov Furqat bilan qattiq qiziqib qoladi va uning obro‘-e’tiboridan, she’riy salohiyatidan unumli foydalanish rejasini tuzadi. Chunonchi, uni 1890 yil 23 martida Toshkentning yangi shahar qismiga tomoshaga olib boradi, gimnaziyani ko‘rsatadi. Rus ziyolilari, amaldorlar, hatto «janob general gubernator» bilan, rus ma’muriyati xizmatiga kirgan savodxon yurtdoshlari bilan tanishtiradi. «Toshkent shahriga kelib, bir necha vaqt turub, Rusiya xalqining odamlari bilan tanishib, oshno bo‘lub, alarning ko‘b rasmlarini ko‘rdum va ko‘rmaganimni so‘rdum,-yozadi shoir. — Ikki martaba janob general gubernator uyiga mehmon bo‘lub borib, anda har xil tamoshalarni ko‘rdum».
N.Ostroumov shoir taassurotlarini gazetada bosib chiqaradi. Masalan, Furqatning gimnaziya haqidagi manzumasi ikki hafta o‘tar-o‘tmas «Turkiston viloyatining gazeti»da nashr etiladi. Bir haftadan so‘ng, keyingi sonida «Gimnaziya» she’ri chop etiladi. Birin-ketin uning «Ilm xosiyati», «Akt majlisi xususida», «Nag‘ma bazmi xususida», «Vistavka xususida», «Suvorov» masnaviylari e’lon qilinadi.
Tabiiyki, N.Ostroumov Furqatning she’rlarini o‘zi muharrir bo‘lgan gazetada e’lon qilishdan rus davlatining qudratini targ‘ib etish maqsadini ko‘zlagan. Furqat esa tamomila boshqa niyatda bo‘lgan: shoirning «O‘z naf’imiz uchun Rusiya umurig‘a mulohaza qilsoq lozimdur» degan fikri bunga dalil. Demak, u Yevropa va rus madaniyatini o‘z foydamizga xizmat qildirishimiz zarur, degan xulosaga keldi. Mazkur asarlarni shu maqsadda yozdi.
Furqat Muqimiyga yozgan she’riy maktublarining birida Shayxantohurda turayotganini, do‘stlari qurshovida ekanligini, har kuni, goho esa kunora peshinda «gazetxona ishiga» borishini ma’lum kilgan edi. Muqimiyning javob maktublaridan Furqatning gazetada «tarjimonlik» qilgani anglashiladi. Har holda shoir Toshkentda rus tili bilan jiddiy shug‘ullangan. Uning asarlarida rus adiblarining nomlari tez-tez uchrashi bejiz emas.
Shoir 1891 yil mayida Samarqandga bordi. Uning safar taassurotlari «Turkiston viloyatining gazeti»da batafsil yoritilib turdi. Lekin shoir o‘z Vatanidan bir umrga chiqib ketayotganini, qaytmas bo‘lib ketayotganini hali bilmasdi.
Furqat Samarqandda xat orqali g‘oyibona do‘stlashgan Mirza Buxoriy bilan uchrashdi. Mirza Buxoriy atlas savdosi bilan borib, Moskva, Peterburg, Xarkov, Parij shaharlarini ko‘rgan, ko‘rgazmalarda sovrinlar olgan, ayni paytda, arxeologiya ilmidan ham xabardor kishi edi. 1888 yili «Turkiston viloyatining gazeti»da uning Moskva va Peterburgga sayohati xotiralari bosilgan edi. Furqat Samarqandda iyunning oxirigacha turdi. «Turkiston viloyatining gazeti»ga ikki maqola yozdi, gazetxonlarni M. Buxoriy va uning arxeologik ishlari bilan tanishtirdi. Iyulning o‘rtalarida Buxoroga yo‘l oldi. Kogonda poyezdga o‘tirib, Marv, Ashxobod, Boku, Botum orqali salkam ikki oy yo‘l bosib, sentyabrning oxirlarida Istanbulga yetib keladi. Kuz va qishni shu shaharda o‘tkazadi.
Istanbul XIX asrda turkistonliklarning haj yo‘lidagi asosiy shaharlardan edi. Shaharda o‘zbeklar qo‘nadigan ikki takya bo‘lib, biri Uskudorda — Sultontepada, ikkinchisi Sulton Ahmad maydonida edi. Furqat, taxmin qilish mumkinki, shaharning bu paytlarda ancha obod bo‘lgan va Osiyo qismida joylashgan Sultontepadagi bog‘chalik takyada qolgan. Uning Istanbulda yozgan asarlaridan biri «Sabog‘a xitob»dir. She’r — shoirning toshkentlik qadrdonlariga yo‘llagan maktubi. U masnaviy shaklida bo‘lib, hajmi 280 satrni tashkil etadi. Nomi — shartli, so‘ngroq mutaxassislar tomonidan qo‘yilgan. She’rdan ma’lum bo‘lishicha, shoir Toshkentdagi do‘stlaridan Abdulazizxon deganning uyida bo‘lgan bir yig‘inda Mirzo Qosim nomli kishining iltimosiga ko‘ra, unga muxammas yozib berishni va’da qilgan, lekin buni o‘z vaqtida bajara olmagan. Shuni Istanbulda yozib, Toshkentga jo‘natmoqda. Ushbu she’riy maktub shuning xabarchisi hamdir.
She’r Istanbuldagi «Millat bog‘i»ning ta’rif-tavsifi bilan boshlanadi. Shoir bu mashhur bog‘ni kezar ekan, undagi «mardum» (kishilar)ni «xurram» (xursand) ko‘rib, olis Toshkentdagi «yoru oshnolar»ini esga oladi. Chaqmoq («barq»)day «tez-rav», «bodi sabo» (tong shamoli)dan yurakdagi salom va o‘tinchlarini Toshkentga yetkazishni iltijo qiladi. Xususan, olisda qolgan yori dilbandini tilga olar ekan, achchiq ko‘z yosh to‘kadi. Yo‘q, uning hech narsadan kamchiligi, hech bir narsaga muhtojligi yo‘q. Maishati joyida, ishlari yomon emas. Faqat birgina g‘ami bor. U ham bo‘lsa yori, do‘stlari diydori. Shuning uchun ham u, «kecha tong otquncha», «tong otqoch dag‘i kun botquncha» yig‘laydi. Shuning uchun ham uning «ohu fig‘oni», «faloniy oh, faloniy» degan nolasi «falak uzra» taraladi. Nega? Vatandan chiqib ketganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q. Qolaversa, tili, dini, urf-udumi bir kelgan xalq orasida yashab turibdi. Shunga qaramasdan so‘ngsiz bir ishtiyoq bilan Vatanini, ma’shuqasini qo‘msaydi. O‘zini g‘arib, notavon sezadi. Rum (Kichik Osiyo, Istanbul) aro «musofir» bo‘lishni «qazoro» (taqdir taqozosi) deb biladi. Maishatdan, yemoq-ichmoqdan kamchiligi yo‘q (maishat bobida «bil kulli masrur»), g‘ami shulki, yorining jamolidan ayrilgan («mahjur»), kecha-yu kunduz shuning g‘amida yig‘laydi. Falak uzra oh-fig‘on chekib, ismini tildan qo‘ymaydi. Nega? Shoir qaytib kelmas bo‘lib ketayotganini, ona yurti, qadrdonlari bilan minba’d ko‘risha bilmasligini his qildimi ekan? Axir u «sayohat orzusi» bilan yo‘lga chiqqan edi-ku! Hamisha qaytish umidi bilan yashagan edi-ku! Lekin uning Vatanga sadoqatiga ham, muhabbatiga ham zarracha shubha bo‘lishi mumkin emas.
Qolaversa, bu yerdagi yorning ma’nosi keng. U Boburdagi kabi Vatan hamdir.
Nihoyat, shoir o‘zining sog‘inch tuyg‘ularini ifodalashda buyuk Navoiydagi ko‘nglimizga o‘rganib qolgan dilso‘z satrlardan — «Nedur ahvoling, ey zori g‘aribim, visolim davlatidin benasibim?» tazmin-iqtibos oladi.
Shoir sabodan yori bo‘sag‘asini o‘pib, sog‘inchini yetkazishni o‘tingach, oshnolari manzilidan darak beradi va 28 kishini nomma-nom keltiradi. Bular: Eshonxo‘ja, Xo‘jajon mufti, Ubaydullo maxdum, Jamolxon maxdum, Xonxo‘ja eshon, Mahmudxo‘ja eshon… ular orasida qadrdoni Hoji A’zamdan san’atkor do‘sti Farzinxongacha, gap yeyishgan ulfatlari-yu «Mirzo aka»si singari oralarida nohaq gap qochib, uzrini aytolmay ketgan «muhabbatpesha yaxshi oshno»larigacha bor.
Furqatning sog‘inchlari nihoyatda samimiy. Chunonchi, uning shayxantohurlik Mahmudxo‘ja eshonga orziqishlari, shoirga shunchaki bir «oshno» emas, «ag‘o»dek qadrdon bo‘lib qolgan, «ko‘p mehr-shafqatlar, ehsonu muruvvat»lar qilgan bir kishiga bo‘lgan so‘ngsiz sog‘inch ishtiyoqlari ta’sirchan, yorqin berilgan.
She’r Vatan haqidagi tuganmas shavq va nihoyasiz intizorlik bilan yakunlanadi.
Furqat Istanbulda ekan, Yunoniston (Grediya) va Bulg‘oriyaga sayohatga borib keladi. Taassurotlarini she’rga ko‘chirib, «Turkiston viloyatining gazeti»ga yuboradi. Ular orasida Yunoniston safari paytida bir qizdan eshitgan hikoyasi bor. Bu asar kitobxonlar orasida «Yunon mulkida bir afsona» nomi bilan mashhur. O‘sha yilning aprelida u Jiddada bo‘ladi. May – iyun oylarida haj ziyoratini o‘tkazib, yana Jiddaga qaytib keladi.
1892 yilning 25 avgustida Hindistonga yo‘l olib, 10 sentyabrda Bombeyga yetib keladi, yaqin olti oy Hoji Ahmad degan hamshahrining uyida yashaydi, vatandoshlari bilan tanishadi. 1893 yilning 20 martida Kashmirga qarab safarga chiqadi, undan Tibet va Xo‘tan orqali Yorkentga o‘tadi. Shu tariqa, 1891 yilning bahorida Toshkentdan chiqqan shoir ikki yarim yillik safardan keyin 1893 yilning oktyabrida Yorkentga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.
Shoir Qashqardagi Rusiya Musulmon idorasida kotib bo‘lib ishlaydi. Ilmi nujum (astronomiya), tabobat bilan shug‘ullanadi. Toshboltuga yozilgan she’riy maktubida Xudo unga Nozimjon va Hokimjon ismli farzandlar berganini, ulardan ko‘ngul uzub Vatanga qaytish qiyinligini tilga oladiki, bu uning umri oxirigacha Turkiston bilan aloqasini uzmaganligini ko‘rsatadi. Shu jumladan, «Turkiston viloyatining gazeti»ga ham muntazam maqoda va she’rlar yozib turgan. Biroq nima sababdir, 1906 yildan keyin gazeta bilan aloqasi uziladi. Uning mazkur gazetadagi so‘ngti maqolasi 1906 yil fevralda bosilgan. Garchi maqola so‘ngida «baqiyasi (davomi) bor» deb qo‘yilgan bo‘lsa-da, davomi bosilmagan. Shuningdek, u vafot etganida ham gazeta 20 yil hamkorlik qilgan muallif haqida lom-mim demadi. Bu hol Furqat bilan uni bu tomonlarga jo‘natib yuborgan chor ma’muriyati orasida keskin bir gap o‘tmaganmikan, degan mulohaza uyg‘otadi.
U 1909 yili 50 yoshida vafot etdi.
Furqat lirikasi
Shoir lirik merosining salmoqli qismi g‘azallar bo‘lib, ularning soni 200 atrofida. Mavzui, qisqa qilib aytganda, Odam va Olam, ularning o‘zaro munosabati haqida.
Furqat lirik janrning deyarli barcha – g‘azal, musamman, tarji’band, masnaviy, qasida, qit’a, fard kabi turlarida muvaffaqiyat bilan qalam tebratdi.
Furqat she’riyatda: birinchi navbatda Navoiy va Fuzuliyni o‘ziga ustoz bildi. Ko‘proq shulardan ilhom oldi. Goho bu ilhom mavzu va ohang uyg‘unligi darajasiga ko‘tariladi. Masalan, Navoiyning mashhur bir tarji’bandi bor: so‘nggi bandi «Nechuk may bila bo‘lmasin ulfatim» satri bilan boshlanadi. Shoir bu sirli dunyo qarshisida hayratdan lol qolganligini, quyosh u yoqda tursin, hatto bir zarraning dam mohiyatini anglab yetolmaganini, shu jumladan, insonning dunyoga kelmagi va ketmagi ham uning uchun mutlaqo qorong‘u qolganini, bu ishda na u umid qilgan ilm, na taqvoyu toat, na jamoa bilan suhbatlar, na shayxi murshid, na tabibi hoziq yordam bera olganini, hech biri uning mushkulini hal qila olmaganini iztirob bilan aytar va band «Xarobat aro kirdim oshufta hol, May istarga ilgimda sing‘on safol»,—bayti bilan yakunlanar edi. Furqatning xonandalar tomonidan sevib aytiladigan «Ko‘ngul dardiga topmay boraman hargiz davo istab» misrasi bilan boshlanadigan g‘azali ruhan shu tarji’bandga g‘oyat yaqin. Bu yerda shoir «ko‘ngil dardiga davo» istaydi. U ham «shayxlar ostonig‘a» bosh uradi, «zohid ayog‘iga» o‘zini tashlaydi, «yaxshilar» etagidan tutadi, «begonalar»ni oshino qiladi, lekin hech biridan najot topa olmaydi.
Surmadin ko‘zlar qaro, qo‘llar xinodin lolarang,
G‘ozadin yuzlarda tobu o‘smadin qoshlar tarang,-
matla’li mashhur g‘azalining birinchi satri Fuzuliydan tazmin sifatida olingan. Umuman, Furqat mumtoz adabiyotimizning sirsinoati bilan yaxshi tanish. U yor tasvirini chizar ekan yoxud oshiqning quvonchu iztiroblarini ifoda qilar ekan, she’riyatimizning boy obraz va timsollaridan unumli foydalanadi, ularni davom ettiradi. Mana qosh tasviri:
O‘smalik qoshlarmu yo shamshir qondin zangliq?
(Fuzuliyda: Muqavvas qoshlaringki, vo‘sma birla rang dut-mishlar. Kilichlardurki qonlar to‘kmak ila zang dutmishlar.)
Yuz va soch:
Yuz uza kokilmidur har sori pechu tob ila?
Ganji husnungmu yotur ikki ajdar ustida.
Yuz-husn xazinasi, yuz uzra tushgan ikki kokul-ikki ajdar. Afsonalarga ko‘ra, xazinalarni ilonlar, ajdaholar qo‘riqlagan. Ko‘p ishlatilgan obrazlardan. Shoir tashbih, tanosub, talmeh kabi bir qator she’r san’atlaridan foydalanmoqda.
Xuddi shu «Ustida» radifli g‘azalidagi ko‘zning ta’rifini ko‘raylik:
Ikki jodu nargising solg‘ay jahong‘a fitnalar,
Bo‘lmasa uryon qoshingdin ikki xanjar ustida.
Ko‘z — nargis. Bu o‘xshatish ilgaridan bor edi. Shoir «nargis» ga jodu (sehrgar) sifatini beryapti. Bu ham yangilik emas. Agar u ikki sehrgar nargisning tepasida yalangochlangan ikki xanjar (qosh) bo‘lmaganida edi, ular olamga fitna sola olar edilar. Betakror husni ta’lil keltirilgan.
Shoir qoshu ko‘zlarni g‘oyat nozik psixologik holatlar bilan bog‘laydi.
«Ketkil ul yon!» – deb ishorat qilsa har gal qoshlaring,
«Kel beri!» – deb aylashur ohista iymo ko‘zlaring.
Lirik g‘azallarida Furqat buyuk salaflari an’analarini mu-nosib davom ettirdi, hatto ulardagi ayrim obrazlarni inja ma’-nolar bilan boyitdi, yangi pog‘onaga ko‘tardi. Masalan, Navoiyning:
Nuqtai xoling nedin shirin labing ustidadur,
Nuqta chun ostin bo‘lur har qaydakim yozilsa «lab», –
baytidagi obrazli tasvirni Furqat quyidagicha davom ettiradi:
«Nuqta lab ustida bejodur?» dedim. Aydi kulub:
«Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda?»
Ma’lumki, arab imlosida «lab» so‘zi yozilganida «b»ning nuqtasi harfning pastki qismiga qo‘yiladi. Ma’shuqaning xoli esa labining tepasida joylashgan. Hazrat Navoiyda ushbu obrazga oid so‘z o‘yini monolog tarzida berilgan bo‘lsa, Furqatda bu dialog ko‘rinishini olgan. U «Nuqga lab ustida bejodur?» deganidayoq hazrat Navoiy baytidagi ma’noni to‘la ifodalay olgan. Bu savolga ma’shuqa javobining berilishi esa obrazni yangi bir bosqichga yuksaltirgan. Yoxud Navoiy badiiyatining yuksak namunalaridan bo‘lgan:
Quyoshdek chehra birla tiyra kulbam aylagach ravshan,
Menga titratma tushdi zarra yanglig‘ iztirob aylab, –
baytidagi quyosh va zarra obrazlari vositasida yaralgan betak-ror badiiy tasvirni Furqat tamomila yangicha, o‘ziga xos yo‘sinda tasvirlaydiki, bu uning benazir salohiyati dalilidir:
Jomai zarkash kiyib ot o‘ynatib chiqsang, nigor,
Bo‘lmag‘aymu zarradek xurshidi xovar beqaror.
Ya’ni, Furqat tasvirida mahbubaning aql bovar qilmaydigan husn-jozibasi qarshisida endi oshiqqina emas, Navoiy g‘azalida unga teng qilingan quyoshning o‘zi ham zarradek titroqqa tushadi.
Furqatning navbahor, bahor ayyomi haqidagi jo‘shqin g‘azallari allaqachon xalq mulkiga aylangan. Lekin bir qator she’rlari singari tabiat haqidagi bu xil g‘azallari ham dononing xorligi-yu, nodonning azizligi haqidagi jamiyat qurilishiga oid gaplarga ulanib ketadi. Umuman olganda, unda insoniy qadr, millatning yuksak sha’ni haqida ham yaxshigina she’rlar bor. Shulardan biri «Bormasmiz» radifli g‘azalidir.
Biz, istig‘no eli, qichqirmag‘on ma’vog‘a bormasmiz,
Agar chandiki xirman aylasa dunyog‘a bormasmiz, –
matla’i bilan boshlanadi she’r. Matla’ning ma’nosi, sodda qilib aytganda, chaqirilmagan joyga bormaymiz, degani. Lekin bu naqadar baland ohangda, jildiy va tantanavor aytilmoqda. Biz «istig‘no eli» — izzatini biluvchi, diydasi to‘q odamlarmiz, chaqirilmagan joyga bormaymiz. Mol-dunyogina emas, tasavvur qiling: olam sahrosida suvsiz tashna qoldik. Oddimizdan mavj urib yotgan daryo chiqib qoldi. Agar shu daryoga zarracha malol kelsa va buni bilsak, bormaymiz:
Agar lab tashna qolsak, filmasal sahroyi olamda,
Malolat zohir etsa, mavj uran daryog‘a bormasmiz.
O‘zbek milliy psixologiyasini belgilashda g‘oyat xarakterli she’r. Milliy ruhni g‘oyat va benihoya xalqona beruvchi bunday she’r Furqatdan oldin ham, keyin ham adabiyotimizda uchramaydi.
Umuman, Furqat lirikasida boshqa hech bir shoir merosida uchramaydigan, kutilmagan lavhalar ko‘p. Masalan, shoirning bir g‘azalida lirik qahramon o‘zining yor ishqiga nechog‘li sodiq ekanligini quyidagicha dalillaydi:
Oshiqi sodiqlig‘imga bovar aylarsanmu, yor,
Qozi muhrin bostirib, xat birla iqror aylasam.
Maqsud Shayxzoda ta’biri bilan ayttanda: «Sevgi maktubiga qozi muhrini bostirish! Kutilmagan va g‘ayrioddiy detal!»
Shoir lirikasida ham majoziy, ham haqiqiy ishq bilan bog‘liq beqiyos namunalar mavjud. Boshqa mumtoz shoirlarimiz kabi Furqat ham majoziy ishqqa haqiqiy ishq yo‘lidagi bir bosqich sifatida qaragan. Quyidagi bayt bunga dalil bo‘la oladi:
Haqiqiy oshiq ersang, gulga nechuk nola aylarsan,
Xudog‘a yig‘lag‘ilkim, gul emas faryodras, bulbul.
Ya’ni: «Ey bulbul, o‘zingni haqiqiy oshiq deb hisoblasang, gulga emas, Xudoga nola qil. Chunki faryodras (faryodni tinglovchi, rahm qiluvchi) gul emas – Xudo». Demak, shoirning fikricha, modomiki haqiqiy ishq darajasiga ko‘tarilmas ekan, majoziy ishq inson kamoloti uchun hech qanday naf keltirmaydi. Mazkur fikr baytda ramzlar vositasida, go‘zal badiiy shakdda ifodalangan.
Yoxud mana bu bayt mazmuniga e’tibor bering:
Jahon ahli hama begonadur rohi haqiqatda,
O‘zungdin o‘zga yo‘qdur qo‘l tutarg‘a oshno, yo rab.
Furqat yana bir she’rida shunday yozadi:
Ey muhabbat ahli, ramzi ishq fahm aylay desang,
Yozilan xuni jigardin, Furqat, ash’orimg‘a boq.
E’tibor berilsa, shoir ishq ramzini fahm etish xususida bahs yuritmoqda. Xuddi shu jihatdan uning:
Loladek jamolingni bir yo‘li qo‘rub zohid,
Necha yilg‘i zuhdidin dog‘ o‘lub pushaymondur, –
kabi misralarini sharhlaganda ramzlar, timsollar mohiyatini anglash, shundan keyingina bir xulosaga kelish maqsadga muvofiqdir.
Shoir odamlarni ikki toifaga bo‘ladi: ahli Haq va ahli dunyo. Uning fikricha, «sorig‘ oltin kasrati», ya’ni dunyo matohini ko‘paytirishga bo‘lgan intilish ko‘ngilni qoraytiradi:
Sorig‘ oltin kasrati ko‘ngulni aylaydur qaro,
Chunki safro bo‘lsa g‘olib o‘zga savdo tortadur.
Ahli dunyo – dunyo matohiga ko‘ngil qo‘yganlar o‘z manfaatlari yo‘lida har qanday muqaddas tuyg‘uni qurbon qilishlari mumkin. Chunki dunyo sarvatiga erishmoq — ularning bosh muddaolari. Shu bois bundaylardan yiroq bo‘lmoq kerak:
Ahli dunyo suhbati ichra sharobi nobdin
It yaloqi ichra ichgan qip-qizil qon yaxshiroq.
It – vafo timsoli. Ahli dunyodan ko‘ra it ham afzalroq. Chun-ki u vafo ahlidan. Dunyoparastlarni shunchalik malomat qilgan shoir muhabbat ahlini ulug‘laydi. Ularga yor bo‘lish saodat kaliti ekanligini alohida ta’kidlaydi:
Bir nafas ham bo‘lmag‘il bedardlarg‘a hamnishin,
Qayda bir ahli muhabbat bo‘lsa anga yor bo‘l.
Ijtimoiy-siyosiy lirika
Chor Rusiyasining mustabid siyosati Turkiston xalqlari hayotining barcha – siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy jabhalarini birday zanjirband qilganligi ma’lum. Tabiiyki, millatparvar ziyolilar, jumladan, Furqat ham bunga befarq bo‘lgan emas. Furqat «Munojoti musaddas» asarida bu holni «Kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolduk» deya og‘ir iztirob bilan ta’riflaydi. Shoirning mazkur asaridagi quyidagi misralar ham istibdod iskanjasida qolgan yurt taqdiriga kuyinish hissi bilan yo‘g‘rilgan:
Qoziyu mufti, a’lam doim hazinu ma’yus,
Din posini tutay deb zindoni g‘amda mahbus,
Bechoralar na qilsun bo‘lsa siyosati Rus,
Qo‘ymaydi bir tarafdin xalq ichra nangu nomus,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun ko‘ngli shikastalarga.
Ushbu misralar orqali mustamlaka siyosatining haqsizlikka, zulmga asoslanganligini ochiq-oydin tasvirlagan shoir musaddasning boshqa bir bandida istibdod iskanjasida yurt iqtisodiyoti inqirozga yuz tutganligini, ahli bozor nakbatga qolganligini, tijoratning kasodga uchraganligini chuqur dard bilan ifodalaydi:
Uch yil bo‘lurki qolmish nakbatga ahli bozor,
Ko‘rmas tijoratidin ko‘p naf’ xayli tujjor,
Ahli hunarda ham yo‘q chandone ravnaqi kor,
Yo‘qdur o‘zungdin o‘zga bir mehribonu g‘amxor,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
«Uch yil bo‘lurki qolmish nakbatga ahli bozor» misrasi asarning Qo‘qon xonligi rus qo‘shinlari tomonidan bosib olinganiga uch yil bo‘lgan paytda yozilganligini ko‘rsatadi.
Furqatning shoir Abdulhaq maxzum Roiq arxividan aniqlangan «Begim» radifli dastxat she’rida ham shunga monand fikrlar ifodalangan:
Shu’bada izhor etib nogoh charxi hiylasoz,
Boshladi afsun ila makru dag‘osidin, begim.
G‘unchai davlatni gul yanglig‘ parishon ayladi,
Tundbodi hodisoti mojarosidin, begim.
Oxirulamr hukumat gulshani bo‘ldi xazon,
Keldi zog‘u qoldi bulbullar navosidin, begim.
Ushbu baytlarda yurtning taraqqiyot quyoshi so‘nib, tanazzul shomi boshlanganligi so‘ngsiz hasrat bilan ifoda etilgan. Charxi hiylasozning afsun ila makru dag‘osi — o‘sha paytda mamlakatda kechgan fitna-fasodlar, inqiroz jarayoni timsoli. Natijada «…g‘unchai davlat gul yanglig‘ parishon bo‘lgan. Hukumat gul-shani xazonga aylangan». Zog‘lar kelishi bilan bulbullar navosi tingan.
Bulbul bog‘da sayraydi. Zog‘ning makoni esa – vayrona. Ta’kidlash joizki, mustamlaka Turkistonining ayanchli ahvolini Furqatgacha hech qaysi shoir bunchalik ta’sirli ifodalay olgan emas. O‘sha tarixiy vaziyatda, o‘sha ijtimoiy muhitda bu so‘zlarni bitish chinakam jasorat edi.
Furqatning istibdodga, jabru zulmga, adolatsizlikka bo‘lgan nafrati boshqa asarlarida ham aks etgan. Jumladan, «Bo‘ldi» radifli muxammasida shoir shunday yozadi:
Bahor ayyomi o‘tti, na gulu sarvu suman qoldi,
Ki bulbul birla qumri o‘rniga zog‘u zag‘an qoldi,
Na jomi marg ichmay lolai xuning, kafan qoldi,
Chamanlardin nishon hech qolmadi, illo tikan qoldi,
Zimistoni ajalni bodidin bori xazon bo‘ldi.
Bahor — taraqqiyot ramzi. Shoirning yozishicha, u o‘tib bo‘lgan. Shuning uchun ham bulbul birla qumri o‘rnini zog‘u zag‘an egallagan. Bu – milliy davlatchilik o‘rnini Rusiya mustamlakasi zabt etganiga ishora. Ajal zimistoni — istibdod timsoli. U bor mav-judlikni xazonga aylantirgan. Binobarin, istibdod tufayli milliy an’analar toptaldi. Millatning boshiga qora kunlar tushdi, huquqi, erki poymol etildi.
Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi, Vafosiz dahr alarni jonig‘a toki alam qo‘ydi, Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi, Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi, Hamani emdi ko‘z tutgoni bir sohibqiron bo‘ldi.
Muxammasning dastlabki uch misrasida mustamlakaning ilk kunlaridanoq boshlangan ommaviy qatagonga ishora qilinmoqda. Darhaqiqat, chor hukumati Turkistonda o‘z hokimiyatini mustahkamlash, istibdod siyosatining davomiyligini ta’minlash maqsadida xalqni iloji boricha jaholatda asrash, millatning ongli, ma’rifatli qatlamini ayovsiz qatagon girdobiga tashlash siyosatini olib bordi.
«Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi». Adam -yo‘qlik, demakdir. Bu misra orqali qatag‘on mashinasi mardlarni, ya’ni millat ziyolilarini shafqatsiz ravishda o‘z komiga tortganligiga ishora qilinmoqda. Natija shunday bo‘ldiki, «Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi». Ya’ni, bu hol ommaviy tus oldi.
Keyingi misrada shoir bu fojialar ro‘y bergan sanani ham ochiq yozadi: «Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi». Hijriy 1301 yil milodiy 1883—1884 yillarga to‘g‘ri keladi. Demak, rus bosqinining ayni avjiga mingan davri haqida gap ketyapti.
Beshinchi misrada yanada ahamiyatli fikr ifoda etilgan: «Hamani emdi ko‘z tutgoni bir sohibqiron bo‘ldi». Darhaqnqat, millat bu paytda Sohibqironga, yo‘lboshchiga muhtoj edi. Yurtni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgan Sohibqiron – milliy ozodlik timsoli. Shuning uchun ham shoir millatga uningdek bir rahnamoni orzu qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, Furkdt she’riyatida ozodlikka, milliy istiqlolga intilish tuyg‘usi chuqur dard bilan, betakror badiiy shakdda ifodalangan. Bu tuyg‘u ba’zan ochiqcha, ayrim hollarda esa misralar tagmatnida aks etganligi kuzatiladi. Shoir asarlaridagi bunday qarashlar Turkistondagi millatparvar kuchlar, xususan, jadidlar harakatida uzviy davom etganligini kuzatish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, Furqat va mustamlaka ma’murlari o‘rtasidagi munosabatning zimdan yomonlashuviga, alaloqibat, shoirning go‘yoki «o‘z ixtiyori bilan, sayohat orzusida» xorijga ketishiga, amalda esa surgun qilinishiga sabab bo‘ldi.
Furqat lirikasida inson erki mavzui va g‘urbat ohanglari
Shoir chet ellarda kezar ekan, bir lahza ham Vatanidan ko‘ngil uza olmaydi. Yurtidan ayri tushganini dildilidan sezib turadi. Iztirob chekadi. Uning xorijda yozgan «Adashganman» radifli g‘azali va muxammasi buning yorqin misoli.
She’rga «adashganman» so‘zining radif qilinib, urg‘u berilishining o‘zida katta ma’no bor. Qayerga bormasin, shoir o‘zini g‘arib, oshiyonidan ayrilgan qush, bo‘stonidan adashgan bulbul singari his qiladi:
G‘aribi bu viloyat – xonumonidin adashganman,
Basoni murg‘i vahshiy – oshiyonidin adashganman.
Yo‘q, yo‘q, u shunchaki Vatanidan emas, tandagi jonidan ay-rilgan. Falak bir aylandi-yu, u boshidagi soyabonidan ayrildi. Boshiga g‘urbat oftobi tushdi. Bu olamga nur, hayot berguvchi odatdagi oftob emas, aksincha, hayotni so‘ndiruvchi, borliqni yo‘q etuvchi «olamtob» (olamni kuidiruvchi)dir. Shoir oftobga butunlay yangi ma’no beradi, g‘urbat mazmunini anglashga xizmat ettiradi.
«Ko‘rdim» radifli g‘azalida dunyo kezgan shoirning falsafiy o‘ylari berilgan. U dunyo odamlari («ahli jahon»)da vafodan asar ko‘rmaydi. O‘z holidan birovga shikoyat qilishga hojat sezmaydi, chunki ularning ahvoli bunikidan «battar». Uningcha, umuman, birov bilan gaplashish imkoni yo‘q. Chunki «Hamani ko‘zini ko‘ru qulog‘i kar ko‘rdum», — deb yozadi shoir. U Vatanga qayta olmasligini yurakdan sezadi. Shoirning «Murod naxlini togshimu besa-mar ko‘rdim» (Murod daraxtini topdimu mevasiz ko‘rdum), «Firog‘ kechasini oh, besahar ko‘rdum» deyishidan shu ma’no anglashilib turadi. Shoir Vatanidan kelgan har bir xat-xabarni ko‘ziga to‘tiyo qiladi. Zavqiyning 1898 yili yozgan satrlaridagi ehtirosli so-g‘inchdan hayajonga tushadi:
Jonimga tob soldi so‘zi firoq, Furqat,
Kelkim, xarob qildi bu ishtiyoq, Furqat!
Qosid, yetur payomim, har yerda topsang oni,
Zavqiyni toqatini qo‘p qilma toq, Furqat.
Shoir Furkat darhol:
Kezdim jahonni qolmay, Shomu Iroq,
Zavqiy! Bir topmadim seningdek ahli vifoq,
Zavqiy! Shavqi visoling ila hargiz qaror yo‘qtur!
Jonimni yoqti hajru ko‘nglum – firoq, Zavqiy! –
degan satrlar bilan boshlanuvchi she’riy javob bitib yuboradi. «Iqboli noraso»ligidan, «ma’yus tole’i»dan qadrdoniga shikoyat qiladi. Sharqu G‘arb omuxta bo‘lgan muazzam Bombay ko‘chalarini kezar ekan, musofirligi har daqiqada esiga tushadi. Toshkentdagi ulfatlari bilan bo‘lib turgan dushanba kun suhbatlarini, «g‘ijjagu setorlar»ni, qadrdoni — san’atkor Farzinxonni yodga oladi. Kashmirdagi go‘zal bilan uchrashuv va u bilan bo‘lgan suhbat («Bir qamar siymoni ko‘rdum baldai Kashmirda» g‘azali) beixtiyor Vatan mavzuiga kelib taqaladi. «Qamar siymo» shoirdan «Tarki Vatan» sababini so‘raydi. Shoir taqdirga yo‘yadi.
Hatto marg‘ilonlik shoir va olim, donishmand qadrdoni Umidiy-Havoiy(1835—1905)ga yo‘llangan she’riy maktubida o‘z «Qori aka»sidan mo‘tabar kitoblarga qarab, taqdirini ko‘rib, yurtiga qaytish-qaytmasligini bilib berishni iltijo qiladi. Taqdir shoirni bo‘ysunishga majbur etadi. 1903 yili Toshboltuga yozgan she’riy maktubida Yorkentda «muqim qolmoq»ni «Xudo taqdiri» deb bilgani, «chunucharo» (nega, nima uchun) debon sabab izlash bandalikka mos kelmasligini qayd etadi.
Shoir vatanjudoligi taqdir taqozosi ekanligiga shubha yo‘q. Lekin buning ob’ektiv sabablari ham bor edi. Shoirning bir qancha asarlarida ham bunga ishoralar mavjud. Xususan, Zavqiyga yozgan mazkur she’riy maktubidagi quyidagi satrlar bu jihatdan e’tiborga molik:
Sargashta holatimdin voqiflik istar ersang,
Ibrat ko‘zini ochib garduna boq, Zavqiy.
E’tibor bering: shoir sargashta holati sababini gardunda kechayotgan hodisalar zamiridan qidirishni tavsiya etmoqda. Uning boshqa asarlarida bu hodisalar mohiyati – yurtning istibdod is-kanjasida qolganligi, «g‘unchai davlat gul yanglig‘ parishon, hukumat gulshani xazon» bo‘lganligi, bulbullar o‘rnini zog‘lar egallaganligi ochiq yozilgan. Demak, mazkur she’riy maktub yozilgan paytda bu haqda ochiqcha yozish imkoni bo‘lmagan. Fikrni obrazlar vositasida, misralar tagmatnida berishdan o‘zga chora qolmagan-ligi ma’lum bo‘ladi. Shoir boshqa bir nazmiy maktubida shunday yozadi:
Borurman gar qutulsam bu tilismi hayratafzodin,
Etib imdod holimg‘a jami’i muddaolardin.
Furqatning «Bu tilismi hayratafzodin qutulsam borurman» degan fikri chuqurroq o‘ylab ko‘rishni taqozo etadi. Demak, shoirning yurtga qaytish yo‘llarida to‘siqlar ko‘p bo‘lgan. U bularni ochiq aytmaydi. She’riy maktublarida o‘z qadrdonlariga bu haqda ayrim ishoralar qiladi, xolos.
Furqatning «Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mazndek» satri bilan boshlanuvchi musaddasi uning ijodida muhim o‘rin egallaydi. Sayd (ov), sayyod (ovchi), dom (tuzoq) obrazlari Sharq adabiyotida qadimdan bor. XVIII asrda turkman shoiri Andalib ushbu obrazlardan unumli foydalanib, ovchi tuzog‘iga tushgan ohuta hamdardlik tuyg‘usi bilan to‘lib-toshgan maxsus muxammas ham yozgan edi. Furqatning asari musaddas bo‘lib, bu ham shu an’-anada bitilgan. Lekin shoir yashagan zamon, Turkistonday yurtning egasi qo‘lidan ketib, istilo asrining sayyodi qo‘liga tushishi unga, tabiiyki, yangi ma’no, yangi mazmun beradi. Qolaversa, furqatshunoslar ushbu musaddasning maydonga kelishida she’rda nomi zikr etiladigan Sa’dulla Hofizning yomonlar to-monidan fojiali o‘ldirilishini ham bir sabab qilib ko‘rsatadilar.
Musaddas 7 banddan iborat. Dastlabki band shunday boshlanadi:
Sayding qo‘ya ber, sayyod, sayyora ekan mandek,
Ol domini bo‘ynidin, bechora ekan mandek,
O‘z yorini topmasdan, ovora ekan mandek,
Iqboli nigun, baxti ham qora ekan mandek,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mandek,
Kuygan jigari-bag‘ri sadpora ekan mandek.
Shoir tuzoqqa tushgan ohuning holini xilma-xil tashbih va muqoyasalar bilan tasvir etgach, ovchiga xitob qilib, uni banddan ozod etishini so‘raydi.
Yashamoq, dunyoga shunchaki bir kelib ketmoq emas, shilliqurt misoli faqat qorin g‘amida g‘ovakda g‘imirlab o‘tib ketish xdm emas. Yashamoq, birinchi navbatda, hur, erkin yashamoqdir. Bas, «rishtani (tuzoq iplarini) kes!..» hayqiradi shoir, tog‘larga chiqib, yori bilan qovushsin. Kel, besh kunlik sening davringda bechora o‘ynab-quvonsin. Tengdoshlari bilan dunyo ne’matlaridan bahramand bo‘lsin. Umr bo‘yi sening duoyi joningni qilsin. Axir hijron o‘qlaridan jismi butun jarohat ekan. Jigar-bag‘ri ezilib, pora-pora bo‘lgan ekan-ku!
Har bir jonivor o‘z jinsi bilan bo‘lmog‘i lozim. Har bir hayvonning o‘z yaylog‘i (yaylov joyi) va qishlog‘i (qishloq joyi)ga teng keladigan saodati yo‘q. Faqat uni ozod qilish va o‘z holiga qo‘yish kerak. She’rda ilgari surilgan g‘oyalardan biri – shu, mazmuni — shu. Lekin bu fikrlar beixtiyor har bir millatning turmush va taraqqiyoti mutlaqo uning mustaqilligi va milliy zamin hamda o‘z an’analari asosida bormog‘i lozim degan va so‘ngroq jadidchilikning bosh masalalaridan biriga aylangan g‘oyani esga tushiradi. Bu hol Furqat ijodini yangi davr adabiyoti bilan bog‘laydigan muhim nuqtalardandir.
Tarji’band shaklida yozilgan musaddasning har bir bandi nihoyasida takrorlanib kelgan:
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mandek,
Kuygan jigari-bag‘ri sadpora ekan mandek, —
misralari asardagi lirik ruhning yanada jo‘shqin, ta’sirli bo‘lishini ta’minlagan. Professor G‘.Karimov ta’biri bilan aytganda «…musaddas mazmun jihatidan nihoyatda kuchli va chu-qur bo‘lib, kompoziniya jihatidan beqiyos tugallangan, badiiy forma va uslub jihatidan esa mislsiz yuksak asardir».
Tabiiyki, chor hukumati Furqatdek benazir iste’dodning, millatparvar shoirning, ortidan ko‘plab kishilarni ergashti-ra oladigan salohiyatli tafakkur sohibining Turkistonda yashashidan manfaatdor emas edi. Shuning uchun ham uning yurtga qaytish yo‘llari berkitib qo‘yildi. Xalq shoiri Abdulla Oripovning «Furqat nidosi» she’rida shunday misralar bor:
Yurt u yonda, men bu yonda, o‘rtada hijron seli –
Anga qo‘prik tashlamakka baytlarim bo‘ldi asos.
Darhaqiqat, shoirning muborak vujudi uzoqlarda qolib ketgan bo‘lsa-da, uning o‘lmas ruhi asarlari orqali avlodlar qalbida yashab kelmoqda.
Furqat ijodida islom ma’rifati va tasavvuf axloqi mavzui
Furqat she’riyatida islom ma’rifati mavzui yetakchi o‘rinni tashkil etadi. Zero, u yoshlik chog‘laridanoq diniy va dunyoviy ilmlarni mukammal egalladi. Madrasa ta’limini oldi. Arab va fors tillarini puxta o‘rgandi. Shariat va tariqat ilmida kamolga erishdi.
Furqat she’riyatini islom ma’rifati va ma’naviyatidan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Shoirning aksar baytlari Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarga bitilgan she’riy sharhlar ekanligi ham ushbu fikrni quvvatlaydi.
Shoir nazmida oyat va hadislarga murojaat ikki xil usulda bo‘lganligi kuzatiladi. Birinchisi – oyat va hadislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqgibos keltirish. Ikkinchisi – oyat va hadislarning she’riy sharhi.
«Qulungman» radifli g‘azalda shunday bayt keladi:
Deding: «La taqnatu min rahmatillah»,
Umid aylab ango boqg‘on qulungman.
«La taqnatu min rahmatillah» («Zumar» surasi, 53-oyat) oyati karimasi Qur’oni karim izohli tarjimasida: «Ollohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz!» deya sharhlangan. Mufassir vatandoshimiz Sayyid Mahmud Taroziy — Oltinxon to‘ra mazkur va unga yondosh oyatlarni quyidagicha tafsir qilgan: «Bu bir necha oyati sharifa insonlarni tavba va inoyatg‘a da’vat berur. Xoh alar kofirlar bo‘lsunlar yo gunohkorlar bo‘lsunlar, Olloh taolo alarning tamomi kufr va gunohlarin mag‘firat qilur va o‘z rahmatig‘a doxil etur».
Ko‘rinib turibdiki, oyati karima mazmuni teran. Furqatning xizmati esa uni go‘zal badiiy shaklda betakror ifoda etganligidir.
Shoir asarlarida hadislardan ham xuddi shunday iktibos olish hollari mavjud. Jumladan, u «Hajnoma»da shunday yozadi:
Risolat tojdori shohi «Lav lak»,
Nubuvvat bahrida bir gavhari pok.
Ta’kidlanganidek, Furqat she’riyatida oyat va hadislarga murojaatning ikkinchi – ularni she’riy sharhlash usuli ham mavjud. Misollarga murojaat etamiz:
Qodirekim, yerga qo‘ydi yetti ko‘kni besutun,
Mohu xurshidu kavokibdin berib ziynat ango.
«Xudoyi taolo shunday qodir zotdurki, osmonlarni ustunsiz ko‘tarib qo‘ygandur». Birinchi misrada xuddi shu oyati karimaning she’riy sharhi berilgan. Ikkinchi misra mazmuni esa «Mulk» surasi 5-oyatiga muvofiq keladi: «Va, albatta, dunyo osmonini chiroqlar bilan ziynatladik».
Ta’kidlash joizki, Furqat mazkur baytda, ayniqsa, ikkinchi oyat mazmunini yanada aniqroq sharhlaydi. Oyati karimadagi «chiroqlar»dan murod — moh (oy), xurshid (quyosh), kavokib (yul-duzlar) ekanligini go‘zal badiiy shaklda ifodalaydi.
Quyidagi shohbayt mazmuni yanada ta’sirchan:
Kulli ashyo junbush aylab zikrig‘a mashg‘uldur,
Vahshiyoni dasht, xaylul-bahru murgoni havo.
«Etti osmon, Yer va ulardagi bor jonzot — mavjud bo‘lgan barcha narsa hamdu sano aytish bilan Ollohni poklar, yod qilur. Lekin, sizlar (ey insonlar) ularning tasbeh aytishlarini -poklashlarini anglamassizlar» («Isro» surasi, 44-oyat).
Mazkur oyati karimani Oltinxon to‘ra quyidagicha tafsir qiladi: «Ya’ni, har bir maxluq, yaralmishlarning har biri zaboni ila yo holi ila Parvardigor pokligin bayon qilur va aning hamdin aytur. Lekin, sizlar bilmassizlar. Chunki sizlar bilmagan lug‘atda tasbeh ayturlar».
Oyati karimadagi teran mazmunni birgina baytda shunchalik betakror badiiy shaklda ifoda etish shoirdan nechog‘lik chuqur ilm, naqadar yuksak mahorat talab qilishini anglash qiyin emas. Shoir ushbu oyat mazmunini yanada oydinlashtirib sharhlaydi. «Kulli ashyo»ning Ollohni zikr etishini ta’kidlagan shoir o‘quvchiga ta’siri kuchliroq bo‘lsin uchun ulardan ayrimlarini nomma-nom sanaydi. Ular — dashtdagi vahshiy hayvonlar (vahshiyoni dasht), dengizlardagi jonivorlar (xaylul-bahr), havodagi qushlar (murg‘oni havo). Bunda bayt tagmatnida ifodalangan ma’no yanada e’tiborga loyiqdir. Ya’ni, mazkur jonivorlarki Yaratganning zikrini bir nafas bo‘lsin unutmas ekan, yaralmishlar afzali – Insonning bundan g‘ofil bo‘lishga haqqi yo‘q.
Shoirning «Yo rab» radifli g‘azali matla’i quyidagicha:
Qaroyg‘on dilga bergil nuri pokingdin ziyo, yo rab,
Ketib zangi gunah oyinadek topsun jilo, yo rab.
Savol tug‘iladi: Dil ham qorayishi mumkinmi? Shoir «zangi gunah» deganda nimani nazarda tutmoqda? Baytdagi obrazli tasvir faqat shoirona mahorat mahsuli xolosmi?
«Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilib, u gunohdan butunlay qaytsa, istig‘for aytsa, qalbi poklanadi. Mabodo gunohni ziyoda qilsa, qalbidagi qora yana ham ziyoda bo‘ladi» — deyiladi hadisi shariflardan birida. Ma’lum bo‘ladiki, shoir mazkur hadisdan ilhomlangan va undagi chuqur mazmunni she’riy baytlar zamiriga singdirgan. Shuning uchun ham bu g‘azalga Muqimiy, Muhyi, Muhayyir kabi zabardast shoirlar naziralar bitganlar.
Ma’lumki, mumtoz shoirlarimizning aksariyati tasavvuf hayotini amalda yashaganlar. Keyingi izlanishlar natijasida Furqatning ham tasavvuf ahlidan bo‘lganligini tasdiqlovchi bir qancha dalillar aniqlandi. Xususan, «Kulungman» radifli she’rida shoirning o‘zi shunday yozadi:
Iloho, tashlama Furqatni o‘tga,
Muridi hazrati Jiylon, qulungman.
Mazkur bayt Furqatning qodiriya tariqati asoschisi, tasavvuf ilmida ulkan maktab yaratgan Shayx Abdulqodir Jiyloniyni o‘ziga pir deb bilganligini ko‘rsatadi. Shoirning boshqa she’rlarida ham bunga ishoralar mavjud. «Aylang madad» radifli g‘azal maqta’i ham buning dalili:
Furqatiy yo‘llarda qoldi, G‘avsi A’zam dastgir,
Qo‘l tutarg‘a yo‘q erur bir rahnamo, aylang madad.
Ma’lumki, «G‘avsul-A’zam» — Abdulqodir Jiyloniyning nisbasi. Mazkur baytda ham Furqatning ulug‘ shayxga bo‘lgan ixlos va muhabbati ifoda etilgan.
Furqatning tasavvuf hayotini amalda yashaganligiga ko‘plab she’rlarida ishoralar mavjud. Afsuski, uning aynan qaysi piri komil tarbiyasini olganligi hozircha ma’lum emas.
Shu paytgacha shoir hayoti va ijodi bo‘yicha yaratilgan tadqiqotlarda uning arab mamlakatlarida bo‘lganligi qayd etilgan bo‘lsa-da, haj arkonlarini ado etganligi to‘g‘risida so‘z yuritilmagan edi. Keyingi izlanishlar Furqatning nainki haj ibodatini ado etganligi, hatto shaxsiy muhrida ham hoji unvoni aks etganligini isbotladi. Jumladan, shoirning O‘zbekiston Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan Yorkentdan 1896 yil avgust oyida yuborgan va sana qo‘ymasdan yo‘llagan maktublarida «Zokirjon hoji» unvoni bilan, shuningdek, 1905 yil 10 iyulda yuborgan maktubida «Hakim Zokirjon hoji» degan bitik bilan muhr bosilgan.
Shoir haj ibodati taassurotlari haqida bir qancha asarlar, jumladan, «Hajnoma» ham yozgan. O‘z davrining e’tiborli man-balaridan o‘rin olganligi shoir «Hajnoma»sining nechotlik mash-hur bo‘lganligi dalilidir. «Hajnoma» tarji’band Yo‘lida yozilgan bo‘lib, 12 band, 216 misradan iborat. Birinchi band payg‘ambar alayhissalom ravzasini ziyorat etish sharafiga noil etganligi uchun Yaratganga shukrona, nabiylar sarvariga salovati durud ruhi bilan sug‘orilgan. Ikkinchi va uchinchi band Madinai munavvaradagi Harami sharif — Al-masjid an-nabaviy vasfiga bag‘ishlangan. Shoir Haramni jo‘shqin bir muhabbat bilan tavsif etadi:
Bino chog‘ida me’mori — maloik,
Suvi — kavsar ani, tufrog‘i — anbar.
Suvi tufrog‘ini loy aylaganda
Somon o‘rnig‘a solg‘on mushki za’far…
To‘rtinchi band payg‘ambar alayhissalom me’roji ta’rifiga bag‘ishlangan. Shoir nabiylar sarvarining ummatlarga nechog‘lik mehribon ekanligi, me’rojda — Haq taolo huzurida ham gunohkor ummatlari g‘amini chekishini quyidagicha tasvirlaydi:
Hilol erdi buroqi summig‘a na’l,
O‘shal oqshomki, qildi sayri aflok.
Buroqu Jabroilu qoldi raf-raf,
Etushti o‘zi Haq qurbig‘a cholok.
Dedi Tangri: «Habibim, yo Muhammad,
Tila mandin bu dam, «Inna a’toynak».
Dedikim: «Ummatimni mag‘firat qil,
Erurlar osiyu saffoki bebok».
Beshinchi band «Odam farzandlarining afzali, olam yaralishining, bani Odam mukarramligining boisi» Muhammad alayhissalom vasfiga, oltinchisi ravzai muborak tavsifiga bag‘ishlangan. Yettinchi bandda Uhud tog‘i, sakkizinchisida Masjidul-Qubo ziyorati taassurotlari jo‘shqin misralarda ifodalanadi. To‘qqizinchi bandda Qiblatayn masjidi tarixi go‘zal badiiy lavhalarda aks etgan. O‘ninchi band shoirning inson va uning mohiyati xususidagi falsafiy xulosalari ifodalangani bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, u shunday yozadi:
Kel, ey jon, bo‘lsa ummidi najoting,
Xudo toatig‘a sarf et hayoting.
Bu yanglig‘ jurmu isyon birla kechsang,
Subhi Mahsharda kelmasmu uyoting…
Qutulmassan qochib hargiz o‘lumdin,
Agarchi uchgali bo‘lsa qanoting.
Tiriklikda Xudog‘a bandalik qil,
O‘lub borsang berur xatti baroting…
Halol o‘lsa hisobin san berursan,
Qolur moling olib binnu banoting.
Faromush aylama hargiz mamoting,
Ajaldin olmading xatti omoni.
O‘n birinchi band Madinai munavvara madhiga bag‘ishlangan. Quyidagi misralar payg‘ambar alayhissalomning muborak vujudlari abadiy qo‘nim topgan bu shaharga shoirning qanchalik ehtirom bilan qaraganligini ko‘rsatadi:
Chin ummat nazdida qimmat emasmu
Guhardin sangi xoroi Madina.
Na man tanho, kimiki ummatidur,
Qilur doim tamannoi Madina.
O‘n ikkinchi bandda Madina ziyorati shoirga nechog‘lik kuchli ta’sir etganligi yanada yorqinroq ko‘rinadi:
Bu yerda erdi, Furqat, kosh o‘lsam,
Jinonoso baqi’ig‘a ko‘mulsam.
Tilarmankim: berib barham o‘zumni
Jahon tashvishidin bir yo‘l qutulsam…
Harom o‘lsun manga guldek ochilmoq,
Sazodur g‘uncha yanglig‘ qong‘a to‘lsam…
Og‘ir tog‘din gunohim, yig‘lamasdin
O‘zum holimg‘a, ayb ermasmu, kulsam.
Agarchandiki Xo‘qandda tug‘ulsam,
Madina ichra, yo rab, ayla foniy.
Orifona tazarru aks etgan bu misralar shoir tuyg‘ularining naqadar samimiy ekanligini ko‘rsatadi. Umuman, Furqatning barcha asarlari kabi «Hajnoma»sida ham inson va uning mohiyati bilan bog‘liq falsafiy fikrlar betakror badiiyat ila ifoda etilgan.
Ta’kidlanganidek, diniy-ma’rifiy va tasavvuf axloqi yo‘nalishidagi asarlar Furqat ijodida yetakchi o‘rin tutadi. Bu asarlarni yangicha tafakkur asosida tadqiq etish va ularning jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rnini belgilash furqatshunoslikning dolzarb vazifalaridandir.
Manzumalari
Furqatning rus va Yevropa madaniyati targ‘ibiga bag‘ishlangan manzumalari sho‘rolar zamonida hukmron mafkura manfaatlariga moslashtirib targ‘ib etildi. Shu bois istiqlolning dastlabki yillarida ular aks ta’sir berdi: hatto ayrim «mutaxassislar» ushbu manzumalarga «tayanib», Furqatni chor «oxranka»si xizmatini qilganlikda ayblashga urindilar. Aslida mohiyat qanday edi?
Sir emaski, biz buyuk o‘tmishga egamiz. Lekin yana bir achchiq haqiqatni ham tan olmaslikning iloji yo‘q. Aynan XIX asrga kelib millatimiz tanazzul jarayonini boshdan kechirdi. Furqat Toshkentdayashar ekan, rus maktab-maorif tizimini ko‘rib hayratlandi. O‘zimizniki bilan taqqoslab, taraqqiyotdan nechog‘lik ortda qolganligimizni angladi. Taraqqiy etgan millatlar darajasiga ko‘tarilish uchun ta’lim tizimini isloh qilish lozimligini tushunib yetdi. Telefon, telegraf, gazeta, vistavka kabi o‘sha payt uchun yangilik hisoblangan hodisalarning millat hayotiga kirib kelishini xohladi. «Jahon basti kushodi» – jahondagi barcha mushkulotlarni yechish yo‘li ilm-ma’rifatda deb bildi. Millat farzandlarini shunga da’vat qildi:
Jahon basti kushodi ilm birla,
Nadur dilni murodi ilm birla.
Ko‘ngullarni sururi ilmdandur,
Ko‘rar ko‘zlarni nuri ilmdandur.
Bu so‘zlar hamma davrlar uchun ham birday ahamiyatli. Hech bir zamonda eskirmaydi. Qolaversa, ilm-ma’rifat qaysi mamlakatda, qay bir millatda bo‘lmasin, uni o‘rganish zarur. Bu – isbot talab qilmaydigan haqiqat. Furqat Rusiyaning mustamlaka siyosatini maqtagan emas, u rus xalqining madaniyatini targ‘ib etdi. Shunday madaniy daraja, shunday yuksalish bizda xam bo‘lishini orzu qildi.
Shoir «Suvorov haqida» manzumasini yozar ekan, hech shubhasiz, millat farzandlari orasidan u kabi sarkardalar yetishib chiqishini, millatning harbiy salohiyati yuksalishini istadi. Ma’lumki, Furqat mazkur asarni 1890 yil 5 oktyabrda Toshkentdagi rus teatrida ko‘rgan tomoshasi – rus dramaturgi N.Kulikovning «Suvorov qishloqda, Milanda va yaxshi ayollar orasida» nomli dramatik asari ta’sirida yozgan. Manzuma shoirning millat uchun yangi hodisa hisoblangan teatr san’ati haqidagi kuzatishlari aks etganligi bilan ham diqqatga sazovordir.
Furqatning «Masarratnoma», «Qasida» kabi asarlari ham mu-taxassislar o‘rtasida ayrim munozaralarga sabab bo‘lgan. Shoir «Qasida» asari so‘zboshisida shunday yozadi: «Arbobi nazardin umid ulkim, ushbu jaridag‘a munsifona ko‘ngul birla mutolaa va mulohaza aylagaylar. Mabodo xotirlarig‘a xutur qilmag‘oykim, ushbu so‘zlar xushomadgo‘ylig‘ yuzidin ado topqon bo‘lg‘ay deb. Chunki maqsudimiz asli boshqa yerga resha chekmakligi ko‘nglu-myz ganjinasida maktum va muzmardur. Vassalom».
Shoirning bu asarlarga insof yuzasidan baho berishni so‘rab yozgan ushbu so‘zlaridan keyin ham ular xususida yuzaki mulohaza yuritish arbobi nazar — olimlar uchun munosib bo‘lmagan holdir. Qolaversa, shoir xorijdan yuborgan maktublaridan birida «Masarratnoma»ni «Yorkand shahrida Komiljonboy oqsoqolning ishorati bilan yozildi» desa, yana boshqa bir manzumasini «Janob Ostroumov to‘ra farmoyishlarig‘a muvofiq 31-nomra gazet mazmunida bir manzuma tahrir aylab, xizmatlarig‘a yubordim» deb yozadiki, shularning o‘ziyoq shoir asarlarini baholashda qaysi mezonlar asosida yondashish lozimligi to‘g‘risida muayyan xulosalarga kelish imkonini beradi.
Nasriy asarlari. «Hajviyot»
Furqat Toshkentda yashagan davrida o‘zining tarjimai holini yozdi. Ta’kidlanganidek, shoirning ushbu tarjimai holi «Turkiston viloyatining gazeti»da (1891 yilgi o‘n uch sonida) e’lon qilingan.
Asar shu paytgacha mutaxassislar tomonidan «Sarguzashtnoma», «Furqatnoma», «Axvolot» kabi turlicha nomlanib keldi. Shoirning o‘zi «Turkiston viloyatining gazeti»da e’lon qilish chog‘ida uni «Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti – o‘zi yozgoni» deya nomlaydi. Shuning uchun mazkur sarlavhadagi «Ahvolot» so‘zini asar nomi sifatida qoldirish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Qolaversa, ushbu so‘z asar mohiyatiga ham mos tushadi.
«Ahvolot» — memuar asar. Unda Furqatning bolalik davridan 1891 yilgacha, ya’ni Toshkentdan chiqib ketgunga qadar boshidan kechirgan voqealar qiziqarli tarzda, badiiy shakdda hikoya qilinadi. Asarda Furqatning bolalik davri, ilk bor maktabga borishi, buyuk salaflar asarlari mutolaasidan bahramand bo‘lishi, madrasa ta’limi, Qo‘qon xonligidagi tartibsizliklar, tirikchilik tashvishlari bilan Yangi Marg‘ilonga borishi, u yerda do‘stlar orttirishi, Qo‘qonga qaytishi, Muhyi, Muqimiy, Zavqiy, Nisbatiy va boshqa shoirlar adabiy davrasidagi faoliyati, Marg‘ilon va Xo‘jand orqali Toshkentga kelishi, yangicha ma’rifatparvarlik faoliyati, umuman, shoirning ona-Vatandagi ibratli hayoti xususida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
«Ahvolot»da, shuningdek, o‘sha davrdagi tarixiy vaziyat, rus bosqini munosabati bilan millat hayotiga kirib kela boshlagan Yevropa turmush tarzi, madaniyati, shoirning mashhur zamondoshlari to‘g‘risida ham muhim fikrlar bayon qilingan. Ma’lum bo‘ladiki, asar faqat Furqat hayoti va ijodini o‘rganish nuqtai nazaridangina emas, millatimizning XIX asr ikkinchi yarmidagi tarixi va madaniy hayoti bilan yakindan tanishish jihatidan ham alohida ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham «Axvolot» har doim mutaxassislar e’tiborini tortib kelgan. Furqat ijodi bo‘yicha shu paytgacha mamlakatimizda va xorijda yaratilgan tadqiqotlarda mazkur memuar asardan muhim manba sifatida foydalanilgan.
«Qavoidi Chin va umuroti siyosiy»
Furqat hayoti va ijodiga oid manbalardan ma’lumki, u arab, fors, rus tillarini mukammal bilgan. Shoirning hind tilidagi «Pesai axbor», «Hablul-matin» gazetalaridagi ma’lumotlarga munosabat bildirib maqolalar yozganligi uning bu tilni ham yaxshi bilganligini ko‘rsatadi. «Qavoidi Chin va umuroti siyosiy» asari uning xitoy tilini ham ancha puxta egallaganligi dalilidir. Professor Sh. Yusupovning ta’kidlashicha: «Furqat o‘z asarini yaratishda birinchi manba sifatida foydalangan kitob xitoy muallifi Guang Shuyning qalamiga mansub bo‘lib, u endigina yozib tugallangan va hali u vaqtlarda Furqat bilgan boshqa tillarning birortasiga ham tarjima qilinmagan edi»ki, bu ham ushbu fikrni quvvatlaydi.
Furqat Yorkentdan «Turkiston viloyatining gazeti» bosh muharriri N.P. Ostroumovga yo‘llagan, yozilgan sanasi ko‘rsatilmagan bir maktubida «Ushbu daf’a xat birlan bir kitobkim, shul vaqtdagi Chin davlati xonining vafot topqon otasi Cho‘ngxon o‘z tab’idin tasnif qilg‘on ekan, yaxshi zarurlik so‘zlari bor uchun xizmatingizg‘a yubordim», – deb yozgan edi.
«Qavoidi Chin va umuroti siyosiy» mazkur gazetaning 1905 yil 22 dekabr sonidan bosila boshlaganligi e’tiborga olinsa, Furqatning maktubi 1905 yilning o‘rtalarida yozilgan bo‘lib chiqadi. Oradan bir yilcha vaqt o‘tgandan keyin, demak, 1906 yili yo‘llangan yana bir maktubida (bu maktubning ham yozilgan sanasi ko‘rsatilmagan) shoir «O‘tgan yilda Xitoy xoni tasnif qilg‘on bir kitob birlan bir maktub xizmatingizga yuborub erdim. Ani(ng) borib tekkan va tegmagan sababidin hech xat yozmadingiz. Lozimdurki, iltifot qilib, bir maktub yozgaysiz», – deb yozadi.
«Qavoidi Chin va umuroti siyosiy» gazetaning 1905 yil 22 de-kabr №50, 1906 yil 1 yanvar №1, shuningdek, 15, 22 fevral 7-8-sonlarida e’lon qilingan. Ma’lum bo‘ladiki, asar «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgandan keyin ham, oradan bir yil o‘tsa-da, Ostroumov Furqatga gazetaning mazkur sonlarini yuborish tugul unga bu haqda bir og‘iz xabar berishnida lozim ko‘rmaydi. Shuning o‘ziyoq chor hukumatining Turkistondagi e’tiborli vakillaridan biri, missioner N. P. Ostroumovning shoir Furqatga bo‘lgan «hurmati» nechog‘lik ekanligini his etish imkonini beradi.
Bugina emas. Gazetaning 1906 yil 22 fevral 8-sonida «Baqiyasi bor» degan qayd bo‘lishiga qaramay, keyingi sonlarida asarning davomi bosilmaydi. Uning bizga ma’lum qismida Xitoy qoidalari («Qavoidi Chin») haqida ancha mufassal ma’lumot berilgan. Nomlanishidagi «umuroti siyosiy» («siyosiy ishlar») atamasiga ko‘ra, uning Xitoy siyosiy hayotiga oid muhim qismi gazetada bosilmagan va bizgacha yetib kelmagan.
«Qavoidi Chin va umuroti siyosiy» mazmun-mohiyati jihatidan ham, badiiyati bilan ham kimmatli asardir. Furqatning ta’kidlashicha, Xitoy podshohi Guang Shuy odamlarni besh qismga bo‘ladi. Birinchi qism — podshohlar va katta-kichik mansabdorlar. Ikkinchi qism — ota va bolalar. Uchinchi qism — eru xotinlar. To‘rtinchi qism — og‘a va inilar. Beshinchi qism — yoru do‘stlar. Asarda mamlakat tinch, el-yurt farovon bo‘lishi, odamlar o‘rtasidagi munosabatlar yuksak ma’naviyatga asoslanishi uchun mazkur besh toifa insonlar amal qilishi zarur bo‘lgan qoidalar bayon qilinadi. Fikr ta’sirchanligini oshirish uchun hikoyatlar keltiriladi. Jumladan, birinchi qism haqida muallif shunday yozadi: «…Katta-kichik mansabdorlar chin ko‘ngul va yaxshi e’tiqod birla podshohning farmonini tutub, jonlarini fido qilib, xizmatda ustuvor bo‘lmog‘liqdur. Va umum raoyo va fuqarolar hamma vaqt chin ixloslari birla podshohning davomi davlati va baqoi saltanatini Xudovandi karim dargohidin talab va istid’o qilmog‘liqdurkim, fuqarolarning osoyishi podshohning davlati barqarorlig‘ig‘a manut va marbutdur».
Darhaqiqat, hamma zamonlarda ham mamlakat taraqqiysi podshoh — mansabdorlar – fuqaro munosabatlariga bog‘liq bo‘lgan. Katta-kichik mansabdorlar mamlakat rahbari farmonlarining hayotga tatbiq etilishi uchun «jonlarini fido qilib, xizmatda ustuvor bo‘lsalar», shubhasiz, bu yurt obodligiga olib keladi. Ikkinchi qism — ota va bolalar munosabatlari haqida yozar ekan, muallif ota-onaning «o‘g‘ul va qiz farzandini yaxshi tarbiyatlar birla boqib, ilmu hunar ta’lim berib, molu pulini nisor qilishi, oxir umrida mulku ashyolarini meros qo‘yib ketishi»ni alohida ta’kidlaydi. Farzandlarning ham «… ota-onasig‘a o‘runluq vafo qilishi» zarurligi, ularga «… libos va xo‘rok vositasi birla xizmat yetkurub, duo olmog‘liq va alarning farmonini podshohning farmonini tutqondek tutub, ehtiyot qilmog‘liqlari» shart ekanligini qayd etadi.
Ayniqsa, quyida keltirilgan fikrlarning tarbiyaviy ahamiyati benihoya katta: «Va yana o‘g‘ul bola xotun olsa, ota-onasig‘a vafo qilmoqni ul xotung‘a ta’lim bermog‘liqdur. Va agar kelin qaynota va qaynonasig‘a vafodorliq qilmasa, gunoh o‘g‘ulg‘a bo‘lg‘ay. Va agar o‘g‘ulni(ng) o‘z onasi vafot bo‘lub, otasi boshqa xotun olsa, ango ham o‘z onasig‘a vafo qilgondek vafo qilmoqlig‘i lozimdur».
Ushbu so‘zlarga qatiy amal qilish oilaviy munosabatlardagi juda ko‘p muammolarni hal qilgan bo‘lar edi.
Asarning qoidalar bayon qilingan qismida Xitoy qoidalarining o‘ziga xos jihatlari yaqqol namoyon bo‘ladi. Jumladan, «O‘g‘ul va nabira o‘z ota-onasini va bobo-momosini dashnom bersa va xotun kishi ham qaynota va qaynonasini va qaynbobo va qayinmomosini dashnom bersa, andoq kishini(ng) jazosi — Xitoy qavoidida bo‘g‘ub o‘lduradur». Keyingi qoida bo‘yicha ota-ona va bobo-momosini urgan o‘g‘il, nabira yoxud kelin qilich bilan chopib o‘ldi-rilishi ta’kidlanadi. Bu bizning o‘lchov-mezonlarimiz jihatidan karalganda, benihoya shafqatsiz qoidalar bo‘lib tuyulishi aniq. Lekin ular zamirida ota-ona va bobo-momoni hurmat qilish farzand va nabiraning ham, kelinning ham burchi ekanligi, ularga dashnom berish yoxud qo‘l ko‘tarish osiylik bilan barobarligi kabi yuksak insoniy fazilatlar mujassam.
Uchinchi qism — eru xotinlar haqida yozar ekan, muallif ulardan har birining oila baxt-saodatini ta’minlashdagi huquq va burchlari xususida so‘z yuritadi. Er har doim xotinga mardona bo‘lishi lozimligi, xotini xoh sohibjamol, xoh badnamo bo‘lsin, bir ko‘ngidda bo‘lishi zarurligi, agar badnamo xotin olib qolsa, Xudoning irodasiga bo‘ysunishi kerakligi, xotin erning ota-onasiga gustohlik qilsa, unga avval nasihat qilib, shundan ke-yingina tanbeh berishi maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlanadi.
O‘z navbatida xotin ham eri xoh boy, xoh kambag‘al bo‘lsin, noshukrlik qilmay, Xudo bersa yaxshi kun ko‘ramiz deb yaxshi niyat qilishi, qaynota va qaynonasini o‘z ota-onasiday ko‘rib, ularning xizmatini bajonidil ado etishi zarurligi uqgiriladi.
Asarda to‘rtinchi qism — aka-ukalar to‘g‘risida ham ibratli mulohazalar bayon qilingan. Jumladan, Furqat bu haqda shunday yozadi: «… bir ota, bir onadin tug‘ulg‘on og‘a-inilar bir-biri birla ittifoq bo‘lub, izzat va hurmat birla bo‘lmog‘liq va har ikki o‘g‘ul bir-birig‘a shafqat qilmog‘liqdur. Mundog‘ bo‘lsa, ota-ona farzandidin xushnud bo‘lur».
Beshinchi qism — yoru do‘stlar haqida bildirilgan mulohazalar ham barcha zamonlar uchun birday ahamiyatli: «… bir kishi yana bir kishini do‘st tutarda rost so‘zlarni arog‘a solib, ahdu pay-mon bog‘lamog‘liq. Avval kerakkim, badasl va nodon kishini do‘st tutmag‘ay. Boyadki, vologuhar va sodiqul-qavl, vafodor kishini do‘st tutg‘ay. Agar do‘sti nomurod va faqir bo‘lib qolsa, avvalg‘idek muomala qilib, balki ziyodaroq lutfu shafqat va mehru sadoqat ko‘rguzmog‘liqdur… Ota-onasig‘a va og‘a-inisig‘a vafo qilmag‘on odamni do‘st tutmag‘oykim, begona kishig‘a albatta vafo qilmaydur».
Asarda yozilishicha, mazkur besh toifa odamlar munosabati xususida Xitoy xoni maxsus farmonlar chiqargan. Shuningdek, asar yozilgan paytda ushbu qoidalarga amal qilinmayotganligi, ularga sal avvalroq rioya etilganligi ma’lum bo‘ladi. Furqat bu haqda: «Holo xoqon — mansabdor bu qoidalarni mujro qilmaydur» — deya ta’kidlaydi.
Asarda bayon etilgan qo‘ni-qo‘shnichilik odoblari, o‘zaro oldi-berdi munosabatlarini tartibga solish borasidagi qoidalar ham ibratli.
Bundan tashqari, asarda anosiri arba’a (o‘t, havo, suv va tuproq)ning fizik xususiyatlari va tibbiyotning ular bilan bog‘liq jihatlariga oid qimmatli mulohazalar bayon qilingan.
Umuman, ushbu asar XX asr o‘zbek nasri namunasi sifatida Furqat ijodiy merosini to‘laqonli tasavvur etishda muhim ahamiyatga ega.
Furqat ilmiy faoliyat bilan, xususan, adabiyotshunoslik, elshunoslik, tarix, tabobat, hay’at (astronomiya) kabi ilmlar bilan jildiy shug‘ullangan. Uning tabobat borasidagi shuhrati bir qancha manbalarda qayd etilgan. Ta’kidlanganidek, «Zubdatul-hukamo» («Hakimlarning sarasi») unvoni sohibi bo‘lganligiyoq uning tib ilmi borasidagi salohiyatini his etish im-konini beradi. «Ahvolot»da Furqat o‘zining Qo‘qon xonligi tarixiga oid asar yozganligiga ishora qiladi. Afsuski, bu asar hanuzgacha aniqlangan emas.
Hozircha Furqatning to‘rt ilmiy asari xususida fikr yuritish imkoniga egamiz. Ulardan uchtasi elshunoslik (etnografiya) yo‘nalishidagi asarlar bo‘lib, «To‘y xususida», «Aza xususida», «Gap xususida» deb ataladi. Ularda shoir xalqimizning to‘ylari, aza marosimi, gapgashtaklar, ularning o‘ziga xos tartib-qoidalari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. To‘yda aytiladigan yor-yorlar, azada o‘qiladigan marsiyalar, gapgashtaklardagi she’r-qo‘shiqlar matnidan ayrim lavhalar beradi.
Ushbu asarlar milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Furqatning to‘rtinchi ilmiy asari – adabiyotshunoslik yo‘nalishida. «Ilmi she’rning qoidai avzonini bayoni» deb nomlangan ushbu asarni yozishda Furqat Navoiyning «Mezonul-avzon» asariga tayanadi. Asarda aruz vaznining eng muhim qonun-qoidalari bayon qilingan.
Mazkur to‘rt asar hajman uncha katta bo‘lmasa-da, bizgacha ularning Furqat o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan matnlar asosida yetib kelganligi muhimdir. Ushbu asarlar mukammal nasta’liq xatida ko‘chirilgan bo‘lib, Furqatning xattotlik mahorati to‘g‘risida ham muayyan tasavvur bera oladi.
Jurnalistlik faoliyati
Furqat birinchi o‘zbek jurnalistlaridan. Uning jurnalistlik faoliyati dastlab Toshkentda, «Turkiston viloyatining gazeti» tahririyatidan boshlangan bo‘lsa, keyinchalik xorijda yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgani ma’lum. Chet ellardan yozgan xalqaro ahvol, turli mamlakatlardagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, turli millatlarning urf-odatlari, ma’naviy darajasi to‘g‘risidagi xabar va maqolalari uning jurnalist, publitsist sifatidagi yuksak salohiyati dalilidir.
Bu jihatdan shoirning «Xo‘qandlik Zokirjon Furqatning «Peysai axbor» nom Hindiston gazetidin naql qilib yozgan xabari» sarlavhali maqolasi diqqatga sazovordir. Maqolada afg‘on xalqining ingliz mustamlaka siyosatiga qarshi olib borgan ayovsiz kurashi xususida so‘z boradi. Jumladan, shoir yozadi: «Ushbu vaktlarda har o‘n besh kunda bizga kelib turgan «Peysai axbor» nom Hindiston gazetida yozibdurki, shul kunlarda anglis birlan ko‘histoniy afg‘onlarning arolarinda bo‘lub turgan muhoraba nihoyatda qattig‘dur. Xususan, Savot mavzeida qiziq muhorabalar voqe’ bo‘lub turodur. Andin boshqa Navshahr degan mavze’da ham muhoraba bo‘lub turodur. Qariybki, afg‘on xalqi Navshahrni musaxxar qilsalar. Va yana bir jamoa afgon lashkari Feshovar qal’asig‘a yaqin borib turub, har kun muhoraba qiladurlar. Yana andin boshqa ikki-uch yerda xeyli qattiq muhorabalar bo‘lubdur. Afg‘on xalqining haddu hisobi yo‘qdur. Ko‘p anglislar vujud shahristonidin adam sahrosig‘a yuz qo‘yubdur. Bovujudi anglis lashkari paydar-pay kelib turodur…».
Maqola mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Furqat mustamlakachilar tarafida emas. Aksincha, mazlum afg‘on xalqining ozodlik kurashi tarafdori. Maqolada yana shunday yoziladi: «Malankan degan mavze’da o‘n ming chog‘lig‘ afg‘on xalqi bilan anglis lashkari orasida muhoraba bo‘lub, afg‘on xalqi shikast topgon vaktda afg‘on xotunlari erlari qo‘lidin urush asboblarini olub, yakbora o‘zlarini anglis lashkarig‘a urub, bir yarim soatda ang-lislarga shikast beribdurlar».
Ozodlik – muqaddas tuyg‘u. Inson har qanday qiyinchilikka, musibatga bardosh berishi mumkin. Lekin ona yurtini begonalar egallamoqchi bo‘lsa, haq-huquqlari poymol etilsa, e’tiqodiga, muqaddas tuyg‘ulariga daxl qilinsa, uning ko‘ziga o‘lim ham ko‘rinmaydi. O‘z erki, onazamin ozodligi uchun kurashga otlanadi. Furqat mazkur maqolani yozgan vaqtida uning jondan sevgan Vatani ham mustamlaka girdobida, vatandoshlari esa istibdod jabrini tortayotgan edi. Aslida Furqat Afgonistondagi ingliz mustamlaka siyosatini fosh etish orqali yurtdoshlarini Turkistondagi chor Rusiyasi istibdodining g‘ayriinsoniy mohiyatidan ogoh qiladi. Millatni o‘z haq-huquqini anglashga, zarur bo‘lsa, afg‘onlar kabi o‘z erki, ozodligi uchun kurashishga da’vat etadi.
Ko‘rinib turibdiki, Furqatning xalqaro jurnalist sifatidagi faoliyati benihoya ahamiyatli. Bugina emas. Furqat gazetchi (jurnalist) qanday bo‘lishi kerak, qaysi bir mezonlarga rioya etishi, nimalardan saqlanishi lozim, degan masalalarga ham alohida e’tibor beradi: «Gazet muallifiga kerakkim, — deb yozadi u bir maqolasida, — insofpesha va rostandesha bo‘lg‘ay. Noloyiq va nomunosib so‘zlarni gazetg‘a solmag‘ay va yozg‘on kalomidin gazet o‘qig‘uvchilarg‘a naf’ va foyda hosil bo‘lg‘ay. Agar biror hikoyat yozsa ham aning zaminida bir foydalik mazmuni bo‘lg‘ay. Xorijiya va doxiliya ahvolotidin yozsa, adl va insof yuzidin rostliq birla yozg‘aykim, e’tibor va istihsong‘a bois bo‘lsun».
Yozilganidan buyon qariyb bir asr muddat o‘tgan bo‘lsa-da, ushbu mulohazalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas. Umuman, Furqatning jurnalistik faoliyati, publitsistik maqolalari ham yangicha tafakkur asosida qayta baholanmog‘i kerak.
Xulosa
Furqat – milliy ma’naviyatimizning eng zabardast siymolaridan biri. Uning serqirra ijodiy faoliyati millat yoshlarining barkamol shaxslar bo‘lib voyaga yetishida, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega. Binobarin, furqatshunoslikning bugungi kungacha qo‘lga kiritgan yutuqlari shoir merosining hamma zamonlar va davrlar uchun birday ahamiyatli, qadrli ekanligi to‘g‘risidagi muhim va haqqoniy xulosaga olib keladi.