Begali Qosimov. Abdulhamid Cho‘lpon (1897-1938)

Cho‘lpon portreti. «Unutilmas siymolar» (1999) to‘plamidan olindi

Cho‘lpon XX asr o‘zbek adabiyotining eng mashhur namoyandalaridandir. Uning hayoti va ijodiy faoliyati adabiyotimizning eng yorqin sahifalaridan birini tashkil qiladi. U badiiy ijodning deyarli hamma turi bilan faol shug‘ullandi. She’r, hikoya, roman, drama, tanqid, tarjima — hammasida ijod etdi. Lekin, birinchi navbatda, yangi o‘zbek she’riyatining asoschisi bo‘lib tarixga kirdi. U an’anaviy mumtoz she’riyatimizni isloh qildi. Undagi sirlilik, qo‘letmaslik, tantanavorlik, nuktapardozlik o‘rniga samimiy, tabiiy, jonli ifoda usulini olib kirdi. Ma’shuqa tavsifi va hol sharhini yangi asoslarga ko‘chirdi. Voqelik uning uchun ham asosiy tasvir ob’ekti, ham uni baholaydigan mezon edi. She’riyat hech qachon kundalik xalq hayotiga bu qadar yaqin kirib bormagan edi. Xalq hayotida yuz bergan har bir hodisa unda o‘sha zahotiyoq aks sado topdi. Har bir hodisa Vatan va Millatning manfaati nuqgai nazaridan yoritildi. Zamon qorishiq edi. Bir tomondan, mustabid chor hukumati qulab, tarix mustamlaka zulmini tortib kelgan millatlarga o‘z mustaqilliklarini o‘rnatish uchun buyuk bir imkon berdi. Ayni paytda, sho‘rolar ijtimoiy ozodlikni, yo‘qsulparvarlikni bayroq qilib, mehnatkash Turkiston qalbini zabt etmoq uchun kurashni kuchaytirdilar. Va bunga erishdilar. Hokimiyat garchi bolsheviklarga 1917 yilning noyabrida o‘tgan bo‘lsa-da, uning o‘rnatilishi, tabiiyki, uzoq va shiddatli qurashlar ostida kechdi. Sho‘rolar bu sanani, ya’ni «sotsializm tomon buyuk burilish»ni 1929 yil deb belgilaydilar. Shungacha bo‘lgan davr o‘tish davridir. O‘tish davrining o‘z xususiyatlari bor, albatta. Masalan, o‘zbek milliy she’riyati ifoda va timsollar tizimida oshkoralikdan pinhoniylikka, ohangda esa, keskinlikdan murosaga tomon borgani ko‘riladi. Shunga ko‘ra, she’riyatimizda 10-yillarda xitob va chaqiriqlar kuchli bo‘lsa, 20-yillarda ramziy timsollar, imo-ishoralar ko‘p.

Yangi she’r birgina g‘oya va mazmuni emas, nafosatiga ko‘ra ham milliy edi. Masalan, arabcha, forscha so‘zlar o‘rniga turkiy-o‘zbek, eski o‘zbek so‘zlariga e’tibor qaratilishi, arabiy aruz o‘rniga qadim turkiy barmoqqa murojaat qilinishi, sarbastning kirib kelishi bunga dalil. Ayni paytda, bu she’riyat, shu jumladan, Cho‘lpon poeziyasi, bir tomondan, Sharqning boy ma’naviyati an’analariga suyansa, ikkinchi tomondan G‘arbning rangin falsafasidan, ohanglaridan ham oziq oldi. Cho‘lpon she’riyati Sharq va G‘arbni o‘zida jamuljam eta olgan she’riyatdir.

Cho‘lponshunoslik

Cho‘lpon adabiyot sahnasida ko‘rinishi bilanoq ko‘zga tashlangan ijodkorlardan. Binobarin, cho‘lponshunoslik uning ijodi bilan birga boshlangan desak, mubolag‘a bo‘lmas. Uning matbuotda e’lon kilingan birinchi asari esa, mutaxassislarimizning aniqlashlariga qaraganda, «Sadoyi Turkiston»ning 1914 yil 18 aprel sonida «Abdulhamid Sulaymoniy» imzosi bilan bosilgan «Turkistonli qardoshlarimizga» she’ridir. Garchi «Abdulhamid Sulaymoniy» nomi 10-yillardagi matbuot sahifalarida tez-tez uchrab tursa-da, u haqdagi dastlabki maqolalar 20-yillarning boshlarida paydo bo‘ldi. Va bularning birinchisi tatar yozuvchisi Zarif Bashiriy (1888-1962)ning 1923 yil 4 mayda «Turkiston» gazetasida shoirning ilk to‘plami «Uyg‘onish»ga yozilgan taqrizi edi. Shu yili mazkur gazetaning 10 dekabr sonida munaqqid Vadud Mahmud(1897— 1976)ning shoirning ikkinchi she’riy to‘plami haqidagi «Cho‘lponning «Buloqlar»i» nomli taqrizi bosilib chiqdi. 1924 yilda tatar adabiyotshunosi Abdurahmon Sa’diy (1889—1956), 1925 yilda mashhur Abdulla Qodiriy u haqda yozdilar.

1927 yilda tanqidchi Olim Sharafiddinov(1903—1943)ning «O‘zbek shoirlari. (Cho‘lpon)» («Qizil O‘zbekiston» gazetasi, 14 fevral) maqolasi bilan matbuotda shoir ijodi haqida katta bahs ochildi. O.Sharafiddinov Cho‘lpon ijodini ilmda endigina shakllanib kelayotgan markscha metodologiya asosida tekshiradi va uning asarlariga sinfiy yondashib, «Cho‘lpon boylar, millatchi ziyolilarning mafkurachisidir, shularning shoiridir», «Cho‘lponning asarlari bosdirilar ekan, uni qattiq tahlil qilib, kuchli tsenzuradan o‘tkazib, muvofiklarini bosish kerak» degan xulosani beradi. Unga javobni yosh Oybek berdi. «Cho‘lpon shoirni qanday tekshirish kerak?» degan maqola bilan chiqib, uning she’rlarini mafkura emas, san’at qonunlari asosida tekshirish lozimligini uqdirdi va ruslarning Pushkinga munosabatini ibrat qilib keltirdi. Bahsga jurnalist, partiya va davlat xodimlaridan Usmonxon Eshonxo‘jayev (1898—1938) aralashadi. «Munaqqidning munaq-qidi» («Qizil O‘zbekiston» g., 22, 23, 27 iyun) maqolasini yozib, Oybekning fikrlarini rad etadi. Shoirga «dunyoqarashi yo‘q», «tanazzulparvar», «xayolparast» degan ayblarni yopishtiradi. Ulardan «cho‘lponizm»ni keltirib chiqaradi va buning yoshlar uchun g‘oyat za-rarli ekanligini tushuntirishga tushib ketadi. Oybek «Munaqqidning munaqqidi» maqolasining egasiga» javob (mazkur gazeta, 23 avgust) bilan chiqadi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov Respublika madaniyat xodimlarining shu yil 4—5 oktyabrda bo‘lib o‘tgan 2-qurultoyidagi «Mafkuraviy jabhadagi kurash va madaniyat xodimlarining vazifalari» nomli ma’ruzasida bahsga yakun yasaydi. O. Sharafiddinov va Usmonxon fikrlarini qo‘llash bilan cheklanmay, «Cho‘lponni qayta tarbiyalash mumkinligi» masalasini ham «bahsli» hisoblaydi. Shu tariqa, uning ijodi ustidan «zararli!» degan hukm chiqariladi. Cho‘lpon qurultoy hay’atiga arznoma bilan murojaat qiladi, keyingi she’rlarida qisman «millatparastlik» kayfiyatlari bo‘lganligini tan olgan holda o‘ziga qo‘yilayotgan barcha siyosiy ayblarni rad etadi. Unga quloq solmaydilar va qurultoydan quvib chiqaradilar. Mashhur adabiyotshunos Ozod Sharafildinov ushbu 1927 yil mojarosini «Adabiyotshunoslik va tanqidning manqurtga aylanishi» degan ko‘p yillik va ko‘p pardalik fojianing birinchi pardasi» deb ataydi.

Shundan keyingi o‘n yil Cho‘lpon va cho‘lponchilikka qarshi kurash bilan o‘tdi. Sho‘rolar hukumati uni «fosh qilish»ga o‘z davrining deyarli barcha ijodkor ziyolilarini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. U haqda Moskvada o‘qib kelgan yosh Otajon Hoshimdan tajribali, dunyo ko‘rgan Miyonbuzruk Solihovgacha, yo‘qsulparvar tanqidchi Anqaboy Xudoybaxtovdan yozuvchi M. Sheverdingacha yozdilar. Abdurahmon Sa’diy 20-yillardagi qarashlaridan chekinib, Cho‘lponni «ashaddiy millatchi» qilib ko‘rsatdi. «Kim o‘zar»lik musobaqasi shu darajaga yetdiki, uning hali nashr qilinmagan kitoblari haqida «fosh etuvchi» so‘z aytib, sovrin talashdilar. Yozuvchi Tuyg‘unning Cho‘lpon qamalishidan ozgina oldin 1937 yil 22 mayda «Yosh leninchi» gazetasida e’lon qilgan maqolasi shoirning bosilmasdan izsiz yo‘qolgan «Jo‘r» nomli she’riy to‘plami haqida edi.

Shu tariqa, bu mash’um fojianing «ikkinchi pardasi» (O. Sha-rafiddinov) Cho‘lponning hibsga olinib, qatl qilinishi bilan yakunlandi.

Nihoyat, zamon aylanib, sho‘ro tizimining temir murvatlari bir oz darz ketib, 1956 yil shabadalari 30-yillar qatag‘onlarini yumshatgandek bo‘ldi. Cho‘lpon oqlandi. Tezkorlik bilan uning ijodiy merosini o‘rganuvchi besh kishilik (Bahrom Rahmonov -Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi — rais; a’zolar: Uyg‘un, Mirzakalon Ismoiliy, G‘ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov) e’tiborli hay’at tuzildi. Lekin ish siljimadi. 60-yillarning o‘rtalarida «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalida shoirning uch-to‘rt she’ri bilan «Sho‘ro hukumati va sanoyi nafisa» degan maqolasi chiqdi-yu, yana hamma narsa taqa-taq to‘xtab qoldi. Aksincha, u hakdagi fikr va baho deyarli oldingiday davom eta-verdi. Hatto bu boradagi xatti-harakatlar jazolana boshladi. Masalan, 1968 yilda tuzilgan «Tirik satrlar» antologiyasi, birinchi navbatda, Cho‘lpon she’rlaridan namunalar kiritilgani uchun bosmaxonadan chiqmay, qatag‘on qilindi. Noshir va muharrir Markazqo‘m maqomida muhokama qilindi. 70-yillarning oxirida esa, Cho‘lpon va uning zamonasi tadqiqiga qo‘l urgan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti boshida kaltak sindi. Va bu hol qayta qurish va oshkoralik zamonigacha davom etdi. Nihoyat, 1988 yilda «Kecha va kunduz» romani Ozod Sharafiddinov so‘zboshisi bilan «Sharq yulduzi» jurnalida e’lon qilindi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, «Yulduzcha» nashriyoti shoirning «Bahorni sog‘indim» nomi bilan mo‘jazgina she’riy to‘plamini chop etdi. 1991 yilda G‘afur G‘ulom nashriyoti adibning «Yana oldim sozimni» nomi bilan salmoqli kitobini bosib chiqardi. Mustaqillik Cho‘lpon ijodini xalqqa tanitishni yangi asoslarga ko‘chirdi. «Xazina» ilmiy-ijodiy birlashmasi 1993 yildan uning uch tomlik asarlari nashrini boshladi va shundan ikkitasi 1994 yilda nashrdan chikdi. «Ma’naviyat» nashriyoti shoir tavalludining 100 yilligiga uning «Go‘zal Turkiston» nomli bir she’riy to‘plamini e’lon qildi. Ayni paytda, u hakda keng ko‘lamda tadqiqotlar ham maydonga kela boshladi. Dastlabkilari istiqlolimiz bilan izma-iz maydonga keldi. Bular Ozod Sharafiddinovning «Cho‘lpon. Shoir haqidagi rivoyatlar va haqiqatlar»4, Naim Karimovning «Cho‘lpon» risolalari edi. Shu yili 3. Eshonova «Cho‘lpon poeziyasining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladi. Bir yil o‘tgach, D. Kuro-nov «Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida xarakter psixologizmi» nomida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1998 yilda ushbu muallifning «Cho‘lpon nasri poetikasi» mavzuidagi doktorlik ishi yokdandi. Shuningdek, uning adabiy-estetik qarashlari, milliy-poetik tafakkuri, publitsistik mahorati bilan bog‘liq qator dissertatsiyalar yozildi va yozilmoqda. Ayni paytda bir qator risolalar, kitoblar ham nashr qilindi. Tadqiqotchilar orasida Cho‘lponning hassos va fidoyi muxlisi Ozod Sharafiddinovning xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak. Olimning 1991 yilda nashr etgan «Cho‘lpon» risolasi u haqda qilinayotgan ishlarning mazmun va yo‘nalishini belgilab bergan kitob bo‘ldi. «Cho‘lponni anglash» esa, mohiyatan cho‘lponshunoslik tarixining bugungi kun talqinidir. Yoshlardan Cho‘lpon nasri bo‘yicha D. Quronov samarali ishlamoqda.

2003 yilda N. Karimovning «Cho‘lpon» ma’rifiy romani «Sharq» nashriyotida bosilib chiqdi.

Adibning hayoti va ijodini atroflicha o‘rganish va har tomonlama baholash, xususan, yangi o‘zbek adabiyotining shakllanishi va taraqqiyotidagi o‘rnini ilmiy asoslab berish ishlari endi boshlanmoqda.

Hayot yo‘li

«Cho‘lpon» taxallusi bilan shuhrat topgan Abdulhamid Sulaymon 1897 yilda Andijon shahrining Qatorterak mahallasida dunyoga keldi. Otasi Sulaymon Mulla Muhammadyunus o‘g‘li (1874—1929) bazzoz edi. Bazzoz — gazlamafurush degani. Taxmin qilish mumkinki, oila o‘ziga to‘q bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Sulaymon bazzoz zamonasining ko‘zi ochiq ziyolilaridan bo‘lib, «Rasvo» taxallusi bilan she’rlar yozgan, hatto devon tartib qilgan. O‘g‘li Cho‘lpon bilan she’riy yozishmalari bo‘lganini naql qiladilar. Xonadonda zamonning olimu fozillari tez-tez bo‘lib turganlar.

Abdulhamid dastlab eski maktabda, so‘ng Andijon, Toshkent madrasalarida o‘qiydi. Shuningdek, Andijondagi rus-tuzem maktabida ham tahsil olgan. Yoshlikdan matbuot bilan tanishib borgan.

Bo‘lajak shoirning shakllanishida ayricha rol o‘ynagan hodisalardan biri uning Zaki Validiy (1890-1970) bilan tanishuvi bo‘ldi. 1912 yilda Zaki Validiyning «Turk va tatar tarixi» degan kitobi bosiladi. Kitob qisqa muddatda katta shuhrat topadi. «Turk yurdu» (Turkiya), «Tarjimon» (Qrim), «Vakt» (Orenburg) maqolalar beradi. Mashhur Bartold muallifni Peterburgga tak-lif etadi. Qozon universiteti tarix va arxeologiya jamiyatiga a’zo qilib oladi. Turkistondan taniqli ma’rifatchi Ashurali Zohiriy va Qo‘qon xoni og‘aliqzodasi Yunushoji Og‘aliqov Zaki Validiy bilan yaqindan tanishish va suhbatlashish uchun Boshqirdistonga boradilar. Behbudiy Turkiston tarixini yozishni birgina unga ishonib topshirish mumkinligini matbuotda yozib chiqadi va yosh olimni Samarqand madrasalariga taklif etadi. 15 yashar Abdulhamid ham bu kitobni o‘qib chiqadi. Ta’sirlanib, muallifiga minnatdorchilik maktubi yozadi, Andijonga taklif etadi. Taqdirning taqozosi bilan Qozon universiteti Zaki Validiyni 1913 yilning oxirlarida Farg‘ona vodiysiga ilmiy safarga yuboradi. Olim Andijonda ekan, Nazir To‘raqul (mashhur Nazir To‘raqulov, davlat va jamoat arbobi) bilan birga Abdulhamidlar uyida bo‘ladi va bu aloqa Zaki Validiy yashirin faoliyatga o‘tgan 1920 yilga qadar davom etadi.

Boshqa omillar ham bo‘lgan. Yozuvchi V. Yan o‘z xotiralarida («Sovetskaya endiklopediya»da Cho‘lpon haqida maqola yozish jarayonida u bilan suhbatlashgan edi) shoirning otasi uni mudarris qilmoqchi bo‘lgani, lekin u madrasada bir dunyo ko‘rgan ziyoli bilan tanishib, fikri tamom o‘zgargani, «adabiy-siyosiy ishlarga qizg‘in havas uyg‘onib», «o‘zbek milliy o‘quvchisi bo‘lishga qaror bergani», ayni paytda, barcha yoshlar singari Fitrat ta’sirida yurgani haqida yozgan edi. MXX arxivi hujjatlaridan ham uning Abdurauf Fitratga alohida ixlosi borligi ma’lum bo‘ladi. Jumladan, u Fitratni 1913 yildan g‘oyibona tanigan. Ilk bor Samarqandda Fitrat muharrirlik qilgan «Hurriyat» tahririyatida uchrashganlar. 1919 yildan butun faoliyatlari hamkorlikda, hamfikrlikda kechgan3. Xullas, Cho‘lponning matbuotdagi dastlabki she’r va maqolalari 1914 yildan ko‘rinadi. «Sadoyi Turkiston» gazetasi 1914 yil 14 aprel sonida «15 yashar Abdulhamid afandi»ning «Turkistonli qardoshlarimizga» she’rini mushtariylariga havola etar ekan, o‘quvchilarni «yoshgina qalbi ila yorug‘lik va ilm-maorif yo‘liga boshlagan»idan mamnunligini yashirmagan va uning kelajagiga katta umid bildirgan edi. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, «Sadoyi Turkiston»ning 1914 yil 29 aprel sonida chop etilgan «Qurboni jaholat» hikoyasi Cho‘lponning birinchi nasriy asaridir. Dastlabki asarlari «Abdulhamid Sulaymon», «Abdulhamid Sulaymoniy» imzolari bilan bosildi. So‘ngroq «Qalandar», «Mirzaqalandar» va nihoyat, «Cho‘lpon» taxalluslari bilan chiqdi. Tariximizga Cho‘lion nomi bilan kirdi.

V. Yan yuqoridagi xotirasida Cho‘lpon tilidan uning mudarris bo‘lishdan qochib, Toshkentga kelgani va gazeta-jurnallar tahririyatida yurgani aytiladi. Har holda u shu yillari gazetalar bilan yaqin aloqada bo‘lganiga shubha yo‘q. Zaki Validiy uning 1917—1918 yillarda siyosiy ishlar bilan ham shug‘ullanganini, jumladan, Orenburgda Boshkirdiston hukumati raisining kotibi lavozimida ishlaganini ma’lum qiladi. Ikkinchi bir o‘rinda «Turkiston hukumat a’zolaridan Ubaydulla Xo‘ja va safdoshlari Mirmuhsin, shoir Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon), buxoroli Abdulhamid Orif o‘g‘li shu paytlarda (1918 yil yozi ko‘zda tutiladi) Boshqirdistonda ishladilar», deb yozadi. Bu ma’lumotni Boshqirdiston hukumati rahbarining o‘zi keltirayotgan ekan, u har qanday shubhadan xolidir. Shoirning mashhur tatar hurriyatparvari Mullanur Vohidov (1885-1918) o‘limiga bag‘ishlab she’r yozishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Cho‘lpon, yuqoridagi e’tiroflariga qaraganda, 1919 yilda Toshkentda Fitrat yonida bo‘lgan, «Chig‘atoy gurungi»da ish olib borgan. 1920 yilning avgustida Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlari qurultoyida ishtirok etadi.

Adibning 1927 yilda o‘zbek ziyolilarining qurultoyiga yozgan arizasidan shu yillari TurkRosTAda, «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Turkiston», «Buxoro axbori» gazetalarida mas’ul la-vozimlarda ishlagani ma’lum bo‘ladi. Taxmin qilish mumkin-ki, u Buxoroda Fitrat hukumat tarkibida ishlab turgan 1920-1923 yillarda xizmat qilgan. Ziyo Said uning bir muddat 1920-1922 yillarda chiqib turgan «Buxoro axbori»da mas’ul muharrir bo‘lganini qayd etadi. Zaki Validiy xotiralari ham uning 1921-1922 yillarda Buxoroda yashaganini tasdiqlaydi. 1922 yilda Toshkentda chop etilgan «O‘zbek yosh shoirlari» she’riy to‘plami (antologiyasi)da uning 14 she’ri bosilib chiqadi. Shu yili «Uyg‘onish» nomi bilan uning birinchi she’riy to‘plami e’lon qili-nadi. 1923 yilning boshlarida esa, ikkinchi she’riy to‘plami «Buloqlar» nashrdan chiqadi.

Prof. Ozod Sharafiddinov Cho‘lponning 1924 yilda Moskvada Maorif uyi qoshidagi yosh o‘zbek artistlarining mahora-tini oshirish uchun tashkil qilingan dramatik studiyaning adabiy emaqdoshi va rahbarlaridan biri bo‘lganini ma’lum qiladi. Zaki Validiy «…so‘ng zamonlarda Moskvada adabiyot va san’at instituti yoxud akademiyasida ham tahsil olgan», deydiki, har ikki ma’lumot mohiyatan bir-biriga yaqin. Bu yillar, darhaqiqat, Cho‘lpon uchun tahsil yillari bo‘ldi. Moskva adabiy-madaniy muhiti bilan yaqindan tanishdi. Teatr va teatrchilik sirlarini o‘rgandi. 1926 yilda uchinchi she’riy to‘plami «Tong sirlari» va «Yorqinoy» pesasi chop etildi. Bu davrga kelib u zamonasining eng mashhur shoiri bo‘lib tanildi.

Shu tariqa 1927 yil kirib keldi. Sho‘ro hukumati ijtimoiy uyg‘onish bayrog‘i ostida milliy uyg‘onishga qarshi hal qiluvchi hujumga o‘tdi. Davrning birinchi milliy shoiri Cho‘lpon ziyolilar qurultoyidan haydab chiqarildi. Qiyin-qistov kunlar boshlandi. Asarlari ming bir chig‘iriqqa solindi. Bosilgan she’rlari ustidagi «ur kaltak» kuchaygandan kuchaydi. Dastlab «g‘oyasiz» deyish bilan cheklanilgan bo‘lsa, endi ularni «zararli», muallifni esa, ochiqdan-ochiq «dushman» deya boshladilar. Shoir qand kasaliga mubtalo bo‘ldi. Zamon og‘irlashib bordi. Botu qamaddi. Munavvarqori otildi… Arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 1931 yilda Cho‘lpon Fayzulla Xo‘jayev tomonidan Moskvaga jo‘natib yuboriladi va tadbirkor rahbar shu yo‘l bilan shoirni bir muddat saqlab qoladi. Cho‘lpon 1932—1934 yillarda Moskvada yashadi. SSSR Markaziy Ijroiya Komiteti apparatida tarjimon bo‘lib ishladi. Badiiy tarjima bilan ham shug‘ullandi. Shekspirning «Hamlet», Karlo Goddining «Malikai Turondot» asarlarini tarjima qildi. «Kecha va kunduz» romanini yozdi.

U Toshkentga 1935 yilda qaytib keldi. Shoir atrofidagi gap-so‘zlar, tahqir va ta’qib hamon davom etardi. Shularga qaramay, u buyuk bir sabot va iroda bilan original asarlar yozar, tarjimalar qilar edi. U mash’um 1937 yilga qadar, bor-yo‘g‘i 2 yil oralig‘ida «Kecha va kunduz» romanini hamda «Soz» she’riy to‘pla-mini nashrdan chiqardi. «Jo‘r» she’riy to‘plamini bosmaga topshirdi. Gorkiyning «Ona» romanini, «Egor Bulichev» pesasini, Pushkinning 25 she’ri va «Dubrovskiy», «Boris Godunov» asarlarini, Lohutiyning «Evropa safari»ni tarjima qildi.

Cho‘lpon 1937 yilning kuzida qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda otib tashlanadi.

Ijodiy merosi

Cho‘lpon bizga qoldirgan adabiy merosining umumiy ko‘lami bir qadar ma’lum bulsa-da, ular hali bir joyga to‘planishi u yoqda tursin, ayrimlari aniqlanish bosqichida turibdi. Shunga qaramasdan, shoir asarlari uch tomligining nashr qilinishi va bulardan ikkitasining o‘quvchilar qo‘liga tekkanligi muhim hodisa bo‘lib, muallif ijodi haqida fikr yuritishga bemalol imkoniyat beradi. Jumladan, 1-jildidan shoirning «O‘zbek yosh shoirlari» (1922) to‘plamiga kirgan 14 she’ri va «Uyg‘onish» (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) va turli davr matbuotida e’lon qilingan she’rlar, jami — 252 she’r o‘rin olgan. Bu shoir she’rlarining tugal nashri emas, albatta. Masalan, B. Do‘stqorayev bosmaga tayyorlagan «Go‘zal Turkiston» (1997) to‘plamida yuqoridagi nashrga kirmay qolgan she’rlari bor, izohlar bilan chop etdi. Goh-goh matbuotda yangi topilgan she’rlari e’lon qilinib turibdi. Bu, tabiiy hol, albatta.

Cho‘lpon nosir sifatida ham adabiyotimizda salmoqli o‘rin tutadi. Adib uch jiddligining 2-jildiga uning mashhur «Kecha va kunduz» romani bilan birgaliqda turli davrlarda yozilib chop etilgan 13 hikoyasi kiritilgan. Ular orasida 1914 yilda e’lon qilingan ilk hikoyalari «Qurboni jaholat» va «Do‘xtur Muhammadyor»dan sovet davrida bosilgan «Kileo‘patra» (1923) gacha bor.

«Qurboni jaholat»da Eshmurod degan yigitning fojiali taqdiri hikoya qilinadi. Eshmurod – o‘qimishli yigit, lekin atrof zimiston. Hammayoqda jaholat. Hatto o‘z otasi uni gazeta o‘qigani uchun masxara qiladi. Maktab, ilm-fan, ibrat olish degan gaplarga millatning toqati yo‘q – Eshmurodga mana shu tashvishlar tinchlik bermaydi. Uning ustiga bir voqea yuz beradi-yu Eshmurodning hayoti ostin-ustin bo‘lib ketadi. Eshmurodlarnikiga uning yoshlikdagi tanishlaridan Mo‘minjon kelgan edi. Ko‘zini shamg‘alat qilib, otasining soatini o‘marib ketibdi. Otasiga esa yaqin do‘sti Nazarali so‘fi hadya qilgan edi. Mo‘minjon ketishi bilan izma-iz ular kirib keladilar. Gap aylanib soatga kelib taqaladi-yu, uning yo‘qolgani ma’lum bo‘lib qoladi. Izza bo‘lgan ota o‘g‘liga dashnom berish bilan kifoyalanmaydi, kaltaklaydi. Esh-murod nomus kuchidan yotib qoladi. Bir oycha yotib, bir oz tuzalgach, qo‘shnisi mingboshining bog‘chasiga chiqib, gazeta varaqlab o‘tirganda yana shunday voqea yuz beradi. Mingboshi uni gazeta o‘qitish uchun mehmonxonasiga taklif qiladi. O‘yinqaroq yoshlardan biri kelib, bu gal mingboshining qoziqqa osib qo‘yilgan tilla soatini o‘g‘irlaydi va uning tuhmati Eshmurodga tushadi. Hech bir gap-so‘z yo‘q, mirshablar bostirib kelib, uni qamamoqchi bo‘ladilar. Bularga chiday olmagan Eshmurod o‘zini otib, nobud qiladi. Bir-ikki kundan keyin taftishlar chog‘ida o‘g‘ri aniqla-nadi, lekin vaqt kech edi. Shu tariqa u jaholat qurboni bo‘ladi.

Asar badiiy jihatdan zaif, albatta: voqealar sun’iy, til ishlanmagan, dramatizm nochor va hokazo. Lekin dastlabki hikoyasidayoq voqelikni mahzun, faje’ idrok etish, Turkiston musi-batini teran anglashga intilish seziladi.

«Do‘xtur Muhammadyor»da bir oz nur bor. Muallif ma’rifatchiligi bir qadar yorug‘ bo‘yoqlarda aks etgan. Hikoya markazida Muhammadyor taqdiri turadi. U 15 yoshida otasi bilan hajga borib, bir dunyo sarguzashtni boshidan kechirgan Hoji Ahmadning o‘g‘li. Hoji Ahmad inson saodati ilm-ma’rifatda ekanligini yaxshi anglaydi, bir guruh johil qimorbozlar qo‘lida jon berarkan, o‘g‘liga o‘qishini tayinlaydi. Muhammadyor otasi qotillaridan o‘ch olmaydi. Hammasiga aybdor jaholat ekanligini tushunib yetadi va bor kuchi bilan o‘qishga beriladi. Jamiyati xay-riya vositasi bilan dastlab Bokuda gimnaziyada, so‘ng Petrograd universitetida, nihoyat 7 yil Shveydariyada dorilfununning tibbiyot fakultetida o‘qiydi. Yurtiga qaytib kelib, bilimi orqasidan obro‘-e’tibor topadi. Xususiy shifoxona ochib, kamba-g‘allarni tekin davolaydi. «Vatan» nomli jurnalni, «Xabar» degan gazetani yo‘lga qo‘yadi. Oddiy Muhammadyordan «Do‘qtur xodimi millat Muhammadyor»ga aylanadi.

Muhammadyor do‘xturgina emas, qalam egasi hamdir. Petrogradda ekan, aziz umrlari samarsiz kechayotgan madrasa talabalari turmushidan «Umrlik shogirdlar» degan roman yozadi va rus tiliga tarjima qilinadi. Talabaligining so‘nggi yilida esa, Mosk-va va Petrograddagi turkistonli maskovchi boylar hayotidan «Poytaxt mehmonlari» nomli bir teatr kitobi yozib, «tilsiz», ilmsiz, madaniyatdan uzoq boyonlarimizning ko‘cha-ko‘yda, mehmonxo-na nomerlarida ajnabiylar tomonidan haqorat qilinishlarini ko‘rsatib beradi. Uni o‘zi ruschaga tarjima qiladi. Poytaxt teatrlaridan birini ijaraga olib, talaba o‘rtoqlari bilan sahnaga qo‘yadi. Bosh rol – xo‘jayinni o‘zi o‘ynab, olqishlar oladi. Ko‘ri-nayaptiki, Cho‘lpon XX asr boshidagi Turkistonning peshqadam kishisi deganda, zamonning mana shunday hamma masalalariga javob bera oladigan, barcha jabhada elning koriga yaraydigan shaxsni tasavvur etadi.

Muhammadyorning barcha xatgi-harakatlarini boshqarib turgan kuch uning el-yurtiga muhabbatidir. Bir tomonda, pul topib, aql topmagan boylarimizning o‘z sarvatlarini qimor va fahshga sarflab, mol-mulklarining ajnabiy kelgindilar qo‘liga o‘tib borishi, ilmsiz mast-alast boyvachchalarning o‘zaro talashib, burnilaridan narini ko‘ra olmasliklari, ikkinchi yoqda, tahqirlar, haqoratlar Muhammadyorni qatgiq iztirobga soladi. Darhaqiqat, uning nazdida millatni mahv etgan eng buyuk illat jaholatdir. U poyezdda Vatanidan olislab ketar ekan, buyuk bobolarini ko‘rgan bobo tog‘larga qarata nido qiladi. Ularni ko‘zlarini ochishga u zamon bilan baravar qadam tashlashga chaqiradi:

«Ey vatandoshlarim! Qachongacha bu g‘aflat? Nimaga buncha xush-yoqmassizlar? Axir, sizlar ham odam-ku! Odamlardek harakat qilingizlar! Ko‘z oldingizg‘a kelub turg‘on ilm va ma’rifat mevasidan foydalanmasdan nimaga og‘izlaringizni ochub qarab turasizlar? Nimaga bu ishlarga kirishmaysizlar? Uyqudan ko‘z ochinglar! Uyqudan qo‘z ochinglar! Urininglar! Ilm, ma’rifat va hunar izlanglar! Vaqt yetdi, balki o‘tdi!»

Uzoq yillar Yevropada yurib, Turkistonga qaytar ekan, poyezdda yana o‘sha eski manzaraga duch keladi: «vagon ichida pish-pish uxlagan va bilet yo‘qotub kandukto‘rlardan tayoq yegan betartib» millatdoshlari… Muhammadyor chiday olmay, tanburga chiqadi. Ko‘ziga maftunkor vatanning manzaralari uriladi. Yo‘q, bular Shveydariyadan mutlaqo qolishmaydi. Mahsuldor tuproqlarining esa, Amerikanikidan hech bir kamligi yo‘q…

Uning xayolidan shular o‘tadi: «Xalq o‘z foydasini anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovrupo dorilfununlarig‘a bolalarini yuborsa, do‘qtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis(injener)lar chiqsa, bunlarning har biri o‘z vazifalarida turub ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xalqimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar go‘zal bo‘lur edi…» Lekin bu xayollar shu ondayoq shubhaga g‘arq bo‘ladi, yana jonlanadi. Agar shunday fikrli odamlar har shaharda bo‘lsalar, albatta, amalga oshadi, deb o‘ylaydi. Vataniga qaytgach, g‘ayrat bilan ishga kirishadi va ko‘p narsaga erishadi. Xususiy shifoxona va magazinlarga mehnati, tadbirkorligi bilan qonuniy asoslarda erishadi.

Ko‘ringanidek, hikoya ma’rifiy darajada qolgan, badiiylikka ko‘tarilgan emas. Asosiy sababi bayonchiligida. Tasvir deyarli yo‘q.

20-yillarda nashr etilgan hikoyalari, xususan, o‘zbek ayollari takdiridan so‘z ochgan «Qor qo‘ynida lola», «Oydin kechalarda», «Nonushta», «Gavharoy» kabi hikoyalari badiiy saviyasi bilan 10-yillardagi asarlaridan keskin ajralib turadi.

Cho‘lponning eng mashhur nasriy asari, shubhasiz, «Kecha va kunduz» romanidir.

Cho‘lpon teatrchilik bilan ham shug‘ullandi. Ayniqsa, Buxoro va Moskvada ekanligida. Bir qator dramalar yozdi. Mutaxassislar uning «Boy» (1914), «Xalil farang» (1917), «Yorqinoy» (1920), «Cho‘pon sevgisi», «Cho‘rining isyoni», «Mushtumzo‘r», «O‘rtoq Qarshiboyev», «Hujum» (V.Yan bilan hamkorlikda) kabi sahna asarlari yozganligi haqida ma’lumotlar beradilar. Lekin, afsuski, ularning aksariyati matni yo‘q, taqdiri noma’lum. Ayrimlarininggina mazmuni va yo‘nalishi haqida qaydlar bor. Masalan, Zaki Validiy «Cho‘rining isyoni», «Mushtumzo‘r», «O‘rtoq Karshiboyev» o‘zbek inqilobiy harakati tarixidan olingandir», deb yozadi. «Hujum» nomidan ko‘rinib turganidek, xotin-qizlar ozodligi mavzuiga bag‘ishlangan.

Cho‘lpon uch jildligining 2-jildiga 1923 yilda chop etilgan «Gunoh» nomli ixcham bir «kulgu tomosha»si bilan «Yorqinoy» kiritilgan. Demak, yuqorida nomlari keltirilgan 8 asarning 2 tasininggina matni bor.

«Yorqinoy»ning 3 jildlikdagi nashri 1926 yilgi Moskva bosmasi asosida amalga oshirilgan. O.Sharafiddinovning aniqlashicha, o‘zbek dramteatri repertuarida eng uzoq, salkam o‘n yil saqlangan asarlardan. Asarning markazida Yorqinoy obrazi turadi. U xonning sarkardasi O‘lmas botirning yakka-yu yagona qizi. O‘lmas botir qizini o‘g‘ilday tarbiya qilgan, yoshlikdan qilich-bozlik hunarini o‘rgatgan. Kiz otasining bog‘boni Po‘latni se-vadi. Po‘latning ham unda ko‘ngli bor. O‘lmas botir esa qizini xonning o‘g‘liga bermoqchi. Bu orada Nishabsoy hokimi ham odam qo‘ygan. Muallif asar voqealariga ijtimoiy (oq-qora) bo‘yoq beradi. Masalaga shu davrda shitob bilan adabiyotga ham kirib kelayotgan faqirparvarlik maslagidan yondashadi. Chunonchi, qizning otasi bilan Po‘lat o‘rtasida o‘tib bo‘lmas choh bor. Po‘latning barcha qarindoshlari xon va uning sarkardasi O‘lmas botir tomonidan o‘ldirilib, o‘zi xizmatkorlikka olingan. Xonlik saltanati bilan xalq o‘rtasidagi nizo avjda. Xalq junbushga kelib, ko‘tarilgan. Po‘lat xalq ishonchini Yorqinoyga muhabbatidan ustun qo‘yib, ular bilan tog‘larga chiqib ketadi va O‘lmas botir qo‘shiniga qarshi urushga kiradi. «Urush orqasida»gi voqealar ham shiddatli kechadi. Nishabsoy hokimi vaziyatdan foydalanib, makr-hiyla bilan Po‘latning nomini o‘rtaga qo‘yib, qizni qo‘lga tushiradi. Yorqinoy tadbirkorlik bilan Nishabsoy hokimi qo‘lidan o‘zini qutqaradi. Bugina emas, xalq bilan xon orasidagi urushni yarashga aylantiradi. Po‘lat xon ko‘tariladi, adolat qaror topadi.

O. Sharafiddinov Cho‘lponning Yorqinoy obrazini yaratishida «Oloy malikasi» nomini olgan Qurbonjon dodxoh (1811— 1907) ni ko‘zda tutgan bo‘lishi ehtimolini qayd etadi. Bizga ham bu ancha mantiqli ko‘rinadi. Bunga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, 1875 yilda Xudoyorxon qochib, Nasriddinbek taxtga chiqqanida xalq g‘alayonlari avj olib, bir muddat Andijonning Bo‘taqora qishlog‘idan Po‘latxon xon ko‘tarilgan edi. Cho‘lponning o‘z qahramonini yaratishida bu voqea ham turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Cho‘lponning adabiy-tanqidiy merosi va tarjimalaridan ham namunalar chop etilgan. Masalan, 1994 yilda uning adabiy-tanqidiy maqolalaridan bir dastasi «Adabiyot nadir?» nomi ostida «Cho‘lpon» nashriyoti tomonidan chop etildi. I.S.Turgenev, N.V.Go-gol, L.Andreevdan qilingan ayrim tarjimalari 3 jildlik asarlarining 2-jildida bosildi. Umuman olganda, ziyolilar shoir tarjimalaridan sobiq sho‘ro davrida ham xabardor edilar. Masalan, I. A. Krilovning:

Daraxtning bo‘shini qurt yeydi doim
Tarihda misollar juda ko‘p bunga… —

satrlari bilan boshlanadigan mashhur «Bo‘ri bilan qo‘zichoq» ma-salini bilmaydigan yo‘q. Yoki necha o‘n yillar davomida Hamza teatri sahnasidan tushmay kelgan «Hamlet»ni oling. Bu tarjimalar allaqachon xalq mulkiga aylangan edi, faqat ularning tarjimoni ko‘rsatilmas edi. Shuningdek, adibning adabiy-tanqidiy asarlari ham estetik tafakkurimiz rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Cho‘lpon she’riyati

Cho‘lpon adabiyotning juda ko‘p tur va janrlarida samarali ijod etgan bo‘lsa-da, shoir sifatida ko‘proq shuhrat topdi. U XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, yangi o‘zbek she’riyatining boniysidir. Uning o‘z davrida to‘plamlarda bosilib chiqqan va bugun ma’lum bo‘lgan she’rlari u qadar ko‘p emas. Lekin ular o‘zbek ziyolilariga chaqmoqdek ta’sir qilgan va butun adabiyotni o‘z izmiga olgan edi. 20-yillar o‘zbek she’riyatining chinakam Cho‘lpon davridir.

U she’riyatga juda erta kirib keldi. Ilk she’rlaridanoq mil-liy shoir sifatida tanildi. Masalan, bizga ma’lum bo‘lgan va matbuotda chop etilgan ilk she’ri «Turkistonli qardoshlarimizga» o‘ksik Vatan — Turkiston jarohatlari haqida edi. Chunonchi, «ma’rifatsizlik balosiga yo‘liqqan», foydazararini unutgan, yaxshi-yomonini tanimaydigan, tor manfaatlari doirasida ko‘milib qolgan, «topganini boshqalarga berib», o‘zi «och-yalang‘och» qolgan, bir so‘z bilan aytganda, millat sifatida adoyi tamom bo‘lgan «bizni xalq» haqida edi. Ismoilbek Gasprinskiy vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasida buyuk islohotchining «uyg‘otguvchi ustod»ligiga diqqatni qaratdi. 1917 yil 28 noyabrdagi «Turkiston muxtoriyati»ni olqishlab chiqdi, uni «ozod turk bayrami» sifatida qabul qildi. Unga mehru muhabbatini izhor etdi. Uni qo‘lga kiritgan Vatan va xalqni sharafladi:

Muxtoriyat olindi,
Ishlar yo‘lga solindi.
Milliy marshlar cholindi,
Dushman o‘rtansun endi!

Hurriyat — bayrog‘imiz,
Adolat – o‘rtog‘imiz,
Xursand bo‘lgan chog‘imiz,
Mevalansun bog‘imiz!

Turkistonli — shonimiz, turonli — unvonimiz,
Vatan — bizni jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!

Vaziyat murakkab edi. Sho‘ro mafkurasi islom dunyosining eng nozik nuqtasidan — musulmonchilikning faqirparvarligidan g‘oyat ustalik bilan foydalanib, Turkistonning ziyolilari qalbini zabt eta bordi. Shoirning 1918 yilda «Nizomiddin Asomiy o‘rtoqqa» bag‘ishlangan va o‘sha yili Turkiston Kompartiyasi va Markaziy Ijroiya qo‘mitasi organi «Ishtirokiyun»da chop etilgan «Qizil bayroq» she’rini hamda undagi «mazlum ishchilar» bilan «qonxo‘r burjo‘ylar» muqoyasasini boshqacha izohlash mumkin emas. Lekin shoir ko‘p o‘tmay, juda ko‘p zamondoshlari singari aldanganini anglab yetdi. E’tirof e’tirozga, u esa o‘z navbatida, e’tizorga aylanib bordi. Bu Cho‘lpon ijodiy taqdiriga xos muhim va murakkab bir holdir.

Shoir sovet hokimiyati zo‘rayib, erkin fikr qiyin-qistovga tushayotgan 1926 yilda uchinchi va «Soz»ni hisobga olmaganda, so‘nggi she’riy kitobiga quyidagi serma’no satrlarni epigraf qilib keltirgan edi:

Bir esib o‘tdilar «Uyg‘onish» yellari,
Bir qaynab toshdilar ko‘zyoshi — «Buloqlar».
Ey, tongda qaltirab o‘ynashgan yaproqlar,
Tek turing, yoyilsin endi «Tong sirlari».

Haqiqatan ham, 1916 yil mardikorlik voqealari, 1917 yilda oq podshoning taxtdan ag‘darilishi, olingan va boy berilgan is-tiqlol, 20-yillarning jangu jadallari millatni uyg‘otdi. Sevinch va alam yoshlari to‘kildi. «Buloqlar» o‘sha ko‘z yoshlardir. Hammasi o‘tdi. Endi o‘tganni anglamoq va anglatmoq zamonidir. «Sirlar»ni ochmoq zamonidir. Shoir «tongda qaltirab o‘ynashgan yaproqlar»ni — gofil, chorasiz avlodni tinglashga, idrok etishga undaydi.

Har uch to‘plamning bosh mavzui Vatan va Millat tashvishlaridir, Turkistonning tuganmas dardidir. Shoir ona yurtining ajib manzarasini chizadi. O‘quvchining ko‘z o‘ngida «tog‘lari ko‘klarga salom bergan», «salqin suvlari uchmoxlarning kavsaridek pokiza», bo‘liq-mahsuldor qir-adirlari ma’sum go‘dak xayolidek ko‘z yetmas, ado bo‘lmas Turkiston paydo bo‘ladi. Biroq shoir — dilgir, mahzun. Shoir emas, to‘g‘rirog‘i, u chizib bergan manzara mahzun. Gap shundaki, jannatdek bu o‘lka vahshiyona toptalgan: «ko‘m-ko‘k go‘zal o‘tloklar bosilgan», ularni to‘ldirgan poda-yilqilar yo‘q, otlar kishnamaydi, qo‘ylar ma’ramaydi. Qizlar, kelinlar tog‘-toshga berkingan. Vatan begonalar oyog‘i ostida. Shuning uchun ham suvlar toshdan-toshga urilib, nola qiladi, buloqlar ing-raydi, ming bitta hadik bilan irmoqqa quyiladi. Shonli tarix, erk va istiqlolni har narsadan muqaddas tutgan, qullikka hech qachon bo‘yin egmagan otalar shijoati esga tushadi. Shoir «ot chopganda uchar qushni tutguvchi» yigitlarni, «Tog‘ egasi sor burgutlar»ni qidiradi. O‘lkaga xitoban, uni ko‘p yillardan buyon «bag‘rini ezib», «egasini bir qul kabi yanchib kelgan» «hech haqqi yo‘q xo‘jalar»ga «ket!» deyishini, «qo‘llariga erk ber»ishini, ya’ni qilichini qindan olishini istaydi. Uni tinimsiz so‘roqqa tutadi. Zulm va xo‘rlikka, tahqir va malomatlarga javoban «o‘ch buluti»ning «sellarini yog‘dir»ishini istaydi.

Biz shoirning 1920 yilda yozilgan va o‘z davrida juda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan «Buzilgan o‘lkaga» degan she’rining mazmunini keltirdik. Shoir unga «doston» deb izoh bergan. Aslida u hajman uncha katta emas, 60 satr atrofida. Lekin uning bag‘-riga Turkistonday jahon tsivilizatsiyasining chorrahasida kelgan bir o‘lkaning fojiasi singdirilgan. Nomi ham juda o‘rinli. Darhaqiqat, bu – buzilgan o‘lka! Uni buzdilar. «Madaniyat» nomi bilan, «yo‘qsulparvarlik» shiori bilan buzdilar. She’rda ikki nar-saga alohida diqqat qaratilayapti. Biri — tabiatning o‘ziday musaffo, go‘zal, diltortar o‘lka. Ikkinchisi – uni shafqatsiz poy-mol etgan vahshiy kuch. Agar uni jamiyat hayotiga ko‘chiradigan bo‘leak, bir tarafda qadim zamonlardan buyon o‘z an’analari bilan tinch va osoyishta, birovga zarra malol keltirmay yashab kelayotgan Turkiston va uning boyliklarini talab, xalqini xizmatkorga aylantirish istagidagi Rusiya. Tabiiyki, shoir xalqi bunga chiday olmaydi, ayniqsa, Millat va Vatanni har narsadan muqaddas tutgan ijodkor. Gap – shunda. Bu she’r hali sho‘rolar kuch olmagani, erkin fikrga bir qadar yo‘l berilgani uchun bosilib chiqdi va turli talqinlarga sabab bo‘ldi. Shoir G‘ayratiy hatto unga javoban «Tuzalgan o‘lkaga» degan she’r ham yozdi. Lekin she’r o‘z ishini qildi. Millatning voqea-hodisalarga munosabatini shakllantirib bordi. 20-yillardagi avj olgan milliy istiqlolchilik hara-katida, taxmin qilish mumkinki, Cho‘lponning ham ma’lum xizmati bor.

Shoir she’riyatini kuzatishda davom etamiz. Yuqoridagi she’r e’tiroz she’ridir. E’tiroz Cho‘lponning zamon voqealariga, birinchi navbatda, sho‘ro tuzumiga va umuman, rus istibdodiga munosabatidir. Uningcha, sho‘ro tuzumi va rus istibdodi boshqa-boshqa narsalar emas. Biri ikkinchisining bevosita davomidir. Shakli va vositalari o‘zgargan, xolos. Bu – muhim nuqta,

«Qo‘zg‘alish» she’rida yozadi:

Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan.
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!

Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur,
Tomirimda qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupurdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi.
Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!

Ey! Sen meni qul o‘rnida ishlatguvchi afandi,
Titra, qo‘rqkim, bog‘liq quling bosh ko‘targan kuch endi!

Bu fikr-tuyg‘ular, shoirdagi ehtiros to‘la g‘azab va nafrat sho‘rolar davrida tarbiya topgan o‘quvchi uchun shamol tegirmonlarga dag‘dag‘a qilayotgan Don Kixotning jazavasi bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, aslida, shoir vaziyatni juda teran anglagan edi.

«O‘zbekistonning yangi tarixi»da quyidagi ma’lumotlarni o‘qiymiz: «Turkistonning birinchi general gubernatori fon Ka-ufman 1868 yil 22 yanvarda Toshkent shahri aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘zlagan dasturiy nutqida… ruslarni O‘rta Osiyo xalqlarining katta og‘asi deb atab, Turkistonda rus hokimiyatining qat’iy va doimiy o‘rnashganligini alohida uqtirgandi…»

«Sankt-Peterburg «sartlar hali o‘z-o‘zini boshqarishga tayyor emas», degan fikrda ish ko‘rdi…»

«…mahalliy aholi yerlarini rus mujiklari uchun tortib olib berish rejali tus oldi. Turkiston aholisining atigi 5 foyizini tashkil etuvchi rus mustamlakachilari qo‘liga ekin ekiladigan hosildor yerlarning 60 foyizi berib qo‘yilgan edi…»

Endi Lenin bilan birga ishlashgan va sovet mustamlakachilik siyosatining mohiyatini anglab, u bilan chiqisholmay chetga ketishga majbur bo‘lgan mashhur olim va siyosiy arbob Zaki Validiyning kitobidan bir-ikki ko‘chirma keltiramiz:

«Rus istilolari boshdan-oxir yangi-yanga o‘lkalarni ishgol etish va u yerdagi xalqlarni madaniyat va iqtisod qonunlari asosida o‘ziga singdirib olib, ular hisobiga ulg‘ayib borish g‘oyasiga suyanadi…»

«Leninning o‘ng qo‘li Artem 1920 yilning martida: «Biz (ruslar) boshqird, qozoq va o‘zbek cho‘llarini Amerikaga aylantiramiz. Biz bo‘lmasak, bu yerlarda temir yo‘llar, Orenburg, Semipalat, Almati kabi shaharlar bo‘lar edimi?» degan va bu yerdagi tubjoy xalqning taqdirini Amerikadagi qiziltanlilarning ahvoliga o‘xshatishini ochiq aytishdan o‘zini tiya olmagan edi…»

«… prof. Trubedkoy …Osiyoda faqatgina uch buyuk millatning til va madaniyati yashab qolishini gapiradi. Bular rus, xitoy, hind millatlari emish…».

Yuqoridagi fakt va ma’lumotlar Rusiya misolidagi oq va qizil imperiyaning mohiyatan bir bo‘lganligini ta’kidlaydi. Har ikki saltanatda ham hukmron Rusiya mahalliy xalqni, bu o‘rinda turkistonliklarni hech qachon o‘ziga teng ko‘rgan emas. O‘zini bu yurtning yakka-yu yolg‘iz xo‘jasi deb bilgan, uning xalqini xizmatkori hisoblagan. Hatto sho‘rolar hukumati hokimiyatparastlikda oq pod-shodan o‘tib ketgan. Leninchi Artemning ishtahasiga qaraganda, ular Turkistonni turkistonliklardan olib, jannatmakon Amerikaga, uning tubjoy xalqini esa, qirilib bitishga mahkum qilingan qiziltanlilar — Amerika hindulariga aylantirmoqchi bo‘lganlar. Demak, Cho‘lponning iztirob to‘la faryodlari bejiz emas.

Darhaqiqat, sho‘rolar o‘z hayot falsafalari bilan Turkiston hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordilar. Sinfiy kurash degan gap o‘zbek jamiyatini qoq ikkiga bo‘lib tashladi. Otani bolaga, akani ukaga dushman qilib qo‘ydi. Mana bu satrlarga e’tibor qilaylik:

Bir yurtkim, besh yildir qonlarga belangan,
Otasi o‘g‘lini «dushman» deb bo‘g‘adir.
So‘ng burda noni ham qolmasdan talangan,
Yosh go‘dak bolasi: «Bir burda non!» deydir.
Ochlik ham har kuni «qurbonlik» so‘raydir,
Har kuni unga ham yuzlarcha qurbonlar.
Qirilib tutalish dahshati o‘raydir,
Yanami behuda gunohsiz, sof qonlar?

(«Qurbon»)

Yoki:

Qip-qizil qon bo‘lib
Kunlar botadir…
Yomon hidga to‘lib,
Tonglar otadir…
Og‘ir kunlar tushdi menim boshimga.
(«Qiz qo‘shig‘i»)

Bir tomonda, erk, mustaqillik uchun ketayotgan shafqatsiz kurash, ikkinchi tomonda, ochlik-qahatlik. Bir tomonda, millat ichida yaratilgan «sinfiy kurash», ikkinchi yoqda jaholat, mutaassiblik. Xullas, to‘rt tomon ham ihotalangan. Shoirni bu hol larzaga soladi. U «qirilib tugalish dahshati»dan larzaga tushadi.

Ayni paytda, bu kurashlarning har biri hayot-mamot kurashi edi. Biri ikkinchisi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan edi. Lekin ahamiyatiga ko‘ra eng muhimi istiqlol, erk uchun ketayotgan kurash edi. Bu ulug‘ yo‘l edi. Shoir o‘z she’rlaridan birini «Ulug‘ yo‘lda» deb nomlagan ediki, bejiz emas:

Yo‘limizda cho‘llar, suvlar, dengizlar,
Bosguvchisin tanib bo‘lmaslik izlar.
Shul izlarni bosib, dengizlar kechib,
Buyuk amal bilan boramiz bizlar.

Yurakdagi saqlab borgan amallar,
Yo‘llardagi dengizlardan ulug‘roq.
Ezilganlar tilak tilar bu yo‘li
Burungidan to‘lug‘roq.

Mahkam qilib bog‘lanilgan kamarlar!…
Tezrak!
Qanot!
Qushlar yanglig‘ uchaylik.
Keng cho‘llardan, dengizlardan kechaylik
Sharqning eski chigalini yechaylik!

She’rda maqsad u qadar pardalangan emas. Ulug‘ yo‘l — ozodlik yo‘li. Suvlar, dengizlar, cho‘llar — bu yo‘ddagi qiyinchiliklar. Buyuk amal — buyuk kurash. Yuraklarda saqlangan amallarning dengizlardan ulug‘ligi sabotga, qatiyatga ishora. Tilakning burungidan to‘liqligi — bu kurashning oldingilariga o‘xshamaganligi. Kamarlarning mahkam bog‘lanilib, shitob istash kurashning shiddatini anglatadi. Bu kurashning shiddati va ahamiyati haqida shoir, umuman, tez-tez eslatib turadi. Masalan, «Kurash» (1921) she’rida u haqda alohida to‘xtalgan edi. Yangrayotgan urush na’ralari, «Botirlarning jon so‘ragan tovushlari» «Yaqindagi zo‘r ku-rashning boshi» ekanligini ma’lum qilib, masala:

Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish:
– Yo‘q yarash!…

shaklida qo‘yilganligini ta’kidlagan edi.

Sharqning eski chigali – ko‘hna Turkiston istikloli. Shoirning qator she’rlarida mana shu istiqlol uchun kurash manzaralari aks etgan. Masalan, 1920 yilda yozilgan «Po‘rtana» she’rida u dengiz to‘foni shaklida berilgan. Mantiqli. Tinch, osoyishta dengizni chayqatdilar. U tub-tubigacha harakatga keldi. Guvillagan qudratli kuchga aylandi. Ham mag‘rur, ham majnun, ham shoshqin, goh tushkun. Lekin shu qadar qudratliki, qirg‘oqlar undan faryodga keladi, shahardek kemalar unga bir «luqma»! U qon istaydi. U jon so‘raydi. U halokatlardan zavq oladi. Ammo u go‘zallikka o‘ch. Uning mahbubasi — suv qizi. Sochlari qop-qora suv qizi. U shu qadar go‘zalki, shahlo ko‘zlari kiyikni ko‘r qilgan, so‘zlari bulbulni tutqun. Yuzlari oylarni botirdi, quyosh bulutlar ostiga qochib kirdi (Dengiz dovuli paytidagi qorong‘ulikka cho‘mgan borliqni ko‘z oldingizga keltiring). Suv malikasini esa, ggo‘rtana oppoq billur ko‘piklar ichida saqlaydi. Dam ko‘kka irg‘itib, dam ko‘ksiga bosib, o‘ynaydi, goh kuddiradi, goh suydiradi. Po‘rtana esa, undan mast bo‘lib, yo‘lbarsdek bo‘kiradi. Devdek yugurib, sakraydi. Oldi-o‘ngida hech narsa ko‘rmay, hech mone’ bilmay, oldinga intiladi. Barcha jonvorlar dahshatda titraydilar. Baliqlar o‘lim kutadilar. Yo‘q, bu po‘rtana emas, mahshar, qiyomat! Suv malikasichi? U — Vatan mehri, yurt muhabbati. Undan suyumli, undan dilbar dunyoda yana nima bor?

Shu xayollarda turganingizda, birdan shoir ramzlarining ustini ochib tashlaydi. Yuzma-yuz, oshkora gapga o‘tadi:

Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana.
To‘lqinlar Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida.
Bir damda dunyoni kuydirur vulqonlar
Ojizning u o‘tlik dilida.

She’r so‘ngida fikr va obraz yana ochiqlanib, da’vatga ko‘chadi:

Ko‘p ezgan dushmandan, past jondan
O‘chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!

«Tortishuv tongi» (1920) da «ko‘pdan beri quyosh ko‘rmay zaxlab qolgan ko‘ngillar»ga xitoban «chiqar kunlar yetgani»ni uqdiradi. Shoir istibdod egalariga qarata qalbi to‘la qasos tuyg‘usi bilan yozadi:

Qayg‘uringiz: kishanlarni yasovchi «ustalar»,
Boshqalarni «tubanlar» deb atovchi xo‘jalar:
Sizning uchun yoz boshining qoridek
Eruv kunlar keladir.
Sizning uchun olbostining zoridek
Yig‘lar kunlar keladir.

Shoir «Vijdon erki» she’riga «Tutqunlarga» deb izoh bergan. «Ezilgan», «qiynalgan yo‘qsil ellar»ga, «bevalar», «bechoralar»ga, «kishanlarga bog‘langan» «erk uchun ovoralar»ga murojaat etar-kan, zolimlarga yalinmaslikka undaydi. Chunki «bo‘rilardan omon kutmoq» «tentaklarning ishi». Zulm oldida hamma narsa, ehti-mol bo‘yin egar. Zulm avjga minsa, osmon uzilib yerga tushar, lekin zolim hech qachon erkin vijdonlarni zabt eta olmaydi. Ulargina mag‘lub bo‘lmaydilar. Shu tariqa, u vatandosh va millatdoshlarini yuksak vijdon bilan yashashga undaydi. O‘lish kerak bo‘lsa, nomus va vijdon bilan umrni yakunlamokliklarini orzu qiladi.

Erk yo‘li — og‘ir yo‘l, uzoq yo‘l. Lekin bu yo‘lga kirganlarning g‘ayrat va istagi ham qudratli, ham sabotli. Muhimi, bu istak — pok istak. Gap bu xalqning o‘z yurtiga egalik qilishdek ona sutiday halol va pokiza haqqi-huquqi borasida ketmoqda. Bu huquq kecha xayolga kelib, bugun talab qilinayotgan bir narsa emas, ajdodlardan meros qoldirilgan burchdir. «Yurt yo‘li» (1922) she’rida shu haqda gap ketardi.

1921 yilda Buxoroda yozilgan «Xalq» she’ri shoir fikr-qarashlarini aniqlashda benihoya muhim ahamiyatga ega. Muallif, birinchidan, xalqning buyuk kuch ekanligini yaxshi anglaydi. Ikkinchidan, o‘lkaning ozod bo‘lib, mustaqillik olishini uning istagi hisoblaydi. Uchinchidan, ijod ahlini uning bilan hamisha birga bo‘lishga, o‘zi aytmoqchi, «quchoq ochib xalq ichiga» kirishga undaydi:

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir…

Xalq qo‘zg‘olsa, kuch yo‘qdurkim, to‘xtatsun,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsun.

Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi: toju taxtlar yiqildi.

Xalq istagi ozod bo‘lsun bu o‘lka,
Ketsun uning boshindagi ko‘lanka.

Bir qo‘zg‘alur, bir ko‘pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o‘ynar.

Yo‘qlikni-da, ochliknida yo‘q etar,
O‘z yurtini har narsaga to‘q etar…

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik.

Ko‘ringanidek, shoir xalqning buyuk qudratini tavsiflash bilangina cheklanmayapti. Bu qudratning fe’l-sajiyasiga ham ishora qilmoqda. Uning goh qo‘zg‘alib, ko‘pirishi, goh qaynab, intilishi, goh hovliqib o‘inashi Pushkinning bir mahallar 1825 yilgi dekabristlar qo‘zg‘oloni munosabati bilan yozilgan, dengiz po‘rtanasiga xitob qiluvchi «Alvido, zo‘r qudrat, asov g‘alayon!» satrini yodga soladi. Darhaqiqat, har bir isyon, qo‘zg‘o-londa ham «asov» bir kuch bor. U kutilmagan tomonlarga burilib, «behbud»ni «nobud» qilmog‘i ham hech gap emas. U bilan kim o‘ynashmoqchi bo‘lsa, halokatga mahkumdir. Ikkinchidan, u, ma’lum bo‘lganidek, boshqaruvga muhtoj. Shu jihatdan, xalq ichiga kirishda ikki ma’no bor. Birinchisi, xalqdan kuch-qudrat olmoq, u bilan birga bo‘lmoq; ikkinchidan, uni ezgulikka yo‘naltirmoq.

Agar Cho‘lpon davri voqelarini yaxshi bilsangiz, uning deyarli har bir she’rining yozilish tarixini tiklab olishingiz mumkin. Zaki Validiy u haqdagi yuqorida nomi tilga olingan maqolasida shoirning «Ulug‘ yo‘lda», «Kurash», «Vijdon erki», «Xalq» she’rlarini shu yo‘nalishda tahlil qilib, uning chinakam mil-liy shoir ekanligiga diqqatni qaratgan edi.

Masalan, 1920 yilda yozgan she’rlarini oling. Ularning aksariyati bevosita o‘sha yili 1 – 5 sentyabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlari qurultoyi taassurotlari ostida yozilgan. Shunda Turkistondan butun boshli bir poyezd borgan. Xorijdan ham va-killar kelganlar. Keng miqyoslarga chiqish vakillarimizning o‘zliklarini anglashga yordam bergan. Vakillar orasida Cho‘lpon ham bor edi. U o‘zining «Qalandar ishqi», «Yorug‘ yulduzga» she’rlari ostiga «Boku,1920 yil» deb qo‘ygan. Birinchisiga «eski tartibda» deb izoh beradi. Bu bilan uning shakli-mazmuniga, ya’ni aruzda, an’anaviy muhabbat mavzuida yozilganligiga ishora qiladi. Darhaqiqat, she’r janriga ko‘ra g‘azal bo‘lib, hazaji musammani solim

(mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun,
mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun

da yozilgan. Uning matla’i (birinchi bayti) quyidagicha:

Muhabbatning saroyi keng ekan, yo‘lni yo‘qotdim-ku,
Asrlik tosh yanglig‘ bu xatarli yo‘lda qotdim-ku.

Mazmun ham ishqiy. Birgina «asrlik tosh», «xatarli yo‘l» va unda «qotmoq» ishqiy mazmundan uzoqroqday tuyuladi. Qolgani — an’anaviy. Ohang — ravon, dard — samimiy.

Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lqini bordir,
Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku.

Karashma birovga yoqish uchun qilinadigan nozli, yoqimli xatti-harakatdir. Shoir uni dengizga qiyos qilayapti. Yoqimli dengiz, muallif nazdida uning po‘rtanali ham, osoyishta ham payti emas. Yengil chayqalib turgan holati. Ohista chayqalgan dengiz kishini o‘ziga rom etib, unga tushgan kishini ichkarilarga olib ketib qolganiday ma’shuqaning ham yoqimli hara-katlari oshiqni sehrlab, oxiri nima bilan tutashini aytib bo‘lmaydigan holga keltirib qo‘ygan. She’rda mumtoz adabiyotimizga xos bo‘lgan mana shu ruhiy va moddiy holatlarning ayni bir matnda jamlanishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ayni paytda, bu yerda aldanganlik e’tirofi, hatto uning yengil iztirobi ham bo‘rtib turibdi.

Navbatdagi baytda muqoyasa boshqa yo‘nalishga ko‘chiriladi:

Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar,
Bu dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.

Karashmadan boshlangan gap ishqqa, undan esa, bu yo‘lda eng muqaddas narsalarni barbod etganlik e’tirofiga va uning ham yengil iztirobiga kelib bog‘lanmoqda. Va she’r shu taxlit shoir kechinmalarining ruhiy va moddiy olam vositasidagi e’tirof va iztirobga qurilgan muqoyasasi asosida davom etadi. Ko‘ringanidek, uning an’anaviyligiga, ishqiyligiga shubha yo‘q. Shu bilan birga, u faqat ishqiy doirada qolgan deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. E’tirof va iztiroblar deyarli hamma o‘rinda addanish va pushaymon ma’nolarini ham tashiydiki, bu xohlang-xohlamang, sho‘rolarni bilibbilmay etagidan tutgan juda ko‘p millatparvar ziyolilarimizning o‘sha kunlardagi tuyg‘ulariga esh edi. Bu holni g‘azalning pushaymon armon darajasiga ko‘tarilgan maqta’ida ham ochiq-oydin kuzatish mumkin:

Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay, yerga botdim-ku.

Shubha yo‘qki, «Cho‘lpon» va «Quyosh»ning ma’nolari bu yerda juda keng. U osmon yoritqichlari va ishq-muhabbatdagi martabadan hokim va mahkum, hukmron va tobe singari ijtimoiy-siyosiy rutbalargacha daxldor.

Ikkinchi she’r «Yorug‘ yulduzga» deb nomlangan. Qavs ichida «Hazar esdaligi» deb izoh beradi. Hazar – Kaspiyning qadimgi nomlaridan. She’r yulduz bilan suhbat shaklida. Shoir unga sekin yuragini ochadi. Ko‘hna tarixning guvohidan otalarning xatosini so‘rab, bil-moqchi. «Yot kishi»siz ikkovlari suhbatlashmoqchi. Bu shunday suh-batki, bir tomondan, g‘ururdan dunyoga sig‘maydi. Ikkinchi tomondan, xijolatdan turmoqqa yer topolmaydi. Bu suhbat ham shukuhli, ham dardli suhbat. Mana, uning dastlabki bandi:

Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla,
Otalarning tarixdagi xatosin;
Shul xatodan osug‘lanib, yovlarning
El ko‘ksida surgan ishrat safosin.

U yulduz tilidan sharaflarga burkangan tarixni eshitmakchi. Buyuk bobolar hayotining «butun qonlik, shonlik, jonlik yerlarini» tinglamakchi. «Jonlar berib, qonlar to‘kkan erlar»ning hikoyalari «keng Hazarning ko‘m-ko‘k, yumshoq suvlarini» «o‘ynat»ishiga, «qo‘zg‘at»ishiga, «to‘lqinlantir»ishiga, «hovliqtir»ishiga shubha qilmaydi. Lekin yulduz jim. Nega u jim? Nega javob bermayapti? Nega ko‘zi qizarib yoshlandi?

Shoir buning sababini biladi. U shoirining ko‘nglini buzmaslik uchun gapirmayapti. Negaki:

O‘tganlarning zahari ham bu kunda
Ko‘ngillarga tegmay o‘tar kabidir.
Kechmishlarning yig‘isi ham shu kunda
Yo‘qsil dilni suyuntirar kabidir.

Hamma balo istiqlolni yo‘qotganimizda. So‘nggi xonlarning «el va yurtni saqlar uchun» «tuzukkina chora, tadbir qilmagan»ligida. Shuning uchun ham:

Biz, yo‘qsillar boshqalarga qul bo‘lib,
Chet oyoqlar tovonida ezildik,
Har yaramas, har buzuqning tagida
Alam tortgan, jabr ko‘rgan biz edik.

Shuning uchun ham shoir «eski olam»ni, buyuk bobolar davrini qo‘msaydi. Yorug‘ yulduzga murojaat etib, uni «eski olam»ga «olib bor»ishini, barcha sirlarni ochib tashlashini, «yashirin yotgan pardalarni, zulmatni» «nuri bilan» «yirtib yubor»ishini il-tijo qiladi. «Eski olam» buyuk bobolar davrini, birinchi nav-batda, Amir Temur zamonasini, millatning mustaqil, qaddini tik tutib, boshini baland ko‘tarib yurgan paytlarini qo‘msash va unga intilish edi. Ikkinchi tomondan, Amir Temur nomi kurash timsoli edi.

Millat va Vatan timsoli shoir she’rlarida xilma-xil tarzda namoyon bo‘ladi. Masalan, uni go‘zal yor («Go‘zal»), hatto binafsha («Binafsha») qiyofasida ham uchratish mumkin.

Cho‘lpon she’riyatining sevimli mavzularidan biri xotin-qizlar ozodligidir. U bu masalani istiqlol uchun kurashning tarkibiy qismi deb biladi. Shoir nazdida istibdodning eng og‘ir yuki ular zimmasiga tushgan edi. Birgina mustamlakachilik emas, o‘z ichimizdagi mutaassiblik, jaholat azobini ko‘proq ular tortdi. Ular tilidan aytilgan:

Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman,
O‘ynagan boshqalar, ingragan menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman…-

satrlarida juda katta haqiqat bor edi.

Shoir she’rlarida Sharq va G‘arb muqoyasasi ko‘p uchraydi.

«Sharq» deganda islom olamini, ko‘pincha Turkistonni nazarda tutadi. Ayni paytda, turkiy birlikni, o‘zlikni qo‘rimoq uchun za-rur deb hisoblaydi. Xususan, butun turk dunyosi istiqlolini yo‘qotgan bir paytda o‘zligini saqlab qola olgan Turkiya turklari hayotini sinchiklab kuzatib boradi. Ayniqsa, Birinchi Jahon urushidan keyin og‘ir ahvolga tushib qolgan va «Qurtulush» («Qutulish») hara-katini izga solgan kamolchilarning muvaffaqiyatlariga katta umid bilan qaraydi. Uning «usmonlicha» izohi bilan Turkiya turkchasida yozilgan bir qator she’rlari shoirning bu boradagi fikr-qarashlari tasodifiy asoslarga qurilmaganini qo‘rsatadi. Buni Cho‘lponning Tavfiq Fikrat, Rizo Tavfiq kabi mashhur usmonli shoirlari haqidagi maqolalari ham tasdiq etadi. Bulargina emas, u taqdir taqozosi bilan G‘arbga siljib, Turkiyaday vatanni qurgan qardoshlaridan og‘ir qunlarida ko‘mak tilaydi. Kelib, ona-Turonda istibdodni bitirishlarini, qarindoshlarini mustabidlardan qut-qarishlarini umid qiladi. To‘g‘ri, bu qardoshlik o‘sha davr uchun urf bo‘lgan alvon rangga bo‘yalgan. Lekin u etnik asoslarni inkor etmaydi, aksincha, unga urg‘u beradi. Mana, u turk zobitlariga (darvoqe’, zobitlar ham «qizil») nima deb murojaat etadi:

Hade, yur, qardosh, tog‘ dema, tosh dema,
Qizil Turon uchun mol va bosh dema!
Har bir qadamingda qip-qizil qonlarla,
Onang Turon kutadir ulug‘ shonlarla!
Ko‘p yilgi hasratlar, qayg‘ular ko‘nglina,
«Kel, qutqar, o‘g‘lim!» deb yolinur sanga.
Bugun umidi san ozod o‘g‘linda,
Qutqarmay, solma qilichni qinga!..
(«Yurish marshi»)

Haqiqatan ham yuqorida qayd etganimizdek, XX asrning boshlariga kelib, ko‘hna Turonning birgina o‘g‘li o‘z mustaqil-ligini saqlab, «ozod» qolgan edi. Shoir shundan umid qilmoqda. Bejizmaski, Turkiyadagi «Ittihod va Taraqqiy» partiyasining sobiq rahbarlaridan bo‘lgan Anvar Poshsho 1920 yilda Turkistonga kelib, o‘lkadagi milliy istiklolchilik haraka-tini birlashtirishga uringanida dildilidan quvondi. 1922 yilda Boljuvon tog‘larida shahid bo‘lganida qattiq kuyindi. «Faryodim dunyoning borlig‘in buzsin, Umidning eng so‘nggi iplarin uzsin», – degan so‘ngsiz faryod bilan boshlanardi she’r va unda shunday satrlar bor edi:

G‘azabdan titragan yosh bir yigitning
Toshdin siynasiga o‘qlar o‘rnashmish.
Tog‘larda erk uchun yurgan kiyikning
Qora ko‘zlariga motamlar kirmish.
Daryolar, to‘lqinlar titratgan bir er
Zarbalar qahridin yiqilmish qolmish.
Qurtulush yulduzi yo‘qliqqa kirmish,
Sening so‘ng joningni yovlaring olmish…

Shoir sarkarda bosib o‘tgan, qadamida shuhrat izlari qoldirgan umr yo‘lini eslaydi: Marmara, Adrna, Chatalcha, Bo‘g‘oz ichi, Karpat, Tarablus, Saloniki… Yana fojiaga kaytadi. (Qonlar yig‘latti bizni bu xabar.) Va iztirob bilan davom etadi:

Tarixning rangini ko‘p qonlar bilan
Qoraytgan, to‘ldirgan biroq Boljuvon
Eng so‘nggi umidni qonga bo‘yagan,
Oh, qandoq ug‘ursiz zamonlar kelgan!
Faryodim dunyoni bo‘g‘ub o‘ddursun,
Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsun!

Zaki Validiy Anvar Poshsho o‘limi tafsilotlarini yoritar ekan, Cho‘lponning ushbu she’rini keltirib, shunday izohlagan edi:

Bu marsiyani yozgan zot, o‘zbeklarning tanilgan bir shoiridir; bugun hayot bo‘lib, Rusiya qo‘li ostidagi bir yerda bo‘lganligidan ismi-sharifi ko‘rsatilmadi.

Taqdir pand berdi. Qora kuchlar ustun keldi. Zulumot nurni yengdi. Istiqlolni qo‘lga olish nasib etmadi. Man-man degan shovvozlar, millatning er atangan yigitlari haq va haqiqat yo‘lida shahid ketdilar. Bunday ahvol bilan shoirning erkpar-var yuragi qanday chiqisha oladi? Millat shoirining qaddi bukildi. She’rlarida kuz, qish manzaralari, bog‘-rog‘larni to‘ldirgan qarg‘alar qag‘illashi quchayib bordi. 1923 yildayoq bir «somon parchasi» misoli o‘zni «muhit erki»ga topshirdi:

Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boraman.
Har amal, har ishni «haq» deb boraman.
Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha…
Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni…
Ko‘zimda og‘ir bir «taslim» nuri bor…

Shoir ko‘zlarida «taslim» nuri bordek ko‘rinsa-da, u «dengiz»ning «cheksiz qo‘ynida» «erkin ko‘piklarning allaqanchasi jimgina boradir». Yo‘q, u ozodlik orzusidan hech qachon chekingan emas. Hatto 1926 yilda, kommunistik diktatura avj pardasiga ko‘tarilib, «inog‘omovchilik» bayrog‘i ostida milliy kadrlarni yo‘qotish kampaniyasini boshlagan bir paytda «Bahorni sog‘indim, bahorni…» deb hayqirib aytdi. O‘lim yo‘qligiga, hayotning abadiyligiga imon keltirdi («Bahorni sog‘indim»).

Lekin baribir davr o‘z ishini qildi. Shoirning qo‘lidan qalami tushdi. To‘g‘rirog‘i, ko‘ngliga qil sig‘madi. O‘zi aytmoqchi, «soz»ini «bir necha yil qantar»ib qo‘ydi. Nihoyat, 1935 yilda «Soz» she’riy to‘plami bosildi. Shoir yana qo‘liga sozini olganligini e’lon qildi. Ko‘nglidagi kuduratlar ko‘tarilib, «qaynab yotgan shu hayot»dan «ilhom» olajagini yozdi («Yana oldim sozimni»). «Millionlarning biri kabi» o‘zining «quvnoq» va «shan»ligini, «kechmishlarning o‘limiga qahqahalar solgan»ini e’lon qyldi. Shu tariqa, u sho‘rolar hayotining riyokorona shiorlariga sekin-asta yuz bura boshladi. Buning natijasi o‘laroq she’rlariga sodialistik mafkura kirib keldi. Yolg‘on, rangsizlik, yasamalik paydo bo‘ldi…

Cho‘lpon nodir poetik iste’dod egasi edi. Va bu iste’dod XX asr Rusiyasi maydonga keltirgan totalitar-shovinistik tuzumga duch keldi. Birdaniga uning mohiyatini anglab yeta olmadi. Haq va haqiqat yo‘lidagi kurashlar sifatida qabul qildi. Nimaligini idrok etishi bilan unga qarshi isyon ko‘tardi. Bu isyon dastlab ochiq, oshkor kechdi. So‘ng esa, tabiiyki, pardalanib bordi. Buni hisobga olmoq kerak.

Zaki Validiy Cho‘lponni qozoq uyg‘onishining buyuk shoiri Mag‘jon Jumaboy (1893-1937) bilan qiyoslagan edi. Bu bejiz emas.  Mag‘jon 1922-1924 yillarda Toshkentda yashagan. Shu davr Turkiston muhitini yaxshi biladi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qigan. Demak, bu yerdagi ziyolilar bilan ham yaqin munosabatda bo‘lgan. So‘ng 1924-1926 yillarda, ayni bir paytda har ikki shoir Moskvada bo‘ldilar. Ularning biri-biri bilan shunchaki tanish emas, hatto yaqin bo‘lganliklari ehtimoli yo‘q emas. Shoirning yirik bir she’riy to‘plami («Mag‘jon Jumaboyev o‘lanlari») 1923 yilda Toshkentda taniqli davlat arbobi Sultonbek Xo‘janov (1894—1938) so‘zboshisi bilan chiqqan edi. Uning: «Turkiston eki dunyo esigig‘o‘y, Turkiston er Turktung besigig‘o‘y», deb boshlanadigan mashhur she’ri shu yerda bitilgan, shu to‘plamda e’lon etilgan… Har ikki shoir ijodining g‘oya va obrazlar tizimida ma’lum o‘xshashliklar borki, buni payqash qiyin emas. Validiy muqoyasani har ikki shoir she’riyatidagi obrazlar tizimining o‘xshashligi asosiga quradi. Chunonchi, har ikki shoir ham Rusiya va Turkistonni bir-biriga zid qo‘yib tasvirlaydilar. Mag‘jon ularni «tun» va «kun» timsollari bilan bersa, Cho‘lpon «G‘arb» va «Sharq» yoxud «zolim» va «mazlum» ta’birlari bilan ifodalaydi. Farq – shunda.

Bunga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, Cho‘lpon she’rlarida tabiat manzaralari, fasllar tasviri aksariyat shoirning ruh va kayfiyatinigina emas, qay bir darajada g‘oya va maslagini ham o‘zida namoyon etadi. 1921—23 yillarda yozilgan she’rlarda tabiatga ijtimoiy sifatlar berilardi. Manzaraga mos zamon voqealari -haqsizliklarga ishora qilinardi. Bir so‘z bilan aytganda, tabiat ijtimoiylashardi va bular ko‘pincha «Sharq» va  «G‘arb» muqoyasasida berilardi:

Ko‘m-ko‘k ekan, sarg‘aydilar yaproqlar
Og‘riq, mag‘lub, tutqun Sharqning yuzidek;
Bo‘ronlarning ko‘zlarikim o‘ynoqlar
G‘olib G‘arbning qonga to‘lgan ko‘zidek.

Qora bulut to‘dasikim ko‘klarni
Sharqni yopgan parda yanglig‘ yopmishdir;
Kuz qo‘shini og‘u to‘lig‘ o‘qlarni
Yoz bag‘riga hech sanoqsiz otmishdir.

Balo yanglig‘ qator-qator chizilib,
Ko‘k yuzidan qarg‘alar ham o‘talar;
Sharqdek ichdan yashringina ezilib,
Ko‘p jonlilar so‘nggi tinni kutalar.

( «Kuz»)

Yoki:

Qarg‘alar bog‘larda qag‘lashib qoldilar,
Bilmadim, kimlarning qismati uzilur?
Yong‘oqqa yopishib, bir changal soldilar,
Bilmadim, kimlarning umidi yo‘q bo‘lur.

(«Xazon») kabi.

20-yillarning o‘rtalariga kelib, shoir she’rlarining ifoda usullari bir oz o‘zgardi. Endi ulardagi fikr va g‘oyalar ilgarigiday ochiq-oshkor emas, bo‘rtib ko‘rinib turmaydi. Mana «Kuz yomg‘iri» tasviri:

To‘kildi tomchilar…
Yaproqning yuzlari
Tomchiga o‘ptirib ho‘llandi,
Chuqurcha ko‘llandi…
Tomchini ko‘pdirib,
Betida o‘ynatdi
Chuqurcha.
U – jindek qo‘lcha.
Tomchilar –
Ko‘klarning suvlari
Erlarni qamchilar…

She’r 1926 yilda, shoir tepasida tanqid tayoqlari sinib turgan bir paytda yozilgan. Uni shunchaki bir manzara doirasida qoldirib bo‘lmaydi. O‘ylaymizki, undagi har bir tafsidda kayfiyat, holat, ma’no bor.

Cho‘lpon she’riyati xalqchil g‘oyalari, yuksak millatparvarlik va vatanparvarlik ruhi bilangina emas, chinakam xalqona ifoda vositalari bilan ham o‘quvchilar qalbini zabt etgan, muallifini tirikligidayoq mumtoz shoirga aylantirgan edi. Uni faqat bizda emas, chetda ham sevadilar. XX asrning 20-yillarida uning nomi Rusiya turkiylari orasidagina emas, Turkiyadan tortib, buyog‘i Misr, Arabiston, uyog‘i Koshg‘ar, Hindistongacha yoyilgan edi.

Cho‘lponing «Kecha va kunduz» romani

Romandan parcha dastlab 1935 yilda «Sovet adabiyoti» jurnalida e’lon qilingan edi. 1936 yilda u alohida kitob bo‘lib bosilib chiqdi. Asar, nomlanishidan ma’lum bo‘lganidek, yaqin o‘tmishni mavzu qilib olgan. Muallif xalqimiz tarixining kechasi va kunduzini ko‘rsatmoqni niyat qilgan edi. Tarix va zamon muqoyasasi XX asr sho‘ro adabiyotining sevimli mavzularidan edi. Ayniqsa, 30-yillarda bu avjiga chiqqan edi. Cho‘lpon 27-yildagi mash’um zarbadan, 30-yillarning boshida yetilib kelayotgan qatagonlar hididan so‘ng sho‘ro adabiyoti tomon yuz burish majburiyati ostida qoldi. «Soz» she’riy to‘plami bunga dalil. Ushbu romanning sarlavhalanishi ham muallifning majburiy murosasiga kishini ishontiradi. Lekin biz mazkur romanning birinchi – o‘tmish (kecha) qismiga egamiz. Uning ikkinchi — sho‘ro zamoni (kunduz) yetib kelgan emas. Tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, u nashriyotga topshirilgan, hatto korrekturasi ham chiqib kelgan, biroq tergov jarayonida yo‘qolgan.

«Kecha va kunduz» mavzu va yo‘nalishiga, muallifiningunga yondashishiga ko‘ra, aytish mumkinki, Abdulla Qodiriy «O‘ttan kunlar»ining davomidir. Asarda XX asr boshidagy Turkiston hayoti, turg‘unlik va tutqunliqda mudragan o‘lkadagi uyg‘onish lavhalari qalamga olinadi. Romanning bosh g‘oyasi, asosan, maishiy turmush manzaralari, an’anaviy kundoshlik mojarolari va yangi davrga xos bo‘lgan xususiyatlar, chunonchi, «kapitalistik munosabatlar» va «burjua axloqi» deb atalgan, islomiy turmush tarzidan uzoq fe’l-odatlar tasviri yordamida ifodalanadi.

Zebi va uning fojiali taqdiri asarning markazida turadi. Zebi – 15 ga kirgan shaxarlik kambag‘al bir qiz. Ota-onasining yolg‘izi. Ko‘zga yaqin, dutorni sayratadi, ashulasi eshitganni mah-liyo qiladi. Ogasi Razzoq so‘fi badqovoq, uning ustiga o‘ltuday taqvodor, eshonbobosining gapidan bir qadam chiqmaydigan, jo-hil bir kishi. Onasi Kurvonbibi — mushtipar ayol.

Asar Zebining bahor kunlaridan birida dugonasi Saltanat bilan qishloqqa o‘ynab kelishga ketishi voqealaridan boshlanadi. Oydinko‘ldagi Xalfa eshonning kichik qizlari nomini o‘rtaga qo‘yib, bir amallab, otasidan ruxsat olib, qishloqqa borgan Zebi, o‘zi bilmagan hodda, mingboshi Akbaralining tuzog‘iga tushib qoladi. Akbarali dong taratgan amaldorlardan, badavlat. Lekin xunuklikda ham, qo‘pollikda ham hech kim uning oldiga tusha olmaydi. Na savod bor, na ilm. Hamma ishni uning yordamchisi Miryoqub qiladi. U savlat, xolos. Uch xotini bor. Ulargacha xam uylangan — o‘lgan. Kattasining oti — Xadicha, o‘rtanchasi — Poshshaxon. Kenjasi — Sultonxon, 19 yoshda. Hamma kundoshlar kabi mingboshining katta xotinlari o‘zaro inoq, chunki davron ulardan o‘ttan, kenjasiga boqkan. Ular uchun Sultonxondan katta dushman yo‘q. Zebixonning bu tomonlarga kelishi kundoshlar ko‘nglidagi qora niyatning amalga oshishiga imkon beradi. Akbaralining birgina fazilati bor edi, ashulani yaxshi ko‘rardi. Xullas, bir qator mojarolardan so‘ng Zebini unga olib berishga muvaffaq bo‘ladilar. Kiz taqdirga tan beradi. Ikki katta kundosh shu tariqa o‘z nafsoniyatlarini qondirgan bo‘ladilar. Biroq ko‘p o‘tmay, yangi dard — meros dardi boshlanadi. Mingboshining o‘g‘li yo‘q. Xadichadan ko‘rgan birgina Fazilat degan qizi bor, u – birovning omonati. Yosh xotin mingboshini o‘ziga bog‘lab olgan, meros egasi ham shu bo‘ladi. Yo‘lini qilish kerak. Mana shunday o‘ylar Poshshaxonga tinchlik bermaydi, chunki u o‘ynashiga davlat bilan borishi kerak. Nihoyat, u mash’um bir karorga keladi. Payt poylab, Zebining duo solingan irimsuvini to‘kib, o‘rniga zahar solib qo‘yadi. Bu bilan u ham Zebidan, ham Sultonxondan qutulmoqchi edi. Chunki, ish bitganida, shubha unga emas, Sultonxonga tushardi. Lekin voqealar oqimi boshqacha kechdi. Choynak «suv»i Zebiga emas, mingboshiga nasib qildi va begunoh Zebi yetti yilga Sibirga surgun qilinadi.

Asar Zebilar xonadonining fojiali yakuni bilan tugaydi. Taqvodor ota o‘z eshonbobosiga isyon qilib, uni o‘ldirish darajasigacha yetadi. Baxtsiz ona telba bo‘lib qoladi.

Zebi taqdiri bilan bog‘langan personajlardan biri O‘lmas-jon. U qizlarni qishloqqa olib borib kelgan aravakash, yosh yigit. Ikki yosh o‘sha safardan buyon bir-birlarini unuta olmaydilar. Ikkalalari ham uzoq vaqt bir-birlarining xayoli bilan yashaydilar. Zebining mingboshiga mayl bildirishi g‘oyat qiyin kechadi. Biroq bu syujet chizig‘i uzoq davom etmaydi.

Romanda muhim o‘rinni Miryoqub chizig‘i tashkil qiladi Miryoqub — alohida bir tip. U g‘oyat epchil, ishbilarmon. U aralashmasa, hech bir ish bitmaydi. Shuning uchun uni «Miryoqub epaqa» deydilar. U Akbarali mingboshining o‘ng qo‘li. U ozgina muddat yo‘q bo‘lsa, tamom, mingboshi nima qilarini bilmay qoladi. Aslida, uning savodi ham haminqadar, bilimi ham unchalik zo‘r emas. Lekin ziyrak, murosa-madorani o‘rniga qo‘yadigan, chinakam korchalon. Foydasini biladi, tantiligi ham yo‘q emas, endigina shakllanib kelayotgan yangi tipdagi mulkdor. Tabiatan ancha murakkab. Uning Mariya bilan uchrashuvi fikr-qarashlariga ta’sir ko‘rsatadi. Yo‘ddan adashgan bu juvonga yordam berishga qaror qiladi. Uning hujjatlarini o‘zgartirib, fohishaxonaning iflos muhitidan olib chiqib ketadi. Moskvadagi no‘g‘oylar machitida musulmonlikka o‘tkazib, Bibi Maryam Oysha qizi nomi bilan nikoh o‘qitadi. Miryoqub qarashlarida chinakam inqilob yasagan voqea uning poyezdda Shara-fiddin Xo‘jayev degan kishi bilan uchrashuvi bo‘ladi- Sharafiddin Xo‘jayev Finlyandiyaga borayottan toshkentlik savdogar, o‘zini «jadid» deydi. Boy-badavlat, dunyo ko‘rgan, ko‘p narsadan xabardor, til biladi, avlod tarbiyasi haqida gapiradi, «millat» deydi. Ilgari Miryoqub jadidlar haqida boshqacha fikrda edi, ularni «kofirning ashaddiysi» deb o‘ylardi. To‘g‘rirog‘i, unga shunday tushuntirgan edilar. Bu tamom boshqa. El-yurtni o‘ylaydi, uning do‘sti-dushmanlari haqida so‘zlaydi. Har bir millat farzandining o‘z tilida savod chiqarishi lozimligi, aks holda tarbiyaga putur yetishi, boylarning yer-suvi, zavodchilarning zavodlari yalangoyoqlarga olib beriladi, degan gaplarni sotsialistlar chiqarishganini, jadidlar, aksincha, «Boy bo‘l! Zavod sol! Fabrika och! Besh minglab, o‘n minglab rabochi ishlat! Milliy sanoatni rivojlantir!» deyishlarini aytadi. Xullas, to‘rt kun uning hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Lekin, mutaxassislar to‘g‘ri qayd etganlaridek, Miryoqub – Mariya syujet chizig‘i oxiriga yetgan emas. Ehtimol, chindan ham uni «Kunduz»da dayum etgirish mo‘ljallangandir. Ehtimol, jadid talqini masalasi o‘rtaga tushgandir, har holda, buning ma’lum sabablari bo‘lishi kerak. Lekin bu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash kerak. 1935 yilda, sho‘rolar taxtn salta-natni to‘la egallab, milliy mafkura kdtagonining hal qilishi bosqichiga qadam qo‘ygan bir paytda jadid va jadidchilikka bunday munosabatning berilishi favqulodda jasorat edi.

Romanning juda ko‘p sahifalari chorizmning ma’naviy-axloqiy tanazzuli tahliliga bag‘ishlangan. Uning vakily noyibto‘ra, aslida pixini yorgan, quv kishi. O‘zini mahalliy xalqqa yaqin tutgandek ko‘rsatadi, o‘zbek, fors tillarini suvday biladi. Shoir Ado she’rlarini egalaridan yaxshiroq tushuntirib bera oladi. Nodir kitoblar yig‘adi, mahalliy ziyolilarimiz ham yaxshi qo‘rinay deb tashib keltiraveradilar. (Buning millatga xiyonat ekanligini Miryoqub so‘ngroq Sharafiddin Xo‘jayev bilan uchrashganidan keyin anglab yetadi.) Ikkinchidan, har narsaga qizishmaydi, shoshmaydi. Aslida uni mahalliy xalqning ahvoli zarracha qiziqtirmaydi. Iloji bo‘lsa, bir-biriga qairab qo‘ysa-yu, o‘zi davrini surib yuraversa. Lekin u davru davron surishni biladi. Maishatdan bo‘shamaydi. O‘ynashlari ko‘p. Xotin ham shunga yarasha. Xizmatkori Zunnun bilan don olishadi. Lekin xotinning gagsh — gap. Noyib to‘ra undan bir qadam chiqa olmaydi. Uni esa, o‘ynashi boshqaradi. Masalan, Akbarali mingboshi o‘lgach, o‘rniga Zunnunboy tayinlanadi. Ellikboshidan tortib aminu mingboshigacha qulluq qilib istiq-boliga egiladigan noyib to‘raning ahvoli — shu.

Birgina noyib to‘raning emas. Bu «kasallik» mahalliy amaldorlarga ham o‘ta boshladi. Akbarali mingboshining xotini Poshshaxon Miryoqubni o‘ynash tutgan. Sultonxon mingboshining mirzasi Hakimjonni yo‘ldan urgan…

Romanda davr manzaralari haqqoniy va ta’sirchan tasvirlangan. Jadid — qadim bahslari, Birinchi Jahon urushi va mardikorlik voqealari, «Tarjimon», «Vaqt» gazetalari bilan bog‘liq ma’lumotlar, Orenburgdagi mashhur «Husayniya» madrasasi tafsilotlari asar to‘qimasiga mahorat bilan singdirib yuborilgan.

«Kecha va kunduz» o‘zbek romanchiligi taraqqiyotida muhim voqea bo‘ldi. U «O‘tkan kunlar» boshlab bergan yo‘lni muvaffaqiyat bilan davom ettirdi. Tariximizning g‘oyat murakkab va masuliyatli bir davrini, milliy uyg‘onish tariximiz manzaralarini haqqoniy yoritib berdi. Esda qoladigan bir qator obrazlar yaratib, o‘zbek romanchiligini yangi, yuksak pogonaga olib chiqdi.

Xulosa

Cho‘lponning o‘quvchilarimizga qaytarilishi haqiqatning tiklanishidan tashqari adabiyotimizning XX asrdagi qaddi-bastini keng ko‘lamda ko‘rish imkonini berdi. Xususan, milliy poetik tafakkurning qaynoq bir bulog‘ini qayta kashf etish va undan bahramand bo‘lish baxtiga erishtirdi. Eng muhimi, adabiyotimizning hamisha xalq dardi bilan yashaganligiga, eng og‘ir zamonlarda u bilan yonma-yon borganligiga bizni ishontirdi. Ayni paytda, she’riyatimizda bir tomondan, mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi an’analari yangi davr masalalari bilan bog‘langan holda muvaffaqiyat bilan davom ettirilganligi, ikkinchi yoqdan, G‘arb poeziyasining mukammal namunalaridan samarali foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.