Buyuk mutafakkir va tafsirchi olim deya tan olingan Abdulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy 1075 yilning 19 martida Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tug‘ilgan.Az-Zamaxshariyning yozishicha, yoshligida otdan yiqilib, bir oyog‘i mayib bo‘lgach, otasi uning tikuvchilik kasbini egallashini istagan ekan. Dastlab otasi qo‘lida savod chiqargan va juda chiroyli husnixatga ega bo‘lgan Az-Zamaxshariy shaharga, ya’ni Ko‘hna Urganch (Jurjon) madrasasida ta’lim olishga qaror qildi. Keyinchalik Buxoro va Xuroson ilm dargohlarida bilim darajasini yanada oshirgan.
Az-Zamaxshariy hayoti davomida tinmay sayohat qilgan. Sayyoh-olim Sharq, xususan, musulmon mamlakatlarini 1100-1122 va 1127-1139 yillarda ikki marta kezib chiqqan. Olim Xuroson, Eron, Arabiston, Iroq, Yaman, Shom (Suriya)ning Marv, Nishopur, Isfaxon, Bag‘dod, Hijoz, Damashq va Makka shaharlarida bo‘lib, asarlari uchun boy manba to‘plagan.
1109 yilda Az-Zamaxshariy Bag‘dodga yo‘l oldi. U yerda turli adabiyotlarni o‘rgangan va mudarrislik qilgan. Bag‘dodda yashagan vaqtida islom olamining taniqli olimlari bilan hamsuhbat bo‘ldi. Bu uning keyingi ijodiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bag‘dodda bir fursat yashagach, olim Makkaga yo‘l oldi va Shom (Suriya), Arabistonning qator shaharlarida va Yamanda bo‘lgan. Manbalarda yozilishicha, olim o‘zining ko‘plab asarlarini Makkada yozgan va xuddi shu yerda buyuk olim deb tan olingan.
Jumladan, dunyo fani rivojiga qo‘shgan hissasiga ehtirom sifatida Az-Zamaxshariy “Jorulloh”, ya’ni “Allohning qo‘shnisi”, “Ustaz ud-dunya” — “Butun olam ustozi”, “Faxru Xvarezm” — “Xorazm faxri” degan faxrli nomlarga sazovor bo‘lgan.
1139 yilda olim vatani Xorazmga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Az-Zamaxshariy Ko‘hna Urganchda dafn etilgan bo‘lib, XIV asrda yashab o‘tgan taniqli arab sayyohi Ibn Batuta o‘zining esdaliklarida Az-Zamaxshariyning gumbaz tomli maqbarasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani haqida yozgan.
Az-Zamaxshariy sermahsul olim bo‘lib, fanning turli sohalariga oid ellikka yaqin asar yozgan. Shulardan yigirma beshtasi bizgacha saqlanib qolgan. Tilshunoslikka oid “Asos al-balog‘a” (“So‘zga ustalik asoslari”, “Chechanlik poydevori”), islom olamida uning 1134 yilda Qur’oni karimga yozgan sharhlarini (tafsir) o‘z ichiga olgan “Al-Kashshof” asarlari juda mashhur. “Al-kashshof” asari Qur’on tafsiriga oid asarlar o‘rtasida eng mukammal ekanligi sharqshunos va arabshunos olimlar tomonidan tan olingan. Shu bois mazkur asardan dunyoning turli mamlakatlari dorilfununlarida darslik sifatida haligacha qo‘llanib kelinmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Az-Zamaxshariy tilshunoslik, adabiyot, geografiya, tarix va boshqa qator fanlarni chuqur o‘zlashtirgan qomusiy olim bo‘lgan. Fanning mazkur yo‘nalishlarida maktab yaratgan olimning 200 dan ortiq shogirdi bo‘lgan. Asarlarini bevosita o‘rganib, ilmu fanning sirlarini egallagan 100 dan ortiq olimlar o‘zlarini g‘oyibdan Az-Zamaxshariyning shogirdi deb hisoblashgan.
Til va adabiyot, tafsirga oid asarlar bilan bir qatorda Az-Zamaxshariy “Asmou al-adviya val jibol” (“Vodiy va tog‘ ismlari”) deb atalgan mashhur geografik asar ham yozgan. Kitobning ikkinchi nomi “Kitob al-amkina va al-jibol va al-miyah” (“Joylar, tog‘lar va suvlar haqidagi kitob”) bo‘lib, olim uni o‘zi bevosita tashrif buyurgan shaharlarda olib borgan kuzatishlariga asoslanib yozgan. Asar arab tilida yozilgan bo‘lib, ilk bor 1855 yilda Niderlandiyaning Leyden shahrida nashr etilgan.
Az-Zamaxshariyning mazkur kitobi Arabiston yarim orolidagi shaharlar, qishloqlar, maqbaralar, machitlar, ziyoratgohlar, tog‘lar, vodiylar, suv havzalari nomlarining izohi berilgan muhim toponimik qomus desak, xato bo‘lmaydi. Asarning e’tiborli tomoni shundaki, muallif geografik nomlarni alifbo tartibida bergan, ularning ma’nosi, joylarga nega shunday nomlar qo‘yilganligi va shunga bog‘liq qator qiziqarli hikoyalarni keltiradi. Kitobda Falastin, Suriya, Iroq va Misr kabi mamlakatlarning nomi tilga olinib, ulardagi shaharlarga oid ma’lumotlar kiritilgan. Unda O‘rta Osiyodagi ba’zi joy nomlari uchrasa-da, lekin ularning izohi yo‘q. Shuning uchun mutaxassislar Az-Zamaxshariyning ushbu geografik asari tugallanmagan yoki oxirigacha tahrir qilinmagan deb hisoblaydilar.
Hozirgacha saqlanib qolgan asarlarining umumiy soni va ularning ahamiyatiga tayangan holda Az-Zamaxshariyni nafaqat islomshunos olim, balki Sharq geografiyasining rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan geograf va sayyoh-olim deb aytish mumkin.
“Jahongashta sayyoh-olimlar” kitobidan olindi