(Shoir va tarjimon Asqar Qosimov ijodiga chizgilar)
Badiiy tarjima asarlar odatda jahon adabiyoti durdonalari bo‘lgani sababli tarjimonlarga shon-shuhrat keltirish bilan birga, ularga jiddiy, ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki buyuk asarlarni tarjima qilayotgan ijodkor asliyat tili, oraliq til va ona tilining bitmas-tuganmas so‘z boyliklarini bilishdan tashqari, tarjima qilayotgan asarlar muallifining hayotini va ijodini, asar qahramonlarining ruhiy olamini his qilishi zarur. Tarjimonning o‘z ijodi ham mumkin qadar tarjima qilinayotgan asar muallifining ijodiga yaqin ruhda bo‘lsa, nur ustiga nurdir.
Evripidning ijodi jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda mumtoz jahon adabiyoti darsliklarida yaxshi o‘rganiladi, uning asarlarida ko‘tarilgan axloqiy, ijtimoiy, falsafiy muammolar hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shunga yaqin muammolar – inson qadr-qimmati, sha’ni, har qanday despotizmga, jaholatga, zolimlarga nafrat, Vatanga, xalqqa, insoniyatga o‘z iste’dodi bilan xizmat qilish, jabr-zulmga, nohaqlikka qarshi, adolat va haqiqat tantanasi uchun kurash ideallari taniqli shoir va tarjimon Asqar Qosimovning o‘z ijodida ham yorqin ifodasini topgan.
Shoirning sho‘rolar istibdodi haqida yozgan mana bu satrlaridagi nafosat va ijtimoiy, falsafiy tafakkurga qarang:
Shudringdek beg‘ubor, ko‘zgudek musaffo
Orzusi bor edi bu ko‘katning.
Toza bo‘lsam der edi,
Sof bo‘lsam der edi…
Lekin u ungan joy, afsuski,
Botqoqlik edi…
Og‘ir sharoitlarda ham Asqar Qosimov o‘zining goh alamli, oh-fig‘onli, goh zavqli-sururli, g‘ururli she’rlari, dostonlari, tarjimalari bilan xalqimizning milliy ongini, boy ma’naviy olamini, tarixiy xotirasini uyg‘otish uchun tinimsiz ijod qildi. Asqar goh irqchilik qurboni, milliy ozodlik kurashchisi Anjela Devis tili bilan:
Fig‘onim toshlarga yetsa ham, yuragi toshlarga yetmasa naylay?
Meni erk tark etib ketsa ham, kengliklar ko‘zimdan ketmasa naylay?
Orzuli dunyoda, birodar, toleim bormikan, toleim yormi?
Tuproqqa bo‘ldim men barobar. Huquqim bormikan, huquqim bormi? –
desa, goh Chili shoiri Pablo Neruda tili bilan:
Monanddir Pinochet chohiga… Eshitilmas yorug‘lik sasi…
Bir qushcha uchishga shaylanar. Oshiyon ichida aylanar.
Chor yoqda najot yo‘q: chirqirar… U surg‘ak.
Mayliga, es kirar. Parvozga hali vaqt – oylar bor…
Hududsiz fazoni quchishga menda ham alamgir qanot bor, –
deb hayqiradi.
Asqar Qosimov qatag‘on qurboni Cho‘lpon ijodiga hamohang baytlar ham bitgan.
Men qo‘shiq aytganda chechaklar kular.
Quyosh ham qo‘ynidan to‘kur injular…
Tog‘u tosh qo‘shiqdan ketadi iyib.
Daraxtlar dam-badam tugadi samar.
Vodiylar beqasam to‘nini kiyib,
Daryodan beliga bog‘laydi kamar…
Qo‘zg‘al, suv tubiga cho‘kkan, ey niyat,
Bu junbish zimnida ko‘pdir xosiyat.
Asqar hayotsevar, hazil-mutoyibani nozik tushunuvchi, sevgini qalb tubida saqlovchi, tabiat go‘zalliklarini rassomday tasvirlovchi shoir edi. Shoirning:
Bu kech qo‘shni chorboqqa
Kelin tushdi, yor-yor.
Ilojim yo‘q bormoqqa,
Ko‘nikaman zor-zor,
Onam aytar: – Zerikmay,
O‘g‘lim, to‘yga bor-bor!
Yo‘q, bormayman, borishdan
Or qilaman, or-or! –
deb boshlanuvchi she’ri o‘quvchilar tomonidan sevib o‘qiladi va to‘ylarda qo‘shiq qilib aytiladi.
Ko‘pchilik she’rlarida Asqar she’riy san’atni nafis, ma’noli va ohangdor qilib, iyhom, majoz, talmeh, tazod, timsollardan mohirona foydalanar edi:
Qor ostida qoldi bog‘lar. Qoldi bog‘lar desam-da,
Er yuziga qo‘ndi zog‘lar. Qo‘ndi zog‘lar desam-da,
Yor o‘rnidan turmadi. Ko‘zni ochib qo‘ymadi.
Qattiq ekan uyqusi!
…Yo‘lni to‘sdi baland tog‘lar. Baland tog‘lar desam-da,
O‘nqir-cho‘nqir so‘lu sog‘lar. So‘lu sog‘lar desam-da.
Ohu vohlar urmadi. Sharhi holim so‘rmadi.
Eh, yo‘q ekan qayg‘usi!
Sho‘rolar davrida tazyiq ostida yashagan har bir milliy ziyolining taqdiri, qismati aks etgan bu she’rda.
Asqar Qosimovning jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari haqida gapiradigan bo‘lsak, shoir o‘zi sevgan bir buyuk asarni aniq, adekvat, so‘zma-so‘z tarjima qilmay, o‘zicha qayta bayon qilishi (yunoncha – parafraza) uning ijodida ham uchraydi. U Esxilning mashhur “Zanjirband Prometey” tragediyasini qisman tarjima qiladi, qisman syujetiga yangiliklar kiritib yozadi. Bunday ijod Rable, Servantes, Svift asarlarining yoshlarga mo‘ljallab, tabdil – qayta bayon qilinishi ham emas. Ammo shoir Esxil asarining syujetidan ijodiy foydalanadi. Qahramonlari ham deyarli o‘shalar: Prometey, Hermes, Okean – Ummon. Esxil asarida Zevs emas, uning vakillari Hokimiyat va Kuch-qudrat qatnashadi. Tragediya, fojeiy drama prologida Hokimiyat Prometeyning Zevsning hokimiyatiga bo‘ysunmay, raiyatga, zulmatda, qorong‘ilikda yashayotgan xalqqa yaxshilik qilib, ilohlar olovini o‘g‘irlab, Yer yuziga olib tushganini ayb, jinoyat deb bilib, jazoga loyiqligini aytadi. Dramaturg Esxilning xalqsevar Prometeyni jazolovchi oliy hukmdor Zevsni zolim deb qoralab yozishi o‘sha zamonda buyuk jasorat edi. Asarda temirchi ustalar ma’budi Gefest ham birodari Prometeyning nohaq jazolanayotganini aytadi.
Asqar Qosimovning dramatik asarida esa boshlang‘ich sahnada Zevs chiqib, otasi Kronosni va titanlarni qirib yo‘qotgani bilan maqtanadi. U Prometeydan kelajakni bilguvchi Uch Mayra sirini ochishni talab qiladi. Prometeyga onasi – Adolat ma’budasi Femida, Xotira ma’budasi Mnemozina va pahlavon Herakl (Gerkules) yordamga keladilar. Asqar Qosimovning bu asarini tarjima demaymiz. Bu asar hajman juda kichik bo‘lishiga qaramay, g‘oyaviy-badiiy jihatdan Esxil asariga yaqin kelishi bilan bizni hayratlantiradi.
Asqar Qosimov Evripidning “Medeya”sini aniq, adekvat, asliga yarashiqli tarjima qilgan. Esxil va Sofokl dramalari ko‘proq mifologiya asosiga qurilgan bo‘lsa, Evripid dramalarida mifologiyadan real voqelikka yaqinlashiladi, odamlarning shaxsiy hayoti, xarakterlari birinchi o‘ringa qo‘yiladi.
Arastu “Poetika” asarida yozishicha, mifologik qarashlar bo‘yicha Medeya o‘z farzandlarini o‘ldirmagan, bolalari oltin barrali qo‘chqorga minib, boshqa yurtga qochib ketgan edilar, Evripid drama syujetida konfliktni, fojeiy ruhni kuchaytirish uchun Medeyani o‘z bolalarining qotili qilib ko‘rsatgan. Haqiqatan, Evripid dramasida fojia ruhi rashk va bolalarning o‘limi bilan hosil qilingan. Evripid Yasonning bevafoligini kechirmagan Medeyaning xarakterida rashk ofatini ishonarli ko‘rsatib, tomoshabinlar bu fojiadan ibrat olsin, Yason kabi boylikka qiziqib, sevgisidan voz kechib, bevafolik qilmasin, deb Medeyaning qotilligini to‘qib chiqargan.
Drama boshlanishidayoq, enaga Medeyaning go‘daklari boshiga o‘lim xavfi soya solib turganidan qo‘rqinchi, bolalarga rahm-shafqati, dard chekishi, shundan so‘ng Medeyaning kuchli iztiroblari beriladi. Bu sahna ruscha “asliyat”da, oraliq tilda quyidagicha ifodalanadi, enaga monologida Medeya va Yason sevgisining tarixi, bu sevgi avvalboshidan balo, ofatlarni keltirib chiqargani eslatiladi:
No udel Medei stal inoy. Yeyo ne lyubyat,
I nejnoye gluboko strajdet serdtse.
Yason detey s suprugoyu v obmen
Na novoye otdat reshilsya loje,
On na tsarevne jenitsya – uvы!
Oskorblena Medeya, i svoix
Ostanovit ona ne xochet vopley.
Ona krichit o klyatvax, dannыx yey…
Asqar Qosimov avval sevimli bo‘lgan Medeyaning qadrsizlanganidan, haqoratlanganidan kuyinishni o‘zbekchada bunday ifodalaydi:
Endi uni sevmaydilar, mehribonlar ham
Yig‘ishtirib qo‘ymoqdalar bordi-keldini.
Guldan-da voz kecharkanlar g‘unchani ko‘rgach,
Yason xotin hamda bola-chaqalaridan
Qo‘l siltabon shoh qiziga uylanmoqchimish.
Shunday qilib, tahqirlangan Medeya bibish
Sho‘rlikning-da fig‘oniga yeru ko‘k titrar.
Qani, der, ul ahdu vafo, qani, der, ul lafz –
Ma’budlarni shohidlikka chaqira turib.
Zero, ular betavfiqni ko‘rib qo‘yishsin:
Yason – nomard, Yason – lafzsiz, Yason – bevafo…
Shundan keyin tarjimon Evripidning enaga tilidan aytilgan shodligu qayg‘uda, qahru g‘azabda haddan, me’yordan oshish fojiaga olib kelishi haqidagi fikrlarini ham o‘zbekona, xalqona so‘zlarda ifoda qilgan, ruschada:
Umerennost, – sladko zvuchit
I samoye slovo, a v jizni
Vsego nam jelanney ono!
Izbыtok, v razlade s udachey,
I gorshiye bedы na rod
Pri gneve bogov navlechet on…
Bu satrlar o‘zbekchada yanada rangin va ravon:
Eng sarasi, a’losi ham – me’yor saqlamoq,
Hayotda yo‘q shundan bo‘lak g‘aznai oliy!
Ehtiyojdan oshiqrog‘i omad keltirmas.
U qavmga yuklab qo‘yib ko‘h va ko‘h ofat,
Yo‘liqtirar ma’budlarning o‘tli qahriga…
Bizningcha, bu yerda “ehtiyojdan oshiqrog‘i” so‘zlari o‘rinli emas. Buning o‘rniga “haddan oshmoq”, “g‘azabini bosolmaslik tog‘-tog‘ ofat keltirishi”ni aytish yaxshiroq bo‘lur edi. Arastu hakim ham “Axloqi kabir” asarida barcha sohalarda haddan oshish, me’yorni bilmaslik ofat keltirishini aytgan. Alisher Navoiy ham “Besha (o‘rmon) sherini, arslonini bosib yiqitgan odam pahlavon emas, o‘z g‘azabini bosa olgan odam pahlavondur”, degan edi.
Ruscha matn tarjimoni (Innokentiy Annenskiy) Medeyaning o‘z ahvoli-ruhiyasini tomoshabinlarga arz qilishini bunday ifodalaydi:
U vas – i gorod yest, i dom, i radost jizni…
Pechalnы vы – vas uteshayet drug.
A ya odna na svete mej chujimi,
I izgnana, i broshena…
Zdes ni doma ni materi, – nikogo…
Xot bы odna dusha, kuda prichalit
Ladyu na vremya buros…
Bu satrlarni o‘zbek tarjimoni ham aniq, ravshan ifodalaydi:
Siz egasiz shahringizga, o‘z uyingizga,
Do‘stu yorlar yupatishar g‘amga botsangiz.
Men bo‘lsam-chi, begonalar ichra yolg‘izman.
Ham quvg‘indi, ham mosuvo, ham suprindiman…
Bunda mening na uyim bor va na-da onam,
Kimsasizman – birodarim, qiblagohim yo‘q…
Adolat yuzasidan aytish kerakki, ruscha matnda bo‘lgan yorqin tashbeh, o‘xshatish – dengizda bo‘ron tursa, qayig‘imni asrab turish uchun biror sohilim yo‘q, – degan ibora o‘zbekchada tushirib qoldirilishi yaxshi bo‘lmagan. Ammo o‘zbek tarjimoni boshqa ko‘p o‘rinlarda qahramonlarning ruhiy holatlarini, xarakterlarini ko‘rsatuvchi sahnalarni ruscha tarjimaga nisbatan jonliroq, ranginroq, ravonroq, ma’nolarni teranroq chiqargan. Masalan, dramaning salbiy qahramonlaridan biri, Korinf shohi Kreont, Yasonni qonuniy xotini Medeyadan, bolalaridan ajratib, o‘z qiziga uylantirgan tuban shaxs Medeyani qasddan xorlaydi. Ruschada Kreont so‘zlarida Medeyaning sehrgarligidan qo‘rquv ohangi seziladi; Medeyaning “Meni nima uchun bu yerdan haydaysan. Buning siri nimada?” degan savoliga bunday javob beradi:
O, taynы net tut nikakoy: boyus ya,
Chtobы tы, jena, neistselimыx zol
Ne prichinila docheri moyey.
Vo-pervыx, tы xitra, i char nemalo
Tvoy um postig, k tomu je, tы teper
Bez muja ostayeshsya i toskuyesh…
Kreontning bu so‘zlari o‘zbekchaga bunday tarjima qilinadi:
Hech qanaqa sir yo‘q bunda, hammasi ravshan,
Qizginamga pand berasan, degan xavfdaman.
Ustomonsan, yalagansan ilonning yog‘in,
Bir kori hol bo‘lmasin deb, qo‘rqaman rosti.
Boz ustiga ersiz qolding, hijronzadasan…
Tarjimon o‘zbek, turkiy xalqlarning til boyligidan ohori to‘kilmagan, purma’no so‘zlarni topib, yunon dramasi qahramonlarining ichki dunyosini, ruhiyatini chuqur ochib bera olgan. Asar Evripidning “Alkesta”, “Elektra”, “Agomemnon”, “Kiklop” kabi dramalariga nisbatan hajmi kichikroq, lekin real voqelikka, hayotga yaqinroq, ibratliroqdir.
Iste’dodli har bir shoir o‘tmishdagi buyuklarning shoh asarlarini tarjima qilar ekan, ulardan ilhomlanib, o‘zi ham nodir asarlar yozishga, yuksaklikka intiladi. Asqar bilan kamina hamkorlikda Apuleyning “Oltin xo‘tik yoxud evrilishlar” romanini o‘zbekchaga tarjima qila boshlagan edik. Ammo, afsuski, shoir bevaqt hayotdan ketdi. Endi bu tarjimani davom ettirib, tugatish kaminaning zimmasida qoldi.
Shoir vatanimiz, xalqimiz o‘tmishidagi jasur milliy qahra-monlarimizni sog‘inib, Istiqlolni orzu qilib shunday yozadi:
Hoh-ho, yaxshi yoronlar qani?!
Ko‘z tashlashga dardu darmonlar qani?!
Hoh-ho, umid, armonlar qani?!
Hoh-ho, aqli hayronlar qani?!
Afsuski, nozikta’b shoir ruhiy kasalxonalarda azob tortib, Istiqlolgacha yetib kelolmadi. U, endi Vatanimiz mustaqil, erkin, qudratli bo‘lganini ko‘rsa, sevinchi olamga sig‘mas edi. Shoir tirik bo‘lganida hozir qutlug‘ 70 yoshini qarshilagan bo‘lur edi.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 7-son