Maftuna Muhammadaminova. Abdulla Qodiriy va teatr san’ati

Ulug‘ adib Abdulla Qodiriy millatning ziyolisi o‘laroq, o‘z davrida ijtimoiy hayotning barcha sohalari rivojida faol ishtirok etgani ma’lum. Yozuvchi ijodiy merosining bir qismini ijtimoiy-siyosiy, madaniy jabhalarga munosabati aks etgan publitsistik asarlari tashkil etadi. Qodiriyning kichik asarlari orasida sanoyi nafisa, xususan, teatr san’atiga oid qarashlari alohida o‘rin tutadi.

Nomma-nom sanaganda, teatr masalasi ko‘tarilgan maqolalari ko‘p emas, lekin ularning mazmuni, mulohazalarining dolzarbligi bugun ham ahamiyatlidir. Adibning “Ishtirokiyun” gazetasida e’lon qilingan “Eski shahar teatru havaskorlariga” (1919), “Bizda teatru ishining borishi”(1919) maqolalari, “Bozor surishtirmaydir” (1920) feletoni va boshqa hajviyalari bizni uning teatr borasidagi zakosi bilan yuzlashtiradi.

Ma’lumki, XX asr turkiy millatlarning uyg‘onish davri bo‘ldi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni ijtimoiy-siyosiy, maishiy turmushning o‘zi taqozo etdi. Bu g‘oya barcha ziyolilarni birlashtirib, jadidchilik harakatining yuzaga kelishiga olib keldi. Batafsilroq ifoda etganda, mustaqillik harakati rahnamolaridan biri Munavvar qori o‘z xotiralarida bayon etganidek, “bu davrning o‘zi millatchilik mayllarining kuchayishiga turtki bo‘ldi. Millatchilikning o‘sishini hamma jabhalarda – ommada ham, matbuotda ham, adabiyotda ham, ijtimoiy hayotning hamma sohalarida kuzatildi. Bu holatdan milliylikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun foydalanish” zarurati yuzaga keladi.

Bu harakatlarni amalga oshirishda maorif, matbuot,  adabiyot va teatr sohalari asosiy minbarga aylangani tabiiy. Davrning siyosiy-iqtisodiy ahvoli va xalqning ong darajasi bilan bog‘liq mushkulotlarga qaramay, dunyoviy bilimlarga ixtisoslashgan milliy maktablar, gazeta va jurnallar, teatr truppalari jadal shakllanib bordi. Teatrchilik harakatlariga ham millat kelajagi uchun qayg‘uruvchi bir qator ma’rifatparvarlar yo‘lboshchi bo‘ladi. Harakatning boshlanishi ko‘plab havaskor kuchlarni o‘zida birlashtirdi. “Shu bois jadidchilik harakatining aksariyat yirik namoyandalari dramaturgiyaga, teatr ishlariga alohida ahamiyat berdilarDramaturgiya va teatr ma’rifat, millat taraqqiyoti, ozodligi, madaniyati, mustaqilligi g‘oyalarini tashuvchi eng asosiy ma’naviy qurollardan biri bo‘lib qoldi[1].

“Turon” teatr-studiyasining tashkil topishi Yevropa tipidagi professional teatrning tamal toshi qo‘yilib, mahalliy havaskorlar tomonidan turli pesalar yozila boshlaydi. Behbudiy boshlagan yozma dramaturgiya tajribasi ko‘pgina yangicha fikrli yoshlarni ruhlantiradi. Qodiriy aytganidek, “Padarkush” risolasi Turkistonning umuman deyarli katta kichik shaharlarida mavqi’ tomoshaga qo‘yilib, yoshlar uchun bir daraja teatru maqsadi onglashiluviga” yo‘l ochdi.

Nusratilla Qudratilla, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Hoji Muin, G‘ulom Zafariy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Shamsiddin Xurshid kabi o‘nlab ma’rifatchilar milliy dramaturgiyaning dastlabki namoyandalari bo‘lib maydonga chiqadi.

She’rlar, hikoyalar bilan ijodini boshlagan Abdulla Qodiriy ham o‘n to‘qqiz yoshida “Baxtsiz kuyov” (1915) nomli teatr risolasini yozadi. Adib bu sahna asariga qo‘l urishini keyinchalik quyidagicha sharhlaydi: “1913 yilda chiqqan “Padarkush” (1911 yilda yozilgan) ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborg‘animni o‘zim ham payqamay qoldim” (1926 yil 15-17 iyunda bo‘lib o‘tgan sudda so‘zlagan nutqidan.)[2]

Bu davrda yozilgan dramatik asarlarda ilmsizlik, xalqning savodsizligi asosiy mavzu sifatida ko‘tarilib, ilmu ma’rifat g‘oyasi olg‘a surilgan. Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” pesasida ham jamiyatdagi xurofot va ilmsizlikning oqibati aks etadi. Katta to‘y berib, so‘ng hisobsiz qarzga botib, oxir-oqibatda o‘z joniga qasd qilgan kambag‘al yigitning hayotidan olingan mazkur pesa 1915 yilda “Sadoi Turkiston” gazetasida chop etiladi va “Turon” teatr-studiyasida sahnalashtiriladi.

A.Qodiriy ijodining keyingi davrlarida boshqa sahna asari yozmagan, ammo bu u teatr san’atining mohiyatini anglamagani yoki bu unga nisbatan qiziqishi bardavom bo‘lmaganini bildirmaydi. Bizningcha, adib  adabiy tajribalarining natijasida o‘z salohiyatini nazm va dramaturgiyaga nisbatan fikrni ifodalash imkoniyati kengroq bo‘lgan nasr va publitsistikaga yo‘naltiradi.

Turkistonda teatrchilik harakatining jadallashuvi (Samarqand, Toshkent, Qo‘qonda teatr truppalarining tashkil topishi) tabiiy ravishda ziyolilar orasida unga bo‘lgan munosabatni ham shakllantiradi. Qo‘yilgan tomoshalar xususida matbuotda axborot va tanqidiy munosabatlar ­e’lon qilina boradi. Bunday maqolalarda asosan dastlabki taassurotlar ifodalanib, bu keyinchalik mustaqil yo‘nalish sifatida shakllangan ­teatr tanqidchiligining boshlanishi edi. Matbuotda ziyolilardan asosan, Munavvar qori, Behbudiy, Mirmulla, G‘ozi Yunus, Cho‘lpon, Fitratlar ko‘rilgan tomoshalar yuzasidan chiqishlar qilib, teatr san’atining xos tabiati haqida ommaga tushuncha berishga intiladilar.

Qodiriy keyingi faoliyatida teatr bilan maxsus shug‘ullanmagan bo‘lsa ham, sanoyi nafisaning barcha turlarini nozik tushunuvchi shaxs sifatida milliy adabiyot, kino, musiqa va teatr masalasini e’tibordan chetda qoldirmaydi.

Qodiriy yozganlarida o‘lkada milliy teatrchilik harakatlarining yuzaga kelishida avvalo tatar teatr truppalarining ijodiy safarlari ta’siri borligini aytib o‘tadi. Shuningdek, teatr degan sanoyi nafisaning Turkiston jadidchilik harakati tarkibida 1912 yildan boshlandi, deb ma’lumot beradi. Tarixiy shart-sharoit taqozosi bilan yevropacha shakl­dagi teatr yuzaga kelishi o‘tgan asrning 10-yillaridan so‘ng jadal tus ola boshlaydi. Adib ko‘rsatgan yil, teatr tarixiga oid boshqa manbalarda ham  professional milliy teatrning tug‘ilish vaqti deb qaralsa-da, bu unga qadar izlanishlar, kurash va tashabbuslar bo‘lmagan, degan ma’noni anglatmaydi. Adabiyotshunos olim Sh.Rizayev o‘z tadqiqotida izohlab o‘tganidek, bu sana dastlabki professional teatr tomoshalarining yozilish emas, ommalashgan vaqtini bildiradi.

Adibning yuqorida nomlari keltirilgan maqolalarida o‘sha davrdagi teatr tomoshalari ahvoloti bayonida so‘z yuritilgan bo‘lib, fikrlar mohiyati teatr san’atining tarixiy-umumnazariy mezonlar bilan hamohang keladi. Maqolalarda aks etgan fikrlarni mazmunan quyidagi yo‘nalishlarda tasniflash mumkin:

– Teatr san’atining mohiyati, g‘oya va badiiyat masalasi;

– Dramaturgiya va janrlar;

– Zamondosh dramaturglar ijodiga munosabati;

– Teatr tanqidchiligi va tanqid mezonlariga oid qarashlari;

– Teatr sohasining ijodiy-tashkiliy muammolari;

– Aniq tizimni shakllantirish mezonlari va boshqa masalalar.

Qodiriy xalq turmushida qadimdan mavjud qiziqchilik, masxarabozlik an’anaviy tomoshalar rosmana teatr bilan mavqe almashinishini avvalo, ijtimoiy zarurat sifatida qaraydi. Xususan, “Bizda teatru ishining borishi” maqolasida “Yoshlarimizning tarbiya yeri maktab bo‘lsa, kattalarimizniki teatrulardir” deydi. Teatrning zimmasida xalqni tarbiyalash(!)dek ulkan missiya borligini teran anglaydi. Qolaversa, har bir millatning o‘z teatri bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Shuning uchun o‘z davri teatr san’ati hali yosh, yarim madaniy jamiyat hayotiga endi kirib kelgan chog‘laridayoq, uning asl vazifalarini belgilashga ustivor masala sifatida qaraydi.  Shu ma’noda teatr taraqqiy etishi, xalq ongiga ta’sir ko‘rsata oladigan kuchga aylanishi uchun, avvalo, milliylik va badiiyat sifatlari zarurligini his etadi. Shuning uchun o‘z davrida sahnalashtirilgan tomoshalardan eng birinchi navbatda milliy ruh axtaradi va teatr ahli ishini ham shu nuqtai nazardan tanqid qiladi. Darhaqiqat, teatr truppalarining dastlabki tomoshalari tatar va ozarbayjon truppalarining gastrol spektakllariga taqlidan o‘z turmushimizdan yiroq mavzularda bo‘lgan. Qodiriy “teatr turmushimizda yetishmaydigan va ortiqcha jihatlarni aks ettiradigan bir oinadur. Ish shundag‘ ekan, biz ham o‘z teatrularimizni ko‘rganimizda turmushimizning aksini ko‘rmagimiz kerakdir” deganida teatr zamon va xalq bilan hamnafas yashashi kerakligini nazarda tutgan.

Dastlabki teatr truppalari havaskorlardan tashkil topgani bois, birinchi qadamlar taqliddan boshlanishi tabiiy hol, albatta. Ammo bu hol adib singari ma’naviyat kishilarini tashvishga soladi. Teatr milliy ruhda, “adabiy maktab” bo‘lib xalq ongiga ta’sir ko‘rsatishidan umid qiladi. Shu bois, Qodiriy o‘z davri teatri ahvolotiga tanqid nazari bilan qarab, tomoshalardagi shaklsizlik, bachkanaliklarni ochiq muhokama qiladi: “Teatru bizim Toshkand musulmon yoshlari orasinda juda ham yengil bir ish onglashilg‘anlikdan favqulodda bir buzuqlikda davom etmakda bo‘lib, ulug‘lar maktabi bo‘lgan teatru sahnalari allaqanday safsata va noahil kishilar qo‘linda bir o‘yinchiq bo‘lib kelmoqdalar[3].

Dastlabki spektakllarning barida bu nuqsonlarning takrorlanishi, omma tomonidan ham  bu san’at shunchaki ermak, bekorchi bir ish kabi qabul qilinishining birlamchi sababi – albatta, tajribasizlik edi. Tabiiyki, bu davrda mutaxassis kadrlar taqchilligi katta bo‘lgan. Qodiriy kuzatuvlarida bu omilni e’tibordan qochirmagan holda, muammoni bartaraf etish choralarini izlaydi va“buning kabi e’tiborsizliklarni oradan ko‘taruv uchun birdan bir chora bo‘lsa, u ham tanqid yo‘lidir”, degan xulosani o‘rtaga tashlaydi. Haqqoniy tanqid “asarni adabiyot o‘lchoviga solib, operatsiya qilib chiqish”, badiiy saviya va didni shakllantirish demakdir.

Dramaturgiya alohida, ayni paytda murakkab adabiy tur bo‘lib, u bilan qo‘lida qalami bor har qanday kishi ham shug‘ullana olmaydi. Adib muammoning ayni shu jihatlaridan ham yechim axtaradi. Teatr uchun asarlar ahlsizlar (sohaga begona kishilar) tomonidan emas, o‘z egalari, ya’ni, dramaturglar shug‘ullanishi lozimligini ta’kidlaydi.

Ammo professional dramaturgiya hali tetapoya qadamlarini qo‘yib, maydonga chiqib kelayotgani bois, teatr risolalari yozadigan  ijodkorlar aniq malakaga ega emasdilar. Shu bois, birining yozganida xalq turmushidan yaxshi mavzu topilsa, badiiy talqini, boshqasinikida talqini topilsa, mavzu begonalashuvi kabi kamchiliklar kuzatilgan. Bularning hammasini, avvalo, adabiyot tarozisida o‘lchab baholash Qodiriyga xos xususiyat edi. U boshqalardan ham shu nuqtai nazarni kutadi. Dramaturgiya va janrlar “adabiyot tarozusi”ga solinishi uning badiiy-g‘oyaviy qiymatini o‘lchash, mualliflarga o‘z yozganlarining kamchiliklarini ko‘rish imkonini beradi.

Ma’lumki, komediya, kulgi janri adib ijodiga yaqin. Qodiriyning bu janrdagi mahorati, chuqur bilimi “Mushtum” jurnalida bosilgan ko‘plab satirik asarlaridan ma’lum. Ayniqsa, “Kalvak Maxzumning xotira daftari”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi” kabi asarlarida uning komik xarakter yaratish mahorati yorqin namoyon bo‘lgan. Adibning janrlar masalasida talabchanligi va aynan komediya deb ataluvchi uncha-muncha tomoshalardan ko‘ngli to‘lmasligining boisi shunda.

Komediya sirtdan qaralganda, nihoyatda yengil janrga o‘xshab tuyuladi, ayni vaqtda eng qiyini ham shu.  Dramada haqiqiy kulgini shakl va mazmun birligida yozish muallifdan katta mahorat talab etadi. Qodiriy aytmoqchi “Komediya, degich nima to‘g‘ri kelsa shundan kula bermak emas, balki o‘zining tub shartiga muvofik etib kulmak, drama yozg‘anda mavzuni turmushimizning naq bir chirik joyidan olmoq va shuning ila barobar adabiyot torozusiga solib yozmoq lozim”.

Jahon teatri amaliyotida komediyaning asosiy ikki turi – holatlar komediyasi va xarakterlar komediyasi keng ommalashgan. Qodiriy yashagan davrda opera, drama, komediya nomi ostida yozilgan havaskorona pesalarda janr mezonlariga to‘la muvofiqlik bo‘lmagani uchun e’tirozli fikr­lar bildiradi. Uning komediya janri va unda xarakter yaratishga oid qarashlari hamma zamonda ham e’tiborga molikdir. Qodiriy kulgini quyidagi uch turga bo‘ladi: mutoyiba, hajv (yumor) va satira. “Shu uch turluk kulguni ifoda qilishda yordamchi xizmatini o‘tag‘uchi unsurlar ersa: hazil, kinoya, mubolag‘a, tasfir, tashbiya, tamsil, xalq maqollari ta’birlari va shunga o‘xshash gaplar”[4] deya sharh bersa, “Yozishg‘uchilarimizg‘a” nomli maqolasida esa  kulgining bosh omili “adabiyotda bir necha xil kulgi yo‘llari bo‘lsa ham, lekin eng mo‘tabari xarakter kulgisidir” deb inson sajiyasidan tug‘iladigan kulgini baridan afzal qo‘yadi. Komediyada xarakter topilsa, kulgili holatlar tabiiy ravishda yuzaga keladi. Adibning sajiya xususida aytgan so‘zlari Arastuning “komediya inson fe’l-atvoridagi yaramas illatlar ustidan kuluvchi lirik unsur”dir, degan qarashlari bilan hamohang keladi.

Qodiriy  “Bozor surushtirmaydir” (1920 y.) nomli feletonida teatrchilik ishlarining tang ahvoli haqida so‘z boradi. Sahnaga chiqib o‘z bilganlaricha tomosha qo‘yishga kuch sarflayotgan havaskorlarning mehnatini e’zozlab, ularning harakatini aniq bir maqsad-mezonga yo‘naltiruvchi mas’ul shaxs va tashkilotning yo‘qligidan  arz etiladi. Darhaqiqat, teatrlarda saviya masalasini ortga surgan yana bir jihat  – truppalar shakl­langani bilan aniq bir ijodiy tizimning yo‘qligi edi.

Qodiriy birinchilardan bo‘lib masalaning shu jihatlarini qalamga oladi. “Ishtirokiyun” gazetasining 1919 yil 24 oktyabr sonida bosilgan “Eski shahar teatru havaskorlariga” nomli maqolasida “ulug‘lar maktabi bo‘lgan teatru sahnalari allaqanday safsata va noahil kishilar qo‘linda o‘yinchoq bo‘layotgani”ni,  sahnalashtirishdan avval  asar tegishli joylarda o‘qib, tasdiqlanishi, sahnalashtirish jarayonida havaskorlar “Artistlar soyuzi”dan tajribali mutaxassis jalb etib, maslahat olishi kerakligi aytiladi. Tabiiyki, ma’lum bir tizimning shakllanishi teatrlar faoliyatining samaradorligiga ta’sir etibgina qolmay, ijodkorlarning ko‘proq izlanishi, fikran o‘sishiga turtki beradi.

Adibning maqolalarini o‘qiganda shuni payqash mumkinki, uning qarashlari qo‘yilgan tomoshalarning ichki jihatlari – aktyorlar ijrosi, detallaru sahna bezaklari haqida emas, asosan, teatr atalmish ma’naviy dunyoning umumiy kontseptual asoslarini ifoda etadi.

Millat madaniyatining yirik bir bo‘lagi shunday mushkilot va muammoli tomonlari bilan tadrijiy ravishda kelajak sari ildamlab bordi. 1920–1930-yillar oralig‘ida jadid teatrlarining qiyofasi shakllanib, havaskorlik truppalaridan birin-ketin davlat maqomidagi teatrlar yuzaga keldi. Shuning barobarida yoshlar orasidan ijodkorlarning yangi avlodi – dramaturg, aktyor, rejissyorlar yetishib chiqishi ijodiy muvaffaqiyatlarga yo‘l ochdi. Bu yillarda teatr repertuarida mazmunan o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Bunga bir jihatdan mahalliy dramaturglar ancha tajribaga ega bo‘lgani, ikkinchi tarafdan  jahon dramaturgiyasining sara namunalarini sahnalashtirib, xalqqa taqdim etish an’anasining boshlangani sabab bo‘ladi.  Xususan, dunyo dramaturgiyasining gultoji bo‘lgan Shekspir asarlari kirib keladi. 1935 yilda ulug‘ shoir Cho‘lpon tarjima qilgan “Hamlet” tragediyasi Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatrida sahnalashtiriladi.

Qodiriy  bu davrda ikki yuksak romani, teran publitsistikasi bilan milliy adabiyotimizga yangi iqlim olib kirgan va shuning bilan mavjud hukumatning boshiga solgan dolg‘ali kunlarda ham e’tiqodida, maslagida sobit edi.  U umrining so‘nggi yillarida tarjima bilan mashg‘ul bo‘lib,  qator tatar va rus yozuvchilarining asarlarni ona tilimizga o‘giradi. 1935 yilda rus yozuvchisi Nikolay Gogolning “Uylanish” komediyasini tarjima qilib, teatr uchun yana bir xayrli ishga yo‘l ochadi. Uning tarjimasi o‘sha yilning o‘zida Hamza teatrida  sahnalashtiriladi.

Adibning matbuotda e’lon qilingan maqola va feletonlari bugungi teatr tadqiqotchiligi uchun kerakli manba bo‘libgina qolmay, zamonaviy teatrlar faoliyatiga qiyos etganda, og‘riqli masalalarga ayni javob bo‘ladi. Teatrni yuqori maqomda ko‘rishni orzulagan adibning barcha tanqidu mulohazalari o‘zini shu kasb “ahlidanman”, teatr degan dunyoga daxlim bor, degan har qaysi ijodkorni o‘z kasbiga yana ham muhabbatli, burchli bo‘lishga undaydi. Atrof-olamga, o‘tmishu kelajakka teranroq, mas’uliyatliroq, balandroq qarash darkorligini bot-bot eslatib turadi.

Adibni o‘z davrida bezovta qilgan muammolarning aksariyati bugungi kun teatrlarida ham mavjud. Umuman olganda, Abdulla Qodiriy va boshqa ma’rifat elchilari bu sohaga o‘zini mas’ul sanab, qay bir ma’noda javobgar his etib ne bir so‘z aytgan bo‘lmasin, zamirida ulkan bir asos yotadi. U ham bo‘lsa, uyg‘oq va ozod millatning hayotida mukammal bir san’atni ko‘rish istagidir. Qodiriyning ham birdan-bir tilagi shunday edi: “Men o‘z tirikligimizdan ko‘piya bo‘lg‘an she’riy asarlarni ko‘payuvin tilayman. Tilaymangina emas, hamon harorat ila kutaman. Buni esa qo‘lidan yozuv keladurgan har bir kishidan emas, o‘zining ahlidan kutaman”.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son

________________

[1] Sh.Rizayev. Jadid dramasi. T. : Sharq. 1997 y. 8-b.

[2] A.Qodiriy. Tanlangan asarlar. T.: “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi. 2018 y. 798-b.

[3] A.Qodiriy. Tanlangan asarlar. T.: “Sharq”. 2018 y. 536-b.

[4] O‘sha manba. 791-bet.