Durdona Alimova. Layli va Majnun – oshiq-ma’shuqlarmi?

Tohir va Zuhra, Yusuf va Zulayho, Otabek va Kumush, Romeo va Juletta … Buyuk sevgi qahramonlari nomlarini keltirib, ular orasida Layli va Majnunni ham sanab ketamiz. Ularni juftliklarga qiyoslaymiz: “Hozir ular Layliyu Majnun!”, “Layli-Majnun bo‘lib ketibsizlar!”, “Ikkisi Layli va Majnunlardek!”. Kimdir ko‘chada qo‘l ushlashib yurib, o‘ziga Layli va Majnun deb nom bersa, televizorda kino reklamasi bong uradi: “Layli va Majnun muhabbati bugungi kunda”. Shunday ta’riflar bilan gap nima haqida ketayotgnini tez tushnib olasiz. Tez va noto‘g‘ri!

Agar bu muhabbat haqida yaxshi bilsangiz, to‘g‘ri tushunarsiz, lekin baribir tasavvuringiz noto‘g‘ri chiqadi. Sababi – ular noto‘g‘ri gapiryaptilar.

Alisher Navoiy ijodida ishq talqini borasida necha-necha kitoblar, ilmiy ishlar yozilgan. Bu – juda keng qamrovli mavzu. Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ishqni uch guruhga ajratadi: avom ishqi, xoslar ishqi, siddiqlar ishqi. Avom ishqi insonning hayotiy istaklariga asoslangan bo‘lib, u nikoh bilan yakunlanadi. Xoslar ishqi poklikka asoslangan. Bunda Haqning jamoli biror bir insonda deb tushuniladi va uni Allohga bo‘lgan ishqi bilan sevadi. Bunday oshiqni mahbubning vujudi qiziqtirmaydi, uning ko‘ziga mahbuba butkul ilohiy ruh bo‘lib ko‘rinadi. Siddiqlar ishqi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri Allohga qaratilgan avliyo va anbiyolar muhabbatidir.

“Layli va Majnun” asarida xoslar ishqi bayon etilgan. U esa hozir ba’zi insonlar nazdida avom ishqi toifasiga kirib qolmoqda, natijada “Layli va Majnun” o‘xshatishini o‘ylamay qo‘llamoqdalar. Asarni o‘qisangiz, unda ikki jins vakilining bir biriga qiziqishiga asoslangan ishq talqin qilinmaganini ko‘rishingiz mumkin. Navoiy “Hamd” bobida Allohga murojaat qilib yozadi:
Ey har sorikim qilib tajalli,
Ul mazhar o‘lub jahonda Layli.

Ya’ni: “Sen qaerda jilva qilgan bo‘lsang, o‘sha jilva jahonda odamlarga Layli timsolida ko‘rinadi”. (keyingi o‘rinlarda misol nasriy bayoni bilan cheklaniladi)

Muallif Laylining tasvirini berib, uni go‘zal qiz qilib ko‘rsatadi. Majnun aqlli, qobiliyatli qiyofada. Avom ishqida bir-birini ko‘rgandan keyin sevgi tug‘iladi, ungacha bu tuyg‘u haqida bilmaydilar. Majnun esa dunyoga dard (ishq) bilan keladi. Buni “Go‘dak beshikda fig‘onlar tortar, afg‘onida esa dardning nishoni sezilar edi” yoki “O‘tni ko‘rganda uni ishq o‘ti gumon qilib, unga yashirincha mayl qilar edi” kabi jumlalardan bilish mumkin. Avom ishqida bir-birlarini ko‘rganlarida baxtiyor bo‘ladilar, mabodo vasl umidi natijasiz bo‘lsa, azob boshlanadi. Layli va Majnun ilk uchrashuvlarida rohat emas, azob tuyadilar. Hushdan ketish, Alloh jilvasiga dosh berolmaslik xoslar ishqidan namuna beradi. Majnun holati “G‘am ustiga g‘am yutdi”, deb tasvirlanadi. Shundan so‘ng Majnun gul, g‘uncha, sarv, sabza, tuproqdan Laylini so‘rab qidiradi. Bu ham Allohning zarrasi Yer uzra yoyilganiga ishoradir.

Asarda xoslar ishqi bayon qilingani uchun, islomiy qarashlar ko‘p uchraydi. Majnunga dashtu sahrolarda fig‘on tortib kezish odat bo‘lganidan – tarki dunyo, faqat Allohga sig‘inish; “Beishq xalqning maqsadi uyqu, ishq ahliga uyqu harom” jumlasidan – bandaga tunlarni zikr va ibodat bilan o‘tkazish afzalligi; Ibn Salom va Laylining to‘yi bo‘lmaganini bayon qilib, “Go‘yo bu voqealardan nazarini uzmagan munajjim, bu ishlarni ma’lum bir soatga tayin qilgandek edi. Lekin bu ishda bular ham ojizlik qilar edi, ya’ni munajjimlar – aldoqchilardir” jumlasidan – dinimizda folbinlik va unga ishonish xarom qilinganligi; umri tugayotgan Layli onasiga oh-voh bilan aza tutmaslikni vasiyat qilishidan – islomda buyurilgan sabrni anglash mumkin.

Asarda avom ishqi timsollari ham beriladi. Masalan, Ibn Salom. U Laylini ko‘rishi bilanoq to‘yga hozirlik ko‘radi. Majnun esa nikoh emas, Alloh vasli umidida yashaydi. Yoki yana bir qahramon – Navfalning qizi va uning muhabbati haqida gapirganda, “jazman yigit”, “ma’shuqa o‘z notavonini ko‘rdi” ta’riflari beriladi. Layli va Majnun uchrashganlarida esa “Majnun badaniga ma’shuqasi ruh bo‘lib kirdi” deyiladi.

Navoiy ushbu asarida tilga olgan ishq mohiyatini anglash uchun Majnunning Haj safari haqidagi qismi yaxshi yordam beradi. Oshiq Allohga: “Ey ishq o‘ti bilan jahonni yondirgan va bu ishq o‘ti bilan mendek bechoraning ham jonini kuydirgan!”, degan murojaati bor. Hamda Allohdan so‘raydi: “Ishq g‘amidan qutqarib, meni shodlantir demayman, aksincha bu o‘tni har dam ko‘paytirsangu sira ham kamaytirmasang deyman”. Ota-onasi Qaysning ahvoli yaxshilanishi uchun Ka’baga olib borsalar, uning dardi yanada zo‘rayganidan ham bu ishq Allohga qaratilganini bilish mumkin.

“Layli va Majnun” qissasini “Romeo va Juletta” bilan o‘xshatishadi. Bunda faqat ikki asarning ham sevgi mavzusida mashhurligi bilan bog‘lash mumkin. Ammo ikkisi yuqorida ajratib ko‘rsatilgan ishq turlaridan bir guruhga mansub emas. Shuningdek, ikki asarda ham yoshlar muhabbat qurboni bo‘ldilar. Romeo va Juletta sevgisiga yetisholmay, o‘limni afzal ko‘rishdi, “Layli va Majnun” qahramonlari o‘zlarini o‘ldirganlari yo‘q, ishq o‘tidan ado bo‘ldilar. Ikki asarni solishtirib, “Romeo va Juletta” mazmunini past baholamoqchi emasman, unda muallif asosan jamiyatga urg‘u bergan. Yoshlarni erksizlik va adovat qurboni sifatida aks ettirgan, u davrdagi cherkov bosimini, aksincha, yordamchi ruhoniy timsolida ko‘rsatgan va bu o‘z davri tuzumiga murojaat vazifasini o‘tagan. Shekspirning buyuk asari haqida alohida va to‘liq mulohaza darkor. Hozir bizda ishlanayotgan “yangi talqin”larda esa yoshlarning o‘z joniga qasd qilishi ko‘rsatilib, unga “Romeo va Juletta” nomi, “Layli va Majnun” ta’rifi beriladi.

Ha, Majnunni ota-onasi tushunmadi – ishqni kasallik deb fahmladi. Tabib tushunmadi – bu dardni davolamoqchi bo‘ldi. Biz ham tushunmay, unga avom ishqi nisbatlarini berdik. Yuqorida asar asosida “Layli va Majnun”da xoslar ishqi tarannum etilganini isbotlashga harakat qildim. Ma’lumotlarni qo‘yib turganda ham, yaxshilab o‘ylab qarasak, unda biz bilgan muhabbat emasligini birgina oshiqlarning azobidan anglash kifoya. Agar ularning maqsadi vasl, oila qurish bo‘lganida, qanday to‘sqinlik bor edi? Tengsizlikmi? Axir Layli ham, Majnun ham shox oilasida dunyoga kelgan, ijtimoiy kelib chiqishi, oilaviy sharoitu mavqei barobar edi-ku. Nega ular sevgi natijasini nikohda ko‘rmadilar?

Asar so‘ngida Navoiy juftliklar sazovor bo‘lgan ishqqa ajoyib ta’riflar bilan uning qaysi turga mansubligiga ishora beradi: “Ishq ahli bulardek pok bo‘larkan, ularga abadiy vasl muyassar bo‘lsa ne ajab? Nafs maqsadida oshiq bo‘lganlar uchun oshiqlik haromdir”. Navoiy yana ta’kidlaydi: “Har qanday rangi sariq kishini oshiq deb bo‘lmaydi, chunki har bir sariq gul ham za’faron bo‘lolmaydi”. Shoirning gapidan kelib chiqib, biz ham har qanday sevgini xoslar ishqiga tenglashtirib, “Layli va Majnun” deb ta’riflamaganimiz ma’qul. Chunki bu sevgi Allohga qaratilgan. Qo‘shiqlardagi “Layli va Majnun edik, Dengiz bo‘yida kezar edik”lar bilmay yozilgan so‘zlaru, tushunmay aytilayotgan honishlar xolos.

Navoiyni anglash chuqur tafakkur talab etadi. “Layli va Majnun” asari va unda ishq talqinini mutaxassislarga – Navoiyshunos, “Xamsa”shunoslarga havola qilgan xolda, men faqat qisqacha saboqlarim asosida kichik izlanish qilish va ular asosida sizlar bilan fikrlashish niyatidaman. Zero, “Layli va Majnun”dagi ishq talqini faqat bular emas. Bizning vazifamiz esa undagi muhabbatni beqiyos deb qabul qilish. Muallifning o‘zi tilga olganidek: “Zamonaning yagonasi bo‘lgan o‘sha Majnun va Laylilar ishq yo‘lida yagonadirlar”.

Durdona Alimova