X. Tojiyev, F. Mirzayeva. “Robinzon Kruzo” va uning muallifi

http://n.ziyouz.com/images/robinzon.jpg

Ingliz adabiyotining yirik namoyandasi Daniyel Defoning (1660–1731) “Robinzon Kruzo” va “Moll Flanders” romanlari dunyo adabiyotida yangi yo‘nalishni boshlagan mumtoz asarlardan hisoblanadi. Muallif ayniqsa “Robinzon Kruzo” asari bilan abadiyatga daxldor bo‘lib qoldi. Yozuvchi ma’rifatparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan mazkur asari orqali XIX asrning ijtimoiy realistik romanchiligiga poydevor qo‘yishdek ulkan vazifani bajardi. Defoning romannavislik an’analarini Genri Filding, Jorj Smollet, Charlz Dikkens kabi mashhur yozuvchilar rivojlantirdilar.

Bugungi kitobxon mashhur «Robinzon Kruzo» romanini yaratgan adib butun umrini shonu shuhrat ichida yashab o‘tgan, deb tasavvur qilishi mumkin. Aslida shunday bo‘lganmi? Bu savol hammani qiziqtiradi.

Hammamiz bilamizki, “Robinzon Kruzo” faqat bolalar emas, balki kattalar ham sevib o‘qiydigan badiiyat durdonalari sirasiga kiradi. Shunisi e’tiborliki, Angliya ma’rifatparvarlari g‘oyalari Germaniya ma’rifatchiligi bilan mushtarak holda rivojlangan. Buni buyuk nemis shoiri Gyote ijodida ham ko‘ramiz. Daniyel Defo o‘z zamonasi, o‘z sinfining vakili sifatida davr g‘oyalarini badiiy ifodalab berdi. Yozuvchi o‘z zamondoshlari ilg‘or dunyoqarashlarining jarchisi sifatida maydonga chiqdi.

Robinzonning kimsasiz oroldagi hayoti, yaratuvchi insonga xos topqirligi, mardligi, irodasi, mashaqqatlarni yengish azoblari romanda katta badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Asar mehnat madhiyasidek jaranglaydi. Aynan mana shu iste’dodi bois Robinzon Kruzo o‘z insonligini saqlab qoladi. Bu adabiy qahramonning jozibadorligi, ibratli fazilatlari va tarbiyaviy ahamiyati aynan mana shunda. Romanda aniq voqealarning badiiyatga mohirona yo‘g‘rilganligi yozuvchining ijodiy yutug‘idir. Mehnat – Robinzonning tang ahvolga tushib qolganida, o‘ta qiyin sharoitlarda kimsasiz orolda yillar davomida odamiylik qiyofasini saqlab qola bilishdagi bosh omil sifatida ko‘rsatiladi.

Daniyel Defo, tadqiqotchilarning hisoblashlaricha, 400 ga yaqin publitsistik maqolalar, pamfletlar yozgan qalam sohibidir. Bu asarlar ko‘plab jahon tillariga tarjima qilingan. Defoning ijodiy fantaziya quvvati bilan yaratilgan bu asarlar yurtdoshlari uchun favqulodda hodisa va tengsiz jasorat namunasi hisoblanadi.

Muallifning o‘zi ham hayotda hisobsiz mashaqqatlarni boshidan kechirdi. Shunga qaramay, u matonat va chidam bilan qiyinchiliklarni yengib, o‘z maqsadlariga erisha bordi. Defo Angliyaning birinchi professional jurnalisti, siyosiy qarashlari bilan o‘zgalarga ta’sir o‘tkaza oladigan gazeta muharriri va hukumatning eng mas’ul shaxslariga doir sirlardan yaxshi xabardor adib edi. Biroq murakkab sharoit, shafqatsiz ijtimoiy va siyosiy jangu jadallar tufayli u o‘zi ko‘zlagan maqsadlarini to‘la-to‘kis amalga oshira olmadi. Siyosiy tartibsizliklar va nosozliklar, nizo va nifoqlar, saroyning fitnayu fasodlariga aralashib qoldi, biroq zamondoshlarini qiziqtiradigan hayotiy voqealar haqidagi kitoblarini chop ettiraveradi.

Defo butun umri davomida goh ochiqchasiga, goh yashirin, turli taxalluslar ostida zamonasining o‘tkir siyosiy va xalqaro masalalariga o‘z munosabatini bildirib bordi, pamfletlar e’lon qilishdan to‘xtamadi. U falsafa va huquq, savdo-sotiqqa oid ilmiy asarlar, risolalar bitdi, iqtisodiy mavzuda maqolalar, yo‘riqnomalar, qo‘llanmalar, ma’lumotnomalar, dasturlar, omma va jamoa orasida o‘zini qanday tutish haqida kitoblar yozdi, san’at haqida she’rlar bitdi, qo‘l hunarmandchiligi tarixi va yana shunga o‘xshash turfa sohalar borasidagi fikrlarini chop ettirdi.

Defo o‘z nomini qo‘ymay e’lon qilgan asarlar ham ajabtovur kutubxonani tashkil etadi. Defo ularda voqealar bayonini asar qahramonlari nomidan hikoya qilish vositasidan foydalanadi. Shunga ko‘ra uning kitoblari go‘yo dengizchilar, savdogarlar, o‘g‘riyu kazzoblar, saroy fitnachilari, barcha turdagi sarguzashttalablar tomonidan yozilgandek taassurot uyg‘otadi.

Defo pamfletlari va siyosiy faoliyati uchun hibsga olinadi va 1703 yil 31 iyul kuni “sazoyi qilinadiganlar ustuni”ga bog‘lanadi. Uni sharmanda qilishga qaratilgan fuqarolik hukmi amalga oshirilishidan oldin u yozgan “Isnod ustuni madhiyasi” nomli she’r xalq orasida keng tarqalib ketadi. Unda Defo dindan qaytgan murtadlarni yo‘qotish, fosh qilish zarurligi borasida dadil fikr yuritgan. Sharmisor etilishi ko‘zda tutilgan Defoga xalq gullar sochadi, uning sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishadi.

1704 yilda Defo “Frantsiya ishlari sharhi” nomli davriy nashrda faol qatnasha boshlaydi. Bu ommaviy gazeta 1713 yilgacha chiqib turdi. U Angliyadagi jiddiy siyosiy va iqtisodiy mavzularni yoritadigan ilk nashrlardan biri edi. Keyinchalik yozuvchi boshqa gazetalarga ham muharrirlik qildi. Qirolicha Anna vafotidan so‘ng,Torilar partiyasi hokimiyatni qo‘ldan boy bergach, Defo Viglar hokimiyati tarafdorlari qatoriga o‘tadi.

Daniyel Defo murakkab tarixiy asrda yashab o‘tdi. U yozuvchi bo‘lgunga qadar gazlama mollari bilan savdo qildi, sharob oldi-sotdisi bilan shug‘ullandi, lekin sira ishi yurishmadi; fabrika egasi, ishbilarmon, josus, askar, pamfletchi, mahbus, jurnalist, muharrir, adabiy “mardikor” bo‘ldi. Sanab o‘tilgan har bir kasbning adib hayotiy faoliyatidagi o‘rnini, ahamiyatini bir o‘ylab ko‘ring-a?! Eh-he! Daniyel Defoni qiziqtirmagan, u “burnini tiqmagan” soha qolmagan ekan, deysiz.

Hayotining so‘nggi yillarida Defo siyosiy jurnalist sifatida o‘z qobiliyatini siyosiy hojatbarorlik yo‘lida sarflab, badiiy adabiyotdan chetlashgandek taassurot qoldirdi

Defoshunoslar va tanqidchilar ta’kidlaganidek, u “zamonaviy odam”, “zamonaviy dunyoning fuqarosi”, “afsonaviy odam” edi. Mana ko‘rdikki, adibning hayoti o‘ta mashaqqatli kechgan. U butun ijodi davomida o‘ta og‘ir umr so‘qmoqlaridan o‘tgan. Ijodkor chekkan mana shu qiyinchiliklar va azoblar evaziga qismat unga ajoyib mukofot tuhfa etdi. Bu – “Robinzon Kruzo”ning jahon xalqlari oldidagi so‘nmas shuhratidir. Afsuski, bu hayrat va olqishlar unga vafotidan keyin nasib etdi. Ijod ahli hayoti ana shunday turfa qismatlari bilan o‘ziga xos sirli olamdir.

X. Tojiyev, F. Mirzayeva,

Guliston davlat universiteti

Jahon adabiyoti jurnali, 2009 yil, 1-son.