Jan-Pol Sartr (1905–1980) – frantsuz adibi, faylasuf, dahriy ekzistentsiyachilikning asoschisi, yozuvchi, estet, tanqidchi, dramaturg va essenavis. Parijdagi oliy maktabni bitirgach, Gavrdagi litseylardan birida falsafa fani o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini boshladi. 1933 – 1934 yillarda Berlinda yashab, olmon falsafasi bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, Gusserl hamda Haydeggerni chuqurroq o‘rgana boshladi. “Tasavvur” (1936), “Hayajonlar nazariyasiga chizgilar” (1939) uning ilk falsafiy asarlari sanaladi. Keyinchalik Sartr o‘zining fundamental asari bo‘lmish “Borliq va yo‘qlik. Fenomenologik ontologiya ocherki”da (1943) ekzistentsiyachilik[1] g‘oyalarini ilgari surdi. U “dahriy ekzistentsiyachilik” haqida “Ekzistentsiyachilik – insonparvarlik degani” asarini yozadi. Unga faylasufning “Borliq va yo‘qlik” risolasida ilgari surilgan fikrlar asos qilib olingan edi. Va nihoyat Sartr o‘zining yana bir fundamental asari hisoblanmish “Dialektik aqlning tanqidi”ni (1960) yozdi.
Sartr o‘z falsafiy g‘oyalarini “Behuzurlik” (1938), “Ozodlikning yo‘llari” (1943 – 1949), “Pashshalar” (1943), “Yopiq eshik ortida” (1945), “Ko‘milmagan mayyitlar” (1946), “Iflos qo‘llar” (1946), “Iblis va Xudo” (1951), “Nekrasov” (1956) kabi badiiy asarlarida; tanqidiy fikrlarini “Bodler” (1947), “Avliyo Jene” (1952) asarlarida ilgari surdi. Ijtimoiy-siyosiy hamda adabiy-tanqidiy fikrlari esa uning “Holatlar” (10 jildlik, 1947–1956) asarida bayon qilingan. Faylasuf o‘zining bolalik va o‘spirinlik yillariga bag‘ishlab “Kalom” (1964) degan ajoyib qissasini yozdi. 1964 yilda Sartrga adabiyotdagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti berildi, biroq u ushbu mukofotdan voz kechdi.
Sartr estetikasini akademik yoki an’anaviy deb bo‘lmaydi. Uning estetikasi ko‘proq amaliy tabiatga ega; u butun ijodning uzviy qismini tashkil etadi hamda falsafiy va badiiy ijodga bog‘lanadi. Shuning uchun uning asarlariga asoslanib falsafiy tizim tuzish mutlaqo mumkin emas. Lekin asosiy estetik g‘oyalari va printsiplarini aniqlab, qandaydir ma’noda uning qo‘llanilishi va rivojlanishini kuzatish mumkin.
Faylasufning estetikasida muayyan tizim yo‘q, lekin asosiy estetik g‘oyalar va tamoyillarni ko‘rish qiyin emas. U o‘zining “Adabiyot nima?” risolasida zamonaviy jamiyatdagi san’atkor mavqei haqida fikr yuritib, “Nimani yozish kerak?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi. “Nosir yozadi – bu aniq, shoir ham yozadi, – deydi Sartr. – Biroq bu ikki xil yozish jarayonida umumiy narsa – faqat harf suratini chizayotgan qo‘llar harakati mavjud. Boshqa jihatdan ularning olami bir-biriga aloqasiz, biriga yaraydigan narsa ikkinchisiga yaramaydi. O‘z tabiatiga ko‘ra nasr o‘ta amaliy; men nosirni so‘zlardan foydalanadigan odam deb atashni istardim. Yozuvchi, bu – gapdon; u anglatadi, isbotlaydi, ishontiradi, ishora qiladi… Nosir aynan hech narsa gapirmaslik uchun gapiradi. Nasr san’ati nutqda namoyon bo‘ladi, uning predmeti, tabiiyki, ma’nolilik, ya’ni so‘z ibtidodagi ob’ekt emas, balki ob’ektning belgilari hisoblanadi”. She’riyat esa – boshqa gap. Sartr shoirlarning so‘z qo‘llashi haqida bunday deydi: “Shoirlar – so‘zdan foydalanishni inkor etuvchi odamlar… Shoirlar uchun so‘zlar – yerda o‘t-o‘lan va daraxt singari o‘sadigan tabiiy narsalardir”. Nasr reallik bilan, she’riyat tasavvur bilan bog‘liq. Nasrda ijod ongli ixtiyor, mas’uliyat va muallifning axloqi bilan shartlanadi, she’riyatda esa ijod – muallifning anglab yetmagan dunyosi, anglab yetmagan tajribasi mahsuli: “Nosir o‘z suratini chizgan bir paytda, – deydi Sartr, – she’riyat inson haqida afsona yaratadi[2]” .
San’at asari undagi estetika ob’ekti singari noreal. Sartr buni musiqiy asarni idrok etish misolida isbotlashga harakat qiladi: “Simfoniya men uni idrok etayotgan joyda mavjud emas, u na mana shu devorlar oralig‘ida, na mana shu skripka kamonining uchlarida mavjud. U bor-yo‘g‘i “o‘tmish”: asar aynan ana shu yerda Betxoven aqlida ma’lum vaqt ichida tug‘ilgan. U butunicha reallikdan tashqarida mavjud. U o‘zining xususiy vaqtiga ega, ya’ni allegroning birinchi notasidan finalning so‘nggi nuqtasigacha bo‘lgan ichki vaqtga ega, biroq bu vaqt boshqa vaqt ortidan keladigan, ya’ni boshqa davom ettiradigan va allegrodan oldin mavjud bo‘lgan vaqt emas – uning ortidan ham finaldan so‘ng keladigan qandaydir vaqt yo‘q. Yettinchi simfoniya aslo vaqtda mavjud emas”[3].
Sartrning faoliyatida adabiy ijod va san’atga katta o‘rin ajratilgan. Yozuvchi hamma ijodkorlar kabi, umuman, barcha narsa haqida so‘zlashi kerak, shuningdek, sub’ektiv va ob’ektiv dunyo haqida ham. Inson hayotidagi hech qanday muammo uning uchun qorong‘i yoki begona bo‘lishi mumkin emas. Insoniyat hamda inson dunyosiga tegishli hamma narsa yozuvchi va ijodkorning ijodiy qarashlari sohasiga tegishlidir.
Faylasufning tushunchasida nasr bu – muhim ramz, nishonalarni yaratadigan idrok quroli kabi semantik tildir. She’riyat – assemantik til. U tasvir va kuy kabi hissiy hamda tuyg‘un, jo‘shqin narsalarning xususiyatlari va ma’nosini ochib beradi.
Badiiy asarni o‘qish, tinglash, ko‘rish – idrok va ijodning omuxtaligidir. Ushbu omuxtalik sub’ekt va ob’ekt ma’nosini belgilab, ayni paytda ularning olam bilan munosabatini boyitadi. Idrok etish va ijodning omuxtaligini Sartr quyidagicha muayyanlashtiradi: “Har qanday badiiy asar da’vatdir. Yozish bu – kitobxonni nimagadir da’vat etish… Yozuvchi shu tarzda kitobxonni erkinlikka chaqiradi, chunki bu erkinlik yozuvchi asarining yaratilishida ishtirok etadi[4]”. Ijod jarayoni – asarning notugal va mavhum tarzda yaratilishi. Shu bois san’atni idrok etuvchi tomonidan ham ijodkorlik talab etiladi.
Sartr “san’at san’at uchun” degan nazariyaning tarafdorlariga qarama-qarshi da’vat san’ati hamda Horatsiyning didaktik va pedagogik kontseptsiyasiga intiluvchi mantiqiy printsiplar sifatida adabiyotning ijtimoiy funktsiyasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Sartr so‘zning kuch-qudratini ta’kidlar ekan, uni faoliyat bilan teng kuchga ega deb hisoblaydi. “So‘zlamoq – bu harakat qilmoqdir, har qanday nomi atalgan buyum yoki narsa, o‘z asl holiga qaytmagani kabi o‘zining bokiraligini yo‘qotadi”[5].
Bunda faylasuf shuni aytmoqchiki, adabiy ish juda muhim va o‘ta mas’uliyatlidir. Eng avvalo, u yozuvchining mas’uliyatini nazarda tutadi. Yozuvchining qalami – bu kuchli qurol, uning yordamida ko‘p narsani o‘zgartirish mumkin. Qo‘liga qalam olgan yozuvchi o‘zining barcha asarlari uchun shaxsiy mas’uliyatni his qilishi lozim, chunki uning faoliyati odamlarning hayoti, muammolari, harakatlari hamda qiziqishlari bilan bevosita bog‘liq. Biroq Sartrning aytishicha, adabiyot yozuvchi kabi kitobxonga ham mas’uliyat yuklaydi: axir insonning harakati “bir paytning o‘zida ham omad, ham omadsizlikdan iborat”, ya’ni ko‘p hollarda asosan bir odam boshqa bir odamning harakatiga tobe bo‘ladi; shu tarzda yozuvchining asari kitobxonga qarata yoziladi, yozuvchining faoliyati kitobxonga bog‘liq…
Adabiyot va san’at – murakkab hodisa: biri uchun qochoqlik, boshqasi uchun esa – zabt etish vositasidir. Adabiyot va san’atning mohiyatini tushunmoq uchun yozuvchi va san’atkorni harakatga keltiruvchi sabablarni yuzaga chiqarmoq lozim.
Asl san’at asari, Sartrning fikriga ko‘ra, ijodkor va san’atni idrok etuvchi kishining harakati bilan yuzaga keladi; o‘zga odamlar uchun yaratiladi, o‘zga odamlar uchun mavjud bo‘lish imkoniga ega. Bunda badiiy san’atning asosiy sabablaridan biri – bu dunyoga nisbatan o‘zining kerakligini his qilish talabi hisoblanadi. Bu his insonda tasodifan hamda tashqi ta’sir oqibatida emas, balki ichki sabab natijasida vujudga kelgan. Aslida esa bu yerda jamiyatning o‘zi hamda uning qiziqishlarining yashirin kuchlari harakat qiladi. Yozuvchi va san’atkor esa har doim ham ularning qiziqishlari va genezisini tan olmaydilar. Ko‘pgina hollarda ularning fikricha, xohish-iroda, sub’ektivlik, ilhomlanish, kayfiyat hamda ijodkor tabiati ijod jarayoniga ta’sir qiladi, ya’ni ijod ungagina taalluqli. Faylasuf ijod uchun ijtimoiylik muhim ahamiyatga ega ekanini tan oladi.
Sartr, san’at boshqa insonlar uchun mavjud deb ta’kidlaydi. “Ijod, bor-yo‘g‘i asarning yaratilish jarayonidagi chala va abstrakt holat; agarda muallifning yakka o‘zi mavjud bo‘lganda edi, u o‘zi istaganicha yozgan bo‘lar edi… San’at faqatgina o‘zgalar uchun hamda o‘zgalar sharofati bilan mavjuddir”[6]. San’at asari o‘z asl tushunchasida, san’atni idrok qiluvchi (kitobxon, tomoshabin, tinglovchi) hamda ijodkorning harakati tufayli yaratiladi. Mutolaa, tinglamoq, badiiy asarlarni ko‘zdan kechirish idrok va ijodning tahlilidir. Ushbu tahlil nafaqat sub’ekt va ob’ektning ahamiyatini belgilaydi, balki bir vaqtning o‘zida ularning dunyoga bo‘lgan munosabatlarini boyitadi.
Mazkur tahlil maqsad sari intilish va faollik xarakteriga ega: u erkinlikni yaratuvchi, shuningdek, san’atni idrok etuvchi odamlar kabi aniq maqsadni ko‘zlaydi. Shu sababli Sartr, go‘yo estetik ob’ekt erkin tasavvur o‘yini va ko‘rinishdan iborat ekanligini ta’kidlovchi “so‘nggi maqsad maqsadsizdir” degan kantcha iborani tanqid ostiga oladi.
Aslini olganda, ijod va idrok tahlili chuqur dialektik xarakterga ega – san’atni idrok etuvchi inson va ijodkor orasida murakkab, chuqur va o‘ta nozik o‘zaro munosabatlar mavjud. Ana shu murakkab va chuqur dialektikani Kant hisobga olmagan, deb ta’kidlaydi faylasuf. “Kant formulasi har bir surat, har bir haykal, har bir kitobda yangraydigan chaqiriqni hisobga olmagan… San’at asari bebaho hisoblanadi, chunki uning o‘zi chaqiriqdir”[7].
Ijod san’atni idrok qiluvchi insondan ijodiy hamkorlikni talab etadi. “O‘qimoqlik bu – induktsiya, interpolyatsiya[8] va ekstrapolyatsiya[9]dir, aynan shular muallifning ixtiyor erkinligida jamlangan… Lazzatli kuch bizni birinchi sahifadan to oxirgi sahifagacha ushlab turib, bizga hamroh bo‘ladi”[10]. Sartr mutolaaga kitobxonning o‘ziga xos ijodiy hamkorlik akti sifatida qaraydi, chunki kitobxon bu jarayonga o‘zining ehtiroslari, hislari, xavotirlarini, qisqacha aytganda, o‘z ijodiy qobiliyatlarini beradi.
Kitobxon va yozuvchining o‘zaro munosabatlaridan Sartr quyidagi qoidani keltirib chiqaradi: adabiyot kitobxonning erkinligiga da’vatdir. Bu qoidani u o‘ziga xos qonun kabi yuqoriga ko‘tardi. Kantda ham erkinlik qonuni tarixning so‘nggi mezonini aks ettiradi. Sartrga ko‘ra, u insonga ichdan odatiy bo‘lishi uchun bu qonunga aniq va ongli tarzda amal qilish lozim. Shunda adabiyot doim ro‘yobga chiqadigan “oliy himmatli” bo‘ladi.
Shunday qilib, mutolaa bu oliy himmatning ro‘yobga chiqishidir; yozuvchi kitobxondan talab qiladigan narsa bu – butunlay o‘zini barcha ehtiroslari, noto‘g‘ri fikrlari, o‘z mayllari, o‘zining jinsiy tetikligi, o‘z qadr-qimmat miqyosiyligi, bu o‘z abstrakt erkinligini qo‘llamaslik va o‘z shaxsiyatining qobiliyatli bo‘lishidir. Oxir-oqibat mutolaa, Sartrga ko‘ra, yozuvchi va kitobxon o‘rtasidagi o‘ziga xos birinchi o‘rinda bajariladigan shartnomadir.
Adabiyot yozuvchi bilan kitobxonning erkin hamkorligisiz mavjud emas; tabiiyki, adabiyotning vazifasi ushbu erkinlikni himoya qilish va taraqqiy ettirishdan iboratdir. Shunday ekan, adabiyotning taraqqiy etish sharti erkinlikning maqsadi bo‘lib qoladi, ya’ni: “Inson erkinligini maqsad qilib qo‘yuvchi erkinlik”.
Sartrning fikriga ko‘ra, har qanday yozuvchi yoki ijodkor shu darajada “universal”ki, u o‘z asarlarida nafaqat o‘zining individualligini, balki eng avvalo, o‘z shaxsini, o‘zi yashayotgan hamda faoliyat ko‘rsatayotgan jamiyatni ifodalaydi. Xuddi shu tarzda adabiyot va san’at asarlari ham “universal”dir – ular o‘zining tub mohiyatigacha universal bo‘lishga intiladi. “Erkinlik” tushunchasiga kelsak, bunda san’at asari kitobxon, muxlis va tinglovchining erkinligiga “murojaat” bo‘lib, o‘zining bosh maqsadi va syujetini oldindan aniqlaydi: bu erkinlikdir, tashabbuskor erkinlik, mustaqil va o‘zicha shakllangan erkinlik.
Ta’kidlash joizki, Sartrning erkinlik haqidagi qonuni, avvalo, boshqa odamlarning erkinligiga qaratilgan. Zero, yozmoqlik – bu yozish bilan bir vaqtning o‘zida dunyoni ochmoq hamda uni kitobxonning himmatiga havola etmoqdir…
Faylasuf tushunchasidagi adabiyot axloqiy hamda ma’naviy tamoyillarga tayangan holda butun jamiyatning ma’naviy hayotini o‘zida mujassam etadi.
Nasihatlar girdobida qotib qolgan rasmiy axloqdan farqli o‘laroq, adabiyot va san’at individ va jamiyat ongida doimo yangilanib turadigan axloqni namoyon qiladi. Bunday adabiyot jamiyatning oliyhimmatligi yoki olijanob axloqiga, shuningdek, sub’ektning erkinligini o‘zgalar erkinligiga aylantirishga xizmat qiladi.
Albatta, sartrchilik tushunchasidagi nasr bilan she’riyat orasidagi farqni anglay bilish kerak. Uning tushunchasidagi nasr erkinlik, da’vat, mas’uliyat singari kategoriyalar bilan bog‘liq bo‘lsa, she’riyatda esa anglanmaganlik, mif dunyosi, afsonaviy va haqiqatdan yiroq, sirli metafizikaga moyillik bor.
Nasr haqiqatga aralashishga va unga ta’sir o‘tkazishga intilsa, she’riyat haqiqatdan nari yuradi, biroq uning qiziqmasliligi oxir-oqibatda qandaydir qiziqishni va qadriyatni keltirib chiqaradi. Agar qadriyat bevosita haqiqat va go‘zallik bilan bog‘liq bo‘lsa yoki o‘z-o‘ziga xush kelsa, u holda, u ezgulik deb hisoblanishi mumkin.
Kantdan qolgan ezgulik va go‘zallik, reallik va noreallikka qaratilgan ziddiyatlar hozirgacha Yevropa estetikasiga singib ketgan. Sartr yovuzlikni tasavvur va noreal tushunchalar orqali qadriyat sifatida chuqurlashtirib, insonni ezgulik va yovuzlik orasidagi tanlov ixtiyoridan mahrum qiladi: yovuzlik – bu inson bilan yuzma-yuz qoladigan yagona qadriyatdir. Ana shunda go‘zallik yovuzlikka aylanadi, yovuzlik esa erkinlikka.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, nasr va she’riyat kabi yozuvchi va shoir o‘rtasida farq bor: yozuvchi real va konkret dunyoda, erkinlik dunyosida yashasa, shoir aksincha, jamiyat va reallikdan voz kechib, noreallikdan kelib chiqqan holda o‘zining individual go‘zal, yovuz va xayoliy dunyosini butunicha qoplab, qamrab oladi. Shuning uchun ham, nasr ijtimoiy axloqshunoslikni, she’riyat esa individual yoki individualistik axloqshunoslikni tashkil etadi, deyish mumkin.
Sartr ijodining ilk davrlaridayoq adabiyot muammolarini butun jamiyatning ijtimoiy muammosi deb tushungan, zero uning uchun san’at tarix va insondan ajralmasdir. Binobarin, adabiyot va san’at Sartr uchun muloqot yo‘lining eng universal shakli bo‘lib qoldi; adabiyot va san’at asarlari esa nafaqat yozuvchi yoki ijodkor tomonidan, balki aynan ularni idrok qiluvchilar uchun yaratiladi.
Faylasuf so‘z yordamida o‘zi yashayotgan jamiyatni o‘zgartirishga harakat qildi, shu bilan birga o‘zini va o‘zgalarni qutqarmoqchi bo‘ldi. U xiralashgan nazarni hamda o‘zib ketishni erkinlik deb tushundi. Iste’dod va taqdirni o‘zgartirib bo‘lmas edi, faqat birgina yo‘l – hammasini yana qaytadan boshlamoq kerak: yozish, yozish va yana yozish, yozganda ham sarobni reallik, reallikni esa sarob deb qabul qilmaslik, ko‘p narsalar faqat insonga bog‘liq ekanligi haqida o‘z-o‘ziga doimo hisobot berib turish – yozishning asl maqsadidir… Inson esa doimo insonligicha qolishi lozim…
Anvar Sher
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son
[1] Ekzistentsiyachilik (lotincha exsistentia – mavjudlik so‘zidan olingan) mavjudlik falsafasi – XX asrda vujudga kelgan va inson borlig‘ining mutlaq noyob ekanligi, uni tushunchalar tili bilan ifodalab bo‘lmasligini o‘rtaga tashlagan falsafiy oqim.
[2] Dolgov K.M. «Estetika Jan-Polya Sartra». – M.: «Znaniye», 1990.
[3] O‘sha manba, 17-bet.
[4] O‘sha manba, 23-24-bet.
[5] Dolgov K.M. “Estetika Jan-Polya Sartra”. – M.: “Znaniye”, 1990. S. 27.
[6] O‘sha manba.
[7] O‘sha manba.
[8] Interpolyatsiya – ko‘chiruvchi yoki tarjimon tomonidan orginalga o‘zgartirish kiritish, unga so‘z yoki jumlalar qo‘shish.
[9] Ekstranalyatsiya – narsa va hodisaning bir qismini kuzatish asosida olingan xulosalarni uning boshqa qismiga yoyish yoki tatbiq etish.
[10] Dolgov K.M. “Estetika Jan-Polya Sartra”. – M.: “Znaniye”, 1990. S. 27.