Ismoil Shomurodov. So‘z haqida so‘z

http://n.ziyouz.com/images/kitoblar.jpgInson uni dahshatli qurolga aylantirib yubordi. Bir og‘iz so‘z bilan insonni o‘ldirish, baxtsiz qilish mumkin. Odam bolasining baxtli bo‘lishi uchun ham deyarli shunday: yoqimli kalom bo‘lsa bas. Asli zamiriga nazar solinsa, baxtli hayot sari intilish, mehrga tashnalikni shirin so‘zga talpinish, deb baholash mumkin. Inson kutgan baxt, intilgan mehr shunchalar arzon, aslida. Biroq…

Unda nega bu dunyoda “baxtliman” degan biror esli odamni uchratish mushkul?

Bundan chiqadiki, so‘z juda qimmat turadi!

Ammo inson umri davomida gapiradi, tinmay so‘zlaydi. Ularning barchasi ham bu orqali bir narsani hal qilayotgani yo‘q. So‘zlar havoga sovuriladi, xolos.

So‘z shunchalar qadrsiz!

Bir paytlar kalom ham qilmish kabi baholangan. Inson o‘z so‘zi uchun javob berishi lozim, deb hisoblashgan. Hozirda so‘z inflyatsiyasi yuz berayotgandek. Esimda, bolaligimda otam kechalari uyushtiriladigan kitobxonliklardan qaytib, allaqanday ichki bir ishonch bilan, juda jiddiy, hayotiy gapni aytayotganday eshitganlarini hikoya qilib berardilar. U paytda odamlar so‘zga, bosma so‘zga qat’iy ishonardi, hatto muqaddas hisoblashardi. Gazetada bosilsa-ku, mutlaq haqiqat, deb qabul qilinardi.

Hozirda birovni nimagadir ishontirish uchun soatlab gapirish lozim, haqiqatni isbotlashga ko‘p manba talab qilinadi. Demak, so‘zning qadr­sizlanish jarayoni ketyapti. Dam olish gazetalari, FM radiolari bu jarayonga o‘zining “munosib” hissasini qo‘shayotgan bo‘lsa ajab emas. Chunki ular so‘zdan ko‘proq ko‘ngilochar vosita sifatida foydalanadi. Uni ko‘proq shu ma’noda ishlatadi. Ilgari u o‘zaro munosabat va axborot olish vositasi bo‘lgan.

To‘g‘ri, bu odamlarning qat’iyligi, bilimi, o‘ziga va o‘zgalarga talabchanlikning oshib borayotganidan ham darak beradi. Biroq bir vaqtning o‘zida bu so‘zning narxini pasaytiradi, qadrini tushiradi.

So‘z va gap barchaniki, undan foydalanishni cheklab bo‘lmaydi. Keyingi yillarda tilimizda jiddiy o‘zgarishlar bo‘layotganini oddiy, e’tiborsiz fuqaro ham sezsa kerak. Bu gap tuzilishidagi o‘zgarishlar.

Bunda reklamaning ahamiyati katta. Chet elda ishlab chiqilgan va reklama qilingan mahsulotlar, xizmatlarning bizda ham targ‘ib qilinishida tilimizning o‘ziga xosligi e’tiborga olinmaydi. Dast­lab, bu mahsulot va xizmatning shiorlarini tarjima qilganlar o‘zbek tilini yaxshi bilmasa kerak, lug‘at orqali o‘girgandir-da, deb o‘ylardim. Tushunayapmanki, reklama beruvchi ahmoq emas. U reklamadagi nomilliy muhit bilan milliy so‘z uslubi qovushmasligi mumkin, deb o‘ylaydi. Shuning uchun so‘zma-so‘z tarjima uslubini qo‘llaydi. Natijada, “Sinib qoldingmi?”, deganga o‘xshash iboralar paydo bo‘ladi. Demak, o‘ziga xos tovar, o‘ziga xos muhit hatto so‘z qurilishi ham o‘ziga xos.

Bir paytlar “Faqat daholargina yangi so‘z yaratish vakolatiga ega”, degan fikr bo‘lardi, endi shu tushunchani sal o‘zgartirsa ham bo‘lar: “Yangi ibora yaratish vakolati faqat reklamachilargagina tegishli”.

Buning ustiga “reklama tili”ni eshitib, o‘rganib ulg‘aygan avlod yetishib kelayotir. Ularga mana shunday — to‘g‘ri tarjima bo‘lmasa, fikrni ang­lashi qiyin. Demak, til shakllanyapti. Nafaqat so‘z, balki gap tuzilishi ham umumiylashayapti.

Umuman, bu jarayon har doim kechgan. Deylik, biz uchun “O‘tkan kunlar”ning tili biroz g‘alati tuyuladi. Ya’niki, uni oddiy gaplashuvda ishlatib bo‘lmaydi. Demak, salkam yuz yil ichida tilimizda shuncha o‘zgarish bo‘lgan. O‘ylaymanki, oradan yana bir asr o‘tib, biz bugungi kunda tanqid qilayotgan, baynalmilal so‘zlar tobora ko‘p qo‘llanilayotgan tilni kitobiy deb qabul qilishadi. Bunda Yozuvchilar, jurnalistlarni ham ayblab bo‘lmaydi. Ular xohlasa – xohlamasa xalqdan ajralib qolmaslik uchun uning tiliga yaqinlashishga majbur. Biror-bir hudud haqida nimadir yozar ekan, u faqat shu yerdagina ishlatiladigan so‘z va iboralardan foydalanadi. Bu esa maqolaga, asarga o‘sha joy muhitini beradi. Buning esa salbiy tomoni ham bor — Yozuvchi, jurnalist ishlata boshladimi, demak, so‘z rasmiylik maqomiga ega bo‘ldi, degani.

Masalan, bugun so‘zlashuvda ishlatilayotgan ruscha so‘zlar potirlab matbuotga chiqib qoldi. Bu shu darajaga yetdiki, hatto rus tili rasmiy maqomga ega bo‘lgan davrda ham bunchalik emasdi. To‘g‘ri, bu ko‘proq kulgi chiqarish, bayonchilikdan qochish, xalq tiliga yaqinlashish uchun berilmoqda. Lekin bora-bora bunaqa so‘zlar me’yorga kirib boradi. Lekin shundan o‘zga choraning o‘zi yo‘q.

Nima bo‘lganda ham, insonda so‘zga mahliyolik kasali bor. Albatta, u dilning, ko‘ngilning kaliti va oynasi bo‘lgan, endi ko‘proq uning qopqog‘i. Chunki u bilan inson ko‘nglidagi narsalarni yashirishga, bo‘yab-bejab ko‘rsatishga harakat qilishadi.

Shunga qaramay, jamiyatda ishonuvchan, sodda insonlar ko‘p… Shundaylar ham borki hatto sotuvchilarning gapiga-da ishonadi-ya, yo tavba.

Aslida, ularning o‘zi bundan ko‘p zarar ko‘rsa-da, jamiyat shunday sodda, ishonuvchan fuqarolari borligi tufayligina taraqqiy etadi.

Endi qilichlar, miltiqlar, to‘plar va raketalar emas, ko‘proq til bilan urishadilar. Harbiy qurol-aslaha hozir tilning baquvvat bo‘lishi uchun xizmat qilayapti, xolos.

Axir, jim o‘tirgan odam ko‘proq, miskin, xo‘rlangan, bechora bo‘lib ko‘rinadi-da. Shunday ko‘rinmaslik uchun esa so‘zlayotgan odamdan ko‘ra besh-o‘n barobar ko‘proq harakat qilishi, ish bajarishi kerak.

Bizda bolalar tarbiyasidagi kamgaplikni ulug‘lash va targ‘ib qilish, albatta, to‘g‘ri yo‘l edi. Biroq endi bu xususiyatimiz bilan boshqalarning oldida uyalib qolishimiz mumkin. Chunki hozir butun jahonda til vertolyotning parragiga o‘xshash vazifani zimmasiga olgan: parrak aylanmasa, vertolyot qulab tushadi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).