Ismoil Shomurodov. Asl adabiyot haqida o‘ylar

http://n.ziyouz.com/images/book.jpg

«Xos»lar kimlar?

«Ommaviy madaniyat»ning millat ongini qamrab olishiga qarshi kurasharkanmiz, ko‘pincha, uni kompyuter o‘yinlari, nobop kinolar va ko‘rsatuvlar orqali kirib keladi deb o‘ylaymiz. U faqat o‘qimagan, ilmsiz kishilarnigina komiga tortmoqda, degan fikr ham o‘rinsiz.

E’tibor berganmisiz, A.Kamyu, J.P.Sartrning asarlarida bayon etilayotgan hayot tarzi, g‘oya va fikr asosida nima yotadi? Umuman, adabiyot o‘z atrofini o‘rab turgan muhit va dunyoqarashdan chetga chiqib ketishi mumkinmi?

«Modern» deb nomlanadigan uslublarning ada­­­biyotimizga kirib kelishi va ularni xalq qabul qil­masa-da, o‘zini ziyoli sanaydiganlar tomonidan ko‘k­larga ko‘tarilishi g‘alati holat.

Albatta, shaklan jahoniy, mazmunan milliy, deyishlari mumkin. Lekin adabiyot shakl bilan hal qi­linadigan holat emas. Adabiyot shakl, fikr, tuyg‘u va g‘oya uyg‘unligidan iborat yaxlitlik. Shunday ekan, shaklni o‘zgartirib, «modern» uslubda ijod qilayotgan kishi o‘zini aldamoqda xolos. Chunki o‘zgarishlar fikrga, tuyg‘uga va g‘oyaga ham tegishli. «G‘arb modern adabiyoti» deganda biz avvalo shaklni emas, g‘oya va fikrni tushunmog‘imiz kerak. Aynan biz uchun yot bo‘lgan fikr va g‘oyani!

Hatto arxitekturada ham g‘arb modern san’ati ko‘r-ko‘rona qabul qilinmaydi, balki atrof-muhitga, tabiatga, ob-havoga moslashtirilgan holda qayta ishlanadi. Chunki bilamiz, tabiat, muhit erkalikni, o‘zi bilan kelishmaslikni kechirmaydi. Biroq nima uchun adabiyotda g‘arb san’atiga to‘liq ergashish, uni to‘lig‘icha ko‘chirib olish lozim? Ne sababdan aynan ushbu oqimga moslab, aytish lozim, undan ko‘chirib asar bitmagan yozuvchilarni «an’anaviylar» deb, ularga o‘gay ko‘z bilan qarash kerak?

Har qanday sharoitda, har qanday davrda turli g‘oyalar va mavzularda yaxshi va go‘zal asarlar bitiladi. Bugun jahon adabiyotiga baho berishda ko‘pincha g‘oyaviy jihatlarga urg‘u beriladi. Biz buni tushunishimiz va tan olingan asarlarni olqishlab, unsurlarini adabiyotimizga olib kirishda hushyor bo‘lmog‘imiz lozim.

Albatta, xalq asta-sekin hammasini o‘rniga qo‘yadi va nimani o‘qish, nimani o‘qimaslikni tanlab olaveradi. Lekin ayrim ziyolilar «xos adabiyot» deb, o‘zini ommadan bir pog‘ona yuqori qo‘yib, o‘sha san’atni targ‘ib qilishini tushunish qiyin.

Yozmaydigan yozuvchilar, o‘qimaydigan o‘quvchilar

G‘arb adabiyotiga taassub urib yozilgan, o‘qil­maydigan adabiyotni olqishlab, mutolaa qi­li­nayot­ganlarini mensimasligimiz adabiyot ha­qidagi tushunchamiz tahrirtalab etishini anglatadi. Nima uchun o‘quvchini mensimasligimiz, ularning dididan kulishimiz kerak? Har holda, o‘sha o‘qiyotganlarni hurmat qilishni o‘rgansak bo‘lardi. Axir, adabiyot o‘qilmasa hech nima!

Tushunmaydigan qilib, murakkab yozish o‘tgan asrning sakson-to‘qsoninchi yillarida qoldi. Bugun jahon adabiyotda soddalik tomon yuz burmoqda. Postmodernizmning o‘ziga xos jihati ham shu aslida – barcha uslub va qarashlarga o‘rin berish, bag‘rikenglik bilan yondashish. U modernizm kabi keskin emas, xilma-xillikni ma’qullaydi, barcha yangi va eski uslublar bilan hamkorlik qiladi.

Xo‘sh, hayotning ma’nisizligini ochib berish adabiyotning bosh vazifasimi? O‘zi, adabiyotning vazifasi nima aslida?

Shu paytga qadar shusiz ham ma’ni va mantig‘i bo‘lmagan yashashga san’at, xususan, adabiyot ma’ni indirib kelgan. Insoniyat tarixining boshlang‘ich pillapoyalaridan shunday bo‘lgan. Bugunga kelib, hammasi teskari aylanib ketdi – biz «modern» deb ataydigan adabiyot go‘yo yangilik topganday, hayotning bema’niligini uqtirishga berildi. U, «ko‘rib, bilib qo‘yinglar, hayot ma’nisiz, yashash befoyda, urinish samarasiz», demoqchi bo‘ladi.

Inson umrining hechligi, atrofimizni o‘ragan ko‘p odatlar, narsalar, voqea-hodisalar behudaligini, tagzaminiga boqsang, yosh bolaning o‘yiniga o‘xshab ketishini hammayam biladi, tushunadi. Lekin insoniyat hali o‘z tirikligi, hayotini nimaga sarflasa butkul ma’nili bo‘lishini to‘liq anglab, idrok etolgani yo‘q. Buning yo‘lini ham bilmaydi. Lekin shu yo‘ldagi uri­nishlar bor, bunga adabiyot ham baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda… edi. Endi esa yangi oqim­lar hammasini o‘sha, boshlangan joyiga olib borib qo‘yish payida.

Bizda, ayniqsa, yosh, havaskor yozuvchilarimiz ush­bu yo‘nalishga mukkasidan ketgan. Ular, albatta, ma’­nisizlikka ilk bor duch kelib o‘zlaricha katta ha­qi­­qatni ochganday bo‘ladi va buni boshqalar bilan «o‘r­toqlashish»ga harakat qiladi.

Barcha gap aytib bo‘linganday, hamma fikrlar ifo­dalanganday tuyuladigan davrimizda, yangi gap, yangi fikr va yangi g‘oya juda-juda ulug‘lanadi. Unga rostmi, yolg‘onmi, ijobiymi, salbiymi, kanaday yopishib olinadi. Biroq insoniyat o‘zining minglab yillik tarixi davomida nima yaxshi, nima yomonligini il­g‘agan va o‘ziga zarar keltiruvchi har qanday illatlarni chekkaga surib tashlagan.

Ammo globallashuv zamonimizda, axborot erkinligi davrida axborotga o‘chlik, yangilikka tashnalik kundan-kunga avj olib bormoqda. Unga yangi gap-so‘z, tomosha, tuyg‘u va ehtiroslar kerak. Axborot ham sho‘r suvga o‘xshab qoldi, qancha ko‘p ichsang, tashnalik shuncha ortaveradi. Xalqimizning oddiy va sodda bir maqoli bor – oyda yegan to‘q, kunda yegan och bo‘ladi. Bu axborotga ham tegishli.

Shu sababli bugun adabiyotdan yangilik kutamiz va har qanday biz uchun yangicha ko‘ringan holatni «ko‘tar-ko‘tar» qilishga tayyormiz.

Aslida biz yangilik deb qabul qilayotgan fikr, g‘oya, voqealar g‘arb adabiyotining 20 asr boshlaridagi siyqa mavzusi. Negadir ulardan g‘oyadan tortib, voqea-yu uslubgacha ko‘chirib, yangilik yaratganimizni uqtirmoqchi bo‘lamiz.

Ikkinchidan, bu g‘oyalar mag‘zi va uning oqibati nimalarga olib kelishini g‘arb timsolida allaqachon ko‘rib turibmiz.

G‘arbni ham bu ishi uchun huda-behuda koyiyverish shart emas. Yevropa aynan milliy mahdudlikka berilib ketgani sababli o‘tgan asrning o‘zida ikki marta jahon urishini boshdan kechirdi. Bu esa oqil kishilarni tegishli choralar ko‘rishga undadi. Bugungi zamonaviy G‘arb psixologiyasi ham, adabiyoti ham aynan shu illatning oldini olish va bartaraf etish uchun xizmat qilgan va o‘ylab topilgani shu bo‘lgan – individualizm. Psixologiya odamlarda shuni tarbiyalay boshlagan, adabiyot esa shunday hayot tarzini targ‘ib etgan. Milliy ruh keyingi o‘ringa tushirilib, alohida inson va uning orzu-istaklari, xohishi asosiy qilib belgilanishi natijasida katta urushlarning oldi olingandir, milliy mahdudlik chekingandir, lekin oqibatda insonning beadoq istaklari bilan bog‘liq boshqa muammolar yuzaga keldi.

Aslida adabiyotning vazifasi nima?

Insoniyat umri behudaligini, ma’ni-maqsadsiz yashab yurganini yaxshi biladi. Adabiyotning vazifasi esa shu hayotga ma’ni bag‘ishlash. Aslo uning be’maniligini yanada chuqurroq ifodalash emas! Buni yangilik, ilg‘or g‘oya sifatida baholash va qabul qilish shart ham emas. Bu maqsadsiz, ma’nisiz, faqat o‘zi uchun yashashga bel bog‘langan odamlar minglab yillardan buyon his etib kelayotgan oddiy haqiqat.

Tez-tez qulog‘imizga chalinadiki: avvalambor o‘quv­chi yaratilayotgan asarlarni o‘qishga tayyor bo‘lishi lozim! (Balki, avvalambor, o‘qishli asarlar yozish kerakdir?!)

Bu bilan ayrim yozuvchilar o‘zining xalqdan ilgarilab ketganini uqtirmoqchi bo‘ladi. Shunda «ilgarilab, qayoqqa ketyapsiz, oshna?!» – deging keladi. Deylik, kimdir g‘arbning yoki boshqa bir tomonning etagiga yopishib, xalqdan ajralib ketayotgan bo‘lsa, o‘zi nima deb o‘ylashidan qat’i nazar, bu hali uning ilgarilab borayotganini anglatmaydi, bu shunchaki ajralish, xolos. Balki ortga ketayotgandir? O‘zi va pirlarining ortida bormagani uchun xalqni tushunmaslikda ayblash shart emasdir, balki.

Ayrim hollarda «SMS»bop mikroasarlar bitilayotganini qanday izohlash mumkin? Adabiyot – avvalambor katta asarlar emasmi? Bu – rusumga ergashib, o‘qimaydigan qatlam didiga moslashishga urinish, xolos.

Ma’nining ma’nisizligi

Hayratlanarlisi, gohida yetuk olimlarimiz ham G‘arb adabiyotini berilib maqtaydi va, hatto, «ular adabiyotda bizdan ilgarilab ketgan ekan», deganga o‘xshash gaplar ham quloqqa chalinadi. Aksariyat yozuvchilarimiz, o‘zini ziyoli sanaydigan o‘quvchilarimiz ham shunday fikrda.

Shunda ko‘ngilda savol tug‘iladi: qayga ilgarilab ketgan? Nimada ilgarilagan – fikr berishdami, syujetdami, tildami, inson ruhiyatini ifodalashdami?

Shu savollarga javob topging keladi.

G‘alati jihati, ularga javob olgan bilan yuqo­ridagi fikrni isbotlab bo‘lmaydi.

Xo‘sh, G‘arb adabiyoti fikr berishda, g‘oyalarni ifo­dalashda ilgarilagan, deylik. Bu nimada ko‘­ri­nadi? Bilamiz, o‘qiymiz, tushunamizki, bugun g‘arb adabiyotida absurd, ma’nisizlik, yolg‘izlik bosh g‘oya! Bular milliy mentalitetimizga yot-ku! Demak, bu borada ilgarilab ketishlari mumkin emas… Har kimning o‘z g‘oyasi o‘ziga aziz! Qolaversa, bu yo‘lning narigi uchi yo‘q! Juda ildamlagan bo‘lsalar o‘z yo‘lidan ketaverishsin. Bu borada ularga ergashmaymiz. Esini tanigan millatning adabiyoti g‘oyada birovga ergashmaydi! Qolaversa, yon-atrofni bilmay, ildamlik bilan botqoqqa tomon ketayotgan kishining ortidan chopgandan ko‘ra, sekin-asta o‘z yo‘lingdan borganing ma’qul.

Nazarimda, G‘arb adabiyotini ruhiyatni ifodalashda ilgari ketgan, deb tushunamiz. Lekin har bir millatning ruhiyati o‘ziga xos. Nima uchun biz g‘arbning individualizmga, egoistlikka asoslangan, hayotdan ma’ni-maqsad topolmay qiynalayotgan qahramon ru­hiyatini ifodalayotgan adabiyotini ilg‘or sanashimiz kerak? To‘g‘ri, bu biz uchun yangilikdir, axir adabiyotimiz hech qachon hayotni vaqtning mantiqsiz, ma’nisiz bo‘lagi sifatida targ‘ib etmagan. Bu haqda o‘ylashga imkon ham, rag‘bat ham bo‘lmagan. Demak, yangilik. Lekin yangilikning barchasi ham ijobiy degan tushunchaning o‘zi maqbul emas!

Bilasiz, har qanday yangi tanish, uni hali to‘liq bilmasangiz, jozibali, aqlli va dono ko‘rinadi. Ke­yinchalik, yaxshi o‘rgangach bilasizki, u ham barcha eski tanishlarday, gohida ulardan nomaqbulroq.

Insonga doim begonalar jozibali ko‘rinadi.

Tarixga nazar soling: millatlar o‘ziga yo‘l­boshchini ko‘pincha o‘z safidan emas, o‘zga millat vakillaridan tanlagan. Filipp va o‘g‘li Iskandar ma­kedoniyalik bo‘la turib Gretsiyada va u orqali yarim olamda tojdorlik qildi. Chingizxon va avlodi Mo‘­g‘uliston qolib, Osiyoning yarmiga egalik qildi, Bobur Hindistonda, mamluk­lar Misrda, arablar Ispaniya va Markaziy Osiyoda bir muddat xo‘jayinlik qildi. O‘sha zaminlarning o‘z yigitlari, oqsuyaklari yo‘qmidi? Bor edi, albatta. Lekin millat o‘zidan chiqqan yo‘lboshchini tan olmaydi, jozibali, sirli-sehrli tuyulmaydi-da. Bu insoniyatning eng katta xatosi. «O‘z yurtingda payg‘ambar yo‘q», – deydi ruslar.

Yoki boshqa misol. Yigit-qizlar turmush qurmoqchi bo‘lsa, ota-ona kelin, kuyov qidirib qolishadi. Uchrashuvlar tashkillashtiriladi. Nega? Axir qiz ham, yigit ham bankada o‘smagan, shu yoshga yetguncha kim bilandir tanishgan, sevishgan, lekin turmush qurish vaqtida o‘zgani qidirishadi. O‘ylashadiki, boshqa bir joyda sirli, jozibali, har qanday illat, kamchilikdan xoli turmush o‘rtog‘i bor. Shuni izlashadi…

Adabiyot ham shunday. To‘liq bilmaganimiz, o‘r­ganmaganimiz uchun G‘arb adabiyoti biz uchun jozibali tuyuladi. Qolaversa, bunda reklama va targ‘ibotning o‘rni ham beqiyos. Axir reklamaning reklama ekanligini tushunmay, ancha mahal «Alkimyogar»ni jahonning eng ilg‘or asari sanamadik-mi? Endi bilsak, o‘r­ta­miyona ekan.

Biz hanuzgacha katta yoqali tor ko‘ylak, pochasi keng shimda – o‘tgan asr 70-yillarining rusumidagi kiyimlarda yurgan kishiday, eski, muammoli adabiyot komidamiz.

Har bir inson ko‘nglidagi o‘zi tegishli bo‘lgan millat bilan g‘ururlanish hissi qo‘shilib, qo‘shilib xalq darajasida milliy g‘ururga aylanadi. Aynan shu g‘urur bizda «modern adabiyot» deyilayotgan, o‘zgacha qarashlar ifodalanayotgan adabiyotni tan olmayotgandir. Shu sababli uni o‘qimayotgandir. Biz esa zo‘r berib, «xos adabiyot»ni o‘qiyolmaydi bular, deb behuda zorlanayotgandirmiz?!

«So‘z san’ati» so‘zdagi san’at emas

Bugun odat tusiga kirgan – har bir yozuvchi, tan­qid­chi negadir o‘zini millatdan ilgarilab ketgan, deb hisoblaydi. Shu sababli ham o‘qilmaydigan kitoblarni ular «ilg‘or adabiyot» sanaydi. Shu o‘rinda bir kichik savol – shu millat farzandi sifatida biz undan ilgarilab keta olamizmi? Biz millatni adabiyot va san’atda qaygadir boshlab borish qudratiga egamizmi? Albatta, hammamiz o‘zimizni shunga munosib deb o‘ylaymiz, lekin sub’ektiv fikr har doim xato bo‘lgan. Xalqning didini tan olmayotgan bizlarni balki xalqning o‘zi tan olmayotgani to‘g‘ridir.

Yangi adabiyotni tushunish, o‘qish uchun ma’lum tayyorgarlik kerak, deymiz. Umuman, bu dunyoda nimanidir tushunish uchun albatta tayyorgarlik zarur. Deylik, men G‘arb dunyoqarashida shakllangan va tarbiyalangan bo‘lsam, albatta ularga mos adabiyotni tushunaman. Lekin Sharq ruhida tarbiya topgan, g‘arb dunyoqarashini tushunmaydigan insonlarni «tushunmaydigan»lar de­yishga va ularni bir pog‘ona pastda ko‘rishiga haqqimiz bormi?

G‘arb san’atining inqirozi, aynan modernizmdan boshlanganini aytishadi. Biz esa negadir g‘arb allaqachon o‘tib ketgan yo‘ldan, uning vayronalaridan borishni afzal ko‘rmoqdamiz.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, impressionizmning, umuman, G‘arb modernizmining asosida tijorat yotadi. San’at bilan savdo qiluvchi savdogar hali hech kimga noma’lum bo‘lgan, hech kim tan olmagan frantsuz rassomi Syuzannning barcha suratlarini arzon bahoda sotib oladi. Oradan bir yil o‘tib esa Syuzann mashhur rassomga aylanadi, uning suratlari misli ko‘rilmagan baholarda sotila boshlaydi. Bularning barchasi o‘sha savdogarning targ‘iboti hosilasi edi. Oqibatda Syuzannga taqlid qiluvchi, uning izidan boruvchilar ko‘payadi. Shu tariqa impressionizm yuzaga keladi.

Masalan, men uchun Joysning bitta jumlani 70-80 betgacha cho‘zishi va bu orqali rekord o‘rnatganining qizig‘i yo‘q. Shunga urg‘u berish orqali «Uliss»ni o‘qishni targ‘ib qilish kitobning qadrini yerga uradi, xolos. Bilamiz-ku, aytadigan bo‘lsa, kitobning o‘ziga xosliklari, ijobiy tomonlari ko‘p.

Demak, xulosa shuki, o‘sha kitobni boshqalar tushunmaydi, deb targ‘ib qilayotganlarning o‘ziyam tushunmaydi. Umuman, uni tushunish kerakmi? Bizning o‘quvchi shunga majburmi?

Yoki, deylik, Joysning bitta romanni turli uslub­larda bitishi, bu bilan Joys har xil uslublarda yoza oladi, deyishlari qiziq. Men yoki siz, qadrli o‘quvchi, hech bir asarni uning muallifi qanchalar aqlli yoki zo‘rligini bilish uchun mutolaa qilmaysiz. Mutolaadan maqsad – ko‘ngil ehtiroslari, yurak to‘lqinlari va nimanidir o‘rganish. Agar kitob faqat muallifning aqlliligi, donoligini bilish uchun o‘qiladigan bo‘lsa, uning sariq chaqalik qimmati bo‘lmaydi.

Umuman, «so‘z san’ati» deyilganda so‘zni har usulga solib, uning o‘zidan nimadir yasash yoki ko‘rsatishni tushunish kerak emas, chamamda. So‘z san’ati – avvalambor, so‘z orqali ruhiyat, kayfiyat, holat va voqeani aniq va tushunarli ifodalash.

Balki bugun jahonga chiqolmayotganimizning ham sababi tilni asosiy mezon qilib olayotganimizda-dir… Biz «so‘z san’ati» deb asosiy urg‘uni so‘z jozibasiga berib, boshqa jihatlarni unutib qo‘yayapmiz, chamamda. Shu sababli «zo‘r adabiyot» deb chet ellarga taqdim etayotganlarimiz olamshumul natijalarga erishmayotgandir. Axir tarjima jarayonida til jozibasi birinchi o‘ringa qo‘yilgan adabiyot butkul o‘zligini yo‘qotadi. Tarjima hech qachon buni to‘liq o‘girib berolmaydi. Shuning uchun adabiyotga, hech bo‘lmaganda chet ellarga taqdim etilayotganlariga, qo‘yilayotgan talabni o‘zgartirish, go‘zal g‘oya, dolzarb fikr va jozibali voqealar bayon etilgan asarlarimizga urg‘u berish lozimdir… Bilmadim…

Umuman olganda, biz jahonga chiqishga urinishimiz kerak emas. Aksincha, jahon bizga kelsin. Adabiyotda tartib aslida shunday!

Adabiyot milliy o‘ziga xoslik, milliy g‘oya va milliy fikrlash doirasida qolishi kerak. Axir jahonga yana bitta Joys, yana bitta Kafka yoki Tolstoy kerak emas. Axir biz «jahonga chiqish» deganda jahon tan olgan adiblarga taqlid qilishni tushunamiz, negadir…

Dangasalik – bosh mezon!

Zamonaviy adabiyotimizdagi yana bir holat ha­qida so‘z yuritmay o‘tolmayman. Bu – sermahsullik ma­salasi. Nazarimda, adabiy jarayonimizda g‘alati bir qarash shakllanib qolgan: qancha kam yozsang, shunchalar «zo‘r» yozuvchisan, qancha ko‘p yozsang, demak, umuman yozuvchi emassan! Adabiyot haqida umumiyroq qilib so‘z aytgan kishi borki, bir karra ko‘p yozayotgan yozuvchilardan shikoyat qilib o‘tadi. Shusiz bugungi adabiyot to‘g‘risidagi mulohazalar to‘liq bo‘lmaydi.

Unutamizki, haqiqiy yozuvchi faqat ko‘p yozishi kerak. Umuman, o‘z kasbining ustasi ko‘p va xo‘p ishlashi lozim. Agar, bizning hozirgi mezonimiz bilan baholasak, jahon va milliy adabiyotning o‘lmas vakillaridan katta qismi yo‘qqa chiqib ketardi. Chunki ular tinimsiz ijod qilgan. Navoiy «Xamsa»ni ikki yilda yaratmaganmi? Bugungi kunimizda bo‘lsa, Hazratni rosa malomat qilarmidik… Adabiyot tarixiga nazar solsak ko‘ramizki, hech bir taniqli yozuvchi, agar erta qazo qilib ketmagan bo‘lsa, kam yozmagan.

Va, agar, yozuvchi qiynalib, azoblanib, o‘n-o‘n besh yilda bitta asar bitayotgan bo‘lsa, bilingki, u shunchaki havaskor, xolos, yozuvchi emas. Haqiqiy yozuvchi tinimsiz, muttasil ijod qilishi lozim, va, asosiysi, o‘z ishidan huzurlanishi kerak, qiynalishi emas! Nafaqat adabiyotda, balki har qanday sohada buyuk ishlarni, go‘zal mahsulotlarni o‘z ishidan rohatlanadigan, buni sevadigan insonlar amalga oshiradilar, yaratadilar.

Albatta, yomon asarlarni tanqid qilish kerak, ayovsiz «do‘pposlash» lozim. Lekin har qanday ser­mahsullik natijasini, hali o‘qimayoq yomonlash, asossiz, dalillarsiz tanqid kishini hayratga soladi. Allaqachon «ko‘p yozishning o‘zi salbiy holat», degan aqidadan voz kechadigan vaqt kelgan. Bunaqa munosabat bilan adabiyotni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Kam yozishni targ‘ib etish, ikkitadan ortiq roman yozganni mazax qilish, «Qodiriydan ko‘proq roman yozish mumkin emas», degan aqidaga amal qilib, ularni turtkilash bizni millat sifatida tahqirlaydi. Adib­larimiz frantsuz, ingliz, rus yozuvchilari kabi o‘nlab romanlar yozishga haqli emasmi? Yoki bizning aqlimiz noqismi? Yo biz o‘zimizni ulardan past olib yurishga mahkummizmi? Yoki xalq ko‘p roman o‘qishga, ko‘plab asarlari bo‘lishga nomunosibmi?

Buning sababi nimada – tushunmayman.

Ko‘plab asarlar, romanlar bitayotgan yozuvchilarimizni mayli, qo‘llamayotgan ekanmiz, hech bo‘lmasa ularning boshiga urib, Qodiriy boboning avtoriteti bilan majaqlab tashlashga harakat qilmaylik!

Nahotki bugungi «adabiy jarayon» ishtirokchilari biz allaqachon katta va hech kimdan kam bo‘lmagan millatga aylanganimizni, bunday xalqning adabiyoti ham ulkan, rang-barang va o‘ziga xos bo‘lishini tushunmasalar? Biz, shunday millatning yozuvchilari, o‘zimizni katta va ko‘plab asarlar bitishga munosibu haqli sanaymiz!

Buyuk adabiy merosdan suv ichar ekanmiz, bizning ham bobolarga munosib asarlar bitishga harakat qilishga ma’naviy haqqimiz bor. Harakatga xalaqit berilmasa, albatta buyuk asarlar ham bitiladi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son