Dunyo adabiyoti ravnaqiga ijobiy ta’sir o‘tkaza oladigan asarlarning o‘zi dunyoviy ahamiyatga ega manba hisoblanadi. Sharq adabiyotining afsona, rivoyat, ertak, naql, mif, sarguzashtga asoslangan unsurlari jahon adabiyoti vakillari ijodiga ikki yo‘nalishda ta’sir etgan: sharqona asarlarning bevosita o‘zidan va sharq falsafasini o‘zlashtirgan adiblar hikmatidan ruhlanish. O‘zbek adabiyoti tarixida faqat bir xalq adabiyoti doirasida emas, balki, bir necha xalqlar adabiyoti tarixida uzoq asrlardan buyon mushtarak mavzu bo‘lib yashab kelayotgan qator asarlar bor. Bunday asarlarning yuzaga kelishiga ko‘p xalqlar o‘zlarining badiiy tafakkur hissalarini qo‘shadilar. Ammo o‘sha asarlar ma’lum bir muayyan xalqlar tarixidagi o‘ziga xos nozik xususiyatlarni saqlab qoladi. Shunday, turli elatlarga daxldor turfa mavzularni qamrab olgan “Chor darvesh” haqida XIII asrdan buyon hind, fors-tojik, urdu, o‘zbek va boshqa sharq xalqlari adabiyotlarida goh nazmda, goh nasrda turli hajmdagi asarlar yozilib, ishlab kelinmoqda. Mazkur mavzu faqat yozma adabiyot bilan cheklanib qolmay, xalq og‘zaki ijodiga ham o‘tdi. Natijada, fors-tojik va o‘zbek adabiyotida qator dostonlar, aniqrog‘i, xalq qissalari yuzaga keldi.
O‘zbek yozma adabiyotida “Chor darvesh”ning bizga ma’lum va keng shuhrat qozongan she’riy nusxasini XIX asrda Shahrisabzda yashagan Mulla Qurbon Xiromiy yozdi. Ayni vaqtda XVIII asr oxiri, XIX asr boshlariga kelib, noma’lum mualliflar tomonidan yozilgan qator “Chor darvesh”lar ham yuzaga keldi. Bularning ko‘pchiligida nasr va nazm aralash holda bo‘lib, ular xalq qissalariga yaqin turadi.
Modomiki, maqolada ko‘zlangan mavzu “Chor darvesh”ning dunyo adabiyotiga ta’siri xususida ekan, uning yaratilish tarixiga ham to‘xtalsak. Mir Ammon Dehlaviy “Bog‘u bahor” (1215–1217 hijriy) muqaddimasida yozadi:
“Chor darvesh”ni birinchi bo‘lib yozgan kishi Amir Xisrav Dehlaviydir. Uning yozilish sababi shunday bo‘lgan: kunlardan bir kun Amir Xisravning ustodlari Nizomiddin Avliyo hazratlari (XIII asrda shimoliy Hindistonda yashab o‘tgan mashhur din peshvosi) betob bo‘lib qoladilar. Bemorning ruhini ko‘tarish maqsadida amir Xisrav shu qissani hikoya qiladi. Oradan bir oz muddat o‘tgach, Nizomiddin Avliyo hazratlari shifo topib, qissani eshitgan har bir kishi dard ko‘rmasin, deb duo qilganlar”.
“Chor darvesh”ning avval kim tomonidan yaratilgani xususidagi ilmiy munozaraga XX asr boshlariga kelib, atoqli adib va olim Sadriddin Ayniy ham qo‘shildi. U mavjud ma’lumotlarni atroflicha tahlil etarkan, asosli bir fikrni o‘rtaga tashlaydi: “Asarni e’tibor bilan o‘qisangiz, uning Xisrav Dehlaviyga hech qanday aloqasi yo‘q. Chunki, unda Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Urfi Sheroziy, tehronlik Shopur, kashmirlik Muhsin, Foniy va Hayrat kabi Xisrav Dehlaviydan keyin yashab ijod etgan shoirlar ijodidan namunalar keltirilgan…”. Adib “Chor darvesh”ni kim yozgan, degan savolga javob izlarkan, bu asar hind xalq ertaklari asosida yaratilgan, degan fikrga keladi va o‘z mulohazasini shunday izohlaydi: “Hind xalq ertaklari birinchi bo‘lib urdu tilida yozilgan. Keyin ular tojik va arab tillariga o‘girilgan”. U bu fikr bilan kifoyalanmaydi. Asarda Xisrav Dehlaviyning nomi qanday paydo bo‘lganining sababini ham izlaydi. Nizomiddin Avliyoga Xisrav Dehlaviyning “Chor darvesh”ni hikoya qilib berishi voqeasi aholining barcha tabaqalari orasiga ommalashib ketishi uchun kitobga atayin kiritilgan, degan xulosani o‘rtaga tashlaydi.
Braziliyalik yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” (O.Sharafiddinov, A.Otaboyev, A.Said tarjimalari) romani ham syujet qurilishi, ham badiiy-mantiqiy jihatdan “Chor darvesh”ga juda yaqin. Roman qahramoni Santyago xuddi darveshlarning biriday taassurot uyg‘otadi kishida: otadan qolgan qo‘ylarini ko‘paytirib, cho‘ponlikdan tuzukkina kun ko‘rayotgan yigitning bir tushni ikki bor ko‘rishi – bolaning uni ko‘tarib Misr ehromlariga olib borishi, bu tushni ta’birlagan lo‘li kampirning Santyagoni ehromlar ostida katta xazina kutayotganligini bashorat etishi, bashorati evaziga o‘sha xazinaning o‘ndan bir qismini talab qilishi, Hizrvash obid Maliksiddiq (“Chor darvesh”da Malik Sodiq obrazi bor) ning xazinaga erishuv omillarini anglatishi – xazina yotgan manzilga g‘aybona ishoralar, alomatlarni his etish orqali yetajagini bildirishi, Santyagoning ehromlariga yetgunicha yo‘lda chekkan mashaqqatlaridan chiqadigan xulosa mohiyatan bizga yangilik emas. Shu o‘rinda atoqli adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” muqaddimasidagi e’tirofini eslaylik: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, har bir yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchilik, ro‘monchilik va hikoyachilikda ham yangirashga, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhrolari”, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin”, “Bahromgo‘r”lari bilan tanishtirishga o‘zimizda majburiyat his etamiz” .
Ko‘rinadiki, A.Qodiriy adabiy qahramonlari siyratiga xalq qissalari qahramonlarida mavjud xususiyatlarni singdirishni o‘ziga “majburiyat” hisoblagan. Bu alohida mavzu.
Paulo Koelo ham sharq ma’naviyati xazinasida mavjud sarguzasht vositasida o‘zidagi yuksak badiiy imkoniyatlardan foydalangan. Santyago xazinaga yetguncha “xazina”ga erishadi: qo‘ylarini sotib, pulning ko‘p miqdorini Maliksiddiq talabi bo‘yicha unga qoldirgan, yo‘l uchun olib qolganini bir muttahamga oldirib qo‘ygan bo‘lsa-da, umidsizlikka tushmaydi. Chunki Maliksiddiqning qo‘y pulini olganligi xazinaning mavjudligiga umid uyg‘otadi unda. Buni g‘aybning alomati deb anglab, bir savdogardan tijorat hadisini oladi, uning hamkoriga aylanib, yaxshigina pul to‘playdi. Yo‘lda til o‘rganadi. Diniy e’tiqodini mustahkamlaydi. Alomatlarni anglab, bir arab qabilasini dushmanning kutilmagan bosqinidan asrab qolgani uchun ellik tuman tillo tanga bilan taqdirlanadi. Yana ularni qaroqchilarga oldiradi. Lekin bundan sira kuyunmaydi. Chunki, inson harakat qilsa, har qanday boylikka ega bo‘lishi mumkin ekanligini biladi. Arab qizi Fotimani sevib qolganini, u bilan faqirona yashashni izlayotgan xazinasidan ortiq ko‘ra boshlaydi. Xazinadan kechib ortiga qaytmoqchi bo‘ladi. Ammo ilohiy ishoralar, alomatlarni tushunishi orqali xazinani ham topadi. Lekin bu topgan xazinasi yo‘ldan topgan “xazina”si – muhabbati oldida qadrsiz bo‘lib qoladi.
“Chor darvesh”ning uchinchi darvesh hikoyatida ham shu g‘oya ilgari surilgan. Fors mulki shahzodasi bolalikdan Hotamning saxovatpeshaligiga ixlos qo‘yadi. Ota mulkini egallagach, muhtasham saroy qurdirib, darvesh, beva-bechoralar uchun uning qirq eshigini ochiq qo‘yadi. O‘zi ham har kuni bir eshikda turib ularga sadaqa ulashadi. Bir qalandar qirq kunda qirq eshikdan kelib podshohdan sadaqa oladi. So‘nggi marta hukmdordan, bunday ta’magir bo‘lish yaramaydi, degan ma’noda tanbeh eshitadi va olgan barcha sadaqalarini qaytarib, arazlab ketadi. Podshoh ranjitganligini bilib, uni qaytarmoqchi bo‘ladi. Lekin qalandar unamaydi. Ketar chog‘i, hotamtoylikni Basra malikasidan o‘rgan, deya yo‘lida davom etadi. Bu podshohni o‘ylantiradi: “Nahotki shuncha harakatlarim zoye ketsa? Basra malikasi Olbaronikaning bu borada qay jihati mendan ortiq ekan?”. Podshoh Basraga yo‘l oladi. Mamlakat darvozasidan Malika saroyiga yetguncha mehmonga ko‘rsatiladigan izzat-ikromga lol qoladi. Malika bilan suhbatda esa moddiy in’om ruhiy-ma’naviy madad o‘rnini bosolmasligiga fahmi yetadi. Fors podshosining boshidan o‘tganlarini eshitgan Olbaronika qalandarning uni saboq uchun jo‘natganini biladi. Va musofirga Nimro‘z shahriga borib, uning eli nima sababdan motamsaro holdaligini aniqlash shartini qo‘yadi. Podshoh Nimro‘zga boradi. Nimro‘z shahzodasining jin, dev, sehrgarlar ta’sirida savdoyi bo‘lib qolgani, sevikli yorining ular zulmidan behush bo‘lib yotganligini, ular kerakli duo orqaligina tuzalishlari mumkinligini aniqlaydi. Basra malikasining o‘z eliga ko‘rsatayotgan mehr-saxovati barobarida boshqa mamlakatdagi ikki oshiqqa yordam bermoqchiligini fahmlab, uning chinakam saxovatpeshaligiga tan beradi. Xayr-saxovat faqat qo‘l ishi emas, qalb vakolati ekanligini anglab, umrini Nimro‘zdagi ikki oshiqni asl holiga qaytarish uchun eldan duo yig‘ishga sarflaydi. Alal-oqibat Basra malikasining muhabbatiga sazovor bo‘ladi va o‘z mulkini qalandar istaganday hotamtoylik bilan boshqaradi.
“Chor darvesh” – avvalo, mehr-muhabbat qissasi. Undagi adabiy qahramonlar olamiga Jaloliddin Rumiyning quyidagi hikmati bilan ham kirish mumkin: “Inson o‘ziga o‘xshagan insonga muhabbat qo‘yishi bilan o‘z mohiyati, umuman, insonlik mohiyatini anglab yetadi”. Bu haqda nazmiy durdonalari ham bir dunyo. Masalan:
Dilda darveshlik havosi bo‘lsa gar,
Ul jahon bahrida suzgay bexatar.
Paulo Koelo ham “Alkimyogar”ni yozguncha “darveshlik havosidan” nafas olgan: barcha dinlardan xabardor bo‘lish ilinjida krishna, buddaviylik, yoga falsafasini chuqur o‘zlashtirgan. Sehrgarlik – alkimyogarlik bilan shug‘ullangan. Buning uchun hind badiiy-ilmiy asarlarini ham mutolaa qilgani tabiiy. Binobarin, “Chor darvesh”ning ham bir asosi hind rivoyatlarida ekanligini yuqorida aytdik. Qolaversa, jin, dev, sehrgar singari mifologik obrazlar qissaning asosini tashkil etadi. Ikkinchi asos adibning “Lotin Amerikasining otasi” Borxesga ixlosiga taqaladi. U “Yoshligimda Borxes men uchun avliyo edi, hozir ham shunday” deb yozarkan, bu gapi bilan Borxesning katta tajribasi o‘zining ijodiga poydevor vazifasini o‘taganligini aytish barobarida adibni avliyo deb atab, avliyolar haqdagi adabiy manbalardan xabardorligini namoyon qiladi.
P.Koeloning yutug‘i shundaki, sarguzasht atalmish adabiy vositadan badiiy tafakkur yo‘lida foydalangan. Mana, u “Alkimyogar” asarining mohiyatini o‘z oldiga qo‘ygan bir savol va unga bo‘lgan javobi orqali qanday izohlaydi: “Insonning “tangri tayyorlab qo‘ygan Yo‘l”dan yurishiga to‘rt g‘ov xalaqit beradi. Birinchisi – odamzodga bolaligidayoq hayotdagi eng katta orzulari amalga oshmaydigan niyatlar, deb singdiriladi; ikkinchisi – inson qalbining tub-tubiga cho‘kkan orzularini qutqarib olishga jur’ati yetib uni ro‘yobga chiqarmoq uchun kurashdan voz kechmaslikka ahd qilsa, uni boshqa sinov kutib turadi, bu – muhabbat; uchinchisi – qachonki u muhabbat to‘siq emasligini, yo‘ldagi yori ko‘makchi ekanligini anglab yetgan chog‘ yana bir g‘ov – omadsizlik va mag‘lubiyat qo‘rquvi qarshi oladi; to‘rtinchisi – odam bolasining eng oliy orzusi ushalishi oldidagi qo‘rquv… Inson umr bo‘yi intilgan orzusi amalga oshmayotganligini anglagan daqiqada qalbi gunohkorlik tuyg‘usiga to‘ladi. Atrofga razm solib, orzu-umidiga erisholmagan ko‘plab odamlarni ko‘radi va men ham bu baxtga munosib emasman, deb o‘ylay boshlaydi. Ana shu to‘rt g‘ovdan eng dog‘ulisi, noma’lum bir muqaddaslik, ilohiylik libosiga burkangandek tuyuladigan muzaffarlik nashidasi va quvonchidan voz kechish tuyg‘usidir! Agar qachonki inson, o‘zi jiddu jahd bilan kurashgan orzusiga o‘zini munosib hisoblasa… foniy dunyoga tashrifining asl mohiyati ayon bo‘ladi. “Alkimyogar” ana shular haqda ramziy bir shaklda hikoya qiladi”.
“Chor darvesh”da turli taqdirlar ko‘zgusida ko‘rsatilgan hayot haqiqatlari “Alkimyogar”da “ramziy bir shaklda” o‘z ifodasini topgan ekan, albatta, bu hamma davrda kuzatilgan ijobiy jarayondir. Buning ahamiyati shundaki, bir el vakilining faqat o‘z qobig‘ida biqinib yashashi tanazzul sari borayotganidan dalolatdir. Zero, “Chor darvesh” asarining o‘zbek tilida o‘qilishiga ham ma’rifatli ota-bobolarimiz sabab bo‘lishgan. Qo‘qonlik bazzoz – mulla Solih Ho‘qandiy (XVIII asr) savdo ishi bilan Hindistonga boradi. U yerda xos qissaxonlardan “Chor darvesh” voqeasini eshitib, nihoyatda ta’sirlanadi. Bu xayrli asardan xalqini bahramand etish uchun, eski yozuvdagi forsiy nusxani yurtimizga olib keladi va bir mutarjimga shart-sharoit yaratib berib, uni o‘zbek tiliga tarjima qildiradi. Buni qarangki, tarjimon ishni nihoyasiga yetkazgach, “Chor darvesh” nasriy tarjima nusxasining so‘ngida o‘zini kamina deyishi bilan kifoyalanib, savdogarning nomini yozib qoldiradi. Yana, kimki bu asarni o‘qisa, Ho‘qandiy hazratlari ruhiga duo o‘qishini so‘raydi. Qarang, savdogar el ma’rifati uchun jon kuydirgan, tarjimon esa uning bu fazilatini sharaflab, o‘z xizmatini unutgan holda ezgu amal egasining nomini tarixga muhrlagan. Paulo Koeloning ham xalqini mazkur mo‘tabar syujetdan bahramand etgani urf-qadriyatlarimiz singib ketgan asarlarimizga muhabbatidandir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 2-son