Hayotda bosilgan yo‘llar ortda qoladi, xayol esa to tirik ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda turadi.
Erkin Vohidov voqelikka ziddiyatda yashamasdi, aksincha, doim voqelik bilan uyg‘unlik qidirardi: butun rang-barang ijodiyoti shunday uyg‘unlikka erishmoqlikning ajib samarasi.
Uyg‘unlikka intilish insoniy fe’l-atvorini, tabiatini boshqarardi va tomirlarida misoli qon kabi oqardi.
U hayot va ijtimoiy voqelikning achchiq haqiqatlarini dadil ko‘tarishdan sira qaytmasdi, bundan uni qaytaradigan kuch yo‘q edi. U ziddiyatli hollarni yengib o‘tishni, xalqni Sharq odob-axloqiga tayangan holda ilg‘or xalq sifatida ko‘rishni istardi. Bunda u yaqin ustozlar Behbudiy, Qodiriy, Avloniy, Tavallo, Cho‘lpon, Fitratga izdosh, ular orzu-a’mollarini ro‘yobga chiqarishga tarafdor edi. Hayot esa ziddiyatlarga to‘lib-toshib yotardi.
Erkin Vohidov “Hadson ko‘rfazidan Tokio bandargohigacha” degan publitsistik serfikr maqolasida quyidagilarni yozgandi: “Shahar tiklash, yurt obod qilish oson, tafakkur tarzini o‘zgartirish qiyin. Toki yangicha fikrlovchi insonlar jamiyatda yetakchi kuchga aylanmaguncha rivojlanish, yuksalish bo‘lmaydi. Bunday so‘zlarning, ayniqsa, fikrlar qarama-qarshiligi, bahs muhiti, konstruktiv oppozitsiya, so‘z erkinligi, real ko‘ppartiyaviylik haqidagi o‘tkir xitoblarning hammaga ham xush yoqavermasligi tayin. Amaldorlar ichida “men bilan bahslashib ko‘r-chi, qisqichbaqalar qishlaydigan joyni ko‘rsatib qo‘yaman” deguvchilar ozmi? Ular buni tilda aytmasalar ham dilda aytadilar. Jasoratli ishlar jasoratli insonlarga nasib etadi. Erkin Vohidovning o‘zi shunday jasoratli inson edi. Bu xalq manfaatlarini ko‘zlaydigan va himoya qiladigan ma’rifatli jasorat edi. Oldi-qochdilar, bulhavasga aytiladigan puch-tumtaroq gaplar emasdi. Uning she’rlari publitsistikasining davomi, publitsistikasi esa tafakkur zavqlariga to‘la she’rlarinig uzviy va jonli davomi edi. “Bizning zuvalamizda yaponlarda bor xususiyatlar yo‘qmi? Mardlik, Oriyat, Insof-Diyonat, Lafz kabi ota-bobolarimizdan meros, zamonlar o‘tib ham yo‘qolmagan fazilatlar xalqimizning barcha imkonlardan a’lo imkoni, salohiyatidir. Jahon bilan muloqotlarda bizga asqotadigani ham shu fazilatlardir”. O‘quvchimiz sezgandir bu kabi fikr-o‘ylarning bari shoir ijodidan buyuk insoniy-g‘oyaviy oqimga aylanib harakat qiladi va jon-dildan harakat qilishga undaydi. Erkin Vohidov yaxshiliklarga chin dildan yayrab quvonardi, g‘azab-jaholatlardan qattiq ozor chekardi. Uning shoir yuragi o‘ta nozik qurilgandi.
Atoqli shoir, ko‘zga ko‘ringan jamoat arbobi Erkin Vohidovning bolalik va o‘smirlik ongi XX asr 30-yillarining oxirlari, qattol Ikkinchi jahon urushi davrida suvratlandi. U 1936 yilning 28 dekabrida ikki kamolga yetgan ziyoli muallim oilasida dunyoga keldi. Otasi tarix muallimi edi – otasidan tarixga zo‘r qiziqishlar o‘tdi; onasi juda mohir hunarmand edi – jo‘g‘rofiyun onadan jahonbonlik, dunyo ko‘rish, tinimsiz sayyohatlarga ishtiyoqlar kasb etdi. Dunyoni necha bor Yaponiyadan Los-Anjelesgacha paydar-pay kezib chiqdi. Ko‘zining ufqlari behad kengaydi. Sayohat, sayrlar ishtiyoqi uni to so‘nggi damlarigacha tark etmadi.
Erkin Vohidovning butun hayoti va ijodi xalqning, muxlislarning ko‘z o‘ngida kechdi. Ko‘pminglab, balki millionlab muxlislar uning hayoti sahifalarini yaxshi biladilar, shoirlari, donishmandlari kabi yaxshi taniydilar va sevadilar. Shuning uchun bu kichkina maqola doirasida uning hayoti sanalariga keng to‘xtalib o‘tishning hojati yo‘q. Faqat shuni yana bir karra qayd etib o‘taylikki, shoirning yorqin dunyoqarashi, ijod masalalariga munosabati, tinimsiz aqliy-ruhiy o‘sa-o‘zgara borishida XX asrning oltmish to‘rt yili o‘z chuqur izlarini, muhrlarini qoldirdi. Urush yillari ota-onadan bevaqt judo bo‘lish kelajakning porloq niholiga xiyla dramatik chiziqlar tortdi. Shoir o‘zi boshidan kechirgan voqealarni eslab, “umrim halovatsiz kechdi. Na uyquda va na uyg‘oqlikda halovat ko‘rdim, – deb yozdi. – Ijodiy mehnatning tabiati shunday ekan, men uni baxt deb qabul qildim. Boshimga ko‘p g‘amlar ham tushdi… g‘amlarimning ko‘prog‘i ezgulik tashvishlari bo‘ldi: Kitob yozish va nashr qilish g‘ami, imorat qurish g‘ami, yangi jurnalni oyoqqa turg‘izish g‘ami ( Erkin Vohidov kezi kelganda “Yoshlik” jurnalini tashkil etishda bosh-qosh, uning ilk bosh muharriri bo‘lgan, juda ko‘p talantlarni yuzaga chiqishiga katta sa’y-harakatlar qilgan, juda ko‘plab yoshlar Mirtemir, Zulfiya, Shayxzoda qatori Erkin Vohidovni o‘zlariga ustoz bilib, unga sidqidildan ergashganlar) to tirik ekanman, meni bu xil g‘amlar tark etmasa deb niyat qilaman”. Shoir bu o‘rinda ajib lutf bilan “g‘am”ning tarxini ochgan. Zero go‘zal lutf hech qachon bu lutf uchun yaralgan insonni, lutf egasini tark etmagan…
Kuzatishlar shunday bir xulosa chiqarishga imkon beradiki, dunyodan so‘raydigan narsasi g‘oyatda ko‘p bo‘lgan, dunyoga savoli tugamaydigan (Erkin Vohidovning muallimlar farzandi bo‘lganligini unutmaylik) odamlar ijodkor bo‘lib yetiladilar, odatda. Erkin Vohidov bolaligidan kuchli zakovatli, qiziquvchan edi. Hayot ichiga ichkarilab borarkan doim boshida savollar quyunday aylanardi. Savollariga javob qidirib, izlovchan shoirga aylandi. Bejiz emas, uning ijodida savol ruhida yozilgan asarlar ko‘p. 2007 yili yozgan bir she’rida shunday degandi:
Yozgan savolim ko‘p haddan ziyoda
Javobin vijdonga havola qildim.
Ollohim kechirsin: yorug‘ dunyoda
Kamroq shukr qildim, ko‘p nola qildim…
Bu yerda adolat yuzasidan qayd etib o‘tish o‘rinliki, bu so‘zlar nechog‘liq kamtarona bo‘lmasin, Erkin Vohidov o‘zi qo‘ygan, el-yurt taqdiri, kelajagi taqozo qilgan savollarga donishmandona javoblar, yechimlar topdi, muammolarni qo‘yishgina emas, ularni hal qilishning adolatli yo‘llarini ko‘rsatdi. Vaqtida o‘quvchilar sevib o‘qigan va o‘zi uchun foydali xulosalar chiqargan Erkin Vohidovning “Iztirob” deb atalgan kuchli publitsistik kitobi buning yorqin misoli. Istiqloliy taraqqiyot yuzasidan bu kitobda shunchalar ko‘p qimmatli masalalar ko‘tarilganki, ular hali hamon o‘zining qaynoq, jo‘shqin dolzarbligini zarracha yo‘qotgan emas. Bu yerda bilib turib nega yigirma besh yilga kechikdik? – degan savol shoir aytmoqchi yana karra-karra iztirobga sabab bo‘ladi. Shoir kechikish azob-armonlarini o‘sha paytlarda bir salmoqdor so‘z bilan “iztirob” deb atagan edi. Ba’zan shoir tabiatining, she’riy yo‘lining, niyat-maqsadlarining o‘zagini ochadigan noyob bir so‘z bo‘ladi.
G‘afur G‘ulom she’rlarini sinchiklab o‘qisak, shoir bir qator yuksak ko‘tarinki ruhda yaratilgan she’rlarida “bilonihoya” so‘zini takror-takror qo‘llaganini ko‘rishimiz mumkin: “G‘urbatda kezganman bilonihoya” (“Men yahudiyman”), “Qiyomat kunning ham so‘nggi bor axir, Bo‘lmagay bu zulmat bilonihoya” (“Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak”). “Bilonihoya” bu yerda har narsaning oxiri bo‘ladi degan ma’noda. G‘afur G‘ulom o‘z she’riyatida yuksak pafosga daxldor, ko‘tarinkilikni ifodalovchi so‘zlarga alohida e’tibor beradi. Bunday ko‘tarinki shoirona so‘zlar uning she’riyati yuqori uslubini belgilaydi va shunday ko‘tarinkilik uslubini yaratadi. Demak, “bilonihoya” kabi jonli xalq tilida ko‘pda qo‘llanmaydigan so‘zlar ma’lum ma’noda optimistik falsafaning belgisi, qolaversa, mutafakkir shoirning o‘ziga xos sevib ishlatadigan tilidir. Ko‘tarinkilik belgisidir. Ehtimol, G‘afur G‘ulomdan boshqa shoir tilida bu kabi so‘zlar tushunarsiz va o‘rinsiz bo‘lib tuyulishi mumkin, G‘afur G‘ulom she’rida esa ular tabiiy yuksak pafos bilan jaranglaydi. Har bir shoirning shunday she’riyati, nasri, publitsistikasi bilan tug‘ishgan so‘zlar olami bor. Abdulla Oripovda ham, Rauf Parfida ham, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Halima Ahmadda ham shunday xos belgili so‘zlar bor. Erkin Vohidov she’riyati ham bundan mustasno emas. Zero “she’riy o‘xshatish bilan qalbimizdir lolagun” deb G‘afur G‘ulom go‘zal lutf qilganidek, o‘xshatishlar she’r tomirida hayotbaxsh qondek shovullab oqib, uni lolarang bo‘yoqlarga bo‘yab, qalblar mulklariga bezab-bezantirib olib kiradi. Erkin Vohidov aytadi:
Vatan hurriyati uchun hamisha,
Fidolikka tayyor hayoting kerak.
Boshqa bir she’rida:
Qulluq qil demasman,
Yurt tuprog‘in o‘p.
Unga qullar emas,
Fidolar kerak.
Uning senu mendek shoirlari ko‘p,
Buyuk elga endi daholar kerak.
U erta yaratgan she’rlaridan birida esa:
Ona Vatan! Bir o‘g‘ling kabi
Fido etay jonimni senga! –
deydiki, uning she’riyatidan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ammo, biz aytmoqchi bo‘lgan fikrga shular ham kifoya qiladi. Ziyrak o‘quvchi darrov anglagandir, misollarda urg‘u bilan jaranglayotgan “fido”, “fidokorlik”, “fidoyilik” so‘zlari shoir she’riyatida suyub qo‘llanadigan motivlarning – ma’nolarning ochqichlari. Ular fidokorlik zaminida turib Erkin Vohidov she’riyatida vatanparvarlik, insonparvarlik, yuksak axloqiylik va mumtoz ma’nodagi adab muhitini yaratadilar, shu ma’noda uslub hosil qiluvchi unsurlar kabi she’r mundarijasi ichida harakat qiladilar. Erkin Vohidov she’riyatidagi va butun ijodiyotidagi uslub mundarija bilan chambarchas bog‘langan holda uslub yaratuvchi – fidokorlik, fidoyilik uslubini yaratuvchi badiiy-she’riy mazmundor texnik (she’r texnikasiga ko‘ra) juda ham e’tiborli adabiy-badiiy hodisalardir. Ushbu muhr so‘zlar shoir she’riyatining mundarijasida mundarija hosil qiluvchi, mundarijaviy ahamiyatga ega deb ayta olamiz. (Abdulla Oripov she’riyatida chunonchi misol tariqasida “bas” so‘zining qo‘llanishi doiralari va o‘rin maqsadlariga bir qarab qo‘yaylik). She’riyatda juda qiziq, chunonchi, tavorud hosil qiluvchi misollar ko‘p. Ular she’riy uslublar kahkashoni nimaligini yanada oydinroq ko‘rsatadi. Bir misol:
“Miyamiz globus
Millimetrasi – ming kilometr
Har chizgi
Qurilishdan bir belgi
Yutuqlardan plyus.
Bularni G‘afur G‘ulom poyonsiz mayakovskiycha ko‘tarinkilikdagi “Turksib yo‘llarida” she’rida aytgan, o‘zingiz ham darrov esladingiz. Erkin Vohidov daraxtlar falsafasi haqida turkum she’rlar bitgan. Ulardan biri shunday:
Miya kabi shaklim bor
Boshim to‘la aqlim bor.
Meni yegan donishmand
Bo‘lur degan naqlim bor.
Miya va uning shakli haqida yozayotgan ikki shoir ikki turli uslub falsafiy natijaga erishadi. Erkin Vohidov daraxt tilidan juda sodda va tabiiy fikrni ifodalaydi. G‘afur G‘ulom esa so‘zlarning yuksak materiyalari dunyosiga kirib boradi. Mubolag‘a va zaminiy uslub. Yong‘oq va globus. Millimetra chiziqlar va miya aqlning yoylari. Erkin Vohidov ijodiy maqsadlariga ko‘proq zaminiy uslub, soddalik uslubi, lekin erishish qiyin sahli mumtane poetik vositasi va tashbehlari birlan erishadi. G‘afur G‘ulom esa umidbaxsh mubolag‘alar orqali o‘quvchini hayajonga soladi. Bularning barida, albatta, davrlarning, vazifadorliklarning o‘z takrorlanmas muhrlari bor. Bu uslublarning hosil bo‘lishi shoirlardan ortiqroq hukmga ega davr va ijtimoiyot talablari hukmlari bunda ko‘proq amal qiladi. Ammo, Erkin Vohidov ham “Inson”, “O‘zbekiston”, “O‘zbegim” – uchlik qasidasini yaratganda, inson, tarix, vatan, xalq, millat yuksakliklariga ko‘tarilganda janrlar, davr va mavzu talabiga ko‘ra ko‘tarinkilik uslubiga murojaat qiladi va nihoyatda unumli foydalanadi. Yangi zamon, yangi adabiyot qasidasining juda yorqin yangi namunalarini yaratadi. Sharq mumtoz adabiyotida madhning qonun-qoidalari va an’analari dunyoga kelgan, Arab, fors, turkiy adabiyotlarda uzoq asrlik tajribalar bor. G‘azallar, qasidalar, ruboiylar, masnaviylar, qit’alar va boshqa janrlar ma’lum qonun-qoidalarga bo‘ysungan va ularga qat’iy rioya qilgan holda yaratiladi. Shoirlarning mahoratlari shu qonun-qoidalar va ular taqozo qilgan she’riy texnik vositalar asosida yuzaga chiqariladi. Har qanday mahorat va mahorat ulug‘ligi bu ma’lum chegaralar ichidagi, ular bilan cheklangan mahoratlarning oltin qirralaridir. Imruulqays muallaqalarida va undan bir necha asr keyin o‘tgan Abu Tammom qasidalarida janrning cheklangan doirasida o‘z buyuk mahoratlarini to‘la namoyon qila olganlar. Erkin Vohidov uch qasidasida, devon va dostonlarida dunyo adabiyotidan chuqur xabardor ziyoli kabi she’riy uslublarni qo‘llaydi. Janr chegaralariga dunyo adabiyoti mayllaridan kelib chiqib qaraydi va shuning uchun ham qasidalari yangilanish ohanglarini o‘zida aks ettiradi. Qadim qasida an’analaridan esa faqat ko‘tarinkilik va mubolag‘adorlikka rioya qiladi. Bu qasidalar va g‘azallar tom ma’noda zamon ruhi va zamon kayfiyatlarini aks ettirishi, ya’ni ma’noga, qofiyalar va radiflarga, ritmik pardalarga yangicha munosabati va yangicha uslub qirralarini ochgani bilan ajralib turadi. Erkin Vohidov g‘azal formasi ko‘hna va u zamonga mos emas degan qarashlarga o‘z devoni qasidalari bilan munosib amaliy javob qaytardi. An’analarning yangilanishi zamondoshlar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Yevropada roman va hikoya qanday yangilangan bo‘lsa, bizda g‘azal, ruboiy, qasidalar shunday yangilandi. G‘azal bir zamonlar Hyote amaliyoti ta’sirida shunday Yevropacha ruhda yangilangan edi. Zamondoshlar Erkin Vohidov g‘azallarini shunchalar o‘zlariga yaqin oldilar, bu janr ularga shunchalar suyukli bo‘ldi. U har bir yurakda, har bir xonadonda doimiy suratda yangraydi, doimiy ezgulik taratadi, doimiy go‘zallik tarbiyasini beradi. Bular adabiyotda an’anaviylikning zamonaviylik – zamon ruhi bilan bog‘lashning original namunalaridir.
Erkin Vohidov boy ijodiyotining har bir satrida originallikka intilgan desak, bu aslo mubolag‘a bo‘lmas. Bunda har satrda originallikka intilish original ijod qilish shoirning tug‘ma tabiatidan oziqlanadi. Biz shoir ijodida originallik motiviga hali yana batafsilroq tahlilga o‘tirsak deb niyat qilganmiz. Ammo bu muxtasarlik doirasida shuni qayd etib o‘tishni zarur deb bilamizki, Erkin Vohidov ijodiyotida originallik ajoyib-g‘aroyib tarzda suvratlanadi… Lekin originallikning o‘zi nima degan savolga javob qidirish adabiyot va ilm-fan, san’at uchun hamisha dolzarb, hamisha eng qiziqarli masala. Bunda men originallik nima ekanligini juda yaxshi bilaman deb kekkayishning o‘rni emas. Ha, xo‘sh, originallik o‘zi nima! Yangicha talqinlarmi? Tesha tegmagan so‘zlar, iboralar, jumlalarmi? Yangi suvratlar, yangi ma’nolarmi? (Biz bu o‘rinda “suvrat” deganimizda “obraz”ni nazarda tutamiz. Obrazni “suvrat” deb tarjima qilamiz va bu obrazning eng yaxshi mubaddali deb bilamiz. Afsuski, keyingi zamonlarda suvratni faqat rasm, chizma deb tushunyapmiz. Yo‘q, “suvrat”, bu avvalo obraz, ammo surat – fotosurat boshqa. Farq qilaylik. Suvratning ma’nosi “qiyofa” bilan sinonim bo‘loladi.) Xo‘sh, originallik yangi va yangi suvratlar, adabiy-badiiy qiyofalarmi? Motivlarga yangicha yondoshuvlarmi? Doim o‘zgacha talqinlarmi? Boshqalardan farqli o‘zgacha badiiy tizimmi? Yoki badiiy ixtirolarmi? ( Esingizdami Zulfiya “Bahor bo‘lmasaydi, odamzod albat, O‘zi kashf etardi kashf etganday baxt!” degan g‘aroyib satrlarni aytgandi. Kashf bilan ixtiro bir narsa. Lekin biz keyingi paytlarda kamtarlikka zo‘r berib “ixtiro” demay qo‘ydik) Ammo, adabiyotda, ilm-fanda ixtirolar haqida doim so‘ylashib turish zarur. Haqiqatan shoir, adib baxtni kashf etganday ixtironi kashf etadi. Bu shoirdan ortiq narsa. Bu azalda Xudodan kelayotgan narsalar.
Originallik talantning mezoni, o‘lchovi bo‘lsa, ehtimol. Talantning mezoni uning takrorlanmas o‘ziga xos asarlar yaratishida, umuman, o‘ziga xoslik yaratishida. Ma’nolar, tashbehlar, lafzlarning originalligida. Ammo, har qanday she’r yo original yo original emas. Originallikning ziddi siyqalik va puchlik. Shaxsan o‘zim originallikni yangicha fikrlash deb bilaman. Yangicha fikrlash bo‘lmasa, yangicha suvratlar ham, ma’nolar ham, tashbehlar ham, yangi ifodalar ham yo‘q. Yangicha fikrlash originallikning asl ma’nosi, qolganlari bari unga bog‘liq va unga ergashadi. Erkin Vohidovda yangicha fikrlash va ixtiro juda kuchli, bu uning tom analitik fikrlash tarzi bilan bog‘liq. Uning talqinlari o‘zgacha. Unda ijodiy individuallik yorqin namoyon bo‘lgan. Individualligining o‘ziga xosliklarida tug‘ilgan, yashagan muhitining jonli ta’sirlari g‘oyatda baravj. Hozir Ko‘kaldosh madrasasi peshtoqlari, hujralari, koshinlariga qarab turib bu yerda kimlar tahsil olgani, madrasada qanday kayfiyatlar hukmron bo‘lganligini bilish juda qiyin. She’rga qarab turib ham, uning nima uchun, qanday yozilganligini aytishning iloji yo‘q. Bunda faqat tasavvur qilish imkoniyati bor bizda. Ammo, ijodiy ibtidoni bilishimiz kerak. Aks holda adabiyotshunos, tilshunos, tarjimashunos olim bo‘lganimizning ma’nosi qolmaydi. Ijodiy ibtidoni bilsakkina Erkin Vohidov, mumtoz atama bilan aytganda, tom ma’noda mubtade’ shoir. Yangiliklar adibidir. U inson va ijodkor sifatida an’anaviy muhit stixiyasini yorib chiqdi. Aksincha, g‘azal hech kamsitmagan holda Sobir Abdulla maqomida qolardi.
Ha, rostdan ham ixtiro bo‘lmasaydi, odamzod bunchalar uzoq yashamasdi, urushlar, ocharchiliklar, ta’qiblar, zulmu zulmatlar, shafqatsizliklarga, qirg‘inlarga dosh berolmasdi. Bularning hammasiga qarshi ixtirolar qilib, u tabiatda muvaqqat g‘olib bo‘lib chiqdi. Boshqalar yurgan yo‘llar bor va boshqalar yurmagan yo‘llar ham bor. Bu haqda Navoiydan o‘tkazibroq hech kim aytmagan bo‘lsa kerak.
Maktabda o‘qib yurgan chog‘larida muallimlari Erkinga qarab suyub erkalab, bu Aflotundan zo‘r matematik chiqadi deyishardi. U zamonamizning Ulug‘begi bo‘ladi, deb bashorat qilishardi. Buning sababi Erkin Vohidov o‘quvchilik yillarida aniq fanlarga intiluvchi edi. Aqli analitik edi. Lekin u hammasini qo‘yib Navoiy, Lutfiy, Atoiy etagidan tutdi. G‘afur G‘ulom va Hamid Olimjonga ergashdi. Boshdan oyoq ular she’rlarini yodlab oldi. Men adabiyotimizda “G‘afur G‘ulom bolalari” degan bir tushuncha bo‘lishini yoshlik paytlarimdan beri orzu qilaman. Urush va urushdan keyingi avlod G‘afur G‘ulomning otashin porloq erkalovchi padarona she’rlarini o‘qib tarbiyalandi, aql tishi chiqdi. Ularni shu ma’noda chin “G‘afur G‘ulom bolalari” deyish o‘rinli. Erkin Vohidov ham G‘afur G‘ulom bolalaridan edi. G‘afur G‘ulomni yodlamagan kuni yo‘q edi. Bu xossa uning har bir she’rida mana men deb turadi. G‘afur G‘ulomcha she’rlarga ishqibozligi, miyasining analitik fikrlashi o‘zi sezgan-sezmagan holda ijodida juda chuqur iz qoldirdi.
Avvalo, bu uning she’rda aniq fikrlashida; keyin, fikr tarxining tozaligida; uchinchidan, asarlari kompozitsiyasi pishiq-puxtaligida; to‘rtinchidan, hech qachon hech bir asarida bosh mavzu jilovini yo‘qotib qo‘ymasligida; beshinchidan, puch, ma’nosiz gaplardan uzoqligida, mavzu doirasida mavzunlik va uyg‘unlik yaratishida; oltinchidan, mantiqiy tafakkur doim shoirona tafakkur bilan tutashib ketishida; yettinchidan, tashbehlarining badiiy-hayotiy asosi teranligida; sakkizinchidan, badiiy va hayotiy haqiqatdan chekinmasligida; to‘qqizinchidan, dunyoqarashining mustahkam va asosli axloqiy printsiplarga qurilganida; o‘ninchidan, tug‘ma odob-ikromining o‘sib bora bukilmas pok e’tiqod darajasiga ko‘tarilganida.
Bunday xususiyatlarni yana sanashni davom ettirish mumkin. Lekin muxtasar maqola doirasida shularning o‘zi yetarlidir. Uning Vatan va xalq ozodligi, mustaqilligi, tarix va inson oldidagi “tobanda”ligiga e’tiqod-ishonchi yuragida, shuurida komil edi. Zero, shuning uchun ham asarlarini yurak qoni, komil aql-idrok bilan yaratardi.
Men jilg‘aman,
Daryo bo‘lib to‘lgim keladi.
Ona yurtim,
Senga o‘g‘lon bo‘lgim keladi.
O‘n besh yashar o‘smirda fidokorlik tuyg‘ulari qanday tug‘ilgani, nimalar bois tug‘ilgandi, qanday buncha erta o‘sib yetilgandi? Erkin Vohidov musaffo va navqiron sevgi-sadoqatning farzandi edi. Uning saylanmalari “Muhabbatnoma”, “Muhabbat”, “Sadoqatnoma”, “Ishq savdosi”, “She’r dunyosi”, “Umr daryosi”, “Ko‘ngil nidosi” singari nomlanishida ota-onaning sevgi-muhabbati mo‘jizaviy bir tarzda aks sado topgandi. Ota-onasi suyukli farzand tug‘ilganda, o‘sha kezlar hamma yod o‘qigan G‘afur G‘ulomning “Bari seniki” she’ridan qattiq mutaassir bo‘lib farzandiga Erkin deb nom tanlashgandi.
Erkin Vohidov nihoyatda shuurli inson edi. Shuur hayotining so‘nggi damlarigacha uni tark etmadi. Insoniy shuur ijtimoiy shuurga aylandi. Uning shuuri she’riy shuur bilan hech ajralmas bo‘lib tutashib ketdi. Uning butun qiziqishlari, intilishlari, afzal ko‘rgan narsalari qadrlash printsiplari aks etgan kitoblaridan birining nomini ham u “Shuur” deb atagandi. Erkin Vohidov umri davomida ko‘p vazifalarda jon-dildan berilib mehnat qildi. Mustaqillikka bor iqtidori va muhabbatini bag‘ishladi. Ona tilining go‘zalligi, tozaligi uchun kurashdi. Doimo bir zum tinmay xalq bilan ozodlik va munosib yashash uchun muloqotlar olib bordi. U jamoat ishini o‘ziga doim yaqin olardi.
Erkin Vohidov o‘z asarlariga o‘xshaydi. O‘z asarlari kabi toza edi. Uning barcha iboralari, she’riy jumlalari ma’nolarga to‘la.
Ma’no suratlari bilan muzayyan. Ular yulduz shu’lalariday insonlar ko‘zlarini yashnatib turadi va hayotning sir-sinoatli suvratlaridan darak beradi. U mumtoz ma’noda ham, zamonaviy ma’noda ham adab tajassumi edi. Qodir Olloh ruhi dunyosini hamisha shod va munavvar qilsin.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 12-son