Atoqli shoir va adib Erkin Vohidov vatan va vatanparvarlik, inson va insonparvarlik, ma’rifat va ma’rifatparvarlik, erk va erkparvarlik sohalarini chambarchas bog‘lab faoliyat yuritardi. U nihoyatda serqirra ijodkor edi. Lirik she’riyat, dostonchilik, dramaturgiya, publitsistika, badiiy tarjima sohalarida barobar muvaffaqiyat bilan qalam tebratardi. Uning ijodkorlikning ushbu rang-barang sohalaridagi mas’uliyati va talabchanligi maqolga aylangan va katta- kichik adab ahliga yuksak ibrat bo‘larlik edi.
Erkin Vohidov ijodiy faoliyatida badiiy tarjimaga ham katta ahamiyat berib qaradi. U ma’rifatga butun umr jon-dildan intilgani va ma’rifatni hayotining mazmuni deb bilgani uchun unga umuminsoniy zalvor va salmoqqa ega hodisa kabi yondoshar va qabul qilardi. Badiiy tarjimaga umuminsoniy badiiy hodisa kabi munosabatda bo‘lardi. Badiiy tarjimaning xalqaro miqyosda rang-barang madaniyatlar va rang-barang milliy adabiyotlarni, milliy san’atlarni o‘zaro yaqinlashtiruvchi, o‘zaro tushunarli qiluvchi, o‘zaro do‘stlik va qardoshlik tuyg‘ularini uyg‘otuvchi va mustahkamlovchi e’tiborli xususiyatlaridan chin ma’noda zavqlanar va bu masalalar ustida ijodkor sifatida doimo mushohada va mubohasalar olib borardi.
Tarjima kitobxonlik, kitobsevarlik bilan xuddi opa-singildek birga va bir-birini doim to‘latib, boyitib, kengaytirib boradi. Shuning uchun kitobxonlik rivojlangan ellarda ilmiy, badiiy, texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy tarjimalar ham taraqqiy etgan. Tarjimalar o‘quvchilarning ehtiyojlari va talablariga mos ravishda to‘xtovsiz keng qanot yozib boradi. Zero tarjimalar taraqqiyoti aql-idrok taraqqiyotini tashkil etadi.
XX asrda O‘zbekiston jahondagi aql taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan holda tarjimalar, ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda katta rivojlanish yo‘liga kirdi. O‘zbek o‘quvchilari dunyo adabiyotlari namunalari bilan tobora ko‘proq oshno bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu jarayonda qalamkashlar, jurnalistlar, siyosat namoyandalari peshqadamlik qildilar. Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Mirtemir, Uyg‘un, Zulfiya, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor kabi adiblar mislsiz fidokorlik namunalarini ko‘rsatdilar. Ular qalamining mo‘jizakor g‘ayrat-shijoati bilan Tolstoy, Shekspir, Pushkin, Lermontov, Turgenev, Hyugo, Gyote, Mark Tven, Jonatan Svift kabi aql, tafakkur, inja nafosat xazinalari o‘zbek xonadonlariga, o‘zbek teatri sahnalariga kirib keldi. Zamonaviy o‘zbek o‘quvchilarining jahon mo‘jizalari bilan oshnoligi boshlandi. Qardosh xalqlar boy madaniyatining qanchadan-qancha yorqin namunalarini o‘z tilimizda o‘qish va zavqlanishga muyassar bo‘loldik.
Erkin Vohidov mana shunday yorqin tarjima jarayonlari bilan yaxshi tanish, tarjima asarlarini kuzatib borar, yuragida tarjima zavqi uyg‘onar, Mayakovskiy, Yesenin, Svetlov, Hamzatov asarlarini tarjima qilish ustida o‘ylanardi. Bu kabi allaqancha shoirlarning asarlarini asliyat tilida juda ko‘p yodlagan va shunisi e’tiborliki, bularning barini u ulug‘vor Sharq adabiyotlari namunalariga qiyosan o‘rganar, Navoiy olamlarini, Ganjaviy, Sa’diy, Hofiz, Lutfiy, Muhammad Iqbol, Tagor, olamlarini Bayron, Heyne, Gyote, Shiller, Pushkin olamlariga qiyosan o‘rganar, o‘zi uchun, ijod kelajagi uchun xulosalar chiqarardi. Zero, Erkin Vohidov xalqlarning madaniy hodisalarini qiyosan o‘rganish va tahlil qilishga g‘oyatda qiziqardi. U ijod tajribalarining ma’lum bosqichiga chiqqandagina badiiy tarjimalarga layoqatini sinab ko‘rish niyatini amalga oshirdi. U universitet dargohida tahsil olib yurgan kezlari Sergey Yesenin, Aleksandr Blok, Vladimir Mayakovskiy singari rus shoirlarini zavqlanib mutolaa qilardi. Ularning yuzlab she’rlarini yoddan bilar, hamkasb do‘stlari davralarida qiziq-qiziq tahlillar qilardi. Bu kabi shoirlar hayotini ham juda chuqur bilar, ular to‘g‘risida ko‘p narsalar o‘qirdi. U Yesenin va Blokni xuddi tug‘ishganlari kabi sevardi. Uning bu samimiy muhabbati Yeseninning go‘zal “Fors taronalari”ni o‘zbekchalashtirish bilan yakunlandi. Fors taronalarining yuksak shoirona jaranglaridan ilhomlanib, u so‘ng Aleksandr Blokning “Skiflar” va “Bulbul bog‘i” dostonlarini o‘zbekchalashtirdi. Men ham shu davrlarda asliyatda bu shoirlarni qiziqib o‘qib yurardim, ularning obrazlari shu qadar ramziy go‘zal ediki, nazdimda ularni boshqa tillarga o‘girish o‘sha paytlarda imkondan tashqari bir ish bo‘lib ko‘rinardi. Lekin ichimizdan mana bir yorqin shoir yetishib chiqdiki, bu noyob asarlarni xuddi o‘zbek tilida yozilgandek seryog‘du, serjarang qilib boshqa tilda qayta dunyoga keltirdi. Erkin Vohidov ilk tarjimalarini do‘stlariga o‘qib berar, bizga dunyoga yangi bir tarjimon daho qadam ranjida qilgandek tuyulardi. Ular Oybek, Cho‘lpon, Usmon Nosir yuksak iqtidorli tarjimalariga nisbatan olganda ham, ma’rifati va savodxonligi bilan ajralib turardi, o‘zbek o‘quvchisi bularni o‘z zaminida tug‘ilgan jonbaxsh sehrsoz she’rlardek yod o‘qirdi. Erkin Vohidov tarjima uchun asar tanlashga alohida mas’uliyat va e’tibor bilan qarardi. U o‘ziga sevimli bo‘lgan, o‘zining ruhiy-ma’naviy intilishlari, adabiy farosatiga yaqin jondosh va dildosh asarlarnigina o‘zbekchalashtirardi. Uning o‘z g‘oyaviy-badiiy, uslubiy qarashlari, mezonlari bor edi. Tarjimaga shunday badiiy-estetik mezonlar va talablar bilan yondashardi. Bunda uning juda rivojlangan badiiy nafosat farosati sira adashmasdi. U oltmishinchi yillar oxirlarida mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim” deb atalgan, o‘sha paytlarda juda keng shov-shuvlarga sabab bo‘lgan liro-epik, badiiy esse yo‘nalishidagi yorqin asarini tarjima qilishga o‘tirdi va uning birinchi qismini “Guliston” jurnalida e’lon qildi. Bu asar o‘sha paytda diqqinafas sovetlar makonlarida xuddi bahor nasimlari esgandek barchani ilhomlantirgan, milliy vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalashga beqiyos hissa qo‘shgandi. O‘zbekcha tarjimadan musaffo tog‘ jilg‘alarining sadolari, zalvorli Kavkaz tog‘ cho‘qqilaridan tushib kelayotgan sarin ohangdorlik eshitilar, Erkin Vohidov nihoyatda jozibador bir uslub yaratgandi. Bu tarjimalarni o‘qib kitobxon shoirni alqadi, o‘zini yangi bir dunyo kashf qilganday sezdi. Qanday go‘zal ritmlar, musiqalar ohanrabolari yangrardi bu tarjimalar badiiy uslublarida. O‘zbek o‘quvchilarining xayol va idrok olamlarini kengaytirish uchun Erkin Vohidov yana Aleksandr Tvardovskiy, Muhammad Iqbol, Hofiz, Bedil, Svetlov, Shiller va bir qancha talantli afg‘on shoirlarining asarlarini o‘zbekchalashtirdi.
U ochig‘ini aytganda, tarjima qilmadi, she’r yaratdi. Ularning hammasi quyma ohanglari, to‘liq mazmundorligi bilan o‘zbek she’r dunyosida qayta tug‘ilgandi. Bu tarjimalarda Vatan, Inson, Ona tili, Erk, Ozodlik juda yuksak notalarda, pardalarda tarannum etilardi.
Etmishinchi yillarning o‘rtalarida Erkin Vohidov dunyo adabiyotining shoh asarlaridan biri, jahon adabiyotlarining mundarijasiga juda barakali ta’sir ko‘rsatgan nemis ulug‘ adibi Gyotening olamshumul “Faust” tragediyasi tarjimasi ustida yillab ter to‘kdi. Asarning dunyoning boshqa tillariga tarjimalari bilan qiziqdi, kutubxonalarda o‘tirib uning rus tiliga o‘girilgan bir qancha (o‘nlab!) nasriy va she’riy tarjimalarini o‘rgandi. Gyote haqida qo‘li yetadigan barcha tadqiqot adabiyotlarini ko‘zdan kechirdi. Asarning o‘zini bir necha marotalab shoir ko‘zi bilan hijjalab mutolaa qildi. Katta miqyosda ijodiy tayyorgarlik olib bordi. U bizga “Faust” debochasini va keyinroq ish yakunlanayotganda asar xotimasidagi Faustning so‘nggi monologini zo‘r bir hayajon bilan o‘qib bergandi. O‘shanda biz o‘zbek adabiyoti osmoniga badiiyatning yangi quyoshi ko‘tarilganligini his qilgandik. Shu qadar tabiiy va quyma jaranglardi bu betimsol tafakkur silsilalari! Bu tarjima Erkin Vohidov ijodiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. “Faust”dan keyingi ijodining mundarijasi, boy she’riy shakllar bilan bezanishida va, ayniqsa, “Istanbul fojeasi”, “Ruhlar isyoni” shoh asarlarining yaratilishida bu ta’sirning qudratli nishonlari baralla ko‘zga tashlanib turadi.
Erkin Vohidovning original ijodiyoti bilan badiiy tarjimalari bir-birini o‘zaro organik tarzda to‘ldirib boradi va izchil favqulodda davomiylik, chambarchaslik hosil qiladi. Uning tarjimalarida asliyat bilan yaqin, ma’rifatli hamkorlikning buyuk namunalarini ko‘ramiz. Faust bir o‘rinda: “To‘xta, ey daqiqa, go‘zalsan g‘oyat!” – deb nido qilgandi. Dunyo paydo bo‘lgandan buyon qancha nidolar bo‘lgan. Ammo Faustning bu nidosi barcha o‘sha nidolarning gultojidir. Bu lahzalarni o‘z satrlariga muhrlab qoldira oladigan yagona rost she’riyatning nidosi! Zero, she’riyatgina hech qachon to‘xtatib bo‘lmaydigan lahzalarni to‘xtatib mangu lahzalar yarata oladi!
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son